O'zbekning gapi qiziq...  ( 53125 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Robiya  24 Yanvar 2008, 12:22:04

O’pka — jigar bo’lmoq. Mol, qo’y so’yilganda, uning o’pka — jigari alohida idishga qo’yiladi. Ya’ni, ko’chma holda, bir toifaga, bir safga kirib, yaqin bo’lish, turish ma’nosi anglashiladi. Ko’pchilikdan, ommadan ajralib qolish ma’nolarini ham tashishi mumkin.

O’pkasidan urgan. Bu iboraning bir necha ma’nolari bor. 1.O’pkasini sovuq oldirgan, bemoq, betob bo’lib qolgan. 2.Tamaki chekaverib o’pkasi ishdan chiqqan. 3.Kinoyaviy ma’noda biror shaxs, buyum, amalni yoqtirib sevib qolingan xabari. "œO’pkasidan urgan", iborasi bu o’rinda jigaridan urgan , yuragidan urgan, oshiqi beqaror,majnun bo’lib qolgan iboralarining ma’nodoshi ham bo’la oladi.

Qip-.qizil o’pka O’pka och qizil, oqimtir qizg’ish rangda bo’ladi.Avvalo shunga ishora.Ikkinchisi,naqdvahimachi xudo urgan shoshqaloq,o’pkasi yo’q,o’pkasini qo’ltiqlagan odam mazmunini tashiydi. Bunday shaxs haqida gap ketganda bu odam bilan gaplashib munosabatda muloqotda bo’lishning iloji yo’q,gapga quloq solmaydi,borib turgan buyruq voz degan mazmun anglashiladi.

Qayd etilgan


Robiya  24 Yanvar 2008, 12:22:56

   O’pkasi tushdi. Chekuvchilar qattiq yo’talib qolganlarida keksa kampirlar; ‘voy xudoyimey,naqd o’kasi tushdiya’,deyishadi.Bubilan yo’talining zo’rligi shunchaki,o’pkasi uzilib,og’zidan chiqquday bo’lyapti,degan fikrni bayon qilishadi.Ikkinchisi,johil ota o’g’il-qizlarini ayamay ursa,boboyu buvi,"esingni yig’ib olsangchi,bola paqirning naqd o’pkasini tushurdingku",deb o’rtaga tushishadi.Muqobili:"œo’pkasi uzildi".

O’pka-gina qilmoq.O’pkaladi,ranjidi,kudurat qozonini ochdi,iboralari muqobili.O’pkalashning o’z ma’nosi hissiy hayajon tufayli hiqillish yig’lab-siqtash,o’pka muvozanatining buzilishi.O’pka-gina qilish qarindosh-urug’,ayniqsa keksalar uzoqda ma’lum amal-vazifada yurgan qarindoshlarini ko’rib qolganda,oldin jigarlari (boyagi yigitning ota-onasi)ni eslab,ko’ngillari buzilib,ko’z yoshi qilib oladilar.So’ng jiyanni oqibatsizlikda ayblab,yengil ranjiydilar.
  Xalq shundan,  "œo’pka-gina yaqindan"deb,kishi umid qilgan,o’ziga yaqin olgan,jon jigar deb bilgan odamidan o’pka-gina qiladi,begonaga ham qilsinchi,deydi. 


Qayd etilgan


Robiya  24 Yanvar 2008, 12:23:48

O’pkasi qozonday.Yuqoridagi iboraga mazmunan yaqin.O’pka-gina qilgn odamning eng ashaddiy ko’rinish.Bu odam o’z yaqinidan shu qadar ranjikanki,xafa bo’lganki,o’pkasi shishib,qozonday bo’lib ketgan,deyilmoqchi.Tag’inbir ma’nosi,o’pkasi qozonday qorayibqolgan,uni toalab,chiroyini ochish osonmas,mazmunini tashiydi.Gina-kudurat kasaliga surunkali mubtalo bo’lib qolgan odamlarga nisbatan faol ishlatiladigan ibora. "œHech kimning ma’rakasiga bormasang ham shunikiga bor bilam,bo’lmasa o’pkasi qozonday bo’lib,bir umr qovog’idan qor yog’ilib yuradi",deyishadi keksalar fe’lini yaxshi bilgan qarindoshlari haqida.

Uzoqdagi quyruqdan yaqindagi o’pka yaxshi.   Naqd va nasiya narsa, oziq — buyum haqida aytiladi. Uzoqdan yaxshi mol olish, yaqindan yomonrog’ini olishga nisbatan qimmatga tushadi, ham nasiya bo’lib, uning unish — unmasligi noaniqdir. Yaxshi bo’lsa ham undirib, to o’z xonadningga keltirib o’zlashtirguningcha u ham yomonlashishi, sifati buzilishi mumkin. Shuning uchun ham har ishning toshu tarozusini yaxshi bilgan tajribakor xalq "œhar joyni qilma orzu, har yerda bor tosh - tarozu", deydi. "œUzoqdagi qarindoshdan, yaqindagi qo’shing yaxshi" maqoli ham bu iboraning muqobilidir.


Keyingi mavzu: "œIchagi ingichka".

Qayd etilgan


Robiya  29 Yanvar 2008, 12:06:35

Ichini it tirnaydi. Kishi biror narsa, voqea — hodisadan qattiq bezovtalansa, hayajonini bosib ololmay, hovliqsa, shu ibora ishlatiladi. Bu o’xshatish ibora bo’lib, aslida kishining ichiga it kirib, tirnamaydi. Ustini, tashqi a’zolarini it qopishi, tirnab — tirmalashi mumkin. "œIchidan qirindi o’tdi" bu iboraning muqobili. Kishi o’zini bir joyga qo’yolmay, ichiga chiroq yoqsa yorishmay, halovat, xotirjamlik topolmasligi, ich — etini yeyishi hodisasi. Ichini it tirnagan odam vijdonli, imonli, hech bo’lmaganda, odamgarchiligini saqlab qololgan shaxs hisoblanadi.

Ichagi ingichka. Odamda, hayvonda bo’lsin, ikki xil ichak bo’ladi. Yo’g’on (to’g’ri) va ingichka (o’ram) ichak. Ingichka ichak — ichagi ingichka deganda, ko’chma ma’noda insonning qo’li qisqa, imkoniyatlari cheklangan kambag’alu nochorligi, faqir kishi ekanligi nazarda tutiladi. Ichagi ingichkalik — ichi torlik, jisman, tabiatan kamquvvat, kamimtiyozlilik ma’nolarini ham beradi. Bunday odamlar o’z bo’ylaridan baland sakray olmaydilar, hadlarini bilib umrguzaronlik qiladilar. Ichagi ingichkalik ayni paytda insof — diyonatlilik, o’z o’rni va qobiliyatini to’g’ri baholash ham hisoblanadi.

Qayd etilgan


Robiya  29 Yanvar 2008, 12:08:45

Ichakuzdi. Mol so’ysangiz, qornini yorganda, ichagini uzasiz. Yemak ichak bo’lsa, narsa tiqib hasip qilasiz. Ko’chma ma’noda "œichakuzdi" atamasi kulgi, hangoma, qiziqarlilik, yoqtirganlikning zo’ridan ichak uzilguday bo’lib, rosa to’yib, zo’riqib kulish, "œbiti to’kilish", xumordan chiqish mazmunini tashiydi. Askiya, qiziqchilik, mutoyiba hosilasi.

Ichi achiydi. Biror yoqimsiz, achchiq, zaharli narsani daf’atan iste’mol qilsangiz, tabiiy, ichingiz achiydi. Biroq, bu o’rinda ibora ko’chma ma’noda bo’lib, ich achish birovning dardiga hamdard bo’lish, unga qayishish,  qayg’urish, xayrixohlik qilish ko’zda tutiladi. "œIchi achishadi" iborasi qarindoshlik tuyg’usi bilan ham bog’liq. Inson eng avvalo, o’z oilasi — bola  - chaqasi, ota — onasi, qarindosh — urug’lari taqdiri, sog’lig’i; baxti — iqboli uchun qayg’urib, ichi achib, joni koyiydi. Undan so’ng insofli, diyonatli inson sifatida qolgan barcha mo’min — musulmonlarga yomon kunida hamdard, hassakash bo’ladi. Ichi achiydi — "œichi achishadi", "œjoni achishadi", "œichi kuyadi" kabi muqobillarga ega.

Qayd etilgan


Robiya  29 Yanvar 2008, 12:10:53

Ich etini kemirmoqda. Ko’p ma’noli:1 Chaynamoq, iste’mol qilmoq, yeyish, yutish.2 Ichak -chavog’iyu go’shtini yeyish. Ko’chma ma’nosida ichini it tirnamoq, ichidan qirindi o’tmoq, ichi yonmoq, ichi kuymoq, ichiga chiroq yoqsa yorishmaslik iboralari muqobili. Og’ir pushaymonlik, armon ,o’z atosi, gunohi, qilmishidan afsus- nadomat chekish, chuqur istirobga tushish.Ich-etini kemirish,iborasi hamisha shaxsga nisbatan xayrixohlik ohangida aytiladi. Bunday odam imonli, diyonatli insofli shaxs sanaladi.

Ichini og’ritadimi? Xalq, ishning ko’zini, ayniqsa, o’z foydsini bilmagan yalqov kimsalarga nisbatan, oldidagi shu bir parcha yerini chopib, yumshab, ul — bul ekib, ro’zg’origa yaratsa, topgani ichini og’ritadimi degan iborani qo’llaydi. Bu bilan, "œey musulmon, mundoq odamlarga o’xshab, bor imkoniyatingni ishga solib, o’zingu bola — chaqang manfaatini o’ylasangchi, harakatingni qilmasang Xudo senga osmondan tashlaydimi", demoqchi bo’ladi. Ichini og’ritadimi? Iborasi zarar qiladimi, koni foydaku, ishining ko’zini bilsangchi, jumla — iboralari ma’nosiga yaqin turadi.

Qayd etilgan


Robiya  29 Yanvar 2008, 12:13:36

Ichini yordi. Qassob mol — qo’yning ichini yoradi. Muvofiq maqsadini amalga oshiradi. Ich yorish — ko’chma ma’noda ichidagi dardini, gapi, siri, maslahatini ochib, bayon qilish. "œIchini yordi" deganda indamas, "œichimdagini top" odam o’z do’sti, onasi, otasi, yaqin kishisiga dardini yordi, ko’nglini ochdi, gapini (sir) aytdi, degan ma’nolar anglashiladi. Ich yorish jiddiy odamlarda kamdan — kam uchraydi. Mast — alastlikda esa kishi og’ziga tekkach, do’st — dushmanning farqiga bormay, ichini yoraveradi. Uyning gapi ko’chaga chiqadi. Muqaddas tuyg’ular, sir — sinoat dasturxon qilib yoziladi.

Ichi qora. O’t yoqilavergaligidan mo’rining ichi qora. Nur tushmagan uyning ichi ham qorong’i. Ayrim odamlarning ichi, ko’kragi, yuragi bulardan — da qoraroq bo’ladi. Bu past tabiat, hasad, ko’rolmaslik, o’zgalar iqbolidan iztirobga tushish kabi salbiy tuyg’ular oqibati, hosilasidir. Ichi qora odamlar hamma yaxshi, olijanob, foydali va insoniy tuyg’ulardan aziyat chekishadi. O’zgalarning ishi, omadi yurishishidan ichlari kuyadi. Bunday kimsaning o’zga, yaxshi kishilarga, jamiyatga katta zarari tegadi. Ammo sirlari oshkor bo’lib, otning qashqasidek tanilib qolgach, nazardan qolishadi. Ichi qoraning ishi qora, deydi xalq. Bunday shaxslar oqibat o’z umrlariga o’zlari zavol bo’ladilar.

Qayd etilgan


Robiya  29 Yanvar 2008, 12:14:15

Ichi g’ash. Ko’ngli g’ash, ichiga chiroq yoqsa yorishmayudi, dili xufton, shashti past, popugi pasaygan, iboralarining muqobili. Ichi g’ashlik — ruhiy mo’tadillikning buzilishi, biror nimadan tashvishga tushish, xavflanish, aziyat chekish. Bunga ma’lum ish, gunoh, g’ayriqonuniy faoliyat turtki bo’lishi yoki aksincha, aniq sababning bo’lmasligi, ichki intuitsiya, sezgi — kechinmalar asosida bo’lishi mumkin. Inson o’z salohiyati, hayotiy tajribasi, bilim jamg’armasi bilan moddiy va ma’naviy dunyo tabiatini yaxshi biladi. Shu tufayli ma’lum ma’noda bashoratchilik ham qila oladi.

Ichi toshdi. Sut pishsa — toshadi. "œIchi toshdi"ning ko’chma ma’nosi "œichi qizidi"ga yaqin turadi. Ichi toshish — zerikish, toqatsizlanish, biror ishning tashvishini qilish. Sabr — qanoatning tugashi. Ichi toshgan odam uyda o’tirolmaydi. Salomatligi, jismoniy, ruhiy imkoniyatlari bilan hisoblashmay, bo’yidan baland sakrashga harakat qiladi. Toliqib, uzilib qolsa ham uzoqdagi farzandini borib ko’radi, qarindosh — urug’ining yaxshi — yomon kuniga yaraydi va hokazo. Ichi toshish tuyg’usi insonning oliy insoniy fazilatidir.

Qayd etilgan


Robiya  29 Yanvar 2008, 12:14:50

Achchiq ichak. Ingichka ichakning to’plami, g’aramlisi. Odatda mol, qo’y, quyonning bunday ichagi itlarga beriladi. Achchiq ichak, odamga nisbatan qo’langanda, ezma, g’alamis, gapni cho’zib, olib qochadigan, qitmiq kishilar ko’zda tutiladi. Xira, yoqimsiz, shilqim, shildir kimsalar tanqid qilinadi. Gap ham betamiz, bemaza bo’laversa, kishilar: "œnamuncha achchiq ichakday cho’zilaverding, bas qil, qisqa qil", degan tanbehni ishlatadilar. Achchiq ichak odamlarning gapida tuz bo’lmaydi, gap ko’p — ko’mir oz bo’ladi. Tabiiy ravishda mol ichagini bir chetidan tortsangiz cho’zilavergani sayin, gapning ham cho’zilaverishini achchiq ichakka qiyos qilishadi.

Ichagini boshiga salla qilmoq. Bu ibora haqorat, dag’dag’a, so’kish, mensimaslik bo’lib, ayrim chapani yigitlar bir — birlariga dahanaki daf qilishganlarida ishlatib qoladilar. Ichagini boshiga salla qilish birovni chavaqlab, ichak — chavoqni boshiga ilish, uning joniga qasd qilishdir.


Qayd etilgan


Robiya  29 Yanvar 2008, 12:16:38

]Ichingda iloning bormi? Ba’zi odamlar jussasi kichik bo’lsa ham to’g’ri ichak bo’lganidan yeb to’ymas bo’lishadi. Hammadan ko’p iste’mol qilsa ham nafsi orom olmagan bunday kimsalarga keksalar: nima balo, ichingda iloning bormi, deyishadi. Go’yoki u yeyapti, yutyaptiyu, kimsaning ichida joylashib olgan ilon og’izga tushgan luqmani yutaverib, haq deb qarab turganday. Tag’in bir ma’nosi, ba’zi bolalarning ichida ilonchagi — gijjasi bo’lib, yegani o’ziga yuqmaydi, rangi siniq, o’zi rangpar, ozg’in bo’lib yuradi. Opvqatni ishtaha bilan tushirib, sal nafsi qoniqqan shaxsga nisbatan ham odamlar: "œiloningning boshi qaytdimi, haytovur", degan iborani ishlatishadi.

Ichimga issiq kirdi. Tanamga jon kirdi, o’zimga keldim, jonimni chaqirib oldim, jonim jasadimga qaytdi, iboralarining muqobili. Ichimga issiq kirdi, deganda o’lguday sovqotib, tirishib turgan edim, ichim, bag’rim, qo’ynim isidi ma’nolari mujassam. Ichi isish — issiq kirishining sababi — issiq ovqat iste’mol qilishdandir. Aroq ham, laxcha cho’g’ o’tin ham kishi ichini isitishi, issiq bo’lib kirishi mumkin.


Ichidan pishgan. Xorazm qovunlari, lalmi tarvuzchalar ko’rinishida juda ko’rimsiz, xamakday tuyulsa-da, aslida ichidan pishgan, shirin bo’ladi. Inson hayotiga ko’chirilganda, ichidan pishgan iborasi juda pishiq, qipchagar, puxta, mug’ombir, ishning ko’zini biladigan, bilgani ichida odam, ma’nolarini beradi. Ichidan pishib yuribdi, deganda keksa kishilarni qovunday pishib yuribdi, bir kun uzilganini bilmay qolasan, deyishadi. Ichidan pishgan — ketidan qarigan, iborasining muqobilidir.


Keyingi mavzu: "œQornimgamas qadrimga".

Qayd etilgan