O'zbekning gapi qiziq...  ( 53184 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Robiya  13 Fevral 2008, 11:42:03

Qornimgamas qadrimga (yig’layman). Bu ibora insonning qadr-qimmati, sha’ni-shavkati, oila, jamoada tutgan o’rni bilan bog’liq bo’lib, qornimgamas qadrimga yig’layman, deganda xalq qornim to’ymagani, yaxshi yedirib — ichirib kiydirib, sarpo-surug’ qilib e’zozlamaganiga emas, to’y-ma’raka, yig’in, ko’pchilik oldida meni hurmat qilmay, nazarga ilmay, izzatimni qilmagani, qadrimga yetmagani odam o’rnida ko’rmaganiga xafaman, degan ma’no anglashiladi. O’zbek o’ta andishali, ko’ngilchan bo’lishi bilan birga o’z izzat-nafsini qadr-qimmatini baland tutgan xalq bo’lganligidan o’z o’rni, mavqei, qadr-qimmatini biladi. Qadrsizlik, o’z sha’nining toptalishi uning uchun o’lim bilan barobardir. Bu ibora o’zbek xalqi ruhiyatining o’ziga xos ixcham tavsifidir.

Qorin qayg’usi. Tomoq,tomoqqa yamoq, atama va iboralari kabi qorin qayg’usi iborasi tirikchilik,umrguzaronlikning asosiy mazmunini tashkil etadi. Bo’sh qop tik turmaydi, deydi xalq. Tanangiz tik yurishi, sog’lom bo’lishingiz uchun inson tanasi a’zolari uchun kerak barcha yemak-ichmak iste’mol vositalari mavjud bo’lishi talab etiladi. Mana shular qorin qayg’usini tashkil etadi. Tirikchilik deb yugurib-yelasiz. Ro’zg’or g’or deysizu, bir umr uni to’ldirishga, yuhodek nafsini qondirishga tirishasiz. Salbiy, ijobiy ohang yo’q. Majhul.

Qayd etilgan


Robiya  13 Fevral 2008, 11:43:09

Och qoringa achchiq sarimsoq. O’lganning ustiga tepgan, kabi maqol muqobili. Och qoringa achchiq sarimsoq deganda, o’ziku qornim o’lgudek och, unga achchiq sarimsoq berib, yanada ochirding, mazmuni anglashiladi. Sarimsoq odatda, ishtaha ochish, ovqatni ko’proq iste’mol qilish uchun yeyiladi. Bu holatda ovqatning o’zi yo’g’u bu kimsaga achchiq sarimsoq berib, uning ishtahasini karnay qilishdan iboratdir. Iborada istehzo, kesatiq, mazax,yengil yumor ohanglari bor.

Qorin piyozning po’stidek bo’lib ketdi. Qattiq ochiqish, ishtahaning qo’zg’alishi, ovqat iste’molining kutilgan vaqtdan o’tishi, ishtiyoqli mehnatdan so’ng qorin ochishi — mana shunday paytlarda bu ibora qo’llanadi. Bu degani mehnatning, ochlik, parhezning zo’ridan qorinning yog’I, charvisi go’shti ketib, ozib, yolg’iz terisi qoldi, u piyozning po’sti (bir qavati) day yupqa bo’lib qoldi, ma’nosini beradi. Iborada hazil-mutoyiba, hayotsevarlik, xushchaqchaqlik kayfiyati mavjud.

Qayd etilgan


Robiya  13 Fevral 2008, 11:44:29

Qorni ochdan qorni to’qning ne parvoyi bor? Bu ibora o’z ma’nosida ham to’g’ri va mantiqli. Ya’ni qorni to’q odamning qorni och kishi bilan necha pullik +ishi bo’lsin? Ko’chma ma’nosida esa uning mazmuni yanada chuqur. Boy kambag’alga qayishadimi? To’q ochni o’z to’piga oladimi? Baxtiyor kishi g’arib va miskin bilan oshna bo’ladimi? Sog’lom inson dardmandu bemor bilan ne xususda gaplashsin? Bu ibora qo’lanilganda istehzo, achinish, xayrixohlik, takabburona ohanglari mavjud bo’ladi.

Jig’ildoni qaynadi. Ibora, oshqozonda kislotaning ko’payishi oqibatida kishi ba’zi ovqatlarni iste’mol qilsa me’dasi qaynaydi, yaxshi hazm qilmaydi — ushbu holatda aytiladi. Jig’ildon qaynashining ikkinchi ma’nosi — vijdonim qaynadi, jahlim chiqdi, yuragim hapqirib ketadi, jonim chiqib ketdi kabi ko’chma iboralar mazmunini tashiydi. Birovning sovuq, oqibatsiz, befarosatlik, ko’tarmalik bilan aytgan gapi, kattazanligi jahlimni chiqardi  ma’nosida ishlatiladi.

Qayd etilgan


Robiya  13 Fevral 2008, 11:45:57

Qornini yorsa alif chiqmaydi. Alifni kaltak deydi, savodi g’ovlab ketgan kabi iboralar muqobili. Alif — arab alifbosining birinchi bosh harf-tovushi, to’g’ri chiziq shaklida. Qornini (ichini ) yorsa, alif chiqmaydi, deganda bilimlar dunyosidan bexabar, hatto alifbening alifi ham yo’q uning boshida, aqlida, ko’nglida (ichida, qornida) mazmuni ko’zda tutiladi.Ibora o’ta salbiy, tanqidiy, kinoyaviy ohang kasb etadi.

Qorni kajavaday. O’xshatish ibora. Qorni katta, qorni meshday, qorniga arqon yetmaydi, qorni korsonday iboralarining muqobili. Kajava — ikki to’lqinli to’qima savat. Pillaning kattalashtirilganini eslatadi. Bir tomoni ochiq, osti yopiq. Eshak, ot, tuyaga yuk (olma, anor, yong’oq) joylab ortishga qulay. Qorin aslida kajavaday bo’lishi mumkin emas. Xalq ochofat, tekintomoq, beg’am kishilarni kajava qorin, qorni kajavaday, deb masxaralab tanqid qiladi. Mamlakatimizning janubiy viloyatlarida faol qo’llaniladi.

Qayd etilgan


Robiya  13 Fevral 2008, 11:46:45

Nafsi yoriq. Ochofat, tamagir, manfaat bandasi, boylik quli, vijdonini nafsiga qo’shib yutgan, imonsiz odamlarning ixcham ta’rifi. Nafsi yoriq — obrazli ifoda bo’lib qancha yegani bilan to’ymaydi, chunki tomog’I, nafsi yoriq, og’ziga (ichiga) kirganining bir qismi to’kilib, sochilib, yerga tushib ketadi, degan ma’no tashiydi. Shafqatsiz tanqid, hazar qilish, la’nat, o’ta salbiy baho, ohang bor.

To’qlikka sho’xlik. To’q bola sho’xlik, o’yin-kulgiga ruju’ qo’yishi rost. Och bo’lsa, ovqat ilinjida g’ingshib, yig’lamsirab o’yinni sho’xlikni ham yig’ishtirib qo’yadi. Kattalarga nisbatan ishlatilganda o’ziga to’q, mol-davlati yetarli, ro’zg’ori but odam insofini yeb qo’ysa, sho’xlikka o’tadi , o’ynash tutadi, maishatga beriladi, topganini sovuradi, bola-chaqasining rizqini qiyadi — oqibat biror kasofatga yo’liqadi, degan ma’no ko’zda tutiladi. Bunday shaxslar bir baloga giriftor bo’lsalar, keksalar "œsemizlikni qo’y ko’taradi, o’zini bosib ololmay qoldi, to’qlikka sho’xlik qildi, o’z boshini o’zi yedi", deya afsuslanadilar. Salbiy ohangga ega.

Keyingi mavzu: Belida belbog’i bor.

Qayd etilgan


Miss Shaxrizoda  15 Fevral 2008, 23:49:33

"Til — dil tarjimoni"- Bu degani dildagi gaplarni til bilan bayon qilib bermoq, insonga yetkazmoq deganidir.

Qayd etilgan


Robiya  20 Fevral 2008, 11:09:46

Bel boylamoq. Belni chopon ustidan, ichdan belbog’ bilan boylamoq"¦ Kamar taqish. Bel boylash — ishga kirishish, faoliyatni boshlash, mehnatning boshi. Bel boylash, o’z va o’zga tomonidan bo’lishi mumkin. O’zbek o’zidan tashqari aiziz mehmoni, quda-andasi, e’tiborli — hurmatli kishisiga, siylab, chopon-do’pi kiygizadi, belbog’ o’rab, belini boylaydi. Beli boyloqli, deganda o’ziga to’q, mehnatga tayyor, tayin, subutli shaxs degan ma’nolar ham anglashiladi.

Ishning beliga tepmoq. Belga tepish o’z ma’nosida bo’lishi ham mumkin. Ko’proq ko’chma ma’noda ishlatiladi. Belga tepish, deganda xalaqit berish, qarshilik qilish, atayin kishining yo’lini to’sish tushuniladi. Kishilar, "œishim yaxshi ketayotgandiku, falon voqea belga tepdi-da" deb koyishadi. Ishning beliga tepmoq — bo’lib, pishib turgan ishni buzish, maqsadga yetkazmaslik, yo’ldan urish, ozdirish ma’nolarini beradi. Ko’proq achinish, afsus-nadomat chekish, pushaymon bo’lish, xafa bo’lib, qayg’urish ohanglari mavjuddir.

Belida belbog’i bor. O’zbek odamning ishonchli, puturli, tayinli, diyonatliligini bilmoqchi bo’lsa, belida belbog’i bormi, deydi. Belda belbog’ning bo’lishi — suyansa, ishonsa, qo’shilsa bo’ladigan odam mazmunini tashiydi. Bu ibora kishi hamiyatiga tegish, yigitmisan o’zi, qabilida raqibning jig’iga, g’ashiga tegish maqsadida ham ishlatiladi. Belida belbog’i borlik yigitlik, juvonmardlik, tayinli, subutlilik garovi.


Qayd etilgan


Robiya  20 Fevral 2008, 11:11:43

Beli og’rimaganning non yeyishini ko’r. Og’zi qiyshiq bo’lsa ham boyning bolasi gapirsin, iborasiga muqobil. Ba’zi fahm-farosatsiz kimsalar tekin tomoq topilsa, orqa-oldilariga qaramay, paqqos tushirishadi, katta-katta gap sotishadi. Shunday paytda, ko’pni ko’rgan keksalar shu iborani ishlatadilar. Bu bilan bu kaltafahm jon koyitib, bel og’ritib, biror joyda halol ter to’kib, non topibdimi, bu ne’matlarni ne azobda topib-tutib oldiga qo’yganingni qayerdan bilsin, degan fikrni bildirishadi.

Beli sinmoq. Ibora o’z ma’nosida odam, jon-jonivor, buyum-narsaning qattiq shikastlanishi, jarohatlanishi, hayotdan ko’z yumishini ifodalaydi. Asli, ko’chma ma’nosida esa beli sindi deganda, insonning boshiga og’ir mushkullik tushdi, xonavayron bo’ldi, oilasida kulfat yuz berdi, kabi mazmun anglashiladi. "œBeli sinmoq" iborasi insonning hayotda bundan buyon o’z mavqeini, ro’zg’or-tirikchiligi, umrguzaronligini qaytadan tiklab, o’ng’arib olishi, mushkul degan fikr anglashiladi. Iborada kimga nisbatan (do’st, dushman) ishlatilishidan qat’iy nazar, achinish, hamdardlik, xayrixohlik tuyg’u-kayfiyati ohanglari mavjud.

Belga mador bo’lmoq. Qariganda kishining beliga hassa bir qoshiq issiq ovqat, jamg’argan besh — o’n tangasi mador bo’ladi, kuniga yaraydi. Asl, ko’chma ma’noda esa insonning beliga mador uning qobil farzandlari, nabiralari, oqibatli qarindosh-urug’ va orttirgan sodiq do’stlaridir. Belga mador bo’lmoq deganda, o’z mehr-oqibati, saxovati, sadoqati bilan qariganimda belimga quvvat, ko’zimga nur bo’ldi, yaxshi-yomon kunimga yaradi. Do’stga zor, dushmanga xor qildirib qo’ymadi. Bergan tuzimni oqladi, oq sutimni unutmadi, duoyi joni qilinadi. Tabiiy va ko’chma ma’noda boylik, ayniqsa oltin-kumushni belga mador deyishadi. Rostdan ham oltin josmoniy-ruhiy tomondan kishi beliga mador, unga bog’lab yursa, yuragiga ishonch va aqlu shuuriga ravshanlik-o’ktamlik g’ayrat-shijoat soladi.

Qayd etilgan


Robiya  20 Fevral 2008, 11:17:12

Beli chiqib ketdi. Beli sindi, beliz uzildi, beli sinib ketdi, belini sindirdi  iboralarining muqobili. Kishi o’z quvvatidan ortiqcha yukni ko’tarsa, beli chiqadi. Ibora odatda, xoh ixtiyoriy, xoh majburiy o’z imkoniyatidan ortiq darajada to’y-hasham, ziyofat berib, oqibat katta qarzga botib, qora qozonini suvga tashlab qo’ygan kimsalarga nisbatan ishlatiladi. Biror kulfat, majburiyat tufayli katta chiqimdor bo'’ib qolgan kishilar ham beli chiqib ketgan hisoblanadi. Kishining beli chiqishi mo'’adil hayotdan salbiy tomonga yo’nalishi, ishning chappasidan ketishi, ko’z tegishi, omadning yuz o’girishidir.

Qamishdan bel bog’lab. Qamish egiluvchan, qayish bo’lgani tufayli obrazli qilib, belni mahkam, sidqidildan bog’lashni shunday ifodalashadi. Qamishdan bel bog’lab xizmat — hurmat qilgan, sevgan, ixlos qo’ygan odamiga nisbatan qilinadi. Xalqimiz yosh avlodni elu yurt xizmatida, hamisha kori xayriga yarab, kamarbasta bo’lishga chaqirib, tayyorlab, tarbiyalab keladi. Xayrixohlik, minnatdorlik, mehr ohangi bor.

Bel bo’lmoq. Ko’p ma’noli ibora. Kishining beli uning kuch-quvvati, sog’lomligi, juvonmardligi ramzi. Qiz-juvonlarga nisbatan xipchabel, nozik bel, beli qilday, beli ingichka iboralari ishlatiladi. Bel bo’lmoq, deganda o’zbek xalqi biror ish-hodisada ma’lum shaxsning hal qiluvchi hissa qo’shganligini ko’zda tutadi. Bel tananing o’rtasi bo’lganligi uchun bu ibora ba’zan ko’prik, bog’lovchi ma’nolarida ham ishlatiladi. Bel bo’ldi, deganda ikki kishining ishi bitishi, yurishishida uchinchi shaxs — bel vositachi bo’ldi mazmuni anglashiladi.


Qayd etilgan


Robiya  20 Fevral 2008, 11:18:19

Bel bellamoq. Belkurak bilan yeri chopmoq, ag’darmoq, bellamoq iborasining asl ma’nosidir. Bu qurolni ishlatishda garchi oyoq xizmatda bo’lsada, belning kuchi quvvati mador bo’lgani tufayli jihoz nomi ham bel nomi bilan ataladi.

Belini tiklamoq. Qaddini tutmoq, o’zini tutib olmoq, iboralariga ma’nodosh. "œBelini tiklamoq" oldin bir beli sinish, bukilishdan keyin qayta omadning chopishi, baxt kulib boqishidan bo’lishi mumkin. Aslida ibora yosh avlodning kamolga yetib, o’zini tuta borishi, biri ikki bo’lib, davr o’tishi bilan qaddini tiklab olishi, ya’ni o’ziga to’q holga kelib, ro’zg’ori but, turish-turmushi havas qilgulik darajaga yetishi ifodasidir. Belini tiklash o’z kuchi, mehnati bilan, ba’zan o’zga shaxs ota-ona, qaynota-qaynona, xotin, er, homiy, vositachi yordamida bo’lishi mumkin.

Keyingi mavzu: "œOyog’i olti — qo’li yetti".

Qayd etilgan