Pazandalik sirlari  ( 217215 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 16 B


maknuna  12 Iyul 2006, 06:23:17

Kumushbibi:

Varaqi somsa

Iliq suvga tuz va eritilgan qo’y yogi yoki sariyog’ solib qattiqqina xamir qorganingizdan so’ng 10 — 12 minut o’rab qo’yib, tindirib, yana mushtlaysiz. Shundan so’ng o’qlov yordamida juda nafis (1 — 2 mm) qilib yoyasiz. Yoymaning yuzasiga yog’ surkab, eni 7 — 8 sm keladigan tasmalar kesasiz. Tasmalarni 3 — 4 tasini bir — birini ustiga qo’yib yana eni 7 — 8 sm keladigan qilib kessangiz, 3 — 4 qavatli kvadrat jildlar hosil bo’ladi. Jild o’rtasini juva bilan nafisroq qilib yoyasiz, chekkalari esa qat — qatligicha qolaveradi. Shu usulda tayorlangan jildlarga bir choy qoshig’ida qiyma solib uni ikki buklaysiz, chetlariga qo’l tekkizmay qiyma solingan joyi atrofini barmoqlar bilan ezib yopishtirasiz. Ana shu somsalarni dog’ bo’lib turgan frityur yog’ga solib, qizarguncha qovurasiz, chekkalari xuddi kitobning varaqlariga o’xshab chiroyli chiqadi.
Qiymasi bunday tayorlanadi: kam yog’roq qo’y (mol) go’shtini qiymalagichdan o’tkazib, juda mayin qilib to’g’ralgan piyoz, murch va tuz qo’shib yaxshilab aralshtirasiz. Dog’langan yogdan tovaga solib qiymani jazlab olasiz. Go’sht bilan piyoz seli terilguncha kovlab turasiz. So’ngra qiymani laganga solib yoyib sovitasiz va jildlarga solib yuqorida aytilganidek qilib tugasiz. Somsalarni qovurib olganingizdan keyin likopchalarga, laganga solib, yuziga qand upasidan sepib dasturxonga tortasiz.
Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un, 50 gr eritilgan qo’y yog’i (sariyog’), 0,75 stakan suv ,bir choy qoshig’ida tuz; qiymasi uchun 400 gr yog’siz go’sht, 3-4 bosh piyoz, ta’bga ko’ra murch va tuz solasiz.
Frityur uchun 1 kg o’simlik moyi dog’lanadi.

Qayd etilgan


maknuna  12 Iyul 2006, 06:24:11

Kumushbibi:

Varaqi somsa 2

Oddiy xamir tayyorlaysiz, o’rab 10 — 12 minut tindirib olgach o’qlov yordamida (1 - 2 mm) qilib yoyasiz.yoymaning yuziga eritilgan mol yog’i surkasangiz, u darhol to’nglaydi.ana shunday yoymani ro’lon qilib o’raysiz, yog’ tomoni ichida qoladi.
Rulondan eni 5 sm keladigan to’garakchalar kesasiz. Har bir to’garakchani barmoq bilan tekislab, juva yordamida 2 — 3 mm keladigan qilib yoysangiz, qatlama jild hosil bo’ladi.Jildlar o’rtasiga 1 osh qoshig’ida qiyma solib xoh yumaloq, xoh uchburchak, xoh to’rtburchak, xoh kvadrat shaklida bo’lgan somsalar tugasiz. To’garak yoyma ana shu xil shaklida somsa tugish uchun eng qulay hisoblanadi. Somsalarni tandirga yopib yoki patnisi yog’langan duxovkaga qo’yib pishirasiz. Dasturxonga likopchalarda tortiladi. Ushbu somsani issig’ida ham, soviganda ham emas, ilig’ida iste’mol etish lazzatli bo’ladi.
Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un, 1 stakan suv, 1 choy qoshig’ida tuz, 50 gr mol yog’I (yoymaga surtish uchun); qiymasi uchun 400 gr go’sht, 50 gr dumba (charvi) yog’, 300 gr piyoz, 1 choy qoshig’ida tuz va murch kerak bo’ladi.


Qayd etilgan


maknuna  12 Iyul 2006, 06:24:42

Kumushbibi:

Oshqovoq somsa

Iliq suvga xamirturush solib, tuz bilan birga eritgach, qisimlab un solib, xamir qilasiz — da, o’rab, oshirish uchun olib qo’yasiz. Oshirilgan xamirdan yong’oqday zuvalachalar yasagach, urvoqqa belab, juva bilan qalinligi 2 mm qilib jild yoyasiz. Har bir jildga oshqovoq qiymadan solib to’rtburchak shaklida somsalar tugasiz (oval, dumaloq, uchburchak, yarimoy shakllarida somsa tugsa ham bo’ladi).
Somsa qizitilgan tandirning jag’iga yopilib yoki duxovkada pishiriladi. Duxovka avval qizitilib, patnisi yog’lanishi shart, aks holda somsa yopishib qoladi.
Qiymasini tayyorlash uchun "œsomsa oshqovoq" tanlanadi. Bu jaydari navning po’chog’i qattiq yog’ochsimon, sirti qora — sariq — olachipor bo’ladi. Qovoqni ikkiga yorib, urug;I olib tashlangandan so’ng, maxsus qoshiqsimon qirg’ich yordamida qirasiz. Agar oshqovoqning boshqa navini tanlagan bo’lsangiz, urug’ini olib tashlagach 1 x 1 x 1 sm kubik shaklida — mayday to’g’raysiz. Bunga halqa qilib to’g’ralgan piyoz, jizza yoki mayday to’g’ralgan charvi yog’, tuz va qalampir qo’shib mijiysiz.
Tayyor somsalarni tandirdan uzib, bir oz tobini chiqargach, dasturxonga tortasiz. Oshqovoq somsa soviganda ham o’z xushxo’rligini yo’qotmaydi.
Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un, 25 gr xamirturush, 1 stakan iliq suv, 1 choy qoshig’ida tuz solinadi; qiymasi uchun 700 gr oshqovoq, 3 — 4 bosh piyoz, 100 gr charvi yog’ (yoki 1 stakan jizza); tuz va qalampir ta’bga ko’ra olinadi.

Qayd etilgan


maknuna  12 Iyul 2006, 06:25:13

kumushbibi:

Ko'k somsa

Oshqovoq somsada aytilganidek xamir qoriladi va yoyiladi.
Qiymasi navbahorda ilk ko’karib chiqqan otquloq, jag’ — jag’, yalpiz, yo’ng’ichka, machin, sho’ra, chumchuqko’z, beda, ismaloq, qoqiut, gazandao’t kabi dorivor giyohlardan tayyorlanadi. Ko’katlarni saralab, 4 — 5 maratoba yuvib, suvi silqigach, mayday qitqasiz yoki chopasiz. Bunga bosh piyoz, ko’k piyoz, sarimsoq ko’ki, jizza yoki qo’y yog’i, tuz va murch qo’shasiz.
Tayyorlab qo’yilgan har bir jildga bir osh qoshig’ida ko’k qiymadan solib to’rtburchak shaklida somsalar tugasiz va tandirning jag’iga yopib pishirasiz.
Masalliq; xamiri uchun 500 gr oq un, 25 gr xamirturush,1 stakan iliq suv, 1 choy qoshig’ida tuz; qiymasi uchun bahorda yangi ko’karib chiqqan turli dorivor giyohlardan biri (bir necha xilini qo’shib tayorlasa ham bo’ladi) 500 gr, bir bog’ ko’k piyoz, bir bog’ sarimsoq koki, bir bog’ ukrop, 2 — 3 bosh oq piyoz, 100 gr jizza yoki 50 gr charvi yog’, 4 dona tuxum, ta’bga ko’ra tuz va murch olinadi.

Qayd etilgan


maknuna  12 Iyul 2006, 06:25:37

Kumushbibi:

Ko'k somsa 2


Oddiy xamir (xamirturushsiz) qoriladi. Sochiqqa o’rab 10 — 12 minut tindirib olingandan so’ng 50 grammli zuvalachalar yumaloqlaysiz. Har bir zuvalachani jo’va bilan yoyib jild hozirlaysiz. Har bir jildga bir osh qoshig’ida ko’k qiymadan solib, ikki buklab chetlarini yopishtirsangiz, yarimoy shaklidagi somsalar hosil bo’ladi.
Qiymasini tayorlash uchun yuqoridagi reseptda ko’rsatilgan giyohlardan olib, mayday qirqib, bunga yana boshpiyoz, ko’k piyoz, sarimsoq ko’ki, jizza yoki mayda to’g’ralgan charvi yog’, qattiq pishirib to’g’ralgan tuxum, ta’bga ko’ra tuz va murch qo’shib aralashtirasiz. Ushbu ko’k qiymani qo’y yog’ida jazlab olinadi. Buning uchun charvi yog’ yoki dumba yog’ni mayday to’g’rab, eritib, jizzasini olib ko’kat qiymaga qo’shasiz, yaxshi dog’ bo’lgan yog’ga ko’k qiymani solib dam kavlab, dam dimlab tursangiz, hajmi ancha kamayib, seli chiqadi. Ana shu paytda olib laganga solib yoyib — yayratib sovutasiz. So’ngra jildlarga solib yarimoy shaklidagi somsalar tugasiz va buni dog’langan yoqqa solib qizartirib qovurib olasiz. Tobi chiqib, yeyishli bo’lganda dasturxonga tortiladi.
Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un, 1 stakan iliq suv, 1 choy qoshig’ida tuz, qiymasi uchun har xil giyohlardan 500 gr, 1 bog’ ko’k piyoz, 1 bog’ sarimsoq ko’ki, 2 — 3 bosh piyoz, 1 stakan jizza, 2 dona tuxum, ta’bga ko’ra tuz va murch kerak bo’ladi. Qiymani qovurish uchun 50 gr qo’y yog’i, somsalar qovurish uchun esa 200 gr o’simlik moyi olinadi.

Qayd etilgan


maknuna  12 Iyul 2006, 06:26:01

Kumushbibi:

Lazzat somsa

Margarinni muzlatgichda qotirib olib, qirg’ichdan o’tkazasiz va elangan unga qorishtirasiz. Qattiq yoki kefirni tuxum bilan birga bir hil massa hosil bo’lguncha iylaysiz — da, margarine qorishtirilgan unga qo’shib xamir qorasiz. Xamir qorish davomida navbati bilan sirka, choy sodasi va tuz qo’shasiz. Xamirni yahshi mushtlab pishitib, zuvala qilasiz va sochiqqa o’rab muzlatgichka qo’yasiz.
Ana shu vaqt ichida qiymasini hozirlaysiz. Buning uchun yog’liq qo’y (mol) go’shtining lahim qismidan olib (chumchuq tili) qilib to’graysiz, piyozni esa somoncha qilib to’g’raysiz, so’ng oshpichoq bilan chopasiz, bunga tuz, murch, zira qo’shib yahshilab mijiysiz. Qiyma yog’liq chiqsa, piyozni sal ko’proq qo’shasiz yog’sizroq bol’sa kamaytirasiz. Bu somsa uchun eng yahshi qiyma tarkibi: yarim go’sht, chorak qismi yog’ va chorak qismi piyoz bo’lishi shart.
Muzlatgichka qo’yilgan xamirni yong’oqday keladigan zuvalachalarga bo’lasiz. Har bir zuvalachadan jo’va yordamida 2 mm qalinlikdagi to’garak jildlar yoyasiz. Jildlarga bir osh qoshig’ida qiymadan solib sharsimon somsalar tugasiz. Duxovka patnisini yoglab somsalarni bir — biriga yopishtirmay terasiz, yuziga iylangan tuxumdan surtib, sedana sepgach, qizitilgan duxovkaga solib pishirasiz. Pishirganligi sirtining qizarganligi bilan aniqlanadi. Duxovkadagi somsalarning qizarganligiga qarab o’rni almashtirib turadi.
Laganga terib dasturxonga tortiladi.
Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un, 200 gr margarine, 1 stakan qattiq yoki kefir, 1 dona tuxum, 1 choy qoshig’idan sirka, choy sodasi, tuz; qiymasi uchun 500 gr lahim go’sht, 250 gr yog’, 250 gr piyoz, yarim choy qoshig’ida tuz, yarim choy qoshig’ida murch, yarim choy qoshig’idazira. Yuziga esa 1 dona tuxum chaqiladi va 1 choy qoshig’ida sedana sepiladi.

Qayd etilgan


maknuna  12 Iyul 2006, 06:26:35

Kumushbibi:

Burama somsa

Un - 250 g, suv - 150 g, tuz ta’bga ko’ra; qiyma uchun: go’sht-250 g, piyoz-200 g, dumba-40 g, tuz, zira, murch ta’bga ko’ra ...

Unga namakobli suv solib, xamir qoriladi. Xamir biroz tindiriladi. 1,5-1 mm qalinlikda yoyiladi. Yoyilgan xamir yuziga eritilgan mol yog’i surtib, o’raladi. O’rama 2 sm qalinlikda kesiladi va jo’valanadi. Jo’valangan xamir yuziga qiyma solib, burama shaklida tugiladi.

Qayd etilgan


maknuna  12 Iyul 2006, 06:27:16

Kumushbibi:

Kartoshkali somsa

Bug’doy uni - 400 g, suv - 150 g, kartoshka -600 g, dumba -100 g, piyoz - 200 g, tuz, murch va zira ta’bga ko’ra

Unga suv, tuz solib xamir qoriladi va 1,5-2,0 mm qalinlikda yoyiladi, eritilgan yog’ surib o’rama shaklida o’raladi va tindiriladi. 30-40 g li bo’laklarga bo’lib jo’valanadi. Qiyma: mayda kub shaklida to’g’ralgan kartoshka va dumba, yumshatilgan margarin, mayda to’g’ralgan piyoz, tuz, murch qo’shib aralashtiriladi.


Qayd etilgan


maknuna  12 Iyul 2006, 06:27:40

Kumushbibi:

Tugmacha somsa

Bug’doy uni - 300 g, tuxum - 1 dona, qo’y go’shti - 500 g, dumba - 100 g, piyoz - 500 g, suv -100 g, o’simlik moyi - 50 g, tuz, murch, zira ta’bga ko’ra


Namakobli suvda tuxum bilan xamir qoriladi. 30-40 daqiqa tindiriladi. Tayyor xamir 20 g li bo’laklarga bo’linadi. Chetlari yupqa qilib yoyiladi. Yuziga 40 g miqdorda qiyma solib tugiladi. Yon tomoni namlanadi va juft qilib birlashtiriladi. Yuziga tuxum surtib, o’simlik moyi surtilgan patnisga teriladi. Somsa 20-25 daqiqa elektr yoki gaz tandirda pishiriladi.

Qiyma uchun: go’sht qiymalagichdan o’tkazilib, mayda to’g’ral-gan piyoz, to’rtburchak shaklda to’g’ralgan dumba, tuz, murch solib aralashtiriladi.

Qayd etilgan


maknuna  12 Iyul 2006, 06:28:10

Qatlama

Un - 800 g, suv - 400, tuz ta’bga ko’ra, surtish uchun sariyog’ yoki qaymoq - 150 g, qovurish uchun yog’ - 200 g


Iliq namakobda xamir qoriladi, katta zuvalalarga bo’linib, 10-15 daqiqa o’rab qo’yiladi. So’ngra (1 mm) qilib yoyiladi va yuziga eritilgan qo’y yog’i, sariyog’ yoki qaymoq surtiladi. Yog’ surtilgan yoyma bir chekkadan o’qlovga o’ralib, ustidan uzunasiga pichoq tortiladi, bunda bir necha qavatdan iborat enli tasmalar hosil bo’ladi. Xamir tasmalar eni 2 sm li qilib kesiladi. Ensiz tasmalardan bir nechasi g’ildirak qilib o’raladi, taxtaga qo’yib jo’va bilan qalinligi 1 sm qilib yoyiladi. Qizdirilgan tovadagi yog’da qat-lamaning ikki tomoni qizartirib pishiriladi. Tayyor qatlamaning yuziga shakar yoki qand kukuni sepiladi.

Qayd etilgan