TO’QQIZINCHI SABOQ
NAMOZ NEGA O’QILADI
Assalomu alaykum, mening jajji kichkintoylarim! Bugun sizlarga qiziq bir savol bermoqchiman. Diqqat bilan quloq solib turing. Alloh o‘zi yaratgan yer yuzidagi jamiki hayvonlar va qushlarga, hasharotlar va dengizdagi jonvorlarga, odamlar va jinlarga, xullas, barcha maxluqlarga rizq, ya’ni ovqat-emishlar berib qo‘ygan. Biror maxluqni och qo‘ymagan. Ular ham Alloh taoloning ana shu bergan ne’matlariga javoban o‘z mevalarini Alloh buyurganiday o‘zlari yemay, insonga taqdim qilishadi. Masalan, sigir ko‘kat va yemlarni yeb, evaziga sut beradi, undan qatiq, qaymoqlar, sariyog‘ va pishloqlar olinadi. Tovuq tuxum beradi, asalari asal, qo‘y-echkilar sut, jun, go‘sht, pilla qurti ipak, dengizlar baliq beradi. Hatto daraxtlar ham Alloh yog‘dirgan yomg‘irdan, nur sochib turgan quyoshdan oziqlanib, evaziga shirindan-shakar mevalar tortiq qiladi.
Ana shu sut-qatiqlarni ichib, go‘shtlarni yeb, ipak va jundan to‘qilgan kiyimlarni kiyib, tuxum va asalni mazza qilib iste’mol qilib, mevalarning eng sarxillarini tanovul qilib yuradigan insonlar buning evaziga nima berishadi? Nima qilishsa ana shu bergan ne’matlari uchun Alloh taoloni mamnun, xursand qilishadi? Axir birorta odam boshqa birovga shuncha ovqat-ne’matlarni tekinga berib qo‘ymaydi. Inson ana shu qarzni qanday qilib uzishi mumkin?