Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Agar Abu Bakrning iymoni ummatimning iymoni bilan birga tortilsa, albatta, Abu Bakrning iymoni og‘ir keladi". Abu Hurayra (r.a.), Anas ibn Molik (r.a.) va Abu Said Xudriylardan (r.a.) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Qalbida zarracha iymoni bor kishi, albatta, do‘zaxdan chiqadi". Bu gap zohiran iymon ziyoda va noqis bo‘lishiga dalolat qiladi. Bizning bu haqdagi so‘zimiz esa iymon tasdiqdan iborat deyishdir. U ziyodalik va nuqsonni qabul qilmaydi. Alloh taoloning Fath surasidagi: "Iymonlariga iymon qo‘shish uchun..." degan so‘zi esa, bizning fikrimizcha, faqat sahobalarga tegishlidir. Chunki Qur’on oyatlari nozil bo‘lar, ular esa iymon keltirib, ularni qalblari bilan tasdiq qilishar, shu tariqa iymonlari ziyoda bo‘lib borar edi. Ammo bizga kelsak, unday emas, chunki vahiy to‘xtagandir. Alloh taoloning: "Alloh (nomi) zikr qilinganida, qalblariga qo‘rqinch tushadigan..." oyati karimasi mo‘minlarning sifatidir va mo‘minlar toat-ibodatda har xil bo‘ladilar. Ammo iymonda unday emasdir. Fath surasidagi oyati karimadan iroda qilingan ma’no yaqin va ishonchning ziyoda bo‘lishidir, iymonning o‘zi emas. Abu Bakr (r.a.) haqida aytilgan hadisga kelsak, u zotning iymonlari og‘ir kelish, savoblarining ko‘pligidadir. Chunki u kishi iymon keltirishda boshqalardan peshqadamdirlar. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytganlar: "Yaxshilikka dalolat qilguvchi xuddi yaxshilik qilguvchiga o‘xshaydi". Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) "Qalbida iymondan bir tola bor odam, albatta, do‘zaxdan chiqadi", ba’zi rivoyatlarda "Qalbida zarracha iymoni bo‘lgan odam, albatta, do‘zaxdan chiqadi", deb aytilgan. Demak, yuqoridagi hadisni biz zikr qilgan dalillar sababli keyingisiga haml qilish vojib bo‘ladi ("Bahrul kalom").
Hasandan (r.a.) bir kishi: "Siz mo‘minmisiz?" deb so‘raganda, u zot aytgan ekanlar: "Iymon ikki xildir. Agar sen mendan Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, jannat va do‘zaxga, oxirat kuniga, qayta tirilishga va hisobga iymon keltirish haqida so‘rayotgan bo‘lsang, men mo‘minman. Lekin Alloh taoloning: "Ana o‘shalar haqiqiy mo‘minlardir", degan oyati karimasi haqida so‘rayotgan bo‘lsang, Allohga qasam ichib aytamanki, men ulardanmanmi yoki ulardan emasmanmi, bilmayman".