Luqmoni Hakim farzandlariga aytdilarki: "Ey o‘g‘ilcham, Allohning makridan xotirjam bo‘lmaydigan darajada Allohdan umid qilgin va Allohning rahmatidan noumid bo‘lmaydigan darajada Allohdan qo‘rqqin".
Abu Lays Samarqandiy aytganlarki: "Xavfning, ya’ni Allohdan qo‘rqishning alomati sakkizta narsada namoyon bo‘ladi: Birinchisi tilda, ya’ni, til yolg‘ondan, g‘iybatdan va bekorchi gaplardan tiyiladi va Allohni zikr qilish, Qur’on tilovati va ilmiy muzokaralar bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ikkinchisi qorinda, ya’ni, qorniga harom kiritmaydi, haloldan ham ozgina, hojati miqdoricha yeydi. Uchinchisi ko‘zda, ya’ni, haromga boqmaydi, dunyoga rag‘bat ko‘zi bilan emas, balki ibrat nuqtai nazari bilan qaraydi. To‘rtinchisi qo‘lda, ya’ni, qo‘lini haromga cho‘zmaydi, faqatgina toat-ibodat yo‘lida cho‘zadi. Beshinchisi oyoqda, ya’ni, oyog‘i Allohga osiy bo‘ladigan joylarga yurmaydi, faqatgina toat-ibodat yo‘lida yuradi. Oltinchisi qalbda, ya’ni, qalbidan gina-adovat, birovni yomon ko‘rish, birodarlariga, tanishu notanishga hasad qilishni chiqarib tashlaydi, musulmonlarga nasihatni, shafqat qilishni kiritadi. Yettinchisi Allohga toat-ibodat qilish yo‘lida ham xavfda bo‘lish. Ya’ni, ibodatni xolis Alloh rizosi uchun qilish, riyodan qo‘rqish. Sakkizinchisi quloqda, ya’ni, haqdan, savobli gap-so‘zlardan o‘zgasini eshitmaslikdadir".
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Bir kishi do‘zaxga hukm qilindi. Yo‘lning uchdan biriga yetganida, orqasiga bir qaradi. Yo‘lning yarmiga yetganda yana bir qaradi. Yo‘lning uchdan ikkisiga yetganda yana qaradi. Alloh: "Uni qaytaringlar", dedi. So‘ng undan so‘radi: "Nega qarading?" U: "Ey Rabbim! Yo‘lning uchdan biriga yetganimda "Albatta, Parvardigoringiz mag‘firatli, mehribon va rahmlidir", deganingni esladim. Ehtimol, meni mag‘firat qilasan, deb umid qildim. Yo‘lning yarmiga yetganimda, "Allohdan o‘zga kim ham gunohlarni kechiradi", deganingni esladim. Ehtimol, meni mag‘firat qilasan, deya o‘yladim. Yo‘lning uchdan ikkisiga yetganimda esa, "(Ey Muhammad), Mening o‘z jonlariga zulm qilgan bandalarimga: "Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz!" deb ayting", deganingni esladim. Umidim yana ham ziyoda bo‘ldi", dedi. Shunda Alloh: "Bor, men seni kechirdim", dedi".