Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 184319 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 ... 36 B


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:10:23

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Alloh osmonlaru yerni yaratgan vaqtda surni ham yaratdi. Surning o‘n bitta doirasi bo‘lib, Alloh taolo uni Isrofil alayhissalomga bergan. Isrofil alayhissalom bo‘yruq kelishini kutgan holda surni og‘ziga solib, ko‘zlari bilan Arshga tikilib turibdi. Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Sur nima?» deb so‘raganlarida: «U nurdan bo‘lgan ulkan surnaydir. Meni haq payg‘ambar qilib yuborgan Allohga qasamki, Isrofil alayhissalomning og‘zi tarafidagi har bir doiraning kengligi osmonlaru yerning kengligichadir. Isrofil alayhissalom unga uch marta puflaydi. Birinchi nafhada odamlar qo‘rquv­dahshatga tushadi. Ikkinchi nafxada halok bo‘ladi. Uchinchi nafhada qayta tiriladi. Alloh taolo Isrofil alayhissalomga birinchi nafhani buyurganida nafxa soladi. Shunda osmonlaru yerdagi jamiki jonzotlar qo‘rquvga tushadilar, hatto sut emizayotgan barcha emizuvchilar o‘z bolalarini tark etadilar, homiladorlar homilalarini tashlaydilar. O’sh bolalarning qo‘rquvdan sochlari oqarib ketadi. Odamlar Alloh xohlagancha turadilar, so‘ngra Alloh Isrofil alayhissalomni ikkinchi nafhaga buyuradi. Isrofil alayhissalom ikkinchi bor nafha uradi. Shunda osmonlaru yerdagi jamiki jonzotlar halok bo‘ladi. Faqat Alloh xohlagan kimsalargina qoladilar. Ular Jabroil, Mikoil, O’lim farishtasi va Arshni ko‘tarib turgan farishtalardir. Alloh taolo o‘lim farishtasiga ularning jonini olishni buyuradi, bas, ularning ham joni oladi. Shunda Alloh: «Ey O’lim farishtasi! Mening xalqimdan kimlar qoldi?» deb so‘raydi. O’lim farishtasi: «Ey Rabbim! Zaif bandang bo‘lmish men qoldim», deydi. Alloh: «Ey O’lim farishtasi, Meni «Har bir nafs o‘limni totuvchidir», deganimni eshitmaganmisan», bas, o‘zingning joningni ol», deydi. O’lim farishtasi jannat bilan do‘zaxning o‘rtasiga kelib, o‘zining jonini ola boshlaydi. Shunday qattiq qichqiradiki, agar Allohning bandalari tirik bo‘lganlarida, hammalari uning qichqirig‘idan halok bo‘lur edi. So‘ngra: «Agar o‘limning shiddat va alamini bilganimda mo‘minlarni jonini yengilroq olgan bo‘lardim», deb vafot etadi. Maxluqotlardan biror kimsa tirik qolmaydi. Yer qirq yil xarob bo‘ladi. Shunda Alloh: «Ey dunyo! Qani podshohlar? Qani podshohlarning bolalari? Qani zolimlar? Qani Mening rizqimni yeb, Mendan boshqaga ibodat qilganlar», deydi. Javob beradigan hech bir kimsa topilmaydi. So‘ng Alloh taolo kuchli shamol yuboradi. Shunday bir shamolki, uning igna teshigidan chiqadigan miqdorini Od qavmiga yuborgan edi. Bu kuchli shamol birorta tog‘ni ham, tepalikni ham qoldirmay vayron qiladi. Yer tep-tekis bo‘ladi. So‘ng Alloh osmonga buyuradi. Osmon qirq kun yomg‘ir yog‘diradi. Hatto suv o‘n gaz balandlikka ko‘tariladi. Odamlar bu yomg‘ir sababli o‘simlikka o‘xshab o‘sa boshlaydilar, hatto jasadlari avvalgidek komil holatda bo‘ladi. So‘ngra Alloh Arshni ko‘tarib turuvchi farishtalarni va Jabroil, Isrofil, Mikoil, Azroilni tiriltiradi. Keyin Alloh Rizvon jannatiga buyuradi. Ularga Buroq, Toj, Kiyim va Tug‘ beradi. Ular yer bilan osmon o‘rtasida turadilar. Shunda Jabroil alayhissalom: «Ey yer, Muhammadning qabri qani?» deb so‘raydi. Yer esa: «Seni haq bilan yuborgan Allohga qasamki, Alloh menga kuchli shamolni yubordi. U shamol meni vayron qildi. Men u zotning qabrini bilmayman», deb javob beradi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qabrlaridan nurli ustun osmonga ko‘tariladi. Shundagina Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qabrlari oldiga keladi va yig‘lay boshlaydi. Oldidagi farishtalar: «Nima uchun yig‘layapsiz?» deb so‘rashadi. Shunda u: «Nega yig‘lamayin, hozir Muhammad alayhissalom turib, mendan ummatlari haqida so‘raydi. Men esa ummatlari qaerdaligini bilmayman», deb javob beradi. Shunda Nabiy alayhissalomning qabrlari harak’atga tushadi va yer yoriladi. Muhammad alayhissalom turadilar va boshlaridagi tuproqni qoqadilar va o‘ngu so‘llariga qaraydilar, ammo birorta imoratni ko‘rmaydilar. So‘ng: «Ey Jabroil! Bu qanday kun?» deb so‘raydilar. U: «Bu hasrat, nadomat, qiyomat kuni, siz bu kunda shafoat qilasiz», deb javob beradi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Ey Jabroil! Ummatim qani? Balki siz ularni jahannamning bir chetiga olib borib tashlagandirsiz», deb so‘raydilar. Jabroil alayhissalom: «Alloh saqlasin! Allohga qasamki, biror kimsa sizdan oldin turgan emas», deydi va tojni boshlariga kiygizib, Buroqqa mindiradi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey birodarim Jabroil! Mening ashoblarim bo‘lmish Abu Bakr, Umar, Usmon va Alilar qani?» deb so‘raydilar. Ular ham Allohning izni bilan turadilar. Farishtalar kiyimlarni keltirib, ularga kiygizadilar va Buroqqa ularni mindiradilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlarini sajdaga tashlaydilar va yig‘lab turib: «Ummatim! Ummatim!» deydilar. Shunda Alloh Isrofil alayhissalomga: «Surni chal!» deya buyuradi. Isrofil surni chalgan vaqtlarida surdan asalariga o‘xshash ruhlar chiqadi va osmonlaru yerni to‘ldirib yuboradi, so‘ng u ruhlar jasadlarga kiradi. Shunda jamiki insonlaru jinlar tirilib, mashharga to‘planadi

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:10:33

Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: «U kunda sur chalinur, bas, sizlar to‘p-to‘p bo‘lib (mahshargohga) kelursizlar!» degan oyat haqida xabar berishlarini so‘radim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yig‘ladilar, hatto ko‘z yoshdan kiyimlari ho‘l bo‘lib ketdi. So‘ng dedilar: «Ey Muoz! Sen mendan buyuk ish haqida so‘rading. Ummatim o‘n ikki guruh bo‘lib, mahsharga keladi. Birinchi guruh qo‘l-oyoqsiz bo‘ladi. Ular qo‘shnilariga aziyat berganlar bo‘lib, bu ularning jazosidir, ularning boradigan joyi do‘zax bo‘ladi. Ikkinchi guruh to‘ng‘iz suratida keladi. Ular namozga beparvo bo‘lib, bu ularning jazosi shunday bo‘ladi. Ularning ham boradigan joyi do‘zaxdir. Uchinchi guruhning qorinlari tog‘day bo‘lib, ichi xachirdek keladigan chayon­ilonlar to‘la, ular zakot bermaydiganlardir, bu — ularning jazosi, ularning boradigan joyi do‘zaxdir. To‘rtinchi guruh og‘izlaridan qonlari oqib keladi, ular oldi­sotdida yolg‘on gapirganlardir, bu — ularning jazosi, ularning ham boradigan joyi do‘zaxdir. Beshinchi guruh sassiq hid tarqatib keladilar, ular Allohdan qo‘rqmay, balki odamlardan qo‘rqib, gunohlarini berkitganlardir, bu — ularning jazosi, boradigan joyi esa do‘zaxdir. Oltinchi guruh og‘izlari, halqumlari kesilgan holatda keladi. Ular yolg‘on guvohlik bergan kimsalardir. Bu ularning jazosi bo‘lib, boradigan joyi do‘zaxdir. Yettinchi guruh tillari kesilgan, og‘izlaridan qon va yiringlar oqqan holda keladi. Unday kimsalar guvohlikka chaqirilganda guvohlik bermagandir, bu — ularning jazosi, ularning boradigan joyi do‘zax. Sakkizinchi guruh oyoqlari osmonda, o‘zlari yuztuban bo‘lib keladi. Ular zinokorlar bo‘lib, tavba qilmay o‘lganlardir. Bu — ularning jazosi, ularning borar joyi do‘zax. To‘qqizinchi guruh yuzlari qora, qorinlari olov bilan to‘lgan holatda keladi. Ular yetimlarning molini zulm bilan yegan. Bu — ularning jazosi, ularning borar joyi do‘zax. O’ninchi guruh badanlari pes­moxov bo‘lib keladi. Ular ota­onalariga oq bo‘lgandir, ularning boradigan joyi do‘zax. O’n birinchi guruh ko‘zlari ko‘r, tishlari ho‘kizning shoxidek bo‘lib keladi, tillari qorinlarigacha osilgan, qorinlaridan yiring oqayotgan bo‘ladi. Ular mast qiluvchi ichimliklarni ichadiganlardir, ularning ham borar joyi do‘zax. O’n ikkinchi guruh qabrlaridan yuzlari to‘lin oydek porlab turadi, ular sirot ko‘prigidan yashindek o‘tadi. Ular solih amallar qilgan, ma’siyatlardan chetlangan, namozlarini muhofaza qilganlardir, ularning mukofotlari jannat, mag‘firat, rahmatdir».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:10:48

Qirq ikkinchi majlis
Tavozu’ haqida


Alloh taolo aytadi: «Rahmonning (suyukli) bandalari yerda tavozu’ bilan yuradigan, johil kimsalar (bema’ni) xitob qilgan vaqtlarida ham «Salomat bo‘linglar», deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 63­oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Kimning huzurida men zikr qilinsamu, u menga salovot aytmasa, do‘zaxga kiradi». Payg‘ambarimizga har bir zikr qilinganlarida salovot aytish Imom Tahoviy nazdlarida vojibdir. Ba’zi ulamolar xuddi tilovat sajdasi kabi, bir majlisda bir marta aytsa, kifoya qiladi, deganlar. Fatvo ham shunga berilgan. Afzali har bir zikr qilinganlarida aytishdir.

Ibn Abbos raziyallohu anhu aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Har bir kimsaning boshi ustida ikkita zanjir bo‘ladi. Biri yettinchi qavat osmongacha, ikkinchisi yetti qavat yergacha yetadi. Agar inson tavozu’ qilsa, Alloh yettinchi qavat osmongacha bo‘lgan zanjir bilan uni ko‘taradi. Agar takabburlik qilsa, yetti qavat yergacha bo‘lgan zanjir bilan tubanga tushiradi».

Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Alloh taolo aytdi: «Ulug‘lik ridoimdir, buyuklik izorimdir, kim ikkalasida Men bilan talashsa, uni do‘zaxga uloqtiraman va unga e’tibor bermayman».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:10:59

Bu hadisda ulug‘lik ridoim, buyuklik izorim, deyishdan maqsad, bu ikkalasi Allohning ikkita sifatidir. Zaif bandaga takabburlanish to‘g‘ri kelmaydi. Amr ibn Shuayb rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Qiyomat kuni mutakabbirlar mahsharga odam suratidagi chumolidek bo‘lib keladi. Ularni har tarafdan xorlik o‘rab oladi. Ular jahannamdagi zindonlarga tashlanadilar va do‘zaxning eng shiddatli olovi bilan azoblanadilar, ahli jahannamdan oqqan suyuqliklar bilan sug‘oriladilar».

Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Uch toifa borki, qiyomat kuni Alloh ular bilan gaplashmaydi, ularni poklamaydi, ularga nazar ham solmaydi, ular uchun alamli azob bo‘ladi: zinokor qariya, yolg‘onchi podshoh, mutakabbir kambag‘al».

Kambag‘aldan murod oilali bo‘lib, ularni boqishga qodir bo‘lmasa ham, kibrlanib, na zakot, na baytul moldan nafaqa oladi. U oilasiga zarar yetkazayotgani uchun gunohkordir.

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim tavozu’ qilsa, Alloh uning darajasini ko‘taradi, kim takabburlik qilsa, Alloh uni xor etadi» deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:11:12

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Kimning qalbida zarracha kibri bo‘lsa, jannatga kirmaydi. Uning kibri o‘zi bilan jannat o‘rtasida parda bo‘ladi. Chunki kibri uni mo‘minlarning axloqidan to‘sgan edi. Bu axloqlar jannatning eshiklaridir».

Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar alayhissalom: «Birodaridan qolgan suvni ichish tavozu’dandir. Kim birodaridan qolgan suvni ichsa, uning uchun yetmishta hasanot yozilib, yetmishta gunohi o‘chiriladi», deganlar.

Nuh alayhissalom o‘g‘illariga aytdilar: «Men sizlarga bir necha xislatlarning xabarini beraman, bu xislatlar kimda bo‘lsa, unda takabburlik bo‘lmaydi: qo‘y boqish, eshak minish, jun kiyim kiyish, faqir mo‘minlar bilan birga o‘tirish, oilasi bilan birga ovqatlanish».

Umar raziyallohu anhu aytadilar: «Tavozu’ning boshi — yo‘liqqan musulmonga birinchi bo‘lib salom berish, majlisda pastroq o‘ringa ham rozi bo‘lish, taqvo va yaxshilik bilan eslanishni yomon ko‘rish».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:11:23

Umar raziyallohu anhu Shomga ketayotib, g‘ulomlari bilan bitta tuyani navbatlashib mindilar. Umar raziyallohu anhu tuyaga minsalar, g‘ulom uning jilovidan yetaklardi. Bir farsax yurgach, Umar raziyallohu anhu tushib, g‘ulom tuyaga minardi, Umar raziyallohu anhu bir farsax masofada tuyani jilovidan ushlab yetaklar edilar. Shomga yaqinlashib qolganlarida tuyaga minish navbati g‘ulomga to‘g‘ri keldi. ¢ulom tuyaga mingach, Umar raziyallohu anhu tuyaning jilovini ushlab, yetaklay boshladilar. Yo‘lda suvga duch kelishdi. Umar raziyallohu anhu kovushlarini chap qo‘ltiqlariga qistirib, tuyani yetaklab suvga tushdilar. Shu payt ularga Abu Ubayda ibn Jarroh raziyallohu anhu peshvoz chiqdilar. U kishi Shomning amiri edilar. «Ey Amirul mo‘minin, Shomning ulug‘lari oldingizga peshvoz chiqmoqda. Ular sizni u ahvolda ko‘rsalar, yaxshi bo‘lmaydi», deb aytganlarida, Umar raziyallohu anhu: «Alloh bizlarni Islom bilan aziz qildi. Shunday ekan, men odamlarning gaplariga parvo qilmayman», deb javob qildilar.

Bir musulmon kishi hokimning gerdayib yurganini ko‘rib: «Ey Allohning bandasi, bunday yurishni Alloh va Rasuli yomon ko‘radi», dedi. Hokim: «Meni tanimadingmi?» deganida, «Albatta tanidim, avvaling jirkanch nutfa, oxiring sassiq o‘laksa, hozir ko‘rsatib turgan narsaning barchasi najosat», deb javob berdi. Shunda hokim kibrli yurishini tark etib tavba qildi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makkadan hijrat qilib, Madinaga kirganlarida, boylar tuyaning jiloviga yopishib olishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Tuyaning jilovini qo‘yib yuboringlar, unga qaerda to‘xtashi buyurilgandir», dedilar. So‘ng qo‘yib yuborishdi. Har gal tuya bir hovlidan o‘tib ketsa, u hovlining egasi xafa bo‘lib: «Agar mening davlatim bo‘lganida, albatta, Muhammad sollallohu alayhi va sallam mening mehmonim bo‘lar edi», derdi. Tuya Abu Ayyub Ansoriyning eshigi oldiga kelgan vaqtda yerga cho‘kdi. Uni turg‘izmoqchi bo‘lishgan edi, turmadi. Shunda Jabroil alayhissalom kelib: «Mana shu hovliga tushing, chunki siz Madinaga kirgan vaqtingizda bu hovlining egasi Allohga tavozu’ qildi. Odamlar esa hovlilarini bezashdi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizning hovlimizga tushadi», deyishdi. Abu Ayyub esa o‘zicha o‘ylaydi: «Men bir faqir bo‘lsam, qaerdan ham Alloh huzurida mening qadrim bo‘lsinki, Nabiyini mening hovlimga tushirsa». Alloh uning tavozu’si uchun hovlisiga payg‘ambarini tushirdi», dedi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:11:34

Bani Isroildan bo‘lgan bir kishi yetmish yil Allohga ibodat qildi va og‘iz ochmasdan ro‘za tutdi. So‘ng o‘zining hojatini Allohdan so‘radi. Alloh hojatini o‘tamadi. Shunda u: «Agar men uchun Allohning huzurida bir manzil, bo‘lganda, hojatimni chiqarardi», dedi. Shunda Alloh bir farishtani yubordi va u: «Ey Odam bolasi, sening tavozu’ing Alloh huzurida yetmish yil qilgan ibodatingdan afzaldir. Bas, shu tavozu’ sababli Alloh hojatingni o‘tadi», dedi.

Ka’bul Axbor aytadilar: «Alloh Musoga vahiy qilib dedi: «Ey Muso! Nima uchun sen bilan vositasiz gaplashganimni bilasanmi?!» Shunda Muso alayhissalom: «Ey Rabbim! Buning sababini o‘zing bilguvchiroqsan», dedilar. Alloh: «Albatta, Men bandalarimning qalbiga nazar soldim va sening qalbingdan ko‘ra tavozu’roq qalbni ko‘rmadim, shu sababli sen bilan gaplashdim», dedi.

Aytishlaricha, oltita narsani tavozu’ qilgani uchun Alloh tengqurlaridan balandga ko‘tardi. Birinchisi — Judiy tog‘i. Alloh tog‘larga vahiy qildi: «Albatta, Men Nuhning kemasini sizlarning ichingizdan bir toqqa qo‘ndiraman». Tog‘larning barchasi gerdayib takabburlik qildi. Judiy tog‘i esa: «Menda qaerdan ham qadr bo‘lsinki, Alloh menga Nuhning kemasini qo‘ndirsa», dedi. Tavozu’si sababli Alloh uning martabasini boshqa tog‘lardan baland qildi va unga Nuh alayhissalomning kemasini qo‘ndirdi. Shunda tog‘lar: «O’ Parvardigoro, nega Judiyni bizlardan afzal qilding?! Vaholangki, u bizning eng kichigimiz», deyishganida, Alloh: «Chunki u tavozu’ qildi, sizlar esa takabburlik qildinglar», deb javob berdi. Ikkinchisi — Tur tog‘i. Alloh tog‘larga: «Men bandalarimdan biri bilan sizlarning biringizning ustida gaplashaman», deya vahiy yubordi. Tog‘larning hammasi takabburlik qilishdi. Turi Siyno esa tavozu’ bilan: «Qanday qilib, Alloh mening ustimda bandalarining biri bilan gaplashadi», dedi. Shu sababli Alloh uning ustida Muso bilan gaplashdi. Uchinchisi — Hut. Alloh baliqlarga: «Albatta, Men sizlardan biringizning qorningizga Yunusni kiritaman», deb vahiy qildi. Baliqlarning hammasi takabburlik qilishdi, faqat bir baliq tavozu’ bilan: «Men kimmanki, Alloh qornimni payg‘ambari uchun panohgoh qilsa», dedi.

Tavozu’ qilgani uchun Alloh uning darajasini balandga ko‘tardi. To‘rtinchisi — asalari. Alloh qushlarga vahiy qildi: «Albatta, Men sizlardan biringizda odamlar uchun shifo bo‘lgan suyuqlikni quyguvchiman». Qushlarning hammasi takabburlik qildi, magar asalari tavozu’ bilan: «Men kimmanki, uni menga quysa», dedi. Tavozu’ qilganligi uchun Alloh uning darajasini ko‘tardi. Beshinchisi — Muhammad alayhissalom. Alloh Ibrohim alayhissalomga: «Sen kimsan?» dedi. U kishi: «Men Xalilman», dedilar. Muso alayhissalomga: «Sen kimsan?» dedi. Muso alayhissalom: «Men Kalimman», dedilar. Iso alayhissalomga: «Sen kimsan?» dedi. «Men Ruhman», dedilar. Muhammad sollallohu alayhi va sallamga: «Sen kimsan?» deganida, «Yetimman», dedilar. Shuning uchun Alloh u kishining darajalarini boshqa payg‘ambarlardan baland qildi. Oltinchisi — Allohga sajda qilish bilan tavozu’ qilgan mo‘minki, Alloh uning qalbini Islomga ochib qo‘yish bilan mukarram etdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:12:02

Qirq uchinchi majlis
Ma’siyat va zulmning mazammat qilingani haqida


Alloh taolo aytadi: «Odamlar qilgan qilmishlari sababli quruqlikda ham, dengizda ham (turli ofat) balolar yuz berdi. (Bu balo va ofatlar odamlar gunoh-ma’siyatlardan) qaytishlari, ularga qilgan ayrim gunohlarining (jazosini) tottirib ko‘rish uchundir» (Rum surasi, 41­oyat).

Fuzola ibn Obid aytadilar: «Bir kishi namozida duo qildiyu, salovot aytmadi. Shunda unga dedilar: «Sizlardan biringiz duo qilsa, avval Allohga hamdu sano va Payg‘ambariga salovot aytsin, so‘ngra xohlagan duosini qilsin». Umar raziyallohu anhu aytadilar: «Nabiyga salovot aytmaguncha, duolar osmon bilan yerning o‘rtasida muallaq qolib, Allohga yetib bormaydi». Ibn Mas’uddan raziyallohu anhu rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalardan bir jamoaga qarata: «Ummatimdan bir necha qavmga Alloh qiyomat kuni: «Ey bandalarim! Jannatga kiringlar», deydi. Ular Alloh jannat yo‘lini ko‘rsatmagunicha, qiyomat maydonida yo‘l topolmay hayratlanib qolishadi», dedilar. Shunda sahobalar: «O’ Rasululloh! Ular kimlar?» deb so‘rashganida: «Ular huzurlarida men zikr qilinganimda sahv va g‘aflat sababli salovot aytmaganlardir», deb javob berdilar.

Avvalda yer go‘zal, yam­yashil bo‘lgan. Odam bolalari qaysi daraxt oldiga kelmasin, uning mevalari pishib yotardi. Dengizlar suvi esa chuchuk bo‘lgan. Sher sigirlarni, bo‘ri qo‘ylarni yemasdi. Qobil Hobilni o‘ldirgach, daraxtlar tikanli bo‘ldi, yer qoraydi, dengizlar suvini sho‘r bosdi. Xabarlarda kelishicha, qaysi mahallada bitta benamoz bo‘lsa, o‘sha yerga har kuni yetmishta la’nat tushadi. «La’natning xossatan o‘sha benamozga emas, ommatan butun mahallaga tushishidan hikmat nima?» deyilsa, aytish mumkinki, mahalla ahli uning ishidan xabarda bo‘lsa-da, bunga beparvo edi. Shuning uchun Allohning azobi ularga ommaviy bo‘ldi. Ushbu hadis buni tasdiqlaydi: «Haqni aytmasdan sukut saqlagan kimsa soqov shaytondir».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:12:20

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Ey odamlar! Rabbingizdan qo‘rqinglar! Sizlardan birortangiz birodariga zulm qilmasin. Kim mo‘minga zulm qilsa, Alloh qiyomat kuni undan intiqom oladi».

Iymonning olib qo‘yilishiga sabab bo‘ladigan eng xavfli gunoh qaysi?» Javob quyidagicha: Iymonga shukr qilmaslik, o‘layotganda iymonsiz ketishdan xavflanmaslik, bandalarga zulm qilish. Aksar ushbu sifatlarga ega bo‘lgan kimsalar bu dunyodan kofir holatda ketgan.

Hadisi qudsiyda vorid bo‘lgan: «Ey odam bolasi! O’lim sirlaringni ochadi. Qiyomat qilgan amallaringning xabarini beradi. Agar gunoh qilsang, uning kichikligiga qarama, balki kimga osiy bo‘layotganingga qara. Agar senga rizq bersam, uning ozligiga qarama, lekin senga rizq berayotganga qara. Kichkina gunohni haqir sanama, chunki qaysi gunoh sababli senga g‘azab qilishimni bilmaysan. Mening makrimdan xotirjam bo‘lma. U qorong‘u kechada toshning ustida o‘rmalab yurgan chumolidan ham maxfiyroqdir. Ey odam bolasi! Menga osiy bo‘lganingda Mening g‘azabimni esla va gunohdan tiyil. Senga omonat qo‘ygan kimsaning omonatini ado etdingmi? Senga yomonlik qilganga yaxshilik qildingmi?! Senga zulm qilganni afv etdingmi?! Sen bilan gaplashmay qo‘ygan kimsa bilan gaplashdingmi?! Sendan aloqani uzgan kishi bilan aloqani bog‘ladingmi?! Senga xiyonat qilgan kimsaga insof etdingmi?! Ulamolardan din-dunyoga taalluqli bo‘lgan ishlar haqida so‘radingmi?! Men sizlarni suratingizga qaramayman, balki qalblaringizga va niyatlaringizga qarayman. Bu xislatlar bilan sizlardan rozi bo‘laman».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:12:45

Umar raziyallohu anhu kechalari ko‘chalarda ko‘p yurardilar. Bir eshikning oldidan o‘tayotganlarida yig‘i tovushini eshitdilar va to‘xtab quloq soldilar. Bir ayolning: «O’zim bilan Umarning o‘rtasiga Allohni qo‘ydim», deyayotganini eshitdilar. Umar raziyallohu anhu bu ayolning qalbidagi qayg‘uni ketkizmoqni istadilar va eshikni taqillatib: «Umar senga nima qildi?» dedilar. U kishini tanimagan ayol: «Umar erim falonchini g‘azotga yuborib, menga yosh bolalarim bilan tashlab qo‘ydi. Menda bularni ovqatlantirish uchun hech narsa yo‘q. Bizning ahvolimizdan amirul mo‘minin g‘aflatdadir», dedi. Umar raziyallohu anhu borib Baytul­moldan un va go‘sht olib, yelkalariga qo‘ydilar. U kishi bilan birga bo‘lganlar: «Bizga bering, biz ko‘taramiz», deyishganda, Umar raziyallohu anhu: «Sizlar bu dunyoda yukimni ko‘tarishingiz mumkin, lekin oxiratda mening gunohimni ko‘tara olmaysizlar», dedilar­da, kampirning uyigacha yig‘lab bordilar. Uyga kirgach, unni xamir qilib qordilar va o‘choqni yoqdilar. Non bilan go‘shtni pishirdilar. So‘ng bolalarni to to‘ygunlaricha qo‘llari bilan taomlantirdilar.

Bir hikoyada aytilishicha. chigirtkaning qanotiga «Biz Allohning qo‘shinlaridan bir qo‘shinmiz. Fasod va zulm zohir bo‘lganda odamlarning shaharu qishloqlarini vayron qilishimiz uchun bizni ular ustida sulton qiladi», deb yozilgan ekan.

Qayd etilgan