Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222295 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 36 B


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:04:01

Shuning uchun ham oqillar bu oyning hurmatini bilishlari va qalbni musulmonlarga nisbatan gina va adovatlardan saqlashlari lozim bo‘ladi. Shuningdek, xavfu rajo orasida ro‘zamiz qabul bo‘ldimi yoki yo‘qmi, degan qo‘rquv turishlari kerak. Zero, Alloh taolo: "Albatta, Alloh muttaqiylardan qabul qiladi", deb marhamat qilgan.

Xabarda kelishicha, ro‘zadorlar qabrlaridan chiqib, tutan ro‘zalarini taniydilar. So‘ng har xil tuhfalar berilgay, dasturxonlarga taklif qilingaylar, shunda ularga: "Sizlar insonlar to‘q bo‘lib, suvga qonib yurgan vaqtda och va chanqoq edilaringiz. Mana endi maza qilib yeb-ichinglar, boshqalar esa hisob-kitobdadir" ("Tanbehul g‘ofiliyn").

Oyisha onamiz (roziyallohu anho) aytdilar: "Kim ixlos bilan e’tikof o‘tirsa, oldingi gunohlari kechiriladi".

Yana Oyisha onamiz aytganlarki: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ramazonning oxirgi o‘n kunida e’tikof o‘tirardilar. Vafot etgan yillari ham bu odatlariga rioya qildilar" (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). Shuning uchun u zotning vafotlaridan keyin muhtarama zavjalari ham o‘z uylarida e’tikof o‘tirishdi. Fuqaholar ayollarning uylarida e’tikof o‘tirishlari mustahabdir, deganlar ("Sharhu mashorihul anvor").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:04:30

Beshinchi majlis
ALLOHNING QUDRATI VA MO‘JIZALARINI KO‘RIB, QALBNI XOTIRJAM QILISH


Alloh taolo aytadi:
"Eslang (ey Muhammad), Ibrohim: "Parvardigorim menga o‘liklarni qanday qilib tiriltirishingni ko‘rsat", deganida, Alloh: "Ishonmaganmiding?" dedi. Ibrohim aytdi: Yo‘q, (ishonaman-ku), lekin yana ko‘nglim taskin topish uchun". Alloh aytdi: "To‘rtta qushni olib, ularni o‘z oldinga to‘plagin, keyin har bir tog‘ning ustiga ularni bo‘lak-bo‘lak qo‘ygin va shundan so‘ng ularni chaqirgin. Darhol oldinga uchib keladilar. Bilgilki, Alloh shubhasiz qudratli va hikmatli Zotdir" (Baqara surasi, 260-oyat).

"Tafsiri Maolim"da keltirilishicha, Ibrohim (alayhissalom) bir o‘limtik oldidan o‘tdilar, uni quruqlikda va suvda yuradigan jonivorlar yeyishardi. Yerga tushgani tuproqqa aylanib ketyapti. Jonivorlar ketgach, qushlar kelib cho‘qimoqda, ulardan qolganini shamol uchirib ketyapti. Shunda Ibrohim (alayhissalom) bu o‘likni qanday tiriltirilishidan ajablanib: "Ey Rabbim! Iymonim quvvat, qalbim taskin topishi uchun har qaerga sochilib ketgan bu o‘limtikni qanday tiriltirishingni menga ko‘rsat", dedilar. Shunda Alloh aytdi: "Ayo, sen ishonmaysanmi?" Shunda Ibrohim (alayhissalom): "Ishonaman, faqat ko‘zim bilan ko‘rib, uni mushohada qilib, qalbim yanada xotirjam bo‘lishi uchun so‘ramoqdaman", dedilar. Shunda Alloh u zotga to‘rt qushni olib, ularni maydalab, so‘ng bir-biriga qo‘shib tog‘larga uloqtirishni buyurdi. Mujohid (r.a.) aytganlarki, bu to‘rt qush tovus, xo‘roz, kaptar, va qarg‘a bo‘lgan. Ibrohim (alayhissalom): "Alloh ismi bilan oldimga kelinglar!" deb ularni chaqirganlar. Shu zahoti har bir qushning qoni, pati, go‘sht va suyaklari bir yerga jam bo‘lib qo‘shildi — tirildi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:04:42

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "Kimki bir birodariga molu matoda zulm etgan bo‘lsa, u kishi mazlumdan o‘zini kechib yuborishini so‘rasin yoki dinor va dirham topilmaydigan Kunda barcha savoblari xasmlari tomonidan olib qo‘yilishidan oldin uni shu dunyoda rozi qilsin".

Hikoya: Avval zamonlarda bir ovchining balig‘ini bir kishi tortib olib, ovchini urdi. Shunda bechora ovchi Allohga: "Ey Alloh! Buni kuchli, meni esa zaif qilib yaratding, shuning uchun u menga zulm qildi. Endi yaratgan narsalaringdan birini unga ustun qilib, musulmonlarga ibrat etgin", deb duo qildi. Bu zolim kishi uyiga kelib baliqni pishirdi, dasturxonga qo‘yib, yemoqchi bo‘lgan edi, Allohning izni bilan baliq uning qo‘lini tishlab oldi. Shu bilan qo‘li qurtladi. Og‘riqqa chidolmasdan qo‘lini kesdi. Qurtlash tirsakka ham ta’sir qildi, tirsagini ham kesib tashladi. Kunlardan bir kun tushida "Birovning haqqini o‘ziga qaytarmaguningcha, bu balodan najot topmaysan", degan ovozni eshitdi. Ertalab turgach, hamma narsani tushundi-da, ovchini topib, unga o‘n ming dirham berdi, o‘zini kechirishini va rozi bo‘lishini so‘radi. Ovchi uni kechirgach, Allohning qudrati ila qo‘lidan qurtlar bir pasda yo‘qoldi, qo‘li yana eski holiga qaytdi ("Mukoshafatul qulub").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:04:52

Abu Umoma Bohiliydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: "Kishi vafot qilib qabrga qo‘yilganida, uning bosh tarafiga bir farishta keladi va uni gurzi bilan qattiq uradi. U odam parcha-parcha bo‘ladi. Shundan so‘ng unga: "Allohning izni bilan turgin!" deyiladi, u turib insu jindan boshqa yeru osmondagi hamma jonzot eshitadigan darajada qattiq qichqiradi. So‘ng bu azob farishtasiga: "Nima uchun meni azoblaysan? Axir, men ro‘za, namoz, zakot va boshqa amallarni to‘la-to‘kis bajargan edim-ku?" deb nola qiladi. Farishta: "Sen yo‘lda ketayotganingda, bir mazlum yordam so‘ragan edi, unga yordam bermading. Va yana bavlingdan poklanmasdan namoz o‘qirding. Mana shuning uchun seni azoblamoqdaman", deydi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytganlarki: "Kimdan mazlum yordam so‘rasayu, u odam imkoni bo‘laturib yordam bermasa, u banda qabrida olovlik xivich bilan yuz marta uriladi" ("Mukoshafatul qulub").

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kim muslima cho‘ri yoki hur ayol bilan zino qilsa-yu, tavba qilmasdan vafot etsa, Alloh unga qabrida uch yuzta do‘zax eshigini ochib qo‘yadi. U Qiyomat kunigacha azob chekadi. So‘ngra (Qiyomat kuni) u do‘zaxga kiradiganlar bilan birga jahannamga kiradi" ("Hayotul qulub").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:05:17

Hikoya: Hasan Basriy, Molik ibn Dinor va Sobit Banoniylar Robiya onamizning oldilariga kelib, ulardan birlari bilan turmush qurishni ixtiyor qilishlarini so‘rashdi va nikoh sunnat amali ekanini ta’kidlashdi. Robiya onamiz: "Mening savollarim bor, javob berganga tegaman", dedilar. Avvalo, Hasan Basriyga savol qilib: "Almisoq kuni insonlar ikki sinfga — do‘zaxiy va jannatiylarga bo‘linganlarida, men qaysida bo‘lganman?" deb so‘radilar. Hasan Basriy: "Bilmayman", dedilar. "Ikkinchi savol: Farishta meni onamning qornida qay suratda suratlagan, badbaxtmi yoki saodatlimi?" Uchovlari ham: "Bilmaymiz", deyishdi. "Qiyomatda bir toifa insonlarga: "Sizlar qo‘rqmanglar va xafa ham bo‘lmanglar", deyilsa va yana bir toifaga: "Sizlarga esa xushxabar yo‘q, sizlarga faqat azob bor", deyilsa, men shu toifaning qaysi birida bo‘laman?" dedilar.

Uch olim: "Bilmaymiz", deyishdi. "Qabr jannat bog‘laridan bir bog‘cha yoki do‘zax chohlaridan bir chohdir, deyilgan. Mening qabrim qaysi biriga mansub bo‘ladi?" Yana: "Bilmaymiz", deb javob berishdi. "Yuzlar oqaradigan va qorayadigan Kunda mening yuzim qay ahvolda bo‘ladi?" Ular yana: "Bilmaymiz", deyishdi. "Qiyomat kuni nido qiluvchi nido qilib: "Falonchi saodatli bo‘ldi va falonchi badbaxt bo‘ldi", deganida, men kim bo‘laman?" Bu savolga ham "Bilmaymiz", deb javob berishdi va hammalari uning huzuridan yig‘lab chiqib ketishdi ("Baxjatul anvor").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:05:44

Oltinchi majlis
ALLOH YO‘LIDA SADAQA BERISHNING FAZILATI


Alloh taolo aytadi:
"Alloh yo‘lida mollarini infoq-ehson qiladigan kishilarning misoli, xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi. Alloh istagan kishilariga bir necha barobar qilib beradi. Alloh (fazli-karami) keng va bilguvchi zotdir" (Baqara surasi, 261-oyat).

 Bu oyat Affon o‘g‘li Usmon va Avf o‘g‘li Abdurahmon haqlarida nozil bo‘lgan. Tabuk g‘azotiga chiqish vaqtida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) sahobalarini sadaqa qilishga qiziqtirdilar. Shunda Abdurahmon (r.a.) to‘rt ming dirham olib kelib: "Ey Rasululloh! Mening sakkiz ming dirhamim bo‘lib, yarmini o‘zimga va ahli oilamga qo‘ydim, yarmini esa, Alloh yo‘lida ehson qildim", dedilar. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) u kishining haqqiga: "Alloh o‘zingda olib qolganingga ham, ehson qilgan mollaringga ham baraka bersin", deb duo qildilar. Hazrati Usmon: "Jihozsiz, aslahasiz askarlarning ta’minoti mening bo‘ynimda", dedilar. Shunda yuqoridagi oyat nozil bo‘ldi.

Kalbiy bilan Muqotil esa: "Bu oyatning nozil bo‘lish sababi Hazrati Ali (r.a.) bilan bog‘liq", deydilar. U zotning bor-yo‘g‘i to‘rt dirham puli bo‘lishiga qaramay, sadaqaga targ‘ib qilib oyat nozil bo‘lganida, ulug‘ ajrga noil bo‘lish uchun birini kechqurun, birini kunduzi, birini maxfiy va oxirgisini hammaning oldida sadaqa qilganlar, shunda mana shu oyat nozil bo‘ldi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:06:00

Anas (r.a.) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) quyidagilarni rivoyat qilganlar: "Alloh yerni yaratganda ustidagi narsalarning og‘irligidan yer titradi. Shunda Alloh tog‘larni yaratib, uning ustiga qo‘ydi va yerning titrog‘ini to‘xtatdi. Maloikalar ajablanib: "Parvardigoro! Xalqing ichida tog‘lardan ham qattig‘i bormi?" deyishdi. Alloh: "Ha, temir", dedi. Ular: "Temirdan ham qattiqrog‘i bormi?" deyishdi. Alloh taolo: "Ha, olov", dedi. "Olovdan ham qattiqrog‘i bormi?" deyishdi. "Ha, suv", dedi. "Suvdan ham qattiqrog‘i bormi?" deb so‘rashdi keyin. Alloh: "Ha, shamol", dedi. "Shamoldan ham qattig‘rog‘i bormi?" deyishdi. Shunda Alloh: "Mazkurlarning hammasidan ashaddiysi o‘ng qo‘li qilgan sadaqani chap qo‘li bilmagan odam bolasidir", dedi.

Binobarin, sadaqani maxfiy qilish lozim. Ba’zi bir salaflar sadaqalarini berishda o‘zlarini bildirmaslik uchun ko‘r faqirlarni izlar edilar. Ba’zi birlari esa, uxlab yotgan faqirlarning kiyimiga sadaqani qo‘yib ketardilar. Ikkinchi, minnat va ozor yetkazishdan saqlanish lozim. Chunki Alloh taolo Qur’onda minnat qilishdan qaytargan. Uchinchi, halol moldan sadaqa berish lozim, chunki Qur’onda Alloh taolo: "Suygan, yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan infoq qilib bermaguningizcha, hargiz yaxshilikka yetmagaysiz", deb murojaat qilgan. Sufyoni Savriy aytganlarki: "Kim Alloh yo‘lida harom moldan ehson qilsa, go‘yo nopok kiyimini siydik bilan yuvib poklanmoqchi bo‘lganga o‘xshaydi. Holbuki, faqat pok suv bilangina poklanur. Shuningdek, gunohdan faqatgina halol molni ehson qilish bilan poklaniladi. To‘rtinchi, qovoq solmay, ochiq chehra bilan berish lozim. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytganlarki: "Xursandlik bilan halol bir dirhamni sadaqa qilish norozi bo‘lib berilgan yuz ming dirhamdan afzaldir". Beshinchi, joyini topib, agar imkoni bo‘lsa, muttaqiy olimga yoki tolibi ilmga yo solih kishilarga berish lozim. Chunki Qur’onda Alloh taolo sadaqalarning o‘rnini bayon qilgan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Berilgan vaqtda sadaqa o‘z sohibiga beshta gap gapiradi: "Men kichkina edim, kattaga aylantirding. Mening qarovulim eding, endi men sening qorovuling bo‘ldim. Dushmaning edim, do‘sting bo‘ldim. Sen meni foniylikdan boqiylikka aylantirding. Men oz edim, ko‘paytirding", deydi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:06:13

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kim bir musulmon birodarining qornini to‘ydirsa, Alloh taolo uni do‘zaxdan uzoq qiladi, do‘zax va uning o‘rtasiga har biri besh yuz yillik masofaga teng bo‘lgan yettita xandaq qo‘yadi".

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Saxiylik jannatdagi bir daraxtdir, uning shoxlari dunyoga tushib turadi. Kim uning birorta shoxini tutsa, u shox uni jannatga yo‘llaydi. Baxillik ham do‘zaxdagi bir daraxtdir. Uning shoxlari dunyoga tushib turadi. Kimki uning shoxidan tutsa, u shox uni do‘zaxga eltadi. Saxiy Haqqa ham, xalqqa ham yaqindir. Baxil Haqdan ham, xalqdan ham uzoqdir".

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Baxil odam jannatga kirmaydi".

Hikoya qilishlaricha, Sulaymon ibn Dovudning oldiga bir qush kelib: "Bir odamning daraxtiga men in qurganman. O‘sha yerda bola ham ochaman, lekin daraxt egasi bolalarimni qiynaydi va ularni o‘ldiradi", deya shikoyat qildi. Shunda Sulaymon ikki jinni chaqirib, ularga aytdi: "Agar yanagi yil ham bu kishi shu ishini takror qiladigan bo‘lsa, uni ikkiga bo‘lib, bir bo‘lagini mag‘ribga va birini mashriqqa uloqtirib yuboringlar!" Yanagi yil keldi, u kishi o‘z odatiga ko‘ra daraxtga chiqib, qushning bolalarini oldi. Shu vaqtda qush Sulaymonga (alayhissalom) shikoyat qilishga otlandi. Lekin u kishi sal oldin bir luqma sadaqa qilgan edi. Shunda qushning shikoyatini eshitgan Sulaymon (alayhissalom) ikki jinni chaqirib: "Nima uchun sizlar u zolim kishining ta’zirini berib qo‘ymadingizlar?" dedi. Shunda jinlar: "Biz unga daraxtga chiqib ketayotganida yopishmoqchi edik, lekin u bir parcha non sadaqa qilib, keyin chiqdi, shunda Alloh osmondan ikki farishtani tushirib, ular bilan bizlarning birimizni mashriqqa, birimizni esa mag‘ribga uloqtirdi va bizning ishimizni Alloh uning sadaqasi barakasi bilan daf qilib yubordi", deyishdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:06:27

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki mehmonga hurmat-ehtirom ko‘rsatsa, meni hurmatlabdi va meni hurmatlagan Allohni hurmat qilibdi. Kimki mehmonni behurmat qilsa, u menga g‘azab qilibdi va menga g‘azab qilgan Allohga g‘azab qilibdi", dedilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Mehmon mo‘minning uyiga o‘zi bilan birga ming rahmat va baraka bilan keladi", dedilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Kimning uyiga mehmon kelsa-yu, uni uy egasi bor taomlari bilan ikrom qilsa, Alloh mezbon uchun jannat eshigini ochib qo‘yadi", dedilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Kim och odamni tuydirsa, unga jannatga kirish vojib bo‘ladi", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:06:36

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Yer yuzidagi amallarning eng afzali uchtadir. Birinchisi — ilm talab qilish. Ikkinchisi — jiddu jahd. Uchinchisi — haloldan kasb qilish. Bas, ilm tolibi Allohning suygan bandasidir, mujohid Allohning do‘stidir, haloldan kasb qiluvchi esa, Allohning barakotli qulidir".

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Do‘zaxdan o‘zlaringizni yarimta xurmo sadaqa qilib bo‘lsa ham, qutqarib qolinglar", dedilar.

Xulosa shuki, Alloh yo‘lida qilingan har bir ehsonlarimiz, bizni dunyo va oxiratda ulug‘ ajrlarga noil bo‘lishimizga va baloyu musibat, qo‘rqinchlardan najot topishimizga sababchi bo‘lar ekan. Buni Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) ushbu hadislari ham tasdiqlaydi: Xatib Hazrati Anasdan (r.a.) rivoyat qilganlarki: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Sadaqa yetmish xil baloni daf qiladi, u balolarning eng yengili maxov va peslikdir" ("Al-jomi’us sag‘ir").

Qayd etilgan