Yana aytishlaricha, Alloh taoloning: "(Ey Muhammad) sizdan na ota, na bolasi bo‘lmagan odam to‘g‘risida fatvo so‘raydilar" (Niso surasi, 176-oyat), degan meros haqidagi oyati nozil bo‘lgandan keyin ellik kun, "Darhaqiqat, sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan elchi keldi..." (Tavba surasi, 168-oyat) oyati nozil bo‘lgandan keyin o‘ttiz besh kun va: "Barchangiz Allohga qaytadigan kundan qo‘rqingiz..." (Baqara surasi, 281-oyat) oyati nozil bo‘lgandan keyin yigirma bir kun yashaganlar. Yuqoridagi oyat nozil bo‘lgandan keyin bir kun minbarga ko‘tarilib, unda ko‘zlar yig‘laydigan, qalblar yumshaydigan, badanlar titraydigan bir xutba o‘qidilar. Jannatni bashorat qilib, do‘zaxdan qo‘rqitdilar.
Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) vafotlari yaqinlashganda Bilolga (r.a.) azon aytib, insonlarni namozga jamlashni buyurdilar. U kishi nido qildilar. Muhojiru ansorlar Rasulullohning masjidlariga yig‘ilishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ular bilan birga yengilgina ikki rak’at namoz o‘qidilar, so‘ng minbarga ko‘tarildilar. Allohga hamdu sanolar aytib, juda ham chiroyli bir xutba o‘qidilar, bu xutbadan qalblar yumshab, titradi, ko‘zlar yig‘ladi. Keyin aytdilar: "Ey musulmonlar jamoati! Men sizlarga Allohning izni ila Allohga chaqiruvchi, nasihatgo‘y payg‘ambar bo‘ldim. Va men sizlarga mushfiq birodar, rahmdil ota singari bo‘ldim. Ammo kimki mendan zulm ko‘rgan bo‘lsa, kelsin, qasosini olsin. Haqqi Qiyomat kuniga qolmasin". Bu so‘zdan keyin hech kim u kishidan qasos olish uchun turmadi. Shunda u zot bu so‘zlarini ikkinchi, uchinchi bora qaytardilar. Shu payt Ukosha ibn Muhsin degan bir kishi turib, Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) oldilariga keldi va: "Otam va onam sizga fido bo‘lsin, ey Rasululloh! Agar siz bizga bir necha marta nido qilmaganingizda, men bunga jur’at eta olmasdim. Siz bilan Badr g‘azotida edim, mening tuyam sizning tuyangiz oldida bo‘lib qoldi, shunda men tuyamdan tushib sizning oldingizga yaqinlashdim, niyatim jangdan oldin sizning muborak oyoqlaringizni o‘pish edi. Siz o‘sha payt tuyani nuqtaydigan qamchiningizni ko‘tarib, belimga urdingiz. Men haligacha bilmayman, siz bu ishni qasddan qildingizmi yoki tuyani uray deganmidingiz?" Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Allohning rasuli hech qachon bilib turib bunday qilmaydi". Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) Bilolga (r.a.) buyurdilar: "Ey Bilol! Fotimaning hovlisiga borib, mening qamchinimni keltir!" Bilol (r.a.) masjiddan chiqib, Fotimaning (r.a.) eshiklarini qoqdilar. Fotima (r.a.) ichkaridan: "Kim u?" deb so‘radilar. Hazrati Bilol (r.a.): "Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) qamchilarini olib ketish uchun keldim", dedilar. "Ey Bilol! Otam qamchinni nima qilar ekanlar", deb so‘radilar keyin. Hazrati Bilol (r.a.) aytdilarki: "Otangiz o‘z nafslaridan qasos beryaptilar". Shunda Fotima (r.a.) aytdilar: "Bilol! Allohning rasulidan qasos olaman deb ko‘ngli xotirjam bo‘lgan kishi kim?!" Hazrati Bilol (r.a.) javob bermay qamchini oldilar-da, masjidga kirdilar. Qamchini Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) berdilar. Rasululloh esa uni Hazrati Ukoshaga tutqazdilar. Buni ko‘rgan Hazrati Abu Bakr va Hazrati Umarlar (r.a.) turib aytdilar: "Hey, Ukosha! Biz sening oldingda turibmiz, bizlardan qasos olaver, Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) ham qasos olasanmi?" Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ularga: "O‘tiringlar! Alloh sizlarning darajangizni yaxshi biladi", dedilar. Shunda Ali (r.a.) turib: "Ey Ukosha! Bu belim, mana, qornim, xohlasang, mendan qasos ol, meni savala", dedilar. Rasululloh esa: "Ey Ali! Alloh sening ham darajangni va niyatingni biladi", deb aytdilar. Shunda Hasan va Husanlar (r.a.) ham chidolmay: "Ey Ukosha! Siz bizning Rasululloh nabiralari ekanimizni yaxshi bilasiz, bizdan qasos olsangiz, Rasulullohdan qasos olgan bo‘lasiz-ku?!" deyishdi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) ularga qarab: "Ey ko‘zimning quvonchlari, o‘tiringlar", dedilar. Va Ukoshaga qarab: "Urishni xohlasang, ur ey, Ukosha!" deb aytdilar. "Ey Allohning rasuli! Siz meni urayotgan paytingizda men kiyimsiz edim", deb aytdilar. Rasululloh kiyimlarini yechdilar. Shu payt musulmonlar qattiq yig‘i bilan qichqirib yuborishdi. Hazrati Ukosha (r.a.) u zoti sharifning jismlarini oqligiga qarab, tiz cho‘kdilar-da, Rasulullohning orqalarini o‘pib aytdilar: "Ey Allohning rasuli! Jonim sizga fido bo‘lsin. Axir, Allohning elchisidan qasos olib, kimning ko‘ngli orom topadi? Bu ishni men, mening jismim sizning muborak jismingizga tegib, Alloh sizning hurmatingizdan meni do‘zax o‘tidan xalos qilarmikan, degan umidda qildim", dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki jannat ahliga qaramoqlikni istasa, bu odamga qarasin", dedilar. Masjiddagilar o‘rinlaridan turib, Hazrati Ukoshaning peshonalaridan o‘pib: "Xushxabar muborak, sen oliy darajalarga erishding. Muhammadga (sollallohu alayhi vasallam) jannatda qo‘shni bo‘lding", deyishdi. Allohim jaloling va izzating haqqi bizga ham u zoti sharifning shafoatlarini nasib etgin ("Mav’izatul hasana").