Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 183939 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 ... 36 B


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:18:12

Qirq oltinchi majlis
Allohning omonatiga xiyonat qilish


Alloh taolo aytadi: «Albatta, biz bu omonatni (ya’ni, shariati Islomiyadagi toat-ibodatlarni) osmonlarga, yerga va tog‘u toshlarga ko‘ndalang qilgan edik, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Inson esa uni o‘z zimmasiga oldi. Darhaqiqat, u (o‘ziga) zulm qilguvchi va nodon edi (bu omonatning naqadar vazmin yuk ekanini butun koinot bildi va uni ko‘tarishga qurbi yetmasligni sezdi, ammo inson o‘zi bilmagan holda o‘ta mushkul vazifani o‘z zimmasiga oldi)» (Ahzob surasi, 72­oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Alloh yer yuzida kezib yurguvchi farishtalarni yaratib qo‘yganki, ular ummatimning salomlarini menga yetkazib turadilar. Agar ummatimning birortasi menga bir kunda yuz marta salovot aytsa, Alloh uning yuzta hojatini o‘taydi. Ularning yetmishtasi oxiratga, o‘ttiztasi bu dunyoga tegishlidir».

Ahzob surasida aytilgan omonatga kelsak, ba’zilar, uni tavhid, degan. U shahodat kalimasidir. Bu kalimani omonat deyishdan murod, uning ulkan haqlari bo‘lib, bu haqlarni Alloh odamlarga omonat qilgan. Bu omonat uni husni toat bilan qabul qilish vojibdir, bu haqlarga rioya qilish va ularni muhofaza etish shartdir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:18:30

Abdulloh ibn Umar aytadilar: «La-a ilaha illalloh Muhammadur Rasululloh» kalimasida 24 ta harf bor. Bir kunda ham 24 soat bor. Agar banda bu kalimani ixlos bilan aytsa, Alloh: «Batahqiq, bu kalimaning hurmatidan sening kattayu kichik, oshkorayu maxfiy, qasddanu xatoan qilgan gunohlaringni kechirdim», deydi.

Bu omonat Odam alayhissalomga ro‘para qilinganida aytdilar: «Ey Rabbim! Osmonlaru yer va tog‘lar o‘zlarining buyuklik va ulkanliklari bilan birga bu omonatni ko‘tarishdan qo‘rqdilar va bosh tortdilar. Men zaifligim bilan qanday qilib ko‘taraman». Alloh: «Ko‘tarish sen tarafdan, kuch-qudrat Men tarafdandir», dedi. Alloh Muso alayhissalomning asolarini Fira’vn va uni qavmining ko‘ziga ulkan ilon qilib ko‘rsatdi va ular qo‘rqib ketdilar. Muso alayhissalom ko‘zlariga esa yog‘och qilib ko‘rsatdilarki, undan qo‘rqmadilar. Xuddi shuningdek, bu omonatni osmonlaru yerga ulkan qilib ko‘rsatdiki, natijada ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va qo‘rqdilar. Insonning ko‘ziga esa bu omonatni yengil qilib ko‘rsatdi. Bas, uni zimmasiga oldi. Agar: «Osmonlaru yer ulkan bo‘lishiga qaramasdan, bu omonatni qabul qilmasligi va inson o‘zining zaifligi bilan birga, uni zimmasiga olishida qanday hikmat bor?» deb so‘ralsa, «Ular jannatning lazzatidan tatib ko‘rmaganlar, inson esa undan totib ko‘rgandir. Shuning uchun u lazzatga yetishish uchun uni o‘z zimmasiga oldi», deb javob beramiz.

Ba’zi ulamolar, bu omonatdan murod besh vaqt namoz, degan fikrni bildirishgan. Zero, Alloh: «Namozlarni muhofaza qilinglar, ayniqsa, o‘rta namozni», degandir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam esa: «Namoz dinning ustunidir. Kim uni barpo qilsa, dinini barpo qilibdi, kim uni tark qilgan bo‘lsa, dinini vayron qilibdi», deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:18:49

Rivoyat qilinadiki, Ali raziyallohu anhu namoz vaqti kirsa, ranglari o‘zgararkan. U kishidan buning sababini so‘rashganda: «Osmonlaru yerga va tog‘larga ro‘para qilingan, ular esa bosh tortgan, men esa zaifligimga qaramasdan, uni zimmamga olgan omonatni ado etish vaqti keldi, uni ado qila olamanmi­yo‘qmi, bilmayman», deb javob berar ekanlar.

Ulamolarning ba’zilari, bu omonatdan murod a’zolardir, deyishgan. Ko‘z — omonat, uni haromdan tiyish vojibdir. Zero, Alloh Qur’oni karimda: «(Ey Muhammad), mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollarga tikishdan) to‘ssinlar va avratlarini (haromdan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza yo‘ldir», degan. Qorin — omonat, unga harom luqma kirishidan saqlash vojibdir. Zero, Qur’oni karimda shunday deyilgan: «Yetimlarning mollarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar hech shak-shubhasiz, qorinlariga olovni yegan bo‘lurlar. Va albatta do‘zaxga kiradilar». Til — omonat, uni g‘iybatdan, fahsh so‘zlardan tiyish vojibdir. Alloh taolo: «Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmasin», degan. Quloq — omonat. Uni munkar — ta’qiqlangan narsalarni eshitishdan saqlash vojibdir.

Ulamolarning ba’zilari: «Omonatdan murod Qur’oni karim», deyishgan. Bas, shunday ekan, uni qiroat qilish, o‘rganish va o‘rgatish vojib.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:19:00

Ba’zi ulamolar bu omonatni ro‘za deb izohlashgan. Ro‘za Islom arkonlaridan biri bo‘lib, kim uni barpo qilsa, dinini birpo qilibdi. Kim uni tark etsa, dinini vayron qilibdi. Zero, Alloh Qur’oni karimda: «Ey mo‘minlar, taqvoli kishilar bo‘lishingiz uchun sizlardan ilgari o‘tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi», degan. Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh alayhissalom aytadilar: «Kim ramazon ro‘zasini iymon bilan va savob umid qilib tutsa, uning avvalgi gunohlari mag‘firat qilinadi».

Yana boshqa ulamolar omonatga zakot, degan ta’rifni berishgan: «Holbuki, ular faqat yagona Allohga, u zot uchun dinni xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni to‘kis ado etishga hamda zakotni (haqdorlarga) ato etishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri yo‘ldagi (millatning) dinidir va namozni barpo qilinglar va zakotni (hqdorlarga) ato etinglar», deydi Alloh taolo Qur’oni karimda.

Rivoyat qilinadiki, Muso alayhissalom kunlarning birida xushu’, xuzu’ bilan namoz o‘qiyotgan kishining oldidan o‘tdilar va: «Ey Rabbim! Bu naqadar chiroyli namoz o‘qiyapti», dedilar. Shunda Alloh: «Ey Muso! Agar har kuni yuz rak’at namoz o‘qisa, mingta qulni ozod qilsa va ming marta haj qilib, mingta janozaga qatnashsa ham, qilgan amallari, toki molining zakotini bermaguncha unga foyda bermaydi», dedi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:19:30

«Omonatdan murod hajdir», degan ba’zi ulamolar. Zero, Alloh Qur’oni karimda: «Va yo‘lga qodir bo‘lgan kishilar zimmasida Alloh uchun mana shu uyni haj-ziyorat qilish burchi bordir. Kimda kim kofir bo‘lsa (ya’ni Ka’bani ziyorat qilish farz ekanligini inkor etsa), bas, albatta, Alloh butun olamlardan behojat bo‘lgan zotdir», degan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim yo‘lga qodir bo‘laturib, haj qilmasa, xohlasa yahudiy bo‘lib o‘lsin, xohlasa nosoro bo‘lib», deganlar.

Ulamolarning ba’zilari: «Omonatdan murod — jamiki omonatlar», deganlar. Zero, Alloh Qur’oni karimda: «Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o‘z egalariga ado etmog‘ingizni buyuradi», deb aytgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Omonati yo‘qning (ya’ni, omonatga xiyonat qiladiganning) iymoni yo‘q», deganlar.

Molik ibn Safvon aytadilar: «Mening birodarim vafot etdi. So‘ng uni tushimda ko‘rdim va undan: «Ey birodar! Alloh senga qanday muomala qildi?» deb so‘radim, u: «Rabbim meni mag‘firat qildi», dedi. Men uning yuzida qora nuqtani ko‘rdim va undan buning sababini so‘radim. «Mening huzurimda bir yahudiyning faloncha dirhami omonat qilib qo‘yilgan edi. Men uni ado qilmaganman. Bu nuqta shu sabablidir, ey birodar! Sendan iltimos qilamanki, o‘sha dirhamlarni falon joydan olib, falonchiga qaytarib ber», dedi u. Tong otgach, uning aytganini bajardim. Men uni ikkinchi bor tushimda ko‘rdim. Qarasam, qora nuqta yuzidan ketibdi. U: «Ey birodar! Alloh senga rahm qilsin, sen meni azobdan qutqarding», dedi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:21:06

Ulamolarning ba’zilari omonatdan murod ahli ayol va farzandlardir, deganlar. Ularni namozga buyurish har bir kishiga vojibdir. Zero, Alloh Qur’oni karimda: «Ahlingizni namozga buyuring», degan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam esa: «Bolalaringiz yetti yoshga yetsalar, ularni namozga buyuring. Agar o‘n yoshga yetib, namoz o‘qishmasa, uringlar», deganlar. Ularni haromdan, bekorchi o‘yin-kulgudan qaytarmoq vojibdir, chunki ota-ona ular haqida mas’ul. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sizlarning har biringiz boshliqdirsiz va har biringiz qo‘l ostingizdagilar haqida so‘ralasiz», deganlar.

Hikoya qilinadiki, oriflardan biri bir muddat Allohga ibodat qilibdi. Kunlarning birida tahorat qilib, ikki rak’at namoz o‘qibdi­da, boshini va qo‘lini osmonga ko‘tarib: «Ey Rabbim, ibodatlarimni qabul et», deb duo qilibdi. Shunda Rahmon tarafidan bir nido qiluvchi nido qilibdi: «Gapirma, ey mal’un! Chunki sening toat­ibodating mardud­qaytarilgandir». Shunda obid: «Ey Rabbim! Nima sababdan?» deb so‘raganida, nido qiluvchi: «Chunki sening xotining Allohning amriga muxolif ishlarni qilmoqda va sen bunga rozidirsan», deb javob beribdi. Obid uyiga kelib xotinidan nima qilganini so‘rabdi. Shunda xotini: «Falon majlisga bordim, o‘yin­kulgu qildim va namoz o‘qimadim», debdi. Shunda obid xotinini taloq qilibdi. So‘ng tahorat qilib, ikki rak’at namoz o‘qibdi, so‘ng boshi va qo‘lini osmonga ko‘tarib: «Ey Alloh! Mening toat­ibodatlarimni qabul qil», debdi. Shunda: «Endi sening toat­ibodatlaring qabul qilindi», degan nido kelibdi.

Imom Buxoriy Abu Hurayradan raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Munofiqning alomati uchta: gapirsa yolg‘on gapiradi; va’da bersa, va’dasiga xilof qiladi; omonat topshirilsa, xiyonat etadi», dedilar. Va’da bandalar orasida bo‘lganidek, Alloh bilan bandalar orasida ham bo‘ladi. Chunki Alloh bandalarning ruhlariga: «Men sizlarning Rabbingiz emasmanmi?!» deb xitob qilganida, ular: «Albatta, Sen bizning Rabbimizsan», deb iqror bo‘lishgan. Alloh bandalaridan ahd olgan, ular esa bu ahdga mustahkam turishga va’da berishgan. Agar banda bu ahdni buzsa, va’daga xilof qilgan bo‘ladi. Yana bu omonat toat­ibodatga buyurishdir. Kim buni ado qilsa, omonatni ado qilibdi, kim buni tark qilsa, omonatga xiyonat qilibdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:21:19

Qirq yettinchi majlis
Qur’oni karim qiroatining fazilati


Alloh taolo shunday deydi: «Albatta, Allohning Kitobini tilovat qiladigan, namozni to‘kis ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalarni maxfiy va oshkora infoq­ehson qiladigan zotlar hargiz kasod bo‘lmaydigan oldi­sotdidan (ya’ni, ulardan yaxshi amal va infoq­ehson uchun Allohdan ajr­mukofot bo‘lishidan) umidvordirlar, zero (Alloh) ularning ajrini komil qilib berur va O’z fazli­karamidan ularga yana ziyoda (mukofotlar) ham berur. Albatta, U mag‘firatli va o‘ta shukr qiluvchidir (ya’ni, ozgina amal uchun ko‘p mukofot ato qilguvchidir)» (Fotir surasi, 29—30-oyatlar).

Qur’oni karimda Alloh: «Albatta, Alloh ham, uning farishtalari ham payg‘ambarga duo-salovot ayturlar. Ey mo‘minlar, sizlar ham u zotga salovot va salom aytinglar», degan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Kim menga bir bor salovot aytsa, buning evaziga Alloh taolo unga o‘nta salovot yuboradi». Eng afzal salovot u zotning ashoblariga o‘rgatib ketgan salovotlaridir: «Allohumma solli ‘ala Muhammad va ‘ala ali Muhammad, kama sollayta ‘ala Ibrohiyma va ‘ala ali Ibrohiym, innaka Hamiydum Majiyd. Va barik ‘ala Muhammad va ‘ala ali Muhammad kama barokta a’la Ibrohiyma va ‘ala ali Ibrohiym, innaka Hamiydum Majiyd».

Abu Hurayra rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim Allohga yo‘liqishni umid qilsa, Allohning ahlini ikrom qilsin», dedilar. Sahobalar: «O’ Rasululloh sollallohu alayhi va sallam! Allohning ham ahli bo‘ladimi?» deb so‘rashdi. Rasululloh: «Ha», dedilar. «O’ Rasululloh, ular kimlar?» deb so‘rashganda, ul zot: «Ular Qur’on o‘quvchilardir. Ogoh bo‘linglarki, kim ularni ikrom qilsa, Alloh uni ikrom qiladi va jannatga kirgizadi. Kim ularni xorlasa, Alloh uni xorlaydi va do‘zaxga kiritadi. Ey Abu Hurayra! Allohning dargohida hofizi Qur’ondan hurmatliroq kimsa yo‘qdir. Allohning huzurida hofizul Qur’on Payg‘ambardan boshqa jamiki kimsalardan ikromliroqdir», dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:21:36

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Sizlarga qiyomat kunida ummatimning eng afzali kimligini bildiraymi?» «Ha, yo Rasululloh!» deyishdi sahobalar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ular Qur’on o‘quvchilardir. Qiyomat kunida Alloh: «Ey Jabroil! Kim Qur’on o‘qigan bo‘lsa, tursin, deb nido qil», deydi. Jabroil alayhissalom uch marta nido qiladi. Shunda ular saf­saf bo‘lib, Alloh huzurida turadilar. Alloh ularga: «O’qinglar va ovozlaringni ko‘taringlar», deydi. Ulardan har biri Alloh Qur’ondan ilhomlantirganicha o‘qiydi. Kim o‘qisa, ovozi, ohangi, xushu’i, tadabburiga ko‘ra darajasi ko‘tariladi. So‘ngra Alloh: «Ey ahlim! Dunyoda kim sizlarga yaxshilik qilganini bilasizlarmi?» deydi. «Ha», deb javob berishadi ular. Shunda Alloh aytadi: «Mahsharga boringlar! Kim ularni tanisa, o‘zi bilan birga jannatga olib kirsin!», dedilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar: «Isro kechasida Alloh menga aytdi: «Ey Muhammad! Ummatingizga buyuringki, uch toifa odamlarni ikrom qilishsin: ota­onalarini, olimlarni va hofizi Qur’onlarni. Ey Muhammad! Ummatingizni ogohlantiringki, kim ularni yomon ko‘rsa va xorlasa, unga Mening g‘azabim qattiq bo‘ladi. Ey Muhammad, ahli Qur’on mening ahlimdir. Dunyo ahlini ikrom qilganimdan ularni dunyoda sizning huzuringizga qo‘ydim. Agar Qur’on ularning qalblarida o‘rnashmaganida edi, dunyo ahlini halok qilgan bo‘lardim. Ey Muhammad! Hofizi Qur’onlar qiyomat kuni azoblanmaydilar va hisob­kitob qilinmaydilar. Ey Muhammad! Jannat uch toifaga muhtojdir: sizga va sizning sahobalaringiz Abu Bakr bilan Umarga hamda hofizi Qur’onga».

Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, boshqalarga o‘rgatganlaringizdir», deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:21:49

Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim Allohning kitobidan bir harfni o‘qisa, uning uchun bir hasanot bo‘lib, u o‘n barobar ziyoda qilinadi. Men «Alif, lom, mim»ni bir harf demayman, balki «alif» bir harf, «lom» bir harf, «mim» bir harf deyman», dedilar.

Umar ibn Xattob raziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: U kishi aytdilar: «Alloh Qur’oni karim bilan ba’zi qavmlarning martabasini ko‘taradi, ba’zi qavmlarni xor qiladi».
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Alloh taolo aytdi: «Kimni Qur’on o‘qish Meni zikr etish va duo qilishdan mashg‘ul etib qo‘ysa, Men unga Mendan iltijo qilib so‘rayotganlarga berayotganimdan ham afzalini beraman». Alloh kalomining boshqa kalomlardan afzalligi Allohning o‘z mahluqotidan afzalligi kabidir».

Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qur’on o‘qiydigan mo‘min apelsinga o‘xshaydi, hidi ham xushbo‘y, ta’mi ham shirin, Qur’on o‘qimaydigan mo‘min xurmoga o‘xshaydi, ta’mi shirin, hidi yo‘q. Qur’on o‘qiydigan fojir rayhonga o‘xshaydi, ta’mi achchiq, hidi xushbo‘y. Qur’on o‘qimaydigan fojir achchiq tarvuzga o‘xshaydi, ta’mi achchiq, hidi yo‘q. Solih suhbatdosh mushk sotuvchiga o‘xshaydi, agar u bilan o‘tirsang, mushkidan bermasa ham, hidi senga urib qoladi. O’mon suhbatdosh bosqonchiga o‘xshaydi, agar uning yomonligi senga tegmasa ham, uning tutuni urib qoladi», dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:21:59

Abu Umoma raziyallohu anhu aytadilarki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qur’onni o‘qinglar, chunki u qiyomat kuni o‘z egasini shafoat qiladi», dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deydilar: «Kim birodarining hojatini chiqarish yo‘lida bo‘lsa, Alloh uning hojatini chiqaradi. Kim dunyoda musulmon birodarining aybini yopsa, qiyomat kuni Alloh uning aybini yopadi».

Yana bir hadisda: «Kim bir mo‘min boshidan dunyo qiyinchiliklari, musibatlaridan birini aritsa, Alloh uning boshidan qiyomat kungi qiyinchiliklardan birini aritadi. Kim bir qiynalgan odamning mushkulini oson qilsa, Alloh bu dunyo­yu u dunyo uning mushkulini oson qiladi. Kim bir musulmonning aybini bekitsa, Alloh dunyo va oxiratda uning aybini bekitadi. Banda, modomiki, birodari xizmatida ekan, Alloh uning xizmatida bo‘ladi, kim ilm talab qilib yo‘lga chiqsa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Modomiki, bir jamoat Allohning masjidlaridan bir masjidga yig‘ilib, Allohning kitobini tilovat qilsalar va uni o‘rgansalar, ularga xotirjamlik tushadi va ularni rahmat egallaydi, ularning atrofida farishtalar jamlanadi, Alloh o‘z huzuridagilarga ularni zikr qiladi», dedilar.

Qayd etilgan