Hikoya qilinadiki, Ibrohim alayhissalom kunlarning birida Alloh roziligi uchun mingta qo‘y, uch yuzta mol va yuzta tuyani qurbon qildilar. Odamlar va farishtalar bundan ajablanishdi. Shunda Ibrohim alayhissalom: «Allohga qurbat hosil qiladigan har qanday narsaga parvo etmasdan, Alloh yo‘liga xarj qilaman. Agar mening o‘g‘lim bo‘lganida, uni ham Alloh yo‘liga qurbon qilardim va bu amal bilan Allohga qurbat hosil qilardim», dedilar. Oradan bir qancha muddat o‘tib, Ibrohim alayhissalom bu so‘zlarni unutdilar. Quddus shahriga kelganlarida, Allohdan farzand so‘radilar. Alloh u kishining duolarini ijobat qilib, farzand bashoratini berdi. Ismoil alayhissalom tug‘ilib, Ibrohim alayhissalom bilan birga yuradigan bo‘lgach, (rivoyatlarga ko‘ra o‘n uch yoshga yetganlarida) Ibrohim alayhissalomning tushlarida: «Nazringga vafo qilgin», deyildi. Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, Tarviya kechasida uxlaganlarida, tushlarida bir kimsaning: «Ey Ibrohim, nazringga vafo qil», deganini eshitdilar. Tong ottirganlarida: «Bu tush Alloh tarafidanmi yoki shayton tarafidanmi», deb shubha qilib, ikkilandilar. Shuning uchun ham Tarviya kuni, shubhaÂikkilanish kuni deb nomlandi. Kech kirgach, uxlaganlarida ikkinchi bor tush ko‘rdilar va uyg‘ongach, bu tush Alloh tarafidan ekanini bildilar. Shuning uchun ham bu kun «Arafa kuni», (arafa — bildi, deganidir) deb nomlandi. Bu makonning nomi Arafot, deb nomlanadi. Uchinchi kecha ham ushbu tushni ko‘rdilar-da, Ismoil alayhissalomni qurbon qilishga chog‘landilar. Shuning uchun ham qurbonlik kuni deb nomlandi. Ibrohim alayhissalom Ismoil alayhissalomni qurbon qilishni xohlaganlaridan keyin, uning onasi Hojarga: «Ismoilga chiroyli liboslarni kiydir, men uni mehmonga olib boraman», dedilar. Hojar onamiz Ismoil alayhissalomni kiyintirib, xushbo‘ylar surtib, sochlarini tarab qo‘ydilar. Ibrohim alayhissalom arqon bilan pichoqni olib, Mino tarafga ketdilar. Iblis Alloh uni yaratgan kundan beri bugungi kundagidek tipirchilab, taraddudlanmagan edi. Ibrohim alayhissalom oldlariga yugurib keldi va: «O’g‘lingning qomati mo‘‘tadilligiga, husnining go‘zalligi va latofatiga qaramaysanmi?» dedi. Ibrohim alayhissalom: «To‘g‘ri, lekin men shunga buyurilganman», dedilar. Iblis Ibrohim alayhissalomdan umidini uzgach, Hojar onamizning oldiga keldi va: «Ibrohim alayhissalom o‘g‘lingni so‘yishga olib ketdi. Sen qanday qilib xotirjam o‘tiribsan», dedi. Hojar onamiz: «O’lg‘on gapirma, biror marta ota o‘zining o‘g‘lini so‘yganini eshitganmisan», dedilar. «Mana shuning uchun ham pichoq bilan arqon olib ketdiÂda», deganida, «Nima uchun so‘ymoqchi?» deb so‘radilar. Shayton: «Alloh unga buyurganini da’vo qilyapti», dedi. Shunda Hojar onamiz: «Payg‘ambar botil narsaga buyurilmaydi. Men Allohning amriga jonimni ham fido qilaman, ne uchun bolamizni fido qilmaylik», dedilar. Shunda shayton Hojar onamizdan ham umidini uzib, Ismoil alayhissalomning oldiga keldi va unga: «Sen xursand bo‘lib o‘ynayapsanu, otangning qo‘lida pichoq bilan arqon turibdi. Otang seni so‘ymoqchi», dedi. Ismoil: «Menga yolg‘on gapirma, otam nima uchun meni so‘yarkan?» dedi. Shayton: «Otangning da’vosi bo‘yicha, Alloh unga shu yilni buyurgan emish», dedi. Shunda Ismoil alayhissalom: «Allohning amriga bo‘yinsunaman», dedi. Shayton boshqa gaplarni gapirmoqchi bo‘lganda, Ismoil alayhissalom yerdan tosh olib unga otdilar va chap ko‘zini ko‘r qildilar, so‘ng u umidsizlanib qaytib ketdi. Alloh bu o‘rinda tosh otishni Ismoil alayhissalomga iqtidoan bizlarga vojib qildi. Ibrohim alayhissalom Minoga kelganlarida Ismoilga: «Ey o‘g‘ilcham, men (hadeb) tushimda seni (qurbonlik uchun) so‘yayotganimni ko‘rmoqdaman. Endi sen o‘zing nima ra’yÂfikr qilishingni bir o‘ylab ko‘r» (ya’ni, ayt-chi, sen Allohning amriga sabr qila olasanmi), dedilar. Bu bilan Ibrohim alayhissalom farzandlarini imtihon qildilar, ya’ni, Allohning amriga bo‘ysunadimiÂyo‘qmi? Ismoil alayhissalom: «Ey otajon, senga (tushingda Parvardigor tomonidan) buyurilgan ishni qil. Inshaalloh, meni sabr qilguvchilardan topursan», dedi.