Ayyub alayhissalom asli rumlik bo‘lib, onalari Lut alayhissalomning qizi edi. Aqlli, ozoda, halim, donishmand kishi edilar. Otalari boyÂbadavlat kishi bo‘lib, tuya, sigir, qo‘y, xachir podalari bor edi. Shom yerida unga teng keladigan kishi bo‘lmagan. Otalari vafot etganidan keyin jamiki molÂdunyolari Ayyub alayhissalomga o‘tdi. Ayyub alayhissalom Yusuf alayhissalomning nevaralari Rahimaga uylandilar. So‘ngra Alloh taolo ul zotni o‘z qavmlariga payg‘ambar qilib yubordi. Alloh u kishiga husni xulq va yumshoqlikni ato etgan ediki, biror kimsa u kishini yolg‘onga chiqara olmasdi va otaÂonalarining sharaflari sababli hech kimsa u kishini inkor qilmasdi. Ayyub alayhissalom Allohning hukmlarini joriy qilib, masjidlar bino qildilar, faqirÂmiskinlar va mehmonlar uchun dasturxon yozdilar. Yetimlarga mehribon ota, bevalarga rahmli er, zaiflarga suyukli birodar kabi muomala qildilar. Biror bir so‘rovchini rad qilmas edilar. U kishining mollari yildan-yilga ko‘payib borsada, bundan shodlanib ketmas edilar. Aksincha: «O’ Parvardigoro, bular dunyo zindonida bandalaringga ato etgan ne’matlaringdir. Jannatdagi bandalaringga ato etgan ne’matlaring qanaqa bo‘larkin», derdilar. Shunchalik mol dunyolari ko‘p bo‘lsa ham, qalblari aslo ne’matlarga shukr qilishdan g‘aflatda qolmasdi. Shu sababli shayton: «Ayyub ikki dunyoda ham ne’matlarga erishmoqda», deya hasad qildi. Bu ne’matning ikkalasini ham, hech bo‘lmasa, birini yo‘qotishni xohladi. Shayton alayhi la’na kunlardan birida yettinchi osmonga chiqdi. Shunda Alloh: «Ey la’in, bandam Ayyub haqida nima deysan! Uni hech chalg‘ita oldingmi?!» dedi. Shunda shayton: «O’ Parvardigor, Ayyub faqatgina unga dunyoda kengchilik va ofiyat berganing uchun senga ibodat qilmoqda. Agar bu ne’matlar unga berilmaganda, senga aslo ibodat qilmasdi. U faqat ofiyatning bandasidir», dedi. Shunda Alloh: «O’lg‘on gapirding, Men bilamanki, agar unda bu kengchiliklar bo‘lmasa ham, menga ibodat qiladi va shukr aytadi», dedi. Shayton: «O’ Parvardigoro, Ayyubning ahvolini menga topshir, shunda men uni Senga ibodat qilish va zikr aytishdan chalg‘itganimni ko‘rasan», dedi. Alloh Ayyub alayhissalomning tili va ruhidan boshqa hammasini shaytonga topshirdi. Shunda shayton dengiz sohiliga kelib, qattiq qichqirdi. Uning tovushini barcha jin va shaytonlar eshitib, huzuriga yig‘ildilar va: «Ey sayyidimiz, senga nima bo‘ldi?» dedilar. U: «Albatta, men Odamni jannatdan chiqarganimdan beri erishmagan bir fursatga erishdim. Menga Ayyubga qarshi yordam beringlar. Sizlar tezda tarqalib, Ayyubning mollarini kuydirib, halok qilinglar», deb buyurdi. So‘ng o‘zi Ayyub alayhissalom huzurlariga keldi. Ayyub alayhissalom masjidda namoz o‘qiyotgan edilar. Shayton unga dedi: «Rabbinggga ibodat qilaverasanmi?! Vaholanki, Alloh osmondan olov yuborib, jamiki mol-qo‘ylaringki kuydirib, yo‘q qildi». Ayyub alayhissalom to namozni tugatgunlaricha hech narsa demadilar. Namozdan forig‘ bo‘lgach: «O’zi berib, O’zi qaytarib olgan Allohga hamd bo‘lsin», dedilar va yana namoz o‘qiy boshladilar. Iblis muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan nadomat qilib, g‘oyib bo‘ldi. Ayyub alayhissalomning yetti o‘g‘il va yetti qizi bo‘lib, ular har kuni bitta dasturxon atrofida ovqatlanishardi. Shaytonlar kelib, uyni o‘rab olishdi va farzandlarining ustiga ag‘nashdi. Barchalari bitta dasturxon ustida vafot etishdi. So‘ng Iblis Ayyub alayhissalomning oldilariga keldi, u kishi namozda qoim turgan edilar. Iblis: «Allohga ibodat qilaverasanmi?! Uying bolalaring ustiga qulab tushdi va hammalari vafot etdi», dedi. Ayyub alayhissalom namozlarini tugatmagunicha hech narsa demadilar. Namozni tugatgach: «Ey la’in, menga ato etgan, so‘ngra mendan qaytarib olgan Allohga hamdlar bo‘lsin. MolÂdunyo va bolalar fitnadir. Shu sababli, Rabbimning ibodati uchun xoli bo‘lmog‘im uchun ularni mendan oldi», dedilar. Iblis bu safar ham hech narsaga erisha olmay, g‘azablangan holda qaytib ketdi. Boshqa safar namoz o‘qiyotgan vaqtlarida kelib, sajda qilayotgan vaqtlarida og‘izÂburunlariga pufladi. Shundan so‘ng Ayyub alayhissalomning badanlarida sassiq hid tarqaldi, qattiq terlab o‘zlarida bir og‘irlik sezdilar. Shunda ayollari Rahima: «Bu molÂdunyoga qayg‘urish va bolalarning musibati sabablidir. Siz kechalari namozda qoim turasiz, kunduzi ro‘za tutasiz, ozgina rohatlanishni o‘ylamaysiz ham», dedi. So‘ngra Ayyub alayhissalomning butun badanlariga — boshlaridan oyoqlarigacha chechak toshdi va yiring oqa boshladi. Bu holni ko‘rgan do‘stu qarindoshlar Ayyub alayhissalomni tark qilishdi. Ayyub alayhissalomning uchta xotini bo‘lib, ulardan ikkitasi o‘zlarini taloq qilishlarini talab etishdi. Bas, ularni taloq qildilar. Faqatgina Rahima qoldi. U kechaÂyu kunduz Ayyub alayhissalomning yonlarida edi. Kunlarning birida qo‘shni ayollar chiqib: «Ey Rahima, Ayyubning balosi farzandlarimizga o‘tib ketishidan qo‘rqyapmiz. Agar uni bu yerdan olib ketmasang, biz uni majburan chiqarib tashlaymiz», deyishdi. Rahima Ayyub alayhissalomni yelkalariga ko‘tarib qishloqdagi bir xarobaga olib keldilar. Shunda hamqishloqlari Ayyub alayhissalomning ahvollarini ko‘rdilar-da: «Ey Rahima, eringni bizdan yiroqqa olib ket, bo‘lmasa itlarimizga talatamiz», deyishdi. Rahima Ayyub alayhissalomni qishloqdan yiroqqa olib ketdi. So‘ng bolta olib kelib, yog‘ochdan chayla yasadi. Kul olib kelib, ostlariga to‘shadi. Bir toshni boshlariga yostiq qildi. So‘ng qishloqqa yo‘l oldi. Shunda Ayyub alayhissalom: «Ey Rahima, agar meni tashlab ketadigan bo‘lsang, senga vasiyat qilib qolay», dedilar. Rahima: «Qo‘rqmang, ey sayyidim, modomiki jonim tanamda ekan, sizni aslo tark etmayman», dedilar va qishloqqa ketdilar. U kun bo‘yi ishlab, bir burda non topar va u bilan Ayyub alayhissalomni taomlantirar edi. Qishloq ahli uning Ayyub alayhissalom xotini ekanini bilishgach, haydab solishdi. «Bizdan uzoqlash, yo‘qol! Biz sendan jirkanamiz», deyishdi ular. Rahima yig‘lab: «O’ Parvardigor, ahvolimni ko‘rib turibsan. Odamlar bu dunyoda bizdan jirkanmoqda, Sen oxiratda bizdan jirkanma. O’ Parvardigor, odamlar bizni hovlimizdan quvib yubordi, qiyomat kuni Sen jannatingdan bizni quvma», dedi. So‘ng nonvoyning xotini oldiga borib: «Habibim Ayyub och qolgan, menga bitta nonni qarzga ber», dedi. Xotin: «Seni erim ko‘rmasdan ko‘zimdan yo‘qol! Ammo menga kokilingni bersang non beraman», dedi. Rahimaning o‘n ikkita kokili bo‘lib, ular yerga tegib turardi. Ayyub alayhissalom bu kokillarni judayam yaxshi ko‘rardilar. Rahima qaychi bilan kokillarini kesib, to‘rtta non evaziga nonvoyning xotiniga berdilar. Ayyub payg‘ambar yangi, yumshoq nonni ko‘rganlarida qattiq siqildilar va: «Xotinim o‘zini sotibdi», deb gumon qildilar. «Agar Alloh menga shifo bersa, yuz darra uraman», deb qasam ichdilar. Shuning uchun ham Alloh buning kafforatiga: «Qo‘lingga bir bog‘ (novdani) olib, u bilan (xotiningni) urgin — qasamingni buzmagin», dedi. Rahima bo‘lgan voqeani aytib berganlaridan keyin Ayyub alayhissalom yig‘ladilar. Rahima: «Yig‘lamang, sochim bundan-da chiroyli bo‘lib o‘sadi», deb, Ayyub alayhissalomni taomlantirdilar.