Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222165 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 ... 36 B


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:30:04

Shoshilish shaytondandir. Ammo besh o‘rinda shoshilish sunnatdir: mayyitni dafn qilishda qizlarni turmushga berishda, qarzlarni ado etishda, gunoh sodir qilib qo‘ysa, tavba qilishda va musofir­mehmonga taom hozirlashda.

Abu Zarrdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Har bir dardning da’vosi bor, gunohlarning da’vosi istig‘for aytishdir», dedilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Ey odamlar, Allohga tavba qilinglar. Men bir kunda yuz marta tavba qilaman».

Boshqa hadisda esa: «Kim bir kunda ikki marta Allohga istig‘for aytmasa, batahqiq, o‘ziga zulm qilibdi», deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:30:14

Imom Buxoriy rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Istig‘forlarning sayyidi ushbudir: «Ey Alloh! Mening Rabbimsan va Sendan boshqa iloh yo‘qdir. Men Sening qulingman. Qurbim yetganicha Sening ahd-paymoning va va’dangda turibman. O’zim qilgan narsalar yomonligidan Sendan panoh so‘rayman. Sening menga bergan barcha ne’matlaringni ham, qilgan gunohlarimni ham e’tirof etaman. Meni mag‘firat etgin. Albatta, faqat Sengina gunohlarni kechiruvchisan!» Kech kirganda ushbu duoni chin ixlos bilan aytgan kishi shu kechasida vafot etsa, jannatga kiradi. Kunduzi ham shunday».

Hikoya qilinishicha, Bani Isroildan bir bola yigirma yil Allohga ibodat qildi, so‘ngra yana yigirma yil Allohga osiy bo‘ldi. Kunlarning birida ko‘zguga qarab soqoliga oq oralaganini ko‘rdi va bu sabab g‘amgin bo‘ldi. «O’ Parvardigor, Senga yigirma yil ibodat qildim, so‘ng yana yigirma yil osiy bo‘ldim. Agar Senga qaytsam, meni qabul qilasanmi?» dedi u. Shunda: «Sen Bizga ijobat qilgan eding, Biz ham Senga ijobat qilgan edik va sen Bizni tark qilding, natijada Biz ham seni tark qildik va senga muhlat berdik. Agar sen Bizga qaytsang, Biz ham senga ijobat qilamiz», degan nidoni eshitdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:30:27

Shayx Imom Abu Nasr Samarqandiy hikoya qiladi: «Hasan Basriy avvalgi hollarida go‘zal, kelishgan yigit bo‘lib, chiroyli liboslarni kiyib Basra ko‘chalarida sayr qilib yurardi. Kunlarning birida husniqomat, sohibjamol ayolni ko‘rib qolib, unga ergasha boshladi. Ayol unga qarab: «Hayo qilmaysanmi?» dedi. Hasan Basriy: «Kimdan?» deganida, «Ko‘zlarning xiyonatiniyu, qalbdagi maxfiy narsalarni bilguvchi Zotdan», dedi. Shunda Hasan Basriyning qalbida bir qo‘rquv paydo bo‘ldi. Lekin sabr qilishga ojiz bo‘lib, o‘ziga egalik qila olmadi va yana unga ergasha boshladi. Shunda ayol: «Nima uchun izimdan ergashmoqdasan?» deb so‘radi. U kishi: «Meni sening ko‘zlaring maftun qildi», dedi. Ayol: «Shu yerda o‘tirib tur, senga xohlagan narsangni yuboraman», dedi. Shunda Hasan Basriy, bu ayol ham menga oshiq bo‘lib qoldi, deb o‘ylab, kuta boshladi. Shu payt bir joriya keldi, uning qo‘lida ro‘mol yopilgan idish bor edi. Joriya idishdan ro‘molni oldi. Unda bir juft ko‘z yotardi. Joriya aytdi: «Sohibam: «Men sababli biror kimsaning fitnalanishini xohlamayman», dedi». Hasan Basriy bu so‘zni eshitgan vaqtida vujudi titrab ketdi, soqollarini ushlab, o‘zini koyidi: «Soqol senga hayf, bir ayolchalik bo‘lolmading». Nadomat qilib, shu ondayoq tavba qildi. Uylariga qaytib, kechasi bilan yig‘lab chiqdi. Tong otgach, ayoldan rizolik so‘rash uchun uning hovlisiga yo‘l oldi. Borsa, ayol vafot etgan ekan. Hasan Basriy uch kun tinimsiz yig‘ladi. Uchinchi kechada tush ko‘rsa, haligi ayol jannatda o‘tirgan ekan. Shunda undan rozilik so‘radi. Ayol: «Men sendan roziman, chunki men sen sababli Alloh tarafidan ko‘p yaxshiliklarga erishdim», dedi. «Menga va’z-nasihat qil», dedi Hasan Basriy. U: «Agar xoli qolsang, Allohni zikr qil. Tong va kech paytlari Allohga istig‘for ayt va Allohga tavba qil», dedi. Hasan Basriy uning so‘zini qabul qildi, natijada, zuhd va toat­ibodat bilan odamlar orasida mashhur bo‘ldi hamda valiylik darajasiga yetdi».

Odam alayhissalom aytadilar: «Alloh Muhammadning ummatiga menga bermagan to‘rtta afzallikni berdi. Birinchisi, mening tavbam Makkada qabul bo‘ldi. Muhammad ummati qaerda tavba qilsa ham, Alloh ularning tavbasini qabul qiladi. Ikkinchisi, men osiy bo‘lgan vaqtimda, Alloh mening libosimni olib qo‘ydi, ammo Muhammadning ummati yalang‘och hollarida osiy bo‘lsalar ham, Alloh ularni liboslantiradi. Uchinchisi, osiy bo‘lgan vaqtimda ayolim bilan oramiz ajratib qo‘yildi. Ammo Muhammadning ummati osiy bo‘lsalar-da, ular bilan xotinlarining orasi ajratib yuborilmaydi. To‘rtinchisi, men jannatda osiy bo‘lgan edim, Alloh meni u yerdan chiqarib yubordi. Ammo Muhammadning ummati jannatdan tashqarida Allohga osiy bo‘ladi, lekin tavba qilsa, Alloh ularni jannatga kiritadi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:30:39

Hukamolar aytadi: «Kimga to‘rt narsa berilsa, to‘rt narsadan mahrum bo‘lmaydi. Kimga duo qilish nasib etsa, ijobatdan mahrum bo‘lmaydi. Zero, Qur’oni karimda Alloh: «Menga duo qilinglar, Men sizlarga ijobat qilaman», degan. Kimga istig‘for aytish berilsa, mag‘firatdan mahrum bo‘lmaydi. Alloh taolo: «Parvardigoringiz (Alloh)dan mag‘firat so‘ranglar, albatta, u o‘ta mag‘firatli bo‘lgan zotdir», deydi. Kimga shukr qilish berilsa, ne’matlarning ziyoda qilinishidan mahrum bo‘lmaydi. Zero, Qur’oni karimda Alloh: «Agar shukr qilsalaring, batahqiq sizlarga ziyoda qilaman», degan. Kimga tavba qilish nasib etsa, qabuldan mahrum bo‘lmaydi. Zero, Alloh taolo: «U (Alloh) bandalaridan tavbalarni qabul qiladigan, gunohlarni afv qiladigan zotdir», deya marhamat qilgan.

Abu Hoshim Sufiy rivoyat qiladi: «Basraga otlandim. Bir kemaning oldiga keldim, unda bir kishi va uning joriyasi bor edi. U kemada joy yo‘qligini aytdi. Shunda joriya undan meni ham olishni so‘ragach, u meni oldi. Yo‘lga tushgan vaqtimizda kishi joriyasiga nonushta keltirishni buyurdi. Bas, nonushta keltirdi. Joriya: «Ana u miskinni ham chaqir», dedi. Birgalashib nonushta qildik. Nonushtadan keyin kishi: «Ey joriya, sharob keltir», dedi. Sharob ichgach, menga ham uzatishni buyurdi. Men bosh tortganimdan keyin Joriya: «Mehmonning haqqi bor» degan edi, meni tark etdi. U sarxush bo‘lib: «Ey joriya, nayingni keltir», dedi. Joriya nayni olib kuylay boshladi. Kishi menga qarab: «Shunaqa hayot kechirish yaxshimi?» dedi. «Menda bundan yaxshiroq narsa bor», dedim. «U nima ekan?» dedi. Shunda men: «A’uzu billahi minash­shaytonir rojiym», deb ushbu oyatlarni o‘qiy boshladim: «Quyosh o‘ralib (nursizlanib) qolganida. Yulduzlar ham (o‘z falaklaridan) to‘kilganida. Tog‘lar ham (o‘z joylaridan) jildirilganida"¦» Shunda u yig‘lay boshladi. Men: «(Nomai a’mol) sahifalari ochilganida» oyatiga yetganimda, u: «Ey joriya, bor, sen Allohning roziligi uchun ozodsan», dedi va sharobni to‘kib yubordi, nayni sindirdi. Meni kelib quchoqladi-da: «Ey birodar, nima deysan, tavba qilsam, Alloh qabul qiladimi?» dedi. Men esa: «Albatta, Alloh tavba qilguvchilarni va o‘zlarini mudom pok tutuvchilarni yaxshi ko‘radi», dedim. U men bilan birodar tutindi. Biz to uning o‘limiga qadar qirq yil inoq do‘st bo‘ldik. Birodarim vafot qilgach, uni tushimda ko‘rdim va unga: «Ey birodar, nimaga erishding?» dedim. U: «Jannatga erishdim», dedi. «Jannatga nima bilan erishding?» deb so‘raganimda, u: «Sening «(Nomai a’mol) sahifalari ochilganida» oyatini qiroat qilishing bilan», deb javob berdi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:31:00

Ellik oltinchi majlis
Sha’bon oyining fazilati


Alloh taolo aytadi: «Alloh bandalariga mehribondir. U o‘zi xohlagan kishilarga (keng­mo‘l) rizq berur. U kuchli, qudratlidir. Kim (o‘z amali bilan) oxirat eshigini (ya’ni, savobini) istar ekan, Biz unga ekinini(ng hosilini) mo‘l-ziyoda qilurmiz. Kim dunyo ekinini istar ekan, Biz unga o‘shandan (dunyo matolaridan) berurmiz va uning uchun oxiratda biron nasiba bo‘lmas!» (Sho‘ro surasi, 19—20-oyatlar).

(Izoh: Bu oyati karimada har qanday yaxshi amal faqat oxiratdagi mukofotni ko‘zlab qilinsagina Alloh taolo uning ajru savobini komil qilib berishi, ammo agar mol­dunyo va shon­shuhratga yetish g‘arazida riyokorlik bilan qilingan amallar uchun esa oxiratda hech qanday savob yo‘qligi uqtirilmoqda.)

Alloh bandalariga mehribondir, ya’ni tavba qilguvchi va istig‘for aytuvchilarga rahm qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «¥ech bir ovoz gunohkor bandaning tavba qilayotganidagi ovozidan ko‘ra Allohga suyukliroq emasdir».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:31:10

Xabarlarda aytilishicha, qiyomat kuni bir banda keltiriladi va unga gunohlari ko‘rsatiladi. Shunda Alloh: «Gunohlarni qilayotganingda Mendan uyalmadingmi?» deydi. Banda baland ovoz bilan yig‘lay boshlaydi. Shunda Alloh: «Ovozingni chiqarma, toki Muhammad eshitib qolmasin. Men sening gunohlaringni dunyoda berkitgan edim, endi ularni mag‘firat qilaman», deydi. Banda xursand bo‘lganidan avvalgisidan ham qattiqroq yig‘laydi. Muhammad sollallohu alayhi va sallam uning tovushini eshitib: «Parvardigoro, Sen rahmlilarning rahmlirog‘isan, uni menga ber», deydilar. Alloh esa: «Uni sizga berdim, habibim, aslo g‘amgin bo‘lmang!» deydi».

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Sha’bon oyining boshqa oylardan afzalligi mening boshqa payg‘ambarlardan afzalligim kabidir». Boshqa hadisda esa: «Nima uchun uning «sha’bon» (shox-novdalar chiqaruvchi, degani) deyilishini bilasizmi? Uning bunday nomlanishiga sabab, bu oyda daraxtlar shoxlab, novdalar chiqargani kabi yaxshiliklar ko‘p bo‘ladi», deyilgan.

Imom Muslim Abu Hurayradan raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Alloh o‘z rahmatini yuz qism qilgan bo‘lib, to‘qson to‘qqiz qismini o‘z huzurida saqlab qo‘ygandir. Bir qisminigina yerga tushirgan. Mana shu yerga tushirgan rahmati sababli maxluqotlar bir­biriga rahm qiladi, hatto jonivorlar bolasiga ozor yetkazib qo‘yishdan qo‘rqib oyog‘ini ko‘tarib yuradi». Boshqa rivoyatda: «To‘qson to‘qqiztasini qiyomatga olib qo‘yganki, u bilan mo‘min bandalariga rahm qiladi», deyilgan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:31:20

Yahyo ibn Muoz aytadilar: «Sha’bonda beshta harf bordir. Shin — sharafu shafoat, ayn — azizligu karomat, bo — birr-ezgulik, alif — ulfatu inoqlik, nun — nur-yorug‘likdir».

«Rajab oyi badanni, sha’bon oyi qalbni, ramazon esa, ruhni poklash uchundir. Kim rajab oyida badanni poklasa, sha’bonda qalbni poklaydi va kim qalbini sha’bonda poklasa, ramazonda ruhini poklaydi. Agar rajabda badanni, sha’bonda qalbni poklamasa, ramazon oyida qanday qilib ruhni poklash mumkin? Shuning uchun ham donishmandlar aytishadiki: «Rajab oyi gunohlarga istig‘for aytish uchun. Ramazon qalblarni munavvar qilish uchun. Laylatul qadr esa Allohga qurbat hosil qilish uchun».

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim sha’bon oyining avvalida, o‘rtasida va oxirida uch kundan ro‘za tutsa, xuddi yetmish yil ibodat qilgandek savob oladi. Agar shu yili vafot etsa, shahidlar o‘limini topadi», deganlar. Boshqa rivoyatda esa: «Kim sha’bonni ulug‘lab, Allohdan taqvo qilsa va solih amallar qilib, ma’siyatlardan o‘zini tiysa, Alloh uning gunohlarini mag‘firat qiladi hamda shu yilda bo‘ladigan har qanday balolar va kasalliklardan omonda saqlaydi», deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:31:32

Muhammad ibn Abdulloh Zohidiy aytadi: «Do‘stim Abu Xafs vafot etdi. Men uning janozasini o‘qidim. Sakkiz oy qabrini ziyorat qilmadim. So‘ng uni ziyorat qilishni qasd qilib, yo‘lga chiqdim. Shu kechasi uxlaganimda, uni tushimda ko‘rdim: qarasam, yuzi o‘zgargan, rangi sarg‘aygan. Unga salom bersam, javob qaytarmadi. Men: «Subhonalloh, nima uchun salomga javob qaytarmayapsan?» dedim. U: «Salomga javob qaytarish ibodatdir. Biz esa ibodat qilishdan kesilganmiz», dedi. Men: «Nima bo‘ldiki, men seni yuzing o‘zgargan holatda ko‘ryapman, holbuki, yuzing go‘zal edi-ku?!» deb so‘raganimda, u: «Men qabrga qo‘yilganimda, bir farishta kelib, boshimning oldiga turdi va: «Ey yomon qariya», deya gunohlarimni sanab ketdi. Keyin meni gurzi bilan bir urdiki, butun jasadim olov bo‘lib yondi. So‘ng menga qabrim gapira ketdi: «Rabbimdan gunoh qilishga hayo qilmadingmi?» deb meni siqdi, hatto qovurg‘alarim bir­biriga kirishib ketdi. Toki sha’bon oyi chiqquncha men shu tariqa azoblanaverdim. Sha’bon oyi chiqqanda bir nido qilguvchi: «Ey farishta, uni xoli qo‘ygin, chunki umrida bir marta sha’bon kechasi uxlamay ibodat qilgan edi va bir kun ro‘za tutgan edi», deb nido qildi. Shundan so‘ng u menga jannat va rahmat xushxabarini berdi», dedi.

Sahih hadislarda kelishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sha’bon oyida boshqa oylarga nisbatan ko‘proq ro‘za tutar ekanlar. Ammo sha’bon oyining o‘rtasidagi kecha, ya’ni Baroat kechasiga kelsak, ulamolar bu haqda ixtilof qilganlar.

Shom ahlidan Xolid ibn Ma’don va Luqmon ibn Omir kabi tobe’inlar bu kechani ulug‘lab, ibodat qilganlar. Bu narsa mashhur bo‘lib ketgach, odamlar ixtilof qila boshladilar. Hijoz ahlining ulamolari buni inkor qilib, ushbu amalni bid’at sanaganlar. Shuni aytish kerakki, ixtilof Baroat kechasi o‘z uyida ibodat qilib, bedor bo‘lish xususida bo‘lgan va aksar ulamolar buni bid’atga chiqarganlar. Ammo masjidlarda va uylarda jamlanib ibodat qilishga kelsak, ulamolarning barchasi bu ishni bid’at sanaganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:31:43

Bugungi kundagi ko‘p masjidlarda katta jamoat yig‘ilib olib, nafl namozi o‘qishlari makruhdir. Bu Shom ahlining imomi, olimi va faqihi Avzoiyning so‘zidir. Bu kechada masjid va boshqa joylarda jamoat bo‘lib, nafl ibodat qilish qabih bid’at bo‘lib, undan chetlashish vojibdir. Chunki fuqaholar taroveh (ramazon oyida o‘qiladigan nafl namoz), kusuf (oy yoki quyosh tutilganda o‘qiladigan nafl namoz) va istisqo (yomg‘ir so‘rab o‘qiladigan nafl namoz)dan boshqa nafllarni jamoat bo‘lib o‘qishning makruhligiga ittifoq qilganlar. Ammo bu kechada jamoat bo‘lib o‘qiladigan va baroat namozi deb nomlanadigan namozga kelsak, u ham bid’atdir. Chunki bu sahobalar davrida ham, tobe’inlar davrida ham bo‘lmagan, faqatgina hijratning 400 yillaridan keyin zohir bo‘lgandir. Aniqrog‘i, hijriy 448 yili Masjidul Aqsoda paydo bo‘lib, u haqda Imom Tarsutiy quyidagilarni zikr qilgan: «Bir kishi Baytul Maqdisga kelib, sha’bon oyining 15-kechasida Masjidul Aqsoga kirib namoz o‘qiy boshladi. Odamlar asta-sekin unga iqtido qilishdi. So‘ngra keyingi yil ham kelib, xuddi shu kechasi namoz o‘qidi. Yana odamlar unga qo‘shilib, namoz o‘qishdi. Bu asta­sekin masjidlarga, shaharlarga tarqaldi va odamlar ichida sunnat bo‘lib qaror topdi. Ulamolardan ko‘pchiligi buni mazammat qilib qoralaganlar va uni ko‘p munkar ishlarni o‘z ichiga qamrab olguvchi qabih bid’atligini ravshan isbotlaganlar. Bas, shunday ekan, bu qabih ishni o‘zgartirishga qodir bo‘lmagan kimsaga shu kechasi masjid jamoatiga kelmasligi, balki namozini uyda o‘qimog‘i lozimdir. Namozni masjidda jamoat bilan o‘qish sunnatdir. Lekin ahli bid’atning safini ko‘paytirish nahiy qilingandir. Nahiy etilgan ishni qilmaslik vojibdir. Ayniqsa, odamlar ichida taqvosi va ilmi bilan mashhur bo‘lgan kimsalarga bunday odatlar joriy etilgan masjidga bormaslik vojib bo‘ladi. Chunki olim kishi bu amalni inkor etmay masjidda hozir bo‘lsa, omma bu amal muboh yoki targ‘ib qilingan ekan, deb o‘ylaydi. Agar u odatini tark qilib, shu kechasi masjidga kelmasa va qo‘li, tili bilan odamlarni ham qaytarsa, yoki qaytarishdan ojiz bo‘lib, qalb bilan buni inkor qilsa, gunohdan salomat qoladi. Shunda odamlarning ba’zisi bu amal Allohning huzurida maqbul emasligini sezadi. Ulamolarning ba’zisi: «Bu kechada qoim bo‘lish Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ham, sahobalardan ham sobit bo‘lmagan bid’atdir», deganlar. Xulosa qilib shuni aytamizki, musulmonlar har xil bid’at-xurofotlarga mayl bo‘lish va ularga aldanib qolishdan saqlanishlari va dinlarni qon­qonlariga singib ketgan bid’atlardan himoya qilishlari lozimdir. Chunki bu bid’atlar halok qilguvchi zahar bo‘lib, kamdan­kam insonlargina bundan salomat qoladi

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:31:56

Ellik yettinchi majlis
Alloh uchun yaxshi ko‘rish va Alloh uchun yomon ko‘rish


Alloh taolo aytadi: «U Kunda do‘stlar bir­biriga dushmandir, magar (Alloh yo‘lida do‘stlashgan) taqvodor zotlargina (mangu do‘stdirlar). (U Kunda ularga aytilur): «Ey bizning oyatlarimizga iymon keltirgan va musulmon bo‘lib o‘tgan bandalarim, bu Kun sizlar uchun hech xavfu xatar yo‘qdir va sizlar aslo g‘amgin bo‘lmaysizlar. Sizlar jufti halollaringiz bilan birga shod­hurram bo‘lgan hollaringizda jannatga kiringiz!» (Zuxruf surasi, 67-70-oyatlar).

Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Masjidlaringizni menga salovot aytish bilan ziynatlanglar. Aytgan salovotlaringiz Qiyomat kuni sizlarga nur bo‘ladi», dedilar.

Yana Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Allohning shunday bandalari borki, Qiyomat kuni ular minbarda o‘tiradilar. Ularning liboslari nur, yuzlari yorug‘ bo‘ladi. Ular payg‘ambarlar ham, shahidlar ham emas, lekin payg‘ambarlar ham, shahidlar ham ularga havas bilan qaraydilar». Shunda sahobalar: «Ular kimlar, yo Rasululloh?» deb so‘rashdi. Payg‘ambar alayhissalom: «Ular Alloh uchun bir­birlarini yaxshi ko‘rganlar, Alloh uchun bir­birlarini ziyorat qilganlar va Alloh uchun bir­birlari bilan o‘tirganlardir», dedilar (Tabaroniy rivoyati).

Qayd etilgan