Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222244 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 ... 36 B


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:32:09

Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Alloh Muso alayhissalomga vahiy qilib dedi: Ey Muso, Men uchun biror amal qildingmi? Shunda Muso alayhissalom: «O’ Parvardigor, Sen uchun namoz o‘qidim, ro‘za tutdim, sadaqa qildim, Seni zikr qildim», dedilar. Alloh: «Ey Muso, namozing o‘zingning foydangga hujjat, tutgan ro‘zang o‘zingga qalqon, bergan sadaqalaring senga soya va qilgan zikring o‘zing uchun nur bo‘ladi. Men uchun nima amal qilding?» dedi. Muso alayhissalom: «O’ Parvardigor, menga bildir! Sen uchun nima amal qilayin?» dedilar. Alloh: «Ey Muso, Men uchun biror kimsani do‘st tutdingmi va biror kimsani dushman tutdingmi?» dedi».

Bu hadislardan ma’lum bo‘ladiki, Allohga amallarning eng suyuklisi Uning yo‘lida yaxshi ko‘rish va Uning yo‘lida yomon ko‘rishdir. Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Alloh qiyomat kuni: «Men uchun bir­birlarini yaxshi ko‘rganlar qani? Izzatim va buyukligimga qasamki, bugun Men soyamdan boshqa soya yo‘q kunda ularni o‘z soyam (arshning soyasi) bilan ularni soyalantiraman», deydi» (Tabaroniy rivoyati).

Xabarlarda kelishicha, qiyomat kuni bir mo‘min kimsa keltiriladi va amallari taroziga qo‘yiladi. Gunohlari savoblaridan og‘ir keladi. Natijada do‘zaxga hukm qilinadi. Shunda u: «O’ Parvardigor, menga bir soat muhlat berginki, onamdan savob olayin» deydi. Unga muhlat beriladi. U onasining oldiga kelib: «Ey onajon, meni dunyoda tarbiya qildingiz va menga qilmagan yaxshiliklaringiz qolmadi. Shular haqqi, menga do‘zaxdan najot topishim uchun savoblaringizdan ozgina bering», deydi. Onasi: «Ey bolajonim, men o‘z ishimda ojiz bo‘lib, hayratlanib turibmanu, qanday qilib bugun seni qutqara olaman?» deydi. Onasidan umidini uzgan yigit boshqa qarindoshlarining oldiga boradi, lekin hammasining oldidan noumid qaytadi. Alloh uni do‘zaxga tashlashga buyuradi. Shu payt do‘sti uni do‘zaxga haydab ketayotganlarini ko‘rib qoladi, unga: «Bizlardan birimiz do‘zaxdan najot topishimiz uchun senga jamiki savoblarimni beraman. Zero, bu ism ikkalamiz ham do‘zaxga tushmog‘imizdan yengilroqdir», deydi. Unga jannatga kirish buyuriladi, jannatga oshiqayotgan paytida unga: «O’z do‘stingni do‘zaxga tashlab, jannatga kirishing mardlik emas», deb nido qilinadi. U sajdaga yiqilib do‘sti uchun shafoat so‘raydi. Natijada Alloh ikkalasiga ham jannatga kirmoqni buyuradi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:32:20

Ibn Abbosdan raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Kim musulmon birodarini ziyorat qilsa, uning uchun har bir qadamiga bitta qulni ozod qilganlik savobi beriladi. Bu ziyorati sababli uning mingta gunohi o‘chirilib, mingta savob yoziladi». Boshqa bir hadisda esa bunday deyilgan: «Men sizlarga jannat ahlidan bo‘lgan kishilaringizning xabarini beraymi?» deganlarida, sahobalar: «Ha», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Payg‘ambarlar jannatda, siddiqlar jannatda, shahidlar jannatda, shahar chekkasida turadigan musulmon birodarini faqatgina Alloh roziligi uchun ziyorat qiladigan kishilar jannatdadir», dedilar.

Tabaroniy rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Jannatda bir turli qasrlar borki, ularning ichidan tashqarisi va tashqarisidan ichkarisi ko‘rinib turadi. Alloh taolo ularni bir­birini yaxshi ko‘radigan va bir­birini ziyorat qiladiganlar uchun hozirlab qo‘ygandir», dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Qiyomat kuni mahsharga avvalu oxirgilar jamlanganda, bir nido qiluvchi nido qiladi: «Yerdagi (ya’ni, dunyodagi) Allohning qo‘shnilari qaerda?» Odamlar ichidan bir to‘dasi turib, jannatga yo‘l oladilar. Farishtalar ularga: «Qaerga ketayapsizlar?» deyishganda, ular: «Jannatga», deyishadi. «Hali hisob­kitob bo‘lmasdan oldinmi?» deydi farishtalar. Ular: «Ha», deyishadi. Farishtalar: «Sizlar kimsizlar?» deganlarida, ular: «Biz Allohning qo‘shnilarimiz», deyishadi. Shunda farishtalar aytadilar: «Jannatga kiringlar, amal qilguvchilarning mukofoti naqadar ajoyib!»

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:32:32

Xabarda kelishicha, qiyomat kuni Allohning huzuriga ikki kishini olib keladilar. Ulardan biri itoatli mo‘min bo‘lsa, ikkinchisi osiy mo‘mindir. Alloh Rizvonga itoatli mo‘minni jannatga olib bormoqni, Zaboniyalarga esa osiyni do‘zaxga olib borib, azoblamoqni buyuradi. Itoatli mo‘min kulib, xursand holatda jannatga qarab yo‘l oladi. Jannatga yaqinlashgan vaqtda orqasidan: «Ey do‘stim, ey birodarim, menga rahm qilgin, meni shafoat et», degan nidoni eshitadi. Shu zahoti u joyida to‘xtab qoladi va jannatga kirmaydi. Shunda Rizvon unga: «Jannatga kir va Alloh seni jannatga kirgizganiga shukr qil», deydi. U esa: «Yo‘q, men jannatga kirmayman, meni do‘zaxga olib bor», deydi. Rizvon: «Nima uchun jannatga kirmay, do‘zaxga kirishga rozi bo‘lyapsan?» deb so‘raganida, u: «Chunki do‘zaxga ketgan osiy kishi mening do‘stim edi. U mendan hozir shafoat qilishni so‘radi. Modomiki, men uni shafoat qilishga va qutqarib jannatga kiritishga qodir emas ekanman, men uchun uning oldiga borib, u bilan birga azoblanmoqdan boshqa chora yo‘qdir», deydi. Shunda Alloh do‘sti sababli osiyni ham mag‘firat qilib, jannatga kiritadi.

Hikoya qilinadiki, ikki birodar yo‘liqib qolishdi. Shunda ularning biri ikkinchisidan qaerga ketayotganini so‘radi. U: «Baytullohni haj qildim va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qabrlarini ziyorat etdim. O’zing qaerdan kelyapsan?» dedi. Ikkinchisi: «Men Alloh uchun yaxshi ko‘rgan birodarimni ziyorat qilib kelyapman», deb javob berdi. Birinchi kishi: «Sen birodaringni ziyorat qilish fazilatini menga berasanmi? Men senga haj qilganimning fazilatini beraman», dedi. U boshini chayqab «Yo‘q!» dedi. Shu payt nido eshitildi: «Yuzta nafl hajdan Alloh yo‘lidagi ziyorat Allohning huzurida afzaldir».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:32:43

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim yaxshi ko‘rgan birodarini Allohning roziligi uchun ziyorat qilsa, Alloh arshni ko‘tarib turgan farishtalarga: «Bandam meni ziyorat qildi, Men uni ziyofat qilishim lozim. Men bu bandam uchun jannatdan o‘zga ziyofatga rozi bo‘lmayman», deydi», dedilar».

Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Bir kishi Alloh yo‘lida do‘stlashgan birodarini ziyorat qilish uchun yo‘lga chiqdi. Alloh uning oldiga bir farishtani yubordi. Farishta unga: «Qaerga ketyapsan?» dedi. U: «Falonchini ziyorat qilgani ketyapman», deb javob berdi. Farishta: «U sening qarindoshing bo‘lgani uchunmi?» dedi. «Yo‘q», dedi u. «Uning oldida sen uchun biror bir manfaat bo‘lgani uchun uni ziyorat qilmoqchimisan?» «Yo‘q», dedi u. Farishta: «Unda nima uchun uni ziyorat qilasan?» deb so‘radi. U: «Men uni Alloh uchun yaxshi ko‘raman», dedi. Shunda farishta: «Men Allohning elchisiman, Alloh seni ham, meni ham yaxshi ko‘radi», dedi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:32:55

Ellik sakkizinchi majlis
Shaytonning adovati


Alloh taolo aytadi: «Ey mo‘minlar, shaytonning izidan ergashmanglar! Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, (shayton) buzuqlik va yomonlikka buyurur. Agar sizlarga Allohning fazlu marhamati bo‘lmasa edi, sizlardan biror kishi (biron gunohdan) pok bo‘lmas edi. Lekin Alloh (fazlu marhamati) bilan O’zi xohlagan kishini poklar. Alloh eshitguvchi, bilguvchidir» (Nur surasi, 21­oyat).

Shaqiq ibn Balxiydan rivoyat qilinadi: «Ibrohim ibn Adham Basra bozorlarida yurganida u kishining atrofida odamlar jamlanib: «Ey Ibrohim! Alloh Qur’oni karimda: «Menga duo qilinglar, sizlar uchun ijobat qilaman», degan. Ammo biz ancha vaqtdan beri duo qilamiz-u Alloh bizlarga ijobat qilmayapti», deyishdi. Shunda Ibrohim ibn Adham quyidagicha javob berdilar: «Ey ahli Basra! Sizlarning qalblaringiz o‘nta narsa sababli o‘lgandir, endi qanday qilib, Alloh sizlarning duolaringizni ijobat etsin?! Birinchisi, Allohni taniysizlar-u, haqqini ado qilmaysizlar. Ikkinchisi, Qur’oni karimni o‘qiysizlar, lekin unga amal qilmaysizlar. Uchinchisi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni yaxshi ko‘rishni da’vo qilasizlaru, u kishining sunnatlarini tark etasizlar. Shaytonga dushmanlikni da’vo qilasizlar, ammo unga itoatdasizlar. Beshinchisi, jannatga kirishni xohlaysizlar, lekin uning uchun amal qilmaysizlar. Oltinchisi, do‘zaxdan najot topishni da’vo qilasizlar-u, o‘zlaringizni unga otasizlar. Yettinchisi, «Albatta o‘lim haq», deb unga hozirlik ko‘rmaysizlar. Sakkizinchisi, birodarlaringizning ayblari bilan shug‘ullanib, o‘zlaringizning ayblaringizni ko‘rmaysizlar. Parvardigoringizning ne’matlarini yeb, Unga shukr qilmaysizlar. O’ninchisi, o‘liklaringizni dafn qilasizlar-u, o‘zlaringiz ulardan ibrat olmaysizlar».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:33:06

Xabarlarda kelishicha, namoz vaqti bo‘lganda iblis alayhi la’na o‘z lashkarlariga odamlarning oldiga borib, ularni namozdan chalg‘itishga buyurarkan. Shaytonlar namoz o‘qishni xohlab turgan odamlarning oldiga kelib, ularni vasvasa qiladi, hatto namoz vaqti o‘tib ketganini sezmay qolishadi. Agar bunga qodir bo‘lmasa, namozda ruku’, sajda, qiroat va tasbehlarni komil qilishga xalaqit beradi. Agar buni uddalay olmasa, ularning qalbini dunyoviy ishlar bilan mashg‘ul qilib qo‘yadi. Bularning barchasiga qodir bo‘lmagach, xastalanib, umidsizlangan holatda qaytib ketadi. Iblis esa bu shaytonning qo‘l­oyog‘ini bog‘latib, dengizga uloqtiradi. Bordi-yu yuqoridagilardan birortasini eplasa, uni izzat­ikrom qiladi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Odam bolasi uchun shaytondan bir vakil, farishtadan bir vakil bo‘lib, shaytonning vakili yomonlik va yolg‘onga, farishtaning vakili esa yaxshilik va rostlikka chaqiradi. Kim buni sezsa, Alloh tarafidan ekanini bilsin va Unga hamd aytsin. Kim avvalgisini sezsa, toshbo‘ron qilingan shaytondan panoh tilasin».

Farishta ham, shayton ham inson qalbini ilhomlantiradi. Faqat farishtaniki ilhom, shaytonniki vasvasa deyiladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:33:55

Abu Lays Samarqandiy aytadilar: «Bilgilki, sening to‘rtta dushmaning bo‘lib, ularning har biri bilan kurashishga muhtojsan. Birinchisi dunyodir. Zero, Alloh: «Dunyo hayoti sizlarni aldab qo‘ymasin», degan. Ikkinchisi nafsing, u dushmanlarning eng yomonidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Dushmanlaringning eng yomoni o‘zingning nafsingdir», deganlar. So‘ngra jinlardan bo‘lgan shaytondirki, Allohdan uning yomonligidan panoh berishini so‘ra. Zero, Qur’oni karimda: «Albatta, shayton sizlar uchun ochiq­oydin dushmandir», deyilgan. To‘rtinchisi odamlardan bo‘lgan shaytonlardir, ulardan ehtiyot bo‘l. Chunki u jinlardan bo‘lgan shaytondan ham qo‘rqinchliroqdir. Jinlardan bo‘lgan shaytonlar faqat vasvasa bilan adashtirsa, odamlardan bo‘lgan shaytonlar yuzma­yuz turib adashtiradi».

Vahb ibn Munabbah aytadilar: «Alloh taolo shaytonga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga borib, u kishining savollariga javob berishni buyurdi. Shayton hassalik chol ko‘rinishida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga keldi. Shunda ul zot: «Sen kimsan?» deb so‘radilar. «Shaytonman», dedi u. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Nima uchun kelding?» deb so‘radilar. «Alloh meni sizning savollaringizga javob berish uchun yubordi», deb javob berdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam so‘radilar: «Ey iblis, ummatimdan sening nechta dushmaning bor?» Shayton quyidagicha javob berdi: «O’n beshta. Siz ularning eng avvalisiz. So‘ng odil boshliq, tavozu’li boy, rostgo‘y savdogar, namozlarini xushu’ bilan o‘qiydigan olim, nasihat qiluvchi mo‘min, rahmdil mo‘min, tavbasida sobit turuvchi, haromdan taqvo qiluvchi, davomli tahoratda bo‘luvchi mo‘min, ko‘p sadaqa qilguvchi, xulqi chiroyli mo‘min, odamlarga foydasi teguvchi, Qur’onni yodlab, uni qiroat qiluvchi kishi va odamlar uxlayotganda kechalari turib namoz o‘qiguvchi». Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey iblis, ummatimdan do‘stlaring kim?» deb so‘ragan edilar, u: «Zolim boshliq, takabbur boy, xiyonatkor savdogar, mast qiluvchi ichimlik ichuvchi, chaqimchi, riyokor, yetimning molini yeguvchi, namozga beparvo kimsa, molining zakotini bermaydigan boy, orzu­havasni ko‘p qiladigan kimsa. Bularning hammasi mening do‘stlarimdir», deb javob berdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:34:08

Bani Isroilda bir kishi bo‘lib, u hujrasida tinimsiz ibodat qilardi. Odamlar uni «Obid Barsiso», der edilar. U shu darajaga yetdiki, duo qilsa, ijobat bo‘lmasdan qolmasdi. Uning duosi sababli kasallar shifo topar edilar. Iblis alayhi la’na kunlarning birida barcha shaytonlarni chaqirib: «Kim bu kimsani fitna qilib, yo‘ldan adashtiradi», dedi. Ular ichidan Ifrit bu taklifni bo‘yniga oldi. Bani Isroil podshohlaridan birining husnda tengi yo‘q qizi bor edi. Qiz ota­onasi va aka­ukalari davrasida o‘tirganida, Ifrit ularning oldiga kelib, qattiq qichqirdi. Barchalari qattiq qo‘rqib ketishdi. Qiz esa majnun bo‘lib qoldi. Oradan bir necha kun o‘tsa ham, dardi yengillamadi. Shundan so‘ng, Ifrit odam suratida kelib: «Agar uning tuzalishini xohlasanglar, falonchi rohibning oldiga olib boringlar, rohib duo qilsa, bemor shifo topadi», dedi. Ular qizni Barsisoning oldiga olib bordilar. Rohib duo qilgan edi, qiz tuzaldi. Lekin uylariga qaytgach, yana majnun bo‘lib qoldi. Shayton ularga: «Agar uning butunlay tuzalib ketishini xohlasanglar, rohibning oldida bir necha kun qoldiringlar», dedi.

Ular qizni Barsisoning oldiga qaytadan olib kelib, rohib unamasa ham, bir necha kunga qizni qoldirib ketishdi. Rohib qizni dasturxonga taklif qilib, uni taomlantirdi. Qiz bir necha kun uning oldida qoldi. Kunlarning birida rohib qizga shahvat nazari bilan qaradi va uning go‘zalligiga maftun bo‘ldi. Shaytonning vasvasasi tufayli sabr etolmay, qizga yaqinlik qildi. So‘ng qiz undan homilador bo‘ldi. Shunda shayton rohibning oldiga keldi va unga: «Qiz sendan homilador bo‘ldi. Endi podshohdan qutila olmaysan, faqat qizni o‘ldirsanggina omon qolasan. Agar uni so‘rab kelishsa: «O’lib qoldi», desang, ular senga ishonadilar», dedi. Rohib qizni o‘ldirib hujrasining oldiga ko‘mib qo‘ydi. Uni so‘rab kelishganida: «U o‘lib qoldi», dedi. Ular ham rohibning gapiga ishonib, qaytib ketishdi. Shunda shayton podshohning oldiga kelib: «Rohib qizingning nomusiga tegdi va qilgan ishidan qo‘rqib, uni o‘ldirdi va hujrasining oldiga ko‘mib qo‘ydi», dedi. Podshoh odamlari bilan rohibni oldiga keldi. Qabrni ochishganda, uni so‘yilgan holatda topdilar. Shunda ular rohibning qo‘l­oyoqlaridan osib, mixlab qoqib qo‘ydilar. Shayton rohibning oldiga kelib: «Agar menga sajda qilsang, men seni qutqaraman», dedi. «Men senga bu ahvolda qanday qilib sajda qilayin», dedi rohib. Shayton: «Boshing bilan ishora qilgan holda sajda qilsang ham roziman», dedi. U boshi bilan sajdaga ishora qilgan edi, shayton: «Men sendan bariy­pokman, albatta men odamlarning parvardigori bo‘lmish Allohdan qo‘rqaman», dedi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Rohib Bariso esa kofir holida o‘lib ketdi va abadiy do‘zaxiylardan bo‘ldi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:34:20

Tavbaning sharti uchtadir: gunohdan qaytish, qilgan amaliga nadomat qilish, gunohga aslo qaytmaslikka azmu qaror etish.

Jobirdan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Bir arobiy masjidga kirdi: «Ey Alloh, men senga istig‘for aytaman va tavba qilaman», deb takbir aytib, namozga kirishdi. Namozdan forig‘ bo‘lgach, uni Ali raziyallohu anhu chaqirib: «Ey kimsa, istig‘forni til uchida aytib qo‘yish yolg‘onchilarning tavbasidir. Sen bu ahvolingdan tavba qilishing kerak», dedilar. Shunda arobiy: «Ey amirul mo‘minin, menga rostgo‘ylarning tavbasi qanday bo‘lishini o‘rgating», dedi. Ali raziyallohu anhu dedilar: «Avvalida qilgan gunohga nadomat qilish, zoe bo‘lgan farzlarning adosini o‘tash, qilingan zulm uchun rozilik olish, nafsni toat­ibodat uchun chiniqtirish, ma’siyat vaqtidagi kulgu uchun yig‘lash», dedilar.

Hadisi qudsiyda «Alloh taolo aytadi: «Kim Menga bir qarich yaqinlashsa, Men unga bir gaz yaqinlashaman, kim Menga bir gaz yaqinlashsa, Men unga bir quloch yaqinlashaman». Ya’ni, bandaki Allohga tavba va toat­ibodat bilan yaqinlashsa, Alloh unga rahmat, tavfiq va madad bilan yaqinlashadi. Agar banda amallarni ziyoda qilsa, Alloh ham rahmatini ziyoda qiladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:34:45

Ellik to‘qqizinchi majlis
Allohga toat­ibodat uchun hijrat qilish


Alloh taolo aytadi: «Ey iymon keltirgan bandalarim, shak­shubha yo‘qki, Mening yerim keng, kattadir. Bas, sizlar Mengagina ibodat qilingiz! Har bir jon o‘lim (sharbati)ni totguvchidir. So‘ngra O’zimizga qaytarilursizlar. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarni, albatta, jannatda ostidan daryolar oqib turadigan xonalar — manzillarga joylashtirurmiz. Ular o‘sha joylarda mangu qolurlar. (Yaxshi) amallarni qiluvchi zotlarning ajri mukofoti naqadar yaxshi!» (Ankabut surasi, 56—58-oyatlar)

Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Menga salovot aytuvchi kishiga sirot ko‘prigidan o‘tayotganda nur bo‘ladi. Kim sirotdan o‘tayotganda nurli kimsalardan bo‘lsa, do‘zax ahlidan bo‘lmaydi», dedilar.

Ulamolar bu oyatlar Makkadan hijrat qilmay qolgan qavm haqida nozil bo‘lgan, deyishadi. Ular: «Agar hijrat qilsak qiyinchilik va ochlikdan o‘lib ketishimizdan qo‘rqamiz», deyishdi. Alloh bu oyatlarni nozil qilib: «Mening yerim, ya’ni, rizqim keng», dedi.

Abu Hanifadan so‘rashdi: «Qaysi gunoh iymonning yo‘qolishi uchun xavfliroq?» U kishi: «Allohning iymon berganiga shukr qilmaslik va bandalarga zulm etish», dedilar.

Qayd etilgan