Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 183942 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 B


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:34:58

Bir banda vafot etsa, Alloh uning tobuti ko‘tarilish vaqtida to‘rtta farishtani yuboradi. Ular mayyitning qabri oldiga kelishadi. Ularning biri: «Ajal yetdi, orzu-umidlar uzildi», deb nido qiladi. Ikkinchisi: «Mollar ketdi, amallar qoldi», deb, uchinchisi: «Mashg‘ulotlar zoe bo‘ldi, qo‘rquv-qiyinchiliklar qoldi», deb nido qiladi. To‘rtinchisi: «Agar halol yegan va halol xizmat qilgan bo‘lsang, senga jannat bo‘lsin», deydi.

Sulaymon alayhissalom butun dunyoga insu jinlar, hayvonlaru qushlar va shamollarga ham hukmron bo‘lganlari sababli o‘zlaridan g‘ururlanib: «O’ Parvardigoro, menga izn berginki, bir yil davomida rizqlanuvchilarning rizqini men berayin», deb izn so‘radilar. Alloh: «Sen bunga qodir emassan», dedi. Sulaymon alayhissalom: «O’ Parvardigoro, bir kunga ruxsat bergin», dedilar. Bas, Alloh izn berdi. Shunda Sulaymon alayhissalom butun insu jinlarni to‘planib, qirq kun davomida ovqat pishirishga va oziqlar tayyorlashga buyuribdilar. Shamollarga ovqatlar ustida esmaslikni buyurdilarki, toki taomlar buzilib, aynib qolmasin. So‘ng oziq­ovqatlarni keng sahroga joylab chiqishni buyuribdilar. Ovqatlar joylangan maydonning uzunligi ham, kengligi ham bir oylik yo‘l edi. Alloh Sulaymon alayhissalomga: «Qaysi maxluqotlardan boshlaysan?» deb vahiy qilibdi. Sulaymon alayhissalom: «Dengizu quruqliklarda yashovchilardan», debdilar. Shunda Alloh dengizu ummonlardagi baliqlarga Sulaymon alayhissalomning chaqiriqlariga borishni buyuribdi. Ulkan baliqlar kelib: «Ey Sulaymon, Alloh bizlarni bugungi rizqimizni senga topshirgan ekan», deyishganda, Sulaymon alayhissalom: «Oldilaringizda taom turibdi, xohlaganingizni yenglar», debdilar. Nahang baliqlar butun ozuqalarni yutib yuboribdilar­da, «Ey Sulaymon, bizlarni to‘ydirgin, biz ochmiz», debdilar. Sulaymon alayhissalom: «To‘ymadinglarmi?» deb hayratlanibdilar. «Hali to‘yganimiz yo‘q», deb javob berishibdi. Shunda Sulaymon alayhissalom sajdaga yiqildilar­da: «Maxluqotlarning barchasini o‘zlari sezmagan joylardan rizqlarini yetkazib turguvchi Alloh! Seni poklayman», debdilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:35:12

Rivoyat qilinadiki, Sulaymon alayhissalom bir chumolidan: «Sening bir yillik rizqing qancha?» deb so‘rabdilar. «Bir dona bug‘doy», debdi chumoli. Sulaymon alayhissalom uni bir ko‘zaga solibdilar­da bir dona bug‘doyni tashlab, og‘zini berkitibdilar. Bir yildan keyin ko‘zani ochsalar, chumoli bug‘doyning yarmini yegan ekan. «Nega qolgan yarmini yemading?» deb so‘raganlarida, u: «Avvalda men yolg‘iz Allohga tavakkul qilishib, donning hammasini yer edim. Chunki Alloh meni unutmasligini bilardim. Qachon mening tavakkulim senga o‘tgach, donning yarmini yedim va: «Agar bu yil Sulaymon meni unutsa, kelasi yil qolganini yeyman» deb qaror qildim.

Xabarlarda kelishicha, o‘lim farishtasi bir bandaning jonini olmoqchi bo‘lganida, banda: «Senga buyurilmaguncha ruhimni bermayman», deydi. Farishta: «Rabbim menga buyurdi» deydi. Shunda ruh hujjat va alomat talab qilib: «Rabbim meni yaratgan va jasadga kiritgan paytda sen mening oldimda emasding, endi esa meni olmoqni xohlayapsan», deydi. O’lim farishtasi Allohga shikoyat qiladi: «Falonchi bandang bunday demoqda va hujjat talab qilmoqda». Alloh: «Bandamning ruhi to‘g‘ri aytibdi, ey o‘lim farishtasi! Jannatga borib, undan Mening alomatim sifatida bitta olma ol va uni ruhiga ko‘rsat», deydi. Farishta jannatdan bitta olmani oladi. Olmada «Bismillahir rohmanir rohiym» degan yozuv bo‘ladi. Bu olma ko‘rsatilganida, bandaning ruhi shodlanib chiqadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:35:23

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Mo‘min kishining ruhi toki jannatdagi o‘rnini ko‘rmaguncha chiqmaydi. Jannatdagi o‘rnini ko‘rgach, unga oshiq bo‘lganidan ota­onasiga ham, bolalariga ham parvo qilmaydi», dedilar. Sahobalar: «O’ Rasululloh, mo‘min jannatdagi, munofiq do‘zaxdagi o‘rnini qanday qilib ko‘radi?» deb so‘rashdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Albatta, Alloh Jabroil alayhissalomni juda go‘zal suratda yaratgan, uning qanotlari orasida tovus qanotidek ikkita qanot bor, o‘ng qanotida jannat, undagi qasrlar, hurlarning suratlari, chap qanotiga esa do‘zax, undagi ilonu chayonlar surati chizilgan. Bir kimsaning joni halqumiga kelganida, u kishi mo‘min bo‘lsa, Jabroil alayhissalom o‘ng qanotini yoyadi, mo‘min kimsalar jannatdagi o‘rnini ko‘rgach, shodlanib, u yerga bo‘lgan ishtiyoqdan ota­onasi va bolalariga parvo qilmay qo‘yadi. Agar u munofiq bo‘lsa, Jabroil alayhissalom chap qanotini yozadi, bas, u do‘zaxdagi o‘rnini ko‘radi va qo‘rqqanidan ota­onasiga, bolalariga parvo qilmay qo‘yadi. Qabri jannat bog‘laridan bir bog‘ bo‘lgan kimsa naqadar saodatli! Qabri do‘zax chohlaridan bir choh bo‘lgan kimsa naqadar baxtsiz!».

Xabarlarda keladiki, badandan ruh chiqqan vaqtda osmondan uchta nido keladi: «Ey odam bolasi, sen dunyoni tark etdingmi yoki dunyo seni tark etdimi? Sen dunyoni jamladingmi yoki dunyo seni jamladimi? Sen dunyoni o‘ldirdingmi yoki dunyo seni o‘ldirdimi?» Jasad yuvishga hozirlangan vaqtda ham uchta nido keladi: «Ey Odam bolasi, quvvatli badaning qani? Kim seni zaiflashtirdi? Fasohatli tiling qani? Kim seni sukut qildirdi? Do‘stlaring qani? Kim seni yolg‘iz qoldirdi?» Kafanlangan paytida ham nido qilinadi: «Agar sen Allohning roziligiga erishgan bo‘lsang, senga jannat bo‘lsin! Agar Allohning g‘azabiga loyiq bo‘lsang, senga vayl bo‘lsin! Ey Odam bolasi, uzoq safarga zodi rohilasiz chiqyapsan. Abadul-abad qaytmaydigan bo‘lib ketyapsan». Tobut ko‘tarilgan vaqtda nido qilinadi: «Ey Odam bolasi, agar amaling solih bo‘lgan bo‘lsa, senga jannat bo‘lsin! Agar tavba qilgan bo‘lsang, senga jannat! Agar Allohga itoatli bo‘lgan bo‘lsang, senga jannat!» Qabrga qo‘yilganda qabr aytadi: «Ey Odam bolasi, ustimga kular eding, endi ichimda yig‘laysan. Ustimda xursand eding, endi ichimda g‘amgin bo‘lasan. Ustimda notiq eding, endi ichimda sukut saqlaysan».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:35:42

Oltmishinchi majlis
Qiyomat kuni va hisob­kitob haqida


Alloh taolo aytadi: «(U Kunda) barcha ummatni (dahshat va iztirob­la) tiz cho‘kkan holda ko‘rarsiz. Har bir ummat o‘z nomai a’moliga chaqirilur, (so‘ng ularga deyilur): «Bugun qilib o‘tgan amallaringiz bilan jazolanursizlar. Mana bu kitobimiz (ya’ni, Bizning amrimiz bilan yozilgan nomai a’molingiz) sizlarga haqiqatni aytur. Darhaqiqat, Biz sizlar qilguvchi bo‘lgan barcha amallaringizni (ushbu nomai a’molga) ko‘chirib qo‘ygandirmiz»(Josiya surasi, 28—29­oyatlar).

Abu Umomadan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Agar men vafot etsam, menga salovot aytgan kimsaning salovotini eshittirishni Alloh va’da qildi. Vaholanki, men Madinada-yu, ummatim mag‘ribu mashriqda bo‘lsa ham. Kim menga salovot aytsa, Alloh taolo unga o‘nta salovot aytadi. Agar o‘nta aytsa, Alloh unga yuzta salovot aytadi».

Abdulloh ibn Abbos aytadilar: «Qiyomat kuni bo‘lgan, insu jinlardan iborat xaloyiqning barchasi bir maydonga saf­saf bo‘lib, tizzalariga cho‘kkan hollarida jamlanadilar. Shunda: «Bugun sizlar ikrom egalarini bilasizlar, har qanday holatda ham Allohga ko‘p hamd aytuvchilar tursin!» degan nido bo‘ladi. Ular jannatga qarab yo‘lga tushadilar. So‘ng ikkinchi marta nido qilinadi: «Bugun sizlar karam egalarini bilasizlar. Kechalari uxlamasdan umid va qo‘rquv bilan duo qiluvchilar va rizq qilib berilgan narsalardan infoq etuvchilar tursin». Ular turib, jannatga qarab yo‘lga tushadilar. So‘ng uchinchi marta nido qilinadi: «Bugun sizlar karam egalarini bilursizlar. Tijoratlari va oldi­berdilari Allohning zikridan, namozni ado etishdan va zakotni haqdorlarga ato qilishdan to‘smaganlar o‘rnidan tursin». Ular turib, jannatga yo‘l oladilar. Bu uch toifa jannatga kirganlaridan keyin, do‘zaxdan bir bo‘yin chiqadi va xaloyiqqa yaqinlashadi, uning ikki ko‘zi, fasohatli tili bo‘lib, shunday so‘zlaydi: «Men uch toifaga vakil qilinganman — har qanday zolim kishiga», deydi-da, qush kunjit donini terib olganidek, saflarning orasidan odamlarni terib oladi. So‘ng ular bilan birga jahannamga g‘oyib bo‘ladi. Ikkinchi bor chiqib: «Men Alloh va Uning rasuliga aziyat berganlarga vakil qilinganman», deydi va saflarning orasidan ularni terib olib, jahannamga olib ketadi. So‘ngra uchinchi bor chiqib: «Men rasm chizuvchilarga vakil qilinganman», deb ularni odamlar orasidan terib olib, jahannam sari yo‘l oladi. Bu uch toifa terib olinganidan keyin nomai a’mollar tarqatiladi, tarozi o‘rnatilib, xaloyiq hisob­kitobga chaqiriladi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:35:55

Odamlar zarariga guvohlik beruvchilar yettitadir. Birinchisi — farishtalar. Zero, Qur’oni karimda: «Farishtalar guvoh bo‘ladilar» deyilgan. Ikkinchisi — yer bo‘lib, Qur’oni karimning Zalzala surasida shunday deyilgan: «Va (hayotlik paytida qayta tirilishni inkor qilguvchi bo‘lgan) inson (qayta tirilganidan dahshatga tushib: «Yerga nima bo‘ldi o‘zi?») deb qolganida — ana o‘sha Kunda yer, Parvardigoringiz unga vahiy qilgan (so‘zlashga buyurgani) sababli o‘z xabarlarini so‘zlar!» Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambar alayhissalom yerning xabarlari nima ekanligi haqida so‘zlab: «Yerning xabarlari — har bir erkagu ayol uning ustida qanday amal qilgan bo‘lsa, barchasini Alloh taolo huzurida so‘zlab, guvohlik berishdir», degan ekanlar. Uchinchi guvoh zamondir. Xabarlarda keladiki, har bir kun nido qiladi: «Men yangi kunman va sizlar qilayotgan narsaga guvohman». To‘rtinchisi — insonning o‘zining tili. Qur’oni karimda: «O’zlarining tillari o‘z zararlariga guvohlik beradigan kunda"¦» deyilgan. Keyingisi, Qur’oni karimning O’sin surasida: «Bu kun Biz ularning og‘izlarini muhrlab qo‘yurmiz. Va bizga qilib o‘tgan ishlari haqida — ularning qo‘llari so‘zlar va oyoqlari guvohlik berur», deya aytilganidek insonning a’zolari. Oltinchisi — nomai a’mollarni yozib turuvchi farishtalar. Alloh taolo: «Holbuki, shak­shubhasiz, sizlarning ustingizda (qilgan har bir amalingizni) yod olib, yozib turguvchi ulug‘ (farishta)lar bordir», degan. Yettinchisi devon bo‘lib, Qur’oni karimda u haqda: «Bu sizlarning ustingizdan haq bilan so‘zlaydigan kitobdir», deyilgan.

Amr ibn Osdan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Alloh xaloyiqni jamlagan vaqtda: «Farishtalar qaerda?» deb nido qiladi. Bir guruh odamlar turib, jannatga qarab yurib ketadilar. Ularga farishtalar yo‘liqib: «Biz sizlarni jannatga oshiqib ketayotganlaringizni ko‘rmoqdamiz. Sizlar kimsizlar?» deb so‘rashadi. Ular: «Bizlar fazilatlilarmiz», deyishadi. Shunda farishtalar: «Sizlarning fazilatlaringiz nimada?» deb so‘rashganida, ular: «Bizlarga zulm qilganlarida sabr qildik, zarar yetkazganlarida afv etdik», deb javob berishadi. Farishtalar: «Unday bo‘lsa, jannatga kiringlar. Yaxshi amallar qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshi!» deyishadi. So‘ngra ikkinchi marta: «Sabrlilar qaerda?» deb nido qilinadi. Xaloyiq ichidan bir guruh kishilar turib, jannatga qarab yurib ketadilar. Ularga farishtalar yo‘liqib: «Biz sizlarning jannatga oshiqib ketayotganlaringizni ko‘rmoqdamiz. Sizlar kimsizlar?» deydilar. Ular: «Biz sabrlilarmiz» deyishadi. Shunda farishtalar: «Sizlar nimaga sabr qilgansizlar?» deb so‘rashganida, ular: «Bizlarga biror bir musibat yutganida, chiroyli sabr qilganmiz», deyishadi. Farishtalar: «Unday bo‘lsa, jannatga kiringlar. Yaxshi amallar qiluvchilarni mukofoti naqadar yaxshi!» deyishadi. «Alloh yo‘lida bir­birini yaxshi ko‘rganlar qaerda?» deb uchinchi marta nido qilinadi. Odamlar orasidan bir guruh kimsalar ajralib jannatga qarab yurib ketadilar. Ularga farishtalar yo‘liqib: «Sizlarni jannatga oshiqib ketayotgan holatda ko‘rmoqdamiz, sizlar kimsizlar?» deydilar. Ular: «Biz Alloh yo‘lida bir­birimizni yaxshi ko‘ruvchilarmiz» deyishadi. Shunda farishtalar: «Unday bo‘lsa, jannatga kiringlar, yaxshi amallar qilguvchilarning mukofoti naqadar yaxshi!» deyishadi. Bu uch toifa jannatga kirganlaridan keyin tarozi o‘rnatiladi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:36:10

Hisob­kitobning kayfiyati har xil, holatlari turli­tumandir. Ayrimlari yengil bo‘lsa, ayrimlariniki og‘ir bo‘ladi. Ayrimlarniki maxfiy bo‘lsa, ayrimlarniki oshkora bo‘ladi. Ba’zilarni ikrom etish bo‘lsa, ba’zilarga tanbeh berish bo‘ladi. Ayrimlarga fazlu marhamat bilan bo‘lsa, ayrimlarga adolat bilan bo‘ladi. Kofirga ham, mo‘minga ham, jinga ham hisob­kitob bo‘ladi. Faqat hadislarda istisno qilingan kimsalargina bundan mustasnodir. Qiyomat kuni dastlab qayta tirilish, so‘ng hashr (to‘planish), butun olamlar Parvardigori huzurida tik turish, so‘ng arz, ya’ni, har bir payg‘ambar o‘z ummati bilan ajralib turganidan so‘ngra nomai a’mollari tarqatilishi, keyin hisob­kitob va amallarni tarozida o‘lchash holatlari bo‘lib o‘tadi. Xaloyiq jamlangan vaqtda xuddi qor yoqqanidek nomai a’mollar yog‘adi. Va nido qilinadi: «Ey falonchi, kitobingni o‘ng tarafingdan olgin! Ey falonchi, kitobingni chap tarafingdan olgin! Ey falonchi, kitobingni orqa tarafdan olgin». Faqatgina taqvodor kishilargina kitoblari o‘ng taraflaridan beriladi. Baxtsizlarga chap tarafdan, kofirlarga esa orqa tarafdan beriladi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Odamlar qiyomat kuni to‘rt narsa haqida so‘ralmagunlaricha bir qadam ham qimirlay olmaydilar: umrini qanday o‘tkazgani, ilmga qanday amal qilgani, molni qaerdan topib, qaerga sarflagani haqida».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:36:28

Alidan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga o‘tirgan edik. U zot avvalgi qavmlar haqida gapirib berdilar. So‘zlarning oxirida: «Ey Ali, albatta Jabroil alayhissalom menga ummatimning qiyomat kunidagi ahvoli haqida xabar berib: «Ey Muhammad, sizning ummatingiz ichida shunday kimsalar borki, ular qiyomat kuni xusumatchi o‘z xusumatchisi bilan so‘zlashgandek, Alloh bilan so‘zlashadilar», dedi. Men: «Ey Jabroil, biror kishi bunga qodir bo‘ladimi, u haqda menga xabar ber», dedim. Jabroil alayhissalom: «Bilingki, ey Muhammad sollallohu alayhi va sallam, qiyomat kuni Alloh taolo har bir kishining nomai a’molini beradi. Bandalardan biriga kitob berilganda, u kitobini o‘qib, undagi savobu gunohlarni taniydi. Alloh: «Ey bandam kitobingni o‘qidingmi?» deganida, u: «Ha, yo Parvardigoro, lekin men bularni aslo qilmaganman», deydi. Alloh deydi: «Sendan boshqa kim bu amallarni qilibdi?» deganida u: «Bilmadim, yo Parvardigoro», deydi. «Ey bandam, Sen mening farishtalarim va ularning kitoblari haqida xusumatlashasanmi?» deganida U: «Ha, yo Parvardigoro, men o‘zimdan boshqa kishining guvohligini qabul qilmayman», deb javob beradi. Shunda Alloh: «Agar sening o‘zingdan hujjat keltirsam, qabul qilib, e’tirof etasanmi?» deganda, u: «Ha», deb javob beradi. Keyin Alloh uning tiliga amr qiladi: «Mening qudratim bilan gapir va faqatgina haqni ayt. Chunki bu kunda botil bo‘lmaydi». Shunda til badandagi barcha yaxshi va yomon amallarni aytib beradi. Banda: «O’ Parvardigoro, men tilga hukmron emasligimni O’zing bilasan. Men uning guvohligini qabul qilmayman, chunki dunyoda ham u mening dushmanim bo‘lgan. Gunohlarimning barchasi tilim sabablidir. Darhaqiqat, Sening Rasuling sollallohu alayhi va sallam: «Til insonning dushmanidir», deganlar. Sen odil hakamsan, bas, shunday ekan, dushmanning dushmaniga qarshi guvohligini qabul qilmagin», deb aytadi. Alloh deydi: «Ey bandam, huzurimda undan boshqa ham senga qarshi guvohlar borki, ularga nima deysan?» Banda: «O’ Parvardigoro, hech narsa demayman», deb javob beradi. Shunda Alloh uning ikki qo‘liga buyuradi va ular badani qilgan jamiki amallarni aytib, guvohlik berishadi. Banda: «O’ Parvardigoro, albatta, sen bizlarga payg‘ambar yubording va u bizlarga qonunlar joriy qildi. Biz unga ergashdik. Chunki Sen: «Kim Payg‘ambarga itoat qilsa, batahqiq Allohga itoat qilibdi» degansan», deydi. «Ey bandam! Mening payg‘ambarim nima qonun­qoidalarni joriy qilgan ekan?» deganda, banda: «Bitta guvoh hujjatlikka kifoya qilmaydi», deganlar. Ikki qo‘l bitta guvohdir, yana bitta guvoh kerak», deb javob beradi. Alloh: «Agar senga qarshi yana bitta guvoh guvohlik bersa, gunohlaringga iqror bo‘lasanmi?» deb so‘raydi. «Ha», deb javob qiladi u. Shunda Alloh uning oyoqlariga amr qilsa, oyoqlari Allohning qudrati bilan tilga kirib, yaxshiyu yomon amallarini gapiradi. Banda hayratlanib a’zolariga qaraydi va: «Ey a’zolarim, men sizlardan boshqa emas, balki men sizman va sizlar esa mensizlar. Men Rabbim bilan sizlar uchun tortishyapman. Sizlarni himoya qilsamu, sizlar o‘zingizni do‘zaxga tashlayapsizlar», deydi. «Sen bizlarni nodonlikda ayblayapsan. Vaholanki, biz sendan nodonroq kimsani ko‘rmaganmiz. Biz esa faqatgina rost so‘zlashga ma’murmiz», deyishadi a’zolar. Shunda Alloh zaboniyalarga uni do‘zaxga olib borishni buyuradi. Banda esa: «O’ Parvardigor, sening rahmating qaerda qoldi? Vaholanki, Sen rahmlilarning rahmlirog‘isan-ku!?» deb nido qiladi. Alloh aytadi: «Mening rahmatim muslimlar uchundir. Agar avvaldanoq e’tirof etganingda, senga insof qilardik». Banda: «O’ Parvardigor, men e’tirof etaman, lekin do‘zaxdan qo‘rqqanim tufayli shunga majbur bo‘ldim», deydi. Keyin Alloh amr qiladi: «Ey farishtalarim, bandamni jannatga olib boringlar. Men uni mag‘firat qildim va afv etdim». Bas, uni jannatga olib ketishadi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:36:49

Oltmish birinchi majlis
Ota­onaga yaxshilik qilish


Alloh taolo aytadi: «Biz insonni ota­onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi unga qiynalib homilador bo‘lib, qiynalib tuqqandir. Unga homilador bo‘lish va uni (sutdan) ajratish (muddati) o‘ttiz oydir. Endi qachon u voyaga yetib, qirq yoshga to‘lganida: «Parvardigorim, meni Sen menga va ota­onamga in’om etgan ne’matingga shukr qilishga va O’zing rozi bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishga muvaffaq etgin va O’zing men uchun zurriyotimda ham yaxshilik qilgin (ya’ni farzandlarimni ham ahli sodiq bandalaringdan qilgin). Albatta, men Senga (qilgan barcha gunohlarimdan) tavba qildim va albatta, men musulmonlardandirman», dedi» (Ahqof surasi, 15-oyat).

Ulamolar: «Bu oyat Abu Bakr haqlarida nozil bo‘lgan», deyishadi. U kishining otalari Abu Quhofa, onalari Ummul Xayr, bolalari haqiga qilgan duolarini ijobat bo‘lganidan darak beradi bu oyat. O’zi bilan birga ota­onasi va o‘g‘il qizlari Islomga kirgan biror sahoba yo‘qki, bunga faqat bu Abu Bakrgina musharraf bo‘lganlar.

Ali ibn Abu Tolibdan rivoyat qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Men ota­onasining haqqini ado etgan kimsadan bariy­pokdirman»"¦ Men: «O’ Rasululloh! Agar uning huzurida hech narsa bo‘lmasachi?» deb so‘radim. Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Agar ular bir ishga buyursa, «xo‘p bo‘ladi», desin, «uf», demasin. Ularga qattiq gapirmasin, faqat yaxshi gaplarni gapirsin».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:37:19

Bir kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib: «Yo Rasululloh, menga bir yaxshilikni bildiringki, u bilan dunyoda ham, oxiratda ham manfaatdor bo‘layin», dedi. U kishi: «Ota­onang bormi?» deb so‘raganlarida, u: «Ha, deb javob berdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Unday bo‘lsa, ularning haqqini ado qilgin va ularni taomlantirgin. Ularga yedirgan har bir luqmang uchun jannatda qasr bino qilinadi», dedilar. Yana bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib: «Yo Rasululloh, mening onam bor va men unga infoq qilib turaman. U esa menga tili bilan aziyat beradi. Nima qilayin?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Uning haqqini ado qilgin. Allohga qasamki, agar go‘shtingni kesib bersang ham, uning haqqining to‘rtdan birini ham ado qila olmaysan. Jannat onalarning oyog‘i ostida ekanini bilmaysanmi?» deb javob berdilar. «Endi onamga aslo yomon gapirmayman», dedi va onasining oldiga kelib, uning oyoqlaridan o‘pdi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uzun hadisning oxirida aytganlar: «Meni haqiqatan payg‘ambar qilib jo‘natgan Zotga qasamki, kimga Alloh taolo mol ato qilsa­yu, bu moli bilan u ota­onasiga ehson bersa, jannatda men bilan birga bo‘ladi». Bir kishi: «Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam, agar ota­onasi dunyodan o‘tib ketgan bo‘lsa-chi?» deb so‘radi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Ular nomidan sadaqa qiladi, Qur’on o‘qiydi va haqlariga duo qiladi. Agar bularni tark qilsa, ularga oq bo‘ladi. Kim ularga oq bo‘lsa, osiy bo‘libdi», deb javob berdilar.

Ba’zilar: «Bir banda farz namozini o‘qib, ketidan ota­onasining haqqiga mag‘firat so‘rab, duo qilsa, Alloh uning duosini ijobat qilib, garchi fosiq bo‘lsalar ham, Alloh ularni mag‘firat qiladi», deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:37:31

Abu Zarr G’iforiydan rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini eshitganman: «Kim ota­onasini ziyorat qilish uchun yo‘l yursa, Alloh uni har bir bosgan qadamiga yuzta savob yozib, yuzta gunohini o‘chiradi va darajasini yuz baravar ko‘taradi. Agar ular oldiga yaxshi so‘zlarni so‘zlasa, qiyomat kunida uning uchun nur bo‘ladi va ota­onasi oldidan gunohlari kechirilgan holatda chiqadi».

Umar raziyallohu anhu davrlarida bir savdogar bo‘lib, kunlarning birida onasi uning oldiga kelib, o‘ziga zarur bo‘lgan narsani infoq qilishini so‘radi. Shunda savdogarning xotini: «Sening onang bizning faqirlardan bo‘lishimizni xohlayapti, agar har kuni shunday so‘rayversa, faqir bo‘lib qolamiz», dedi va savdogar unga hech narsa bermagach, onasi yig‘lab qaytib ketdi. Bir safar savdogar savdo ishi bilan yo‘lga chiqqan vaqtida, uni qaroqchilar to‘sdi. Uning mollarini tortib oldilar-da, qo‘lini kesib, bo‘yniga osib ketdilar. Shu yerdan o‘tayotgan qavm uni ko‘rib, uyiga olib borishdi. Ko‘rgani kelgan qarindoshlarga qarata: «Bu mening jazoimdir. Agar men onamga infoq-ehson qilganimda, qo‘lim ham, molim ham, o‘zimda qolardi», dedi.

Qayd etilgan