Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222674 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 B


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:37:42

Hikoya qilinishicha, fazilati bilan mashhur bo‘lgan bir shayx Makkaga safar qilishni maqsad qildi. Ammo uning onasi bunga norozi bo‘ldi. Onasi uning ortidan: «Parvardigoro, o‘g‘lim meni ayriliq o‘ti bilan kuydirdi. Uni bu qilmishi uchun jazolagin!» deb duo qildi. Shayx shaharlardan biriga yetgach, masjidga kirib ibodat qila boshladi. Shu kecha bir kishining uyiga o‘g‘ri kirdi. Uy egasi o‘g‘rining masjid tomonga qarab qochganini ko‘rdi. Odamlar uni quvlay ketishdi, lekin o‘g‘ri masjidning oldiga kelganda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ular: «Masjidga kirgandir», degan gumon bilan kirdilar. Namoz o‘qiyotgan shayxni ushlab, shahar podshohining oldiga olib keldilar. Podshoh uning ko‘zini o‘yishga va qo‘l­oyoqlarini kesishga buyurdi. Jallodlar uning qo‘l-oyog‘ini kesib, ko‘zini o‘yishdi va: «Bu o‘g‘rining jazosi», deya bozorda nido qilishdi. Shunda shayx: «Bunday demanglar, balki bu onasining iznisiz Ka’bani tavof qilish uchun chiqqan kimsaning jazosidir», deb aytinglar», dedi. Ular uning shayxligini bilishgach, qilgan ishlaridan pushaymon bo‘lishdi. Shayxni onasining oldiga olib kelib, ostonaga qo‘yib ketishdi. Uy ichidan esa onasining nolasi eshitildi: «Parvardigoro, agar bolamning boshiga bir balo solsang, so‘ngra uni qaytarsang, o‘g‘limni bir bor ko‘rsam». Shunda shayx: «Men och musofirman, menga taom beringlar», dedi. Onasi: «Eshikning oldiga kelgin», dedi. U: «Mening oyoqlarim yo‘q», dedi. Onasi: «Bo‘lmasa, qo‘lingni cho‘zgin», dedi. «Cho‘zadigan qo‘llarim ham yo‘q», dedi u. Onasi dedi: «Men senga nomahram bo‘lsam, qanday qilib seni taomlantiraman». U: «Qo‘rqma, mening ko‘zlarim ham yo‘q», dedi. Shunda onasi bitta non bilan ko‘zachada suv olib, uning oldiga keldi. Shayx yuzini onasining oyog‘iga qo‘yib: «Men sizning osiy o‘g‘lingizman», dedi. Onasi uni tanib, yig‘lab yubordi va: «Parvardigoro, agar holat bunday bo‘ladigan bo‘lsa, ikkalamizning ham jonimizni olgin, toki odamlar yuzlarimizning qoraligini ko‘rmasinlar», deb nola qildi. Uni nolasi tugur-tugamas, Alloh har ikkalovining jonini oldi.

Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kimki ota­onasini norozi qilgan bo‘lsa, shahodat kalimasini aytolmay o‘ladi va qabridan peshonasiga «Bu ota­onasiga oq bo‘lgan kimsaning jazosidir», deb yozilgan holatda turadi», dedilar. Boshqa bir hadisda: «Kimga Alloh taolo mol ato qilsa-yu, u ota­onasining haqqini ado qilmasa, uning amali habata bo‘ladi va u qattiq azoblanadi», deganlar. Imom Termiziy Abdulloh ibn Umardan rivoyat qiladilar: Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Allohning roziligi ota­onaning roziligida, g‘azabi ota­onaning g‘azabidadir», deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:37:53

«Sahihul Buxoriy»da kelishicha, Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: «Qaysi amal Allohga ma’qulroq?» deb so‘radim. «Ota­onaga yaxshilik qilish», dedilar. Men: «Yana qaysi amal?» deb so‘radim. Rasululloh: «Alloh yo‘lida g‘azot qilish», dedilar. Shu asnoda bir kishi kelib, g‘azotga chiqish uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ruxsat so‘radi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Ota­onangning xizmatini qilsang, g‘azot qilgan bo‘lasan», dedilar.

Ansorlardan bir kishi kelib: «Yo Rasululloh! Ota­onam o‘lib ketgandan keyin ham ularga yaxshilik qilishim kerakmi?» deb so‘radi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Ha, to‘rt narsa bilan xizmat qilishing kerak: ularning haqqiga duo qilish va istig‘for aytish, ularning ahd va va’dalarini bajarish, ularning do‘stlarini hurmat qilish», dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:39:15

Oltmish ikkinchi majlis
O’mon gumon qilish va g‘iybat haqida


Alloh taolo marhamat qiladi: «Ey mo‘minlar, ko‘p gumon(lar)dan chetlaninglar! Chunki ayrim gumon(lar) gunohdir! (O’zgalarning ayblari ortidan) josuslik qilib yurmanglar va ayrimlaringiz ayrimlarni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘rurmi?! Ana yomon ko‘rdingizmi?! (Bas, gunohi bundan-da ortiq bo‘lgan g‘iybatni ham yomon ko‘ringiz!) Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qilguvchi, mehribondir» (Hujurot surasi, 12­oyat).

Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Majlislaringizni menga salovot aytish bilan bezanglar, chunki aytgan salovotlaringiz qiyomat kuni sizlar uchun nur bo‘ladi». Boshqa hadisda esa: «Yuzimni uch toifa odam ko‘rmaydi: ota­onasiga oq bo‘lgan kimsa, sunnatimni tark qilgan va uning oldida zikr qilinganimda, menga salovot aytmagan kimsa», deganlar.

Rivoyat qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «G’iybat zinodan ham yomonroqdir». Sahobalar hayratlanib: «Qanday qilib, yo Rasululloh», deyishdi. U kishi aytdilar: «Kishi zino qilib, so‘ngra tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi. G’iybatchini g‘iybat qilingan kimsa kechirmagunicha, Alloh uning gunohini kechirmaydi». Bu hadisdan g‘iybat gunohi kabiralardan ekani ma’lum bo‘ladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:39:54

Alloh Muso alayhissalomga vahiy qilib aytdi: «Kim g‘iybat qilishdan tavba qilib o‘lsa, jannatga kiradiganlarning oxirgisi bo‘ladi. Kim g‘iybat qilgan holida vafot etsa, do‘zaxga kirguvchilarning avvalgisi bo‘ladi».

Ikrimadan rivoyat qilinadi: «Uzun bo‘ylik bir ayol Payg‘ambarimizning huzurlariga keldi. U chiqib ketgan vaqtda Oisha onamiz: «Bo‘yi juda uzun ekan», dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «G’iybat qilding», dedilar. Oisha onamiz: «Axir men undagi bor narsani gapirdim-ku?» deganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Unda qarih ko‘rilgan narsani zikr qilding», dedilar. Bu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, g‘iybat kishidagi mavjud narsani uning yo‘g‘ida gapirishdir. Unda mavjud bo‘lmagan narsani gapirish esa bo‘hton, tuhmat hisoblanadi. Bu esa g‘iybatdan ham yomonroq. Bunda uch o‘rinda tavba qilish zarurdir. Birinchisi, bo‘hton qilgan majlisga borib: «Men sizlarning oldingizda falonchi haqida bunday deb, yolg‘on gapirgan edim», deydi. Ikkinchisi, bo‘hton qilingan kimsaning oldiga borib, uning roziligini oladi. Keyin Allohga istig‘for aytib, tavba qiladi. G’iybat o‘zga kimsaning aqlida, kiyimida yoki so‘zi va nasabida uchraydigan bir kamchilikni gapirishdir.

A’lo ibn Horisdan rivoyat qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilarki: «Bo‘htonchi, g‘iybatchi va chaqimchilar qiyomat kunida mahsharga it suratida to‘planadilar».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:40:23

Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar alayhissalom dedilar: «Ikki kishining orasida chaqimchilik qiluvchi qiyomatgacha qabrida olov bilan kuydirib azoblanadi», deganlar.

Ka’bul Ahbor aytadilar: «Bani Isroilga qurg‘oqchilik musibati yetdi. Muso alayhissalom qavmi bilan birga yordam so‘rab uch kun istisqo namozini o‘qidilar, ammo yomg‘ir yog‘madi. Shunda Muso alayhissalom aytdilar: «Parvardigoro, bandalaring uch kun yomg‘ir so‘rab, namoz o‘qidilar, ammo ularning duolarini ijobat qilmading». Alloh vahiy qildi: «Ey Muso, Men ichida chaqimchisi bo‘lgan qavmning duosini qabul qilmayman». Muso alayhissalom: «Yo Parvardigor, uning kimligini bizga bildirgin, uni oramizdan chiqarib yuboramiz», deganlarida, Alloh: «Chaqimchilikdan qaytarib, o‘zim chaqimchilik qilayinmi?» dedi. Keyin ularning barchasi tavba qilgach, Alloh taolo yomg‘ir yog‘dirdi».

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Kim umrida bir marta g‘iybat qilsa, Alloh uni o‘nta uqubat bilan azoblaydi: Allohning rahmatidan uzoqlashadi; farishtalar unga hamroh bo‘lmaydi; o‘lim vaqtida jon berish qiyin bo‘ladi; do‘zaxga nomzod kimsaga aylanadi; jannatdan uzoqlashadi; qabrda azobi qattiq bo‘ladi; qilgan amallari puchga chiqadi; u sababli mening ruhim bezovta bo‘ladi; Alloh unga g‘azab qiladi; qiyomat kunida muflis kimsalardan bo‘ladi».
Abu Umoma aytadilar: «Qiyomat kuni bir bandaga nomai a’moli beriladi. Unda o‘zi qilmagan savoblarni ko‘rib: «Bular qaerdan keldi?» deb so‘raydi. Alloh unga: «Bular seni g‘iybat qilgan odamlarning amali», deb javob beradi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:40:34

Hasan Basriyning oldilariga bir kishi kelib: «Sizni falonchi g‘iybat qildi», deganda, g‘iybat qilgan kimsaga bir tovoq shirinliklar yuborib: «Sen menga savoblaringdan hadya qilding, men esa senga bularni hadya qildim», degan ekanlar.

Alidan raziyallohu anhu rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «G’iybatdan saqlaninglar, chunki g‘iybatchida uchta ofat bor: uning duosi ijobat etilmaydi; savoblari qabul qilinmaydi; gunohlari ziyodalashadi», dedilar.

Jobir ibn Abdulloh Ansoriy deydilar: «Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga edik. Shu payt sassiq, badbo‘y hid keldi. U kishi: «Bu qanday hid ekanini bilasizlarmi?» dedilar. Sahobalar: «Alloh va Uning rasuli biluvchiroqdir», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Bu mo‘minlarni g‘iybat qilayotgan kishilardan kelayotgan hiddir», deb javob berdilar».

«Islomning avvalida g‘iybatdan chiqqan badbo‘y hid bilinganu, bizning zamonimizga kelib u nima uchun bilinmay qoldi», degan savol tug‘ilishi tabiiy. Hozirgi paytga kelib, g‘iybat shu darajada ko‘paydi-ki, burunlar u bilan to‘lib, badbo‘yligi bilinmay qoldi. Masalan, teri oshlovchining hovlisiga kirgan kimsa u yerda bir soat ham tura olmaydi. Xolbuki, u yerda yashovchilar bemalol o‘tiraverishadi, chunki ular terining hidiga o‘rganib, moslashib qolgan bo‘lib, ularga sassiqligi bilinmaydi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:40:47

Ulamolarning aytishlaricha, g‘iybat to‘rt xil bo‘ladi: Muboh bo‘lgan g‘iybat, bunda g‘iybatchi gunohkor bo‘lmaydi; gunoh sanalgan g‘iybat, bunda g‘iybat egasi gunohkor bo‘ladi; nifoq g‘iybat, buning egasi munofiq bo‘ladi; to‘rtinchisi kufr g‘iybat bo‘lib, bu holatda g‘iybat qiluvchi kofir bo‘ladi. Muboh g‘iybat gunoh va bid’atni oshkora qilguvchini g‘iybat qilish bo‘lib, bu xususda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Fojirdagi narsalarni zikr qilaveringlar, chunki odamlar undan ehtiyot bo‘lishlari lozimdir», deganlar. Gunoh g‘iybat g‘oyib insonning aybini bir jamoatning oldida uning ismini aytib zikr qilishdir. Bunday kimsa osiy bo‘lib, tavba qilishi vojib. Nifoq g‘iybati bir insonni boshqa birovning oldida ismini aytmasdan zikr qilish. Ahli majlis g‘iybat qilinayotgan odamni bilsa-da, g‘iybatchi o‘zini taqvodor ko‘rsatib, uning ismini aytmaydi. Bu esa munofiqlikdir. Kufr g‘iybati esa g‘iybatchi bir insonning aybini ma’lum bir jamoat oldida ismini aytib, zikr qiladi. Agar unga: «G’iybat qilma», deyilsa, «Bu g‘iybat emas, men to‘g‘risini aytyapman», deydi. Alloh harom qilgan narsani halol sanagani uchun bu ish kufrga hukm qilinadi.

Huzayfadan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Chaqimchi jannatga kirmaydi», dedilar.

Hammod ibn Salama aytadilar: «Bir kishi qulini sotayotib, xaridorga: «Bu qulning ig‘vogarlikdan boshqa aybi yo‘q», dedi. Xaridor bu aybni nazariga ilmasdan, qulni sotib oldi. Qul bir necha kun o‘tgandan keyin mavlosining xotini oldiga kelib dedi: «Ering seni yaxshi ko‘rmaydi, shuning uchun boshqaga uylanmoqchi. Sen uning o‘zingga bog‘lanib qolishini istaysanmi?» Xotin: «Ha», deb javob berdi. Qul unga: «Ustarani olib, ering uxlagan vaqtida soqolidan bir tutam kesib olgin», dedi. So‘ng mavlosining ham oldiga kelib: «Xotining sendan boshqaga turmushga chiqish niyatida va seni o‘ldirishga chog‘lanmoqda. Buning haqiqatligini bilishni xohlaysanmi?» dedi. U: «Ha», deb javob bergach: «Bugun kechasi o‘zingni uxlaganga solib hushyor yot», dedi. Kechasi er o‘zini uxlaganga solib yotgan vaqtda xotin ustara bilan unga yaqinlashdi. Shunda eri: «U meni o‘ldirmoqchi», deb o‘yladi­da, xotinidan ustarani tortib oldi va uni o‘ldirdi. Xotinning qarindoshlari kelib, erni o‘ldirishdi. So‘ng erning qarindoshlari keldi, natijada ikki o‘rtada urush chiqib, qonlar to‘kildi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:40:59

Hikoya qilinadiki, Abu Lays Buxoriy hajga chiqdilar va cho‘ntaklariga ikki dirham solib, shunday qasam ichdilar: «Agar Makkaga borib-qaytguncha birovni g‘iybat qilsam, ushbu ikki dirhamni sadaqa qilaman». U kishi uylariga qaytganlarida ham o‘sha dirhamlar cho‘ntaklarida edi. Bu haqda so‘rashganida shunday javob berdilar: «Chunki bir marta g‘iybat qilish yuz marta zino qilishdan yomonroqdir. Lekin besh o‘rinda g‘iybat qilishga ruxsat etilgan. Birinchisi, mazlum kishining zolim ustidan qoziga murojaat qilishi. Ikkinchisi, fatvo beruvchidan fatvo so‘ragan kimsa Abu Sufyonning xotini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam oldlariga fatvo so‘rab kelganida: «Abu Sufyon bir xasis kimsaki, menga kifoya qiladigan narsani bermaydi"¦» degan edi. Uchinchisi, musulmon kishini birovning yomonligidan ogohlantirish uchun. To‘rtinchisi cho‘loq, g‘ilay, shol kabi ism-laqab bilan tanilgan bo‘lsa. Ulamolarning fikricha, kim hayo kiyimini tashlagan bo‘lsa, uni zikr qilish g‘iybat bo‘lmaydi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:41:30

Oltmish uchinchi majlis
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mo‘‘jizalari haqida


Alloh taolo aytadi: «(Qiyomat) soati yaqinlashib qoldi va oy ham bo‘lindi. Agar ular (Quraysh kofirlari Muhammad alayhissalomning haq payg‘ambar ekanliklariga dalolat qiladigan) biron oyat­mo‘‘jiza ko‘rsalar (ham u Payg‘ambarga iymon keltirish o‘rniga) yuz o‘girurlar va: «(Bu) har doimgi sehr­ku!» derlar. Ular (Payg‘ambarni) yolg‘onchi qildilar va havoyi nafslariga ergashdilar. Har bir ish (o‘z) joyini topguvchidir (ya’ni, garchi kofirlar yuz o‘girsalar-da, bu haq din Yer yuzida qaror topur)» (Qamar surasi, 1—3-oyatlar).

Quraysh raislaridan Valid ibn Mug‘iyra, Abu Jahl, Os ibn Voil va boshqalar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib, shunday dedilar:

— Ey Muhammad, agar sen bizga mo‘‘jiza ko‘rsatadigan bo‘lsang, iymon keltiramiz. Sen Alloh yuborgan payg‘ambar bo‘lsang, osmondagi oyga ishora qil, u ikkiga bo‘linsin. O’shanda sening so‘zingga ishonamiz.

Shu kecha oy o‘n to‘rt kunlik bo‘lib, ayni to‘lishgan vaqti edi. Ular talabiga binoan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oyga barmoq ko‘tarib ishorat qildilar. Alloh amri bilan to‘lin oy ikkiga bo‘lindi. Bir bo‘lagi o‘z o‘rnida qolib, ikkinchi bo‘lagi Jaroa tog‘ining to‘g‘risiga kelib turdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
— Mana, ko‘ringlar Allohning qudratini! — deb nido qildilar. Ammo kofirlar shunday ulug‘ mo‘‘jizani ko‘rib ham, iymon keltirishmadi. Balki:

— Muhammad bizni sehr qildi, ko‘z boyladi,— deyishdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:41:46

Shu payt ulardan bir kishi turib:
— Atrofdan kelgan yo‘lovchilardan so‘rab ko‘raylik, bizni sehr qilgan bo‘lsa ham, uzoqdagilarga sehr qila olmagay, — dedi.

Har tomondan keluvchi kishilardan so‘rashganida: «Shu tunda ushbu soatda biz falon joyda edik. Oy ikki bo‘lakka ajralganini ko‘rdik», deb hammalari guvohlik berishdi. Makka mushriklari bu bilan ham tavfiq topmadi. Ammo mo‘minlarning iymoniy quvvati yana ham ziyoda bo‘ldi. Baxtsiz kishilarga shundoq ulug‘ ne’matdan zarracha bahra yetmadi. Bu mo‘‘jiza hijratdan besh yil ilgari Makka shahrida bo‘lgan edi. Ikki parcha bo‘lib yorilgan oy shu holida, bir­ikki soatcha turib, so‘ngra qo‘shildi. Mana shu paytda «(Qiyomat) soati yaqinlashib qoldi va oy ham bo‘lindi"¦» oyati nozil bo‘ldi. Bu oyat mazmunidan ma’lum bo‘ladiki, oy yorilishi qiyomat alomati ekan. Bu mo‘‘jizaga shubha qilmoq musulmon kishiga loyiq emas. Chunki bu mo‘‘jizaning haqligi yuqoridagi oyat bilan ham bilan sobit bo‘lgan.

Mo‘‘jizalaridan yana biri daraxtlar tilga kirib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga salom berishidir. Bu ishga yuzga yaqin sahoba guvoh bo‘lishgan.

Hazrati Umar hikoya qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan g‘azot safariga chiqdik. Yo‘lda bir a’robiyni ko‘rib: «Qayoqqa ketyapsan?» deb so‘radilar. «Uyimga boryapman», dedi u. «Yaxshilik topmoqqa qandaysan?» deb so‘radilar. U rozilik bildirdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Meni Alloh taolo butun yer yuziga payg‘ambar qilib yubordi, yaxshilikka yetganing shudir». A’robiy aytdi: «Men sening payg‘ambarligingni qaydan bilaman? So‘zing rostligiga kim guvohlik bera olur?» Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam soy ichida ko‘rinib turgan daraxtga qarab: «Ana shu daraxt mening payg‘ambarligimga guvohlik berur. Uning oldiga borib: «Seni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam chaqiryapti», degil, kelib guvohlik bersin», dedilar.

Qayd etilgan