Hikoya qilinishicha, fazilati bilan mashhur bo‘lgan bir shayx Makkaga safar qilishni maqsad qildi. Ammo uning onasi bunga norozi bo‘ldi. Onasi uning ortidan: «Parvardigoro, o‘g‘lim meni ayriliq o‘ti bilan kuydirdi. Uni bu qilmishi uchun jazolagin!» deb duo qildi. Shayx shaharlardan biriga yetgach, masjidga kirib ibodat qila boshladi. Shu kecha bir kishining uyiga o‘g‘ri kirdi. Uy egasi o‘g‘rining masjid tomonga qarab qochganini ko‘rdi. Odamlar uni quvlay ketishdi, lekin o‘g‘ri masjidning oldiga kelganda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ular: «Masjidga kirgandir», degan gumon bilan kirdilar. Namoz o‘qiyotgan shayxni ushlab, shahar podshohining oldiga olib keldilar. Podshoh uning ko‘zini o‘yishga va qo‘lÂoyoqlarini kesishga buyurdi. Jallodlar uning qo‘l-oyog‘ini kesib, ko‘zini o‘yishdi va: «Bu o‘g‘rining jazosi», deya bozorda nido qilishdi. Shunda shayx: «Bunday demanglar, balki bu onasining iznisiz Ka’bani tavof qilish uchun chiqqan kimsaning jazosidir», deb aytinglar», dedi. Ular uning shayxligini bilishgach, qilgan ishlaridan pushaymon bo‘lishdi. Shayxni onasining oldiga olib kelib, ostonaga qo‘yib ketishdi. Uy ichidan esa onasining nolasi eshitildi: «Parvardigoro, agar bolamning boshiga bir balo solsang, so‘ngra uni qaytarsang, o‘g‘limni bir bor ko‘rsam». Shunda shayx: «Men och musofirman, menga taom beringlar», dedi. Onasi: «Eshikning oldiga kelgin», dedi. U: «Mening oyoqlarim yo‘q», dedi. Onasi: «Bo‘lmasa, qo‘lingni cho‘zgin», dedi. «Cho‘zadigan qo‘llarim ham yo‘q», dedi u. Onasi dedi: «Men senga nomahram bo‘lsam, qanday qilib seni taomlantiraman». U: «Qo‘rqma, mening ko‘zlarim ham yo‘q», dedi. Shunda onasi bitta non bilan ko‘zachada suv olib, uning oldiga keldi. Shayx yuzini onasining oyog‘iga qo‘yib: «Men sizning osiy o‘g‘lingizman», dedi. Onasi uni tanib, yig‘lab yubordi va: «Parvardigoro, agar holat bunday bo‘ladigan bo‘lsa, ikkalamizning ham jonimizni olgin, toki odamlar yuzlarimizning qoraligini ko‘rmasinlar», deb nola qildi. Uni nolasi tugur-tugamas, Alloh har ikkalovining jonini oldi.
Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kimki otaÂonasini norozi qilgan bo‘lsa, shahodat kalimasini aytolmay o‘ladi va qabridan peshonasiga «Bu otaÂonasiga oq bo‘lgan kimsaning jazosidir», deb yozilgan holatda turadi», dedilar. Boshqa bir hadisda: «Kimga Alloh taolo mol ato qilsa-yu, u otaÂonasining haqqini ado qilmasa, uning amali habata bo‘ladi va u qattiq azoblanadi», deganlar. Imom Termiziy Abdulloh ibn Umardan rivoyat qiladilar: Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Allohning roziligi otaÂonaning roziligida, g‘azabi otaÂonaning g‘azabidadir», deganlar.