Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Agar mo‘min banda tavba qilsa, Alloh unga fisqda o‘tkazgan har bir kuni uchun bir yillik ibodatning savobini yozadi. Unga shahidning maqomini berib, boshiga mingta toj kiydiradi. Qabrda yotganida uning uchun jannatga eshik ochiladi. Qiyomat kunida o‘ng va orqa tarafida farishtalar turib, unga jannat xushxabarini beradilar».
Bir kuni hazrati Umar raziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam oldilariga yig‘lab kirdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Seni nima yig‘latdi, ey Umar?» dedilar. Umar aytdi: «Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam, ko‘chada bir yigit yuragimni kuydirdi, u yig‘lab turibdi». «Ey Umar, menga uni olib kir!» dedilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam. Haligi yigit yig‘lab kirdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Nega yig‘layapsan, ey yigit?» deb so‘radilar. «Ey Allohning payg‘ambari! Gunohlarimning ko‘pligidan yig‘layman. Men Allohning g‘azabidan qo‘rqyapman», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam so‘radilar: «Allohga shirk keltirdingmi?» «Yo‘q», deb javob berdi. «Nohaq odam o‘ldirdingmi?» deganlarida, yigit: «Yo‘q», dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Gunohing yetti osmon, yetti yer va baland tog‘lardek bo‘lsa ham albatta, Alloh uni kechiradi». «Ey Allohning rasuli! Mening gunohim yetti osmon, yetti qavat yer va baland tog‘lardan ham kattaroq». Ul zot so‘radilar: «Sening gunohing kursidan ham kattaroqmi?» «Undan ham kattaroq», dedi yigit. «Gunohing arshdan ham kattaroqmi?» «Kattaroq». Shunda Nabiy alayhissalom: «Gunohing ulug‘mi yoki Alloh»? (ya’ni Allohning mag‘firatimi?!) dedilar. «Alloh ulug‘dir!» dedi yigit. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Albatta, katta gunohlarni Alloh kechiradi, ayt-chi, nima gunoh qilding?» Yigit: «Yo Allohning rasuli, men sizdan uyalaman», dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam ikkinchi marta: «Qilgan gunohingni aytib bergil», dedilar. Yigit hikoyat qila boshladi: «Ey Allohning Rasuli! Men yetti yil qabrlarni ochib, kafanlarni olish bilan shug‘ullandim. Bir kuni ansor qizlaridan biri dafn qilindi. Men uning qabrini ochib, uni kafandan chiqardim. Ozgina o‘tmasdan shayton nafsimga g‘olib kelib, o‘sha qiz bilan jimo’ qildim. Ko‘p o‘tmay marhum qiz turib: «Senga Allohning g‘azabi bo‘lsin, ey yigit! Allohdan uyalmaysanmi? Qiyomat kunida hukm uchun toshÂtarozi qo‘yiladi, mazlumga zolimdan haqqi olib beriladi. Bu o‘liklar vatanida meni yalang‘och tashlab ketyapsan. Allohning qudrati oldida meni junub holatiga tushiryapsan», dedi». Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam o‘rinlaridan sakrab ketdilar, uni yelkasidan ushlab itarib yubordilar. «Ey fosiq, sening do‘zaxga kirishga bu qadar hojating bor ekan, mening oldimdan ketgin», dedilar. Keyin yigit qirq kecha-kunduz Allohga tavba qildi. Bu muddat to‘liq bo‘lgach, boshini osmonga ko‘tarib: «Yo Parvardigoro, agar meni kechirsang Muhammad sollallohu alayhi va sallamga va sahobalariga bildirgin. Agar bildirmasang, osmondan olov yuborib, meni kuydirgin va oxirat azobidan najot bergin!» deb iltijo qildi. Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib: «Assalomu alaykum, ey Muhammad! Rabbingiz sizga salom aytdi». «Allohga salom, salom Allohdandir va salom o‘ziga qaytgaydir! dedilar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam». Jabroil alayhissalom aytdi: «Alloh taolo sizdan so‘radi: «Butun maxluqlarni siz yaratdingizmi?» Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Yo‘q! Men va (barcha) maxluqlarni O’zi yaratgandir». Jabroil alayhissalom dedi: «Rabbingiz aytdiki: «Ularga rizqni siz berasizmi?» «Yo‘q, ularni va meni Alloh rizqlantiradi», dedilar. Jabroil dedi: «Rabbingiz aytdiki: «Ularning tavbasini siz qabul qilasanmi?» Aytdilar: «Alloh mening va ularning tavbalarini qabul qilguvchidir». Jabroil alayhissalom aytdi: «Alloh dedi: «Bu bandamning tavbasini qabul qilgin, chunki men tavbasini qabul qildim». Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yigitni chaqirtirib: «Alloh gunohingni kechirganini bashorat qildi va tavbangni qabul qildi» dedilar. Keyin shom namoziga turishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Fotiha surasini o‘qib bo‘lganlaridan keyin, unga «Takasur» surasini zam sura qildilar. Bu suradan: «(Ey insonlar) Sizlar to qabrlarni ziyorat qilgunlaringizcha (ya’ni o‘lib qabrga kirgunlaringizcha) sizlarni (molÂdunyo) to‘plab ko‘paytirish (Alloh taologa toatÂibodat qilishdan) mashg‘ul qildi», degan joyigacha o‘qiganlarida haligi yigit bir faryod qilib yiqildi. Namozni tugatganlaridan keyin qarasalar, yigit vafot etgan ekan.