Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 186882 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 29 30 31 32 33 34 35 36 B


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:59:08

Bani Isroilda bir obid bo‘lib, u kechalari Allohga ibodat qilib, kunduzlari gazlama sotib tirikchilik qilarkan. Kunlarning birida matosini sotish uchun hovlidan chiqdi. Amirning eshigi oldidan o‘tayotganda uni amirning xotini uni ko‘rib qoldi. Qarasa, go‘zal yuzli tijoratchi eshigining oldidan o‘tib ketayapti. Ayolning nafsi unga moyil bo‘ldi va obidni hovlisiga chaqirib: «Ey tijoratchi, men senga oshiqman. Mening molim ko‘p. Sen ozgina matoingni tashlagin va bu kiyimingni yechib, ushbu harir liboslarni kiygin. Xohlasang, mening molimga ega bo‘lgin», dedi. Obidning nafsi ham unga moyil bo‘ldi. Shunda u o‘ziga: «Ey nafsim, Allohdan qo‘rqqin», dedi. Ayolga: «Men Allohdan qo‘rqaman», deganida, ayol: «Allohga qasamki, toki o‘zingni menga topshirmaguningcha, eshikni ochmayman», dedi. Obid o‘ziga: «Ey nafsim, Allohdan qo‘rqqin», dedi va bir muddat bu ayoldan qutilish uchun fikr qildi. So‘ng ayolga: «Ey amirning ayoli, menga tahorat qilib ikki rak’at namoz o‘qishlik uchun muhlat bergin» dedi va tahorat qilib, uyning tepasiga chiqdi va ikki rak’at namoz o‘qidi. Shundan so‘ng yerga qaradi. Uyning balandligi o‘n gazcha kelardi. Ko‘zini osmonga tikib, yig‘lagan hamda Allohdan najot berishini so‘radi: «Ey Alloh, albatta, men senga yetmish yildan beri ibodat qilmoqdaman, meni bu ayolning yomonligidan xalos qilgin». «Ey nafsim, Allohdan qo‘rqqin», deb, o‘zini uyning tepasidan yerga tashladi. Alloh Jabroil alayhissalomga: «Bandamning qo‘lidan ushlagin, albatta, u mening azobimdan qo‘rqib o‘zini tashladi», deb amr qildi. Jabroil alayhissalom tezda kelib, yerga tushishdan avval xuddi ona bolasini ushlaganidek uni ushlab qoldi. Yerga xuddi qush kabi tushgan obid ayolning yomonligidan xalos bo‘lganidan shodlanib ketdi. Uyiga esa och qolib, g‘amgin holatda keldi. Ahli ayolining huzurida bo‘lganida qo‘shnisi chiqib, qarzga bitta non so‘radi. Obid unga: «Bizlarning bir necha kundan beri nonimiz yo‘q, xohlasang, tandirga qaragin», dedi. Qo‘shni tandirga qarasa, nonlar pishayotgan ekan. Qo‘shni buni obidga aytibdi. Ayoli bundan ajablanib eriga: «Bu sizning karomatingiz sababidan bo‘lishi kerak. Nima voqea yuz berdi?» deb so‘rabdi. Obid bo‘lgan voqeani aytibdi. Ayoli Allohga ko‘p shukronalar aytibdi

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:00:11

Rasuli Akram sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib shunday dedilar: «Qiyomat kunida musulmonlarning yosh go‘daklari mahshargohda to‘planadilar. Alloh: «Ey Jabroil, musulmonlarning bolalarini jannatga olib bor», deb amr qiladi. Jabroil alayhissalom Alloh taborak va taoloning amri bilan go‘daklarning hammasini to‘plab, jannat eshigi oldiga olib keladilar va: «Jannatga kiringlar», deb aytadi. Go‘daklar: «Bizning ota­onalarimiz qaerda?» deb so‘rashadi. «Sizning ota­onalaringiz shaytoniy nafs yo‘lidan yurib, Yaratganning amrini bajo keltirmaganlari uchun do‘zaxga hukm qilindilar», deb javob beradilar farishtalar. Bolalar buni eshitib, uvvos solib yig‘laydilar: «Ota­onalarimizdan ajrab, jannatga kirish bizlarga yarashmaydi. Ota­onalarimizning gunohlarini afv etib, biz bilan birga jannatga kirgizadi, deb Allohdan umid qilamiz. Aks holda bizni ham ota­onalarimiz bilan birga do‘zaxga tashlasin». Shunda Alloh taolo nido qiladi: «Ey Jabroil, go‘daklarning ota­onalarini do‘zaxdan chiqarib, ularga topshir. Go‘daklarning shafoati bilan ularning gunohini kechirdim va mag‘firat etdim». Go‘daklar buni eshitib, xursand hollarida ota­onalarining qo‘llaridan ushlab jannatga olib kiradilar».

Abu Solih raziyallohu anhu Allohning: «Alloh ularning ustidan kuladi va o‘z tug‘yonlarida adashib­uyuqib yurishlarini davomli qiladi», degan oyati haqida shunday deydilar: «Do‘zax ahli do‘zaxda azoblanayotgan vaqtlarida ularga: «Chiqinglar», deyiladi va do‘zax darvozalari ochiladi. Ahli do‘zax darvozalar ochilganini ko‘rgan vaqtlarida, u yerdan chiqish uchun darvozalar tomon kela boshlaydilar. Mo‘minlar jannatlarda ularni so‘rilarning ustidan kuzatib turadilar. Ahli do‘zax darvozalarning oldilariga kelganlarida eshiklar yopiladi. Bu Allohning: «Alloh ularning ustidan kuladi», deganidir. Mo‘minlar ham do‘zax ahlini qarshilarida eshiklar yopilganini ko‘rgan vaqtlarida kuladilar. Bu Allohning: «Endi bu (qiyomat) kunida iymon keltirgan zotlar kofirlardan kulurlar. Ular (jannatdagi) so‘rilarda (kofirlarning azoblanishiga) boqib (o‘tirurlar). Kofirlar o‘zlari qilib o‘tgan qilmishlarining jazosini oladilarmi? (albatta oladilar)» deganidir. (Mutaffifun, 34—36-oyatlar)

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:00:21

Abu Dardodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Do‘zax ahli qattiq och qoladilar. Ochlik azobi ular uchun boshqa azoblardan ko‘ra shiddatli bo‘ladi. Shunda ular yig‘lab, taom talab qiladilar. Zaboniyalar ularni zori’ bilan taomlantirishadi. Zori’ cho‘lda o‘sadigan o‘t bo‘lib, agar uni tuya yesa, halqumiga tiqilib qoladi. Do‘zax ahli zore’ni yeganlarida u tamoqlariga tiqilib qolib, ular suv so‘raydilar. Zaboniyalar ularga qaynoq suv olib kelishadi. Ular idishga og‘izlarini yaqinlashtirganlarida, suvning qaynoqligidan yuzlaridagi go‘shtlar oqib tushadi. Suvni ichgan vaqtlarida ichaklari kuyib, parchalanib ketadi. Ular zaboniyalarga yolvorganlarida zaboniyalar ularga: «Dunyo hayotida sizlarni ogohlantiruvchilar kelmaganmidi?!» deyishadi. Ular esa: «Albatta kelgan edi, lekin biz payg‘ambarning gapiga quloq solmagandik va uni tasdiqlamagandik», deb javob berishadi. Shunda zaboniyalar ularga: «Endi dod­faryodlar, yalinib­yolvorishlar sizlarga foyda bermas», deyishadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:00:44

Oltmish to‘qqizinchi majlis
Nafs haqida


Alloh taolo aytadi: «U kunda insonga (hayoti dunyodalik chog‘ida) qilib o‘tgan va (o‘zidan keyin) qoldirgan (barcha) narsalarning (ya’ni, yaxshi­yomon amallarning) xabari berilur. Balki (U kunda) inson — garchi o‘z uzr-bahonalarini (o‘rtaga) tashlasa — keltirsa­da, — (uning barcha a’zolari) o‘zining ziyoniga guvohlik berguvchidir!» (Qiyomat surasi, 13­15-oyatlar)

Ya’ni, inson hayoti dunyodalik paytida har qanday hakamni o‘z tili bilan aldab ketishi mumkin, ammo qiyomat kuni yolg‘iz Alloh taolo hakam bo‘lgan paytida insonning notiqligi befoyda bo‘lib qoladi. Inson u kunda o‘zini oqlash uchun har qancha sabab­bahonalar topmasin, Tangri taolo tomonidan uning badanidagi barcha a’zolar tilga kirib qilib o‘tgan gunohlariga guvohlik beradi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim g‘am­tashvishga botib qolsa, menga salovot aytishni ko‘paytirsin, chunki menga salovot aytishlik g‘am­tashvishlarni ketkazadi, rizqni ko‘paytiradi» dedilar.
Solihlardan ba’zilaridan naql qilinadi: «Mening bir nusxa ko‘chiruvchi qo‘shnim bor edi. U vafot etgach, uni tushimda ko‘rdim va: «Alloh senga qanday muomala qildi?» deb so‘radim. «Meni mag‘firat qildi», dedi u. «Nima sababli?» deb undan so‘radim. U: «Men har qachon Muhammad alayhissalomni ismlarini yozganimda u kishiga salovot aytardim. Rabbim bu sababli menga ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan va inson xayoliga kelmagan ne’matlarni ato qildi», deb javob berdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:01:39

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Tilga yengil, ammo mezonda og‘ir va Allohga suyukli ikki kalima bor. Ular — «Subhonallohi va bihamdihi» va «Subhonallohil a’zim». Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim bir sunnat joriy qilsa, bu sunnatning savobi va bu sunnatga amal qilganlarning savobichalik savob o‘sha kimsaga bo‘ladi. Kim bir bid’atning joriy qilsa, bu bid’atning gunohi va shu bid’atga amal qilganlarning gunohichalik gunoh o‘sha kimsaga bo‘ladi».

Alloh taolo Fussilat surasining 20­24-oyatlarida shunday deydi: «Endi qachonki ular (do‘zaxga) kelishgach, (hayoti dunyoda qilib o‘tgan kufru isyonlari haqida so‘raladilar, lekin ular o‘z qilmishlaridan tonishga urinadi. Shunda) ularning quloqlari ko‘zlari va terilari ular qilib o‘tgan narsalari haqida o‘zlariga qarshi guvohlik beradi. Ular terilariga: «Nima uchun bizlarga qarshi guvohlik berdinglar?» deyishganda, (terilari): «Bizlarni barcha narsani so‘zlatgan zot — Alloh so‘zlatdi. Sizlarni dastlab u yaratgan va sizlar yana Uning O’zigagina qaytarilursiz», deydi. Sizlar (hayoti dunyoda gunoh ishlarni qilganlaringizda sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib, odamlardan yashirar edinglar­u, ammo) quloqlaringiz, ko‘zlaringiz va terilaringiz o‘zlaringizga qarshi guvohlik berishdan (saqlanish uchun ulardan) yashiruvchi emas edinglar (chunki sizlar qiyomat kunida a’zoyi badanlaringizga ham zabon berilishini bilmasdinglar). Lekin sizlar, Alloh amallaringizdan ko‘pini (ya’ni odamlardan yashirincha qilgan gunohlaringizni) bilmaydi, deb o‘yladinglar. Va Parvardigoringiz haqida o‘ylagan mana shu gumonlaringiz sizlarni halok qildi (ya’ni do‘zaxga tushishlaringizga sabab bo‘ldi.) Bas, sizlar ziyonkor kimsalarga aylanib qoldinglar. Endi agar ular (azobga) chidasalar, ana o‘sha do‘zax joylaridir (ya’ni, azob­uqubatni tortaveradilar), agar ortga qaytishni talab qilsalar, endi ular qaytguvchi emaslar».

Dovud alayhissalom shunday iltijo qildilar: «Yo Parvardigoro, men hayotlik paytimdayoq Sirot ko‘prigi va Tarozini ko‘rishni istayman». Alloh: «Ey Dovud, falon vodiyga borgin», deb, uning qarshisidan pardani oldi. Dovud alayhissalom Sirot ko‘prigi va Tarozini ko‘rdilar va qattiq g‘amga botib yig‘ladilar. «Yo Parvardigoro, bandalaringdan kim bu tarozining pallasini yaxshiliklar bilan to‘ldirishga qodir bo‘ladi?» dedilar. Alloh aytdi: «Izzatim va buyukligimga qasamki, kim «La-a ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh»ni ishonch-e’tiqod bilan bir marta aytsa, Sirot ko‘prigidan chaqmoqdek o‘tadi va kim bir xurmo miqdoricha bo‘lsa ham, Men uchun sadaqa qilsa, tarozining pallasi to‘ladi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:01:56

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qildilar: «Badbaxtlikning alomati to‘rtta: Birinchisi — qilgan gunohlarini unutish, holbuki, ular Allohni dargohida unutilmagandir. Ikkinchisi — qilgan savoblarini zikr qilish, holbuki, bu savoblari qabul qilingan — qilinmaganini bilmaydi. Uchinchisi — mol­dunyoda o‘zidan yuqoridagilarga qarash. To‘rtinchisi — din­taqvoda o‘zidan pastdagilarga, ya’ni fosiqlarga qarash».
Nabiy alayhissalom aytadilar: «Kishining hayotlik va sog‘lom vaqtida bir dirham sadaqa qilmog‘i, o‘limi vaqtida yuz dirham sadaqa qilmoqligidan yaxshiroqdir».

Faqih Abu Lays Samarqandiy dedilar: «Qiyomat kuni to‘rt toifa insonlar keltiriladi. Ularning har biri uzr keltiradi, lekin ularning uzrlari qabul bo‘lmaydi. Birinchisi boylar bo‘lib, ular: «Yo Parvardigoro, boyligimiz Senga ibodat qilishdan bizlarni man qildi», deyishadi. Alloh ularga Sulaymon alayhissalomni hujjat qilib, «Sizlar Sulaymondan ham boyroqmisizlar?! Zero, Sulaymonning boyligi uni Menga ibodat qilishdan to‘smadi», deb javob beradi. Ularning uzrlari qabul qilinmay, do‘zaxga haydaladilar. Ikkinchisi kambag‘allar bo‘lib, ular: «Yo Parvardigoro, bizlarni kambag‘alligimiz Senga ibodat qilishdan to‘sib qo‘ydi», deb uzr aytadilar. Alloh ularga Iso alayhissalomni hujjat qilib: «Sizlar Isodan ham kambag‘alroqmisizlar?! Zero, kambag‘allik Isoni Menga ibodat qilishdan to‘smadi. Sizlarning uzrlaringiz maqbul emasdir», deb javob beradi. Ular ham do‘zaxga haydaladilar. Uchinchisi qullar bo‘lib: «Yo Parvardigoro, bizlar qul edik, shu bois, Senga ibodat qilolmadik», deb uzr aytishadi. Alloh ularga Yusuf alayhissalomni hujjat qilib: «Albatta, Yusuf qul bo‘lishiga qaramasdan, Menga ibodat qilishdan to‘xtamadi. Sizlarning ham uzrlaringiz maqbul emasdir», deydi. Ular ham do‘zaxga haydaladilar. Keyingi uzr aytuvchilar kasallar bo‘lib, ular: «Yo Parvardigoro, kasalligimiz bizni Senga ibodat qilishdan qaytardi», deyishadi. Alloh ularga Ayyub alayhissalomni hujjat qilib: «Sizlar Ayyubdan ham kasalroq edinglarmi?! Zero, Ayyubning kasali uni Menga ibodat qilishdan to‘sib qo‘ymadi. Sizlarning uzrlaringiz maqbul emasdir», deb javob beradi va ular ham do‘zaxga haydaladilar».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:02:11

Oishadan raziyallohu anho rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Bir qishloq ahliga azob keldi, holbuki u yerda o‘n sakkiz ming nafar amali solih qilguvchilar bor edi. Sahobalar: «Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam nima uchun ularga azob keldi?» deb so‘rashdi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Chunki ular Alloh uchun g‘azablanmasdilar, yaxshilikka buyurmasdilar va yomonlikdan qaytarmasdilar», deb javob berdilar. Kim biror bir yomon amalning shohidi bo‘lib, gunoh sodir qiluvchi odamni bu ishdan qaytarmasa, u ham gunohga sherik bo‘ladi, xuddi g‘iybatni eshitib turgan kishi gunohda g‘iybatchiga sherik bo‘lganidek. Masalan, mast qiluvchi ichimlik ichilayotgan majlisda o‘tirgan kimsa garchi aroq ichmasa ham fosiqdir.

Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam, toki o‘zimiz to‘liq amal qilmaguncha yaxshilikka buyurmaylikmi?! Va o‘zimiz to‘liq chetlanmagunimizcha yomonlikdan qaytarmaylikmi?!» dedik. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Balki yaxshilikka buyuraveringlar, garchi to‘liq amal qilmasanglar ham. O’monlikdan qaytaraveringlar, garchi o‘zlaringiz to‘liq chetlana olmagan bo‘lsangizlar ham», dedilar».

Hikoya qilinishicha, donishmand Abulqosimdan bir kishi so‘rabdi: «Bizlarning zamonamiz ulamolariga nima bo‘ldiki, salaf solihinlar kabi odamlarga va’z nasihat qilmayaptilar?!» Shunda donishmand Abdulqosim: «Salaf ulamolari uyg‘oq bo‘lgan, odamlar esa uyquda edilar, natijada uyg‘oqlar uyqudagilarni uyg‘otdilar. Zamonamiz ulamolari esa uyqudadirlar, odamlar esa o‘lgandirlar. Endi qanday qilib uyqudagilar o‘liklarni tiriltiradi», deb javob berdilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:02:47

Ikrima raziyallohu anhu dedilar: «Bir kishi odamlar ibodat qilayotgan daraxtning oldidan o‘tib qoldi va qattiq g‘azablandi. Daraxtni chopib tashlash uchun qo‘lida bolta bilan yo‘lga tushdi. Shunda unga shayton odam suratida yo‘liqib: «Qaerga ketayapsan?» dedi. U: «Ibodat qilinayotgan daraxtning oldiga. Allohga qasamki, uni kesib tashlayman», dedi. Shayton alayhi la’na: «Sening daraxt bilan nima ishing bor. Uni o‘z holicha qoldirgin», dedi. Haligi kishi ko‘nmagach, ikkalasi kurasha ketishdi. Kishi shaytonni uch marta yiqitdi. Shayton ojiz qolgach: «Uyingga qaytsang, men senga har kuni to‘rt dirhamdan berib turaman», dedi. Kishi rozi bo‘lib, qaytib ketdi. U bir necha kun davomida ko‘rpasining ostidan to‘rt dirhamdan pul topdi. So‘ngra pul ko‘rinmay qoldi. Shunda yana boltani olib, eshagiga mindi va daraxtga qarab yo‘l oldi. Shayton unga avvalgi suratida ko‘rinib: «Qaerda ketyapsan?» dedi. «Ana u daraxtni chopib tashlash uchun ketyapman», dedi avvalgidek. Shayton: «Bu sening qo‘lingdan kelmaydi», dedi. Yana ikkalovi kurash tushishdi. Bu safar shayton uni uch marta yiqitdi. Kishi ajablanib: «Qanday qilib, sen meni yiqitding, axir avval men seni osonlik bilan yiqitgan edim-ku?!» dedi. Unga javoban shayton: «Sen avval Alloh uchun chiqqan eding, agar barcha yordamchilarim yig‘ilganda ham, seni yenga olmasdilar. Ammo keyingi gal esa ko‘rpachang ostidan topa olmagan dirhamlar uchun chiqding. Shu sababli seni osongina yiqitdim. Bas, sen bu yo‘lingdan qaytgin. Agar qaytmasang, kallangni olaman», dedi. Kishi uyiga qaytib ketdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:03:11

Yetmishinchi majlis
Qadr kechasining fazilati haqida


Alloh taolo aytadi: «Albatta, Biz u (Qur’on)ni qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad alayhissalom), Qadr kechasi nima ekanligini siz qaerdan ham bilar edingiz?! Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir. U (kecha)da farishtalar va Ruh (ya’ni, Jabroil alayhissalom) Parvardigorlarining izni­ixtiyori-la (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar bilan (osmondan zaminga) tushurlar. U (kecha) to tong otguncha tinchlik­omonlikdur» (Qadr surasi, 1­5-oyatlar).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Qiyomat kunida mening shafoatimga eng haqliroq kimsa menga eng ko‘p salovot aytuvchi kishidir».

Ulamolar bu xususda shunday deydilar: Alloh Qur’oni karimni uch jihatdan ulug‘ladi. Birinchisi, uning nozil qilinishini o‘ziga nisbat bergan va o‘zigagina xoslangandir, ya’ni, «Biz nozil qildik», degan. Ikkinchisi ismi zohir bilan emas, zamir bilan keltirdi. Ya’ni, «Uni», dedi. Bu arab tili qoidasiga ko‘ra qadrining balandligiga guvohlik berish hisoblanadi. Uchinchisi, uni nozil qilgan vaqtning qadrini baland qildi, ya’ni Qur’on nozil bo‘lgan kechani qadrli qildi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:03:26

«Qadr», deb nomlanishidan murod (ya’ni, oldindan belgilash, aniqlash, taqdir, qismat, degan ma’nolarni anglatadi), chunki bu kechada shu yildan kelgusi yilgacha bo‘ladigan ishlar, hukmlar, rizqlar, ajrlarning miqdori o‘lchanadi, belgilanadi. Alloh bir yillik taqdirni farishtalarga bildiradi va bu yil taqdir qilingan narsalarni ularga yozib qo‘ymoqlikni amr­farmon etadi. Bu taqdirlarni bitib qo‘yadi, degani emas, chunki Alloh taolo osmonlaru yerni yaratishdan avval uni yozib qo‘ygandir. Shu yili bo‘ladigan ishlar taqdirini yozguvchi farishtalar azob va rahmat daftarini Jabroil alayhissalomga berishadi. O’simliklaru rizqlar daftarini Mikoil alayhissalomga berishadi. Ajallar daftarini o‘lim farishtasiga berishadi.

Ba’zi ulamolar: «Qadr so‘zi «tor» degan ma’noda bo‘lib, shu kecha tushgan farishtalarning ko‘pligidan yer torayib qoladi», degan fikrni bildirishgan.

Ibn Abbos raziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: «Ul zot dedilar: «Inna anzalnahu fiy laylatul qadr» surasi nozil bo‘lish munosabati balan Jabroil alayhissalom huzurimga kelib: «Sham’un ibn G’oziy ismli shaxs sizdan ilgari yashab o‘tgan edi. U kofirlarga qarshi ming oy g‘azot qildi. Uning quroli faqatgina tuyaning junidan to‘qilgan qamchi bo‘lib, bundan boshqa narsasi yo‘q edi. Agar u bilan kofirlarni ursa, ulardan ko‘pchiligi vafot etardi. Agar chanqasa, tishlarining orasidan shirin totli suv chiqarib, ichardi. Agar och qolsa tishlarining orasidan go‘sht o‘sardi. U ming oy, ya’ni 83 yilu 4 oy shu alfozda kurashdi. Kofirlar unga qarshi kurashishdan ojiz qoldilar. So‘ng uning kofir xotinining oldiga kelib, unga: «Agar eringni o‘ldirsang, biz senga ko‘p mol­dunyo beramiz», deyishdi. Xotini: «Men uni o‘ldirishga qodir emasman», dedi. «Biz senga mustahkam arqon beramiz. Ering uxlagan vaqtda uning qo‘l­oyoqlarini bog‘lab bersang bo‘ldi», deyishdi ular. Bas, xotini eri uxlab yotgan vaqtda qo‘l­oyoqlarini bog‘ladi. U uyg‘onib ketib: «Kim meni bog‘ladi», dedi. «Men sizning kuchingizni sinash uchun bog‘ladim», dedi xotini. U arqonni pora­pora qilib tashladi. Shundan so‘ng kofirlar zanjir bilan bog‘lashdi. Uyqudan uyg‘ongach, zanjirni ham bo‘lak­bo‘lak qilib tashladi va xotiniga: «Ey xotin, men Allohning avliyolaridanman. Menga sochimdan boshqa hech bir narsa g‘olib bo‘lolmaydi», dedi. Xotini buni anglagach, uyqu mahalida uning sochlarini kesdi. Sakkizta kokilidan to‘rttasi bilan qo‘lini, to‘rttasi bilan oyog‘ini bog‘ladi. Eri uyg‘ongach: «Kim meni bog‘ladi», deganida, xotini: «Sizni sinab ko‘rish uchun shunday qildim» deb javob berdi. Obid har qancha urinsa ham, bog‘ichlarni uzib tashlashga qodir bo‘lmadi. Xotini kofirlarga xabar berdi. Kofirlar kelib uni saroyga olib ketdilar. Uni ustunga bog‘ladilar, quloqlari, lablari, tili, qo‘llari va oyoqlarini kesdilar va ko‘zlarini o‘ydilar. Shunda Alloh obidga vahiy qilib: «Ular uchun nimani xohlasang, shuni amalga oshiraman», dedi. Obid: «Menga bir quvvat berginki, bu ustunni qimirlatay va saroy ularning ustiga tushib vayron bo‘lsin», dedi. Alloh unga quvvat berdi. U ustunni qimirlatdi va tom kofirlarning hammasini bosib qoldi. Xotini ham kofirlar bilan birga halok bo‘ldi. Alloh obidga najot berdi va a’zolarini qaytarib berdi. Shundan keyin u Allohga ming oy davomida kechalari qoim, kunduzlari soim bo‘lib ibodat qildi. Sahobalar bunga ishtiyoq bo‘lib yig‘ladilar va: «Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning savobini bilasizmi?» deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Bilmayman» dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom Qadr surasini keltirdi va «Ey Muhammad, sizga va ummatingizga Qadr kechasi berildiki, u kechada ibodat qilishlik ming oylik ibodatdan afzaldir», dedilar.

Qayd etilgan