Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222225 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 36 B


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:10:25

To‘qqizinchi majlis
TAVHIDNING FAZILATI


Alloh taolo aytadi:
"Alloh, farishtalar va ilm ahllari — yolg‘iz Allohdan o‘zga hech qanday tangri yo‘q, faqat Uning o‘zi borligiga guvohlik berdilar. U adolat bilan turguvchi — Hukm qilguvchidir. Hech qanday tangri yo‘q, faqat Uning O‘zi bor. U qudratli, hikmat egasidir. Albatta, Alloh nazdidagi (maqbul bo‘ladigan) din Islom dinidir. Ahli kitoblar (yahudiy va nasroniylar) ularga (Islom va Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) haq payg‘ambarligi haqida) aniq bilim-hujjat kelganidan keyin faqat o‘zaro hasad-adovat qilganlari sababligina talashib tortishdilar. Kim Allohning oyatlariga kofir bo‘lsa, bas, albatta Alloh tez hisob-kitob qilguvchi zotdir" (Oli Imron surasi, 18—19-oyatlar).

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Mening huzurimga Jabroil, Mikoil, Azroil, Isrofillar (a.s.) kelishdi. Jabroil: "Ey Rasululloh! Kimki sizga o‘nta salovot aytsa, men uni qo‘lidan ushlab sirotdan olib o‘taman", dedi. Mikoil (a.s.): "Men unga Havzi Kavsardan suv ichiraman", dedi. Isrofil (a.s.) aytdi: "Men boshimni sajdadan to Alloh uning gunohini kechirmaguncha ko‘tarmayman". Va nihoyat Azroil (a.s.): "Men uning ruhini Payg‘ambarning ruhini qabz qilganimdek qabz qilaman", dedi.

Yuqoridagi oyatda keltirilgan: "Alloh... guvohlik berdi" lafzining ma’nosi bandalarga xabar berish va bildirishdir. Farishta va mo‘minlarning guvohligi esa, Allohning vahdoniyatini (yolg‘izligini) e’tirof, iqror etishlaridir. Oyatdagi "ilm ahllari" kimligi haqida turli xil fikr bildirilgan. Ba’zilar payg‘ambarlar deyishdi, ba’zilar Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) muhojir va ansoriy sahobalari, deb aytishdi. Ba’zilar esa, ulamolar, degan fikrni bildirishdi. Ushbu oyatda ilm ahli odamlarning afzali ekaniga ochiq-oydin dalolatlar mavjud, zero, biror sifat olimlikdan ko‘ra ulug‘ bo‘lganida, albatta, Alloh taolo o‘zining va maloikalarning ismi bilan birga uni ham zikr qilgan bo‘lardi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:10:39

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilindi: "Fotiha surasi, Oyatul kursi, "Shahidallohu..." oyati, "Qul illahumma malikal mulki tutil mulka..."dan to "big‘oyri hisab"gacha bo‘lgan oyat nozil qilinayotganda, ular Arshga osilib olishdi va: "Ey Rabbimiz! Sen bizni gunoh ishlarni qilishga o‘rgangan qavmga tushirmoqdamisan?" deyishdi. Shunda Alloh: "Ulug‘ligimga qasamki, qaysi bir banda sizlarni farz namozlari ketidan tilovat qilsa, men uni, albatta, mag‘firat qilaman va yetmish marta rahmat nazarim ila boqaman va yetmish hojatini ravo qilaman, u hojatlarning eng kichkinasi mag‘firatimdir", dedi.

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "U kishi bir kuni g‘amgin holda turganlarida, oldilariga Jabroil (a.s.) kelib tasalli berdi: "Ey Rasululloh! Nimaga xafa bo‘lasiz. Alloh sizning ummatingizga besh xislatni ato etdi. Unday xislatlar boshqa ummatlarga berilmagan.
1. Alloh taolo: "(Mo‘min) bandalarim Menga nisbatan qanday gumonda bo‘lsalar, Men ham ularga shundoq muomalada bo‘laman", dedi.
2. Qaysi mo‘minning gunohi bu dunyoda bekitilsa, demak, Alloh taolo uni Qiyomatda sharmanda qilmagay.
3. Ummatingizga har doim tavba eshiklari ochiq bo‘lgay.
4. Kim sidqidildan "La-a ilaha illallohu Muhammadur rasululloh", desa, agar uning gunohi yer yuzini to‘ldirib yuboradigan bo‘lsa ham, kechirilgaydir.
5. Tiriklarning duolari sharofati bilan o‘liklardan azob ko‘tarilgay".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:11:10

"Sanoniya" kitobida keltirilishicha, Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qilgan hadisda bunday deyilgan: "Qiyomat kuni bo‘lganda amallar o‘z sohiblarini oqlash va shafoat qilish uchun keladilar. Namozi kelib: "Ey Rabbim! Men uning namoziman", deydi. Alloh: "Sen yaxshisan", deydi. Sadaqasi ham kelib, "Men sadaqasiman", deydi. Alloh: "Sen ham yaxshisan", deydi. Shuningdek, ro‘zasi ham keladi va guvohlik beradi. Bir payt dini keladi va "Men Islomman", deydi. Shunda Alloh: "Dunyoda sendan yuz o‘girganlarni bugun azoblayman va seni ixtiyor qilganlarga esa, bugun yaxshilik ato qilaman", deydi".

Hikoya: Iso (a.s.) zamonlarida bir kir yuvuvchi odam bor bo‘lib, u har kuni uyidan ancha uzoqroq joyga borar, ariqning boshida turib kirlarni chayqar, suvni mag‘zava bilan bo‘lg‘ab, insonlarga ozor va zarar yetkazar edi. Qishloq ahli bunga chidolmasdan Isoning (a.s.) oldilariga borib shikoyat qilishdi. Uning haqqiga duoyibad qilishlarini so‘rashdi. Iso (a.s.) ularga xo‘p deb: "Ey Alloh! Unga bir ilon jo‘natgin, uni ketgan joyidan qaytarmagin", deya duo qildilar.

Haligi kir yuvuvchi kir chayqash uchun, ariq tomonga ketayotib, o‘zi bilan uchta kulcha oldi. Ariq boshiga yetib kelganida ro‘parasidan, bir necha yillardan beri ibodat qilayotgan bir obid chiqib qoldi va undan: "Biror parcha noning bormi, koshki bir tishlamgina yesam edi, chunki bir necha kundan beri tuz totganim yo‘q", deya tilandi. U kulchalaridan birini olib uzatdi. Obid sevinganidan: "Ey kir yuvuvchi! Alloh gunohingni mag‘firat etib, qalbingni pok etsin", deb duoi xayr qildi. Kir yuvuvchiga tilanchining duosi yoqdi, ikkinchi kulchani ham berdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:11:25

Obid: "Alloh kelajak va o‘tmishdagi gunohlaringni mag‘firat qilsin", deb yana duo qildi. So‘ng uchinchi kulchani ham uzatdi. Obid: "Alloh senga jannatda qasr ato etsin", deb duo qildi. Kir yuvuvchi qishloqqa qaytib kelgach, qishloq ahli Isoga (a.s.) yana shikoyat qilishdi, u eson-omon qaytib keldi-ku, deyishdi. Shunda Iso (a.s.) uni chaqirtirdi va undan: "Bugun nima yaxshi ish qilding? Shuning xabarini ber", dedilar. Kir yuvuvchi Isoga (a.s.) yuqoridagi obid bilan bo‘lgan uchrashuvni aytib berdi. Iso (a.s.) uning xaltasini olib kelishlarini buyurdi. Xaltani ochishganida, ichidan og‘zi kishanlangan bir katta ilon chiqdi. Iso (a.s.) ilonga: "Sen nimaga jo‘natiluvding, nima qilib bunday yuribsan?" deb savol berdilar. Ilon vishillab: "Men bu kishining jonini olishga jo‘natilgan edim, lekin u tilanchiga non berib, uning duosini oldi. Farishtalar uning duosiga "omin" deyishdi. Shundan so‘ng Alloh bir farishtani menga jo‘natib, meni kishanladi", dedi. Iso (a.s.) ajablanib: "Ey kir yuvuvchi! Alloh sening gunohingni mag‘firat qilibdi, bunga shukr etib, ibodat qil. Eski ishingni zinhor qilma!" dedilar.

Hikoya: Ibrohim al-Vositiy (rahmatullohi alayh) Arofot tog‘i ustida qo‘llariga yetti dona toshni olib: "Ey toshlar! Guvoh bo‘linglar, men "La-a ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh", demoqdaman", dedi. Shu kecha tushida Qiyomat qoim bo‘lganini ko‘rdi. Uni hisob-kitob qilib, do‘zaxga mahkum qilishdi. O‘zini farishtalar do‘zax tomonga olib ketayotganlarini ko‘rdi. Lekin to‘satdan bir tosh kelib, do‘zaxning eshigiga to‘siq bo‘lib oldi, farishtalar u toshni olib tashlay olmay, uni do‘zaxning boshqa eshigidan olib kirishga qaror qilishdi. Lekin avvalgi holat takrorlanaverdi, yetti tosh yetti do‘zax eshigining oldiga to‘siq bo‘ldi. Bu toshlarning hammasi jo‘r bo‘lib shahodat kalimasini takrorlaverdilar. So‘ngra farishtalar bandani Arshga olib borishdi. Alloh farishtalarga: "Tilsiz, aqlsiz toshlar uning shahodatiga guvohlik beramoqda. Men esa ulug‘likda tengi yo‘q zotdirman. Qanday qilib unga azob bergum?! Yo‘q, uni jannatga olib boringlar", dedi. Jannatning oldiga yetib kelishganda, jannatning hamma eshiklarini qulflangan holda ko‘rdilar. Bir payt tavhid kalimasi keldi va eshiklarni ochib berdi. U kishi xotirjam jannatga kirdi ("Mavo’iz").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:11:53

O‘ninchi majlis
TAVBANING FAZILATLARI


Alloh taolo aytadi:
"U (taqvodor zotlar) qachon biron-bir noloyiq ish qilib qo‘ysalar yoki (qandaydir gunoh ish bilan) o‘zlariga zulm qilsalar, darhol Allohni eslab, gunohlarining mag‘firatini so‘raydigan, har qanday gunohni yolg‘iz Allohgina mag‘firat qilishini bilgan hollarida qilgan gunohlarini davom ettirmaydigan kishilardir. Ularning mukofotlari Parvardigorlari tomonidan mag‘firat va taglaridan daryolar oqib turguvchi jannatlar bo‘lib, ular o‘sha joyda abadiy qolajaklar. Yaxshi amal qilguvchilarni ajrlari naqadar yaxshi ajr!" (Oli Imron surasi, 135—136-oyatlar).

Bu oyatning nozil bo‘lish sababi haqida "Kashshof"da bunday deyilgan: "Bir xurmo sotuvchining oldiga bir chiroyli ayol xurmo sotib olish uchun keldi. Buni ko‘rgan xurmofurush u ayolni xonaga olib kirdi-da, majburan bo‘sa oldi, so‘ngra bu ishiga qattiq afsus-nadomat qildi. Qilgan gunohlariga tavba qila boshladi. Shundan so‘ng ushbu oyat unga taskin berish maqsadida nozil bo‘ldi".

Oyatdagi "gunohlarining mag‘firatini so‘raydilar" degan jumlada, pushaymon dilga xursandchilik va quvonch, shuningdek, tavbaga targ‘ib ma’nolari ham bor, insonlarni Allohning rahmatidan noumid bo‘lmaslikka, garchi ularning gunohlari juda ko‘p bo‘lsa ham, uni Alloh afv etishi, Uning fazli-karami qarshisida arzimas narsa ekaniga ishoralar bor".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:12:05

"Majolisur-Rumiy" asarida: "Gunohkorning tavbasi joni halqumiga kelmagunga qabul qilinadi. Chunki jon halqumga kelgan vaqtda endi unga hech narsa yordam bera olmaydi. Zero, tavbaning maqbul bo‘lish sharti gunohga qayta qo‘l urmaslikni qat’iy niyat qilish, uni mutloqo tashlashni qasd etishdir. Bu holat joni halqumiga kelib qolgan odamda topilmaydi, chunki bu paytda u bunga qodir bo‘lmaydi", deyilgan.

Abdulloh ibn Umardan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilinadi: "Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Shubhasiz, Alloh taolo bandaning tavbasini, to uning joni halqumiga kelmaguncha, albatta, qabul qiladi".

Jon halqumga kelganda ko‘zdan pardalar ko‘tariladi, odam bolasiga bu hayoti dunyoning bir sinov ekani aniq ayon bo‘ladi. Bu asnoda tavba qilish imkoniyati o‘tgan bo‘ladi ("Masobih").

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Odam (a.s.) yaratilishidan to‘rt ming yil oldin Arshning kungurasiga: "Albatta, Men tavba qilgan, iymon keltirgan va solih amal qilgan kishilarning gunohlarini kechiruvchidirman", degan so‘zlar yozilib qo‘yilgan" ("Tanbehul g‘ofiliyn").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:12:23

Umar ibn Xattob (r.a.) aytadilar: "Men Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bilan birga o‘lim to‘shagida yotgan bir ansoriyning uyiga kirdim. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) unga: "Tavba qil", dedilar. U tili bilan ayta olmadi, lekin osmonga qarab imo-ishora etdi. Shunda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) tabassum qildilar. Men: "Yo Rasululloh! Tabassumingizning boisi nima?" deb so‘radim. Ul zot: "Bu kasal tili bilan tavba qilolmasdan, ko‘zini osmonga qilib, qalbi bilan tavba-nadomat qildi. Alloh: "Ey farishtalarim! Bu bandam ojiz qolib, qalbi bilan Menga tavba qilyapti, guvoh bo‘linglarki, Men uning gunohini mag‘firat qildim", dedi", dedilar" ("Durratul majolis").

Alloh taolo Nur surasida bunday marhamat qilgan:
"Barchalaringiz Allohga tavba qiling, ey mo‘minlar! Shoyadki shunda najot topsangizlar" (31-oyatdan).

Donolar tavba to‘rt ish bilan haqiqiy bo‘ladi, deganlar.
1) yolg‘ondan, g‘iybatdan, chaqimchilikdan va bekorchi gap-so‘zlardan tilni tiyish;
2) insonlarga nisbatan adovat va hasad qilmaslik;
3) yomonlar bilan do‘stlashmaslik;
4) o‘limiga har doim tayyor bo‘lish, o‘tgan gunohlariga tavba-nadomatda bo‘lish va Allohga toat-ibodatda g‘ayratli bo‘lish.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:12:35

Umar ibn Xattobdan (r.a.) tavbai nasuh, ya’ni haqiqiy tavba haqida so‘rashdi. U kishi: "Qilgan yomon ishiga qattiq tavba qilgandan keyin unga hargiz qaytmagan odamning tavbasi", dedilar.

Ibn Abbosdan (roziyallohu anhumo) rivoyat qiladilarki, bu zot Alloh taoloning: "Allohga haqiqiy tavba qilish bilan tavba qilingiz!" oyati xususida bunday deganlar: "Tavbai nasuh, ya’ni, haqiqiy tavba avvalo qalb bilan bo‘ladi, so‘ng til bilan istig‘for aytishdir, shundan keyin qayta o‘sha gunoh ishga o‘lguncha qo‘l urmaslikdir".

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinganki: "Tili bilan tavba qilib, a’zolari bilan doim gunohda bo‘luvchi go‘yo Rabbi bilan hazil-mazax qilib o‘ynayotgan kishi misolidir" ("Ravzatul-ulamo"). Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "Sizlar "Astag‘firulloh-a’ziym" bilan "La-a ilaha illalloh Muhammadur Rasululloh"ni doim aytib yuringlar, chunki mal’un iblis: "Insonlarni gunoh ma’siyatlar bilan o‘ldiraman", deydi, sizlar uni istig‘for va kalimai tavhidni ko‘p aytish bilan o‘ldiringlar!" (Abu Bakr Siddiqdan "Durrun-ma’sur"da rivoyat qilingan.)

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:12:56

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinganki: "Shayton: "Ey Rabbim! Sening izzatu jalolingga qasam, modomiki insonlarning jasadlarida jonlari bor ekan, men ularni doim vasvasa qilaman", dedi. Shunda Alloh: "Ey mal’un! Ulug‘ligimga qasamki, ular Menga tavba qilib, mag‘firat so‘rasalar, Men ularni mag‘firat qilaveraman", dedi".

Ato ibn Xolid aytdilar: "Menga yetgan xabarga ko‘ra, Alloh taoloning:
"Har qanday gunohni yolg‘iz Allohgina mag‘firat qilishini bilgan hollarida qilgan gunohlarini davom ettirmaydigan kishilardir" (Oli Imron surasi, 135-oyat), oyati nozil bo‘lganida, Iblis (alayhil la’na) askarlarini chaqirib qattiq qichqirdi va boshiga tuproq sochib dod-faryod qildi. Uning alamli chinqiriq va chaqirig‘ini eshitgan quruqlikdagi va suvdagi barcha malaylari uning oldiga yetib kelishdi. Ular: "Ey shohimiz! Sizga nima bo‘ldi?" deyishdi. Shayton: "Odam bolalaridan tavba qilganlarning gunohlari kechirilishi va azoblanmasliklari haqida Allohning oyati nozil bo‘ldi", dedi. Ular: "Bu nima degani?" deb so‘rashdi. Iblis ularga tushuntirdi. Shunda askarlari: "Siz xafa bo‘lmang! Biz ularga havoyi nafs yo‘llarini va kayfu safo, buzuqchilik eshiklarini lang ochib qo‘yamiz, natijada ular tavba qilmay, o‘zlarini haq yo‘lda yuribmiz, deb gumon qilib qoladilar", deyishdi. Shayton shundan keyin xotirjam bo‘ldi.

Hadisi qudsiyda Alloh marhamat qilganki: "Ey bandam! Mendan umid qilsang va so‘rasang, Men kam-ko‘stsiz ato qilaman. Ey odam bolasi! Agar gunohlaring osmon toqicha bo‘lsa ham, Mendan istig‘for so‘rasang, Men seni mag‘firat qilgum. Ey odam bolasi! Agar sen Menga yerning tuprog‘ichalik xatolar qilib kelgan bo‘lsangu, shirk keltirmagan bo‘lsang, bas, Men seni mag‘firatim ila siylayman" (Imom Termiziy rivoyati).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:13:10

Hadisda: "Kim doim istig‘for aytsa, Alloh uning torligini kenglikka, g‘amini shodlikka aylantiradi va rizqini o‘ylamagan tarafidan yetkazib beradi", deyilgan. Boshqa bir hadisda esa Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Allohga qasamki, men o‘zim bir kunda yetmish martadan ko‘p istig‘for aytaman", deganlar. Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Ey insonlar! Sizlar Allohga tavba qilinglar, chunki men ham bir kunda yuz marta tavba qilaman", deganlar.

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "Har bir odam bolasi xatokordir. Xato qiluvchilarning eng yaxshisi esa tavba qiluvchilardir".

Xotamul anbiyo bo‘lgan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ham bir kunda yuz marta tavba va istig‘for qilar ekanlar. Holbuki, ul zotning o‘tgan va kelajakdagi xatolari mag‘firat qilingandir. U holda biz ojiz bandalar Allohga har bir nafasda va har bir joyda tillarimizni istig‘for va tavbalar bilan mashg‘ul qilmog‘imiz lozim bo‘ladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytganlar: "Alloh qaysi bir bandasiga yaxshilikni istagan bo‘lsa, uni bu dunyoda (gunohlariga kafforot bo‘lsin deb) har xil mehnatu mashaqqatlarga duchor qiladi. Agar qaysi bandasiga yomonlikni xohlagan bo‘lsa, unda unga (bu dunyoda hech qanday mashaqqat bermasdan) gunohlarini asrab qo‘yadi va Qiyomat kuni uni hisob-kitobga tutadi".

Qayd etilgan