Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222178 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 36 B


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:49:19

O‘n birinchi majlis
MUBORAK RAJAB OYINING FAZILATI


Alloh taolo aytadi:
"Va Parvardigoringiz tomonidan bo‘lg‘usi mag‘firatga hamda eni osmonlar va yer barobarida bo‘lgan jannatga shoshilingiz! U (jannat) taqvodor zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgandir" (Oli Imron surasi, 133-oyat).

Ibn Abbos oyatdagi "mag‘firat"ni Islom deb tafsir qilganlar. Hazrati Ikrima va Ali ibn Abu Tolib (r.a.) "Farz amallarni bajarish", deb tavil qilganlar. Anas ibn Molik Hazratlari esa: "U takbiri tahrimadir", deganlar.

Anas ibn Molikdan (r.a.): "Jannat yerdami yo omondami?" deb so‘radilar. U kishi: "Qaysi osmonu yer uni o‘ziga sig‘dira oladi", dedilar. "Unda qaerda?" deb so‘rashdi. Anas ibn Molik: "Jannat yetti osmon ustida va Arshning ostida. Do‘zax esa yetti qavat yer ostidadir", deb javob berdilar.

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "Kimki rajab oyining ilk kechasini ibodat bilan o‘tkazsa, uning qalbi o‘lmaydi va Alloh yaxshiliklarni uning boshidan quyadi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:49:37

Anas ibn Molik (r.a.) Rasuli Akramdan (sollallohu alayhi vasallam) bunday rivoyat qilganlar: "Kimki rajab oyining ilk kechasi shomdan keyin yigirma rak’at nafl namoz o‘qisa va har rak’atida Fotiha va Ixlos suralarini zam qilsa va ikki rak’at-ikki rak’atdan o‘qib, o‘n marta salom bersa, Alloh u bandaning o‘zini va bola chaqasini dunyo ofati va oxirat azobidan saqlaydi" ("Zubda").

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilindi: "Me’roj kechasida (jannatda) suvi qordan sovuq, asaldan ham shirin, mushku anbardan ham xushbo‘y anhorni ko‘rdim va Jabroildan (a.s.): "Bu anhor kimlar uchun?" deb so‘radim. U: "Sizga rajab oyida salovot aytganlar uchundir", deb javob qildi".

"Rajab" so‘zida uchta harf bor. "R" — Allohning rahmati. "J" — bandaning jinoyatchi ekani. "B" esa Allohning saxiyligiga dalolat qiladi. Ma’nosi: "Ey bandam! Sening jinoyat va gunohlaringni rahmatim va saxiyligim o‘rtasiga oldim, rajab oyining hurmatidan endi senda jinoyat ham, gunoh ham yo‘qdir", deydi ("Majolisul anvor").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:49:48

Rajab oyi tugaganidan keyin u osmonga chiqar ekan, Alloh: "Ey rajab! Seni zamindagilar hurmatlab ulug‘lashdimi?" deb so‘raydi. Rajab oyi jim turadi. Alloh ikki-uch bor savol qiladi. Shunda rajab oyi: "Ey Rabbim! Sen butun ayblarni yashiruvchi zotsan va bandalaringni ham bir-birlarining ayblarini yashirishga buyurgansan. Sening Rasuling Hazrati Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ham meni "kar oy" deb nomlagan. Ey Rabbim! Men ularning (mo‘min bandalarning) toat-ibodatlarini, tavba-istig‘forlarini eshitdim. Gunoh masiyatlarini esa, eshitmadim", deydi. Alloh: "Ey rajab! Sen ham, bandalarim ham xatokorsizlar. Men sening hurmatingdan ularning aybu nuqsonlarini avf etdim. Senda bir bor nadomatu tavba qilganlarni mag‘firat etaman va ularning gunohlarini yozdirmayman", deydi ("A’rojiyya").

Aytilishicha, mukarram kotib farishtalar bu oyda insonlarning namoi a’mollariga faqatgina yaxshiliklarini yozib, yomonliklarini yozmas, balki boshqa oyda yozar ekanlar. Sababi bu oyda ular biron bir banda tomonidan bajarilgan yomonliklarni eshitmas ekanlar, shuning uchun bu oy "rajab — kar oy" deb nomlangan.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Albatta, rajab Allohning oyi, sha’bon mening oyim, ramazon esa, ummatlarimning oyidir" ("Zubda").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:49:59

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Jannatda bir anhor bor, uning ismi Rajabdir, suvi sutdan oq, asaldan shirinroq. Alloh u suvdan bu oyda ro‘zador bo‘lganlarnigina bahramand qiladi" (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Bu oyning "rajab" deb nomlanishiga sabab — arablar uni ulug‘lashgan. "Rajab"ning yana bir ma’nosi "ulug‘lamoq" degani. Uni ulug‘lashib, bu oyda har kuni Ka’ba eshigini ochib qo‘yardilar, boshqa oylarda esa faqatgina dushanba va payshanba kunlarida ochilardi. Ular: "Bu oy Allohning oyi, Ka’ba ham Allohning uyi, bandalar ham Allohning bandasi, demak, bu oyda Allohning bandasi Allohning uyidan to‘silmasligi kerak", der edilar ("A’rojiyya").

Abu Bakrdan (r.a.) rivoyat qilindi: "Rajabning birinchi juma kechasining uchdan biri o‘tganda osmonu yerdagi hamma farishtalar Ka’ba atrofiga jam bo‘lur. Alloh ularga: "Ey farishtalarim! Xohlagan narsalaringizni so‘ranglar", deydi. Shunda farishtalar: "Ey Rabbimiz! Bizning hojatimiz rajab oyini hurmatlab, unda ro‘za tutganlarni mag‘firat qilishingdir", deyishadi. Alloh farishtalarga: "Ularning gunohidan o‘tdim", deydi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:50:15

Ummul mo‘minin Hazrati Oyishadan (r.a.) rivoyat qilinadiki: "Qiyomatda besh toifa insonlardan tashqari har bir inson och va chanqoq bo‘ladilar. Bu besh toifa insonlar:
1) payg‘ambarlar;
2) ularning ahli oilalari;
3) rajab oyida ro‘za tutganlar;
4) sha’bon oyida ro‘za tutganlar;
5) ramazon oyida ro‘za tutganlardir" ("Zubdatul vo’iziyn").

Xabarda kelishicha, Qiyomat kunida bir nido qiluvchi: "Rajabiylar (rajab oyini ro‘za va toat bilan o‘tkazganlar) qaerda?!" deb nido qiladi. Shunda ulug‘ bir nur chiqib, Jabroil va Mikoil boshchiligida rajabiylarni ergashtirib, sirot ko‘prigidan chaqmoqdek tez olib o‘tadi. Rajabiylar Allohga shukrona tarzida sajda qiladilar. Shunda Alloh: "Ey bandalarim! Boshlaringni ko‘taringlar, zero, sizlar dunyodalik chog‘laringizda rajab oyida sajdalar qilgansizlar, endi esa jannatda o‘z o‘rinlaringizga boringlar" deydi ("Ravnaqul majolis").

Hazrati Savbon (r.a.) hikoya qilganlar: "Men Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bilan bir qabriston oldidan o‘tib ketayotgan edim, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) yig‘ladilar va duolar qildilar. Shunda men: "Ey Rasululloh! Nimaga yig‘layapsiz?" dedim. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Ey Savbon! Bu qabristondagilar hozir o‘z qabrlarida azoblanmoqdalar. Men Allohga ularning azoblarini yengillashtirish tilab duo qildim", dedilar. So‘ngra aytdilarki: "Ey Savbon! Agarda bular (o‘lganlar) rajab oyida bir kun ro‘za tutgan va biron-bir kechasini toat-ibodat bilan o‘tkazganlarida edi, qabrlarida aslo azoblanmagan bo‘lardilar". Shunda men: "Ey Rasululloh! Atigi bir kunlik ro‘za va bir kechalik toat-ibodat ulardan azobi qabrni ko‘tararmidi?" dedim. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Meni payg‘ambar qilib yuborgan Zotning nomiga qasamki, qaysi bir muslim yoki muslima rajab oyida bir kun ro‘za tutsa va bir kecha ibodat bilan bedor bo‘lsa, buni faqat Allohning rizoligini istab qilsa, albatta, Alloh uning namoi amoliga yuz yillik nafl ro‘za va shuncha kecha ibodat qilganlik savobini bitadi", dedilar" ("Zubdatul vo’iziyn").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:50:54

O‘n ikkinchi majlis
ERKAKLARNING AYOLLARDAN USTUNLIGI


Alloh taolo aytadi:
"Erkaklar xotinlari ustida rahbardirlar. Bunga sabab Alloh ularni birovlaridan birovlarini (erkaklarni ayollardan aqlda va mas’uliyatda) ortiq qilgani va erkaklar (xotinlari va oilalari uchun) o‘z mol-mulklaridan sarf-xarajat qilganlaridir. Bas, ibodat-itoatli va erlari yo‘qligida Allohning hifzu himoyati bilan (erlarining mol-mulklarini va o‘z iffatlarini) saqlovchi xotinlar — yaxshi xotinlardir. Xotinlaringizning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga pand nasihat qilinglar, so‘ng (nasihatlaring kor qilmasa) ularni yotoqlarda tark etinglar (ular bilan bir joyda yotmanglar, yaqinlashmanglar), so‘ngra (ya’ni shunda ham sizlarga bo‘ysunmasalar) uringlar. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmanglar. Albatta, Alloh eng yuksak va buyuk bo‘lgan zotdir" (Niso surasi, 34-oyat).

Ushbu oyatda oilada er bilan xotinning o‘rni qanday bo‘lishi belgilab berilgan. Shariat hukmicha, er, avvalo oilaning barcha moliyaviy va ma’naviy taraflariga javobgar bo‘lgan, uni chetdan bo‘ladigan har qanday xurujlardan himoya qiladigan shaxsdir. Mana shular evaziga hamda erkak kishi uchun fazilat hisoblanmish og‘ir-bosiqlik, oila tebratishdagi tadbirkorlik kabi sifatlar sababli u oilaning boshlig‘i sanaladi. Yaxshi xotin esa, diyonatli, erining uyini obod qiladigan va unga bir umr sadoqatli bo‘lgan ayoldir.

Ushbu oyat Sa’d ibn Robe’ al-Ansoriy va uning ayoli Muhammad ibn Maslamaning qizi haqida nozil bo‘lgan. Bu ayol Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) eri ustidan shikoyat qilib kelganida, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) undan qasosini olishga buyurdilar. Bir soatdan so‘ng ushbu oyat nozil bo‘ldi: "Erkaklar xotinlari ustidan rahbardirlar". Ya’ni, erlar ayollarga odob berishda va ishlarini idora etishda boshliqdirlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:51:07

Fuzayl ibn Ubayda (r.a.) rivoyat qiladilar: "Bir kishi masjidga kirib keldi-da, namozdan so‘ng: "Ey Alloh! Meni mag‘firat qil va menga rahm et", deb duo qildi. Shunda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Ey namoz o‘quvchi! Sen shoshding, namoz o‘qib bo‘lganingdan keyin, avvalo Allohga hamd, menga salovot ayt. So‘ngra nimani tilasang, tilayver", dedilar. Shu chog‘da yana bir kishi masjidga kirib keldi. Namozdan so‘ng Allohga hamd, Payg‘ambarimizga salovot aytib, turib ketmoqchi bo‘ldi. Payg‘ambarimiz: "Ey namozxon! Duo qil, duoing ijobat bo‘ladi, duo qil, duong ijobat bo‘ladi", deb takrorladilar. Va so‘ng: "Mening ismimni eshitgan chog‘ida salovot aytganlarning ham duolari mustajobdir", dedilar.

Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Ayol kishining afzali qarasang, xursand qiladigani, ish buyursang, itoat etadigani, uyda bo‘lmaganingda o‘zini va molingni saqlaydigani", dedilar-da, so‘ng "Erkaklar xotinlari ustida rahbardirlar", oyatini o‘qidilar.

Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Ayol kishi besh vaqt namozini o‘qisa, bir oy ro‘zasini tutsa, avratini (nomahramlardan) to‘sib, eriga itoatli bo‘lsa, jannatga jannatning xohlagan eshigidan kiradi" (Abu Na’im rivoyati).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:51:18

Abdurahmon ibn Avf (r.a.) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qildilar: "Bitta soliha ayol mingta fosiq erkak kishidan yaxshidir. Qaysi xotin erining yetti kun xizmatini qilsa, yetti do‘zax eshigi yopilib, sakkiz jannat eshigi ochiladi va u xohlagan eshigidan jannatga kiradi", dedilar.

Hikoya: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) zamonlarida bir kishi g‘azotga ketayotib xotiniga: "Men qaytmagunimcha uydan chiqma", deb tayinladi. Ayolning otasi kasal bo‘lib qoldi. U ayol Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi vasallam) elchi jo‘natib ruxsat so‘radi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Eringga itoat et", dedilar. Bu ish yana ikki marta takrorlandi. Ayol erining gapiga kirib, uydan chiqmadi, hatto otasi vafot etganda ham borolmadi, sabr qildi. Bir necha kunlardan keyin eri keldi. Shunda Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi vasallam) quyidagi vahiy nozil bo‘ldi: "Erining amriga itoat etgani uchun shu ayolning gunohi kechirildi".

Abdulloh ibn Ma’sud (r.a.), Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Ayol erining kiyimini yuvsa, Alloh uning nomai amoliga yuzta yaxshilik yozib, ikki mingta xatosini o‘chirgay. Quyosh nuri tekkan har bir narsa unga istig‘for aytadi. Va darajasini ming daraja yuqori qiladi" ("Musnodul Firdavs"da Abu Mansur rivoyat qilgan).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:51:29

Hazrati Ali (r.a.) aytdilar: "Fotima ikkimiz Rasulullohning huzurlariga kirdik, u kishini yig‘layotgan ekan. "Sizni nima yig‘latdi?" deb so‘raganimizda, u zot: "Men Isro kechasida do‘zaxda qattiq azoblar bilan azoblanayotgan bir necha guruh ayollarni ko‘rdim, dedilar. — 1. Bir ayolga qarasam, sochidan osib qo‘yilgan, halqum-dimog‘i qaynab turibdi. 2. Yana bir ayol tilidan osilib, qo‘li orqasidan chiqarib qo‘yilgan. 3. Yana bir ayol siynasidan osilgan va zahar-zaqqum tomog‘idan quyilmoqda. 4. Bir ayol oyoq-qo‘li peshonasiga bog‘lab osib qo‘yilgan, ilonu chayonlar chaqib yotibdi. 5. Bir ayol o‘zining jasadini o‘zi yemoqda, do‘zax olovi ostidan uni kuydirmoqda. 6. Bir ayol esa o‘z jasadini olovli qaychi bilan qirqmoqda. Yana bir ayolni ko‘rdim, yuzi qorayib ketgan, o‘z ichak-chavoqlarini yemoqda. 7. Bir ayol kar, ko‘r, o‘tdan bo‘lgan tobutda soqov holda yotibdi, uning badani peslar va maxovlarning badanidan ham iflos va sassiq edi. 8. Bir ayolni ko‘rdim, boshi cho‘chqaning boshiga, badani eshakning badaniga o‘xshaydi, ming xil azoblar bilan azoblanmoqda. 9. Yana bir ayol ko‘rdim, it suratida, ilonu chayonlar og‘zidan kirib, orqasidan chiqmoqda. Maloikalar uning boshiga o‘tdan bo‘lgan gurzi bilan urmoqdalar". Shu vaqt Fotima sapchib o‘rnilaridan turib: "Ey otajon! Bu toifa ayollarning amallari qanday bo‘lganini gapiring. Ular bu dunyoda qanday ayollar bo‘lgan?" dedilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Ey Fotima! Birinchi toifadagi ayollar sochlarini nomahramlardan yashirmasdan, ochiq-sochiq qilib yurgan ayollardir. Ikkinchi toifa esa, erlariga tillari bilan ozor yetkazgan ayollardir. Uchinchi toifa erining ruxsatisiz birovlarning go‘daklarini emizgan ayollardir. To‘rtinchi toifa erining ruxsatisiz uyidan chiqqan va hayzu nifosdan keyin g‘usl qilmaydigan ayollardir. Beshinchi toifa ayollar erkaklarga o‘zini ziynatli qilib ko‘rsatgan va g‘iybatchi xotinlardir. Oltinchi toifa o‘zini nomahram erkaklarga tanitgan va o‘zidagi ziynatiga qaragan har qanday nomahramni yaxshi ko‘rgan ayoldir. Yettinchi toifa namoz va ro‘za amallariga qodir bo‘lib, lekin biror marta tahorat qilmagan, hayzdan poklanib boshini sajdaga qo‘ymagan ayollardir. Sakizinchi toifa chaqimchi va yolg‘onchi xotinlardir. To‘qqizinchi toifa o‘z eriga yuzini tirishtiradigan, g‘azab qiladigan ayollardir", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:51:42

Abu Zar (r.a.) aytganlar: "Men Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam): "Qaysi bir ayol o‘z eriga la’nat aytsa, zolimdir, Alloh uni yetti osmon ustidan turib la’natlaydi", degan so‘zlarini eshitganman".

Abdurahmon ibn Avf (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Qaysi bir ayol nafaqa ishida eriga g‘am tug‘dirsa yoki undan toqat qilolmaydigan ishlarni talab qilsa, Alloh u ayolning farz va nafl ibodatlarini qabul etmaydi".

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "Qaysi bir ayol, agarchi yer yuzidagi bor tillo va kumushni uyiga olib kelgan bo‘lsa ham, bir kuni shu mol-davlati bilan eriga faxrlanib, "Bor mol-mulkni men topganman, sening moling yo‘q", desa, Alloh o‘sha ayolning barcha amallarini habata (yo‘q) qiladi, agar u soliha ayol bo‘lganda ham".

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Qaysi bir ayol erining ruxsatisiz uyidan chiqsa, to uyiga qaytgunga qadar, unga quyosh va oy nuri tushib turgan har bir narsa la’nat aytadi".

Qayd etilgan