Fuzayl ibn Ubayda (r.a.) rivoyat qiladilar: "Bir kishi masjidga kirib keldi-da, namozdan so‘ng: "Ey Alloh! Meni mag‘firat qil va menga rahm et", deb duo qildi. Shunda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Ey namoz o‘quvchi! Sen shoshding, namoz o‘qib bo‘lganingdan keyin, avvalo Allohga hamd, menga salovot ayt. So‘ngra nimani tilasang, tilayver", dedilar. Shu chog‘da yana bir kishi masjidga kirib keldi. Namozdan so‘ng Allohga hamd, Payg‘ambarimizga salovot aytib, turib ketmoqchi bo‘ldi. Payg‘ambarimiz: "Ey namozxon! Duo qil, duoing ijobat bo‘ladi, duo qil, duong ijobat bo‘ladi", deb takrorladilar. Va so‘ng: "Mening ismimni eshitgan chog‘ida salovot aytganlarning ham duolari mustajobdir", dedilar.
Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Ayol kishining afzali qarasang, xursand qiladigani, ish buyursang, itoat etadigani, uyda bo‘lmaganingda o‘zini va molingni saqlaydigani", dedilar-da, so‘ng "Erkaklar xotinlari ustida rahbardirlar", oyatini o‘qidilar.
Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Ayol kishi besh vaqt namozini o‘qisa, bir oy ro‘zasini tutsa, avratini (nomahramlardan) to‘sib, eriga itoatli bo‘lsa, jannatga jannatning xohlagan eshigidan kiradi" (Abu Na’im rivoyati).