Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222299 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 36 B


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:54:34

Hazrati Muqotil aytadilar: "Hayvonlardan o‘ntasi jannatga kiradi. 1. Ibrohimning (a.s.) buzog‘i. 2. Ismoilning (a.s.) qo‘chqori. 3. Solihning (a.s.) tosh orasidan chiqqan tuyasi. 4. Yunusning (a.s.) balig‘i. 5. Musoning (a.s.) sigiri. 6. Uzayrning (a.s) eshagi. 7. Sulaymonning (a.s.) chumolisi. 8. Malika Bilqisning hudhudi. 9. Ashobi Kahfning iti. 10. Hazrati Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) buroqlari. Bu hayvonlarning hammalari qiyomat kuni qo‘chqor suratida bo‘ladilar. So‘ngra insonlar bilan bo‘ladigan hisob-kitob boshlanadi. U Kunning qo‘rqinchini, shiddatini ko‘rgan har bir muqarrab farishta, payg‘ambarlar va shahidlar ham najot topishlariga gumon qilib qoladilar" ("Mishkotul anvor").

Bilingki, kishining amali uch xil bo‘ladi.
1. Qalbi qilgan amal. U tasdiqdan iborat bo‘lib, ko‘rilmaydi ham, eshitilmaydi ham, balki seziladi, xolos.
2. Tili qilgan amal. U faqat eshitiladi.
3. A’zolari qilgan amal. U ko‘riladi.

Demak, banda yuqoridagi uch turli a’zolari bilan biror bir solih amal qilsa, Alloh uning qulog‘i uchun biror bir quloq eshitmagan va ko‘zi uchun biror ko‘z ko‘rmagan va qalbi uchun biror bir jonzotning qalbiga xotir bo‘lmagan mukofotni beradi. Shunday ekan, toatlarda bardavom bo‘lishimiz lozim. Zero, Alloh yaxshiliklarning ajrini nuqson qilmaydi, aksincha, ziyoda qilib beradi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:54:47

Hotam Zohid aytganlarki: "Kimda kim Mavlosini yaxshi ko‘rishni taqvosiz da’vo qilsa, u yolg‘onchidir. Kimki jannatga kirish da’vosini xayru sadoqatsiz da’vo qilsa, u odam ham yolg‘onchidir. Kimda kim Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) muhabbatini ul zotning sunnatlariga ergashmasdan da’vo qilsa, uning da’vosi ham yolg‘ondir. Kimki bechora, faqir va miskinlar bilan birga muomala va suhbat qilishni yomon ko‘rib, ulardan jirkansayu, jannatdagi darajotlarni umid qilsa, uning ham da’vosi yolg‘ondir.

Rivoyat: Sa’dun al-Majnun qo‘lining kaftiga "Alloh" deb yozib olganini Sirriy Saqatiy ko‘rib qoldilar. "Qo‘lingga Alloh nomini nega yozding?" deb savol qildilar. Sa’dun al-Majnun: "Men Allohni juda ham yaxshi ko‘raman. Men Rabbimning ismini qalbimga yozdim, hatto qalbimda undan boshqasiga o‘rin yo‘q. Tilimga ham yozganman, Rabbimning ismidan boshqa ismni tilga olmayman. Endi esa uni kaftimga yozib oldim. Boisi Rabbimning ismini ko‘zim ham ko‘rib tursin. Endi ko‘zim boshqa bir ishga mashg‘ul bo‘lmas", dedilar.

Hikoya: Samnun (r.a.) umrining oxirlarida uylandilar va bir qiz farzand ko‘rdilar. Qizchalari uch yoshga to‘lganida, qalblariga otalik mehri paydo bo‘lib, jo‘sh urdi. Bir kuni shunday bir tush ko‘rdilar. Tushlarida go‘yoki qiyomat qoim bo‘libdi. Har bir payg‘ambar va valiylarning bayroqlari tikilgan. Shu bayroqlarning ortida nuri ufqni to‘sgan, juda ham baland bir bayroqni ko‘rdilar. Bu bayroq haqida so‘ragan edilar: "Bu bayroq Allohga xolis bo‘lgan kishilarning bayrog‘idir", deyildi. Shunda Samnun ham o‘zlarini payg‘ambar va valiylarning orasida ko‘rdilar. Bir ozdan so‘ng farishtalardan biri kelib, Samnunni ularning orasidan olib chiqib tashladi. Shunda Samnun bu farishtaga: "Men Allohni xolis yaxshi ko‘ruvchilardanman, nimaga meni bu yerdan olib chiqib tashlayapsan?" dedilar. Shunda farishta: "To‘g‘ri, sen xolislardan eding, biroq sendagi muhabbat bolangga tushgandan so‘ng, ismingni xolislar qatoridan o‘chirdik", dedi. Shunda Samnun tavba-tazarrular qildi va: "Ey Rabbim! Agarda bolam xolis muhabbatimga mone’ bo‘lsa, undan voz kechdim. Toki men Sening lutfi-karaming bilan o‘zingga xolis muhabbatli bandalaringdan bo‘lay", deya yig‘ladi. Shundan so‘ng uyqudan uyg‘onishi bilan dod-voy tovushini eshitdi. "Bu nima qichqiriq?!" deb so‘ragan edi, aytishdiki: "Qizing devordan yiqilib o‘ldi". Samnun: "Mendan mone’ni ketkazgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin", dedi ("Mukoshafatul anvor").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:55:02

Zunnun Misriydan rivoyat qilinadi. U zot havoda chordana qurib o‘tirgan bir odamni ko‘rib qoldilar. Bu odam to‘xtamay faqat: "Alloh", der edi. Zunnun Misriy: "Sen kimsan?" deb so‘radilar. Odam: "Men Allohning bandalaridan biriman", dedi. "Bu karomatga qanday qilib erishding?" degan edilar, u odam: "Havoi-nafsimni Allohga bo‘lgan muhabbatim uchungina tark etdim, shuning uchun Alloh taolo meni havoga o‘tirg‘izib qo‘ydi", deb javob qildi.

Samnun o‘z qavmi o‘rtasida Rabbiga muhabbatli kishi sifatida mashhur bo‘lgan edilar. U kishini avom insonlar "Samnun al-Majnun" (Samnun jinni) deb, olimlar esa "Samnun al-muhib" (muhabbatli Samnun) deb atashardi. O‘zi esa o‘zini "Samnun al-kazzob" (yolg‘onchi Samnun) deb atardilar. Bir kuni u masjiddagi minbarga chiqib, insonlarga va’z-nasihat qilganlarida, insonlar u kishining so‘zlariga iltifot qilishmadi. Shunda insonlardan nazarini olib, masjiddagi qandillarga qaratdilarda: "Ey qandillar! Samnundan ajoyib gaplarni tinglanglar", dedilar. Tuyqus qandillar zanjirlaridan uzildi va yerga tushib parcha-parcha bo‘ldi. Bu holni ko‘rganlar hayratda qolishdi.

Alloh va Rasuliga itoat qilish payg‘ambarlar, solihlar va avliyolar bilan qiyomatda va jannatda birga bo‘lishga sabab bo‘lar ekan. Ibn Ma’sud (r.a.) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilganlar: "Bir kishi Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga kelib: "Ey Rasululloh! Bir kishi bir qavmni yaxshi ko‘rsa, u ular bilan birga bo‘ladimi?" deb so‘ragan edi, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Inson o‘zi yaxshi ko‘rgan kishisi bilan birgadir", deb javob berdilar. Kimki Allohni yaxshi ko‘rsa, Uni ko‘p zikr qiladi. Zikrning foydasi Alloh uni rahmat va mag‘firatiga olish, payg‘ambarlar va solih kishilar bilan jannatga kirgizish va unga oxiratda O‘z jamolini ko‘rsatish bilan ikrom qilishidir ("Masobih").

Said al-Xudriy (r.a.) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) quyidagilarni rivoyat qilganlar: "Agar bir qavm majlis qurib o‘tirsalaru menga salovot aytmasalar, (oxiratda) ularga ziyon, xasrat bordir. Ular jannatga kirsalar ham, baribir majlislaridagi o‘sha xatolari sabab savob topmaydilar" ("Shifoi sharif").

Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) ko‘p-ko‘p salovot aytgan kishi, albatta, oxiratda u zotning shafoatlariga noil bo‘lur va jannatda ul zot bilan hamsuhbat bo‘lur.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:55:26

O‘n beshinchi majlis
SALOMLASHISHNING FAZILATI


Alloh taolo aytadi:
"Qachon sizga biron ibora bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olinglar yoki (hech bo‘lmasa) o‘sha iborani qaytaringlar. Albatta, Alloh hamma narsani hisobga olguvchi bo‘lgan zotdir" (Niso surasi, 86-oyat).

Abdulloh ibn Ma’sud (r.a.) Hazrati Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Salom Allohning ismlaridan biridir. Uni oralaringizda keng yoyinglar!"

Boshqa bir rivoyatda aytilganki: "Qachonki bir musulmon boshqa musulmonga salom bersa va u unga alik olsa, maloikalar alik olgan kishiga yetmish marta salovot aytadilar. Agar alik olmasa, maloikalarning o‘zlari berilgan salomga alik oladilar va bu salomga alik olmaganga yetmish marta la’nat aytadilar".

Abu Muslim Xavloniy to‘p bo‘lib yig‘ilib turgan odamlar oldidan o‘tib qolsalar, ularga salom bermasdilar. Sababi so‘ralganida: "Meni salom berishdan to‘sgan narsa — agar ular salomga alik olmay qolsalar, maloikalar ularga la’nat aytib qolishidan qo‘rqishimdir", dedilar ("Bahrul ulum").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:55:38

"Bo‘stonul orifiyn" kitobida yozilishicha, yurib ketayotgan odam o‘tirgan kishiga, kichkinalar kattalarga, otdagi kishi piyoda odamga, ot mingan kishi eshak minganga salom beradi. Alik oluvchi javobini eshittirib aytishi lozimdir. Chunki salom berganga javobi eshittirilmasa, u alik o‘rniga o‘tmaydi. Inson ahli baytiga kelganida salom beradi. Agar uyda hech kim bo‘lmasa, "Bizga va Allohning solih bandalariga salom bo‘lsin", deb salom beradi. Shunday qilinsa, uydagi maloikalar alik oladilar, natijada bu uyga barakotlar nozil bo‘ladi.

Yosh bolalarga salom berish yoki bermaslik haqida esa ulamolar ixtilof qilishib, ba’zilari durustmas deyishgan, ba’zilari salom berish kerak, deyishadi. Ba’zilari esa, salom berish bermaslikdan ko‘ra afzalroq, deganlar. Bizlar ham shuni olamiz.

Ikki kishi bir-biriga duch kelishsa, shahar tarafdan kelayotgan kishi qishloq tarafdan kelayotgan kishiga birinchi bo‘lib salom beradi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:55:50

Gap boshlashdan oldin salom berish va salomga alik olish vojib amaldir. Demak, salom berish sunnati kifoya, alik olish esa farzi kifoya. Ya’ni, bir to‘p odamlarning ichidan bittalari salom berib qo‘ysa, qolganlarning zimmasidan bu sunnat amal soqit bo‘ladi. Lekin hammalari salom berishi afzaldir. Alik olish ham xuddi shunday, agar jamoatdan bir kishi salomga javob qaytarsa, shu kifoya qiladi. Bordi-yu salom bergan kishi kar bo‘lsa, alik oluvchiga lozim ish labini qimirlatib, unga alik olganini ko‘rsatishi kerak. Salom berishda "Assalomu alayka" demasdan, "Assalomu alaykum" deyish avloroqdir. Boisi, kishi hech qachon yolg‘iz emas, uning hamrohlari — farishtalar ham bor.

Salomga javobda "Va alaykum assalom" deyish afzaldir, ya’ni "va" degan so‘zni qo‘shib aytilgan ma’qulroqdir. Alik o‘z vaqtida tez olinishi shart. Agar berilgan salomga javob kechiktirilsa, unda musulmon birodariga hurmatsizlik qilgan bo‘ladi. Agar bir kishiga boshqa bir kishidan bir elchi yoki xat orqali duoi salom yetib kelsa, javobi tezda qaytariladi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilarki: "To iymon keltirmagunlaringcha, jannatga kirmaysizlar. Va bir-birlaringiz bilan do‘st-birodar bo‘lmagunlaringcha komil iymonli bo‘la olmaysizlar. Diqqat qilinglar, sizlarga bir amalni tavsiya qilamanki, agar uni qilsalaringiz, bir-birlaringiz bilan birodar bo‘lasizlar. O‘rtalaringizda salomni keng yoyinglar!" (Imom Muslim va Abu Dovud rivoyati.)

Bu hadisda xoh taniydigan, xoh tanimaydigan kishi bo‘lsin, salomlashishga tashviq bordir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:56:01

"Tatarxoniya" degan kitobda bunday deyilgan: "Qur’on qiroat qilinayotgan paytda ovoz chiqarib salom berish makruh tahrimiydir. Lekin berilgan salomga javob beradi. Ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan kishilardan hech biriga salom berilmaydi, agar salom bersa, gunohkor bo‘ladi. Shuningdek, azon va takbir paytida ham berilgan salomga sekingina bo‘lsa ham alik olinmaydi".

Hazrati Anasdan (r.a.) rivoyat qilindi: "Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi vasallam) o‘n yil xizmat qildim, U zot hech qachon menga biror narsa qilgan bo‘lsam, buni nimaga qilding demadilar va qilmagan bo‘lsam, nimaga qilmading, demadilar. Va aytdilarki: "Ey Anas! Men senga bir vasiyat qilurman, yodingda tutgil. Tundagi namozni ko‘paytir, shunda seni saqlaguvchi farishtalar yaxshi ko‘radilar. Agar ahlingga kirsang, ularga salom ber, shunda Alloh sening barakotingni ziyoda qiladi. Tahorat bilan yotishga qodir bo‘lsang, doim shuni odat qil, agar tahoratli holda o‘lsang, shahid ketasan. Agar ko‘chaga chiqadigan bo‘lsang, senga yo‘liqqan kishiga birinchi bo‘lib salom ber, shunda Alloh yaxshiligingni ziyoda qiladi. Doimo musulmonlarning kattalarini hurmat, kichiklarini izzat qil. Shunday qilsang, men bilan jannatda bu ikkoviga o‘xshash bo‘lasan", deb muborak o‘rta va ko‘rsatgich barmoqlarini birlashtirib ko‘rsatdilar. So‘ng: "Bilginki, ey Anas, Alloh bandasidan bir luqma sabablik ham rozi bo‘ladi, agar banda o‘sha luqmani yeb, Allohga hamd aytsa", dedilar.

Ibn Salomdan (r.a.) rivoyat qilindi: "Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) bunday deganlarini eshitdim: "Ey odamlar! Salom berishni keng yoyinglar va muhtojlarga taom beringlar, insonlar uyquda bo‘lgan paytda, namoz o‘qinglar, shunda jannatga kirgaysizlar".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:56:15

Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi. U zot aytdilar: "Jannatda hamma ranglardan xonalar bor, ularning usti ichidan va ichi ustidan ko‘rinadi. U xonalarda ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan va inson xotiriga kelmagan ne’matlar bor". Shu payt: "Ey Rasululloh! Bu xonalar kimga beriladi?" deyishdi. Aytdilarki: "Hammaga salom bergan, muhtojlarga taom yedirgan va doim ro‘za tutgan, insonlar uyquda ekanida — tunda namoz o‘qigan kishilarga", dedilar. Sahobalar ajablanib: "Bunga kim toqat qiladi?" deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Sizlarga hozir bu haqda xabar beraman. Diqqat qilinglar: Kimki birodariga yo‘liqqanida birinchi bo‘lib salom bersa, u salomni keng yoygan bo‘ladi. Kimki ahli ayoliga nafaqa bersa, taom yedirgan bo‘ladi. Kimki ramazon ro‘zasini tutsa va yana shavvol oyida olti kun nafl ro‘za tutsa, u doim ro‘za tutgan bo‘ladi", dedilar.

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Salom bermay sizlarga gapirgan kishiga javob bermangiz".

Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilindi: "Iblis (alayhi la’na) mo‘min salom berganda yig‘lab aytadiki: "Vayl bo‘lsin menga, bu ikki mo‘min gunohlari kechirilmaguncha endi bir-biridan ajramaydi".

Aytdilarki, nasorolarning salomlashuvi qo‘lni og‘izga qo‘yish, yahudiylarning salomlashuvi esa barmoqlari bilan ishora qilish, majusiylarniki egilish, engashishdir, arablarniki "Alloh seni tirik qilsin", deb aytish, musulmonlarning salomlashuvi esa "Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh", deb ikki qo‘llab ko‘rishishdir. Bu esa eng ulug‘ salomlashuvdir.

Imron ibn Husayndan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) oldilariga kelib: "Assalomu alaykum", dedi, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) javob berib aytdilar: "Senga o‘nta yaxshilik". Boshqa kishi kelib Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam): "Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh" deb salom berdi. Rasululloh javoban: "Senga o‘ttiz hasanot", dedilar. So‘ngra boshqa kishi keldi va: "Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu va mag‘firatuhu", dedi. Shunda u odamga javob berib aytdilar: "Senga qirqta hasanot" ("Mishkotil masobih").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:56:47

O‘n oltinchi majlis
NABIYNING (sollallohu alayhi vasallam) VAFOTLARI HAQIDA


Alloh taolo aytadi:
"Bugun sizlarga diningizni komil qildim, ne’matimni benuqson to‘kis qilib berdim va sizlar uchun (faqat) Islomni din qilib tanladim" (Moida surasi, 3-oyatdan).

Rivoyat qilinishicha, ushbu oyati karima nozil qilinganida Umar (r.a.) yig‘laganlar. U zotga: "Ey Umar! Nega yig‘layapsiz?" deyishdi, Hazrati Umar (r.a.) aytdilar: "Meni yig‘latgan narsa, biz dinimizning ziyoda bo‘lishini xohlagan edik, mana din komil bo‘ldi. Kamol nuqsonga dalolatdir". Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "To‘g‘ri aytdingiz", dedilar (Abu Su’ud rivoyati).

Rivoyat qilindiki, bu oyat juma kunining asridan keyin Arafotda Hajjatul vado’da nozil bo‘lgan. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) tuya ustida Arafot tog‘ida edilar, bu oyatdan keyin faroizlardan biror narsa ham nozil bo‘lmadi. Bu oyat nozil bo‘lganda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) uning ma’nolarini ko‘tara olmay, tuyalariga suyandilar, shunda tuya ham cho‘kib qoldi. Jabroil (a.s.) kelib aytdilar: "Bugun sizlarning dinlaringiz ishi to‘liq bo‘ldi, sizga Rabbingiz buyurgan va qaytargan narsalar tamom bo‘ldi. Sahobalaringizni jamlab, ularga xabar bering, bu kundan keyin men sizlarga nozil bo‘lmayman". Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Makkadan qaytdilar va Madinaga kelib, sahobalarini jamlab, ularga bu oyatni o‘qib, Jabroil (a.s.) aytgan narsalarning xabarini berdilar. Shunda sahobalar bizning dinimiz to‘liq bo‘ldi deb xursand bo‘lishdi. Faqat Abu Bakr (r.a.) g‘amgin bo‘lib, uylariga keldilar va eshikni qulflab, yig‘lay boshladilar. Buni eshitgan sahobalar yig‘ilib, Abu Bakrning hovlilariga kelib aytishdi: "Ey Abu Bakr! Xursandchilik va shodlik paytida nega yig‘laysiz? Alloh bizning dinimizni to‘liq qilgan bo‘lsa". Abu Bakr (r.a.) aytdilar: "Sizlar qanday musibatlar bilan musibatlanganingizni bilmaysizlar. Eshitmaganmisizlar, bir ish to‘liq bo‘ldi, deganda uning noqisligi boshlanadi, bu oyat bizning ajralishimizga, Hasan va Husaynni yetim qolishlariga va Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) zavjalari beva qolishlariga dalolat qiladi", dedilar. Shu payt sahobalar orasida qattiq qichqiriq paydo bo‘ldi, hammalari yig‘lay boshlashdi. Abu Bakrning hujralaridan yig‘i ovozini eshitganlar esa, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) oldilariga kelib: "Yo Rasulalloh! Biz nima bo‘lganidan bexabarmiz, lekin biz Abu Bakr hujralaridan yig‘i-sig‘i, dod-faryodlarni eshitdik", deyishdi. Rasulullohning muborak ranglari o‘zgarib, tezda sahobalar oldiga keldilar va ularni o‘sha holda ko‘rdilar. Va aytdilar: "Sizlarni nima yig‘latyapti?" Ali (r.a.) aytdilar: "Abu Bakr: "Bu oyatdan men Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) vafot bo‘lishlarini bildim", deb aytyapti. Rostdan ham bu oyat sizning vafotingizga dalolat qiladimi?" Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: "Abu Bakr to‘g‘ri aytibdi. Haqiqatan, mening sizlarning orangizdan ketar paytim, ajralishim vaqti bo‘ldi", dedilar. Bu voqea Abu Bakrning (r.a.) sahobalar orasida eng bilimdoni ekanliklarini ko‘rsatadi. Abu Bakr (r.a.) bu gapni eshitganlaridan keyin qattiq qichqirdilar va hushdan ketdilar. Hazrati Ali (r.a.) titrab qoldilar. Sahobalarning barchasi qaltirab, qo‘rqib, qattiq yig‘ladilar. Hatto tog‘lar, toshlar, osmondagi farishtalar, qurt-qumursqalar, quruqlik va dengizdagi hayvonotlar ham yig‘ladilar. So‘ngra Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) sahobalarning har birlari bilan quchoqlashib xayrlashdilar va yig‘lab, ularga vasiyat qildilar. Bu oyatdan keyin Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) sakson bir kun yashadilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:57:04

Yana aytishlaricha, Alloh taoloning: "(Ey Muhammad) sizdan na ota, na bolasi bo‘lmagan odam to‘g‘risida fatvo so‘raydilar" (Niso surasi, 176-oyat), degan meros haqidagi oyati nozil bo‘lgandan keyin ellik kun, "Darhaqiqat, sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan elchi keldi..." (Tavba surasi, 168-oyat) oyati nozil bo‘lgandan keyin o‘ttiz besh kun va: "Barchangiz Allohga qaytadigan kundan qo‘rqingiz..." (Baqara surasi, 281-oyat) oyati nozil bo‘lgandan keyin yigirma bir kun yashaganlar. Yuqoridagi oyat nozil bo‘lgandan keyin bir kun minbarga ko‘tarilib, unda ko‘zlar yig‘laydigan, qalblar yumshaydigan, badanlar titraydigan bir xutba o‘qidilar. Jannatni bashorat qilib, do‘zaxdan qo‘rqitdilar.

Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) vafotlari yaqinlashganda Bilolga (r.a.) azon aytib, insonlarni namozga jamlashni buyurdilar. U kishi nido qildilar. Muhojiru ansorlar Rasulullohning masjidlariga yig‘ilishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ular bilan birga yengilgina ikki rak’at namoz o‘qidilar, so‘ng minbarga ko‘tarildilar. Allohga hamdu sanolar aytib, juda ham chiroyli bir xutba o‘qidilar, bu xutbadan qalblar yumshab, titradi, ko‘zlar yig‘ladi. Keyin aytdilar: "Ey musulmonlar jamoati! Men sizlarga Allohning izni ila Allohga chaqiruvchi, nasihatgo‘y payg‘ambar bo‘ldim. Va men sizlarga mushfiq birodar, rahmdil ota singari bo‘ldim. Ammo kimki mendan zulm ko‘rgan bo‘lsa, kelsin, qasosini olsin. Haqqi Qiyomat kuniga qolmasin". Bu so‘zdan keyin hech kim u kishidan qasos olish uchun turmadi. Shunda u zot bu so‘zlarini ikkinchi, uchinchi bora qaytardilar. Shu payt Ukosha ibn Muhsin degan bir kishi turib, Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) oldilariga keldi va: "Otam va onam sizga fido bo‘lsin, ey Rasululloh! Agar siz bizga bir necha marta nido qilmaganingizda, men bunga jur’at eta olmasdim. Siz bilan Badr g‘azotida edim, mening tuyam sizning tuyangiz oldida bo‘lib qoldi, shunda men tuyamdan tushib sizning oldingizga yaqinlashdim, niyatim jangdan oldin sizning muborak oyoqlaringizni o‘pish edi. Siz o‘sha payt tuyani nuqtaydigan qamchiningizni ko‘tarib, belimga urdingiz. Men haligacha bilmayman, siz bu ishni qasddan qildingizmi yoki tuyani uray deganmidingiz?" Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Allohning rasuli hech qachon bilib turib bunday qilmaydi". Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) Bilolga (r.a.) buyurdilar: "Ey Bilol! Fotimaning hovlisiga borib, mening qamchinimni keltir!" Bilol (r.a.) masjiddan chiqib, Fotimaning (r.a.) eshiklarini qoqdilar. Fotima (r.a.) ichkaridan: "Kim u?" deb so‘radilar. Hazrati Bilol (r.a.): "Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) qamchilarini olib ketish uchun keldim", dedilar. "Ey Bilol! Otam qamchinni nima qilar ekanlar", deb so‘radilar keyin. Hazrati Bilol (r.a.) aytdilarki: "Otangiz o‘z nafslaridan qasos beryaptilar". Shunda Fotima (r.a.) aytdilar: "Bilol! Allohning rasulidan qasos olaman deb ko‘ngli xotirjam bo‘lgan kishi kim?!" Hazrati Bilol (r.a.) javob bermay qamchini oldilar-da, masjidga kirdilar. Qamchini Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) berdilar. Rasululloh esa uni Hazrati Ukoshaga tutqazdilar. Buni ko‘rgan Hazrati Abu Bakr va Hazrati Umarlar (r.a.) turib aytdilar: "Hey, Ukosha! Biz sening oldingda turibmiz, bizlardan qasos olaver, Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) ham qasos olasanmi?" Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ularga: "O‘tiringlar! Alloh sizlarning darajangizni yaxshi biladi", dedilar. Shunda Ali (r.a.) turib: "Ey Ukosha! Bu belim, mana, qornim, xohlasang, mendan qasos ol, meni savala", dedilar. Rasululloh esa: "Ey Ali! Alloh sening ham darajangni va niyatingni biladi", deb aytdilar. Shunda Hasan va Husanlar (r.a.) ham chidolmay: "Ey Ukosha! Siz bizning Rasululloh nabiralari ekanimizni yaxshi bilasiz, bizdan qasos olsangiz, Rasulullohdan qasos olgan bo‘lasiz-ku?!" deyishdi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) ularga qarab: "Ey ko‘zimning quvonchlari, o‘tiringlar", dedilar. Va Ukoshaga qarab: "Urishni xohlasang, ur ey, Ukosha!" deb aytdilar. "Ey Allohning rasuli! Siz meni urayotgan paytingizda men kiyimsiz edim", deb aytdilar. Rasululloh kiyimlarini yechdilar. Shu payt musulmonlar qattiq yig‘i bilan qichqirib yuborishdi. Hazrati Ukosha (r.a.) u zoti sharifning jismlarini oqligiga qarab, tiz cho‘kdilar-da, Rasulullohning orqalarini o‘pib aytdilar: "Ey Allohning rasuli! Jonim sizga fido bo‘lsin. Axir, Allohning elchisidan qasos olib, kimning ko‘ngli orom topadi? Bu ishni men, mening jismim sizning muborak jismingizga tegib, Alloh sizning hurmatingizdan meni do‘zax o‘tidan xalos qilarmikan, degan umidda qildim", dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki jannat ahliga qaramoqlikni istasa, bu odamga qarasin", dedilar. Masjiddagilar o‘rinlaridan turib, Hazrati Ukoshaning peshonalaridan o‘pib: "Xushxabar muborak, sen oliy darajalarga erishding. Muhammadga (sollallohu alayhi vasallam) jannatda qo‘shni bo‘lding", deyishdi. Allohim jaloling va izzating haqqi bizga ham u zoti sharifning shafoatlarini nasib etgin ("Mav’izatul hasana").

Qayd etilgan