Hikoya qilinadi: Qorun ibn Yasxar ibn Qohas ibn Lovay ibn Ya’qub ibn Ishoq ibn Ibrohim (a.s.) — Musoning (a.s.) amakilarining o‘g‘li edi. Ammo Musoga (a.s.) qarshilik qilardi. Xuddi Somiriy Musoga (a.s.) ichida qarshilik qilib, munofiqlik qilgani kabi. Qorun Fir’avnning vaziri edi. Doim Musoga (a.s.) aziyat berar, u zot esa qarindoshligi uchun indamay sir tutardilar. Zakot amri nozil bo‘lganida, Qorun Muso (a.s.) bilan har ming dirhamdan bir dirham va har ming dinordan bir dinor beraman, deb sulh tuzdi. Vaholanki, unga molining to‘rtdan bir qismini zakot qilib berish vojib edi. Qorun sulh qilgach, mollarini yig‘ib jamladi, shunda tillo-kumushlari tog‘dek uyulib ketdi. Buni ko‘rgan Qorun, bu ko‘p, dedi. Baxilligi tutib bermadi. Uning xazinalarining kaliti oltmishta xachirga yuk edi. Har bir xazinaning bitta kaliti bo‘lib, kattaligi barmoqday edi. Qorun Bani Isroilga: "Muso sizlarning barcha mollaringizni olib qo‘ymoqchi", dedi. Ular vahimaga tushib: "Siz bizning kattamizsiz, xohlagan narsangizni buyuring", deb aytishdi. Qorun: "Menga falonchi fohishani keltiringlar! U ayol: "Muso men bilan bo‘lgan", desin", dedi. Ular o‘sha fohishani keltirishdi. Qorun unga ming dinor berib, sen: "Muso men bilan zino qilgan, men undan homiladorman", deb aytasan, dedi. Ertasi kun Qorun odamlarni to‘pladi. Shu kun ularning bayram kunlari edi. Qorun Musoga (a.s.): "Bizga bir nasihat qil", dedi. Muso (a.s.) so‘zlari asnosida quyidagilarni aytdilar: "Kim o‘g‘irlik qilsa, uning qo‘lini kesamiz. Kim birovni nohaq so‘kib ayblasa, darralaymiz. Kim zino qilsa va u oilalik bo‘lsa, albatta, uni toshbo‘ron qilib o‘ldiramiz". Shunda Qorun: "Agar bu ishni sen qilgan bo‘lsang hammi?" dedi. Muso (a.s.): "Ha, men qilgan bo‘lsam ham", dedilar. Shunda Qorun turib aytdiki: "Bani Isroil seni falon ayol bilan zino qilgan, deb aytyapti-ku?!" dedi. Muso (a.s.): "O‘sha ayolni chaqiringlar", dedilar. Ayolni olib kelishdi. Muso (a.s.) qasam ichib aytdilarki: "Seni va dengizlarni yaratgan, Tavrotni nozil qilgan Zot nomi bilan ayt, sen buni tasdiq qilasanmi?" Ayol talmovsirab, tili tutilib qoldi. So‘ng aytdiki: "Ey Muso! Aytilgan narsalardan sen poksan. Qorun menga ming dinor berdi va seni ayblashimni istadi", dedi. Muso (a.s.) sajda qildilar va Alloh taologa yig‘lab duo qildilarki: "Ey Parvardigorim! Agar men Sening nabiying bo‘lsam, haq payg‘ambaring bo‘lsam, meni qutqargin". Alloh taolo: "Ey Muso! Yerni sening amringga bo‘ysunuvchi qildim, xohlagan narsangni buyur", deb vahiy qildi. Muso (a.s.): "Kim Qorun bilan bo‘lsa, turaversin, kim men bilan bo‘lsa, undan ajrasin", dedilar. Insonlarning hammalari Muso (a.s.) taraflariga o‘tdilar, faqat ikki kishi Qorun bilan biri qoldi. Muso (a.s.) aytdilar: "Ey yer! Ularni yut!" Yer ularni tizzalarigacha tortdi, so‘ngra ikkinchi bora: "Ey yer! Ularni yut!" dedilar. Yer ularni bellarigacha ko‘mdi. Shunda ular Musoga (a.s.) yalina boshladilar. Muso (a.s.) uchinchi bor aytganlarida, yer ularni bo‘yinlarigacha ko‘mdi. Ular esa Musoga (a.s.) yalinishdan to‘xtamasdilar. Muso (a.s.) shunchalik g‘azablangan edilarki, achchig‘ida ularga qarab ham qo‘ymadilar. To‘rtinchi bor buyurganlarida, yer ularni butkul yutib yubordi. Shunda odamlar orasidan birovi: "Muso Qorunni duoibad qildi, uning xazina va qasrini egallash maqsadida shunday qildi", dedi. Buni eshitgan Muso (a.s.) Allohga duo qildilar, hatto Qorunning qasri va mollarini ham yer yutdi. Alloh taolo aytganidek: "Bas biz Qorunni ham, uning hovli-joyini ham (erga) yutdirdik" ("Mishkot").