Abu Umoma Boxiliy (r.a.) mazkur oyati karimaning nozil bo‘lishi sababi haqida quyidagilarni rivoyat qilganlar: "Sa’laba ibn Xotib Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) masjidlarida kechayu-kunduz mulozim edi. Uning peshonalari yerga va toshlarga ko‘p sajda qilganlik sababidan xuddi tuyaning tizzalari singari qavargan edi. Bir kuni masjiddan duo qilmay, namoz o‘qimay shoshilib chiqib ketayotganida, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) unga: "Senga nima bo‘ldi? Masjiddan shoshib chiqish bilan munofiqlarning ishini qilyapsan", dedilar. U: "Yo Rasululloh! Chiqib ketishimning sababi, men va ayolimga bittagina kiyim bor, u ham bo‘lsa, mening egnimda. Men unda namoz o‘qib olaman, xotinim esa uyda kiyimsiz o‘tiradi, keyin unga borib kiyimimni beraman. U namozini o‘qib oladi. Duo qiling, Alloh taolo menga mol-dunyo ato qilsin", dedi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Ey Sa’laba! Shukrini ado qila oladigan ozgina mol shukr etishga toqat qilolmaydigan ko‘p mol-dunyodan yaxshiroqdir", dedilar. U yana: "Ey Allohning Rasuli! Allohga duo qiling, menga mol-dunyo ato qilib rizqlantirsin", dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Sen uchun Rasulullohda yaxshi ibrat yo‘qmi?! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasam, tog‘lar menga tilla va kumush bo‘lib qolishlarini xohlasam, albatta, shu ish bo‘ladi. Ammo men buni aslo xohlamayman" deb javob berdilar. Sa’laba ketdi. Ertasi kun yana keldi. Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam): "Yo Rasululloh! Allohga duo qiling, menga mol-davlat ato qilsin, albatta, har bir haqqi bor odamga haqqini berurman", dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) uning uchun duo qilib aytdilar: "Ey Allohim! Sa’lobaga mol-davlat ato qilgin". Shundan so‘ng u bir qo‘y olib boqa boshladi. Qo‘y xuddi qurt o‘sgani kabi o‘sib ko‘paya ketdi. Tez orada ikkita, uchta, to‘rtta bo‘ldi. Nihoyat, qo‘ylari ko‘paydi va unga Madina ham torlik qila boshladi. U Madinadan tashqariga chiqib, bir vodiyga tushib, o‘sha yerda qo‘ylarini boqa boshladi. Sa’laba Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bilan peshin va asr namozlarini o‘qib, qolgan namozlarni o‘zining qo‘ylari ichida o‘qir edi. Keyin esa qo‘ylari yana ko‘paydi. U endi Madinadan yana uzoqlashdi, endi faqat juma namoziga keladigan bo‘ldi. Bir muddatdan so‘ng juma namoziga ham kelmay qo‘ydi. Juma kuni odamlar namozdan qaytayotganida ularning qarshisidan chiqib qolar, xabarlar haqida so‘rar edi. Kunlardan bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Sa’labani eslab so‘radilar: "Sa’laba nima qilyapti?" Sahobalar: "Ey Allohning Rasuli! U qo‘y boqib yuribdi. Qo‘ylari vodiyga ham sig‘may ketgan", deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Sa’labaning holiga voy bo‘lsin", dedilar. Keyin zakot oyati nozil bo‘ldi, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ikki kishini uning oldiga zakot olish uchun yubordilar. Ular Sa’labaning oldiga borib, zakot berishi lozim ekanini aytishdi va unga Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) maktublarini topshirib, Alloh buyurgan farzlarni o‘qib berishdi. Sa’laba esa hech narsa bermadi, balki aytdiki: "Bu shak-shubhasiz jizya yoki jizyaning o‘xshashi", dedi. So‘ng ikki elchiga qarab: "Sizlar qaytib ketaveringlar, men bir o‘ylab ko‘rayin", dedi. Ikki elchi Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) oldilariga kelib, hali gapirmay turib, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ikki marta: "Sa’labaning holiga voy bo‘lsin", dedilar. So‘ngra Alloh taolo Tavba surasidagi 75—76-oyatlarni nozil qildi. Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) oldilarida Sa’labaning qarindoshlaridan bir kishi bor edi. Buni eshitib Sa’labaning oldiga yugurib bordi va: "Holingga voy sening, ey Sa’laba! Alloh sen haqqingda falon-falon oyatni nozil qildi", dedi. Sa’laba Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) oldilariga zakotini olib keldi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh sendan zakot olishimni man qildi", dedilar. Sa’laba bu gapni eshitib, boshiga tuproq socha boshladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Bunga o‘zing sabab bo‘lding, buyurganimda, itoat qilmading", dedilar. Oradan ko‘p o‘tmay, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) vafot etdilar. Sa’laba Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) vafotlaridan keyin Abu Bakr oldilariga kelib zakot bermoqchi bo‘ldi. "Sadaqamni qabul qiling", dedi. Abu Bakr (r.a.) qabul qilmadilar. "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) qabul qilmagan sadaqani men ham qabul qilmayman", dedilar