Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1466659 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 61 B


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:59:23



246. Bani Isroildan bo‘lgan, Musodan keyingi bir jamoatning holi-xabarini bilmadingizmi? Qaysiki, ular o‘zlarining (Sham’un ismli) payg‘ambarlariga: «Biz uchun bir podshoh tayinlagin, biz (u bilan birga) Alloh yo‘lida jang qilaylik», deyishdi. «Agar sizlarga urush farz qilinsa, ehtimol urushmassiz?» — dedi (payg‘ambar). Ular aytdilar: «Diyorimizdan haydalib, bolalarimizdan (ajralib) turibmiz-ku, nega Alloh yo‘lida urushmas ekanmiz?» Qachonki ularga urush farz qilinganda ozgina kishidan tashqari hammalari bosh tortdilar. Alloh zulm qilguvchilarni bilguvchidir.

247. Payg‘ambarlari ularga aytdi: «Albatta Alloh sizlarga Tolutni podshoh qilib tayinladi». «U qayoqdan bizga podshohlik qilsin, axir biz podshohlikka undan haqliroqmiz-ku, qolavsrsa, unga keng-katta mol-davlat ato qilinmagan bo‘lsa», deyishdi. Payg‘ambar aytdi: «Albatta Alloh uni sizlarning ustingizga sayladi va unga ilmda va jismda quvvatni ziyoda qildi. Alloh mulkini O’zi istagan kishiga beradi». Alloh (fazlu karami) keng, bilguvchidir.

248. Payg‘ambarlari ularga aytdi: «Uning podshoh bo‘lib saylanganligining alomati — sizlarga bir sandiq kelishidirki, unda Parvardigoringiz tomonidan xotirjamlik va Muso va Horun oilalaridan qolgan meros jo qilingan bo‘lib, farishtalar ko‘tarib turadilar. Agar chindan iymon egalari bo‘lsangiz, shubhasiz bu voqeada sizlar uchun oyat-alomat bordir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:00:11



249. Qachonki Tolut askarlari bilan (shahardan) chiqqach, aytdi: «Albatta Alloh sizlarni bir daryo bilan imtihon qiladi. Bas, kim undan suv ichsa mening (askarim)dan emas va kim undan ichmasa, u mendandir. Magar kim qo‘li bilan faqat bir hovuch olsa (joizdir)». Bas, u daryodan ozginalaridan boshqa hammalari ichdilar. U iymon keltirgan kishilar bilan birga daryodan o‘tgach (aksarlar) aytdilar: «Endi bu kun Jolut va uning lashkarlariga kuchimiz yetmaydi». (Shunda) Allohga ro‘baro‘ bo‘lishlariga ishonadigan zotlar: «Qanchadan-qancha kichkina guruhlar Allohning izni bilan katta guruhlar ustidan g‘alaba qilgan. Alloh sabr qilguvchilar bilan birgadir», dedilar.

250. Qachonki Jolut va uning lashkariga ko‘ringanlarida aytdilar: «Parvardigoro, ustimizdan sabru toqat yog‘dirgil, qadamlarimizni sobit qil va O’zing bizni bu kofir qavm ustiga g‘olib qil!» 

251. Bas, Allohning izni bilan ularni yengdilar. Va (Tolutning askarlaridan bo‘lgan) Dovud Jolutni o‘ldirdi. Va Alloh unga (Dovudga) podshoxlik, payg‘ambarlik va O’zi xohlagan narsalaridan ta’lim berdi. Agar Alloh odamlarning ayrimlarini ayrimlari bilan daf’ qilib turmas ekan, shubhasiz, yer fasodga duchor bo‘ladi. Lekin Alloh barcha olamlar ustida fazlu karam sohibidir.

252. (Ey Muhammad) bular Allohning oyatlaridir. Ularni Sizga haqqirost tilovat qilmoqdamiz. Va Siz shak-shubhasiz payg‘ambarlardandirsiz.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:01:19

UCHINCHI JUZ’
*************************



253. O’sha payg‘ambarlarning ayrimlarini ayrimlaridan afzal qildik. Ularning oralarida Alloh (bevosita) so‘zlagan zotlar bor. Va (ularning) ayrimlarini (Alloh) yuksak darajalarga ko‘tardi. Iyso binni Maryamga hujjatlar berdik va uni Ruhul-quds (Jabroil) bilan quvvatlantirdik. Agar Alloh xohlaganda u payg‘ambarlardan keyin o‘tgan odamlar hujjatlar kelganidan keyin urishishmagan bo‘lardilar. Ammo ular ixtilof qildilar. Bas, ularning orasida mo‘minlar ham bor, kofirlar ham. Agar Alloh xohlaganda urishishmagan bo‘lardilar, lekin Alloh O’zi xoxlagan ishini qiladi.

254. Ey mo‘minlar, na oldi-sotdi, na oshna-og‘aynigarchilik va na oqlov bo‘lmaydigan KUN kelishidan ilgari hayoti dunyoda sizlarga rizq qilib bergan narsalarimizdan infoq-ehson qilinglar! Kofir bo‘lgan kimsalargina zulm qilguvchilardir.

255. Allohdan o‘zga hech qanday tangri yo‘q. Faqat Uning o‘zi bordir. U tirik va abadiy turguvchidir. Uni na mudroq, na uyqu olmaydi. Samovot va yerdagi bor narsalar Uningdir. Uning huzurida hech kim (birovni) Uning iznisiz oqlay olmaydi. U ularning (barcha odamlarning) oldilaridagi va orqalaridagi bor narsani biladi. Va ular U zotning ilmidan faqat O’zi istagan narsalarnigina biladilar. Uning arshi-kursisi osmonlar va yerdan kengdir. Va uni osmonlar va yerni hifzu himoyatda saqlab turish qiynamaydi. U eng yuksak va buyukdir.

256. Dinga zo‘rlab (kiritish) yo‘qdir. (Zero) haq yo‘l zalolatdan ajrab bo‘ldi. Bas, kim shaytondan yuz o‘girib, Allohga iymon keltirsa, u hech ajrab ketmaydigan mustahkam halqqani ushlabdi. Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:01:38



257. Alloh mo‘minlarning do‘stidir. Ularni qorong‘u zulmatlardan yorug‘lik — nurga chiqaradi. Kofirlarning do‘stlari esa shaytonlardir. Ular kofirlarni yorug‘lik-nurdan qorong‘u-zulmatlarga chiqaradilar. Ana o‘shalar jahannam egalaridir va unda abadiy qolajaklar.

258. Alloh podshohlik berganidan hovliqib Ibrohim bilan Parvardigori haqida talashgan kimsaning (Namrudning) holi-xabarini bilmadingizmi? Qaysiki Ibrohim: «Parvardigorim tiriltirib, o‘ldiradigan zotdir», deganida, u: «Men (ham) tiriltiraman va o‘ldiraman», dedi. Ibrohim aytdi: «Albatta Alloh quyoshni Mashriqdan chiqaradi. Sen uni Mag‘ribdan chiqargin-chi?» Shunda bu inkor qiluvchi dovdirab qoldi. Alloh zolim kimsalarni hidoyat qilmaydi.


I z o h . Podshoh Namrud Ibrohim alayhis-salomga: «Sen bizlarni da’vat qilayotgan Parvardigoring qanday zot?» deganida Ibrohim payg‘ambar aytdilar: «Parvardigorim o‘z bandalariga jon berib, jon olguvchidir». Shunda Namrud: «Bu mening ham qo‘limdan keladi», deb ikki kishini keltirdi-da, birini o‘ldirib, yana birini qo‘yib yubordi. Ibrohim alayhis-salom uning ahmoqligini ko‘rgach, dedilar: «Mening Parvardigorim quyoshni sharqdan chiqaradi. Agar sen chindan ham qudrat egasi bo‘lsang, uni g‘arbdan chiqargin-chi?!» Ana shundagina Namrud javob topolmay lol bo‘lib qoldi.

259. Yoki bir zot (Uzayr payg‘ambar) haqidagi masalni (bilmadingizmiki), u zot tomlari yiqilib huvillab qolgan bir qishloqdan o‘tarkan: «Alloh bu xarob bo‘lgan qishloqni qanday tiriltirar ekan-a?» dedi. Shunda Alloh uni yuz yil muddatga o‘ldirdi. So‘ngra tiriltirib so‘radi: «Qancha muddat (o‘lik holda) turding?» «Bir kun yo yarim kun», dedi u. Alloh dedi: «Yo‘q, yuz yil turding. Taom va ichimligingga qara — buzilgan emas. Endi eshaginga (chirib, suyaklari ajrab ketganini) ko‘rgan. (Bu hodisani Allohning hudratini ko‘rsatish) va seni odamlar uchun oyat — ibrat qilish uchun (keltirdik). Bu suyaklarni qanday tiklab, so‘ng ularni go‘sht bilan qoplashimizni ko‘rgan. Qachonki unga bu narsalar aniq ko‘ringach: «Albatta Alloh hamma narsaga qodir ekanini bilaman», dedi.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:01:55



260. Eslang (ey Muhammad), Ibrohim: «Parvardigor, menga o‘liklarni qanday qilib tiriltirishingni ko‘rsat», deganida, Alloh: «Ishonmaysanmi?» — dedi. Ibrohim aytdi: «Yo‘q, ishonaman-ku, lekin dilim yana ham taskin topishi uchun». Alloh aytdi: «To‘rtta qushni olib, o‘zingga burgin (va ularni bosh, oyoq, qanot va patlarini tortib, uzib, so‘ngra bir-birlariga aralashtirib), keyin (atrofdagi tog‘lardan) har bir tog‘ning ustiga ularni bo‘lak-bo‘lak qilib qo‘ygin va shundan so‘ng ularni chaqirgin, darhol keladilar. Bilgilki, Alloh shubhasiz qudratli va hikmatlidir».

261. Alloh yo‘lida mollarini infoq-ehson qiladigan kishilarning misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi. (Ya’ni, qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda.) Alloh istagan kishilariga, bir necha barobar qilib beradi. Alloh (fazlu karami) keng, bilguvchidir.

262. Mollarini Alloh yo‘lida sarflab, so‘ngra bergan narsalaricha minnat va ozorni ergashtirmaydigan zotlar uchun Parvardigorlari huzurida ulug‘ ajr bordir. Ular uchun hech qanday xavfu xatar yo‘q va ular g‘amgin bo‘lmaydilar.

263. Yaxshi gap va kechirish — ketidan ozor keladigan sadaqadan yaxshiroq. Alloh behojat va haliymdir.

264. Ey mo‘minlar, molini odamlarga ko‘rsatish uchun beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, bergan sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang! Zero uning (riyokorning) misoli xuddi bir ustini chang-tuproq qoplab olgan silliq toshga o‘xshaydiki, unga sharros quygan yomg‘ir tekkan-da, qattiq-silliq toshligicha qoldirgan. (Unday riyokor) munofiqlar yaxshi amallar qildik, deb hisoblaydilar, ammo qiyomat kunida topgan va sarflagan dunyolaridan hech narsaga ega bo‘lmaydilar. Alloh kofirlarni hidoyat qilmaydi.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:02:56



265. Mollarini Allohning rizoligini istab va dillarida mustahkam ishonch bilan sarf qiladigan zotlarning misoli xuddi adirlikdagi sharros quygan yomg‘ir tekkach, hosilini ikki barobar qilgan bog‘ga o‘xshaydi. Endi agar unga sharros quygan yomg‘ir tegmagan bo‘lsa, maydalab yog‘gan yomg‘ir ham kifoya qiladi. Alloh qilayotgan amalingizni ko‘rguvchidir.

266. Sizlardan birontangiz taglaridan daryolar oqib turguvchi, xurmoyu uzumlari bor, har turli mevalarga to‘la bog‘i bo‘lib, keksayib nimjon bolalari bilan qolgan paytida o‘sha bog‘ini o‘tli bo‘ron urib, yonib bitishini istaydimi? Shunday hilib, tafakkur qilishingiz uchun Alloh sizlarga o‘z oyatlarini bayon qiladi.


I z o h . Ushbu oyatda Alloh taolo ehson qilib orqasidan minnat qiladigan yoki xo‘jako‘rsinga ehson qiladigan kimsalarning oxiratdagi ahvoli haqida xabar berib, garchi ular «qilgan ehsonlarimiz sababli jannatlarga erishamiz», deb xomtama bo‘lsalar-da, ularning qilgan «ehsonlari»ni minnat va riyo bo‘roni uchirib-yondirib ketishi aniq ekanini uqtiradi.

267. Ey mo‘minlar, kasb qilib topgan narsalaringizning halol-pokizalaridan va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalardan infoq-ehson qilingiz! Ehson qilish uchun ulardan o‘zingiz faqat ko‘z yumib turib oladigan — past-nopoklarini tanlamangiz! Va bilingizki, albatta Alloh behojat va hamdu sanoga loyiq zotdir.

268. Shayton sizlarni (agar infoq-ehson qilsangiz) kambag‘al bo‘lib qolishingizdan qo‘rqitadi va fahsh ishlarga buyuradi. Alloh sizlarga o‘z tarafidan mag‘firat va fazlu karam (boylik) va’da qiladi. Alloh (fazlu karami) keng va bilguvchidir.

269. U O’zi istagan kishilarga hikmat (foydali bilim) beradi. Kimga hikmat berilgan bo‘lsa, bas, muhaqqaqki, unga ko‘p yaxshilik berilibdi. Va’z-eslatmalarni faqat axli donishlargina oladilar.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:03:41



270. Infoq qilgan har bir nafaqangiz va nazr qilgan har bir nazringizni shubhasiz Alloh biladi. Va (infoq-ehson qilmaydigan) zolimlar uchun hech qanday yordamchi yo‘qdir.

271. Agar sadaqalarni oshkora holda bersangiz, juda yaxshi. Va agar maxfiy qilib, faqir-kambag‘allarga bersangiz — bu o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir. Va qilgan gunohlaringizga kafforat bo‘ladi. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

272. Ularni hidoyat qilish Sizning zimmangizda emas (ey Muhammad). Balki Alloh o‘zi istagan kishilarni hidoyat qiladi. Qanday yaxshilik (mol) infoq-ehson qilsangizlar, bas, o‘zingiz uchundir. Faqat Alloh yuzini istab yaxshilik infoq-ehson qilingiz! Qilgan har bir yaxshiligingiz sizlarga zulm qilinmagan holida o‘zingizga to‘la-to‘kis qaytariladi.

273. (Sadaqot-ehsonlar) Allohning yo‘lida to‘silgan (ya’ni o‘zlarini ushlagan), biror yerga safar qilishga qodir bo‘lmaydigan, qanoatlari sababli, bilmagan odamga boy-badavlat bo‘lib ko‘rinadigan faqir-kambag‘allar uchundir. Ularning faqirliklarini siymolaridan bilib olasiz. Ular tilanib turib olmaydilar. Qanday yaxshilik qilsangiz, bas, albatta Alloh uni bilguvchidir.

274. Mol-dunyolarini kechayu kunduz, yashirin va oshkora ehson qiladigan zotlar uchun Parvardigorlarining huzurida ulug‘ ajr bor. Ular uchun hech qanday xavfu xatar yo‘q va ular g‘amgin bo‘lmaydilar.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:04:49



275. Sudxo‘r bo‘lgan kimsalar (qiyomat kunida qabrlaridan) turmaydilar, magar jin chalgan majnun kabi turadilar. Bunga sabab ularning: «Bay’ (oddi-sotdi) ham sudxo‘rlikning o‘zi-ku?» — deganlaridir. Holbuki, Alloh bay’ni halol, sudxo‘rlikni harom qilgan. Bas, kimga Parvardigoridan mav’iza — nasihat yetgach (sudxo‘rlikdan) to‘xtasa, u holda avval o‘tgani o‘ziga va uning ishi Allohga (topshiriladi). (Ya’ni O’zi xohlasa afv qilar). Va kim (sudxo‘rlikka) qaytsa, o‘shalar jahannam egalaridir va unda abadiy qolajaklar.

276. Alloh sudxo‘rlikning (foydasini) yo‘q qiladi va sadaqalarning (foydasini) ziyoda qiladi. Alloh har qanday (sudxo‘rlikni halol deb biladigan) ko‘rnamakni va (sudxo‘rlik qiladigan) jinoyatchini sevmaydi.

277. Albatta iymon keltirgan, yaxshi amallar qilgan va namozni to‘kis ado qilib, zakotni bergan zotlar uchun Parvardigorlari huzurida ajr bor. Ular uchun hech qanday xavf-xatar yo‘q va ular g‘amgin bo‘lmaydilar.

278. Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va agar chindan mo‘min bo‘lsangizlar, sudxo‘rlik sarqitlarini tark qilingiz. (Ya’ni odamlarga bergan qarzlaringizdan chiqadigan foydani olmangiz.)

279. Endi agar (farmonimizni) qilmasangiz, u holda Alloh va payg‘ambari tomonidan bo‘lgan urushni bilib qo‘ying! Agar tavba qilsangiz, dastmoyangiz o‘zingizga — zolim ham, mazlum ham bo‘lmaysiz.

280. Agar (qarzdor) nochor bo‘lsa, boyiguncha kuting! Agar bilsangizlar (bergan qarzingizni) sadaqa qilib yuborishingiz o‘zingiz uchun yaxshiroqdir.

281. Va (barchangiz) Allohga qaytariladigan kundan qo‘rqingiz! So‘ngra har bir jonga qilgan amali uchun to‘la jazo beriladi va hech kimga zulm qilinmaydi.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:05:23



282. Ey mo‘minlar, bir-birlaringiz bilan qarz muomalasini qilsangiz, yozib qo‘yinglar! Oralaringizda bir kotib adolat bilan yozsin! Hech bir kotib Alloh bildirgan yozishdan bosh tortmasin, albatta yozsin! Zimmasida qarzi bo‘lgan kishi yozdirsin — Parvardigori bo‘lmish Allohdan qo‘rqsin va u qarzdan biron narsa kamaytirib yozmasin! Agar zimmasida qarzi bo‘lgan kishi aqlsiz yo ojiz (yosh bola yo juda keksa) bo‘lsa, yoki (kar, soqovligi yo til bilmasligi sababli aytib turib) yozdirishga qodir bo‘lmasa, uning homiy vakili adolat bilan yozdirsin! Va sizlar rozi bo‘ladigan (adolatli) guvohlardan ikki erkak kishini, agar ikki erkak topilmasa, bir erkak va ikki ayolni — biri unutib adashsa, yana biri unga eslatadi— guvoh qilinglar! Guvohlar (guvohlik uchun) chaqirilganda bosh tortmasinlar! Xoh katta, xoh kichik qarz bo‘lsin, muddati kelgunicha yozib qo‘yishdan erinmanglar. Mana shu Alloh nazdida adolatliroq, guvohlik uchun to‘g‘riroq va shak-shubha qilmaslikka yaqinroq bo‘lgan (hukmdir). Lekin agar (o‘rtadagi muomalangiz) oralaringizda yurgizib turgan naqd savdo bo‘lsa, uni yozmasangiz-da, sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Va bir-biringiz bilan savdo qilganda guvoh keltiring! Va na kotib, na guvohga zarar yetmasin. Agar shunday qilsangiz (ya’ni ulardan birontasiga zarar yetkazsangiz), bu Allohga itoatsizligingizdir. Allohdan qo‘rqingiz! Alloh sizlarga (haq-hidoyat yo‘lini) bildiradi. Alloh hamma narsani bilguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:06:07



283. Agar safarda bo‘lsangiz va kotib topa olmasangiz (berilgan narsa evaziga) qo‘l bilan tutgudek garov oling! Agar bir-birlaringizga omonat qo‘ysangiz, omonat qo‘yilgan kishi omonatini ado qilsin va Parvardigori — Allohdan qo‘rqsin! Guvohlikni yashirmangiz! Kim (guvohlikdan bosh tortish bilan) uni yashirsa, bas, albatta uning qalbi osiy -gunohkordir. Alloh qilayotgan amalingizni bilguvchidir.

284. Samovot va yerdagi bor narsa Allohnikidir. Ichingizdagi narsani xoh oshkor qiling, xoh yashiring, Alloh sizlarni o‘sha narsa bilan hisob-kitob qiladi va O’zi istagan kishini mag‘firat qilib, O’zi istagan kishini azoblaydi. Alloh hamma narsaga qodirdir.

285. Payg‘ambar o‘ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga iymon keltirdi va mo‘minlar (ham iymon keltirdilar). Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga iymon keltirgan har bir kishi (aytdi): «Uning payg‘ambarlaridan biron kishini ajratib qo‘ymaymiz». Va «Eshitdik va itoat etdik. Parvardigoro, gunohlarimizni mag‘firat qilishingni so‘raymiz. Va faqat O’zingga kaytajakmiz», dedilar.

286. Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi. (Har kimning) qilgan (yaxshi) amali o‘zi uchundir va (yomon) amali ham o‘zining buynigadir. Parvardigoro, agar unutgan yoki xato qilgan bo‘lsak, bizni azobingga giriftor aylama! Parvardigoro, bizlarning zimmamizga bizdan ilgari o‘tganlarning bo‘yinlariga qo‘ygan yukingni yuklama! Parvardigoro, bizlarni toqatimiz yetmaydigan narsaga zo‘rlama! Bizlarni afv et, (gunohlarimizni) mag‘firat qil, (holimizga) rahm ayla! O’zing xojamizsan! Bas, bu kofir qavm ustiga O’zing bizni g‘olib qil!

Qayd etilgan