29. Muhammad Allohning payg‘ambaridir. U bilan birga bo‘lgan (mo‘min)lar kofirlarga qahrli, o‘z oralarida (mo‘minlar bilan) esa rahm-shafqatlidirlar. Ularni (mudom) Allohdan fazl-marhamat va rizolik tilab ruku’, sujud qilayotgan hollarida ko‘rursiz. Ularning yuzlarida sajda izidan (qolgan) belgi-alomatlari bordir. Mana shu (ya’ni kofirlarga qahrli bo‘lish, mo‘minlarga mehribonlik va ko‘p namoz o‘qib, ruku’-sajda qilish) ularning Tavrotdagi misollaridir. (Ya’ni Tavrotda ham Alloh taolo mo‘minlarni mana shunday sifatlar bilan sifatlagandir). Ularning Injildagi misollari esa xuddi bir shoxlar chiqarib, quvvatga kirgach, yo‘g‘onlashib, o‘z novdasida tik turgan, dehqonlarni lol qoldiradigan o‘simlikka o‘xshaydi. (Mo‘minlarning avval-boshda zaif-ozchilik bo‘lishib, keyin asta-sekin ko‘payib, kuchga to‘lib ketishlari Injilda yuqorida zikr qilinganidek o‘simlikka o‘xshatilishi) ular sababli kofirlarni xafa qilish uchundir. Alloh (mo‘minlardan) iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarga mag‘firat va ulug‘ ajr-mukofot va’da qilgandir. HUJUROT SURASIBu sura Madinada nozil qilingan bo‘lib, o‘n sakkiz oyatdir.
U nisbatan qisqa sura bo‘lishiga qaramasdan, o‘z ichiga Islomiy odob-axloqqa oid juda ko‘p qonun-qoidalarni qamrab olgandir.
Sura dastlab mo‘minlarni Alloh va Uning payg‘ambari izni-ruxsatisiz biron ish yo so‘z qilmaslikka buyurish bilan boshlanib, so‘ngra payg‘ambarga nisbatan muomala odobi bayon etiladi.
Shuningdek, bu surada jamiyat intizomini saqlash uchun zarur bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatiladi.
Sura mo‘minlarni birovlarni masxara qilib kulishdan, bir-birlariga turli laqablar taqishdan, g‘iybat, ayg‘oqchilik qilish va asossiz o‘zgalardan badgumon bo‘lish kabi illatlardan saqlanishga chaqiradi.
Sura nihoyasida tillarida iymon keltirdik, deydigan, ammo dillariga iymon nuri kirmagan kimsalar to‘g‘risida xabar berilib, haqiqiy mo‘minlar ega bo‘lishi lozim bo‘lgan sifat-fazilatlar bayon etiladi.
Bu surada payg‘ambar alayhis-salomning jufti halollari bo‘lmish onalarimiz istiqomat qiladigan hujralar haqida zikr qilingan oyati karima ham mavjud bo‘lgani sababli u «Hujurot — Hujralar» deb nomlangandir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1. Ey mo‘minlar, sizlar Alloh va Uning payg‘ambari oldida (ya’ni ikkisining iznisiz biron so‘z yoki ishga) qadam bosmanglar! Va Allohdan qo‘rqinglar! Albatta Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.
2. Ey mo‘minlar, (toki qilgan yaxshi) amallaringiz o‘zlaringiz sezmagan hollaringizda behuda-befoyda bo‘lib qolmasligi uchun sizlar (payg‘ambar bilan so‘zlashgan paytlaringizda) ovozlaringizni payg‘ambarning ovozidan yuqori ko‘tarmanglar va unga bir-birlaringizga ochiq (dag‘al so‘z) qilgandek ochiq-dag‘al so‘z qilmanglar!
3. Albatta Allohning payg‘ambari huzurida ovozlarini past qilgan zotlar — ana o‘shalar Alloh dillarini taqvo uchun imtihon qilgan (ya’ni taqvo imtihonidan o‘tgan) zotlardir. Ular uchun mag‘firat va ulug‘ ajr-mukofot bordir.
4. (Ey Muhammad), albatta (sizni chaqirib, bezovta etmasdan) sabr qilganlarida, albatta o‘zlari uchun yaxshiroq bo‘lur edi. Alloh mag‘firatli, mehribondir.