Umumiy bo'lim > Islomiy kitoblar

Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi

<< < (2/122) > >>

Muhammad:


25. Iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarga xushxabar beringki, ular uchun ostlaridan daryolar oqib turuvchi bog‘lar bor. Qachon o‘sha bog‘larning biror mevasidan bahramand bo‘lsalar, «Ilgari tatib ko‘rgan narsamiz-ku», deyishadi. Zero ularga surati bir-biriga o‘xshash mevalar beriladi. Va ular uchun jannatda pokiza juftlar bordir. U zotlar jannatda abadiy qolajaklar.

I z o h. Bu oyatda dunyo baxt-saodati bilan oxiratdagi jannatning farqi ifodalangan: ehtimol, bu dunyoda ham jannatdek bog‘larda turli noz-ne’matlardan bahramand bo‘lib, pokiza umr yo‘ldoshlari bilan baxtiyor umr kechirayotgan kishilar kam emasdir. Lekin bu baxtli hayotning birgina nuqsoni borki, u ham bo‘lsa bir kuni tugab qolishidir. Jannatning fazilatlaridan biri uning boqiyligidir. Faqat bu boqiy hayotga yetish uchun foniy dunyoda iymon-e’tiqod bilan yaxshi amallar qilib yashash shartdir.

26-27. Alloh chivin yoki undan-da haqir narsalar haqida masal aytishdan hech tortinmaydi. Iymonli kishilar uning (masalning) haqiqatan Parvardigorlari tarafidan ekanini biladilar. Kofirlar esa: «Buni misol qilish bilan Alloh nima demoqchi?» — deydilar. Bu masal sabab (Alloh) ko‘plarni adashtiradi va ko‘plarni haq yo‘lga hidoyat qiladi. Bu masal sabab faqat Allohning aniq ko‘rsatmalarini buzadigan, U bog‘lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan fosiq kimsalarnigina adashtiradi. Ular, shubhasiz, ziyon ko‘rguvchilardir.

I z o h. Qur’onda asalari, chivin, o‘rgimchak, chumoli kabi mayda jonivorlarning ibratli tomonlarini ko‘rsatib beradigan masallar kelganida, ba’zi birovlar: «Bu kitob ilohiy kitob bo‘lganida bunday mayda-chuyda hasharotlar haqida gapirilmagan bo‘lardi», deyishdi. Shunda Tangri taolo o‘sha hasharotlarni yaratishga uyalmagani, binobarin ularni misol qilishdan ham hech qachon or qilmasligini bayon etib, mazkur oyatlarni nozil qildi.

«Allohning aniq ko‘rsatmalari» — Muhammad payg‘ambarning kelishi va unga iymon keltirish lozimligi Tavrot, Injil va boshqa samoviy kitoblarda ham aniq ko‘rsatilgan edi.

«U bog‘lanishiga buyurgan narsalar» — ota-onaga oq bo‘lmasdan ularning rizoligini olish, qarindosh-urug‘chilik rishtalarini mahkam tutish va boshqa mo‘min-musulmonlar bilan mehr-oqibatli bo‘lish kabilardir. «Yer yuzida buzg‘unchilik qilib yurish» - odamlar orasida fitna-fasod qo‘zg‘ash, iymon-e’tiqod yo‘llariga to‘sqinlik qilish va boshqa buzuq ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish, degan ma’noni anglatadi.

28. O’lik tanangizga jon bergan, keyin o‘lim beradigan, so‘ngra yana tiriltirganidan keyin O’ziga qaytajagingiz — Allohni qanday inkor qilasiz-a?

29. U shunday zotki, siz uchun Yerdagi barcha narsani yaratdi. So‘ngra samoga yuzlandi-da, ularni yetti osmon qilib tikladi. U hamma narsani bilguvchidir.

Muhammad:


30. Eslang, (ey Muhammad), Parvardigoringiz farishtalarga: «Men Yerda (Odamni) xalifa qilmoqchiman», deganida ular aytdilar: «U yerda buzg‘unchilik qiladigan, qonlar to‘kadigan kimsani (xalifa) qilasanmi? Holbuki, biz hamdu sano aytish bilan Seni ulug‘laymiz va Sening nomingni mudom pok tutamiz». (Alloh) aytdi: «Men sizlar bilmagan narsalarni bilaman». 

31. Va U zot Odamga barcha narsalarning ismlarini o‘rgatdi. So‘ngra ularni farishtalarga ro‘baro‘ qilib dedi: «Agar xalifalikka biz haqdormiz, degan so‘zlaringiz rost bo‘lsa, mana bu narsalarning ismlarini Menga bildiring!»

32. Ular aytdilar: «Ey pok Parvardigor, biz faqat Sen bildirgan narsalarnigina bilamiz. Albatta, Sen o‘zing ilmu hikmat sohibisan».

33. (Alloh); «Ey Odam, bularga u narsalarning ismlarini bildir», dedi. (Odam) ularga barcha narsalarning ismlarini bildirganidan keyin (Alloh) aytdi: «Sizlarga, Men Yeru-osmonlarning sirlarini va sizlar oshkor qilgan va yashirgan narsalarni bilaman, demaganmidim?»

34. Eslang, (ey Muhammad), Biz farishtalarga Odamga ta’zim qiling deyishimiz bilan sajdaga egildilar. Faqat Iblis kibr va or qilib — kofirlardan bo‘ldi.

35. Va aytdik: «Ey Odam, siz juftingiz bilan jannatni maskan tuting va undan xohlagan joylaringizda bemalol taomlaning. Faqat mana bu daraxtga yaqinlashmangki, u holda zolimlardan bo‘lib qolasiz».

36. Bas, ularni shayton yo‘ldan ozdirib, maskanlaridan chiqardi va aytdik: «Tushingiz (jannatdan yerga)! (Sizlar) bir-biringizga dushmansiz. Endi ma’lum vaqtgacha (ajallaringiz yetguncha) Yerda maskan tutib yashaysiz».

37. Keyin, Odam Parvardigor tarafidan bir necha so‘zlar (farmonlar) qabul qilib olganidan so‘ng Alloh uning tavbasini qabul qildi. Albatta U tavbalarni qabul qilguvchi mehribon zotdir.

Muhammad:


38. «U joydan (jannatdan) hammangiz tushing», dedik. «Bas, sizlarga Men tarafdan hidoyat kelganida, shu haq yo‘lga ergashgan kishilarga xavfu xatar yo‘q va ular g‘amgin bo‘lmaydilar».

39. Oyatlarimizni inkor qilib, yolg‘on degan kimsalar esa do‘zax egalari bo‘lib, unda abadiy qolajaklar.

I z o h . Yuqoridagi oyatlardan bizga Odamzod Tangrining Yerdagi sir-asrorini biladigan xalifasi ekani va hatto begunoh farishtalar ham unga ta’zim qilishlari ma’lum bo‘lgani kabi Shaytonning so‘ziga kirish uni jannatdan mahrum qilgani, endi Yerda tinch, osoyishta yashash uchun shaytoni la’inning vasvasalariga uchmaslik zarurligi uqtiriladi.

Endi, Odamzodning koinotdagi eng aziz va mukarram zot ekani bayon qilinganidan keyin so‘z bani Isroil (Isroil — Ya’qub payg‘ambarning nomlaridan biri, bani Isroil — Isroil bolalari deyilganda yahudiylar tushuniladi) haqida ketadi. Ularning kim ekanliklari, qilmishlari va topajak oqibatlari haqidagi batafsil hikoyada (40-141- oyatlar) aql egalari uchun ibratlar bordir.

40. Ey bani Isroil, sizlarga in’om qilgan ne’matimni eslang va Menga bergan va’da — ahdga vafo qiling. Shunda Men ham ahdga vafo qilaman. Va mendangina qo‘rqinglar.

41. Sizlardagi narsani (Tavrotni) tasdiq etgan holda nozil qilgan narsam (Qur’onga) iymon keltiringiz. Uni birinchi inkor qiluvchilardan bo‘lmangiz. Va oyatlarimni qiymati oz narsalarga almashtirmanglar va Mendangina ehtiyot bo‘linglar.

42. Haqni botilga aralashtirmanglar va bilgan holingizda haqni berkitmanglar.

43. Namozni to‘kis ado qiling, zakotni bering va ruku qilguvchilar bilan birga ruku qiling.

44. Odamlarni yaxshilikka chorlab, o‘zlaringizni unutasizlarmi? Holbuki, o‘zlaringiz kitob (Tavrot) tilovat qilasizlar. Aqlingizni yurgizmaysizlarmi?

45-46. Sabr va salot (namoz o‘qish) bilan madad so‘ranglar. Albatta u (namoz o‘qish) og‘ir ishdir. Magar o‘zlarining Parvardigorlariga ro‘baro‘ bo‘lishlarini va shubhasiz, unga qaytajaklarini biladigan shikastanafs zotlarga (og‘ir emasdir).

47. Ey bani Isroil, sizlarga in’om qilgan ne’matimni va sizlarni butun olamdan afzal qilgan paytimni eslanglar!

48. Birov birov tomonidan hech narsa o‘tay olmaydigan, hech kimdan oqlov qabul qilinmaydigan va (gunohlari uchun) evaz ham olinmaydigan — yordam berilmaydigan Kundan qo‘rqinglar!

Muhammad:


49. Sizlarni og‘ir azoblar bilan qiynagan, o‘g‘illaringizni so‘yib, xotinlaringizni tirik qoldirayotgan Fir’avn odamlaridan qutqarganimizni eslanglar. Ana o‘sha ishlarda Parvardigoringiz tomonidan buyuk sinov bordir.

50. Dengizni o‘rtasidan bo‘lib sizlarni qutqarib, ko‘z o‘ngingizda Fir’avn odamlarini g‘arq qilganimizni eslanglar.

51. Muso bilan qirq kechaga va’dalashganimiz, u (bizning huzurimizga) ketganidan keyin sizlar o‘zingizga zulm qilgan holingizda buzoqqa ibodat qilganingizni eslanglar.

52. So‘ngra, o‘sha ishlardan keyin ham shukr qilishingiz uchun sizlarni afv etgandik.

53. Sizlar haq yo‘lni topishingiz uchun Musoga kitob va Furqonni (ya’ni Tavrotni) berganimizni eslanglar.

54. Musoning o‘z qavmiga aytgan gaplarini eslang: «Qavmim, sizlar buzoqqa ibodat qilish bilan o‘zingizga zulm qildingiz. Endi o‘zingizni (bir-biringizni) o‘ldirish bilan sizni bor qilguvchi zotga tavba qilasiz. Bor qilguvchi zot nazdida mana shu (qatl) sizlar uchun xayrliroqdir». Bas, Alloh taolo tavbangizni qabul qildi, albatta U kechirimli, mehribondir.

55. Ey bani Isroil, eslang: «Ey Muso, Allohni ochiq-ravshan ko‘rmagunimizcha hargiz senga ishonmaymiz», deyishingiz bilan qarab turgan holingizda sizlarni chaqmoq urdi.

56. So‘ngra shukr qilishingiz uchun o‘lganingizdan keyin tiriltirdik.

57. Va bulutni ustingizga soyabon qildik va osmondan shirinlik va bedanalar yog‘dirib, «Sizlarga rizq qilib bergan pok narsalardan yenglar», (dedik). (Bani Isroil) Bizga zulm qilmadilar, balki o‘zlariga zulm qilguvchi bo‘ldilar.

Muhammad:


58. «Ushbu qishloqqa (Quddusga) kiringlar-da, undan xohlagan joylaringizda yeb-ichinglar. Darvozadan sajda qilgan holingizda kiringlar va «afv et» denglar, biz xatolaringizni mag‘firat qilamiz va yaxshilik egalariga ziyoda ne’matlar ato qilamiz», deganimiznn eslanglar.

59. Shunda zolim kimsalar ularga aytilgan so‘zdan boshqa so‘zni almashtirib aytdilar. Bas, qilgan isyonlari oqibatida bu zolimlar ustiga Biz osmondan balo yog‘dirdik.

60. Eslang (ey bani Isroil), Muso o‘z qavmi uchun suv tilaganida: «Asoingni toshga urgin», dedik. Bas, undan o‘n ikki chashma otilib chiqdi — har bir qabilaga (ular o‘n ikki urug‘ edilar) o‘z suvi ma’lum bo‘ldi. «Alloh bergan rizqdan yeb-ichinglar, Yer yuzida buzg‘unchilik jinoyatlarini qilmanglar».

61. Eslang: «Ey Muso, bir xil taomga hech qanoat qila olmayapmiz. Parvardigoringga duo qil, bizga yerda unib-o‘sadigan sabzavotlardan, bodring, sarimsoq, mosh, piyozga o‘xshagan o‘simliklardan chiqarib bersin», deganingizda, u: «Yaxshi narsani past narsaga almashtirishni istaysizlarmi? Qaysi shaharga tushsangizlar so‘ragan narsalaringiz turibdi-ku?» — dedi. (Noshukrliklari sabab) ularga xorlik va miskinlik yozib qo‘yildi va Allohning g‘azabiga duchor bo‘ldilar. Bunga sabab ularning Alloh oyatlarini inkor qilganlari va Payg‘ambarlarni nohaq qatl qilganlaridir. Bunga sabab itoat qilmay tajovuzkor bo‘lganlaridir.

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

[*] Previous page

Go to full version