O’N YETTINCHI JUZ’
*************************
ANBIYO SURASIBu sura Makkada nozil bo‘lgan. U bir yuz o‘n ikki oyatdir.
Sura qiyomat soati yaqinlashib qolgani, odamlar esa u Kundagi hisob-kitobga hozirlanib, yaxshi amallar qilish o‘rniga g‘aflat uyqusiga g‘arq ekanliklari haqida xabar berish bilan boshlanadi. So‘ng o‘quvchi e’tibori koinotdagi har bir mavjudotning o‘ta nozik va aniq o‘lchov bilan yaratilib, yakkayu yolg‘iz Yaratgan tomonidan boshqarib turilishiga qaratiladi va yeru osmonda Allohdan o‘zga yana biron iloh bo‘lsa, u o‘lchov va tartibga futur yetib, borliq buzilib ketishi aniq ekanligi ta’kidlanadi.
Bu surada Ibrohim payg‘ambar va u zot bilan butparastlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mojarolar xususida batafsil hikoya qilinib, o‘zini o‘zi himoya qilishga ojiz bo‘lgan jonsiz but-sanamlar birovga yordam qilishi yoki ziyon yetkazishi amrimahol ekanligi uqtiriladi.
Yana bu surada Alloh taoloning payg‘ambarlaridan Ishoq, Ya’qub, Lut, Nuh, Dovud, Sulaymon, Ayyub, Ismoil, Idris, Zul-kifl, Zunnun, Zakariyo va Iyso alayhis-salomlar to‘g‘risida ham xabarlar vorid bo‘lganki, suraning «Anbiyo — Payg‘ambarlar» deb nomlanishiga ham bois shudir.
Suraning nihoyasida Alloh taoloning so‘nggi payg‘ambari hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning barcha olamga Allohning rahmat-marhamati bo‘lib kelganlari zikr qilinadi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Odamlarga hisob-kitoblari (ya’ni qiyomat qoyim bo‘lishi) yaqinlashib qoldi. Ular esa g‘aflatda, (iymon keltirib, yaxshi amallar qilishdan) yuz o‘girguvchidirlar.
2—3. Ularga Parvardigorlari tomonidan biron yangi eslatma — oyat kelar ekan, albatta uni masxara qilib, dillari g‘ofil bo‘lgan hollarida tingladilar va zolim-kofir kimsalar: «Bu (ya’ni Muhammad) o‘zlaringizga o‘xshagan bir odam xolos-ku! Ko‘rib turgan holingizda sehr-joduga (aldanish uchun) kelaverasizlarmi?!» (deb) o‘zaro shivirlashdilar.
4. (Shunda Muhammad) aytdi: «Parvardigorim osmonu-zamindagi har bir so‘zni bilur. U eshitguvchi, bilguvchidir».
5. «Balki, —dedilar ular — (Muhammad vahiy deb da’vo qilayotgan so‘zlar) — aloq-chaloq tushlardir, balki (bu so‘zlarni) u o‘zi to‘qib olgandir, balki u bir shoirdir. Bas, u ham ilgari yuborilgan payg‘ambarlar (keltirganlari) kabi biron oyat-mo‘‘jiza keltirsin!»
6. Ulardan oldin, Biz halok qilgan biron qishloq-shahar (aholisi) iymon keltirgan emas, bas, ular iymon keltirarmidilar?!
7. (Ey Muhammad), Biz sizdan ilgari ham faqat kishilarni (ya’ni insonlarni) O’zimiz vahiy yuborgan holda payg‘ambar qilgandirmiz. Bas (ey Makka ahli), agar o‘zlaringiz bilmaydigan bo‘lsangizlar (Tavrot, Injilni biladigan) ahli ilmlardan so‘ranglar!
8. Biz u (payg‘ambar)larni taom yemaydigan bir jasad qilgan emasmiz va ular mangu hayot kechirguvchi ham emas edilar.
9. So‘ngra Biz (bergan) va’damizga vafo qilib, u (payg‘ambar)larga O’zimiz xohlagan (iymonli) kishilar bilan birga najot berganmiz, haddan oshuvchi kimsalarni — kofirlarni esa halok qilganmiz.
10. Darhaqiqat Biz sizlarga bir Kitob — Qur’on nozil qildikki, unda sizlar uchun zikr (ya’ni sha’nu sharaf) bordir. (Chunki u sizlarning tilingizda nozil qilindi). Aql yurgizmaysizlarmi?!