Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1465624 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 ... 61 B


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:38:54



51. Qasamki, agar Biz bir shamol yuborib, ular (ekinlarini) sarg‘ayib-quriganini ko‘rsalar, albatta ana undan keyin kufroni ne’mat qilishga tururlar.

52. Aniqki, siz «o‘liklar»ga (so‘zingizni) anglata olmassiz, orqa o‘girib ketayotgan «kar»larga ham uqtira olmassiz.

53. Yana siz «ko‘r»larni o‘z zalolatlaridan (qaytarib) hidoyat qilguvchi emassiz. Siz faqat Bizning oyatlarimizga iymon keltiradigan kishilargagina (o‘z so‘zlaringizni) uqtira olursiz. Ana o‘shalar musulmonlardir.

54. Alloh shunday zotdirki, sizlarni nochor narsadan (ya’ni bir tomchi suvdan) yaratdi, so‘ngra (sizlar uchun) nochorlikdan keyin kuch-quvvat (paydo) qildi, so‘ngra kuch-quvvatdan keyin yana nochorlik va qarilikni paydo qildi. U O’zi xoxlagan narsani yaratur. U bilimdon va qudratlidir.

55. (Qiyomat) soati qoyim bo‘ladigan kunda jinoyatchi kimsalar (dunyoda) bir soatdan ortiq turmaganlariga qasam ichurlar. Ular (hayoti dunyoda ham) mana shunday (rostdan yolg‘onga) burilguvchi edilar!

56. (Shunda) ilm va iymon ato etilgan zotlar aytadilar: «Aniqki, sizlar Alloh (Lavhul-Mahfuzda) yozib qo‘yganidek tirilish kunigacha turdinglar. Bas, mana shu tirilish kunidir. Lekin sizlar (bu kunning haq ekanini) bilmas edinglar». 

57. Ana o‘sha kunda (kofir bo‘lish bilan o‘z jonlariga) jabr qilgan kimsalarga uzru bahonalari foyda bermas va ulardan (Alloh rozi bo‘ladigan amallarga) qaytish ham talab qilinmas.

58. Aniqki, Biz ushbu Qur’onda odamlar uchun har turli misollarni bayon qildik. Qasamki, agar siz (ey Muhammad), ularga (o‘zlari talab qilgan) oyat-mo‘‘jizani keltirsangiz ham, albatta kofir bo‘lgan kimsalar «Sizlar yolg‘onchining o‘zidirsizlar», derlar.

59. Alloh (haqiqatni) bilmaydigan kimsalarning dillarini ana shunday qoplab-berkitib qo‘yur.

60. Bas (ey Muhammad), sabr-toqat qiling! Shak-shubhasiz Allohning (sizni va ummatlaringizni kofir qavm ustiga g‘olib qilish haqidagi) va’dasi haqdir. (Oxiratga) ishonmaydigan kimsalar sizni hargiz betoqat qilmasinlar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:39:11



LUQMON SURASI

 O’ttiz to‘rt oyatdan iborat bu sura Makkada nozil bo‘lgandir.

Sura Qur’oni Karimning ta’rifi bilan boshlanib, so‘ngra shu buyuk borliqda ham Alloh taoloning borligi va birligiga dalolat qiladigan turli oyat-alomatlar mavjud ekanligi haqida xabar beriladi va koinotdagi eng kichik zarradan tortib, eng katta sayyoralargacha, barcha mavjudot yagona Yaratgan tomonidan belgilangan tartib-intizomga bo‘yinsunishi uqtiriladi.

Bu surada to‘rt kunlik dunyo mato’lariga aldanib qolgan mushriklar va ularning topajak oqibatlari to‘g‘risida ham, yolg‘iz Allohga iymon keltirib, hayotlarini yaxshi amallar bilan o‘tkazayotgan iymon egalari haqida ham misollar keltiriladi va sura nihoyasida barcha insonlarni bola-chaqa ham, mol-dunyo ham foyda bermaydigan hisob-kitob Kuni — Qiyomat haq ekanligi xususida ogohlantiriladi.

Bu suradan Luqmoni hakim to‘g‘risidagi xabar va uning o‘z farzandiga qilgan o‘gitlari ham o‘rin olgani sababli u «Luqmon» surasi deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Mim.

2. Ushbu (oyatlar) hikmatli Kitob oyatlaridir.

3-4. U namozni to‘kis ado etadigan, zakotni (haqdorlarga) ato etadigan va oxiratga aniq ishonadigan, chiroyli amal qilguvchi zotlar uchun rahbar-yo‘lboshchi va rahmat bo‘lgan (Kitob)dir.

5. Parvardigorlari tarafidan hidoyat topganlar ana o‘shalardir va najot topguvchilar ham ularning o‘zidir.

6. Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular bilimsizlik bilan (o‘zgalarni) Allohning yo‘lidan ozdirish uchun va u (yo‘lni) masxara qilish uchun behuda so‘z(lar)ni sotib olur. Ana o‘shalar uchun xor qilguvchi azob bordir.

7. Qachon unga Bizning oyatlarimiz tilovat qilinsa, go‘yo ularni eshitmagandek, go‘yo quloqlarida og‘irlik-karlik bordek kibru-havo bilan yuz o‘girib ketur. Bas unga alamli azob haqida «xushxabar» berib qo‘ying!

8. Albatta iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun noz-ne’mat bog‘lari bordir.

9. Ular u joyda mangu qolurlar. (Bu) Allohning haq va’dasidir. U qudrat va hikmat egasidir.

10. U osmonlarni sizlar ko‘radigan ustunlarsiz yaratib, sizlarni tebratmasligi uchun yerda tog‘larni barpo qildi va unda har turli jondor(lar)ni tarqatib-yoyib yubordi. Yana Biz osmondan suv-yomg‘ir yog‘dirib, (erda) har turli foydali (o‘simliklarni) o‘stirib qo‘ydik.

11. Bular Alloh yaratgan narsalardir. Endi (ey mushriklar,) sizlar Menga Undan o‘zga «xudolar» nimalarni yaratganini ko‘rsatinglar-chi! Yo‘q, (ular biron narsani ko‘rsata olmaslar, demak) u zolim kimsalar ochiq zalolatdadirlar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:39:29



12. Aniqki, Biz Luqmonga hikmat ato etdik (va unga dedik): «Allohga shukr qilgin! Kim shukr qilsa, faqat o‘z foydasi uchun shukr qilur (ya’ni qilgan shukrining foydasi o‘ziga bo‘lur). Kim noshukurlik qilsa, bas albatta Alloh (uning va barcha olamlarning shukr qilishidan) behojat va hamdu sanoga loyiq zotdir».

I z o h. Naql qilishlaricha, Luqmoni hakim ming yil umr ko‘rgan bo‘lib, Tangri taolo u zotga narsa va voqea-hodisaning mohiyat-haqiqatiga bexato yetish va eng to‘g‘ri hukmini chiqara olish ne’matini — ya’ni hikmatni ato etgan ekan. Shu boisdan ham u kishidan inson shuurining qorong‘u yo‘laklarini yoritib yuboradigan minglab ibratli hikmatlar asar bo‘lib qolgandir.

13. Eslang, Luqmon o‘g‘liga pand-nasihat qilar ekan, degan edi: «Ey o‘g‘ilcham, Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk keltirish katta zulmdir».

14. Biz insonga ota-onasini (ya’ni ularga yaxshilik qilishni) amr etdik. Onasi unga ojizlik ustiga ojizlik bilan homilador bo‘ldi (ya’ni qornidagi homila kattargan sari onaning holi qurib, zaiflasha borur) uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (kelur). (Biz insonga buyurdikki), «Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Yolg‘iz O’zimga qaytajaksan!»

15. Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalar-da), dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin va o‘zing menga ijobat-tavba qilgan kishilarning yo‘liga ergashgin! So‘ngra (ya’ni qiyomat kunida) O’zimga qaytursizlar, bas, men sizlarga qilib o‘tgan amallaringizning xabarini berurman».

16. (Luqmon dedi): «Ey o‘g‘ilcham, shak-shubha yo‘qki, agar xardal (o‘simligining) urug‘idek (bir zarra yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas u (amal) biron xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani-da Alloh keltirur. Zero Alloh sergak va ogohdir.

17. Ey o‘g‘ilcham, namozni to‘kis ado et, yaxshilikka buyur va yomonliqdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolarga) sabr-qil! Albatta mana shu ishlarning maqsadga muvofig‘idir.

18. Odamlardan (mutakabbirlik bilan) yuzingni o‘girmagin va yerda kibru-havo bilan yurmagin. Chunki Alloh barcha—kibr-havoli —maqtanchoq kimsalarni suymas.

19. Yurganingda o‘rtacha yurgin va ovozingni past qilgin. Chunki ovozlarning eng yomoni eshaklar ovozidir».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:39:45



20. (Ey insonlar), Alloh osmonlar va yerdagi barcha narsalarni sizlarga bo‘ysundirib qo‘yganini va sizlarga barcha zohiriy va botiniy (ya’ni moddiy-ma’naviy) ne’matlarini komil qilib berganini ko‘rmadinglarmi?! Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular o‘zlari bilmagan, hidoyat topmagan va yorqin kitob-hujjatga ega bo‘lmagan hollarida Alloh xususida mujodala qilurlar.

21. Qachon ularga: «Alloh nozil qilgan narsaga ergashinglar», deyilsa, ular: «Yo‘q, bizlar ota-bobolarimizni nimaning ustida topgan bo‘lsak (ana o‘shanga) ergashurmiz» deyishadi. Agar shayton ularni o‘t azobiga chaqirib turgan bo‘lsa ham-a?!

22. Kim chiroyli amal qilguvchi bo‘lgan holida o‘zini Allohga topshirsa, bas u mustahkam xalqani ushlabdi. Barcha ishlar oxir-oqibatda yolg‘iz Allohga borur. 

23. Kim kofir bo‘lsa, bas sizni (ey Muxammad), uning kufri g‘amgin qilmasin. Ular O’zimizga qaytajaklar, bas Biz ularga qilgan amallarining xabarini berurmiz. Zero Alloh dillardagi sirlarni bilguvchidir.

24. Biz ularni (bu dunyoda) ozgina (muddat) foydalantirib, so‘ngra qattiq azobni (totishga) majbur qilurmiz!

25. Qasamki, agar ulardan «Osmonlar va yerni kim yaratgan?» deb so‘rasangiz albatta «Alloh» derlar. Siz «Allohga hamdu-sano bo‘lsin», deng. Yo‘q, ularning ko‘plari ana o‘sha Allohgagina ibodat qilish zarur ekanini bilmaslar.

26. Osmonlar va yerdagi bor narsalar Allohnikidir. Albatta Allohning O’zigina behojat va hamdu sanoga loyiq zotdir.

27. Agar yer yuzidagi bor dov-daraxt qalamlar bo‘lib, dengiz (siyoh bo‘lsa va) undan so‘ng yana yetti dengiz yordamga kelsa Allohning so‘zlari tugab-bitmas. Albatta Alloh qudrat va hikmat egasidir.

28. (Ey insonlar), sizlarni (barchangizni avval boshda) yaratish ham, (qiyomat kunida) qayta tiriltirish ham xuddi bir jonni (yaratish va qayta tiriltirishning) o‘zginasidir (ya’ni shu qadar osondir). Zero Alloh eshitguvchi, ko‘rguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:40:02



29. Alloh kechani kunduzga kiritishini, kunduzni kechaga kiritishini hamda quyosh va oyning har birini belgilangan muddatga joriy bo‘ladigan qilib bo‘ysundirib qo‘yganini va Alloh shak-shubhasiz qilayotgan amallaringizdan ogoh ekanini ko‘rmadingmizmi?!

30. Buning boisi Allohning O’zigina Haq (iloh) ekani, ular (ya’ni mushriklar Allohni) qo‘yib iltijo qilayotgan butlari esa botil narsa ekani va Allohning O’zigina eng yuksak va buyuk zot ekanligidir.

31. Kemalar sizlarga Allohning oyat-mo‘‘jizalaridan ko‘rsatish uchun U zotning marhamati bilan dengizda (suzib) yurganini ko‘rmadingizmi?! Albatta bunda barcha (balolarga) sabr qilguvchi, (ne’matlarga) shukr qilguvchilar uchun oyat-ibratlar bordir.

32. Qachon (kofirlarni) tog‘lardek to‘lqin(lar) o‘rab olsa, ular chin ixlos bilan Allohga duo iltijo qilurlar. Endi qachonki, (Alloh) ularga najot berib, quruqlikka (chiqarsa), u holda ulardan (ayrimlarigina) to‘g‘ri yo‘l tutguvchidir. Bizning oyatlarimizni inkor qilmas, magar barcha xoin va noshukur kimsalargina (inkor qilurlar).

33. Ey insonlar, Parvardigoringizdan qo‘rqingiz va yana bir Kundan (ya’ni qiyomatdan) qo‘rqingizkim, (u kunda) biron ota o‘z bolasi tomonidan (biron narsa) o‘tay olmas va bola ham otasi tomonidan biron narsa o‘tay olguvchi bo‘lmas. Albatta Allohning (qayta tiriltirib, hisob-kitob qilish haqidagi) va’dasi haqdir. Bas hargiz sizlarni hayoti dunyo (o‘zining o‘tkinchi ne’matlari bilan) aldab qo‘ymasin va hargiz sizlarni g‘urur (ya’ni shayton) Alloh (har handay gunohni kechaveradi degan aldov) bilan aldab qo‘ymasin!

34. Darhaqiqat, yolg‘iz Allohning huzuridagina (qiyomat) soati (qachon bo‘lishi to‘g‘risidagi) bilim bordir. U (O’zi xoxlagan vaqtda, O’zi xoxlagan joyga yomg‘ir yog‘dirur va (onalarning) bachadonlaridagi homilalarini (o‘g‘ilmi-qizmi, rasomi-nuqsonlimi, baxtlimi-baxtsizmi ekanini) bilur. Biron jon ertaga nima ish qilishini bila olmas. Biron jon qay yerda o‘lishini ham bila olmas. Faqat Allohgina bilguvchi va ogohdir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:40:20



SAJDA SURASI

Bu sura o‘ttiz oyatdan iborat bo‘lib, Makkada nozil qilingandir.

U Qur’oni Karimning shak-shubhasiz Alloh taolo tomonidan Muhammad alayhis-salomga tushirilgan Kitob ekanini ta’kidlash bilan boshlanib, «Uni Muhammadning o‘zi to‘qib olgan», deydigan mushriklarning so‘zlari yolg‘on ekanligi uqtiriladi.

So‘ngra «Mana shu hayotdan boshqa hayot yo‘q, hech qachon qayta tirilmaymiz», degan kimsalarning so‘zlari aniq hujjatlar bilan rad etilib, oxirat va qiyomat haq ekanligi hamda hayotlarini iymon va ezgu amallar qilish bilan o‘tkargan mo‘minlar uchun Allohning ajru-mukofotlari borligi, hayoti dunyoda Allohni unutgan kimsalarni esa u kunda Alloh ham «unutib» qo‘yishi haqida xabar beriladi.

Sura ana o‘sha hisob-kitob kuni kechadigan ahvolni tasvirlash bilan nihoyalanadi.

Bu surada sajda oyati mavjud bo‘lgani sababli uni «Sajda» surasi deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Mim.

2. Bu Kitobning (ya’ni Qur’onning) nozil qilinishi, hech shak-shubhasiz barcha olamlarning Parvardigori tomonidandir.

3. Balki «Uni (Muhammadning o‘zi) to‘qib olgan», derlar. Yo‘q, u (ya’ni Qur’on) sizdan ilgari biron ogoxlantirguvchi kelmagan qavmni (oxirat azobidan) ogohlantirishingiz uchun Parvardigoringiz tomonidan (nozil qilingan) Haqiqatdir. Shoyad ular hidoyat topsalar.

4. Alloh osmonlar va yerni hamda ularning o‘rtasidagi bor narsani olti kunda yaratib, so‘ngra arshni egallagan zotdir. Sizlar uchun Undan o‘zga biron do‘st va oqlovchi yo‘qdir. Axir eslatma-ibrat olmaysizlarmi?!

5. U osmondan yergacha bo‘lgan barcha ishni tadbir qilib — boshqarib turur, so‘ngra (bu ishlarning barchasi) sizlarning hisobingizga ming yilga teng bo‘ladigan bir kunda (ya’ni qiyomatda) Uning O’ziga ko‘tarilur.


I z o h. Islomiy aqidaga ko‘ra, qiyomat kuni — kofirlar uchun hisob-kitobning og‘ir kechganligi sababli ming yilga, yana boshqa bir oyati karimada xabar berilishicha, ellik ming yilga tengdek tuyular, mo‘minlar uchun esa, hadisi sharifda kelganidek, bir vaqt namoz o‘qigudek muddat kabi qisqa va oson o‘tar ekan. Ana o‘sha kunda hayoti dunyoda ro‘y bergan barcha ishlar Alloh taoloning dargohiga ko‘tarilib, U zot O’zining haq hukmini chiqaradi.

6. Mana shu (Alloh) g‘oyib va hozirni bilguvchi, qudratli va mehribondir.

7. U barcha narsani chiroyli qilib yaratgan zotdir.


I z o h. Ushbu oyatda Alloh taolo bandalar e’tiborini O’zi yaratgan maxluqotlarning har birini naqadar yetuk xikmat bilan yaratganiga qaratmoqda. Darhaqiqat, dunyodagi mavjudotning qay biriga diqqat e’tibor bilan nazar solinsa, undagi mutanosiblik va puxtalik aql egalari yodiga Yaratganning naqadar dono va bilguvchi ekanini keltiradi. Shunda o‘tgan ulamo va hukamolarning «Har bargda bir Xudo yashar», degan so‘zlarining hikmati ravshanroq anglashiladi.

U insonni (ya’ni Odamni) dastavval loydan yaratdi.

8. So‘ngra uning nasli avlodini haqir bir suvdan iborat bo‘lgan nutfadan paydo qildi.

9. So‘ngra uni (inson qilib) rostlab, ichiga O’z (dargohidagi) jondan kiritdi. U zot sizlar uchun quloq, ko‘z, dillarni paydo qildi. Sizlar esa kamdan-kam shukr qilursizlar.

10. Ular (ya’ni kofirlar): «Bizlar yer (ostida) yo‘q bo‘lib ketgach, xaqiqatan ham yana yangi yaralish bilan yaralurmizmi?» dedilar. Yo‘q, ular Parvardigorga ro‘baro‘ bo‘lishni inkor qilguvchidirlar.

11. (Ey Muhammad), ayting: «Sizlarga vakil qilingan o‘lim farishtasi jonlaringizni olur, so‘ngra Parvardigoringizga qaytarilursizlar».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:40:40



12. Agar siz u jinoyatchi kimsalarni (qiyomat kunida) Parvardigorlari huzurida boshlari egik holda turib: «Parvardigoro, (va’dang rost ekanligini) ko‘rdik va eshitdik, bas bizlarni (hayotga) qaytargin, bizlar yaxshi amal qilaylik. Endi bizlar (qiyomat haq ekanligiga) shak-shubhasiz ishonguvchidirmiz» (deyishlarini) ko‘rsangiz edi.

13. Agar Biz xohlasak, albatta har bir jonga o‘z hidoyatini ato etgan bo‘lur edik, lekin Men tomondan bu so‘z haq-sobit bo‘lgandir: «Men jahannamni (kofir) jin va (dinsiz) odamlarning barchasi bilan to‘ldirurman».


I z o h. Ushbu oyatda Tangri taolo hech kimni majburan hidoyatga boshlamasligi, balki insu jinni o‘z ixtiyorlariga qo‘yib qo‘yilib, so‘ngra Allohning diniga itoat etishdan bo‘yin tovlagan kimsalarni jahannamga duchor qilinishlari aniq ekanligi uqtiriladi.

14. Bas (ey kofirlar), ushbu kuningizdagi uchrashuvni unutib qo‘yganlaringiz sababli (alamli azobni) totingiz! Darvoqe, Biz Ham (bugun) sizlarni «unutdik». Qilib o‘tgan amallaringiz sababli mangu azobni totingiz!

15. Bizning oyatlarimizga faqat qachon u (oyatlar) zikr qilinsa, sajda qilgan hollarida yiqiladigan va kibr-havo qilmagan hollarida hamdu sano aytish bil Parvardigorlarini poklaydigan zotlargina iymon keltirurlar.


I z o h. Ushbu oyat ham sajda oyatidir.

16. Ularning yonboshlari o‘rin-joylaridan yiroq bo‘lur (ya’ni tunlarini ibodat bilan o‘tkazishib, oz uxlaydilar). Ular Parvardigorlariga qo‘rquv va umidvorlik bilan duo-iltijo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar.

17. Bas ularning qilib o‘tgan amallariga mukofot qilib ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini (ya’ni oxirat ne’matlarini) biron jon bilmas.

18. Axir mo‘min bo‘lgan kishi bilan fosiq-itoatsiz bo‘lgan kimsa teng bo‘lurmi? (Yo‘q), barobar bo‘lmaslar!

19. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun qilib o‘tgan amallari sababli jannat ma’volari manzil bo‘lur.

20. Fosiq bo‘lgan kimsalarning ma’volari esa do‘zaxdir. Har qachon undan chiqmoqchi bo‘lsalar, yana unga qaytarilurlar va ularga: «O’zlaringiz yolg‘on degan do‘zax azobini totingiz», deyilur.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:40:58



21. Albatta Biz ular ko‘z (kufru isyonlaridan) qaytishlari uchun ularga ulug‘ azobdan ilgari yaqin azobni (ya’ni dunyo azobini) totdirurmiz.

22. O’z Parvardigorining oyatlari bilan pand-nasixat qilinganidan so‘ng, ulardan yuz o‘girgan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Albatta Biz unday jinoyatchi kimsalardan intiqom olguvchidirmiz.

23. Aniqki, Biz Musoga Kitob — Tavrot ato etdik. Bas (Ey Muhammad), siz uning (Tavrotga) ro‘baro‘ bo‘lganidan shubha-gumonda bo‘lmang. Biz (Tavrotni) Bani Isroil (qavmi) uchun rahbar-yo‘lboshchi qildik.

24. Ular (o‘z dinlari yo‘lidagi balo-kulfatlarga) sabr-toqat qilishgach, Biz ulardan (odamlarni) hidoyat qiladigan peshvolarni chiqardik. Ular Bizning oyatlarimizga aniq ishonar edilar.

25. (Ey Muhammad), albatta Parvardigoringizning O’zi qiyomat kunida (odamlar) o‘rtasida ular ixtilof qilib o‘tgan narsalar haqida O’z hukmini bayon qilur.

26. Axir ularga (ya’ni mushriklarga) Biz ulardan ilgari qancha asr-avlodlarni halok qilganimiz va o‘zlari o‘shalarning maskanlarida yurganlari ma’lum emasmi?! Albatta bunda oyat-ibratlar bor-ku! Axir ular anglamaydilarmi?!

27. Axir ular Biz quruq yerga suv haydab, uning yordamida ularning chorvalari ham, o‘zlari ham yeydigan ekinlarni chiqarishimizni ko‘rmadilarmi?! Axir qaramaydilarmi?!

28. Ular (musulmonlarga): «Agar rostgo‘y bo‘lsangizlar qachon mana shu fath (ya’ni sizlarning g‘alabangiz) ro‘y berur», derlar.

29-30. (Ey Muhammad), ayting: «Fath kunida kofir bo‘lgan kimsalarga iymon keltirishlari foyda bermay qolur va ularga (tavba-tazarru’ qilish uchun muxlat ham berilmas. So‘ng siz ulardan yuz o‘giring va (ularga keladigan azobga) ko‘z tuting! Zero, ular ham ko‘z tutguvchidirlar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:41:16



AHZOB SURASI

Yetmish uch oyatdan iborat bu sura Madinada nozil qilingan.

Ma’lumki, odatda Madina suralarida, Makkada nozil bo‘lgan suralardan farqli o‘laroq, so‘z asosan islomiy turmush tarzi va diniy urf-odatlar haqida boradi. Ya’ni mavzu islomiy aqidani anglatishdan islomiy shariatni bayon qilishga ko‘chadi. Ushbu sura ham bundan mustasno emasdir.

U dastlab Muhammad alayhis-salomga Alloh taolodangina qo‘rqishda ustivorlik tilab, yolg‘iz Allohgagina suyanishga va faqat vahiy ilohiygagina ergashishga buyurish bilan boshlanadi, so‘ngra dini Islomdagi (ayrim hukmlarda) boqib olingan bola tuqqan farzand bilan barobar bo‘lmasligi bayon qilinadi va sura davomida bu mavzuga yana qaytiladi.

Yana bu surada payg‘ambar alayhis-salomning ahli-ayollari to‘g‘risida hamda ularning zimmalaridagi ayricha vazifalari va alohida haq-huquklari borasida ham so‘z yuritiladi, shuningdek ular barcha mo‘min-musulmonlar uchun ona maqomida ekanliklari, binobarin mo‘minlar ularga ziyoda ehtirom va o‘ta ehtiyotkorlik bilan muomala qilishlari lozim ekani uqtiriladi. Sura nihoyasida inson o‘z zimmasiga olgan Alloh taoloning barcha amru farmonlariga itoat etish vazifasi, hatto osmonu zamin va tog‘u toshlar ham ko‘tara olmagan og‘ir va mas’ul vazifa ekanligi ta’kidlanadi,

Bu suradan Madinada yangi barpo bo‘lgan Islom davlatini yo‘q qilib yuborish g‘arazida turli qabila-firqalar birlashib qilgan hujumlari va bu jang vositasida Tangri taolo mo‘minlarning iymon-e’tiqodlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazgani haqidagi oyatlar ham o‘rin olgani sababli u «Ahzob — Firqalar» deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey Payg‘ambar, Allohdan qo‘rqing va kofir, munofiq kimsalarga bo‘yinsunmang! Albatta Alloh bilguvchi va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

2. Va (faqat) sizga Parvardigoringiz tomonidan vahiy qilinadigan oyatlarga ergashing! Albatta Alloh sizlar qilayotgan amallardan ogoh bo‘lgan zotdir.

3. Yolg‘iz Allohga tavakkul qiling! Allohning O’zi yetarli vakil — saqlaguvchidir.

4. Alloh biron kishining ichida ikki yurak qilgan emasdir, (shuningdek) sizlar zihor qiladigan xotinlaringizni ham sizlarga ona qilgan emas va asrandi bolalaringizni o‘z bolalaringiz qilgan emasdir. Bu (ya’ni xotinlaringizni «ona» deyishlaringiz, asrandilaringizni «bola» deyishlaringiz) sizlarning og‘izlaringizdagi so‘zingizdir. Yolg‘iz Alloh haqiqatni aytur va Uning O’zi (haq) hidoyat qilur.


I z o h. Ushbu oyatda ikki masala xususidagi Tangrining hukmi bayon qilindi: Birinchisi «Zihor» masalasi bo‘lib, bu ibora arablarning istilohida kishi o‘z xotiniga «sen menga onamning badani kabi haromsan», deyishini anglatadi. Odatda, ular, bu so‘zlar aytilgan xotin onaga aylanib qoladi, demak, endi u bilan yashash mumkin emas, deb hisoblar edilar. Qur’on ularning bu gumonlari noto‘g‘ri ekanligini uqtiradi. Fikh — qonunshunoslik kitoblarida yuqoridagi so‘zlarni aytgan kishilar ushbu noloyiq so‘zlari uchun ma’lum tartibda kafforat — jarima to‘lab, nikohlaridagi xotinlari bilan yashayverishlari joiz ekanligi aytiladi.

Ikkinchi masala: Asrandi bola Shariati Islomiyya hukmicha har taraflama pushti kamardan bo‘lgan bola kabi bo‘lmasligi haqidadir. Bu oyat payg‘ambar alayhis-salom o‘g‘il qilib olgan Zayd binni Xorisa haqida nozil qilingan bo‘lib, sura davomida bu mavzuga yana qaytiladi.


5. Ularni o‘z otalari (ismi) bilan chaqiringlar. Shu Alloh nazdida to‘g‘riroqdir. Endi agar ularning otalarini bilmasangizlar, u holda (ular) sizlarning diniy birodarlaringiz va do‘stlaringizdir (ya’ni u holda ularni birodarim Falonchi, yoki do‘stim Falonchi, deb chaqiringlar, lekin boqib olgan otasining nomi bilan chaqirmanglar). Qilgan xatolaringiz sababli sizlar uchun gunoh yo‘qdir, lekin ko‘ngillaringiz (bilan) qasd qilgan narsadagina (gunohkor bo‘lursizlar). Alloh mag‘firatli, mehribon bo‘lgan zotdir.

6. Payg‘ambar mo‘minlarga o‘zlaridan xam haqdorroqdir, uning ayollari esa ularning onalaridirlar. Allohning kitobida qarindosh-urug‘lar (merosxo‘rlikda) bir-birlariga (qon-qarindosh bo‘lmagan) mo‘minlardan va muhojirlardan ko‘ra haqdorroqdirlar. Magar sizlar (diniy) do‘stlaringizga (ularni o‘zingiz uchun voris qilishlik bilan) yaxshilik qilmog‘ingiz (joizdir). Bu — Kitobda (ya’ni Lavhul-Mahfuzda) bitib qo‘yilgan (hukmdir).

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:41:36



7-8. Eslang, Biz (barcha) payg‘ambarlardan va (xususan sizdan) Nuhdan, Ibrohim, Muso va Iyso binni Maryamdan ahdu paymonlarini olgandik. U rostgo‘ylardan (qiyomat kunida) rostgo‘yliklari xaqida so‘rash uchun ulardan puxta axdu paymon qildik - Alloh kofirlar uchun alamli azob tayyorlab qo‘ygandir.

9. Ey mo‘minlar, sizlarga (qarshi turli firqalardan iborat) qo‘shinlar kelgan paytida, Biz ularning ustiga shamol va sizlar ko‘rmagan qo‘shinlarni (ya’ni farishtalarni) yuborganimizni — Allohning sizlarga bergan ne’matini eslanglar! Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rib turguvchi bo‘lgan zotdir.

10. O’shanda ular sizlarning yuqori tomoningizdan xam, sizlardan quyiroq tomondan ham (bostirib) kelgan edilar. O’shanda ko‘zlar tinib, yuraklar bo‘g‘izlarga tiqilib qolgan va sizlar Alloh haqida (turli) gumonlar qila boshlagan edinglar.

11. Ana o‘sha joyda mo‘minlar (yana bir bor) imtihon qilindilar va (bu dahshatdan) qattiq larzaga tushdilar.

12. O’shanda munofiqlar va dillarida maraz bo‘lgan (ya’ni e’tiqodlari zaif bo‘lgan) kimsalar: «Alloh va Uning payg‘ambari bizlarga faqat yolg‘on va’da qilgan ekanlar», deya boshladilar.

13. O’shanda ulardan bir toifa odam dedi: «Ey Yasrib (ya’ni Madina) ahli, sizlar uchun (bu qadar ko‘p sonli yovga qarshi) turish imkoni yo‘qdir, bas (o‘z uylaringizga) qaytib ketinglar». Ulardan yana bir guruh esa «Uylarimiz ochiq-sochiq (qolgan edi),» deb payg‘ambardan izn so‘rardilar. Holbuki (uylari) ochiq-sochiq emas edi. Ular faqat (jang maydonidan) qochishnigina istardilar.

14. Agar ularning (munofiqlarning) ustiga (Madinaning turli) tomonlaridan (bostirib) kirilsa-da, so‘ngra ulardan fitna (ya’ni musulmonlarga xiyonat qilish) talab qilinsa, shak-shubhasiz ular ko‘p (ikkilanib) turmasdan (xiyonatga rozilik) bergan bo‘lur edilar.

15. Holbuki, ular ilgari ortga chekinmasliklari haqida Allohga axdu paymon bergan, Allohga berilgan ahdu paymon esa (qiyomat kunida) so‘ralguvchi edi.

Qayd etilgan