Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1465436 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 54 55 56 57 58 59 60 61 B


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 07:22:36



26. Yana kechaning bir qismida ham U zotga sajda qiling va tunda uzoq (bedor bo‘lib) U zotga tasbeh ayting!

 27. Albatta ana u (kofir)lar naqd (dunyo)ni suyurlar va ortlaridagi og‘ir Kunni (Qiyomatni) esa tark qilurlar (ya’ni u Kun uchun biron amal qilmaslar).

 28. Biz ularni yaratdik va (barcha) a’zolarini mustahkam qildik va xoxlagan vaqtimizda (ularni halok qilib, o‘rinlariga) o‘zlariga o‘xshaganlarni almashtirib qo‘yurmiz.

29. Albatta bu (sura) bir pand-nasihatdir. Bas, kim xoxlasa (bu pand-nasihatni qabul qilib), Parvardigori tomonga yo‘l tutur.

 30. (Ey insonlar), sizlar faqat Alloh xohlagan vaqtdagina (U zot tomonga yo‘l tutishni) xohlarsizlar (ya’ni, biron ish Allohning xohish-irodasisiz bo‘lmas). Albatta Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

 31. U O’zi xoxlagan kishilarni (ya’ni mo‘minlarni) O’z rahmatiga — jannatiga kiritur. Zolimlar uchun esa alamli azobni tayyorlab qo‘ygandir.



MURSALOT SURASI

Bu sura Makkada nozil qilingan bo‘lib, ellik oyatdir.

Sura Qiyomat qoyim bo‘lishi haq ekanligini ta’kidlaydigan oyatlar bilan boshlanib, so‘ngra u Kun kelgan vaqtida ro‘y beradigan xoriqul-odat voqea-hodisalar bayon qilinadi.

Bu surada dinsizlik oqibatida halokatga duchor bo‘lgan avvalgi qavmlar haqida xabar berilib, kishilarni iymon-e’tiqodga da’vat qilinadi va har bir insonni Alloh taolo O’z qudrat qo‘li bilan bir tomchi suvdan yaratib, komil insonga aylantirgani alohida ta’kidlab o‘tiladi.

Sura davomida Qiyomat kunini yolg‘on deguvchilar o‘sha Kunda halokatga duchor bo‘lishlari bot-bot (suraning o‘n oyatida) takrorlanib boradi.

Sura o‘zining ilk oyati nomi bilan «Val-mursalot — Yuborilgan (shamollar)ga qasam», deb ataladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1-2. Paydar-pay yuboriladigan (shamol)larga, quturadigan (bo‘ron)larga qasam; 

3-4-5-6-7. (Bulutlarni Alloh xohlagan tomonlarga) yoyib yuboradigan, (haq bilan botilni va halol bilan haromni) ajratib beradigan, (mo‘min bandalarni) uzr-mag‘firat qilish uchun yo (kofirlarni oxirat azobidan) ogohlantirish uchun eslatma-vahiy olib tushadigan (farishta)larga (ya’ni yuqorida mazkur bo‘lgan barcha narsalarga) qasamki, hech shak-shubhasiz sizlarga va’da qilinayotgan narsa (Qiyomat va hisob-kitob) voqe’ bo‘lguvchidir! 

8. Bas, qachon yulduzlar (nurlari so‘nib) o‘chirilgach; 

9. Va qachon osmon (qobig‘i) yorilib-ochilgach; 

10. Va qachon tog‘lar (qumlar kabi) sochilgach; 

11. Va qachon payg‘ambarlarga (ularni yolg‘onchi qilgan qavmlari bilan hisob-kitob qilishlari uchun) belgilangan vaqt kelgach (ana o‘sha vaqtda va’da qilingan Qiyomat qoyim bo‘lur)! 

12. (Payg‘ambar o‘z qavmlari bilan hisob-kitob qilishlari) qay Kunga belgilangan edi? 

13. (Haq bilan botil) ajratiladigan Kunga (belgilangandir)!

14. (Ey inson) sen (haq bilan botil) ajratiladigan Kun nima ekanligini qaerdan ham bilursan?!

15. U Kunda (o‘sha Kunni) yolg‘on deguvchilarga halokat bo‘lgay! 

16. Axir Biz avvalgi (o‘z payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilgan ummat)larni halok qilmadikmi?!

17. So‘ngra keyingi (ya’ni Muhammad alayhis-salomni yolg‘onchi qilguvchi Makka kofirlari va boshqa)larni ham ularga ergashtirurmiz! 

18. Biz barcha jinoyatchi-kofirlarni mana shunday (halok) qilurmiz! 

19. U Kunda o‘sha Kunni yolg‘on deguvchilarga halokat bo‘lgay! 

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 07:22:57



20. Axir Biz sizlarni bir haqir suvdan yaratmadikmi?! 

21-22. So‘ng u (suvni-nutfa)ni ma’lum muddatgacha (ya’ni oy-kuni yetib tug‘ilgunicha) mustahkam qarorgohda (ona qornida barqaror) qilib qo‘ymadikmi?! Bas, Biz (bir tomchi suvni komil inson qilib yaratishga) qodir bo‘ldik. Naqadar qudratlidirmiz! 

I z o h. Ushbu oyatlarda yana qayta tirilish masalasi bayon qilindi. Mana bu hadisi qudsiy ham yuqoridagi oyatlarga munosib tafsirdir. Payg‘ambar alayhis-salom bir kuni kaftlariga tupurdilar-da, sahobalarga barmoqlari bilan o‘sha tupukni ko‘rsatib dedilar: «Alloh taolo aytur: «Ey odam bolasi, axir Msn seni xuddi mana shunga o‘xshagan bir tomchi suvdan yaratdim-ku! Bas, sen Mendan (ya’ni Qiyomat kuni Mening huzurimga yig‘ilib, hisob-kitob berishdan) qayoqqa ham qochib qutula olar eding?!» 

24. U Kunda yolg‘on deguvchilarga halokat bo‘lgay! 

25-26. Axir Biz yerni tiriklarni ham, o‘liklarni ham yig‘g‘uvchi qilib qo‘ymadikmi?! 


I z o h. Mazkur oyatlardan zaminni behuda ona deyilmasligi ma’lum bo‘lidi. Zero, u tiriklarni o‘z yelkasida — ustida ko‘tarib tursa, o‘liklarga o‘z quchog‘idan joy beradi.

27. Yana Biz (erda) baland tog‘larni (paydo) qildik va sizlarni (o‘sha tog‘lardan oqib tushadigan) chuchuk-totli suv bilan sug‘ordik. 

28. U Kunda yolg‘on deguvchilarga halokat bo‘lgay. 

29. (U Kunda kofirlarga deyilur): «Sizlar (hayoti-dunyodalik paytingizda) yolg‘on deguvchi bo‘lgan narsaga (hisob-kitob va do‘zax azobiga) boringlar! 

30-31. (Jahannamda yonayotgan do‘zaxilardan ko‘tarilayotgan badbuy tutundan iborat, osmonga o‘rlagan sari bo‘linib ketgan) uch bo‘lakli, hech qanday salqinlik bermaydigan va (do‘zax) alangasini ham to‘smaydigan «soya»ga boringlar!» 

32— 33. Darvoqe, u (jahannam har tomonga har biri) qasrdek, xuddi sariq tuyalarga o‘xshagan uchqunlarni otib turur! 

34. U Kunda yolg‘on deguvchilarga halokat bo‘lg‘ay! 

35-36. Bu (Kun) ular so‘zlay olmaydigan va ular uchun uzr aytishlariga ham izn berilmaydigan Kundir! 

37. U Kunda yolg‘on deguvchilarga halokat bo‘lgay! 

38. Bu (haq bilan botil) ajratiladigan Kundir! (Ey bu Kunni yolg‘on deguvchi kimsalar, mana) Biz sizlarni ham, avvalgi (o‘z payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilgan)larni ham jamladik. 

39. Mana, agar sizlar uchun (do‘zaxdan qutqaradigan) biron nayrang bo‘lsa, Menga o‘sha nayranglaringizni ko‘rsatinglar-chi? 

40. U Kunda yolg‘on deguvchilarga halokat bo‘lgay! 

41-42. Taqvodor zotlar esa (U Kunda) albatta soya-salqinlarda, chashmalar va ko‘ngillari tusagan meva-chevalar ustidadirlar. 

43. (Ularga deyilur): «Qilib o‘tgan (yaxshi) amallaringiz sababli (ushbu jannat noz-ne’matlarini) pok bilib yeb-ichaveringlar». 

44. Albatta Biz chiroyli amal qilguvchilarni mana shunday mukofotlarmiz. 

45. U Kunda yolg‘on deguvchilarga halokat bo‘lgay! 

46. (Ey kofirlar) ozgina vaqt (ya’ni to‘rt kunlik dunyoda aqlsiz hayvonlardek) yeb, foydalanib qolinglar! Albatta sizlar jinoyatchidirsizlar! 

47. U Kunda yolg‘on deguvchilarga halokat bo‘lgay! 

48. Qachon ularga: «Ruku’ qilinglar, (ya’ni namoz o‘qinglar)», deyilsa, ruku’ qilmaslar! 

49. U Kunda (o‘sha Kunni) yolg‘on deguvchilarga halokat bo‘lgay! 

50. Axir ular (Qur’ondan) keyin (ya’ni benazir ilohiy mo‘‘jiza bo‘lgan shunday aziz Kitobga iymon keltirmasdan) qanday so‘zga-kitobga iymon keltirurlar?!

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 07:23:32

O’TTIZINCHI JUZ’
*************************



NABA’ SURASI

Bu sura Makkada nozil qilingan bo‘lib, qirq oyatdan iboratdir.

Qur’oni Karim so‘nggi juz’ining ilk surasi bo‘lgan bu sura «Naba'-Xabar», deb nomlangan bo‘lib, unda o‘lgandan keyin qayta tirilish, Qiyomat va u Kunda mo‘minlar yetajak mangu baxt-saodat hamda kofirlar duchor bo‘lajak abadiy azob haqidagi xabarlar o‘z aksini topgandir.

Bu surada Alloh taoloning qudrati ilohiyyasiga dalolat qilib turadigan bir necha hujjatlar keltirilib, shunday qudrat sohibi bo‘lgan zot uchun Qiyomat kunida o‘liklarga qayta jon ato etib tiriltirish juda oson ish ekanligi ta’kidlanadi va u Kunni «Haq bilan botil ajratiladigan Kun», deb ataladi.

Sura o‘sha kunda kofirlar Alloh taoloning odil jazosidan qochgani joy topa olmasdan qaytadan tuproqqa aylanishni orzu qilib qolishlari to‘g‘risida xabar berish bilan xotimalanadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Mushriklar) bir-birlaridan nima haqida so‘rashmoqdalar?!

2-3. Ular o‘zlari ixtilof qilguvchi bo‘lgan — ulug‘ xabar hakida (ya’ni qayta tirilish to‘g‘risida savol-javob qilmoqdalar)!

4. Yo‘q (ularning gumonlari behudadir)! Ular yaqinda (bu xabarning haq ekanini) bilib olajaklar!

5. Yana bir bor yo‘q! Ular yaqinda bilib olajaklar!


I z o h. Muhammad alayhis-salom payg‘ambar qilib yuborilganlaridan so‘ng Makka ahliga qayta tirilish haq ekanligi haqida xabar berganlarida, ayrim mushriklar bu xabarni inkor qilgan bo‘lishsa, ayrimlari unga gumon bilan qarashib, bir-birlari bilan shu haqda talashib-tortisha boshladilar. Shunda yuqoridagi oyatlar nozil bo‘lib, ularning bunday savol-javoblari nodurust ekani va erta bir kun — Qiyomat qoyim bo‘lgach, ular bu xabarning haq ekanligini bilib qolishlari, ammo u Kunda ularning bilishlari ham, tavba-tazarru qilishliri ham befoyda bo‘lib qolishi ta’kidlapdi.

Eidi quyidagi oyatlarda Tangri taoloning qudratini namoyish etadigan, o‘lgan jasadni qayta tiriltirishga nisbatan beqiyos ulkan va ulug‘ ilohiy mo‘‘jizalar sanab o‘tiladi.


6-7. Biz yerni (barcha jonzotlar maskan tutib yashashlari uchun) bir to‘shak, tog‘larni esa (o‘sha yerni tutib turguvchi) qoziqlar qilib qo‘ymadikmi?!

8. Biz sizlarni juft-juft qilib yaratdik.

9. Uyqularingizni (badanlaringiz va asablaringiz uchun) orom qildik.


I z o h. Darhaqiqat, uyqu Alloh taoloning eng ulug‘ ne’matlaridin biridir. Zero, dunyodagi barcha jonzot mubtalo bo‘lgan toliqish, charchash degan bir dard borki, bu dardning uyqudan bo‘lak darmoni yo‘qdir. Ehtimol uyqusizlik dardiga yo‘liqqan kishini biron dori vositasida uxlatish mumkindir, lekin mana shu uyquni yana badtar charchatadigan mehnat emas, balki orom-rohat qilish Yaratgandan o‘zganing qo‘lidan kelmas.

10. Kechani (o‘z qorong‘usi bilan barcha narsani yashirib turadigan) libos qildik.

11. Kunduzni esa tirikchilik (uchun belgilangan vaqt) qildik.

12. Ustlaringizda yetti (qavat) pishiq-mustahkam (osmonni) bino qildik.

13. Va doimo charaqlab turguvchi chiroqni (ya’ni quyoshni paydo) qildik.

14-15-16. Yana Biz o‘zidan yomg‘irni siqib chiqarguvchi (bulut)lardan o‘sha (yomg‘ir) yordamida don va nabototni hamda (qalinligidan daraxtlari) bir-biriga chirmashib ketgan bog‘larni undirib chiqarish uchun — mo‘l-ko‘l suv-yomg‘ir yog‘dirdik.


I z o h. Yuqoridagi oyatlarda Alloh taolo O’zining qudratini ko‘rsatib turadigan to‘qqiz yorqin dalilni keltirgach, endi yana avvalgi mavzu — qayta tirilish mavzusiga qaytiladi.

17. Albatta (haq bilan botil, yaxshi bilan yomon) ajratiladigan Kun (hisob-kitob uchun) belgilangan vaqt bo‘ldi.

18. U Kunda Sur chalinur, bas, sizlar to‘p-to‘p bo‘lib (mahshargohga) kelursizlar!

19. Osmon ham ochilib, (farishtalar tushib keladigan) eshiklarga aylanib qoldi!

20. Tog‘lar ham (joylaridan) jildirilib, (osmonda uchib yurgan) sarobga aylanib qoldi!

21-22. Albatta tug‘yonga tushguvchilarning borar joylari bo‘lgan jahannam (o‘ziga qulab tushadigan kofirlarga) ko‘z tutib turguvchi bo‘ldi.

23. Ular u joyda uzoq zamonlar (ya’ni abadul-abad) qolguvchidirlar!

24. Ular u joyda (jahannam o‘tidan orom beradigan) biron salqinni va biron ichimlikni topmaslar!

25. Faqat qaynoq suv va yiringnigina (toturlar)!

26. (Mana shu ularning qilmishlariga) yarasha jazodir!

27. Chunki ular (Qiyomat kunidagi) hisob-kitobdan umidsiz bo‘lgan kimsalardir.

28. Ular bizning oyatlarimizni butunlay yolg‘on der edilar!

29. Holbuki, Biz barcha narsani hisob-kitob qilib, yozib qo‘ygandirmiz!

30. Bas, (ey kofirlar, Bizning azobimizni) totib ko‘ringlar! Endi Biz sizlarga faqat azobnigina ziyoda qilurmiz!

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 07:23:52



31. Albatta taqvodor zotlar uchun (jannatda) najot manzili bordir.

32. Yana bog‘lar va uzumzorlar.

33. (Yosh va husnda) tengdosh xushqad (hur)lar.

34. Va (sharob bilan) to‘la maykosalar bordir.

35. Ular u joyda biron behuda va yolg‘on so‘z eshitmaslar.

36-37-38. (Bu) Parvardigoringiz tomonidan — osmonlar va yerning hamda ularning o‘rtasidagi bor narsalarning Parvardigori bo‘lmish Mehribon zot tomonidan (berilgan) mukofot, yetarli marhamatdir. Ruh (Jabroil) va (barcha) farishtalar saf tortib turadigan Kunda ular (insonlar) U zotdan (Allohdan) qo‘rqib biron so‘z aytishga qodir bo‘lmaslar. Ular so‘zlay olmaslar, faqat U Mehribon zot izn bergan kishigina (so‘zlar) va (faqat) rost so‘zni aytur.

39. Bu haqqi-rost Kundir. Bas, kim xohlasa, o‘z Parvardigori tomon qaytadigan yo‘lni tutur.

40. (Ey Makka kofirlari), darhaqiqat, Biz sizlarni yaqin(da voqe’ bo‘ladigan) azobdan ogohlantirdik. U Kunda (har bir) kishi o‘zi qilib o‘tgan narsani (ya’ni barcha yaxshi-yomon amallarini) ko‘rur va kofir kimsa: «Eh, koshki edi (qaytadan) tuproqqa aylanib ketsam-(u muhaqqaq boshimga tushadigan azobdan qutulsam)», deb qolur.



NOZIOT SURASI

Makkada nozil bo‘lgan bu sura qirq olti oyatdan iboratdir.

Bu sura avvalida farishtalar nomiga qasam ichish bilan qayta tirilish haq ekanligi ta’kidlanadi va buni inkor qilgan mushriklarning o‘sha Kunda qanday yomon ahvolga tushib qolishlari haqida xabar beriladi.

So‘ngra Makka kofirlarning tug‘yon va qaysarliklaridan ozor chekayotgan Payg‘ambar alayhis-salomga taskin-tasalli berish uchun o‘zlarining salaflaridan bo‘lmish Muso payg‘ambar haqida hikoya qilinib, o‘sha zot ham Fir’avn va uning odamlarini Allohning diniga da’vat qilganlarida u mal’un bu da’vatni qabul qilish o‘rniga o‘zini xudo deb da’vo qilgani va Haq yo‘liga qarshi turgani oqibatida o‘zi ham, odamlari ham halokatga duchor bo‘lganliklari bayon etiladi.

Sura nihoyasida yana Qiyomat soati haqidagi mavzuga qaytilib, u Kunning dahshatini ko‘rgan paytlarida kofirlar bu hayoti-dunyoda bir kun ham turmagandek bo‘lib qolishlari uqtiriladi.

Sura o‘zining ilk oyati bilan «Van-Nazi’at — Jon olguvchi farishtalarga qasam» deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Kofirlarning jonlarini badanlarining) ich-ichidan qattiq sug‘urib oladigan (farishta)larga qasam,

2. (Mo‘minlarning jonlarini osonlik bilan) ildam tortib oladigan (farishta)larga qasam,

3-4-5. (Osmonlar bilan yer o‘rtasida) silliq suzib, (o‘z zimmalaridagi vazifalarni ado etishda) shoshib-o‘zib, (Alloh buyurgan barcha) ishning tadbirini tuzib turadigan (farishta)larga qasamki, (sizlar albatta qayta tirilib, hisob-kitob qilinursizlar)!


I z o h. Mazkur oyatlarda Alloh taolo O’z farishtalarining nomiga qasam bilan o‘lgandan keyin qayta tirilish va bu dunyoda qilib o‘tilgan har bir ish uchun hisob berish bor ekanining xabarini berdi. Darvoqe, Allohning lashkarlari hisoblanmish, son-sanog‘ini yolg‘iz Yaratgandan o‘zga hech kim bilmaydigan farishtalar Tangri taolo amr etgan har bir ishni ado qilishga hoziru nozir bo‘lib turar ekanlar. Xususan, o‘lim farishtasi va uning yordamchilari tomonidan bandalarning jonlarini olish soati ibratlidir: Hadisi sharifda aytilishicha, ular kofirning jonini olishda xuddi badanining har bir a’zosidan mix sug‘urgandek azoblab olar ekanlar, mo‘minning joni esa uning tanasidan go‘yo bog‘liq qo‘l arqondan bo‘shatilgandek oson va rohat bilan chiqib ketar ekan. Shuning uchun ham Payg‘ambar alayhis-salom doim namozlaridan keyin: «Parvardigoro, bizlarga o‘lim mastligini (ya’ni jon chiqar soatidagi mashaqqatni) oson qilgil», deb duo qilar edilar,

Endi quyidagi oyatlarda yuqorida zikr qilingan qayta tirilish soatidagi ahvol tasvirlanadi.


6-7. U Kunda (Sur birinchi marta chalinishi bilan) titraguvchi (er) titrab (ustidagi bor jonzot halok qilinadi), unga ergashuvchi ergashur (ya’ni oradan qirq sana o‘tgach, Sur ikkinchi marta chalinib barcha narsaga qaytadan hayot ato etiladi va Qiyomat kuni boshlanadi).

8. U Kunda (kofirlarning) dillari qo‘rquvga tushguvchi,

9. Ko‘zlari esa (dahshatdan yerga) egilib qolguvchidir!

10. Ular (bu dunyoda) derlar: «Haqiqatan ham bizlar (o‘lganimizdan keyin yana qayta tirilib) avvalgi holatimizga qaytarilguvchimizmi?

11. Chirigan suyaklarga aylanib qolgan vaqtimizda-ya?»

12. Ular (istehzo bilan): «Undoq bo‘lsa bu (bizlar uchun) ziyon qilguvchi qaytish-ku!» dedilar.

13. Bas, u (qaytish) faqat birgina dahshatli qichqiriqdir (ya’ni Surning ikkinchi marta chalinishidir).

14. So‘ng banogoh ular (tirik holda) yer ustida bo‘lib qolurlar!

15. (Ey Muhammad), sizga Musoning xabari keldimi?

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 07:24:21



16. Eslang, Parvardigori unga muqaddas Tuvo vodiysida (shunday) nido qilgan edi:

17. (Ey Muso), sen Fir’avnning oldiga borgin, chunki u (kufru isyon bilan) haddidan oshdi.

18. Bas, (unga) ayting: «Sening (kufr illatidan) poklanishga rag‘bat-xohishing bormi?

19. Men seni Parvardigoring (yo‘li)ga hidoyat qilsam, bas, sen (U zotdan) qo‘rqsang».

20-21. So‘ng (Muso) unga bir ulkan mo‘‘jiza ko‘rsatgan edi, (Fir’avn) uni yolg‘onchi qildi (ya’ni Musoga: «Sen sehrgarsan», deb tuhmat qildi) va (Alloh taologa) osiy-itoatsiz bo‘ldi.

22. So‘ngra (fisqu fasodni yoyish yo‘lida) sa’y-harakat qilgan holida (Musodan) yuz o‘girib ketdi.

23-24. So‘ng (o‘z odamlarini) to‘pladi-da, jar solib: «Men sizlarning eng ustun Parvardigoringizdirman», dedi.

25. Bas, Alloh uni ham oxirat, ham dunyo azobi bilan ushladi (ya’ni dunyoda u dengizga g‘arq qilib yuborildi), oxiratda esa do‘zax azobiga duchor bo‘lur.

26. Albatta bu (qissa)da (Allohdan) qo‘rqadigan kishilar uchun ibrat bordir.


I z o h . Yuqoridagi oyatlarda Muso alayhis-salom qilgan da’vatni qabul qilmasdan, unga qarshi fitna-fasod tarqatib yurgani sababli dunyo va oxirat azobiga giriftor qilingan Fir’avn qissasi zikr qilingach, bu qissadan faqat Allohdan qo‘rqadigan kishilargina ibrat va pand-nasihat olishpari ta’kidlandi. Binobarin, Yaratgandan qo‘rqmaydigan e’tiqodsiz kimsalarga hech qanday mo‘‘jiza yoki va’z-nasihat kor qilmasligi aniq ekan.

Endi quyida Alloh taolo Qiyomat kunida barcha xaloyiqni qayta tiriltirib, ularni hayoti-dunyoda qilib o‘tgan amallariga yarasha jazolashiga shak keltirguvchi kimsalarga xitob qilinadi.


27. (Ey mushriklar), sizlarni yaratish qiyinroqmi yoki osmonnimi?! (Ya’ni butun Yer kurrasining atrofini o‘zga sayyoralardan biron ziyon yetmasligi uchun tom — osmon bilan qoplab qo‘yishga qodir bo‘lgan zot uchun sizlarni yaratish yoki qayta tiriltirish hech gap emas-ku!) (Alloh) uni bino qildi —

28. — shiftini baland qilib, tikladi.

29. Va u O’sha (osmon)ning tunini qorong‘u qilib, (undan) kunduzini chiqardi.

30. Va shundan keyin yerni yoyib-tekis qildi. —

31. — Undan suvi-yu, o‘tloqlarini chiqardi.

32. Va u (er)ga tog‘larni o‘rnashtirdi.

33. (Bularning barchasi) sizlar uchun va chorva hayvonlaringiz uchun manfaat bo‘lsin deb (qilingandir).

34. Bas, qachon katta balo (ya’ni Qiyomat) kelganida —

35. — inson o‘z qilmishini eslab koladigan Kunda,

36. Va do‘zax ko‘radigan (har bir) kishiga ko‘rsatib qo‘yilganida.

37. Bas, ana o‘shanda kim (hayoti-dunyoda kufru isyon bilan) tug‘yonga tushgan,

38. va hayoti-dunyoni (oxiratdan) ustun qo‘ygan bo‘lsa,

39. u holda faqat jahannamgina (uning uchun) joy bo‘lur!

40. Endi kim (hayoti-dunyodalik paytida Qiyomat kuni mahshargohda) Parvardigorining (huzurida) turishi (va U zotga hisob-kitob berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havoyi xohishlardan qaytargan bo‘lsa,

41. u holda faqat jannatgina (uning uchun) joy bo‘lur.

42. (Ey Muhammad, mushriklar) sizdan (o‘sha Qiyomat) soatini qachon voqe’ bo‘lishi haqida so‘rarlar.

43. Siz qaerdasiz-u, uni (ya’ni Qiyomat qachon bo‘lishini) zikr qilib-eslash (qaerda)? (Ya’ni siz hech qachon u Kunning vaqtini aytib bera olmaysiz).

44. Uni (bilish) yolg‘iz Parvardigoringizga borib to‘xtar.

45. Siz faqat o‘sha (Qiyomat)dan qo‘rqadigan kishilarni ogoxlantirguvchisiz, xolos. (Ammo u Kunning qachon voqe’ bo‘lishini aytib berish sizning vazifangiz emasdir).

46. Ular u (Qiyomat soati)ni ko‘radigan Kunda (bu dunyoda) go‘yo birgina peshindan so‘ng yoki choshgoh paytida turgandek (ya’ni bir kun ham yashamagandek) bo‘lib qolurlar!

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 07:27:12



ABASA SURASI

Qirq ikki oyatdan tashkil topgan bu sura ham Makkada nozil bo‘lgandir.

U huzurlariga kelgan ko‘zi ojiz bir kishiga ro‘yxush bermagan Payg‘ambar alayhis-salomga tanbeh berish bilan boshlanadi (shuning uchun ham bu sura «Abasa - Qosh chimirdi», deb nomlangandir) va u zotga zimmalaridagi vazifalari yana bir bor uqtirilib, so‘ngra Qur’on oyatlari Alloh taolo tomonidan pand-nasihat oladigan bandalar uchun yuborilgan bir eslatma ekanligi ta’kidlanadi.

Bu surada nihoyat ixcham suratda insonga o‘zining qaerdan kelganidan tortib, to qaerga borishi va keyingi holi nima kechishigacha bayon qilinib, so‘ngra inson uchun yaratilgan noz-ne’matlar sanab o‘tiladi va o‘rtaga bir haqqoniy savol tashlanadi: Hayot yo‘lini ko‘rsatib beradigan Qur’on ne’mati ham, yer yuzidagi odamlar rohat-farog‘atda yashashlari uchun ato etilgan barcha noz-ne’matlari ham aql egalarini yolg‘iz Yaratganga iymon keltirib, U zotga shukr qilishga da’vat etib turibdi-ku, bas, inson zotini bu qadar kufru tug‘yonga ketishga nima majbur qildi?!

Sura kishilar aniq ikki toifaga bo‘linib qoladigan Qiyomat kunida ro‘y beradigan dahshatli voqea-hodisalar haqida xabar berish bilan xotima topadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1-2. U (payg‘ambar alayhis-salom) o‘zining oldiga ko‘zi ojiz kishi kelgani uchun qosh chimirdi va (undan) yuz o‘girdi.

I z o h. Rivoyat qilinishicha, bir kuni Payg‘ambar alayhis-salom Quraysh zodagonlaridan bir guruhini Islomga da’vat qilib turganlarida, oldilariga Abdulloh ibn Ummi Maktum ismli ko‘zlari ojiz bir sahoba kelib, bir necha bor: «Yo rasululloh, menga Alloh sizga bildirgan narsalardan ta’lim bering», deb takrorladi. Chunki u kishi a’mo bo‘lganlari sababli Payg‘ambarimizning boshqalar bilan band ekanliklarini sezmagan edi. Payg‘ambar alayhis-salom haligi Quraysh kattalari Islomni qabul qilishsa, ularga ergashib orqalaridagi tobe’lari ham musulmon bo‘lib qoladi, degan umid bilan berilib so‘zlayotganlari sababli, mana shu paytda Abdulloh ibn Ummi Maktum kelib so‘zlarini bo‘lganidan achchig‘lanib, qovoq soldilar va u kishiga orqa o‘girib, Quraysh kattalari bilan so‘zlashishda davom etdilar. Shunda Payg‘ambarimizga tanbeh bo‘lib mazkur va quyidagi oyatlar nozil bo‘ldi.

Shu o‘rinda biz muhtaram o‘quvchi e’tiborini mazkur oyatlardagi ikki ibratli nuqtaga jalb etmoqchimiz.

Birinchidan, Alloh taolo O’zining habibi va so‘nggi payg‘ambariga tanbeh berar ekan, u kishiga bevosita xitob qilmadi, balki go‘yo uchinchi shaxs haqida gapirayotgandek tanbeh berdiki, bu Do‘st Do‘stga qiladigan muomalaning benazir namunasidir.

Ikkinchidan, agar bizda Alloh taoloning O’zi «Shak-shubhasiz siz ulug‘ Xulq ustidadirsiz», (Qalam surasi, 4-oyat) deb ta’riflagan Payg‘ambarimiz mazkur voqeada bir a’mo kishiga ozor berdilarmi, degan savol tug‘ilsa, bunday savolning javobi ham o‘sha voqeaning o‘zida mavjuddir, ya’ni yuqoridagi oyatlar guvohlik berishicha Payg‘ambar alayhis-salom u kishining diliga ozor beradigan biron qattiq so‘z aytganlari yo‘q, balki faqatgina qovoqlarini uyub, yuz o‘girdilar xoloski, bunday holatni ko‘zi ojiz odam ko‘ra olmagani uchun ozor topmasligi aniqdir.

Tangri taoloning tanbehidan so‘ng Rasululloh qachon Abdulloh ibn Ummi Maktumni ko‘rib qolsalar: «Marhabo, ey menga Parvardigorimdan dashnom olib bergan zot», deb u kishiga peshvoz chiqadigan bo‘lgan ekanlar.


3. (Ey Muhammad), siz qaerdan bilursiz, ehtimol u (sizdan o‘rganadigan ilmu ma’rifati yordamida o‘z gunohlaridan) poklanar.

4. Yoki pand-nasihat olar-da, so‘ng bu pand-nasihat unga foyda berar?!

5. Endi (o‘z mol-mulki bilan iymondan) istig‘no qilib turgan kimsaga kelsak,

6. Bas, siz o‘shanga iqbol qilib — yuzlanmoqdasiz!

7. Holbuki u (o‘zining kufridan) poklanmasligi sababli sizga biron ziyon yetmas!

8-9. Endi (Allohdan) qo‘rqqan holida oldingizga yugurib-elib qelgan zotga kelsak.

10. Bas, siz undan chalg‘ib — yuz o‘girib olmoqdasiz!

11. Yo‘q, (siz aslo bunday qilmang)! Albatta (Qur’on oyatlari) bir pand-nasihatdir.

12. Bas, kim xohlasa undan pand-nasihat olur.

13-14. (U oyatlar Alloh nazdida) azizu- mukarram, qadri baland, pokiza sahifalarga;

15-16. Ulug‘, itoatli mirzolar (ya’ni farishtalar) qo‘llari bilan (Lavhul-Mahfuzdan ko‘chirib bitilgandir).

17. Halok bo‘lgur inson-a! Bunchalar kofir bo‘lmasa!

18. (Alloh) uni qay narsadan yaratdi o‘zi?!

19. Uni bir (haqir) nutfadan yaratib, so‘ng uni(ng ona qornidagi rivojini va oy-kunini) belgilab qo‘ydi-ku!

20. So‘ngra unga (ona qornidan chiqish) yo‘lini oson qildi.

21. So‘ngra unga o‘lim berib, qabrga kiritdi (ya’ni boshqa hayvonlar singari uning jasadini yer yuzida qoldirib, yirtqichlarga yem qilib qo‘ygani yo‘q).

22. So‘ngra O’zi xohlagan vaqtida uni yana qayta tiriltirur.

23. Yo‘q, u (kofir kimsa Alloh) o‘ziga buyurgan biron narsani ado qilmadi.

24. Endi inson o‘zining taomiga (ibrat ko‘zi bilan bir)qarab ko‘rsin-chi!

25. Biz (osmondan) suv-yomg‘irni quydirdik.

26. So‘ngra yerni (giyohlar bilan) yordik.

27-28-29-30-31-32. So‘ng Biz unda don-dunni, uzum va ko‘klarni, zaytun va hurmolarni, quyuq daraxtzor bog‘larni, meva-cheva-yu, o‘t-o‘lanlarni sizlar uchun va chorva hayvonlaringiz uchun manfaat bo‘lsin deb undirib-o‘stirib qo‘ydik-ku!

33. Bas, qachon (quloqlarni) kar qilguvchi (dahshatli qichqiriq) kelganda (ya’ni sur ikkinchi marta chalinib, barcha xaloyiqqa qaytadan jon ato etilganda, har bir inson o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolur)!

34-35-36. U Kunda kishi o‘z og‘a-inisidan ham, onasi va otasidan ham, xotini-yu, bola-chaqasidan ham qochur!

37. (Chunki) ulardan har bir kishi uchun u Kunda o‘ziga yetarli tashvish bo‘lur!

38-39. U Kunda (mo‘minlarning) yuzlari yorug‘, kulguvchi va xurram bo‘lur.

40. Va u Kunda (kofirlarning) yuzlari ustida chang-g‘ubor bo‘lib,

41. U (yuz)larni qarolik qoplab olur!

42. Ana o‘shalar fisqu-fujur qilguvchi kofirlarning o‘zidir!

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 07:27:31



TAKVIR SURASI

Bu sura Makkada nozil qilingan bo‘lib, yigirma to‘qqiz oyatdir.

U Qiyomat qoyim bo‘lganida butun Koinotda ro‘y beradigan dahshatli inqilob — o‘zgarishlar tasviri bilan boshlanib, ana o‘sha Kunda har bir jon o‘z hayotida qanday amallar qilib o‘tganini bilib, iqror bo‘lishi haqida xabar beriladi.

So‘ngra Alloh taolo O’zi yaratgan bir necha mavjudot nomiga qasam bilan Qur’oni Karim farishta Jabroil keltirgan Ilohiy so‘z ekanini va ushbu Kalomullohning biron oyatini qoldirmasdan insonlarga yetkazib berayotgan Muhammad alayhis-salom majnun emasliklarini ta’kidlaydi.

Sura davomida insonlarga xitob qilinib, ulardan qo‘llarida Haq yo‘lini ko‘rsatib turgan shunday buyuk Kitob mavjud bo‘la turib, o‘zlari uchun yana qanday yo‘l axtarib ketayotganlari so‘raladi.

Sura Qiyomat kunida butun yer yuzini yoritib va isitib turadigan quyosh ham o‘ralib, nursizlanib qolishi xususidagi oyat bilan boshlangani sababli «Takvir — O’ralish» deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Quyosh o‘ralib (nursizlanib) qolganida.

2. Yulduzlar ham (o‘z falaklaridan) to‘kilganida.

3. Tog‘lar ham (o‘z joylaridan) jildirilganida.

4. (Qornidagi bolasi) o‘n oylik bo‘lgan bo‘g‘oz tuyalar ham bo‘sh qo‘yib yuborilganida.

5. Vahshiy hayvonlar ham (bir joyga) to‘planib qolganida.

6. Dengizlar (tandir kabi) qizitilganida (va suv o‘rniga olov bilan to‘lganida).

7. Jonlar (qaytadan badanlarga) juftlanganida.

8-9. Tiriklay ko‘milgan (har bir) qizdan qanday gunoh sababli o‘ldirilgani so‘ralganida.

10. (Nomai a’mol) sahifalari ochilganida.

11. Osmon (erning ustidan) sidirib olinganida.

12. Do‘zax (kofirlar uchun) lovullatib yoqilganida.

13. Jannat (taqvodor zotlarga) yaqin qilinganida.

14. (ana o‘sha Kunda har bir) jon o‘zi (mana shu Kun uchun) hozirlab kelgan narsani (ya’ni barcha yaxshi-yomon amallarini) bilur!


I z o h . Mazkur oyatlarda Qiyomat kunida ro‘y beradigan o‘n ikki hodisa haqida xabar berildi. Demak, u Kunda kechayotgan dahshatning ziyodaligidan quyoshning nuri so‘nib, yulduzlar har yoqqa sochilib ketadi va tog‘lar ham joylaridan jildirilib, xuddi bulutlar kabi osmonda suzib yuradi. Sahro ahli juda avaylaydigan va ularning boy-badavlatliklari ramzi bo‘lgan — tug‘ish soati yaqinlashib qolgan bo‘g‘oz tuyalar ham egalarining yodidan ko‘tarilib, har kim o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qoladi (ya’ni kishilar o‘zlarining eng ardoqli narsalarini ham unutadilar). Doimo bir-birlarining go‘shtlarini yeb tirikchilik o‘tkazadigan vahshiy hayvonlar ham qanday qilib bir joyga to‘planganlarini bilmay qoladilar, dengizlar esa suvlari qurib, xuddi tagidan olov yoqilayotgan qozonga aylanadilar (ming-ming yillik dengizlarning bugunga kelib quriy boshlagani o‘sha Kun yaqin qolganining alomati emasmikan?), insonlar o‘lishi bilan chiqib ketgan jonlari qayta o‘z badanlariga kiradi, shuningdek, u Kunda tiriklay ko‘mib yuborilgan mazluma qizlarning ham dodiga yetiladi (bu haqda «Nahl» surasining 59-oyatida batafsil izoh berilgan) va inson o‘lishi bilan yopilgan nomai a’moli qayta ochilib, hisob-kitob qilinadi, u Kunda yerning tomi bo‘lgan osmon ham ochib yuboriladi va nihoyat kofirlarga lovullab yonayotgan do‘zax, mo‘minlarga esa jannat yaqin qilinadi — mana shu voqea-hodisalar sodir bo‘ladigan Qiyomat kunida har bir jonning hayoti-dunyoda qilib o‘tgan yaxshi amallari o‘ng yoniga, yomon amallari chap yoniga keltirib qo‘yiladi va hech kim o‘z amalidan tona olmaydi! Demak o‘sha Kunning qiynoq-azobidan xalos bo‘lishni istagan har bir inson bugunini Islomiy e’tiqod va ezgu amal bilan o‘tkazmog‘i vojibdir!

15-16-17-18. Bas, Men (kunduzlari ko‘zdan) g‘oyib bo‘lguvchi, (kechalari ham) tez o‘tib (o‘z «uya»lari — burjlariga) yashiringuvchi (yulduz)larga, o‘z zulmati bilan kelib-ketayotgan kechaga va otayotgan tongga qasam ichurmanki,

19-20-21. Shak-shubhasiz u (Qur’on) bir ulug‘, quvvatli, Arshning sohibi (bo‘lmish Alloh) nazdida makon-martabali, u joyda (ya’ni osmonlarda farishtalar tomonidan) itoat etilguvchi, ishonchli elchining (ya’ni Jabroil farishtaning Alloh taolo tomonidan keltirgan) so‘zidir.

22. Va sizlarning sohibingiz (Muhammad alayhis-salom) majnun emasdir.

23. Darhaqiqat, u (Jabroilni) ochiq ufqda ko‘rdi.

24. U (Muhammad alayhis-salom) g‘aybga (ya’ni g‘aybdan kelgan vahiyga) baxil ham emasdir (U Alloh taolo tomonidan o‘ziga keladigan vahiylarni buzmasdan, to‘la-to‘kis holda sizlarga yetkazur).

25. Va u (Qur’on) quvilgan — mal’un shaytonning so‘zi emasdir.

26. Bas, sizlar (mana shu Qur’oni Karim ko‘rsatgan Haq yo‘lni inkor etib) qayon ketmoqdasizlar?!

27-28. U (Qur’on) hech shak-shubhasiz butun olamlar uchun — sizlarning orangizdagi To‘g‘ri yo‘lda bo‘lmoqni xoxlagan kishilar uchun bir eslatmadir.

29. Sizlar faqat butun olamlar Parvardigori bo‘lmish Alloh xoxlasagina (To‘g‘ri yo‘lda bo‘lishni) xoxlarsizlar.

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 07:27:52



INFITOR SURASI

O’n to‘qqiz oyatdan iborat bo‘lgan bu sura ham Makkada nozil qilingandir.

U ham Qiyomat kunining dahshatli manzaralarini chizish bilan boshlanadi va insonga xitob qilinib, uni yo‘qdan bor qilgan va unga shunday go‘zal surat berib qo‘ygan Parvardigoriga ibodat qilishdan uni — insonni nima to‘sib turgani so‘raladi.

So‘ngra jazo Kuni haq ekanligi aytilib, har bir kishining qilgan amalini yozib turadigan ulug‘ farishtalar biron ishni qoldirmasdan nomai a’mol sahifalarini to‘ldirib borayotganliklari yana bir bor uqtirib o‘tiladi.

Sura oxirida jazo kuni qanday kun ekanini yolg‘iz Allohdan o‘zga hech kim bila olmasligi va u Kunda barcha hukm yolg‘iz Alloh taoloning qudrat qo‘lida bo‘lishi haqida xabar beriladi.

Sura Qiyomat kunida osmon yorilib — ochilib qolishi xususidagi oyat bilan boshlangani uchun uni «Infitor — Yorilish», deb ataladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmon yorilganida,

2. Yulduzlar (har tomonga) sochilganida,

3. Daryo-dengizlar (o‘rtasidagi to‘siq-to‘g‘onlar) ochilganida,

4. Qabrlar to‘nkarib qo‘yilganida (ya’ni ularning ichidagi insonlarga jon ato etilib yer yuziga chiqarilganlarida),

5. (Ana o‘sha Kunda har bir) jon o‘zi (hayoti dunyodalik chog‘ida) qilib o‘tgan va (o‘zidan keyin) qoldirgan (barcha) narsalarni (ya’ni yaxshi-yomon amallarini) bilur!

6. Ey inson, nima seni ulug‘ Parvardigoring haqida (Unga ibodat qilmasang ham bo‘laveradi, deb) aldab qo‘ydi?!

7. U seni yaratib, so‘ng (barcha a’zolaringni) tiklab, so‘ng (qomatingni ham) raso qilib, qo‘ygan zot-ku!

8. U seni O’zi qay suratni xohlagan bo‘lsa (o‘sha surat — shaklda) tarkib toptirdi — ijod qildi-ku!


I z o h. Ushbu oyatlarda Alloh taolo insonga o‘zining kim tomonidan yaratilib, bunday aql-hush, mavzun qomat va go‘zal suratga ega bo‘lganini uqtirmoqda va undan o‘zini boshqa barcha maxluqotlardai ajratib shunday azizu mukarram qilib yaratgan ulug‘ Parvardigoriga nega qulluq — ibodat qilmayotganini so‘rab tanbeh bermoqda. Darhaqiqat, inson vujudidagi qay bir a’zoga ibrat ko‘zi bilan qaralsa — undagi mukammallikni ko‘rib, Yaratganning buyuk qudratiga, bilim va hikmatiga qulluq qilmasdan iloj qolmaydi.

Endi quyidagi oyatlarda dinsiz kimsalar Alloh taoloning amriga itoat etmasliklarining sababi nima ekanligi zikr qilinadi.


9. Yo‘q, balki sizlar jazo (Qiyomat kunini) yolg‘on dersizlar (shuning uchun ham Alloh buyurgan ezgu amallarni qilmaysizlar va U zot qaytargan yomon amallardan qaytmaysizlar)!

10-11. Holbuki, shak-shubhasiz sizlarning ustingizda (qilgan har bir amalingizni) yod olib, yozib turguvchi ulug‘ (farishta)lar bordir.

12. Ular sizlar qilayotgan ishlarni bilurlar.

13. Shak-shubhasiz, yaxshilar (ya’ni mo‘minlar) jannat ne’matlaridadirlar.

14. Shak-shubhasiz, fisq-fujur qilguvchi kimsalar (ya’ni Qur’on va payg‘ambarni yolg‘onchi qilguvchi, jazo Kuni va qayta tirilishni inkor qilguvchi kimsalar) do‘zaxdadirlar!

15. Ular (do‘zax)ga jazo (qiyomat) kunida kirurlar!

16. Va ular (do‘zaxdan) g‘oyib bo‘lguvchi (ya’ni xalos bo‘lguvchi emasdirlar!

17. (Ey inson), sen jazo Kuni nima ekanini qaerdan ham bilursan?!

18. So‘ngra (yana takror aytamanki), sen jazo Kuni nima ekanini qaerdan ham bilursan?!

19. U Kunda hech bir jon (boshqa) bir jonga biron narsa qilishga (ya’ni biron foyda yetkazishga yoki undan biron ziyonni ketkazishga) ega bo‘lmas! U Kunda barcha ish yolg‘iz Allohniki bo‘lur!



MUTAFFIFIN SURASI

Bu sura o‘ttiz olti oyat bo‘lib, Makka suralaridandir.

U dastlab oxirat hisob-kitobidan qo‘rqmaganlari uchun birovning haqidan hazar qilmaydigan kimsalar Alloh taoloning g‘azabiga duchor bo‘lishlari to‘g‘risida xabar berguvchi oyatlar bilan boshlanadi.

Bu sura hayotlarini fisqu-fujur bilan o‘tkazadigan iymonsiz kimsalar topadigan dahshatli oqibat — do‘zax azobi haqida ogohlantirguvchi oyatlar ham, bu to‘rt kunlik dunyodan Haq yo‘lini mahkam tutib o‘tadigan ahli iymon uchun tayyorlab qo‘yilgan saodati abadiyya — jannat ne’matlari zikr qilingan oyatlar ham mavjuddir.

Suraning nomi bo‘lmish «Mutoffifun» kalimasi «(Birovlarning haqlaridan) urib qolguvchilar» degan ma’noni anglatadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (O’lchov va tarozidan) urib qolguvchi kimsalarga halokat bo‘lgay!

2-3. Ular odamlardan (biron narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa kam qilib beradigan kimsalardir.

4-5-6. Ular o‘zlarining ulug‘ bir Kunda — barcha odamlar butun olamlar Parvardigori huzurida tik turib (hisob-kitob beradigan Qiyomat) Kunida qayta tirilguvchi ekanliklarini o‘ylamaydilarmi?!

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 07:28:10



7. Yo‘q, (birovlarning haqlaridan urib qolishdan hazar qilinglar)! Chunki (bunday) fisq-fujur qilguvchi kimsalarning nomai a’mollari albatta Sijjiynda bo‘lur!

8. (Ey Muhammad), siz Sijjiyn nima ekanini qaerdan ham bilursiz?

9. (U) bitilgan kitobdir.


I z o h. Sijjiyn — ulamolarning ta’kidlashicha, yetti qavat yer ostida turguvchi, insu jindan bo‘lgan kofirlarning nomai a’mollari bitib qo‘yiladigan bir kitobdir.

10. U Kunda yolg‘on deguvchilarga halokat bo‘lgay!

11. Ular jazo (qiyomat) Kunini yolg‘on deydigan kimsalardir!

12. U (Kun)ni faqat barcha gunohga botgan tajovuzkorgina yolg‘on der!

13. Qachon (unday kimsaga) Bizning oyatlarimiz tilovat qilinsa, u: «(Bu) avvalgilardan (qolgan) afsonalar», der.

14. Yo‘q, (undoq emas)! Balki ularning dillarini o‘zlari kasb qilguvchi bo‘lgan gunohlari qoplab olgandir!


I z o h . Ya’ni ularning dillarini o‘zlarining doimiy kasb-korlari bo‘lgan gunoh va jinoyat zanglari bosib qolgani sababli ular Ilohiy Haqiqatni afsonadan ajrata olmaslar.

15. Hech shak-shubha yo‘qki, ular o‘sha (Qiyomat) Kunida Parvardigorlaridan to‘silguvchidirlar. (Ya’ni Parvardigorning diydoriga yetish ularga hech nasib qilmagay)!

16. So‘ngra shak-shubhasiz ular do‘zaxga kirguvchidirlar.

17. So‘ngra (ularga): «Mana shu sizlar yolg‘on deb yurgan narsa — azobdir», deyilur.

18. Darhaqiqat, yaxshilarning nomai a’mollari shak-shubhasiz Illiyyundadir.

19. (Ey Muhammad), siz Illiyyun nima ekanini qaerdan ham bilursiz.

20. (U) bitilgan kitobdirki.

21. Unga (Allohning) yaqin (farishta)lari guvoh bo‘lurlar.


I z o h . Illiyyun — Payg‘ambar alayhis-salomdan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilishicha, yettinchi osmonda Alloh taoloning arshi a’losi ostidagi bir makon bo‘lib, insu jindan bo‘lmish mo‘minlarning nomai a’mollari bitilgan kitob o‘sha makonda saqlanadi.

22. Shak-shubhasiz yaxshilar (ya’ni mo‘minlar jannat) ne’matlaridadirlar.

23. Ular so‘rilarda (Alloh taolo o‘zlariga ato etgan ne’matlarga) boqib (o‘tirurlar).

24. Siz ularning yuzlarida ne’matlarning jilvasini tanirsiz — ko‘rursiz.

25. Ular (jannatda) muhrlangan maydan sug‘orilurlarki,

26. U (may)ning muhri mushk bo‘lur. Bas, baxslashguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) baslashsinlar.

27. U mayning mizoji — aralashmasi tasnimdandir.

28. (Tasnim Allohning) yaqin (banda)lari ichadigan bir chashmadir.

29. Darvoqe jinoyatkor — kofir kimsalar iymon keltirgan zotlardan (masxara qilib) kulguvchi bo‘ldilar.

30. Qachon (mo‘minlar) ularning oldidan o‘tsalar, ular bir-birlariga ko‘z qisishib, imo-ishoralar qilardilar.

31. Qachon uylariga qaytsalar (mo‘minlarni masxara qilib ozor berganlaridan) rohatlanib qaytardilar.

32. Qachon (mo‘minlarni) ko‘rsalar «Ana ular shak-shubhasiz yo‘ldan ozguvchi kimsalardir», derdilar.

33. Holbuki, ular (mo‘minlarning) ustiga qo‘riqchi qilib yuborilgan emasdilar.

34. Endi bu (Qiyomat) Kunida iymon keltirgan zotlar kofirlardan kulurlar.

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 07:28:37



35. Ular (jannatdagi) so‘rilarda (kofirlarning azoblanishiga) boqib (o‘tirurlar).

36. Kofirlar o‘zlari qilib o‘tgan qilmishlarining jazosini oldilarmi? (Albatta oldilar).



INSHIQOQ SURASI

Makkada nozil bo‘lgan bu sura yigirma besh oyatdan tashkil topgandir.

Sura avvalida Qiyomat qoyim bo‘lgan kuni samo yorilib, zamin esa yoyilib, tep-tekis bo‘lib qolishi bayon etiladi. Shuning uchun ham bu sura «Inshiqoq — Yorilish» deb nomlangan.

Bu surada inson zoti dunyoga kelgan vaqtidan tortib, o‘zi bilsa-bilmasa, xohlasa-xohlamasa Parvardigor tomonga, ya’ni o‘lim degan — dunyo bilan oxirat o‘rtasiga o‘rnatib qo‘yilgan ko‘prik orqali Parvardigorning odil hisob-kitobi sari intilib borishi ta’kidlanadi.

So‘ngra o‘sha jazo Kunida qanday kishilarning hisob-kitobi oson bo‘lishi va qanday kimsalar mangu azobga yo‘liqishlari haqida xabar beriladi.

Sura nihoyasida Alloh taolo qasam bilan barcha insonlar o‘lgandan keyin o‘zlariga va’da qilinayotgan dahshatli holatlarga bosqichma-bosqich yo‘liqishlarini ta’kidlab, so‘ng iymon keltirmagan kimsalarning hollariga taassuf bildiriladi va ularga alamli azob (xushxabari), mo‘minlarga esa bitmas ajr-mukofot mujdasi beriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilai (boshlayman).

1-2. Osmon yorilgan va u Parvardigori(ning yorilish to‘g‘risidagi amri)ga quloq tutgan — (mana shu amrga) loyiq topilgan vaqtda;

3-4-5. Yer yoyilgan (tep-tekis bo‘lgan) va o‘z ichidagi (jasadlarni ustiga) chiqarib tashlab, bo‘shanib olgan va u Parvardigori(ning yoyilib, tep-tekis bo‘lish to‘g‘risidagi amri)ga quloq tutgan — (mana shu amrga) loyiq topilgan vaqtda (ana o‘sha Qiyomat kunida har bir inson o‘zi qilib o‘tgan amallariga ro‘baro‘ bo‘lur)!

6. Ey inson, albatta sen mehnat-mashaqqat chekib Parvardigoringga (ya’ni Uning mukofot yoki jazosiga) borguvchisan, bas, (bu hayoti dunyodan o‘tganingdan so‘ng) U zotga yo‘liqquvchisan.

7. Ana endi kimning nomai a’moli o‘ng tomonidan berilsa.

8. Bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak,

9. Va o‘z(ining jannatdagi) axli-oilasiga shodu-xurram holda qaytajak.

10. Endi kimning nomai a’moli orqa tomonidan berilsa.

11. Bas, u o‘limini chaqirib qolajak.

12. Va do‘zaxga kirajak!

13. Darvoqe u (hayoti-dunyodalik paytida) axli oilasida (o‘z kufru isyoni bilan) shodu-xurram edi.

14. Albatta u o‘zining hech qachon (Parvardigori huzuriga) qaytmasligiga ishonar edi.

15. Yo‘q, Parvardigori uni shubhasiz ko‘rib turguvchi edi.

16-17-18. Bas, Men (quyosh botayotgan paytda butun ufqni qoplab oladigan) shafaqqa, kecha va u qamrab olgan (barcha) narsaga hamda to‘la bo‘lgan vaqtidagi oyga (ya’ni to‘lin oyga) qasam ichurmanki,

19. Albatta sizlar (ey insonlar), tabaqadan tabaqaga minursizlar (ya’ni bir holdan ikkinchi holga ko‘chib turursizlar).


I z o h . Ushbu oyatlarda Alloh taoloning ilohiy qalami bilan har bir insonning hayot-mamotidagi bir holdan ikkinchi holga ko‘chishi to‘g‘risida betakror manzara chizib berildi. Darhaqiqat, xuddi ufqni qon yig‘latib kun botib, so‘ng atrofni tun zulmati qoplab, keyin samoga balqib chiqqan to‘lin oy kechani bamisoli kunduzga aylantirib, agar yerga igna tushsa topilgudek yorug‘ qilib yuborgani kabi har bir inson ham o‘z hayotining shomida ustida turgan yaqinlarini qon yig‘latib, o‘lim deb atalgan ostonadan hatlaydi. Endi u yosh tamoman boshqa bir holat — xuddi tun qorong‘uligi yanglig‘ qabr zulmati. Lekin bu aslo so‘nggi holat emas, balki kishi boshidagi holatlar zanjirining bir halqasi xolos. Navdatdagi holat Qiyomat qoyim bo‘lgan Kunda ro‘y beradi. U Kunda xuddi to‘lin oy tun qorong‘uligida yashirinib yotgan barcha narsani oshkor qilganidek, har bir kishining qorong‘u o‘tmishi ibtidosidan intihosigacha, ipidan-ignasigacha yoritilib, hisob-kitob qilinadi va navbat keyingi holatlarga keladi. Ular endi abadiy saodat yoki mangu azobdir! Shundoq ekan...

20. Bas, nega ular iymon keltirmaydilar?!

21. Ularga Qur’on qiroat qilingan vaqtida esa (unga iymon keltirishib, Yaratganga) sajda qilmaydilar?!


I z o h. Bu oyati karima navbatdagi sajda oyati bo‘lib, u tilovat qilinganida o‘quvchiga ham, tinglovchiga ham bir marta Allohga sajda qilish vojib bo‘ladi.

22. Yo‘q, ular (Qur’onni ham, Qiyomat kuni qayta tirilishni ham) yolg‘on derlar!

23. Alloh esa ular ichlariga solib yashirayotgan narsalarini (ya’ni kufrlarini, iymonsizliklarini) juda yaxshi bilguvchidir!

24. Bas, (ey Muhammad), siz ularga alamli azob «xushxabari»ni bering!

25. Faqatgina iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun bitmas-tuganmas ajr-mukofot bordir.

Qayd etilgan