Ahmad Hodiy Maqsudiy. Ibodati Islomiya  ( 270810 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 14 B


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:58:13

Toza suv

- Qaysi suv tahoratga loyiq?
- Asosan, oqar suvlar. Agar ularga toza narsa qo’shilsa-yu, suvning tozalik tabiati buzilmasa, loyiq. Masalan, loyqa suv. Biroq ayron, sirka, sharbat qo’shilsa, joiz emas. Shuningdek, tarvuz suviga ham tahorat loyiq emas, lekin libosni artsa bo’ladi.
- Najas aralashgan suvga tahorat qilish mumkinmi?
- Oqar suv bo’lsa, kengligi qirq metr, chuqurligi yarim qarich hovuz yoki ko’l bo’lsa, mumkin. Ammo bu shartlarga muvofiq kelmasa, mumkin emas.
- Odam ichgan suvning qolgani tozaga o’tadimi?
- O’tadi, ammo og’izda aroq asorati bo’lsa, o’tmaydi.
- Go’shti halol hayvonlar ichgan suvga tahorat qilsa bo’ladimi?
- Ha. Lekin yirtqich hayvonlar ichgan suvga tahorat qilib bo’lmaydi. Tovuq va qarchig’ay ichgan suv tozaga o’tadi, lekin tahorat qilmoq makruh.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:58:36

Avrat a’zolar

- Namoz payti qanday kiyimda bo’lish lozim?
- Namoz payti avrat a’zolar libosda bo’lmog’i farz. Avrat joylarga erkak kishining tizzasidan to kindigigacha kiradi. Bu joylar berk bo’lmasa, namozga turish yaxshi emas.
- Ayol kishining qay yerlari avrat hisoblanadi?
- Agar ayol birovning cho’risi bo’lmasa, ikki qo’l kafti, ikki oyoq kafti va yuzidan boshqa hamma joyi namoz paytida berkitilmog’i lozim. Agar ayol cho’ri bo’lsa, kindigidan to tizzasigacha avrat joyi hisoblanadi. Lekin u qorni va belini ham berkitsa, yaxshi bo’ladi.
- Avrat joylarning qanchasi ochilsa, namoz o’qilmas?
- Avrat joylarning to’rtdan biri ochilsa, namoz o’qish yaxshi emas.
- Liboslar iflos bo’lsa, yuvmoqqa suv bo’lmasa, namoz mumkinmi?
- Libos iflos bo’lsa ham, o’qiladi, biroq libos bo’la turib yalang’och namoz o’qilmaydi.
- Libos topilmasa, qanday qilib namoz o’qiladi?
­- Ul vaqtda o’tirib, avrat va g’alizasini qo’l bilan berkitib, imo-ishora bilan ibodat qilmoq mustahabdir. Ba’zan turib o’qish ham joiz.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:11:12

*****************
UCHINCHI QISM

Namoz o’qish qoidalari

Oyati karima:
«Innas solata kanat ‘alal mu’minina kitaban mavqutan».
Ma’nosi: «Mo’minlar namozni o’z vaqtida o’qishlari farz qilindi».

Hadisi shariflar:
Ma’nosi: «Mo’minlar besh vaqt namozni kanda qilmaganlari sababli ham Alloh ularning gunohlarini kechiradi».
Ma’nosi: «Agar mo’min banda katta gunoh qilmay, besh vaqt namozni kanda qilmasa, Alloh uning u jumadan bu jumagacha qilgan kichik gunohlarini kechiradi».

- Namoz nimadir?
- Bandaning Allohga jismu joni bilan ibodatidir.
- Namoz bir kunda necha marta o’qiladi?
- Besh mahal: bomdod, peshin, asr, shom, xufton, juma kuni peshinda juma namozi o’qiladi.
- Vojib namozi qaysilar?
- Ramazon hamda Qurbon hayitlari va xuftondan keyingi vitr namozlari.
- Sunnat namozi qaysilar?
- Ramazon oyidagi xufton namozining sunnatidan so’ng tarovih o’qimoq sunnatdir.
- Yana qanday namoz odatlari bor?
- Yana nafl ibodatlarini qilmoq mustahabdir. Shuningdek, mayyit uchun janoza o’qish farzi kifoyadir.
- Farzi kifoya nima?
- Bir kishi o’qisa, eshitib turganlarga ham kifoya qiluvchi tilovatdir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:11:28

Namoz shartlari

-­ Namoz o’qish uchun qanday shartlar qo’yiladi?
­- Kishi pok bo’lishi, tani va libosi toza bo’lishi, tahoratli bo’lishi, namozgohi ozoda bo’lishi, namozni o’z belgilangan vaqtida o’qishi, qiblaga qarashi, dildan niyat qilishlari namozning tashqi shartlaridir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:11:43

Namoz vaqtlari

- Namoz vaqti kelmasidan ibodat qilish mumkinmi?
- Yo’q, chunki u farz namozga o’tmaydi.
- Tonggi namoz vaqti qachon?
- Ufq yorishgandan to quyosh chiqquncha bo’lgan vaqt.
- Peshin namozi vaqti qachon?
- Quyosh zavolga ketgandan to asr vaqtigacha.
- Asr vaqti qachon?
- Odam soyasi ikki barobar uzaygandan to quyosh botgunchadir.
- Shom vaqti qachon?
- Quyosh botgandan to ufq yo’qolguncha.
- Xufton vaqti qachon?
- Ufq ko’zdan yo’qolgandan to tong oqarguncha.
- Vitr va tarovih vaqtlari qachon?
- Xufton namozining so’nggidan to tonggacha.
- Juma namozi qay paytda keladi?
- Juma kuni peshinda.
- Hayit namozlarining payti-chi?
- Quyosh ko’tarilgandan to botgungacha.
- Nafl va janoza qachon o’qiladi?
- Nafl namozi kishining ehtiyojiga qarab istalgan paytda o’qilishi mumkin. Janoza esa sharoitga qarab, iloji bo’lsa, kunduzi o’qiladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:11:59

Makruh vaqtlar

- Qaysi paytda namoz o’qish makruh?
- Quyosh chiqayotgan paytda, qiyomga kelganda, botayotganda. Faqat asr namozi o’qilmay qolgan bo’lsa, bundan mustasno. Agar kishi bomdoddan kechikib namozni quyosh chiqayotganda o’qimoqchi bo’lsa, yaxshisi bir oz kutib turgani va kun batamom chiqib bo’lgach, qazo qilib o’qigani ma’qul.
- Kishi asr namozini o’qiyotganda oftob bota boshlasa, namozi buziladimi?
- Yo’q, ammo uch rakatini o’qib tamom qilishi lozim.
- Yana qaysi paytda namoz o’qish makruh?
- Imom xutba o’qib turgan paytda hamda kunduzi hayit namozidan oldin nafl o’qish makruhdir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:12:16

Qibla

- Namoz qibla tarafga qarab o’qilishi farzdir.
- Qibla qaysi tarafdir?
- Arabistonning Makka shahrida muborak Baytullohda joylashgan Ka’ba taraf — qibladir. Ka’ba nomli xonai muborakning devor va tomlari qibla emas, balki xonai muborak bino qilingan zamin qibladir. Shul sabab, mabodo xonai muborakning devor-tomlari qulasa ham, u zaminning qiblaligi abadiy davom etaveradi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:12:32

Qiblani aniqlamoq

- Sahro kabi ovloq joyda kishi qiblani bilolmay qolsa, so’ramoqqa odam topolmasa, namozni qaysi tarafga qarab o’qiydi?
- Kishi qalbi qaysi tarafga qibla ekanini anglab moyillik bildirsa, o’sha tarafga qarab namoz o’qisa bo’ladi.
- Agar kechasi bo’lsa, atrofda hech bir narsa ko’rinmasa, qanday aniqlaydi?
- Agar bulut bo’lmasa, Oltin qoziq yulduzini topib, o’shandan aniqlaydi. Oltin qoziq yulduzi doim quyosh yuradigan tarafga muqobil va qarshi bo’lib, shimol tarafda turadi. Oftob yurar tarafni topgandan so’ngra chog’lab qibla tarafni bilsa bo’ladi.
- Shunday aniqlab, bir tarafni qibla e’tiqod qilib namoz o’qishga kirishsa, namozni tamom qilmasdan biror alomat tufayli qiblaning boshqa tarafda ekanini anglab qolsa, nima qilish kerak?
- Namoz o’qib turgan holda o’sha tarafga aylanib ibodatini ado etishi lozim.
- Bir necha kishi qiblani topolmay, har kim o’zicha bir tarafni qibla deb, hamma bir tarafga qarab ibodat qilsa, nima bo’ladi?
- Har kim o’zi moyil bo’lgan tarafga yolg’iz-yolg’iz holda ibodat qiladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:12:48

Niyat

- Namoz o’qishdan oldin namoz o’qishni niyat qilish shartmi?
- Dil bilan niyat qilish farz. Til bilan ham qaysi namoz ekanini aytib niyat qilish mustahabdir. Imomga ergashgan kishi ergashuvni ham niyat qilishi lozim. Ammo niyat tilda aytilib, dilda aytilmasa, niyat hisobga o’tmaydi. Agar dilda boshqa namozni aytib, tilda boshqasini aytib yuborsa, dilda aytilgani haqiqiydir.
- Besh vaqt namozga qanday niyat qilinadi?
­ Niyatni har kim o’z tilida qilsa bo’ladi. Masalan, bunday: «Bomdod namozining ikki rakatli sunnatini muqaddas qiblam bo’lmish Ka’ba tarafga yuzlanib o’qishni niyat qildim. Xolis Alloh uchun». Qolgan namozlarda ham shunday. Faqat nomi hamda necha rakatligi o’zgarib turadi, xolos.
 Agar imomning orqasida turib o’qilayotgan bo’lsa, niyatni bunday qilish lozim, masalan: «Shom namozining uch rakatli farzini ushbu imomga ergashib o’qishni niyat qildim. Qiblam bo’lmish muqaddas Ka’ba sari yuzlandim. Xolis Alloh uchun». Farz namozlardan boshqa namozlarda «Allohning Rasuliga ergashib namoz o’qimoqni niyat qildim», deyilsa ham bo’ladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:13:04

Azon va iqomat

- Namoz o’qishdan avval qaysi amal sunnat hisoblanadi?
- Besh vaqt farz namozlari va juma namozi vaqti kirganda azon aytish va farzlarni o’qishdan oldin iqomat aytish sunnatdir.
- Namoz o’qiladigan har bir joyda azon va iqomat aytish lozim bo’ladimi?
- Bir mahallaning masjidida aytilgan azon va iqomat butun mahalla uchun kifoyadir. Masjidda o’qigandan so’ng uyda namoz o’quvchi kishiga azon va iqomat lozim emas. Agar kishi xonadoni masjiddan uzoq bo’lsa, aytish afzaldir.
- Azon qanday aytiladi?
- To’rt bora «Allohu akbar» («Alloh ulug’dir»).
Ikki bora «Ashhadu anla ilaha illalloh» («Guvohlik beramanki, Allohdan boshqa iloh yo’q»).
Ikki bora «Ashhadu anna Muhammadar rasululloh» («Guvohlik beramanki, Muhammad Allohning payg’ambaridir»).
Ikki bora «Hayya ‘alas solah» («Namozga kelingiz»).
Ikki bora «Hayya ‘alal falah» («Najotga kelingiz»).
Ikki bora «Allohu akbar» va oxirida bir marta «La ilaha illalloh» («Allohdan o’zga iloh yo’q») kalimalari aytiladi. Bomdod namozining azonida «Hayya ‘alal falah»dan so’ng ikki marta «Assolatu xoyrum minan navm» («Namoz uyqudan afzal»), deya aytiladi.
Iqomat ham azonga o’xshash. Iqomatda «Hayya ‘alal falah»dan so’ng ikki marta «Qod qomatis solah» («Namoz o’qishga qaddingizni rostlanglar»), deyiladi.
Yana bir farqi — iqomat azondan tezroq aytiladi. Muazzin iqomatda «Hayya ‘alas solah», deganda namozxonlar joylaridan turib namozga niyat qilmoqlari, «Qodi qomatis solah», deganda o’rinlaridan turib, safga tizilmoqlari mustahabdir.

Qayd etilgan