Ahmad Hodiy Maqsudiy. Ibodati Islomiya  ( 270782 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 B


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:22:58

Hayit namozlari

— Hayit namozlari kimlarga vojib bo’ladi?
— Juma namoziga o’xshash hayit namozining vojib bo’lishiga ham olti shart bordir:
1. Erkak kishi bo’lishi;
2. Ixtiyorli kishi bo’lishi;
3. Salomat kishi bo’lishi;
4. Muqim kishi bo’lishi;
5. Ko’zi ko’radigan bo’lishi;
6. Oyog’i yurishga yaraydigan bo’lishi;
Xotinlarga, sabiylarga, zindondagi kishilarga, ixtiyori o’zida bo’lmaganlarga, bemorlarga, musofirlarga, ikki ko’zi ko’r kishilarga, oyoqsiz kishilarga hayit namozi vojib bo’lmaydi. Ular uzrli kishilar hisoblanadilar.
— Uzrli bo’lsalar-da, hayit namozlarini o’qisalar, durust bo’ladimi?
— Durust bo’ladi.
— Hayit namozini o’qishning qanday shartlari bor?
— Besh sharti bor: birinchisi — juma namozi sharti singari shahar deb ataladigan yerda o’qilishi; ikkinchisi — har kim kirishga ruxsat berilgan jome’ masjidi bo’lishi; uchinchisi — imom bo’ladigan kishi mamlakatning podshohi yoki qozisi tarafidan namoz o’qishga izn olgan kishi bo’lishi; to’rtinchisi — jamoat bo’lmoq uchun imomdan boshqa kamida uch kishi bo’lishi; beshinchisi — hayit namozining vaqti kirgan bo’lishi lozim.
— Hayit namozlarida xutba o’qish shartmi?
— Shart emas, balki sunnatdir. Xutba o’qilmasa ham, namoz durust bo’ladi, lekin makruhdir.
— Hayit namozining vaqti qaysi vaqtdir?
— Oftob chiqib uch gaz ko’tarilgandan boshlab qiyomgacha hayit namozining vaqtidir. Ammo qiyom vaqtida o’qib bo’lmaydi.
— Biror uzr sababli hayit namozini o’z kunidan qoldirib, kechiktirib o’qisa, durust bo’ladimi?
— Fitr hayiti namozini o’z kunidan bir kungina kechiktirsa bo’ladi. Undan ziyoda kechiktirsa, durust emas. Ammo Qurbon namozini uch kungacha kechiktirsa, durustdir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:23:18

Hayit namozining o’qilishi

— Hayit namozi necha rakatdir?
— Fitr hayiti va Qurbon hayiti namozlari ikki rakatdandir.
— Hayit namozlari qay holda o’qiladi?
— Har ikkisi imom va jamoat bilan o’qiladi, hech vaqt yolg’iz o’qilmaydi. Hayit namozlari uchun azon va iqomat aytiladi.
— Mahalla odamlariga namoz vaqti bo’lganligi qay tariqa bildiriladi?
— Muazzin minoraga chiqib bir necha marotaba «As-solatu», deb qichqiradi.
— Hayit namozlarini o’qishga niyat qanday qilinadi?
— Fitr hayiti namozi bo’lsa, «Ikki rakatli fitr hayiti namozini oldda turgan imomga ergashib o’qishni niyat qildim. Xolis Alloh taolo uchun», deb dildan niyat o’tkaziladi. Agar Qurbon hayiti namozi bo’lsa, «Ikki rakatli Qurbon hayiti namozini oldda turgan imomga ergashib o’qishni niyat qildim. Xolis Alloh taolo uchun», deb niyat qilinadi.
— Hayit namozlari qay tariqa o’qiladi?
— Har ikkisining ham farqi yo’q. Niyat qilinadi. Tahrima takbiri aytilgandan so’ng Sano o’qiladi. Undan so’ngra imom va qavm yana uch marotaba «Allohu akbar», deb takbir aytadilar. Har aytganda qo’llarini ko’tarib bosh barmoqlarini quloq yumshoqlariga yetkizadilar. Tahrima takbiridan boshqa uch takbir aytilgandan so’ng imom ovozini baland chiqarib Fotiha surasini va yana bir surani o’qiydi. Tamom qilgandan so’ng ruku’ga, keyin sajdaga borib, sajdadan so’ng ikkinchi rakatning qiyomiga turadi va yana Fotiha surasini hamda yana biror surani ovoz chiqarib o’qiydi. Sura tamom bo’lgandan so’ng imom ruku’ga bormasdan ilgari avvalgi rakatdagidek yana bosh barmoqni quloq yumshoqlariga yetkazib, uch marotaba takbir aytadi. Uch takbir tamom bo’lgandan so’ng yana takbir aytib ruku’ga va sajdaga boradi. Keyin o’tirgan holda boshqa namozlar singari davom ettirib, oxiri salom beradi va namozni tamom qiladi.
— Hayit namozlarining boshqa namozlardan farqi bormi?
— Farqi shuki, har rakatida uch marotabadan olti marotaba ziyoda takbir aytiladi. Bu takbirlar avvalgi rakatda Sanodan so’ng Fotiha surasidan ilgari aytiladi, ikkinchi rakatda Fotiha surasidan va unga qo’shilgan suradan keyin aytiladi, shundan so’nggina ruku’ qilinadi. Ushbu takbirlar orasida qo’llar tushirib turiladi.
— Ushbu takbirlar nima deb ataladi?
— Zoida takbiri, deb ataladi.
— Hayit namozi tamom bo’lgach, imom nima qiladi?
— Minbarga chiqib ikki marotaba xutba o’qiydi. Fitr hayiti xutbasida fitr sadaqasining hukmlarini so’ylaydi, Qurbon hayiti xutbasida qurbonlik hukmlarini so’ylaydi.
— Hayit namozining bir qismi o’qilgandan so’ng imom salom bermasdan ilgari bir kishi kelib imomga ergashsa, u kishi nima qiladi?
— Boshqa namozlarda bo’lganidek qolgan rakatini masbuq bo’lib o’zi tamom qiladi.
— Biror kishi imom salom bergandan so’ng hayit namoziga kelib qolsa, u kishi nima qiladi?
— Shu holicha qoladi, qazo qilmaydi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:23:39

Qurbon hayiti kunlari

Qurbon hayitidan oldingi kun qanday kun deb ataladi?
— Tarviya kuni, deb ataladi.
Tarviya kuni qanday voqea bo’lgan kundir?
— Hazrati Ibrohim alayhissalom o’g’li Ismoil alayhissalomni qurbon qilib so’yish haqida tush ko’rib, «Bu nechuk tush?» deb fikr va andishaga tushgan kundir.
Arafa kuni qanday voqea bo’lgan kundir?
— Ibrohim alayhissalom qilgan nazri xotiriga kelib, tushini anglagan kundir.
Qurbon hayiti kuni qanday voqea bo’lgan kundir?
— Ibrohim alayhissalom o’g’li Ismoil alayhissalomni nazri bo’yicha qurbonlik qilishga hozir bo’lgan kundir.
Ibrohim alayhissalom Ismoil alayhissalomni bo’g’izlaganmi?
— Bo’g’izlayman, deb turganda Jabroil alayhissalom kelib bo’g’izlashga qo’ymagan. Alloh taolo amri bilan Ismoil alayhissalomning o’rniga qo’y keltirib berib, shu qo’yni qurbonlik qilishni buyurgan. Undan so’ng Ibrohim alayhissalom o’g’lini ozod qilib, uning o’rniga o’sha qo’yni qurbonlik qilgan. Qurbon hayiti kunida mazkur tariqa qurbonlik qilish Islom ahliga Ibrohim alayhissalomdan qolgan amaldir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:24:08

Tashriq takbiri

Arafa, qurbon hayiti va tashriq kunlarida besh vaqt namozdan so’ngra qanday amal vojib sanaladi?— Arafa kuni bomdod namozidan boshlab uchinchi tashriq kunining asr namozigacha har bir namozning farzini o’qib salom bergandan so’ng tashriq takbirini aytish vojibdir.
Tashriq takbiri nimadir?
«Allohu akbar, Allohu akbar, la ilaha illallohu vallohu akbar. Allohu akbar va lillahil hamd».
Ya’ni, «Alloh taolo har bir narsadan ulug’roqdir. Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan ma’bud yo’q. Alloh taolo har bir narsadan ulug’roqdir va maqtovlar Alloh taologa maxsusdir».
Ushbu tashriq takbiri imom bilan jamoat bo’lib o’qilganda vojib bo’ladimi yoki tanho o’qilganda ham vojib bo’ladimi?  — Jamoat bilan o’qilganda ham, tanho o’qilganda ham vojib bo’ladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:24:27

Tarovih namozi

— Tarovih namozi qanday amal?
— Erkaklarga ham, xotinlarga ham o’qilishi lozim bo’lgan sunnat amaldir.
— Tarovih namozi qaysi oyda va qaysi vaqtda o’qiladi?
— Ramazon oyida har kuni xufton namozidan so’ng vitrdan ilgari o’qiladi.
— Imom jamoat bilan birga tarovihni o’qib turgan zamonda masjidga kirib qolgan kishi nima qiladi?
— Avval xufton namozining farzini o’zi tanho o’qiydi, undan so’ngra tarovih uchun imomga ergashadi. Xuftonning ikki rakat sunnati o’qilmagan holicha qoladi. Tarovihning qolgan rakatlarini so’ngra o’qiydi.
— Tarovih hammasi necha rakatdir?
— Hammasi yigirma rakatdir.
— Necha rakatdan o’qiladi?
— Ikki rakatdan o’qib, har ikki rakatda qa’daga o’tirib salom beradi, hammasi bo’lib o’n salom bilan tamom bo’ladi. To’rt rakatli qilib o’qilsa ham bo’ladi, lekin ikki rakatni bir salom bilan o’qish afzaldir.
— Tarovih jamoat bilan o’qiladimi yoki tanho o’qiladimi?
— Tanho o’qilsa ham bo’ladi, ammo jamoat bilan o’qish savoblidir.
— Tarovih namozida iqomat takbiri aytiladimi?
— Aytilmaydi.
— Tarovih namozini o’qish uchun qay tariqa niyat qilinadi?
— «Ikki rakat tarovih namozini o’qish uchun niyat qilib, oldda turgan imomga ergashdim. Xolis Alloh taolo uchun», deb niyat qilinadi.
— Tarovih namozi orasida har to’rt rakat o’qilgandan so’ngra qilinadigan sunnat amal nima?
— To’rt rakat o’qish miqdoricha dam olib o’tirib turish sunnatdir.
— O’tirgan payt qilinadigan mustahab amal nima?
— Tasbeh yoki tahlil aytib o’tirish mustahabdir. 
— Bizlarning mamlakatlarda qaysi tasbeh aytiladi?
— Ushbu tasbeh aytiladi:
«Subhana zil mulki val malakut. Subhana zil ‘izzati val ‘azomati val qudroti val kibriyai val jabarut. Subhanal malikil hayyil lazi la yamut. Subbuhun quddusur robbuna va robbul malaikati varruh. La ilaha illallohu nastag’firulloh. Nas’alukal jannata va na’uzu bika minan nar».
Ya’ni: «Yerdagi va osmondagi maxluqot sohibi va egasi bo’lgan Alloh taologa tasbeh aytaman (ya’ni, Uni har turli nuqson va kamchilikdan pokdir, deb e’tiqod qilaman). Izzat, ulug’lik, ham qudrat va g’oyatda balandlik egasi bo’luvchi Alloh taologa tasbeh ayturman. U nuqson va kamchiliklardan pok va munazzahdir. Farishtalarning va Jabroilning Yaratuvchisi va Parvardigoridir. Bir Allohdan boshqa hech bir ma’bud yo’qdir. Biz Allohdan gunohlarimizni avf qilmoqni so’rarmiz. Yo Rabb, Sendan jannatni so’rarmiz, do’zax o’tidan Senga panoh tilab sig’inamiz».
— Tarovih namozi tugaguncha necha marotaba o’tirib shu tasbeh o’qiladi?
— Har to’rt rakatdan so’ng o’qiladi. Hammasi bo’lib, besh marotaba o’qiladi.
— Tarovih namozida imom Fotiha surasidan so’ng nima o’qiydi?
— Kamida uch oyatni yoki qisqa suralardan birini o’qiydi, ammo Qur’onning avvalidan boshlab har rakatda Fotiha surasiga bir oz qo’shib, ramazon tamom bo’lguncha Kalomi sharifni tamom bitirib xatm qilish sunnatdir. Xulosa: ramazon ichida Qur’onni bir marotaba xatm qilish (o’qib tugatish) sunnatdir.
— Imom tashahhudni o’qib tamom qilgandan so’ng, ya’ni «...’abduhu va rasuluh»ga yetgandan keyin salovot va duolarni o’qiydimi?
— Imom qavmning holiga nazar qiladi: agar qavmga og’ir kelsa, duoni tark qiladi. Ammo salovotni tark qilmaydi. Lekin «Allohumma solli ‘ala Muhammadin va ‘ala ali Muhammad»ga qadar o’qisa ham, kifoya qiladi. Chunki ushbu qadar ila, Imom Shofe’iyning nazdida, farz bajo keladi, bizlarning mazhabimizda sunnat bajo keladi.
— Imom tarovihda qiroatni ichida o’qiydimi yoki ovoz chiqarib o’qiydimi?
— Ovoz chiqarib o’qiydi.
— Tarovih namozi tamom bo’lgandan keyin qaysi duo o’qiladi?
— Ushbu duo o’qiladi:
«Allohumma solli ‘ala Muhammadin va sollim. Allohumma zayyina bi ziynatihil iyman va sharrofana bi sharofatil hidayati val urfon va akromana bi siyami shahri ramazan varzuqnal jannati valg’ufron va taqobbal minna tarovihina ya subhana vastajib duaina ya Hannon bi fazlika va javaddak ya Mannon, birohmatika ya arhamar rohimin».
Ya’ni: «Yo Rabb, Muhammad alayhissalomga va ham uning oilasiga rahmat va salom yetkazgil. Yo Rabb, bizlarni hidoyat va ma’rifat sharofatiga musharraf qilgin va ham bizlarni ramazon oyi ro’zasi bilan ikrom va hurmatli qilgin va bizlarga jannatni va ham gunohlarimizni avf qilmoqlikni nasib qilgin. Ey pok Parvardigoro, bizlardan tarovih namozlarimizni qabul qilgin. Ey rahm qiluvchi Alloh va ham so’ramasdan beruvchi Alloh, O’z fazling va vujuding bilan duolarimizni qabul qilgin. Ey Alloh, g’oyatda rahmat va yaxshilik faqat Sening rahmating birla hosil bo’lguvchidir».
— Tarovih tamom bo’lgandan so’ng nima o’qiladi?
— Vitr namozi o’qiladi.
— Vitr namozi tanho o’qiladimi yoki imom bilan o’qiladimi?
— Ramazon oyida imom bilan o’qiladi.
— Imom vitr namozini ichda o’qiydimi yoki ovoz chiqarib o’qiydimi?
— Uch rakatning har qaysisida ham ovoz chiqarib o’qiydi.
— Qunut duosini-chi?
— Ichda o’qiydi.
— Qunut duosini imom orqasida turganlar ham o’qiydilarmi?
— Albatta, har qaysilari o’qiydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:24:51

Janoza namozi

Janoza namozi qanaqa namozdir?
— Mayyit, ya’ni o’lik uchun o’qiladigan namozdir.
Janoza namozi farzmi, vojibmi?
— Farzi kifoyadir. Shu tariqaki, bir mayyitga mahalla jamoasidan bir kishi o’qisa, kifoya qiladi, boshqa kishilardan soqit bo’ladi. Ular o’qimaganlari sababli gunohkor bo’lmaydilar. Agar hech bir kishi o’qimasa, gunohkor bo’ladilar. Qancha kishi o’qisa, o’qiganlarning har qaysisi savobga ega bo’ladilar.
Janoza namozining shartlari nechta?
— Sakkiztadir:
1) tahoratli bo’lish;
2) badanning pok bo’lishi;
3) libosning pok bo’lishi;
4) oyoq tarafi pok bo’lishi;
5) avratni bekitish;
6) qiblaga qarab turish;
7) niyat qilish;
8) mayyit yuvilgan bo’lishi (mayyit zulm bilan o’lib, shahid bo’lgan bo’lsa, yuvilmagan holicha janoza o’qiladi).
Janoza necha rakatdir?
— Janoza namozida rakat yo’q. To’rt takbir bilan tamom bo’ladi. Ushbu to’rt takbir to’rt rakat hukmidadir. Janoza namozida ruku’, sajda, qa’da qilinmaydi, qiyomda turgan holda tamom qilinadi.
Janoza namozi qanday o’qiladi?
— «Ushbu mayyit uchun janoza namozini o’qishni niyat qildim. Oldda turgan imomga ergashdim. Xolis Alloh taolo uchun. Allohu akbar», deb quloq yumshog’iga qo’l barmog’ini yetkazadi. So’ngra qo’llarni bog’lab Sano o’qiydi. Sano o’qigandan so’ng qo’llari bog’langan holida ikkinchi marta takbir aytadi va salovot o’qiydi. Salovotdan keyin uchinchi takbirni aytadi. So’ngra mayyit balog’atga yetgan ulug’ kishi bo’lsa, ushbu duoni o’qiydi:
«Allohummag’firli hayyina va mayyitina va shahidina va g’oyibina va sag’irina va kabirina va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna fahyihi ‘alal Islam va man tavaffaytahu minna fatavaffahu ‘alal iyman, bi rohmatika ya arhamar rohimin».
Ya’ni: «Yo Rabb, bizlarning tiriklarimizni, o’liklarimizni, hozirlarimizni, yo’qlarimizni va kichiklarimizni va ulug’larimizni, erkaklarimizni va xotinlarimizni mag’firat qilgin. Yo Rabb, bizlardan kimlarga tiriklik bersang, Islom dini ustida turg’izgin va bizlardan kimni vafot qildirsang, imon ustida vafot qildirgin».

Agar mayyit yosh bola bo’lsa, ushbu duo o’qiladi:
«Allohumma ij’alhu lana Faroton vaj’alhu ajron zuhron vaj’alhu lana shafian va mushaffi’an».
Ya’ni: «Va bizlar uchun shafoat qiluvchi qilgin».
Ushbu duolarni o’qigandan so’ng to’rtinchi takbirni aytib, qiyomda turgan holicha ikki tarafga salom beradi. Shu tariqa janoza namozi tamom bo’ladi.
Janoza namozi tamom bo’lgandan keyin qanday duolar qilinadi?
«Robbig’firlana va li hazal mayyiti vaftah lahu fi qobrihi. Allohumma zid ajrohu va la tuzallina ba’dahu», deb duo qilinadi.
Ma’nosi: «Yo Rabbim, bizlarning gunohlarimizni va ushbu mayyitning gunohini avf qilgin, unga qabrida kenglik bergin. Ey Alloh, ushbu mayyitning ajrini ziyoda qilgin va bizlarni zalolatga tashlamagin».
Janoza namozida qatnashayotgan kishi takbirlarni aytayotgan chog’da boshini bir oz ko’taradimi?
— Yo’q, ko’tarmaydi.
Janoza namozi o’qilganda mayyit qaerda bo’ladi?
— Janoza namozi o’qiyotganlarning oldida — Qibla tarafda bo’ladi.
Qay tariqa qo’yiladi?
— Boshi shimol tarafda, oyog’i janub tarafda, chalqanchasiga qo’yiladi.
Imom qaerda turadi?
— Qavmdan ilgariroq, mayyitning ko’kragi to’g’risida turadi. Oradagi masofa sajda qilganda mayyitning ko’kragiga sajda qilgudek yaqin bo’lishi lozim.
Bir kishi janoza namozi boshlanib, biror takbir aytilgandan keyin kelib qolsa, u kishi nima qiladi?
— Imomga ergashib, imom salom bergandan so’ng qolgan takbirni, salovotni, duoni qazo qilib namozni tugatadi.
Agar janoza boshlanib qolsa, lekin tahorati bo’lmasa, agar tahoratga mashg’ul bo’lsa, janoza namoziga yetishmaslik ehtimoli bo’lsa, nima qiladi?
— Tayammum qilib janoza namozini o’qiydi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:25:17

Nafl namozlari

— Qanday nafl namozlari mashhurdir?
— Ushbu o’n to’rt turli namozlar mashhurdir: istisqo namozi, kusuf namozi, xusuf namozi, xavf namozi, istixora namozi, hojat namozi, shukr namozi, istig’for namozi, ishroq namozi, zuhr namozi, avvobin namozi, tahajjud namozi, havl namozi, mustahab namozlari.
— Istisqo namozi qanday namoz?
— Ko’p vaqt yomg’ir yog’may qolib, ekinlarga va hayvonlarga zarar kelishi ehtimoli bo’lganda Alloh taolodan yomg’ir talab qilib o’qiladigan ikki rakat nafl namozidir.
— Istisqoning ma’nosi nima?
— Alloh taolodan yomg’ir tilash, demakdir.
— Istisqo namozi qaerda va qay tariqa o’qiladi?
— Butun shahar va butun qishloq musulmonlari jam bo’lib, sahroga chiqadilar. Yosh bolalarni va hayvonlarni olib chiqadilar va kimki g’oyat ojiz bo’lsa, bechora va ojizlik suratida chiqadilar va faqirlarga sadaqa beradilar. Zolimlar mazlumlarni rozi qiladilar. Sahroga chiqqanda tahoratli holda har qaysi odam imomga qarshi bo’lib turadi. Shundan keyin imom xaloyiqqa ko’p va’z-nasihatlar qiladi va qavmlarni gunohlardan tavba va istig’for qilishga taklif etadi. Hammalari tavba-istig’for qiladilar. Undan keyin har qaysilari yolg’iz-yolg’iz ikki rakat namoz o’qiydilar.
— U namozda nima deb niyat qilinadi?
— «Ikki rakat nafl namozni o’qishni niyat qildim. Xolis Alloh taolo uchun», deb niyat qilinadi.
— Qiyomda nima o’qiladi?
— Boshqa namozlarga o’xshab Fotiha surasi bilan biror sura o’qiladi.
— Namozdan so’ngra nima deb duo o’qiladi?
— Ushbu duo o’qiladi:
«Allohumma asiqu ‘ibadika va irhamu bahoimuka. Allohumma amartana bidu’aik va va’adattana ijabataka faqod da’avnaka kama amartana va ajabna kama va’adattana. Allohumma in lam tarham li anfusina likasroti zunubina fa arham sibyanana».
Ya’ni: «Ey bor Xudoyo, bandalaringni serob, hayvonlaringga rahm etgin. Ey bor Xudoyo, bizlarni duo etmoqqa buyurding va ham duolarimizni ijobat etmoqqa va’da berding. Endi biz Senga O’z amring bilan duo qildik, bas, endi Sen va’dang bo’yicha bizlarning duolarimizni qabul etgin. Yo Rabb, agar gunohlarimizning ko’pligi uchun o’zlarimizga rahm qilmasang, gunohsiz yosh bolalarimizga va hayvonlarimizga rahm qilgin».
— Shu tariqa necha kun istisqoga chiqadilar?
— Yomg’ir yog’masa, uch kungacha chiqadilar.
— Yomg’ir yog’a boshlasa, nima qiladilar?
— Boshlarini ochib, yomg’ir suviga tutib Xudoga shukr qiladilar.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:25:38

Kusuf va xusuf nafl namozlari

— Kusuf namozi nechuk namozdir?
— Oftob tutilib, nuri ketganda imom-u jamoat bilan masjidda o’qiladigan ikki rakat namozdir.
— Kusuf namozini imom qanday o’qiydi?
— Qiroatni ichda qiladi va uzun suralarni o’qiydi.
— Namozdan so’ngra nima qiladilar?
— Oftobning nuri ochilib ravshan bo’lguncha tavba va istig’for aytib, duo qilib turadilar.
— Xusuf namozi nechuk namozdir?
— Oy tutilib, nuri ketgan zamonda o’qiladigan ikki rakat namozdir.
— Xusuf namozi qaerda va qanday o’qiladi?
— Har kim o’z uyida yolg’iz-yolg’iz o’qiydi.
— Ushbu kusuf va xusuf nima sababdan bo’ladi?
— Har ikkisi Alloh taoloning qudrati asaridir. Ularning sabablarini taftish qilish bizlarning vazifamiz emasdir.
— Kusuf va xusuf bo’lgan vaqtlarda nima uchun namoz o’qiladi?
— Shu qadar zo’r maxluqlarning nurlari ketishidan ibratlanib, ularning nurli bo’lishi bandalarga g’oyatda foydali ulug’ ne’mat ekanini xotirga tushirib, shukr qilish uchun namoz o’qiladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:26:03

Xavf va istixora namozlari

— Xavf namozi nechuk namozdir?
— Qattiq shamol, zilzila, yomg’ir ko’p yog’ib, suvlar toshqin bo’lganda yoki qattiq sovuqlar bo’lganda va ushbularga o’xshagan xavfli voqealar sodir bo’lganda o’qiladigan ikki rakat nafl namozdir.
— Ushbu xavf namozini o’qigandan so’ng nima qilinadi?
— Tavba va istig’for qilinadi: «Yo Rabb, ushbu voqeaning zararidan saqlagin», deb duo o’qiladi.
— Istixora namozi nechuk namozdir?
— Bir ulug’roq ishni qilish xayrli bo’ladimi yoki xayrli bo’lmaydimi, deb shubhaga tushilgan zamonda o’qiladigan ikki rakat nafl namozdir. Bir kishi bir ishni qilishdan avval shu tariqa shubhaga tushsa, Alloh taolodan xayrli ishini talab qilib ikki rakat nafl namozi o’qiydi. Namozdan so’ng keladigan istixora duosini komil ixlos bilan ma’nosini o’ylab o’qiydi, duodan so’ng o’zining diliga qaraydi: dili qaysi tarafga tortsa va qaysi tarafga ko’proq moyil bo’lsa, o’sha tarafni qiladi. Ya’ni, faraz qilingan ishning bo’lishini istab qolsa, u ishni Xudoga topshirib qiladi, agar duo o’qigandan so’ng u ishga dili aslo tortmasa, qilmaydi. Yoki tahorat qilib ikki rakat namoz o’qib, istixora duosini o’qigandan so’ng tahoratli holicha qibla tarafga qarab o’ng yonini bosib yotadi, shu uyqusida xayrli tush ko’rsa, o’sha qasd qilgan ishni qiladi. Agar xayrsiz tush ko’rsa, u ishni qilmaydi.
— Istixora duosi qaysi duodir?
— Ushbu duodir:
«Allohumma inni astaxyiruka bi ‘ilmika va asdaqdiruka bi qudrotika va as’aluka min fazlika fainnaka taqdiru vala aqdiru va ta’lamu vala a’lamu va anta allamul g’uyyub. Allohumma in kunta ta’lamu va anna hazal amro xoyrun li fi dini va ma’ashi va aqibati amri faqdirhu li va yassirhu li summa borik li fiyhi va in kunta ta’lamu anna hazal amro sharrun li fi dini va ma’ashi va aqibatihi uxro fasrifhu anni vasrifni anhu vaqdurli alxoyro aynama kuntu innaka ‘ala kulli shay’in qodir».
Ma’nosi: «Yo Rabb, batahqiq, men Sendan yaxshilik talab qilurman va ham qudrat talab qilurman, Sening ulug’ fazlingni so’rarman, chunki Sen har narsaga qodirsan, men esam hech bir narsaga qudratim yetmas. Sen har narsani bilursan, men esam hech bir narsani bilmasman. Sen har qaysi g’ayb narsalarni bilursan, yo Rabb, agar ushbu men qasd etgan ishimni dinim uchun, dunyoim uchun va oxiratim uchun yomon deb bilsang, ul ishni mendan va meni ul ishdan qaytargin va uzoq qilgin, batahqiqki, Sening hamma narsaga qudrating va kuching yetguvchidir».

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:26:35

Hojat, shukr va tavba namozi

— Hojat namozi qanday namozdir?
— Bir kishining Alloh taolodan talab qiladigan hojati bo’lgan vaqtda (ya’ni, bir maqsadning hosil bo’lmog’ini tilagan zamonda) o’qiladigan ikki rakat nafl namozidir.
— Namozni o’qigandan so’ng nima qilinadi?
— G’oyatda ixlos ila Alloh taolodan o’zining hojatini talab qiladi.
— Shukr namozi qanday namozdir?
— Bir maqsadi hosil bo’lgan zamonda va yoki bir xayrli ne’mat kelgan zamonda shukrona qilish uchun o’qiladigan ikki rakat nafl namozdir.
— Tavba va istig’for namozi qanday namozdir?
— Xatolik bilan bir gunoh ish qilsa, pushaymon bo’lsa, tavba qilib o’sha gunohining avf qilinishini Alloh taolodan talab etib o’qiladigan ikki rakatli nafl namozdir.
— Bir kishi shu tariqa tavba qilib ikki rakat nafl namoz o’qib Alloh taolodan gunohini tilasa, nima bo’ladi?
— Alloh taolo gunohini kechirishni va’da qilgandir.
— Unday namozni o’qigandan keyin nima duo qilinadi?
— Ushbu istig’forni o’qiydi:
«Astag’firulloh, astag’firulloh, astag’firulloha taolo min kulli zanbin aznabtahu amdan av xatoan sirron av ‘ala niyatan va atubu ilayhi min az-zanbillazi a’lamu va min az-zanbillazi la a’lamu innaka anta ‘allamul g’uyub».
Ma’nosi: «Alloh taolodan har bir qilgan gunohlarimni avf qilishini talab qilurman, qasddan xatolik ila oshkora, maxfiy, o’zim bilib va bilmay qilgan gunohlarimdan Alloh taologa tavba qilurman. Yo Rabbim, Sen g’ayblarni biluvchisan».

Qayd etilgan