Ahmad Hodiy Maqsudiy. Ibodati Islomiya  ( 270783 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 B


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:37:29

Zakot beriladigan mollar

— Qanday mollarga zakot beriladi?
— Ushbu uch turli moldan zakot beriladi: birinchisi — oltin va kumushdan; ikkinchisi — sotiladigan moldan; uchinchisi — sahroda o’tlaydigan hayvonlardan.
— Ushbu uch turli moldan boshqa o’z hojatidan ortiq bo’lgan mollardan zakot beriladimi?
— Berilmaydi.
— Istiqomat qilinadigan hovliga va hovlida bor bo’lgan mato va asboblarga zakot beriladimi?
— Berilmaydi.
— Ijaraga qo’yiladigan hovli va qo’ralar uchun va yana o’z mulki bo’lgan pichanlik va ekinlik yerlar uchun zakot beriladimi?
— Ushbu hovli va yerlarning o’z baholaridan zakot berilmaydi, ammo ulardan paydo bo’lgan hosil nisobga yetsa, zakot beriladi.
— Oltin-kumushdan qay tarzda zakot beriladi?
— Xoh o’tga solib tanga yasalgan bo’lsa ham, xoh bir asbob qilingan bo’lsa ham, xoh hech bir nima yasalmagan va o’z holicha turgan bo’lsa ham, har qaysisidan zakot beriladi.
— Mis yoki biror narsa qo’shilgan oltin-kumushdan zakot beriladimi?
— Mis qo’shilgan oltin-kumushda oltin va kumush ko’p bo’lsa, zakot beriladi, misi ko’p bo’lsa, berilmaydi.
— Mis aqchadan zakot beriladimi?
— Mis aqcha oltin-kumush aqcha o’rniga badal bo’lib yurgani uchun albatta beriladi.
— Qog’oz aqchaga zakot beriladimi?
— Qog’oz aqcha hech bir vajhdan pul emas, balki xazinaga qarz uchun berilgan kumush yoki oltin aqchaning sanad va hujjatidir. Shu sababdan qag’oz aqchaning o’zginasidan zakot berilmaydi. Lekin shu qog’oz aqchaning ustiga yozilgan so’m miqdoricha xazinada saqlanadigan kumush yoki oltindan beriladi.
— Qaysi mollar sotiladigan mollardir?
— Qanaqa mol bo’lsa ham, sotishga niyat qilingan moldir.
— Zakot beriladigan hayvonlar qaysi hayvonlardir?
— Qo’y, echki, ho’kiz, sigir, tuya, ot singarilar, agar ular olti oydan ziyod sahroda o’tlaydigan bo’lsa, zakot beriladigan hayvonlar qatoriga o’tadi. Xachir, eshak, ohuga o’xshash hayvonlardan zakot berilmaydi.
— Hovlida xizmat uchun yoki suti uchun yoki juni uchun saqlanadigan hayvonlardan ham zakot beriladimi?
— Berilmaydi.
— Dashtda yoki tog’da bo’lgan ekin va pichanga o’xshash va ham asal uchun zakot beriladimi?
— Ularga o’xshash yerdan chiqadigan narsa uchun va ham asal uchun zakot berilmaydi, ushur beriladi. Ushurning bayoni quyiroqda keladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:38:38

Pul va savdo mollarining nisoblari

— Oltinning nisobi qancha?
— Yigirma misqol. Ya’ni, yigirma misqol oltini bor kishiga ushbu oltindan zakot bermog’i farz bo’ladi. (1 misqol - 4,68 grammga teng.)
— Yigirma misqol oltindan qancha zakot beriladi?
— Qirqdan biri, ya’ni uch yarim misqoli beriladi.
— Kumushning nisobi qancha?
— Ikki yuz tanga. Ya’ni, yuz qirq misqol kumushi bor kishiga ushbu kumushdan zakot bermog’i farz hisoblanadi.
— Yuz qirq misqol kumushdan qanchasi zakotga beriladi?
— Qirqdan biri, ya’ni uch yarim misqol miqdori beriladi.
— Uch yuz qirq misqol kumush necha so’m bo’ladi?
— Bu zamonda o’ttiz so’m chamasi bo’ladi.
— Bu hisobga qaraganda, o’z hojatidan ziyoda necha so’m aqchasi bor kishiga zakot bermak farz bo’ladi?
— O’z hojatidan ziyoda o’ttiz so’m aqchasi bor kishiga zakot berish farzdir.
— Qo’lida nisobga yetgan aqchasi bo’lib, hovlisi va yeri va boshqa zarur narsalari bo’lmagan, ijarada istiqomat qiladigan kishining zakot berishi farzmi?
— Farz bo’lmasa kerak, ixtiloflidir.
— Sotiladigan mol nisobining miqdori qancha?
— Bahosi yuz qirq misqol kumush bahosi bo’lsa. Chunki sotiladigan mol o’z bahosi miqdoridagi kumush hukmidadir.   
— Bu hisobga qaraganda necha so’mlik sotiladigan mol bo’lsa, zakot berish farzdir?
— O’ttiz so’mlik chamasi bo’lsa, zakot berish farz bo’ladi.
— Nisobga yetgan sotiladigan molidan qanchasi zakot beriladi?
— Oltin-kumushga o’xshash qirq bo’lakdan bir bo’lagi beriladi. Masalan, qirq so’mlik sotiladigan mol bo’lsa, bir so’m zakot beriladi.
— Bir kishining bir oz oltini, bir oz kumushi va bir oz sotiladigan moli bo’lsa-da, lekin alohida-alohida hech biri nisobga yetmasa, u kishiga zakot bermak farz bo’ladimi?
— Mazkur mollarning bahosi bir-biriga qo’shib hisoblanadi, agar jami bahosi kumush nisobiga yetsa, zakot berishi farz bo’ladi, yetmasa, farz bo’lmaydi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:39:02

Hayvonlarning nisoblari

— Qo’yning nisobi qanchadir?
— Qirqtadir. Ya’ni, qirq qo’yi bor kishiga zakot berish farz bo’ladi. Qirq qo’ydan to bir yuz yigirma qo’ygacha bir qo’y beriladi. Bir yuz yigirma bir qo’ydan to ikki yuz qo’ygacha ikki qo’y beriladi. Ikki yuz bir qo’ydan to uch yuz to’qson qo’ygacha uch qo’y beriladi. To’rt yuz qo’y uchun to’rt qo’y beriladi. Undan so’ng har bir yuz qo’y uchun bir qo’y beriladi.
— Sovliq qo’y bilan echkidan qay tarzda zakot beriladi?
— Sovliq qo’y bilan echki qo’y hukmidadir, qo’y bilan qo’shib hisob qilinadi.
— Sigirning nisobi qancha?
— O’ttiztadir. Ya’ni, o’ttizta sigiri bor kishiga zakot berish farz bo’ladi. O’ttiz sigir uchun bir yasharlik erkak yoki urg’ochi tana beriladi.
— O’ttizdan ziyodasiga nima beriladi?
— Har bir sigir uchun bir yashar tana bahosining qirqdan biri miqdoricha pul beriladi.
— Qirq sigir uchun nima beriladi?
— Ikki yasharlik tana beriladi. Qirqdan ziyodasiga har bir sigir uchun ikki yashar tana bahosining qirqdan biri miqdoricha pul beriladi. Oltmish sigir uchun ikki dona bir yasharlik erkak yo urg’ochi tana beriladi. Yetmish sigir uchun bitta bir yashar va bitta ikki yashar tana beriladi.
— Tuyaning nisobi qancha?
— Beshta. Ya’ni, beshta tuyasi bor kishi zakot berishi farzdir.
— Besh tuya uchun qancha zakot beriladi?
— Besh tuyadan to to’qqiz tuyagacha bir qo’y beriladi. O’n bir tuyadan to o’n to’rt tuyagacha ikki qo’y beriladi. O’n besh tuyadan to o’n to’qqiz tuyagacha uch qo’y beriladi. Yigirma tuyadan to yigirma to’rt tuyagacha to’rt qo’y beriladi. Yigirma besh tuyadan to o’ttiz besh tuyagacha bir yasharlik bir tuya beriladi.   
— Otning nisobi qancha?
— Ikki donadir. Lekin ikkovi va yoki biri baytal bo’lishi shartdir.
— Otlar uchun zakotga nima beriladi?
— Har otga baho qo’yilib, o’sha bahoning qirqdan biri beriladi. Masalan, qirq so’mlik ot bo’lsa, bir so’m beriladi, yuz so’mlik ot bo’lsa, ikki yarim so’m beriladi.
— Hayvonlarning zakoti uchun berilishi lozim bo’lgan hayvonning o’rniga baholari miqdoricha aqcha berilsa ham durustmi?
— Albatta, durust bo’ladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:40:25

Nisobiga yil to’lmoq bayoni

— Zakot bir yilda necha marta beriladi?
— Yilda bir marta beriladi.
— Bir faqir kishining qo’liga nisob miqdoricha mol kirsa, u moldan qachon zakot berishi farz bo’ladi?
— Bir yil to’lgandan so’ngra zakot farz bo’ladi. Keyin shu moli kam bo’lib qolmasa, har yili zakot berib turadi.
— Zakot farz bo’lgandan so’ng bermasdan qo’lida saqlash durustmi?
— Durust emas, farz bo’lgandan keyin zakot berish kerak, paysalga solsa, gunohkor bo’ladi, lekin ba’zi ulamolar aytganlarki, paysalga solib orttirgan gunohlari zakot bergandan so’ng ko’tariladi.
— Bir kishining yil avvalida ham, yil oxirida ham nisob miqdoricha moli bo’lsa, lekin yil o’rtasida kamayib turgan bo’lsa, u kishining zakot berishi farz bo’ladimi?
— Albatta, farz bo’ladi. Chunki yilning oxiri mo’’tabardir.
— Bir kishining yil avvalida bir nisob moli bo’lsa, yil to’lguncha shu mol ustiga mol qo’shilib, miqdori bir necha nisobga yetsa, bu kishining necha nisobdan zakot berishi farz bo’ladi?— Yil oxirida mol necha nisobga to’lgan bo’lsa, o’shancha nisobga zakot berishi farz bo’ladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:40:45

Zakot niyati
   
— Biror kishiga sadaqa deb bir oz aqcha yoki bir oz mol berilsa, bergan vaqtida zakotga deb niyat qilinmasa, shu sadaqani zakotga hisob qilinsa, durust bo’ladimi?
— Durust bo’lmaydi, chunki sadaqa zakot hisobiga o’tishi uchun u beriladigan vaqtda yoki atab ayirib qo’yilgan vaqtda zakotga niyat qilinish shartdir. Zakot deb niyat qilinmasdan berilgan sadaqa zakotdan hisob qilinmaydi.
— Zakot deb beriladigan mol nechuk jins va nechuk zotdan bo’lmog’i lozim?
— Sof oltin yoki kumush aqcha yoki sotib olinadigan boshqa mol bo’lmog’i lozim.
— Qog’oz aqchani zakot deb berilsa, zakotga hisob qilinadimi?
— Shubhalidir, chunki qog’oz aqcha haqiqiy aqcha emasdir, balki qarz qog’ozi va qarz hujjatidir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:41:15

Zakot beriladigan kishilar
 
— Zakotni qanday kishilarga bermoq durustdir?
— Nisobga yetgudek moli bo’lmagan faqir va miskin kishilarga, moli o’z qo’lida bo’lmagan musofir kishiga va baytul mol uchun zakot yig’moqchi bo’lgan kishiga berish durust bo’ladi.
— Qay tariqa beriladi?
— Baytul molga tayin qilingan kishidan boshqaga o’z qo’llariga mol qilib, mulk qilib topshirish lozim.
— Sadaqalarni yig’ishga tayinlangan zakot omili bo’lgan kishiga zakotni topshirayotganda zakot uchun yig’ilgan moldan ma’lum bir qismi xizmat haqqi, deb bersa, durust bo’ladimi?
— Ha, zakot yig’uvchi boy kishi bo’lsa ham, unga zakot molidan bir miqdor berish shariatda durust sanaladi.
— Faqirlarga taom qilib bersa, osh qilib yedirsa, zakotdan hisob qilinadimi?
— Zakotdan hisob qilinmaydi, chunki osh qilib oshatish butun topshirib mulkidan chiqarib berish emasdir. Agar oshni butunlay o’z qo’llariga berib yuborsa, zakot hisoblanaveradi.
— Zakotni xayriya jamiyatiga bersa, zakot hisobiga o’tadimi?
— To’ppa-to’g’ri xayriya jamiyatiga bersa, hisob bo’lmaydi, xayriya jamiyati xazinadorini fuqaroga topshirish uchun vakil qilib bersa, xazinador u aqchani xayriya jamiyati aqchasiga aralashtirmasdan boshqa saqlab, fuqaroga tamlik qilib bersa, albatta, zakotdan hisoblanadi.
— Zakotga degan aqcha ila maktab, madrasa, masjid bino qilish yoki ko’prik qurish va yoki yo’l tuzatish, mayyit dafn qilish va shunga o’xshash ishlarni qilish durust bo’ladimi, zakot hisob qilinadimi?
— Hisob qilinmaydi.
— Kishining gardanida bo’lgan olinadigan pul yoki molni zakotga hisob qilish durust bo’ladimi?
— Durust bo’lmaydi.
— Kishidagi olinadigan aqchasi zakot o’rniga hisob qilmakni xohlagan kishiga nima qilish lozim?
— Qarzdor kishiga qarz miqdoricha zakotdan berish kerak, shunda u aqcha qarzdorning aqchasi bo’ladi, keyin u qarzdor qarzini ado qiladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:44:08

Zakot berib bo’lmaydigan kishilar

— Qanday kishilarga zakot berib bo’lmaydi?
— O’zining ota-onasiga, bobo va buvisiga, o’zidan tug’ilgan bolalariga, bolalarining bolalariga, er xotiniga va xotin eriga, nisob qadar moli bo’lgan boy kishiga va boy kishining sag’ir bolalariga zakot berish durust emas.
— Zakotni kimlarga berish yaxshiroq?
— O’zining faqir qarindoshlariga, ilm toliblariga, kasb qilolmaydigan ulamolarga, faqir, beva xotinlarga, kasbdan ojiz bo’lgan haqiqiy faqir kishilarga berish yaxshiroqdir.
— Boy kishiga berilgan sadaqa zakot hisob qilinadimi?
— Zakot hisob qilinmaydi, nafl sadaqa ham bo’lmaydi, balki tuhfa va hadya hukmida bo’ladi, davlati bo’la turib zakot olgan kishi zo’r gunohkor bo’ladi.
— Bir kishi zakot farz bo’lib ado qilolmasdan vafot etib ketsa, qolgan molidan zakotni chiqarish lozim bo’ladimi?
— Zakotni chiqaringlar, deb vasiyat qilmagan bo’lsa, zakot chiqarish lozim emas, ammo zakot chiqaringlar, deb vasiyat qilgan bo’lsa, qolgan molining uch bo’lagining bir bo’lagidan zakot chiqariladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:44:23

Ushur

— Ushurning ma’nosi nima?
— Molning o’n bo’lagidan bir bo’lagi, demakdir.
— Qanaqa molning ushurini berish vojib bo’ladi?
— Yomg’ir suvi va jilg’a suvi bilan o’sgan g’allalar, mevalar va bedalar ushurini hamda shu yerda hosil bo’lgan asalning ushurini berish farz bo’ladi.
— G’alla qancha bo’lsa, ushurini bermak lozim bo’ladi?
— Xoh oz bo’lsin va xoh ko’p bo’lsin, qancha bo’lsa ham, ushurini berish lozim. Ushurda zakotga tayin qilingan nisob yo’q.
— Qanday kishilar g’allalaridan ushur bermoqlari lozim bo’ladi?
— Boymi, faqirmi, balog’atga yetganmi, yetmaganmi — hamma ushur berishi lozim. Zakotga o’xshash ushurga boylik, balog’atga yetishlik shart qilib qo’yilmagan.
— Hosil bo’lgan g’allaning qanchasiga ushur beriladi?
— Qancha hosil bo’lsa, shunchasiga ushur beriladi, xarajatlari ham chegirilmaydi.
— O’tin va qamishga o’xshash narsalardan ham ushur beriladimi?
— Berilmaydi.
— Yomg’ir yog’maydigan yerlarda asbob bilan suv tashib o’stirilgan ekinlarga to’la ushur beriladimi?
— To’la ushur berilmaydi, balki ushurning qismi beriladi, ya’ni yigirma bo’lagidan bir bo’lagi beriladi.
— Ushur kimlarga beriladi?
— Faqirlarga beriladi, boshqa o’rinlarga berilmaydi.
— Ijaraga olingan yerda o’sgan ekinlarga ushurni kim beradi? Yer egasimi yo ijaraga olib ekin ekkan kishimi?
— Yerni ijaraga olib ekin qilgan kishi beradi. Ba’zi ulamolar yer egasi beradi, deganlar.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:44:40

Fitr sadaqasi

— Fitr sadaqasi qanaqa sadaqadir?
— Ramazon oyidan keyin fitr hayiti kunida beriladigan sadaqadir.
— Fitr sadaqasi berish qanday kishilarga vojib?
— Shariatda boy deb hisob qilinadigan kishilarga vojib bo’ladi.
— Qancha moli bo’lgan kishilar shariatda boy hisoblanadi?
— O’z hojatidan ortiq kumush nisob miqdoricha (ya’ni, o’ttiz so’m va undan ziyoda) moli bo’lgan kishi boy hisob qilinadi.
— Shuncha moli bo’lgan kishi sadaqa olsa bo’ladimi?
— Durust bo’lmaydi, haromdir. Unday kishiga berilgan zakot, ushur, fitr sadaqasi, fidya va boshqa sadaqalar hech qaysisi sadaqadan hisob qilinmaydi.
— O’z hojatidan ziyoda o’ttiz so’m miqdoricha moli bo’lmagan kishiga fitr sadaqasi berish vojib bo’ladimi?
— Vojib bo’lmaydi, lekin agar bersa, savobsiz qolmaydi.
— Faqir kishilarga ham fitr sadaqasi berish vojib, deyish durustmi?
— Durust emas. Sadaqa berish vojib, degan kishi zo’r gunohkor bo’ladi. Go’yo shariatga xiyonat qilgan hisoblanadi.
— Fitr sadaqasini bir kishi faqat o’zi uchungina beradimi yoki o’ziga qarashli boshqa kishilar uchun ham berishi vojibmi?
— O’zi uchun ham va yosh bolalari uchun ham berishi vojibdir.
— Xotini uchun, katta yoshdagi bolalari uchun, mollik sabiy yosh bolalari uchun fitr sadaqasini berish vojib bo’ladimi?
— Vojib bo’lmaydi. Agar boy bo’lsalar, ularning o’z gardanlariga vojib bo’ladi.
— Agar bir kishi xotini, katta yoshdagi bolalari va mollik sabiy yosh bolalari, xizmatkorlari uchun fitr sadaqasini o’zi bersa, durust bo’ladimi?
— Albatta, durust bo’ladi.
— Fitr sadaqasini qaysi vaqtda berish vojib bo’ladi?
— Ramazon o’tgandan so’ng, hayit kuni tong otgach, berish vojib bo’ladi.
— Qaysi vaqtda bersa, savobliroq bo’ladi?
— Fitr hayiti kuni hayit namozi o’qilmasdan ilgari berish savobliroqdir.
— Agar bir kishi fitr sadaqasini hayit namozini o’qiguncha ado qilolmasa, u kishi nima qiladi?
— Hayit namozini o’qigandan so’ng beradi, bermasdan qoldirmaydi.
— Hayit kuni bo’lguncha ramazon ichida fitr sadaqasini berib qo’yish durust bo’ladimi?
— Durust bo’ladi.
— Fitr sadaqasi qanday kishilarga beriladi?
— Zakot beriladigan faqir kishilarga.
— Har bir kishi uchun fitr sadaqasining miqdori qancha?
— Har bir kishi yarim so’ bug’doy yoki bir so’ arpa yoki yarim so’ xurmo yoki bir so’ mayiz berishi vojib bo’ladi.
— «So’» qanchaga teng keladigan o’lchovdir?
— Sakkiz yuz yigirma sakkiz misqol, ya’ni sakkiz qadoq miqdoricha bug’doy sig’adigan o’lchovdir.
— Yarim so’ bug’doy necha misqol bo’ladi?
— Uch yuz oltmish to’rt misqol bo’ladi.
— Bug’doy, arpa, xurmo, mayiz o’rniga baholari barobar aqcha bersa bo’ladimi?
— Bo’ladi. Hatto, faqirlarga foydaliroq bo’ladi.
— Bir necha kishi fitr sadaqasini to’plab birdan bersa, durust bo’ladimi?
— Durust bo’ladi, lekin shunday bo’lsa ham, har kishi sadaqasini o’z nomiga atab bergani afzaldir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:44:57

Fidya

— Fidya qanaqa sadaqa?
— Mayyitning, ya’ni o’lgan kishining o’qilmay qolgan namozlari va tutilmay qolgan ro’zalari uchun sadaqadir.
— Har bir qazo qilingan ro’za uchun qancha fidya beriladi?
— Har kun uchun bir fitr sadaqasi miqdoricha beriladi, ya’ni uch yuz oltmish to’rt misqol qadar bug’doy yoki yetti yuz yigirma sakkiz misqol qadar arpa beriladi.
— Har bir o’qilmagan namoz uchun qancha fidya beriladi?
— Besh vaqt namozning har biri uchun ham, vitr namozi uchun ham fitr sadaqasi miqdoricha beriladi.
— Umri ichida ba’zi namozi va ba’zi ro’zasi qazoga qolgan kishi vafot qilishidan xavflangan zamonda nima qilsa, vojib bo’ladi?
— Qolgan namoz-ro’zalari uchun vorislariga vasiyat etmog’i vojibdir.
— Kishi shu tariqa vasiyat qilib vafot etgach, vorislar qancha miqdor fidya berishlari kerak?
— Mayyitdan qolgan molning uch bo’lagining bir bo’lagidan berishi lozim bo’ladi.
— Qolgan molning uchdan biri fidyasiga yetmaydigan bo’lsa, nima qiladi?
— Uchdan biri qancha bo’lsa, o’shancha beriladi, yetmagan miqdori berilmaydi. Agar vorislari uchdan biridan ziyoda qilib bersalar, savobli bo’ladi. Bir mayyit fidya beringlar, deb vasiyat qilmasdan vafot qilsa, uning uchun vorislari qolgan molidan fidya bersalar, g’oyatda savobli bo’ladi.
— Bir mayyitning hech bir moli qolmasa, u mayyit uchun boshqa kishi o’z molidan fidya bersa,  durust bo’ladimi?
— Durust bo’ladi.
— Mayyitning qazoga qolgan ro’za va namozlari miqdori ma’lum bo’lmasa, nima qilinadi?
— Taxmin qilib beriladi. Balog’atga yetgan zamondan hisob qilib, vafot qilgan zamonigacha har bir namozi va ro’zasi uchun fidya beriladi. Tutilgan ro’za va o’qilgan namozlari uchun ham bersa, zarari yo’qdir, chunki har bir qilingan amalning maqbul bo’lmog’i ma’lum emasdir. Hattoki, hech bir ro’za va namozi qazoga qolmagan kishi ham butun umrida ro’za va namozlari uchun fidya bersa, foydadan holi emasdir.
— Fidyaning tariqasi qanday?
— Er kishi bo’lsa, o’n ikki yoshini, xotin kishi bo’lsa, to’qqiz yoshini chiqarib hisoblanadi. Keyin mayyitning boqiy qolgan umri uchun faqirga fidya beriladi.
-­ Fidya qay miqdorda beriladi?
— Agar o’sha mayyitning qolgan molining uchdan biri fidyaga kifoya qilgudek bo’lsa, hammasi birdan faqirga beriladi.
— Bir yillik ro’za va namozning fidyasi qancha miqdor bug’doy bo’ladi?
— Ikki yuz o’ttiz olti pud va yigirma yarim qadoq bug’doy bo’ladi.
— Ushbu bug’doy va arpa o’rniga bahosi qadar aqcha bersa, durust bo’ladimi?
— Durust bo’ladi.
— Sadaqasi qanaqa kishilarga beriladi?
— Zakot beriladigan faqir kishilarga beriladi.

Qayd etilgan