Ahmad Hodiy Maqsudiy. Ibodati Islomiya  ( 270825 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 B


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:48:26

Vasiyat

— Bir musulmon kishi betob bo’lsa, nima qiladi?
— Gunohlariga tavba qiladi va istig’for aytadi. Amal va ibodatni ko’proq qilishga zo’r beradi va ham biror ishonchli tabibga o’zini ko’rsatadi, tabib buyurgan ishlarni qilishga va man etgan ishlarni qilmaslikka intiladi.
— Betobning do’stlari nima qilishlari lozim?
— Betobning holini so’rashi va yordamchisi bo’lmasa, yordam qilishi lozimdir.
— Betob bo’lgan kishi nima qilishi lozim?
— Vorislariga va boshqa kishilarga vasiyat qilmog’i va ham har kimdan rozilik istamog’i va rozi bo’lmog’i lozim.
— Qay tariqa vasiyat qilmoq vojib?
— Ortidan qolayotgan molidan qarzlarini berishni va ham berilmay qolgan zakot, ushur va fitr sadaqasiga o’xshash vojib sadaqalarni berishni va ham qazo bo’lgan namoz va ro’zalarning fidyasini berishni vasiyat qilishi vojibdir.
— Qanday narsalarga vasiyat qilish sunnat?
— Har bir musulmonni yaxshi va muttaqiy bo’lishga va ham dushmanlarni rozi qilishga vasiyat qilishi sunnatdir.
— Qaysi narsalarga vasiyat qilish mustahab?
— Qolgan molidan masjid va maktablar binosi qurishga va ham ko’prik va yo’llarni tuzatishga o’xshash amallarga va ham faqirlarga sadaqa ulashishga vasiyat qilish mustahabdir.
— Betob kishi vafot etsa, vorislari nima qiladi?
— Mayyitning tarikasidan, ya’ni qolgan molidan avval kafan va dafn uchun xarajatni oladi, undan keyin qolgan mollarining uch bo’lagidan bir bo’lagi bilan boshqa vasiyatlarni ado qiladi, undan qolgan molni faroyiz kitoblarida bayon qilingan tariqada taqsim qiladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:48:44

Mayyit

— Betob kishi jon berishga yaqinlashganda nima qilinadi?
— Oyoqlarini qibla tarafga qilib chalqanchasiga yotqiziladi. Oxirgi so’zi imon kalimasi bo’lsin uchun kalimai shahodatni talqin qilib turiladi. Yodiga tushirish uchun o’layotgan kishining oldida baland ovoz bilan aytib turadilar. Ammo aytgin, deb amr qilinmaydi va ham joni chiqquncha oldida Yosin surasi o’qiladi.
— Joni chiqqandan so’ng nima qilinadi?
— Ko’zlarini yumib, iyagini boshiga bog’lash va og’zini yopish lozim. Ustiga biror narsa yopib, yuzi berkitiladi, xushbo’y narsalar bilan mayyit atrofiga dud qilinadi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:49:03

Mayyitni yuvish

— Yuvg’uchi mayyitni qay tariqa yuvadi?
— Qo’liga biror bo’z latta o’rab, avval istinjo qildiradi. Keyin ikki qo’liga boshqa latta o’rab, og’zi-burnini yuvmasdan tahorat qildiradi. So’ngra barcha a’zosini yuvadi, mumkin qadar avratiga ko’z tushirmaslikka harakat qiladi. Mayyitning soch, tirnoq va mo’ylovlari olinmaydi. Soch, soqollari taralmaydi va o’rilmaydi. Boshiga va soqoliga xushbo’y narsalar surtiladi.
— Mayyitga kafan qay tariqa bo’ladi?
— Kafanni yozib yo so’zlab bildirish qiyin. Ko’z bilan ko’rmaguncha yaxshi fahmlab bo’lmaydi. Muallim va imomlar kafanning qay tariqa bo’lishini qog’ozdan yasab ko’rsatishlari lozim.
— Mayyit uchun janoza namozi o’qigandan so’ng nima bo’ladi?
— Imom yoki boshqa bir kishi janoza namoziga hozir bo’lgan kishilardan «Bu mayyit qanday kishi edi?» deb guvohlik oladi. Shu tariqa savol qilinganda janozada hozir bo’lgan kishilar: «G’oyatda yaxshi kishi edi», deb yaxshiligiga shahodat beradilar. Har qaysilari «Alloh taolo rahmat qilib, joyini jannatda qilsin», deb duo qiladilar.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:49:19

Mayyitni uzatish

— Mayyitni qay tariqa qabrga olib borish lozim?
— Ko’tarib olib boriladi. Oz bo’lganda to’rt kishi ko’tarish sunnatdir va imom bo’lgan kishiga mayyitni bir oz ko’tarib borish, tobutning to’rt oyog’ini mashhur tariqada ushlab ko’tarish sunnatdir. Xotin va qiz tobutining ustiga biror parda tashlash, lahad ichiga qo’yguncha o’sha parda bilan qabrning ustini berkitib turish lozim.
— Tobut orqasida qabristonga sadaqa olishni niyat qilmasdan, ibrat uchun borish durust bo’ladimi?
— Mustahabdir, savobli bo’ladi.
— Qabristonga qay tariqa borilsa yaxshi?
— Dunyo so’zidan so’zlamasdan va kulmasdan, tasbeh va tahlil aytib, mayitga rahmat tilab borilsa yaxshi.
— Birovning vafotini eshitgan kishi nima deb duo qiladi?
— Ushbu duoni aytadi:
«Inna lillahi va inna ilayhi roji’un. Allohumma in kana hazal mayyitu muhsinan fazid fi ehsanihi va in kana musian fatajavaz anhu».
Ma’nosi: «Albatta hammamiz Allohnikimiz va albatta Alloh taologa qaytamiz. Yo Rabb, agar bu mayyit yaxshi kishilardan bo’lsa, yaxshilikni ziyoda qilgin va agar gunohkor kishilardan bo’lsa, gunohini kechirgin».

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:49:37

Motam, yig’i va ta’ziya

— Motam nima?
— Mayyitni sog’inib, g’amgin bo’lib yig’lash.
— Yig’i nima?
— Qichqirib-qichqirib mayitni maqtay-maqtay yig’lash.
— Ushbu ishlar durust bo’ladimi?
— Motam durustdir, ammo yig’i qilish durust emas. Yig’i johiliyat zamonidan qolgan odatdir.
— Mayyit uchun g’amgin bo’lib yoqalarini yirtish, boshlariga urish, sochlarini yulish to’g’rimi?
— Aslo durust bo’lmaydi, haromdir.
— Ta’ziya nima?
— Mayyitning yaqin kishisi ila g’amginlik suratida ko’rishish ta’ziyadir. «Marhum g’oyatda yaxshi kishi edi, Alloh taolo rahmat qilib, joyini jannatda qilsin», deb mayyitni madh va ham duo qilish; «Endi qolganlarimizga Xudo xayrlik bersin, ko’p yig’lama, sabr qilgin, har qaysimiz bu dunyoda musofirmiz, oqibat hammamiz o’sha yerga boramiz, Alloh taolo har birimizga jannatda ko’rishmoqlikni nasib aylasin», demakdir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:49:58

Qabristonga borib ziyorat qilish

— O’lgan kishining qabri oldiga borib ziyorat qilish durust bo’ladimi?
— Durust bo’ladi. Ibratlanmoq uchun qabristonga borib o’tirish g’oyatda ma’noli mustahablardan hisoblanadi.
— Qaysi kunlari qabristonga ziyorat uchun borish avloroq?
— Payshanba, juma kunlari borish avloroqdir, demishlar.
— Qabrlar oldiga qay tariqa boriladi?
— Tahorat qilib, odob va tavoze’ ila boriladi.
— Qabrlar oldiga borib yetgandan so’ng nima qilinadi?
— Tik turib ushbu aytiladi:
«Assalomu alaykum ya ahlal quburi vad-diyari rohimallohul mustaqdiyna minna val mutaaxirina minkum. Antum lana salafun va nahnu lakum xalafun va inna inshaallohu bikum la hiqun nas’alu Allohu taolo lana va lakum ofiyah».
Ma’nosi: «Ey qabriston ahli, sizlarga Alloh taoloning salomi bo’lsin, Alloh taolo dunyodan avval ketgan sizlarga, keyinda qolgan bizlarga  rahmat qilgay. Sizlar bizlardan ilgarigi kishilarsiz, bizlar so’ngra qolgan kishilarmiz, albatta tezlik birla bizlar ham sizlarga yeturmiz. Alloh taolodan o’zlarimiz va ham sizlar uchun salomatlik va ofiyat tilab qolamiz».
So’ng o’zi xohlagan qabrning oldiga borib oyoq kiyimini yechib, mayyitning yuzi va ko’kragi to’g’risiga kelib, qiblaga orqa o’girib, qabrga ro’para bo’lib o’tirib, xohlaganicha Qur’on o’qib, savobini o’zi xohlagan mayyitlarning arvohiga va qabristondagi hamma mayyitlarning arvohiga hadya qiladi.
— Qabristonda qay tariqa yuriladi?
— Go’yo tirik kishilar orasida yurgandek tavoze’ va odob bilan, hech bir qabrni bosmasdan, o’zining ham bir zamonda ulardek qabristonga kelib dafn qilinishini va u yerda bo’ladigan savol va hisoblarni, qiyomat kunlarini, jannat va jahannamni xotiriga keltirib, g’oyatda tafakkur va andisha qiladi. «Yo Rabb, ushbu mayyitlarning arvohini rahmat qilgil va gunohlarini mag’firat qilgil, men zaif bandaga tavfiq va hidoyat berib, yaxshi amallar qilmoqni nasib etgil. Hamma bor gunohlarimni kechirgil», deb gunohlarini yumshatib, yig’lab, ko’p duolar qilishga g’oyatda jiddu jahd qiladi. Mayyitlarning ruhlariga qabr oldiga kelgan kishi ma’lum bo’lar emish. Ular uchun o’qilgan Qur’onning va berilgan sadaqaning savobi ularga yetar, duo qilgan kishini ular ham duoi xayr qilar emishlar.
— Qabristonga bormasdan uyda yo masjidda o’qib hadya qilgan Qur’onning savobi ularga yetadimi?
— Albatta, yetsa kerak.
— Arvohga Qur’on o’qib bag’ishlanganda nima deb duo qilinadi?
— Bunday duo qilinadi:
«Allohumma ballig’ savaba ma quri’a fi hazihis-soatish sharifati min kitabikal karima ila arvahi jami’il muslimina kaffatan va ommatan xususan minhum ila arvahi aqribai va asdiqai allazina azkurhum bi lisani».
Ma’nosi: «Yo Rabb, qadrli kitobingdan ushbu sharif soatda o’qiganimning savobini musulmon mayyitlarning ruhlariga yetkazgin. Xususan, hozir zikr qilingan o’zimga yaqin qarindosh va do’stlarimning ruhlariga yetkazgin».
Bu duoning o’qigandan so’ng o’zi xesh va do’st tutgan mayyitlarning ismlari va otalarining ismlarini bir-bir zikr qiladi. Masalan, ushbu tariqa: «Yo Rabb, ushbu o’qilmish Qur’onning savobini otam falonchi falon o’g’lining va do’stim falonchi falon o’g’lining ruhi shariflariga yetkazgin».

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:50:38

Yamin, qasam, ont

— Yamin nima demakdir?
— Ont etmoq va qasamyod qilmoq, demakdir.
— Nima bilan qasamyod qilinadi?
— Billohi, Vallohi, Tallohi, deb Alloh taolo ismi bilan qasamyod qilinadi.
— Oy, quyosh, Qur’on, payg’ambar, Ka’ba kabi Alloh taolodan boshqa narsalar ila qasamyod qilish durust bo’ladimi?
— Durust bo’lmaydi.
— Qasam necha turlidir?
— Uch turlidir: haqlik qasami, aldov qasami, ahd qasami.
— Haqlik qasami qanaqa?
— Haq ishga qasamyod qilishdir. Masalan, bo’lgan ishga «Billohi, bo’ldi», deb va bo’lmagan ishga «Billohi, bo’lmadi», deb qasamyod qilish kabi.
— Ushbu tariqa haq ishga qasamyod qilish durust bo’ladimi?
— Zarur bo’lganda durust bo’ladi, lekin zarur bo’lmaganda arzimas ishlar uchun qasamyod qilishdan saqlanish lozim. Chunki har bir ishga qasamyod qilish Alloh taolo ismini tahqir va xor etish bo’ladi.
— Qasam bilan aytilgan so’zga ishonish kerakmi?
— Albatta. Diyonatli va komil musulmon kishining qasamiga ishonish lozim, chunki komil musulmon kishi har ishga qasamyod qilavermaydi.
— Aldov qasam qanaqadir?
— Yolg’on va nohaq ishga qasamyod etishdir. Masalan, bo’lmagan ishni «Billohi, bo’ldi», deb va bo’lgan ishni «Billohi, bo’lmadi», deb qasamyod qilish kabi.
— Ushbu tariqa qasam durust bo’ladimi?
— Hech ham durust bo’lmaydi, g’oyatda katta gunohdir. Yolg’on ishga qasamyod qilgan kishi dunyoda va oxiratda ham xor bo’ladi, ofati dunyoda ham zohir bo’lmasdan qolmaydi.
— Bir kishining diliga bir ish bo’ldi, deb o’rnashib qolgan bo’lsa va o’sha ishni bo’lgan gumon qilib «Billohi, shu ish bo’ldi», deb qasamyod qilsa, lekin aslida u ish bo’lmagan bo’lsa, gunohkor bo’ladimi?
— U yamin «yamini lag’u»dir. Xatolik ila, xotiradan unutish ila bo’lgani uchun gunohkor bo’lmasa ham, Alloh taolodan avf so’rashi umidlidir. Lekin shunday shubhali qasamni yod qilmaslik lozim.
— Ahd qasami qanaqa qasam?
— Kelajak zamonda bir ishni qilaman va yo qilmasman, deb qasamyod qilishdir. Ushbu tariqa qasam odamlar orasida g’oyatda ko’pdir. Masalan, «Billohi, falon ishni qilaman yoki qilmayman», deb qasamyod qilish kabidir.
— Ushbu tariqa qasamyod qilish durust bo’ladimi?
— Halol, farz va vojib bo’lgan ishni qilish uchun bo’lsa, durust bo’ladi. Masalan, «Billohi, xotin olaman, namoz o’qiyman va qurbonlik qilaman», deb qasamyod qilsa bo’ladi.
— Agar bir kishi shunaqa qasamyod etsa, nima qilishi lozim?
— Ahdiga vafo qilmog’i lozim. Ya’ni, nima ish uchun qasamyod qilgan bo’lsa, o’sha ishni ado etmog’i lozim. Ahdiga vafo qilmasa, xonis, ya’ni gunohkor bo’ladi. Xonis bo’lgan kishi kafforat qiladi.
— Qay tariqa kafforat qiladi?
— Qul ozod qiladi, unga kuchi yetmasa, o’n faqir va bir miskinga to’ygulik taom yoki taomning pulini beradi, unga ham qodir bo’lmasa, kafforat uchun niyat qilib uch kun paydar-pay ro’za tutadi.
— Bir kishi bir harom ishni qilaman, deb yoki farz yo vojibni qilmayman, deb qasamyod qilsa, nima bo’ladi?
— Ahdiga vafo qilmaydi, balki xonis bo’lib kafforat beradi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:50:51

Turli duolar

1. Uyqugu yotayotganda ushbu duo o’qiladi:
«Allohumma inni as’aluka bi ismikal ofiyata fid-dunya val axiroti. Allohumma aslamtu nafsi va favvaztu amri ilayka va roziytu bika robban va bi Muhammadin sollallohu alayhi vasallam nabiyyan va bil islami diynan».
Ma’nosi: «Yo Rabb, men faqat Sening isming hurmati ila dunyoda va oxiratda salomatlik va ofiyat talab qilurman. Yo Rabb, men o’zimni va har bir ishimni Senga topshirdim va ham Seni Xudoyim va Muhammad alayhissalomni payg’ambarim va Islomni dinim, deb e’tiqod qilganman».

2. Uyqudan turayotganda ushbu duo o’qiladi:
«Alhamdu lillahillaziy ahyana ba’da ma amatana va ilayhi nushur. Allohumma aftahli hazal yavma bil xuyuri val hasanati val ihfazni fiyhi minash shururi vas sayyiati».
Ma’nosi: «Meni uyquga ketkazib, yana turgizgan Allohga hamdlar bo’lsin. Qiyomat kunida har bir o’lik tirilib Alloh taolo huzuriga keladilar. Ey Alloh, o’sha kuni menga yaxshilik qilgin va yaxshilik ila ochgin va meni yomonlikdan saqlagin».

3. Kiyim kiyganda ushbu duo o’qiladi:
«Alhamdu lillahillaziy kasani hazas savba va roziqnihi ja’alohullohu li xoyron la sharron».
Ma’nosi: «Menga bu libosni nasib etib kiydirgan Alloh taologa hamd bo’lsin. Bu libosni Alloh taolo mening uchun xayrli qilsin».

4. Taom yeyishdan yoki ichimlik ichishdan forig’ bo’lgandan so’ng ushbu duo o’qiladi:
«Alhamdu lillahillaziy at’amana va saqana va ja’alana muslimin».
Ma’nosi: «Bizni to’ydirgan va chanqog’imizni qondirgan va ham Islom ahli toifasidan qilgan Alloh taologa hamd bo’lsin».

5. Uydan ko’chaga chiqayotganda ushbu duo o’qiladi:
«A’uzu billahi min azlima ahadan av yuzlama ahadun ‘alaya la havla va la quvvata illa billahil aliyyil ‘azim, tavakkaltu ‘alallohi taolo va ilayhi unib».
Ma’nosi: «Dunyoda va oxiratda rahmat qiluvchi Allohning ismi irodasi ila uydan chiqaman. O’zimni har kishiga zulm qilishdan va har kishidan mazlum bo’lishdan (asrashni so’rab) Alloh taologa sig’inaman, har bir holda va har bir quvvat faqat u ulug’ Alloh taolodandir. Men Alloh taologa tavakkal qildim va ham Unga inobat qildim (ya’ni, Unga qaytdim)».

6. Bir ishga kirishgan vaqtda ushbu duo o’qiladi:
«Robbana atina min ladunka rohmatan va hayyi lana min amrina roshadan. Robbi ishrahli sodri va yassirli amri».
Ma’nosi: «Bu ishni dunyoda va oxiratda rahmat qiluvchi Allohning ismi bilan boshlayman. Ey Parvardigor, bizga ishlarimizda rahmatlikni ato qilgin va ham bizga ishimizda rahmatlikni tayyor qilgin. Ey Alloh, ko’nglimni ochiq qilgin va ham ishimni yengil qilgin».

7. Bir kishi bilan ko’rishganda ushbu duo o’qiladi:
«Allohumma ajmi’ baynana bil xoyri val islam va alfa baynana bi ihsanil kalam».
Ma’nosi: «Yo Rabb, bizlarni yaxshilik va salomatlik bilan ko’rishtirgil va xush so’zlik ila ulfat qildirgil».

8. Bir yerda yoki bir majlisda o’tirgandan so’ng ushbu duo o’qiladi:
«Allohumma anzilni munzalan mubarakan va anta xoyrul munzilin».
Ma’nosi: «Yo Rabb, meni muborak o’ringa tushirgil, Sen xayrlik tushurguvchisan».

9. Bir zarar-ziyon ko’rilsa, ushbu oyati karima o’qiladi:
«Asa robbana an yubdi lana xoyron minha inna ila robbina rog’ibun».
Ma’nosi: «Shoyadki, Parvardigorimiz bizning holimizni bu holdan yaxshiroq holga aylantirsa. Albatta, bizlar Parvardigorimizga rag’bat va mayl qiluvchidirmiz».

10. Biror maqsudi hosil bo’lganda ushbu duo o’qiladi:
«Alhamdu lillahillaziy bi hikmati va qudratihi tatimmus solihat».
Ma’nosi: «Har bir yaxshilik Alloh taologa xosdir, har bir yaxshi ishlar Uning hikmati va qudrati birla hosil bo’lur».

11. Maqsudi hosil bo’lgan holda ushbu duo o’qiladi:
«Alhamdu lillahi ‘ala kulli halin fa innahu muxavvilu ahvoli».
Ma’nosi: «Har bir holda Alloh taologa hamd lozimdir, chunki Alloh taolo bir holni boshqa holga alishtiruvchidir».

12. G’amgin bo’lgan holda ushbu duo o’qiladi:
«Allohumma inni ‘abduka va ibn ‘abduka roziytu hukmuka va qozoika as’aluka an tazhaba anni g’ammi va huzni va an tarzuqoni yasiran ‘usri».
Ma’nosi: «Yo Rabb, albatta men Sening bandangman, ham bandang o’g’lidirman, sening hukmingga, taqdiringga rozidirman, mening ko’nglimdan g’am va anduhni ketkazishingni va ham g’amdan so’ngra shodlik berishingni tilayman».

13. Yangi oyni ko’rganda uch marta «Allohu akbar», deb ushbu duo o’qiladi:
«Allohumma ahlihu ‘alayna bil amni vas salamati val islami allohumma aj’alhu va hilala xoyrin va rushdi».
Ma’nosi: «Alloh buyukdir. Yo Rabb, bu oyni bizlarga eminlik va imon ila salomatlik va musulmonlik ila tug’dirgil, yaxshilik va to’g’rilik oyi qilgil».

14. Osmon guldiraganda va chaqmoq chaqqanda bu duo o’qiladi:
«Allohumma la taqtalna big’ozobika va la tahlikna bi ‘azabika va ‘afina birohmatika».
Ma’nosi: «Yo Rabb, bizlarni achchig’ing ila o’ldirmagin va azobing ila halok qilmagin va rahmating ila bizlarga sihat va ofiyat qilgil».

15. Yomg’ir yoqqanda ushbu duo o’qiladi:
«Allohumma saqyan hanian nofi’an. Allohumma ij’alhu soyba rohmatin va la taj’alhu soyba ‘azobin».
Ma’nosi: «Yo Rabb, bu yomg’irni rahmat yomg’iri qilgin, azob yomg’iri qilmagin».

16. Dars o’qishdan ilgari ushbu duo o’qiladi:
«Allohumma arzuqna ‘ilman nofi’an va hifzon komilan va zehnan shomilan va fahman zakiyyan va tavfiqan li tahsilil ‘ulumi. Allohumma axrojna min zulumatil jahli val vahmi va akrimna bi nuril ‘ilmi val fahmi. Allohumma iftahlana abvaba ‘ilmika vanshur ‘alayna xozaina rohmatik. Birohmatika ya arhamar rohimin».

17. Dars tamom bo’lgandan so’ng ushbu duo o’qiladi:
«Alhamdu lillahillaziy axrojna minaz zulumatil jahli val vahmi va navvir qulubana bi nuril ‘ilmi val fahmi. Allohumma vag’firlana val validina vali ustazina vasallim dinina va dunyona vaj’al malikana soliman va raufan lana bi haqqi nabiyyina Muhammadil mustofa sollallohu alayhi vasallam».

Lahulhamdu val minna zaruriyati diniyya e’tiqodiya val ‘amaliyaga mushtamal bo’lgan kitob mustatab «Ibodati Islomiya» ziyurit tibo ila muzayyin bo’lib, tolibin kiromiga musharrada yetkurdi.

T A M O M

Qayd etilgan


Doniyor  13 Sentyabr 2006, 07:48:39

Mundarija:

I QISM

Din va shariat
Imon va Islom
Amal
Balog’at va oqillik
Ibodat
Imon va iqror
Imon kalimasi
Alloh taologa imon
Tafakkur va tashakkur
Farishtalar
Payg’ambarlar
Payg’ambarlarning mo’jizalari
Payg’ambarlarning sanog’i
Alloh taoloning muqaddas kitoblari
Qur’on — Kalomi sharif
Taqdir va qazo
Bandalarning fe’l-atvori
Zamonning oxiri
Qiyomat kunining sharhi
Jannat va jahannam
Gunohkorlar
Hazrati Odam (a.s.) va Havvo
Muhammad alayhissolatu vasallam
Muhammad alayhissalomning mo’jizalari
Sahobalar
Xalifalar
Ahli sunna val jamoa
Shariat hukmlari
Mujtahid

IKKINCHI QISM

Poklik
Tahorat
Tahorat farzlari
Tahorat sunnatlari
Tahoratning mustahablari
Tahorat duolari
Tahoratdagi makruh amallar
Tahoratni buzuvchi amallar
Tahoratsiz kishi
Mahsi yoki etikka mash tortish
G’usl
G’uslning sabablari
Junub
Hayz va nifos
Uzrli odam
Tayammum
Najosat
Poklanish
Quduqning tozalanishi
Istibro va istinjo
Toza suv
Avrat a’zolar

UCHINCHI QISM

Namoz o’qish qoidalari
Namoz shartlari
Namoz vaqtlari
Makruh vaqtlar
Qibla
Qiblani aniqlamoq
Niyat
Azon va iqomat
Azonning mustahablari
Azon duosi
Namoz zikrlari
Ikki rakatli namoz
To’rt rakatli namoz bayoni
Ayollar namozi
Tasbeh va duo
Namoz shartlari
Namoz ruknlari
Namoz vojiblari
Namoz sunnatlari
Namoz mustahablari
Namoz paytidagi makruh holatlar
Namozni buzuvchi amallar
Namozning muboh amallari
Namoz paytida tahoratning buzilishi
Zaif va nogiron kishilar bayoni

TO’RTINCHI QISM

Jamoat bayoni
Imomlikka haqli kishilar
Mudrik va masbuq
Masjid va jamoat
Qazo namozi
Sajdai sahv
Namozda unutmoq
Tilovat sajdasi
Muqim va musofir
Musofirlarning hukmlari
Juma namozi
Jumaning xutbalari
Hayit kunlari
Hayit namozlari
Hayit namozining o’qilishi
Qurbon hayiti kunlari
Tashriq takbiri
Tarovih namozi
Janoza namozi
Nafl namozlari

BESHINCHI QISM

Ro’za, zakot, haj
Ro’zaning sunnat, makruh va mufsidlari
Qazo va kafforat
Ro’za fidyasi
Nazr va nafl ro’zalar
Ro’za makruh bo’lgan kunlar
Oy ko’rib ro’zaga kirish
E’tikof bayoni
Zakot
Zakot beriladigan mollar
Pul va savdo mollarining nisoblari
Hayvonlarning nisoblari
Nisobiga yil to’lmoq bayoni
Zakot niyati
Zakot beriladigan kishilar
Zakot berib bo’lmaydigan kishilar
Ushur
Fitr sadaqasi
Fidya
Nafl sadaqa
Qurbonlik
Qurbonlik so’yishning yo’li
Nazr va aqiqa
Haj
Haj amallari
Ehromli kishi
Hojilar Makkai Mukarramada qiladigan amallar
Madinai Munavvaraga borish
Bola tug’ilganda qilinadigan amallar va o’qiladigan duolar
Vasiyat
Mayyit
Mayyitni yuvish
Mayyitni uzatish
Motam, yig’i va ta’ziya
Qabristonga borib ziyorat qilish
Yamin, qasam, ont
Turli duolar

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Dekabr 2007, 02:35:09

Ibodati Islomiya



Muallif: Ahmad Hodiy Maqsudiy

Hajmi: 274 Kb
Fayl tipi: PDF

Saqlab olish

Online o'qish

Qayd etilgan