Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202727 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 52 B


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:21:29

Oyimning bu gaplaridan hammalari kulishdi. Nusrat pochcha soqollarini tutamlab-silab, ta’sirlanib bosh to‘lg‘adilar:
— Shunaqa-de, shunaqa! Shundan keyin ham Xu-doyimning qudratiga tahsin aytmaymizmi?!
Xolam sirni tushuntirishga chog‘landilar:
— To‘g‘ri, Salomxon, buyam o‘zimizning kelin. Lekin bunisi boshqa,
— Boshqa?! — Oyim ham, men ham gangib qoldik.— Qanaqasiga boshqa bo‘lsin?! O‘sha-ku?.. — Bir dasturxon tuzayotgan kennoyimga qaraymiz, bir atrofdagilarga alanglaymiz. Ammo hech narsa anglay olmayotirmiz.
O‘shal kennoyim esa o‘ng‘aysizlanib, yuzlari loladek qizarib boryapti: qizargan sayin qizil guldek ko‘hlik tortyapti. Balki o‘sha nikoh kechasi yo‘qolib qolganidan uyalib... bir narsa deya olmayotgandir?
U ana shu xijolatdan qutulish uchun choynak ko‘tarib chiqa boshlarkan, kovshandozga tushgan joyida... yuragimni o‘ynatib, menga bir qarab qo‘ydi-yu, bat-tar qimtinib, burilib chiqa boshladi. Yo tavba, bosh-qa paytda «voy, eshon bola, bormisiz»lab, ustimda o‘lib-qutuladigan odam... endi meni tanimayotgani g‘alati edi.
Xolam uni uzoqlatib, javobga og‘iz juftladilar:
— Bu kelinimizning oti — Mahfuza. Tanib olgin, Salomxon. Adashma.
— Qanaqasiga... Maxfuza bo‘lsin? — dedilar oyim.
— Ollohning qudrati ilohiyasiga sallamno, Salomxon, sallamno! — dedilar Nusrat pochcha bosh tebratib, tahsin aytib. — Ey-y, biz gumrohlar, nimaniyam bilamiz — nimaniyam? Sultonmurod qayoqqa gum bo‘b ketdi, deb yuribmiz-da.
— Ha-ya, birovni xasmini opqochib ketdi deb yuribmiz, — dedilar Muhabbat kennoyim, — u yoqda Mar-g‘ubaga o‘xshagan bir boshqasini pardai ismatida asrab qo‘ygan ekan-ku, O‘zi.
— Tushunmadim, Sultonmurod qaytdimi? Buni o‘sha yoqdan ola kelibdimi? — dedilar oyim ro‘mollarini tuzatib o‘rashga tushib.
— Qayoqda! U tinchimagandan haligacha darak yo‘q, — dedilar xolam buning tarixi uzun, koshki bir og‘iz so‘z bilan tushuntirib bo‘lsa, degan kabi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:21:39

Men hammadan burun haligi tarixni ocha qolishsa-chi, deyman. Marg‘uba kennoyim qayoqqa yo‘qolgan ekan? Sultonmurod akam-chi? Nega o‘zi kelmabdi? Shularni bilgim keladiki, u yog‘i yo‘q...
Bu orada (aytishga ham g‘alati) yangi kennoyim (tavba, odam odamga shunchalar o‘xsharkanmi!) qo‘li ko‘ksida, choy ko‘tarib kirdi va:
— Xush kelupsizlar, — deya shirin takallum ila (chindan tili bir yoqlilarnikiga o‘xshar edi!) o‘zi past tomondagi yalangqavat ko‘rpacha ustiga tiz bukdi. Oyim o‘zlariga kelib-kelmay «Xushvaqt bo‘ling», deb qo‘ydilar-da, uzatilgan choyni olib:
— Kelinposhsham, Sizni qaysi tomonlardan so‘riyvuza? Bizani yo‘qotib qo‘ygan jiyanuvza-chi, omonmi? U yoqda ayangiz, adangiz yaxshi yurishibdimi? — deb so‘rasha ketdilar.
Yangi kennoyim lov qizarib, yer suzdi. Qizarganda yana ham ko‘hlik tortib ketarkan. Ayniqsa, qulog‘i yumshog‘ining takkinasi anordayin yonardi.
— Yurishibdu-yurishibdu... O‘shu Tangrutog‘ tomonlarda... — dedi uzun-uzun, oppoq barmoqlarini ezib-ezg‘ilab. U ich-ichidan turgan bir qaltiroqni shun- day bosarmidi yo o‘zimi — bilib bo‘lmasdi. Lekin ovozi hazindan-hazin bo‘lib, allaqanday to‘liqib chiqar edi.
— Sultonmurodning o‘zi billa kelavurmabdi-da,— dedilar oyim.
— Kelubla qolurlar... — u battar qisinib, qizarib ketgan edi. O‘zini qo‘yarga joy topolmas, bu tarz savollardan qochib, turargami, chiqargami mavrid izlar edi. Alohal choylarni uzatib bo‘lib, kovshandozdagi oyoq kiyimlarni sarishtalar ekan, xolamlarga ma’noli qaradi:
— Oshnung guruchinu... nima qilay, solavuraymu, opog‘oyu?..
— Mayli, bolam. Faqat sal ivitib soling. Suv ko‘taradigan ekan bu gurunchimiz. Tirik bo‘p qolmasin,— dedilar pochchaga qarab qo‘yib.
— Ha, barakalla, shavladan tirikroq, oshdan yumshoqroq... Uning otini nima deydilar — «mo‘ysafid palov», — deb kuldilar pochcha.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:21:48

Hammamiz u kishiga qo‘shilib, jovur-juvur qilishib, birpasda o‘rtadan boyagi o‘ng‘aysizliklar ham ko‘tarila qoldi. «Oling-oling» bilan dasturxonga qaradik. Bir yoqdan tanchaning issig‘i, bir yoqdan choy qo‘shilib, ichga issiq kira boshladiyu bir farog‘at tuyib, atrofga alangladim. Samovarning beozor jig‘illagan ashulasimi yoki tanchaning atrofida o‘tirgan qarindoshlarimizning bir shirin mulozimatlarimi, «oling, Salomxon, dasturxonga qarab o‘tiring», deb qistashlarimi, «Hoy, Sanobar, qalamtaroshingiz bor, nokni archib qo‘ying», deb xolamning pochchaga ish buyurishlarimi — nimadir menga xush yoqib, erib o‘tiribman. Undanam burun Marg‘u kennoyimga o‘xshash bir shirin, bir ko‘hlik yangi kennoyilik bo‘lib qolganim, akam hakda ajib bir mujdalar eshitishim mumkinligi meni mast qilib bormoqda. Ichim qizib-qizib kelyapti. Nega oyim jim qoldilar? Choyni icha qolsalaru shundan so‘z ocha qolsalar: akam bu kennoyimni yuborishga yuborib, o‘zi nega kelmabdi? Hozir qaerlarda ekan? Qachon kelar ekan? Bilgim kelyaptiki, u yog‘i yo‘q...
Oyim hamon o‘sha holatlaridan, uni Iqbor otinning qizi hisoblab, g‘aflatda qolganlaridan ta’sirlanib o‘tirgan ekanlar:
— Olloh-Olloh. Iqbor otin ko‘rmasin. Naq o‘shaning qizi-ya! Odam odamga shunchalik o‘xshar ekanmi, tavba? — derdilar turib-turib.
— Ho‘-o‘y, buyam bo‘lsa, Xudoyimning marhamati, Lavhul Mahfuzga bitilgan taqdiri azali, — dedilar pochcha odatdagidek bir tebranib-ta’sirlanib olib. — Qolavursa, yana qanday hikmatlari bor — nimaniyam bilardik biz? Barchasi o‘ziga ma’lum, o‘ziga ayon.
— Ishqilib, yetimlarni o‘zi yorlaqasin, — deb qo‘ydilar xolam. — Hech bandani qiynamasin judolikka solib...
— Unda.. unda boyaqish Marg‘ugina kelinimiz qayoqda qolibdi? Sultonmurod opketmagan bo‘lsa?— dedilar oyim hamon unutolmay. — Qaerlarda ekan, qizgina?
— Xudoyimning dargohi keng, daragiyam chiqib qolar bir kun, — dedilar xolam pochchaga qiyo qarab, xuddi u kishi bir narsa biladigandek.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:21:55

Ammo pochcha o‘z xayollari bilan band, qo‘llarida bir donagina uzum, o‘shaning ham po‘sti ustida ko‘z yoshiday yiltirab turgan tomchidan nigohlarini uzmay qolgandilar. Barmoqlari orasiga olib bir silasalaroq u tomchi, u «yosh» ado bo‘ladigan, lekin unda nima ko‘rib turibdilar ekan, silamaydilaram, artmaydilaram. Shunaqa o‘yga tolib ketibdilar.
— Qiyin-qiyin, boyaqishginaning onasiga qiyin bo‘ldi, — dedilar oyim allaqanday chuqur tin olib.— Hammani o‘qib, dam solib yurgan xotin, o‘zi yotdi- qoldi...
— Kuyib ketgan ekan-de? — dedilar xolam.
— Sekin aytasizmi?!. Bir o‘g‘lining nomini atab chaqirarmish, bir qizining...
— O‘g‘liga xabar qilishmabdimi haliyam? — dedilar pochcha seskanib, o‘zlariga kelib.
— Kim bosh qo‘shadi, deysiz, bunaqa paytda, — dedilar oyim.
— Shuni ayting, Salomxon, askardan chaqirvolish oson ekanmi? — dedilar xolam achinib. — Unda musht-dek qizchasi bilan qob ketibdi-da, musofirgina?
 — Yaxshiyam o‘sha qizi, qo‘shnilar bor ekan, issiq-sovug‘iga...
Men bu gaplardan xabarim yo‘q edi, titrab ketdim. Ko‘z oldimdan o‘sha qizil taram olmali hovli, o‘sha supa, o‘sha rayhonzoru Marg‘u kennoyim bilan bog‘liq voqealar kechib, allaqanday betoqatlandim! Kichkina Saidadan ham jahlim chiqdi, ham achindim. Bir og‘iz aytmabdi-ya..
Pochcha pishillab xo‘rsindilar:
— Kattalarning oldiga chiqib boradigan, o‘g‘lini chaqirtirib beradigan bir mard topilmabdimi?! — dedilar jahllari chiqib.
— Topilmabdi-da, o‘sha... — dedilar oyim ma’yus tortib.
— Esiz... — dedilar xolam achinib.
O‘rtaga hech gap sig‘maydigan jimlik cho‘kdi. Mening esa ichim achishib boryapti, qaerimdir kuyib ketyapti. Hayot shunchalar beshafqat ekanmi?
— Kim o‘ylabdi, kelinimiz — uning qizginasi bedarak ketib, bu eshigimizni so‘roqlab keladi, deb.
— Hammasi Xudoyimning xohlashi, sinovi O‘zi- ning-ku, lekin... — oyim choy ichaturib, birdan qal-qib ketdilar.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:22:04

— Halloq de, Halloq de, Salomxon, — deya xolam u kishining kuraklariga qoqdilar.
Oyim o‘sha bir og‘iz so‘zni aytishlari bilan tinchiy qoldilar. So‘ng ko‘zlaridan tirqirab chiqqan yoshni artib, pochchaga qaradilar:
— Yo‘q, meni boshqa narsa qalqitdi: rostdan... o‘zi so‘roqlab keldimi?
— Ha, shunday bo‘ldi, Ollohning qudrati bilan shunday bo‘ldi, — dedilar pochcha, — o‘zing ayt, Sanobar...
— Uch hafta bo‘ldimikan, daladan endi ko‘chib tushgan edik, — dedilar xolam yoruqqa orqa o‘girib, oyimga qarab. Kechalari hadeb do‘ppi tepchiyverganlaridan xolam yoruqqa qaray olmas edilar. Shuning uchun hozir ko‘zlarini yorug‘dan qochirib so‘zlar edilar. — Oxunguzarlimi, qaerli bir odam pochchangni so‘rab keldi. Endi asr namoziga takbir tushirayapgan edilar. Eshik orqasida turib aytsam, unda manam qazo qilmay o‘qib ola qolay, kennoyi, dedi. Kira qoling, tepadagi uydalar, deb chetga o‘tib turdim. Shoshib borib, qavatlariga kirib namoz o‘tadi. So‘ng salom berib turishgach, o‘zini tanitibdi.
— Ha-ha, baraka topkur, ko‘p iymonli odam ekan,— deb tasdiqladilar pochcha. — O‘sha yoqdan qo‘shvorishgancha qizim, deb chegaradan o‘tkazib kepti, aytilgan odamlarni toza izlab, so‘roqlapti. Topolmagach, daraklab biznikiga kelgan joyi ekan. Uyat bo‘lsayam, keldim, ma’zur tutasiz, deydi.
— Kim qo‘shib yuboribdi? Sultonmurodmi yo buni otalari? — dedilar oyim sabrlari yetmay.
— Yo‘q, munikidagilar, — dedilar xolam, — to‘s-to‘sda shu yoqqi qochira qolishibdi. Harna qilsa, Toshkan tinch, deb.
— Qanaqa to‘s-to‘s? Urushmi? — dedilar oyim.
— Urush ham gapmi, qirg‘in, Salomxon, qirg‘in, — dedilar pochcha qo‘l to‘lg‘ab. — Ularning boshiga tushganini Xudoyim hech kimga ko‘rsatmasin. — Pochcha uchli gilam do‘ppilarini olib, ustarada qirdirishga kep-qolgan sochlarini silashga tushdilar-da, yana bosh to‘lg‘ab qo‘ydilar. — Biz-ku, bir kunimizni ko‘rib, Xudo-oblo deb o‘tiribmiz. Ammo u tomonlarda yomon bo‘bdi, yomon! Avvaliga ro‘shnolik berib, keyiniga qonga botirishibdi.
— Yo‘g‘-e, u yoqda ham inqilop bo‘lgan ekanmi? — dedilar oyim hayratga tushib.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:22:17

— Shunga yaqinroq, shunga yaqinroq, — dedilar pochcha, u yog‘iga gapni cho‘zgilari kelmay yoxud bizni chalg‘itib. — Hay, Muhabbatxon, anuv mani hujramdan bir damlamgina qorachoy opchiqing. Bu choymas, turgan-bitgani xashak ekan-ku, — dedilar.
Lekin oyim ham, xolam ham chalg‘imadilar, qaytanga bir-birlariga ma’noli qarab olishdi:
— Bu yoqlardan bosh olib... o‘sha talato‘pga ketganakanmi, Sultonmurod? — dedilar xolam achinib.
— Man boshqacharoq eshituvdim shekilli, — dedilar oyim, — mo‘minlarning boshi qovushganmish, davlat tuzishganmish, deb kim ham aytib edi, Rustamxo‘jamidi, Inog‘omxo‘jamidi?..
— Unisiyam to‘g‘ri, bunisiyam... — pochcha kattakon kaftlarini kursi chetiga bosdilar. — Kim nima niyatda borgan bo‘lsa — borgandir, ko‘tarilgan bo‘lsa — ko‘tarilgandir. Ammo oxiri yaxshi chiqmabdi. Hozir ini buzilgan chumoliday to‘zib, har kim o‘z boshini asrash bilan ovoramish. Kim bizni yurtga, kim qozoqlar panohiga o‘tib, kim Hindiston taraflarga qochib qutilayotganmish.
— Sultonmurod jigarimiz-chi? Nima qilibdi ekan? Qaysi o‘r, qaysi qirga uribdi ekan o‘zini? Boyaqishni shu nasiba quvib borgan ekanmi u yoqlar- ga? — dedilar oyim. — Qaytib o‘tolmay sarang, desangiz-chi, hali?
— Hov-v, darig‘, — dedilar endi pochcha to‘liqib. Shunday katta, basavlat odam kuyinganda hatto havo yetmay «hov darig‘»lab qolar edilar. — Xudoyim shu bolaning ko‘ngliga qanaqa o‘tlar solgan ekan, qanaqa urug‘lar sochgan ekan, shu yoshga kiribam o‘zini o‘ylamasa, tinchib — tup qo‘yib, palak yoyishni xayoliga keltirmasa! Kimlar haqida qo‘yg‘urib, kimlar uchundir boshini tikib yuraversa?! Koshki o‘sha el bilsa! Vaqti kelib, qavatiga kirsa. Kirmaydi! Bular dorga tortilib ketaveraram, ular tomoshabin bo‘lib turave-raram. Mashoyixlar aytmishlar: «Jonni bergin — jonni jonga suqqanga, jonni tikkin — jonni jonga qoqqanga», deb. Bu-chi, adolatpeshalik bilan hech yerga sig‘maydi. Sig‘sa, o‘tirmasmidi ti-inch bag‘ri- mizda?

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:22:25

Men pochchaning og‘izlariga tikilib qopman. To‘g‘ri, u kishi azbaroyi kuyinib ketganlaridan, akamga achinganlaridan gapiryaptilar. O‘sha janggohlarda biron daydi o‘qqa uchib, benomu inshon qolib ketmasin, deb koyinyaptilar. U yo‘llardan qaytarib qololmaganlaridan yurak-bag‘rilari ezilib ketyapti. Men buni sezib turibman. Ammo shu bilan birga hov bir oqshom — akam Bo‘zsuv bo‘ylarini qarorgoh tutib yurgan kezlari pochcha bilan supamizda ko‘rishib, tortishib qolganlari, axiyri o‘zlari bir nima deya olmaganlari yodimga tushib-tushib ketyapti, aylanib-aylanib kelyapti. Akam o‘zini nohaq deb bilsa, o‘shandayoq qaytmasmidi? Boshini shuncha g‘avg‘olarga qo‘yib yurguncha? Necha o‘lib, necha tirilguncha? Bir narsani biladiki, nafrati beadadki...
Faqat bir narsaga hech aqlim yetmayapti! Akam, o‘sha jondan aziz akajonim, Ollohning marhamati bilan shunday suqsurday bir pariga yo‘liqqan ekan, unga uylangan ekan, nega endi kelavermay... yolg‘iz o‘zini jo‘natib yuboribdi? O‘zi qayoqlarda qoldi ekan? Xuddi Marg‘u kennoyimdan o‘sha mashvaratlarini, qarorgohlarini a’lo ko‘rgani kabi! Kattabog‘ning tinchligini deb, kimlarni undan quvib chiqarib yurgani kabi! U-ku, mayli, Kattabog‘ edi. O‘z yurti edi. U yoqda-chi, Tangritog‘ tomonlardan nima izlab, nima topmoqchi? Shon-shavkatmi yo bu yerdan topolmagan adolatnimi? Yo qaytish yo‘lini topolmay... nochoru noiloj qoldimi? Balki qo‘lga tushib...
Boshimga o‘ralashib kelayotgan bu kabi xayollardan ich-etim muzlab, o‘zim xuddi chuqur jarga qulab borayotgandek bir holga tushdimu sekin o‘rnimdan turib, tashqariga yo‘l ola qoldim. Qulog‘imga hech narsa kirmas, butun o‘y-xayolim tashqarida, o‘sha yangi kennoyimda edi. Unga ko‘rina qolsamu sekin ijikilab bo‘lsa-da, bir narsalarni so‘rab-surishtirsam. Akam qaerda, nimaga birga-birga qaytmadi — bila qolsam...
Niyatim oshxona oldidan o‘tib, yangi kennoyimga bir ko‘rinish berish. Ko‘rinish bersam, so‘rashar-ku...
Kunbotardagi bulutlar hiyla siyraklashib, oftob o‘shalarning ortidan mana hozir yuz ko‘rsatib qoladiganga o‘xshar-u, ko‘rsata olmas, lekin bu oqlik olamni sal bo‘lsa-da, ochvorganday edi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:22:40

Chiqsam, kungay yo‘lkada (shunday biz o‘tirgan uy derazasining tagida) yolg‘iz so‘fito‘rg‘ay turgan ekan, u meni ko‘rib pildirab nari bordi, tojdor boshini egib, munchoq ko‘zlarini bir ajib tikib, ajabsinib qarab qo‘ydi-da, yana o‘z yumushiga andarmon bo‘la ketdi. U yo‘lka bo‘ylab ushoqmi, nimadir izlab borar, har zamon allanimalarni cho‘qilab, yana pildirab keta boshlar edi. Men uning orqasidan yurdim, u ham menga qaray-qaray pildirab boraverdi. Men uni uchirvorgim yo‘q, shu bilan birga yangi kennoyimni ham ko‘r-gim kepturibdi. Kennoyim esa, o‘sha yoqda — oshxo-nada. Nazarimda, mana hozir chiqib, tor yo‘lkada ro‘para kelib qolsa, ko‘zlarim tinib ketadigandek, ko‘zlariga qaray olmay, hech narsa so‘rolmay qoladigandekman.
Qadamimni tezlatib edim, so‘fito‘rg‘ay ham pildirashini jadallatdi. Lekin hamon yo‘lkadan narsa terib, cho‘qilashini qo‘ymasdi. Bir ko‘zi mendayu bir ko‘zi yerda. Rizqini terib boryapti. Rahmim kelib, to‘xtab edim, u ham to‘xtab, hatto orqasiga qaytib, qolib ketgan bir nimani cho‘qiladi-da, yana oshxona tomon pildirab keta boshladi. Yetib, o‘sha yerda aylandi va ichkaridagi biravdan cho‘chib-hadiksirab, qadamini tezlatdi. Va shu vaqt ochiq eshikdan ikki yuzi anorday qizarib, bir hokandoz olov ko‘tarib, o‘sha birav — yangi kennoyim chiqib keldi. Olov laxcha cho‘g‘ bo‘lib yonar, uning taftiyu shu’lasida buning yuzi bo‘rtib, yanayam go‘zal bo‘lib ketgan edi.
Shunda ko‘rdim, u quyib qo‘ygandek Marg‘u kenno-yimga o‘xshar, faqat o‘ng yuzining bir chekkasi — quloq yumshog‘ining yonginasida tangaday bir narsa laxcha cho‘g‘dek qizarib turar, gajagi surilib, ochilib qolgan edi. Shu qo‘sh nori bilan u kennoyimdan ajralmasa — ajratib bo‘lmas edi hech.
Bu orada uning ko‘zi menga tushib, bir daqiqa sarosimalandi-yu, yo‘l bera boshlaganimni ko‘rib, shirin jilmaydi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:22:49

— Uzoqub ketmang, oshnu yopdum, — dedi allaqanday yaqin olib. Men uning qo‘lidagi olovdanam burun ana shu yaqin olganidan, lov qizarib, qolaversa, nimaga chiqqanimni sezib qolganidan uyalib, yerga qaradim va shoshib qolib:
— Yo‘q, uzoqmiyman, sho‘ttaman, — deya oldim. Va «qovun tushirganim»dan quloqlarimning tagigacha yonib ketdi. Nazarimda, uning qo‘lidagi hokandozdan urib turgan taft o‘n chandon ortib ketganday edi.
— Shundaymu? — dedi u bir shirin qilib. Xuddi. «Voy, manu zeriktirub qo‘ymayin degan qaynujonumdan», degan kabi edi. U yo‘lidan qolmay yura boshlab edi, qo‘lidagini olishim kerakligini eslab:
— Menga bera qoling. Men turganda Siz... opkirasizmi? — deb ergashdim.
— Yo‘g‘-iy... qo‘liz kuyadu, — dedi u taraddudlanib.
— Beravering siz... — dedim qistab.
— Shunaqamu? — u bir qadam chekildi-da, — shoshumang-shoshumang, — deb hokandozni g‘isht-yo‘lkaga qo‘yib, tislandi. Yo‘lka yaxlagan ekan, hokandoz tagi vishillab-jizilladi.
Men uni ilkis ko‘tariboq oyimgilar o‘tirgan uyga yurdim. Pochcha olovni ko‘rib:
— Hay, barakalla-barakalla, jiyan nimaga chiqdi desam, olovga chiqqan ekan-ku, tanchamizni bozillatib, duo olmoqchi ekan-ku, hay, barakalla, — deb alqay ketdilar, so‘ng: — Hoy, Sanobar, tanchani ochvora qol, jiyanni qo‘li kuymasin, — deb xolamni shoshirdilar.
Xolam o‘zlari o‘tirgan tomonni ochib, sandalning oyoq qo‘yadiganini ko‘tardilar. Men olovni tanchaning cho‘g‘xonasiga to‘kdimu u lang‘illab, kulxonani ham cho‘g‘xonaga aylantirdi-qo‘ydi.
— Hay-hay, sandal yonib ketmasin, ozgina kul tort ustiga, kul tort, — dedilar xolam.
Ammo pochcha unamadilar:
— Qo‘y-qo‘y, olov solganimiz nima-yu, kul tortganing nimasi?! Qishning ziynati-ku, bu. Qo‘y, birpas tanlarimiz yayrasin. Bu olovni yoqib cho‘g‘ tushirganlarning, opkelgan mana bu jiyanimizning duoi jonini qilib o‘tiraylik birpas. Og‘acha kennoyingni chaqir, o‘ziyam isinib olsin, — dedilar.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:22:59

Kennoyim turp archayotgan ekan, hokandozni qo‘yi- boq, aytdim:
— O‘zingizam kirarkansiz, qutulib qolgan bo‘lsangiz.
U qarab, chiroyli bosh silkidi:
— Sal dam yesun, xo‘p?
— Xo‘p, — dedim-u, nima deyarimni, nima qilarimni bilmay yo‘lkaga chiqdim. Tavba, o‘zim nega chiqdim-u, endi bir narsa deya olmayapman? Axir, akamni so‘rab-netishga bundan qulay, bundan zo‘r mavrid bo‘lishi mumkinmi?! Yuragim gup-gup urgancha oshxona oldida boryapman-kelyapman, ammo qani zabon bitsa, jur’at topolsam. Bari bir so‘ray olmadim, jur’atim yetmadi. Aftidan, men yangi kennoyijonimni ayardim, uyaltirgim kelmasdi... Uyga kirsam: oyimgilar u haqda gapirib, qulog‘ini qizdirishayotgan ekan, sekin jo-yimga cho‘ka qoldim. Ammo tancha bir rohatijon bo‘pti-bir rohatijon bo‘pti (oyoqdan borgan issiq odamni domiga tortib, elityapti!) Kattalarning bu yoqdagi suhbati undan-da ajoyib edi.
— Chegaradan o‘rab-chirmab, bir amallab olib o‘tibdi-yu, bu yoqqa kelgach, boshi rosa qotibdi-da, bechoraning,— derdilar pochcha nimagadir tushuntirish berib. Bildimki, gap kennoyim haqida ketayapti. — Qora tortib kelgan odamlari allaqachon ko‘chib ketgan, qayoq-qa — hech zog‘ bilmaskan. Nima qilarimizni bilmay sarson bo‘lib qoldik, deydi bechora.
— Baraka topsin, omonat nimaligini bilgan odam ekan, — dedilar oyim o‘zlaricha alqab.
— Qayoqdagi amakivachchalariga ishonib jo‘natvorishganini qarang-a, — dedilar Muhabbat kennoyi.— Bu yog‘i katta shahar bo‘lsa...
— Endi ularam bu yoqni tinchroq deb o‘ylagan-da. Bilishmaydiki, — dedilar pochcha tancha ko‘rpani tizzalaridan pastroq tushirib ham oyoqlarini maxsilarining ustidan silab. — Bilishmaydiki, bu yoqda baliq boshidan irib yotipti. Dorilamon zamon qayda ekan!
Men bu gapga tushunmay angrayib qolganimni... o‘zim sezib, oldimdagi choyga alahsidim. Ammo qulog‘im ding: oyim nima derkinlar, deb og‘izlariga qarab-qarab qo‘yar edim.

Qayd etilgan