Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202732 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 52 B


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:23:07

— Ishqilib, surishtir-surishtirlardan tinchmisizlar? Birov bilib, birov bilmay tursa — yaxshi-ya,— dedilar oyim.
— Qayoqda? — deya xolam qo‘l siltadilar, — qaerdan is olgan, anavu ordona, aylanadi-keladi, aylanishadi-keladi, quribgina ketgur.
— Kim, Zokir badbaxtmi? — dedilar pochcha. — Nima deydi?
— Nima derdi, ang-shanglaydi nuqul, sizlarnikida propiskasiz birov borakan, deb, ko‘rsatasiz, deb.
— Ko‘rdimi? — dedilar oyim og‘izlaridagi og‘izlarida, bo‘g‘izlaridagi bo‘g‘izlarida qolib.
— Qayoqda?! Ko‘rsatib bo‘ladimi u iskovuchga. Xudoning naq boshli-ko‘zli balosi-ku,— dedilar Sanobar opam. — Eshik taqillaganining o‘zidayoq o‘raga yashirib qo‘yuvdim. Uch gal kelgan bo‘lsa, uchalasida ham topolmay ketdi.
— Shundan beri darvozani zanjirlab o‘tiribmiz,— dedilar xolam.
— Kim chaqibdikin-a, kichikoyi? Ko‘cha yuzini ko‘rgani yo‘g‘u, boyaqish? — dedilar Muhabbat kennoyi.
— Qo‘ni-qo‘shnidan bo‘lak kim sotadi? Xudodan qo‘rqmagan bandasidan har narsani kutsa bo‘ladi. To‘g‘rimi, Salomxon? — dedilar xolam.
— Erta kunda cho‘g‘ so‘rab chiqadiganlar-chi? — dedilar Sanobar opa nimagadir sha’ma qilib.
Pochcha pishillab, orqalaridagi yostiqni tortib oldilaru tizzalariga bosib, unga bag‘irlarini bergancha jim qoldilar. So‘ng bosh chayqab:
— Gumon yaxshimas, — dedilar qo‘shilmay. — Gumon bor yerdan iymon qochadi. Bunaqa husnning dovrug‘i tinganmas. Agar yetti qavat sandiqda saqlaganingda ham axir bir kun chiqadi. Hamma zamonlardayam bo‘lgan shunaqasi. Shayx San’onni dinidan kechtirgan, Ma’dalixonni kallasidan judo qildirgan nima ekan? Shu xusn-da. Temur zamonida Shodimulk degan bir shunaqasi chiqib, butun saltanatning inqiroziga sabab bo‘lgan. Sultonmuroding ham chakkimas. Mana, unga ham shunaqa bittasi — poshsholarning ham ko‘zini tindiradigani uchrabdi. Bilmadim, bu sho‘rimi, baxtimi bolaning?..

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:23:16

— Nafasizzi yel olsin, hoy, Sanobar. Bu nima deganiz? — deb xolam tovushlarini pastlatdilar. — Halitdan Siz shunaqa deb tursayiz...
Pochcha soqollarini tutamlab-silab, qiqirlab kulishga, xolamni kulib yengishga tushdilar:
— Xo‘p-xo‘p. Xo‘p, ana, ilohim qo‘sha qarisin. O‘zi kelib, bizni bu tashvishlardan qutqarsin! Endi qutuldimmi?
— Demay ham ko‘ring-chi, asramay ham ko‘ring-chi.
Hammalari xolamning po‘pisalaridan kulishib turishgan edi, bir talinkada qirilgan turup, bir kosada suvi bilan kertilganini ko‘tarib kennoyim kirib keldi. Men shundagina yalt etib yuziga qarab, bamisoli osmondan uzilib tushgan oy suzib kirib kelayotgandek ko‘zlarim tinib ketdi. Uning husni pochcha aytganlaricha bor, o‘zi o‘sha Marg‘u kennoyimga o‘xshar-u, lekin undan o‘n chandon go‘zalroq edi. Xuddi o‘sha Mar-g‘u kennoyim bir ilohiy kavsar suvdan ichib qo‘yganu jannatning hur qizlariga o‘xshab qolganday edi.
U qo‘lidagilarni dasturxon ustiga qo‘yib, xolamlarga javdirab qaradi:
— Bitta chinnuga... suzib kelaverayunmu, opog‘oyuv?..
— Mayli, poshsha kelin, qo‘lingiz dard ko‘rmasin, ilohim, — deb alqab izn berdilar xolam.
U dasturxondagi ortiqcha talinkalarni olib, osh suzgali chiqdiyam, oyim xolamga qaradilar ham:
— Haligi... biz kelganda chiqib ketayotganlaram shuni daragini eshitib kelishbidimi? Yo Minovarga edimi?
— Qayoqda! — dedilar xolam ichayotgan choylaridan qalqib. — Minavarga bo‘lsa jon derdim-da. O‘zini ko‘ribam o‘smoqchilashadi nuqul: boshqa qizizam bormi, deb?..
— Zumrad bilan Qimmat bo‘pti-da, opa? — deb kuldilar oyim.
— Ha, shuni aytgin...

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:23:52

Keyin osh keldi, hov birdagidek — xolam bilan pochcha biznikiga borishgandagidek zo‘r palov bo‘lgan ekan, barmoqlar orasidan yog‘ini oqizib, maqtab-maqtab yeya boshladik. Yangi kennoyim judayam tortinchoq ekan. O‘nta qistaganlarida bitta qo‘l cho‘zar, shunda ham to‘rtta guruch olib-olmasdi. Lekin ko‘zi oyimgilarning piyolasida, bo‘shadi deguncha choy quyib turibdi. Uzatgandayam har gal o‘rnidan turib, tavoze-la, chimildiqdan endi chiqqan kelinlardek piyolani uch barmog‘i ustiga qo‘ndirib, uzatib turibdi. Bunga sari pochcha:
— Hoy, oyim, hoy kelinposhsha, to‘ldirib-to‘ldirib, quyavering, endi o‘zimiznikisiz, — deb qo‘yadilar.
— Bunaqa qilsangiz, bugundan choy quydirmaymiz. Ana, Minavarning o‘zi quyaveradi. Oshgayam qarang, — deb qistaydilar xolam.
Tangritog‘lik kennoyim:
— Xo‘p, opog‘oyo‘, oluppan-oluppan, — deydi-yu, yana bo‘shagan piyolalarga alahsib, bularni chalg‘itadi.
Men esam, tergash navbati o‘zimga kepqolmasidan hayiqib, ora-chira laganga qo‘l uzatib turibman. Ammo-lekin mana bunday tancha atrofida jam bo‘lib o‘tirishimiz, ayniqsa, oy desa oy, kun desa kundek go‘zal kennoyimning choy quyib berib, bedarak ketgan akamdan bir yorug‘ mujda bo‘lib qarshimizda o‘tirishi menga shunaqa yoqyapti ediki... Men undan juda ko‘p narsalarni so‘ragim, bilgim, akamning daragini eshitgim kelar-u, jur’at ham, mavrid ham topa olmasdim. Qachon bir mavridi keladi ekan, buni ham bilolmasdim.
Nihoyat, oshga fotiha o‘qilib, lagan olindi. Kim qozon yuvgani, kim idish-tovoqlarni bir yoqli qilgani chiqdi. Muhabbat kennoyim o‘z uylaridan xabar olgani, Sanobar opa pochchaga joy solgani turdilar. Tancha atrofida xolamu oyimu pochcha qoldilar. Oshdan keyingi choy xush yoqib, samovarning ora-chira «tirilib qolib» jig‘illashiga quloq berib-bermay u yoq-bu yoqlardan gaplashib o‘tirisharkan, kutilmaganda pochcha jonlanib:
— Hoy, Salomxon, aytmoqchi, qutlug‘ bo‘lsin! Bu jiyan katta yigit bo‘lib, dovon oshganmish, inistularga kirganmish! Kechagida Gulchehra aytsa, «Salom opoqini o‘g‘illari biza bilan o‘qivotti», desa bir quvonibman-bir quvonibman. Zo‘r ish bo‘pti-ku, — deb qoldilar.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:24:03

— O‘zi kirib keldi, pochcha, birov orqasidan boribam yurgani yo‘q, — dedilar oyim ich-ichlaridan faxr-lanib, — ko‘zuvuz tirigida o‘qib qolsin.
— Ko‘p yaxshi bo‘pti-da, — dedilar u kishi. — Besh yil nima — ko‘z ochib yumguncha o‘tadi-ketadi. Ana, Asatullaniki ham yarimlab qoldi.
— Ilo-oy, yolg‘izlarni o‘zi qo‘llab, oying rohating-ni ko‘ri-ib yursin, — deb xolam kuraklarimni silab qo‘ydilar. — Ozgina qiyinchilikni o‘zingga olsang...— bitirib olasan. Balki... daladan qatnashga qiynalayotgandirsan?
— Yetib kelyapman, — dedim men iymanibgina. — Oyim bomdodga turganlarida uyg‘otib qo‘yadilar.
— Oldi sutchilar bilan ketadi, — dedilar oyim.
— Juda erta ekan-e, erta. Ustiga-ustak har kuni qatnashni ayt, — dedilar pochcha men uchun qayg‘urib. Keyin oyimga o‘girilib so‘radilar: — Hoy, Salomxon, sho‘tta qolavursa-chi? Ana, qancha uy hangillab yotibdi. Yotib o‘qiyversin!
Oyim tancha ko‘rpaning qavig‘ini tekislab — xayollanib qoldilar. Men esam, bir chekkasi qanday yaxshi bo‘lardi, deb uchib-qo‘nib turibman-u, bir chekkasi oyimlarga achinyapman: unda yolg‘iz qoladilarmi, Asol xolamlarga o‘xshab? Yo‘q, qiynalsamam...
Oyim boshlarini ko‘tardilar. Yuzlari yorishib bir u kishiga, bir xolamga minnatdor qaradilar:
— Mayli, pochcha, qoldirsam-qoldiray. Faqat siz ham yangi kelinposhshani menga qo‘shvorasiz. Men ham yolg‘iz qolmay-da, axir.
Hammalari yalt etib, bir-birlariga qarashdi.
— Ho-ov, balli. Balli, Salomxon. Xo‘-o‘p, savobga qolardingiz-da, — dedilar pochcha oyimning topqirliklariga besh ketib, ham rapidaday kaftlarini tizzalariga ura-ura. U kishi bu gapni aytolmay o‘tirgan ekanlar-u, oyim, oyijonim buni qaydan seza qoptilar?! Uyammas, buyammas, men bu yerda qolib, o‘rnimga yangi kennoyim ketayotganidan hayratda edim: qa- rang-a, Marg‘u kennoyimga buyurmagan uylar... unga buyurmoqda edi.
Nima bu — yo taqdir deganlari shumikan?..

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:03:30

11. NAVBAT YODGORMURODGA YETIBDIMI?

Biz hikmatiga yetolmaydigan voqea-hodisalar qancha-ya, tavba.
Quroqlar ham uzib ketolmaydigan ip qidirib, ish orasida do‘konga chiqib qaytayotsam, ko‘kdan tanish sadolar kelyapti. To‘xtab qolayozibman. Quloq tutib, zingil solsam, shahar ustilab rosa horib-tolgan, qo‘narga bir makon topolmagan turnalar zo‘rg‘a-zo‘rg‘a qanot qoqib, bir ipga tizilishib kelishmoqda. Ahyon-ahyonda «etib qoldik-etib qoldik» degandek bir-birlariga dalda berib qo‘yishadi, boyaqishlar.
Beixtiyor kechagi voqea yodimga tushib ketibdi.
Tomda quroq uchirayotgan edik. Ipini oxirigacha bo‘shatib, so‘ri yog‘ochiga bog‘lab tashlaganmiz: o‘zini osmon yutib, kaftdek bo‘lib qolgan-u, darillashi baralla eshitilib turibdi. Bu yoqda shom tushib, ivir-jiviri daraxtlarning teppasigacha o‘rlab chiqib borgan, lekin qani Yodgortoyni tomdan tushirolsam.
— Shoshumang, birpas turayluk. Yulduzlar yonsun, ko‘rayluk, — deydi nuqul.
Men uning ko‘ngliga qarab:
— Mayli, yonsa-yonsin, — dedim.
Nihoyat, ko‘kning qora barqut duxobasida birin-sirin injular paydo bo‘lib, men yana qistadim:
— Bo‘ldi, tushdik. Oyim urishib beradilar: qorong‘uda tomda yurilmaydi. Bu yog‘iga jinlarning kuni tug‘adi.
O‘zini esa ko‘tarib ola qoldimu narvondan bitta-bitta tusha boshladim. U jindanmi, nimadan cho‘chib, bo‘ynimdan mahkam quchib olgan, miq etmasdi. Lekin yerga qo‘yishim bilan savol xaltasi ochildi-ketdi: atrofimda gir aylanib, hali u, hali bu bilagimga osiladi, yengimdan tortqilaydi:
— O‘sha jinlar quroqqacha yeta oladularmu, amaqu?!
— Yeta oladilar,— dedim, nima deyarimni bilmay.
— Undan naru-chi, o‘ta oladularmu?
— Yo‘q, yulduzlardan qo‘rqadilar.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:03:49

— Quroqimuz-chi?
— Turaveradi. Biz bog‘lab qo‘ydik-ku, axir.
Ammo u tinchiy olmasdi:
— Amaqu, amaqu... uzub ketsa-chu?
— Uzsa, yangisini yasab beraman, — dedim.
— Yangusi bunaqa chiqmaydu-da.
— Unda... tushirib ola qolayluk, — dedim ko‘ngliga qarab.
— Yo‘q-yo‘q, uchavursin-uchavursin, — deb o‘ynoqladi u.
— Bo‘lmasa, kirdik.
O‘zi orqamdan ergashib kelyapti-yu, savolini qo‘y-maydi:
— Amaqu-amaqu, kechasi anuvlar kelsa-chu.
— Yana nimalar? — deb qayrilib to‘xtadim.
— Anuv «quruv-quruv»lar-chu.
— Turnalarmi?
— Ha-da.
— Kelsa, nima qipti?
— Urulub ketsa-chu?..
Men baralla kulib yuborib, yelkasiga qoqdim.
— Ho‘-ho‘, ularni bilmaskansan!
— Nega? — deb so‘niqdi u.
— Ular sezgir! Arg‘amchisining boshiyu uchida har qo‘riqchilari borki...
— Qanaqa qo‘riqchu? — U azza-bazza yo‘limni to‘sib turib olgan edi.
— Sen ularni nima deb o‘tiribsan! — dedim tushuntirishga urinib. — Biror yerga qo‘nib, nafas rostlamoqchi bo‘lishsa ham o‘sha qo‘riqchilari mijja qoqmay bir oyoqda turib chiqishadi, bilding.
— Nega bir oyoqda, amaqu?
— Bo‘lmasa, uxlab qolishadi.
— Ha-a, zo‘r ekan!..

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:03:59

Ertalab tursak quroq ipini uzib ketibdi. Hov, bedapoyaning o‘rtasidan topib keldik.
Men unaqa-bunaqa quroq uzolmaydigan ip olib kelishga va’da qilganman. Hozir ichi tushib kutib o‘tiribdi.
Xonamga kirib borsam:
— E, barakalla, qayoqda yurasiz? Uyizdan necha qayta so‘rashdi, — deya esxonamni chiqarishdi.
Ichimdan olovim chiqib:
— Nega ekan? — dedim.
Bular so‘rashmabdi, ular aytmabdi. Ichim tushib, hech yerga sig‘may o‘tirsam, haytovur, yana chaqirib qolishdi. Chopib borsam, ayolim...
— Adasi, o‘zizmi?
— Men-men, nima gap? — dedim yuragim bo‘g‘zimga tiqilib.
— Ishdan kelsam.. shahardan odam chiqib, Yodgorizni...
— Kim chiqib?! — deb yuboribman.
— Odam, — dedi u.
— Qanaqa odam? Qayoqqa opketadi? Oyimlar-chi?
— Qanday bermaydilar? Katta buvasi so‘ratib tursa, — dedi u.
— Qanaqa buvasi? Buva nima qiladi unda?! — deb baqirib berdim.
— Men bilmasam, adasi...
— Xo‘p: buvasining nomidan kelgan... qanday odam ekan? Surishtirmay berib yuboraveradimi?
— Mashinada opketgan odamlarni aytyapsizmi?
— Kimni bo‘lardi?! Jilla qursa, mashinasini eslab qoptilarmi?
— Es-ki «Pobeda»mush.
— Ichidagilar-chi?
— Binoyi kiyingan, sipo yigit deydilar.
— Yolg‘iz o‘zi ekanmi? — dedim tasavvur eta ol-may.
— Yo‘q, qo‘shnilarning aytishicha, mashina orqasida bir milisa ham o‘tirganakanmush.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:04:08

— E, barakalla sizlarga! — dedim zahrimni kimga socharimni bilmay.— Bo‘pti, men o‘shanaqasi o‘tib boraman, — deb telefon-quloqni joyiga tashladim...
Nega o‘shanaqasi dedim, o‘shanaqasi deganda nega Yodgormurodlarnikini nazarda tutdim — o‘zim bilmasdim. Nazarimda, ularni avrab, bolani olib ketgan kimsa, albatta, Chaman akalarnikiga kirgan, Yodgorni surishtirib bilgandek edi. Ammo o‘zi kim, Kemshiktoyni o‘g‘irlaganlarga qanday dahli bor — hech tasavvur eta olmasdim. Buvisi ham emas, buvasi emish! Ol-a, shovvozlar! Rosa bularning ko‘zini shamg‘alat qilib ketvoribdimi?! Chaman akam kelgan taqdirda ham bunday qildirmasdi-ku. Bu yerda boshqa gap bor. Boshqa birov kelgan. Qolaversa, kecha kechasi quroqning ipini uzib ketishi, men yangi, mahkamroq ip qidirib yurishim, shu paytda horib-tolgan turnalarning shahar ustilab o‘tuvi — bularning hammasida bir sir bordek, hammasi bir-biriga bog‘liqdek ko‘rinar, miyamdan Yodgorning anuv gapi, bular quroqimizga urilib ketmaydimi, degani ketmasdi. Mana, endi ip topganimda o‘zini olib ketishganmish. Tavba, Qumloqqa so‘roqlab borishdan boshqa yo‘l ko‘rolmasdim. Boshqa qaerdan ham izlardim uni?
O‘zi nimalar bo‘lyapti? Kemshiktoyning yo‘qolishi, Sariq moshak bir devonaga ergashib ketishi — tushunarli. Tushunsa bo‘ladi. Anavi suvilondan azbaroyi bezganidan ketsa ketvorgandir. Lekin Yodgormurodning yo‘qolishi... — dalaga topib borib, olib ketishlari-chi? G‘aroyibdan g‘aroyib edi. Negadir o‘zimni dog‘da qolgandek sezib ketyapman. Ertaga Chaman akaga nima deyman? Onasi — kennoyimning oldiga qay yuz bi-lan boraman? Kim, qaysi nomard jur’at etibdi bu ishga?
O‘sha Kalkovuz bo‘yidagi tanish xonadonga borsam, hammayoq suv quygandek jimjit. Na chimirilgan «suv-ilon» ko‘rinadi, na yuzini sepkil bosgan Kemshiktoy. Yakka tavaqa eshikni ochib, ichkariga kirib boribman ham, oshxona oldiga o‘tib chaqirib turibman ham, qani birov ovoz bersa.
Nihoyat, uyning orqasidagi hovuz tomondan uch-to‘rtta eski bag‘az ko‘tarib, peshonasini qiyiq bilan tang‘igan odam chiqib keldi.
U meni eshitdi, desam, kursi ustiga chiqib, bag‘az bog‘lashga unnay ketdi. Noiloj, chaqirib boraverdim. Bog‘ qorovulining rosa «tom bitgani»ga uchragan ekanman. Uning qulog‘i yonidagi zirak-apparati «o‘lib qolgan»mi, yoniga borganimdagina ko‘ribdi.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:04:16

U soch-soqoliga oq oralab, qoshlari tikrayib o‘sa boshlagan og‘irkarvon odam ekan, salomimga alik olib, pastga tushdi.
— Keling, jiyanmi? — dedi ziragini to‘g‘rilab. — Bittasi har vaqtdagidek yo‘lga ketgan. Toklar ham qarovsiz qopti, — dedi ishkomlarga ishora etib.
— Boshqalar-chi? — dedim.
— Boshqasi — idorama-idora yuribdi! — dedi achinib, — lekin ayol — ayol-da. Ayol kishining qo‘li qaerga yetardi. Nima dedingiz?
«Suvilon»ni aytayapti.
Axiyri qulog‘iga cho‘zinib dedim:
— Idorama-idora bolalarni surishtiribmi? — Azaga borgan xotin o‘z dardini aytib yig‘laganidek, men ham «o‘z dardim»dan kelar edim.
— Kechirasiz, tushunmadim, — dedi bog‘bon qo‘lini qulog‘iga tutib.
— Bolalarni aytyapman, qay birini qidirib ketdilar?
Og‘irkarvon odam yelka uchirdi:
— Bilmasam, jiyanning sannashidan asrandisi shekilli, — deb turib, qo‘shib qo‘ydi. — Ha, aytmoqchi, anuv shirintoy ham ko‘rinmaydi. Ijarada turgan kelinning jujug‘i. So‘ramabman ham.
Sal yengil tortgan joyimda ichimga qayta og‘ir tosh cho‘kdi. «Uni bular so‘ratmagan ekan-ku, so‘ratsa shu yerda bo‘lmasmidi?!»
— Ichkarida kim bor, buvi bormilar?
— Borlar-borlar, o‘tiribdilar shularning duoi-jonini qilib. Kiravering.
Og‘irkarvon bog‘bon (bularga tog‘a bo‘lsa kerak) zirak-apparatini o‘chirib, kursiga chiqdi-da, ko‘tarilgan tok novdalarini bog‘lashga tutindi. Men o‘zim bilgan uy tomon yuraverdim. Yo qudratingdan, bu mo‘’jazgina, saranjom-sarishta uyda attor qutisimi, nima bor edi, kirmasizdan allatovur ifor hidlarga qo‘shilib, bir ajib bo‘y — qalampirmunchoq1 hidi gurkirab kelar edi.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:04:25

Aftidan, Oyto‘ra buvi mening qoramni ko‘riboq ko‘ngillari bo‘shab, bir yerga yetganlaru yana ko‘zyoshlarini apil-tapil artishga urinib, qo‘llari bilan kalampirmunchoq shodasini ushlab qo‘ygandek edilar. Men shuning ustiga salom berib kirib bordim.
U kishi (kipriklari o‘sha-o‘sha nam, o‘zlari iymangan hollaricha) meni qarshilarkanlar, yuzlariga nur inib bormoqda edi.
— Keling, aylanay. Vaalaykum assalom, mirzo yigit. Xolangiz o‘rgilsin, bormisiz? — u kishi tasbehlarini tizzalaridagi och qo‘ng‘irrang tivit adyol ustiga tashlab, qo‘llarini cho‘zib edilar, men engashib yelkamni tutib bordim. Va shunda do‘lanarang tasbeh uchida qalampirmunchoq shodachasi borligini ko‘rdim. Ha, mana, gap qaerda edi!
Buvi yelkamga qoqib, peshonamdan o‘pganlari kamday, qansharimni silab qo‘ydilar. Bir rohat sezdim, bir rohat sezdim.
U kishi qo‘l ochib, duo qilar ekanlar, hatto nima tashvishda kelganimni-da, unutayozgan edim.
— Yaxshiyam siz, sizday xabar olguvchimiz bor ekan. Xudoyimning o‘zi mehribon-da, Chamanimning o‘rnigayam sizni yetkazib turibdi...
Oh, koshki o‘zim kelgan bo‘lsam!
Men bosh egib, yer chizib qolgan edim. Ammo sir boy berib bo‘lmasdi. Shu zahoti o‘zimni o‘nglab:
— Haliyam qaytmadimi u o‘yinqaroq? Biz huvillatib ketibmiz-da, uylaringizni? — dedim, ammo qani Yodgor haqida ayta olsam. Tilim tugig‘lik, dardim ichimda edi.
— Asalim shuncha joylarga yuguribam hech ish chiqarolmadi. Osmon uzoq, yer qattiq. Ayol kishi — ayol ekan. Mana, o‘ziyam bildi, boyaqish.
Mavridi kelgan edi, so‘ray qoldim:
— Milisa-chi, kelmadimi?
Hamma nima g‘amda, men o‘z dardim bilan edim!
— Keldi-keldi, bu yoqqa kirmadi-yu, lekin tepagacha chiqdi, — dedilar buvi.
— Tepada — boloxonada maqib yuribdi? Akbartoyning masalasida kelgan bo‘lsa?

Qayd etilgan