Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202729 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 52 B


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:08:21

I k k i n ch i    b o‘ l i m

HIJRON SHEVASIDAGI MAHFUZ XATLAR

I. KEMSHIKTOYNING SIRI — TO‘PIG‘I CHIQQUNCHAMIDI?

Yoxud hikoyachiga qorong‘u
muallifga ayon bir safar tarixi
Falokat oyoq ostida ekan. Qancha yolg‘iztuyoq so‘qmoqlaru tiyg‘onchiq muzliklarda qoqinib-surinmagan jonivor dovonga chiqqanda pand yeb, munkib ketsa-ya. Tag‘inam Xudo asradi. Beligacha kirib ketgan otni qor ichidan bir amallab tortib olishdi. Qolovuz qirg‘iz chol ham o‘ziga pishiq ekan, tayog‘i bilan qorni paypaslab-paypaslab borib, yo‘lni topib oldi. Jabr ko‘rgandan bola ko‘rdi-da. Ot ustidan uchib ketganda qanday tushdi ekan, yetib borishganda boyaqish to‘pig‘ini ushlab chinqirib yotar edi. Chiqqan bo‘lsa shukr-a, singan bo‘lmasin!
Bo‘sh-bayovgina ko‘ringan qirg‘iz chol balodek tabib ekan. Kemshiktoyni aldab-suldab, to‘pig‘ini ko‘rgan kishi bo‘lib turib, oyog‘ini bir burab tortgan edi, boyagidan battar chinqirib yubordi. Chol:
— Bo‘ldu-bo‘ldu, chopqildab ketusan, — deb kaftini kaftiga qoqib, o‘rnidan turgan bo‘lsa-da, bola (rosa qo‘rqib ketgan ekanmi) oyog‘ini hech yerga qo‘ydirmas, qor-muz ustiga o‘tirvolgancha, mishig‘-tupugiga qorishib yig‘lar edi.
Bu yoqda — kun ketib, shom tushib boryapti. O‘ngdayam, so‘ldayam tog‘lar, tog‘larki, bir-biridan ulug‘, bir-biridan haybatluv. Tuman birining yarim beliga o‘rlab chiqqan bo‘lsa, boshqasi botib ketayotgan quyosh nur-larida muztog‘dek yarqiraydi: cho‘qqilarida bulut oq salladek o‘ralib-aylanadi, aylanib-o‘raladi. Faqat past — ular tushib borayotgan tomon ko‘z ilg‘agan joygacha oqarishib turibdi, undan u yog‘i — hov dara chetidagi qarag‘ayzorlargacha shom qorong‘iligiga cho‘kib bo‘lgan. Shunaqa palla.
Bu ahvolda o‘sha najot darasiga qanday yetib olishadi, yolg‘iz Olloh biladi. Qolaversa, bu dovonda — anuv qor ostidan chiqib turgan qora xarsang toshlar ustida jon saqlabam, tong ottiribam bo‘lmaydi. Olam ko‘klamga kirgani bilan bu yerda hali qish bolalab yotipti. Kechasi bilan ne sinoatlarini solmaydi boshga! Es borida qolovuz choldan orqada qolishmagani ma’qul. Uniyam Xudo yetkazdi. Bo‘lmasa, nima qilishardiyu qayga borishardi?!
Quloqlari izg‘irinda lovullay boshlagan ko‘ngilchan odam (uning quloqlari gultojixo‘rozdek qizarib ketgandi!) bolaning tepasida cho‘nqaygancha nima qilarini bilmay, bosh qashinar edi. Yaxshiyam Uchqo‘rg‘ondan chiqarda Nosir maxsumning gapi bilan safar oldidan ikki rakat namoz o‘qib olgani, «Alhamdu»ning zam surasiga «Oyatal kursi»ni qo‘shib, xos duo qilgani1. (Bo‘lmasa, «Salovati tunujina»ni o‘qib, tong ottirisharmidi!).

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:08:32

— Hoy, yurdik! Egarga o‘tqaz, o‘rgansin o‘tirishniyam! — Qolovuz cholning orqasidan otini yetaklagan «Aka pochcha» ilkis qayrilib, shang‘illadi. — Shuni deb ko‘rarimizni ko‘ryapganimiz kammi?!
Yurakning tor-kengligi gavdaga qaramaskan-da, tavba. Otning ustidan uchib ketgani kamday, oyog‘i lat yeb turibdi-ku, bolapaqirning. Tushunish ham kerak-da, buning ahvoliga...
— Mana, hozir — turyapmiz, — deb beshikchi bolaning qulog‘iga shipshidi.— Ular jilvorishdi. Bo‘la qol, Yodgortoy, paytdan foydalanib, irimini qilib olamiz.
Kemshiktoy o‘ksig‘ini ichiga yutib, unga termuldi. Buning orasida ko‘zlarini yengi ila artib qo‘ydi. Beshikchi shivirlab tushuntirardi:
— Buning eng zo‘r dorusi o‘zingda-ku, voy toy bola-ey. Shoshma, men to‘sib turaman, sen to‘pig‘ingga bir choptirvorasan. Bo‘ptimi?.. Daraga tushgunimizcha otdek bo‘lib qolasan. Bo‘laqol.
Bola qisinib yer suzdi.
— Voy, polvon-ey, ha, sen uyalma, taomili shunday,— Beshikchi uning kuraklarini silab qistadi. — Bo‘la qol, mana, pana qilib turibman.
Bola battar qisinib, turishga unnaldi. Pushtipanoh bo‘lib yonida qolgan yumshoqko‘ngil, lekin tarashadek qotma odam hadeb qulog‘iga shivirlardi:
— Sen qo‘rqma, oyog‘ing muzlab qolmaydi. Belbog‘im bor, o‘shanga chirmab tashlaymiz.
Bola baribir unamay, hakachoqlanib tisarildi.
— Unda shoshma, — dediyu beshikchi uning taqimiyu kuragiga qo‘l yuborib, dast ko‘tarib olaqoldi. — Hamonki unamasang o‘zim optushaman. Bu ahvolda egarda o‘tira olarmiding.
Bola avvaliga o‘ng‘aysizlanib, tushishga uringan bo‘lsa-da, so‘ng noiloj jim qola qoldi.
Uzun odam qorda ikki qadam bosdiyu oyog‘i mo‘ljallagan joyga tushmay chayqaldi. Ammo ot iziga tushib olib, yurib ketgach, bolaga buyurgan bo‘ldi:
— Bo‘ynimdan quch, bo‘ynimdan. Ha, ana shunday. Faqat sen, qo‘rqma. Pastga tushib olaylik, o‘zim taxtakachlab qo‘yaman. Qolaversa, Mirzahoji buvangnikiga oz qoldi. Hali seni opoqbuvang ko‘rib, bir xursand bo‘lsin, bir xursand bo‘lsin. Bizni shunday nevaramiz bor ekan Toshkandi azimda deb. Sen sabr qil faqat. Yetkazib boramiz, deb yo‘lga chiqqanmizmi — yetkazib boramiz. Anuv aka pochcha bunaqa dovonlaru o‘g‘ri yo‘llarni endi ko‘rmayapti, qo‘rqma! — U ko‘zi oyog‘ining tagida, o‘zi qadamiga moslab gapirinib bor-yaptiyu bola boyaqish og‘riqni eslab qolmasin, deb attorning qutisida yo‘q so‘zlarni topar edi, — Mirzahoji buvang bizga xonlar ham qilmaydigan yaxshilik qilgan, ha. Davlat uyimizni tortib olib, bir etak bola bilan ko‘chada qolganimizda, necha yil tashqisini berib qo‘ygan. U shunaqa saxiy. Saxiylarning ham saxiysi, yetti iqlimda topilmaydigani. Odamlar tug‘ishganidan bunaqa oqibat ko‘rolmaydi. Bir yoqdan muruvvat qilib sochavuradiyam, bir yoqdan Olloh g‘ayb-xazinasidan yetkazavuradiyam. U topgan savobni poshsholar ham topolmaydi, ha.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:08:43

Oldinda ot tiyg‘onib ketib, qorga uyalab qoldi. Bu yoqdagisi esa, hurkib ketganidan tisarilib, azbaroyi kishnab yubordi. Aka pochcha o‘tirib qolgan, jon achchig‘ida jilovni qo‘yib yubormay siltalar, turishga unnalar-u, tura olmas edi. Boyaqish to‘riq, qordan bo‘yniyu boshi chiqib turibdi-yu, zo‘r berib oldingi oyog‘iga turib olishga intiladi.
— Hov, naynov, sherikmisan — hammolmi? Bolani qo‘y-da, qarash, — deb chaqirdi u jon holatda.
Bu esa, bolani yo‘lning yonbag‘riga shundaycha yotqizishga ko‘ngli bo‘lmay (axir, bilib bo‘ladimi, tekis deb yotqizgan joyi o‘ngir chiqsa va yo o‘pirilib ketsa, bolaning holi nima kechadi?) qorni oyog‘i bilan paypaslab, shibbalab ko‘rdi-da, keyin qo‘yib, otning tizginini tirsagidan chiqara yordamga shoshildi.
U dumidan ko‘tarib, aka pochcha tizgindan tortib, «ha-hu»lashib bir amallab turg‘azib olishdi. Tag‘inam jonivor aqlli ekan, unnala-unnala, surina-surina oyog‘i ostida qattiq bir yer topib, o‘shanga tayanib turib ketdi. Bo‘lmasa, naq otdan ayrilishar ekan. Jonivor turib olibdiyam, titrog‘i tinmaydi. Zo‘r berib pishqiradi. O‘zi tushgan chuqurga xavfsirab qarab-qarab qo‘yadi.
— Buning joni chiqib qopti, samanni ob o‘t. O‘sha bilan yo‘l ochib, tushib olamiz.
— Turishini qarang: o‘takasi chiqib ketipti, yura olarmikan?— dedi otiga achinib beshikchi. Qolaversa, bolani kim optushadi? Aka pochchaning shu jahli bo‘lsa... Murosaga kelib: — Mayli, unda otlarni almashamizmi? — dedi yotig‘i bilan.
Kutilmaganda aka pochcha uni tushundi. Qorda mo‘ltirabgina, har zamonda bir mishig‘ini tortib (hali ham o‘ksig‘i bosilmagan shekilli) o‘tirgan saritoyga nazar tashlab, fikridan qaytdi:
— Bo‘pti, yuraverdik. Faqat yetishib olinglar, — deya otini yetaklab, qolovuz cholga ergashdi. Beshikchi bolaning oldiga qaytarkan, uning o‘tiruvidan achinib, bir yerga yetdi: nima balo, boyaqishning qo‘liga so‘zak kirib ulguribdimi, ko‘zida yosh, joniyu qo‘lini qaerga qo‘yishni bilmay qopti? Hali silkib, hali barmoqlarini ezg‘ilab, «kuh-kuh»lab bir yerga yetyapti? Shunaqa, so‘zakning kirishi oson, chiqishi qiyin. Chiqqanda ham «igna»larini sancha-sancha, jon-jonigacha og‘ritib, keyin tarqaydi! Uning davosi muz yoki qor. Qorga ishqash lozim.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:09:23

— Shoshma, toychoq. O‘zingni bekor qiynama. So‘zakning davosini mana bizdan so‘ra-da. Biz topamiz-da,— deb u saritoyning tepasiga cho‘nqaydi va ko‘karib ketgan qo‘lchasini kaftiga oldi. — Voy-voy-voy, toza yaxlabsan-ku, chaqaman deydi-ku! Qaerda bunday sovuqqa oldirding? Endi shoshma, ozgina chidaysan, — deya oyog‘i ostidan bir siqim qor olib, kaftchasini (barmoqlari bilan qo‘shib) obdan ishqay boshladi. Azbaroyi qattiq ishqaganidan qor sochilgancha sochilib, oxirgilari erishga keldi. Yana olib ishqadi. Unisini ham shunday qilgach:
— Bo‘ldimi, tashlab qochdimi yo haliyam?.. — deb jilmaydi.
Saritoy chehrasi sal ochilib, yengi ila ko‘z yoshlarini artdi.
— Endi qo‘lni cho‘ntakka ur, qaytib kelib qolmasdan, — dedi-da, qo‘lini cho‘ntakka tiqqan hamono ot tizginini bilagiga solib, bolani taqimi tagiyu belidan ko‘tarib ola qoldi. — Sal pastga tushaylik, otga minvolasan. Ungacha bu so‘zak1 izg‘igan dovondan o‘tib olamiz, Xudo xohlasa. Ko‘r, ulardan qancha qolib ketibmiz...
Oldinda pakana qirg‘iz chol hech kimga qaramay yo‘l ochib borar, u ancha pastlab ketganigami yoki shom qo-rong‘iligi o‘sha pastdan toshib-ko‘tarilib kelayotirmi, uning qorasini bir qarashda ajratib olish mahol edi. Shoshilmasa bo‘lmasdi. Bunaqa pallada izniyam yo‘qotib qo‘yish hech gap emas.
— He-hey, jura qolinglar, imildamay.
Kim ekan desa, qolovuz chol ekan. Ovoz pastdan kelar, o‘ziyam mushtdek bo‘lib ko‘rinar edi.
Tushundi: vaqt kutib turmaydi! Tag‘inam Xudo ol qulim, dedi! Kech tushayotganda shu qirg‘iz cholni yetkazdi. Uchta o‘n so‘mga dovondan optushib qo‘yishga rozi bo‘ldi. O‘risning o‘n so‘mligi Nikolayni besh so‘mligidan qolishmaydi-da, o‘ziyam! Almashish mumkin bu yo‘llarda. Xuddi aynimaydigan tilla pulday. Unamay birpas tixirlik qilsa, shunaqadan yana uch-to‘rttasini qo‘shishmoqchi edi.
— Ho-zir! Yetib boryapmiz! — Ular ovoz berib qo‘yib, qadam olishlarini tezlatdilar.
Tangritog‘ga yetib olishsa, bas! Bunga o‘n hissa suyunchi kutyapti. Hammani qo‘yib, Mirzahoji quruq qo‘yadimi! Qolaversa, gap suyunchida ham emas. E, barakalla, hamshaharlar, shundan-shu yoqqa ola keldingizlarmi, bizni toychoqni? Tomirimning tomiri, danagimning mag‘izini? Hay-hay, zo‘r ish qilibsizlar-da. Bir umr esdan chiqmaydigan ish bo‘pti-da, deb bir yerga yetishi aniq.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:10:51

Shunda ham beshikchi qarzdan uzildim, yaxshiligini qaytardim, deya olmaydi. Undan ko‘rgani oldida bu nima bo‘pti?! U o‘nta jonni necha yil qavatiga olib, boshini silaganda... bu bor-yo‘g‘i bitta tomirini asrab-avaylab yetkazib kelsa, nima bo‘pti?
Oyoq ostidagi qor ba’zan unday to‘zib, ba’zan muz kabi g‘archillaydi. To‘g‘rirog‘i, avval muz qavati sinib, keyin oyoqni «yutib» ketadi. Ba’zan tizzaga dovur, ba’zan to‘piqqacha. Yaxshiyam oldingilardan qolgan iz bor, bo‘lmasa, beldan botib ketishi tayin. Keyin birov kelib tortib olmasa, chiqib ko‘r. Qolaversa, shu bemahalda kim ham kelib tortib olardi?! Ertalabgacha qolib ketgan kishi muz qotib qolsa ham ehtimol... Ba’zilar shunday...
Shom ivir-jivirlari ustiga ko‘ngilga og‘ir bir g‘ashlik oralab borar, bunday sovuq fikrlardan (avvalo, Xudo o‘zi asrasin!) seskanib-seskanib ketardi. Yaxshiyam anavi qirg‘iz cholni uchratdilar. Balki u chol ham emasdir, chinakam Hizr buvaning o‘zidir? Manavi bolaga Xudoning rahmi kelib, Hizr alayhissalomni yo‘llagandir. Musoga qish qattiq keladi, deb ogohlantirganda o‘rtada bir kiyik bolalab qo‘yib, qishni survorgani kabi... Qolaversa, niyatlarini ko‘rib-bilib turibdi Xudoning o‘zi. Bu yerda bekorga tentirab yurishgani yo‘q. Ishqilib o‘zi qo‘llasin. Manavi birovning omonatini eson-omon yetkazib borishsin.
Beshikchining quchog‘idagi bolakay qunishib g‘ingshidi. Yo‘q, g‘ingshidi, desa, ingrayapgan ekan. Uning bir burda yuzi oppoq oqarib ketgan, ustiga-ustak behol tortib, ko‘zini yumib olgan edi. Ichidan qirindimi, nima o‘tdi: to‘pig‘i joyiga tushmagan ekanmi! Haligacha tinchib qolishi kerak edi-ku?..
Shu qo‘rquvda... quchog‘idagi bolakayni balandroq ko‘tarib, qulog‘iga shivirladi:
— Sen qo‘rqma, toychoq, oz qoldi. Dovondan tushib olsak, tabib toptiramiz. Qirg‘izlar sindi-chiqdiga zo‘r bo‘lishadi. Ko‘rib turasan, otdek bo‘lib, chopqillab ketasan.
Yo to‘nining tafti yoqdi yo shirin so‘zlari elitdi, bolakay tinchib qolgan, faqat ora-chira o‘ksig‘i tutib, xo‘rsinib-xo‘rsinib qo‘yar edi. Ko‘zlari yumuq, beholgina bag‘riga singib, g‘ujanak bo‘lib olipti. Ishqilib, isitmalab qolmasin. O‘z oyog‘i bilan chopqillab kelayotgan bolakay... bu yog‘iga yuk bo‘lmasa koshki edi...

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:11:49

Yurak nimalarni sezmaydi. Yarim soatlarga qolmay daraga tushib olishdiyu qolovuz chol uchta o‘n so‘mlikni kaftida tutgancha duo qilib, orqasiga qaytaverdi. Qo‘lidagi tayog‘ini demasa, ishongan hech vaqosi yo‘q pakana cholning shu bemahalda dovon oshib yurishi, ertaminan qaytarman demay yolg‘iz ketvorishi chindan g‘alati edi. Qo‘rqmagani uning!.. Rostmana odam... yuragi dov bermasa kerak edi. Shunga qaraganda... chindanam Hizr shekilli. Faqat pul olgani qiziq edi. Yo kishi ko‘ziga shunday qildimikan?
Aslida o‘sha uchta o‘n so‘mlik kissasida bo‘lsa-chi?
Beshikchi shu tobda kissasiga qo‘l yuborgisi ham keldi-yu, lekin saritoy quchog‘ida edi, aniqlay olmadi.
Shu ketishda xuftonga qadar o‘raga tushib qolgandek yurib (chindanam uch tomon qop-qora bahaybat tog‘laru faqat tepada bir tutam yulduzlar ko‘rinardi, shunaqa daraga tushib qolishibdi), allamahalda lipillagan bir yorug‘ga yetib borishdi. Uni chiroq deb o‘ylashgan edi, tosh o‘choqdagi olov bo‘lib chiqdi. Yo‘lga orqa o‘girgan pastak kulba qoraygandan qorayib ko‘rinar, jimjitlik yutaman, derdi. Ammo chaqirishlari bilan buzoqdek it hurib chiqib, orqasidan oqsoq odamning qorasi ko‘rindi.
— Aristan, jat! — Shu bir og‘iz so‘zdan it jilib, o‘zi yelkasi tushib-chiqib kela boshladi. U qorong‘uda hiyla haybatli ko‘rinib edi, asli kaltabaqay, ham tug‘ma oqsoq ekan. Bir oyoqi kalta shekilli...
— Keling, qardash, — deb nomigagina tutilgan shoh- devor yonida to‘xtadi u.
— Ko‘rib turibsiz. bemahalga qoldik. Bir kecha qo‘noq etasizmi, deb... — dedi aka pochcha, — chaqirib turganimiz.
Uning gapidan beshikchi xijolatlarga tushib ketdi: tavba, bu kishini kim aytadi shaharlik deb, ko‘cha ko‘rgan deb? Avval salom, ba’daz kalom, emasmi? O‘zi quchog‘idagi bolakayni balandroq ko‘tarib tavozu- landi:

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:18:34

— Assalomu alaykum, amaki. Biz-ku, har yerda tunab ketaveramiz, lekin manavi jujuq bor, buning ustiga oyog‘i lat yeb, azobga qoldi. Bir kecha ming kecha bo‘lmas?..
Yuzini ilg‘ab bo‘lmayotgan qo‘rg‘on egasi bolaning ahvolini eshitib, chetan eshikning tambasinimi, nimasini olishga shoshildi:
— Vaelaykum, vaelaykum, quday yetkazibdu — kiringtar-kiringtar, — deb o‘zi yo‘l boshlayverdi, kulbaga yaqinlashganda yana so‘rab qo‘ydi, — uqtab qoptumu, tayshaq?
— Ozgina mizg‘idi. Falokat-da, otdan uchib, to‘pig‘ini chiqarib oldi. Shu qaytmayapti, — deb tushuntirdi beshikchi.
— Ay, sundaymu? Quday asrasun. Taylar qoqulub ot bo‘lur-da, Qudayim o‘zimga jo‘llabdi-da, — mezbon kutilmaganda so‘zamol, ham bolajon chiqib qolgan edi. U aka pochchaga otlarni qaerga qantarishu qaerdan yem olishni tayinlab, beshikchini yana ichkari boshlayverdi. — Qanu, qanu, opkeling-chu, samantayshaqnu bu yaruqqa.
O‘zi pastak eshikdan daxlizga kirib, tokchadan qora chiroqni oldi-da, kulba ichkarisiga yuraverdi. Bu orada bola uyg‘onib ketgan, qaerga kelib qolishganini anglay olmay har yoqqa bir javdirar edi. Beshikchi uni kulba egasi ko‘rsatgan yer — po‘stak ko‘rpacha ustiga yotqizmoqchi edi, bola nimadandir qo‘rqib,uning bo‘yniga yopishdi:
— Yo‘q, yo‘q, bu yerda qomiymiz, ketamiz. Buvimga ketaman, — u uyg‘onib bo‘lib ham o‘sha yo‘ldagi gapidan qolmayotgan edi, — uyimga oborib qo‘yila.
— Iy-y, jigit deganam jig‘laymu? Qanu ayoqtu bering-chu, uzating-chu. — Cho‘nqayib ulgurgan chol qo‘lidagi chiroqni namat ustiga qo‘yib, to‘piqqa bog‘langan belbog‘ni yechib edi, u qaytish o‘rniga do‘mbira bo‘lib shishganini ko‘rdilar.
— Ay, jigit-a! Ay, tayshag‘im-a! Sunga sunchalikmu? Hech nima qilmapti-ku. Davosi sho‘tta-ku, — deb u chiroqni ko‘tarib, yana daxlizga chiqa boshladi. U har qadam tashlaganida o‘zidan katta, bahaybat soyasi dam shiftdan qochib, dam ulg‘ayar edi.
Ko‘zlarini mushti ila ishqab, mishig‘-tupugiga belanib o‘tirgan bolakay chiroq jilishi bilan birdan yana beshikchining qo‘liyu tizzasiga yopishib qoldi-ku:
— Bo‘ldi, ketayluk? Qomayluk, jon amaki?— Ichkari kirib bo‘lishganda uning harxashasi g‘alati edi.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:18:50

— Oyog‘ing bu ahvolda... qaerga boramiz? Qo‘rqma, bu odam shunday silab-silab davolaydi, — Beshikchi uning kuraklarini silab, yupatishga urindi.
Ammo Yodgor deganlari tizzasiga battar yopishib, azza-bazza ho‘ngrab berdi:
— Kerakmas: silamasin ham, qaramasin ham! Opoqbuvimga ketaman, uyimizga ketaman.
Beshikchi endi bo‘g‘ziga bir narsa tiqilib, yupatar so‘zini ham yo‘qotgan edi:
— Uying qayoqda qoldi, bilasanmi? — dedi jahli chiqa boshlab. — Axir, yetib qoldik-ku, yetadigan jo-yimizga. Jindak sabr qilsang — buvangnikiga...
Bola endi uning tizzalariga shappalab, bosh chay-qab-chayqab yig‘lar:
— Keragamas menga buva! Qaytarib opketinglar: meni hech qanaqa buvam yo‘q, men Yodgor ham emasman, Akbarman! — deb uvvos solar edi.
Beshikchi endi uning boshini, kuraklarini silab ham, «hoy, toy bola, toychoq bola, eshit», deb ham yupata olmasdi. Bu yoqda, dahlizga chiqqan uy egasidan uyalib, xijolatlarga tushib ketyapti. Bular kim ekan, bola o‘g‘rilari ekanmi, deb o‘ylamaydimi, axir?!
Chakkasini bir nima siqib kelib, bolani dast ko‘tarib oladigandek, ikki tirsagidan mahkam tutdiyu o‘zini sekin silkiladi:
— Hov, bola! Yodgormurod o‘zimman, opoqbuvamni sog‘indim, degan kim edi?! — dedi shivirlab.
— Aldovdim... yolg‘on edi hammasi... — Bola qayta mishig‘-tupugiga belanib borar, o‘zi hiqillab qolgan, boshini tizzasidan uzib bo‘lmasdi: shunaqa yopishib olibdi.
— Biznimi, devonanimi? — deya oldi beshikchi.
— Uniyam... silaniyam...
Beshikchi jim qolib, ichi sidirildi. O‘zi sezmagan holda bolani bag‘riga torta boshlagan, boshini silay boshlagan edi.
— Nega, o‘g‘lim? Nega bunday qilding? — dedi sekin.
Bola ham uning bag‘riga singib borar ekan:
— Ketgim, qochib ketgim... keluvdi, — dedi o‘sha ko‘yi hiqillab.
— Kimdan? Odam ham o‘z uyidan qochadimi, o‘g‘lim?— dedi beshikchi ovozi o‘zgara boshlab.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:19:09

Bola javob bera oladigan holda emasdi, boshini tobora uning bag‘riga tiqar, javob o‘rniga ham:
— Ketayluk, ketayluk, — deb o‘tinar edi.
Bu orada uy egasi izlagan narsasini topdi shekilli, chiroq, chiroqqa qo‘shilib yorug‘ qayta boshladiyu beshikchi shoshildi:
— Yaxshi, avval oyog‘ingni ko‘rsatayluk, keyin. Jindek chidaysan, xo‘p?
Bola ko‘nib, bosh ko‘targuncha uy egasi — pakana oqsoq chol xitoy qog‘ozga o‘rog‘liq bir narsa ko‘tarib ostona oshgan, yo‘lakay jilmayib kelar edi.
Beshikchi bolaning yelkasiga qoqdi:
— Qo‘y endi, bo‘lar ish bo‘pti. Avval o‘zing tuzalib ol-chi.
Shu payt kovshandozga qoqinib, pishillagancha eshikda aka pochcha ko‘rindi.
— Qalay, to‘piq joyida ekanmi? Egardan uchganiga shunchalik, ot tagida qolsa nima bo‘larkan? — deb kayfi chog‘ holda kirib kela boshladi.
Beshikchi unga o‘qrayib qo‘ydi-yu, lekin sir boy bermay choldan so‘radi:
— Nima buniz, ot yog‘imi?
— Ha-da. Qani, jigit, men bir ko‘ray-chu. Tay baldar jig‘laydimu. Qo‘rqoq baldar jig‘laydu. — Chol pufakday shisha boshlagan to‘piqni yoruqqa solib, avaylab ushlab ko‘ra boshladi. So‘ng: — Shashma-shashma, qo‘rquvdirgan jeri jo‘q, qani, munday uzat-chu, yanada uzat-chu, — deb turib, kutilmaganda oyog‘ini bir burab tortgan edi, bola chinqirib yuborayozdi.
— Ana bo‘ldu, tushdu. Janung kirub uxlaysan endu. Ya haluyam og‘ruttumu? — dedi u bolaning boshini bag‘riga tortib qo‘yib.
Saritoy zirillab, nari surilishga urindi-yu, lekin shu barobar oyog‘ini qimirlatishdan hayiqib, uni ikki qo‘llab changallab olgan edi.
— Endi qo‘rqmu. Jig‘loq baldar uyimga ketamanlaydu. Sen qarab tur, ertaman chapqildab ketusen, — deb kaftidagi moyni iylashga tushdi.
— Uyga? Ol-a! — Uzun-uzun qo‘llarini yoniga shappalab, sharaqlab kulib berdi Aka pochcha. — Ha, opoqbuvangnikiga kepqolganda-ya!.. E, seni qara-yu.
Beshikchi qaddini rostladi.
— Bir erkaligi tutib aytdi-da, amakisi. Ertaga chopqillab ketsin, ko‘rasiz. — U sirni andavalamoqqa urinardi-yu, lekin o‘zining ham ichidan qirindi o‘tib borar edi; «Hali biz Mirzahoji buvaga shunday «sovg‘a» olib ketayotirmizmi?..»

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:19:25

2. XOS DUO

Kechasi allamahalga dovur gaplashib o‘tirib edik. So‘ng ichkari uyga kirib, divanga yonboshlabmanu qotibman. Nazarimda, yarim soat ham uxlamovdimov. O‘ng yonim bilan yotib, shu yonim bilan turdim shekilli. Lekin rosa shirin tush ko‘rayotgan ekanman: kennoyimni ko‘rgani borgan emishmiz. Deraza oldida salomlashib turib edik. Men uning oyoqqa turganini ko‘rib, bir yerlarga yetib ketyapman:
— Voy, tuzalib qopsiz-ku, em bo‘lsa, shu-da. Hali o‘zingiz yurib chiqib ketasiz bu yerlardan, — deyman. Lekin kennoyim ochila qolmaydi, mahzun tortib, iymanib boryapti. Nimanidir aytolmayapti ham. Bir mahal qarasam, qo‘ltig‘ida qo‘ltiq tayoq!
— Voy, kesishdimi?! — deb yuboribman...
Qo‘rqib ketganimdan o‘zimga kelolmasdim. Turib tashqarilarga chiqib keldim. Yotib yana tush ko‘ra boshlabman. Ovozini juda aniq-taniq eshitardim:
— Yaxshiyam Siz borakansiz, qaynujonum, — derdi bu gal kennoyim, — mingdan ming rahmat, Yodgormurodumni olup ketupsiz! Uni o‘pub qo‘ying! Xo‘p?..
Yo qudratingdan! Shunaqa ham aniq-taniq tush bo‘ladimi? Bor-yo‘g‘i, iltimosini ado etib, Yodgormurodni ko‘zdan nariroq olib ketganimmi? Keyin-chi, bu yerdanam ilib ketishdi-ku, baribir. Nimadan belgi ber-yapti bu tush? Nimaga tabib to‘ramning berganlari emiga tushmabdi? Tushuna olmasdim...
Bugun ishdan chiqiboq ko‘rib kelishni o‘ylab ishxonaga borsam, oyna ustida omonat xatcha turibdi. Yuragim shig‘ etdi: hamxonalarim yozib qoldirishadigan bunaqa xatchalarning ko‘pini ko‘rganman. Nari borsa, muharrirning yo‘qlovi yo topshirig‘i bo‘lardi. Ammo buni ko‘rib... etlarim jimirlab ketdi.
Xudo haqqi, qo‘rqibgina ochsam, mudirimizning yozuvi. (U kishi menga hech xat-pat qoldirmasdi. Har qanday oshig‘ich topshiriq bo‘lsa betma-bet aytardi.) Bu gal yirik-yirik harflar bilan yozardi:
«Maqsudjon, qaerlarda yurasiz! Shifoxonadan chaqirishdi. Uchib borarkansiz. Bugun operatsia kuni ekan. Sizga juvob! Yordam kerak bo‘lsa, aytarsiz. Abdulla akangiz».
Tushim yodimga tushib... ichim shuvillab ketdi. Nahot kennoyim?.. Tabibning dorusi-chi? Kor qilmabdimi? «Yodgormurodimni o‘pib qo‘ying» degani shundan ekanmi?
Chiqdim. Xat qaerda qoldi, eshikni qayta yopdimmi-yo‘qmi, bilmayman. Katta ko‘chaga tushib, duch kelgan mashinani to‘sdim.

Qayd etilgan