Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202735 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 52 B


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:19:36

Egasi chakkasiga oq oralagan, hiyla bosiq odam ekan, iltijomni eshitiboq bosh irg‘adi:
— O‘tiring.
Balki mening kuyib ketganimni ko‘rib, rozi bo‘la qolgandir. Chindan men hozir kennoyimdan bo‘lak narsani o‘ylamasdim: «Tavba, Hizrday oq-oppoq qariyani tushlarida ko‘rib, duosini tildan qo‘ymay o‘tirgan odam... nechuk operatsiaga rozilik bera qolibdi? Yo biron kor-hol ro‘y berdimikan?» Ichimni it tatalab, shayton xayolimni har yoqqa olib qochardi. Shofyor ham «ignaning ustida o‘tirganimni» ko‘rib, mashinasini chorrahalardan epchillik bilan o‘tqazib borar, o‘zim esa, qaysi ko‘chadan ketayotganimizni farqlamay qo‘ygandim.
— Katta darvozasiga boravuramizmi? — dedi u bir mahal.
Men daf’atan anglamagan ekanman, keyin tushunib qoldim:
— Ha, ha, o‘sha yoqdan, — dedim, shu barobar xayolimda anuv «jonimni qoqay» xushro‘y ayol — eshikbon aya jonlandi. Axir kennoyimni qaerga olib ketishganini bilar-ku, u.
Shifoxona darvozasining biqinidagi mo‘’jazgina yo‘lagu dorbonxona ko‘zimga olovdek ko‘rinib ketdi. Yugurgilab chiqib borsam, oynavand yo‘lakning orqasida xushro‘y opaning o‘zi sarvdek bo‘lib turibdi. U kishining o‘zi ham meni ko‘rib, ichkaridan chiqib keldi:
— Voy, bormisiz, opovsi? Qaerga opketishganini bilasizmi?
— Qaerga?.. — dedim yutoqib.
U uzrxohlik bilan boqardi:
— Kecha birato‘la ayta qolmaganimni qarang. Ovora bo‘lib kelib o‘tirmasdiz. Kechasi bilan ich-etimni yeb chiqsam-a... Mashinangiz bormi?
Men bosh irg‘ab, tashqari qarab yuraverdim:
— O‘zlari qandaylar, o‘zlari? Bugun ko‘rdizmi o‘zi?
— Ko‘rdim-ko‘rdim,— dedi ovozi o‘zgarib.— Bag‘rim-ga bosib, shu tasalli beraman, deyman, qani bera olsam. Qaytaga o‘zi bardoshli ekan: «Xudo bor, opa, O‘zu qo‘llaydu. Uning xohlagani bo‘ladu, biznikumas. Rahmat, yaxshiyam Siz borakansiz», deydi, alqaydi. Yig‘lab xayrlashdik. Oydek juvon... yarimta bo‘lib qayt-sa-ya?..
— Nimaga birdan aynib qoldilar? Tuzzuk edilar-ku?

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:19:49

— Tuzzuk edi, opovsi, rangi-ro‘yi ham ochilib borayatuvdi. Nima bo‘ldi-yu... do‘xtirlar chop-chop qilib qolishdi...
— Yo anuv opkelgan dorumni... ichmay qo‘ydilarmi?
Opa bosh to‘lg‘adi:
— Yo‘q, ichgan sarim yengil tortyapman, deb o‘tiruvdi. Qolaversa, Siz bilganiz yo‘q, to‘ramning o‘zlari kelib, ko‘rib ketdilar.
Men sapchib tushdim!
— Qanday! O‘zlari-ya? Birov bilan adashtirmayotirsizmi?
Miyam o‘qday ishlardi: «Yoki birov u kishining suvratida kelib... biron narsa berib ketdimikan?» Xayol qursin, ming yoqqa opqochardi.
— Voy, opovsi, u kishini taniyman-ku. Qolavursa, yuzlaridan nur yog‘ilib turibdi.
— Unda... qistagan kim, qo‘ymagan kim? — dedim ichimga sig‘dirolmay.
Opa atrofga bezovta alanglab, qulog‘imga shivirladilar:
— Bosh vrachimiz ikki oyog‘ini bir etikka tiqib, kallam ketishini istamayman, konsilium qarorini buzmanglar, deb turvolganmish.
Hayron qoldim:
— Yo To‘ra buva kelganlaridan... cho‘chib ketdimi?
— Bilmasam, ketidan keladigan g‘avg‘osiga tobim yo‘q, debdimish.
Kimdan qo‘rqyapti? Chaman akamdanmi yo idorasining nomidan? Boshqa gap yo‘qmikan?
— Chatoq bo‘pti. Qaytaga endi eshitadi eshitadiganini! — dedim zinadan tusha boshlab.
Opa hushyor tortdi:
— O‘ziga kira qoling, haliyam bo‘lsa.
— Yo‘q, endi foydasi yo‘q: g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘pti. Qayoqqa opketishdi? — dedim.
— ToshMIning jarrohligiga, — dedi qaytaga battar tashvishga tushib. U menga tasalli bera olmayotganidan xijolatda — ich-etni yeb, ergashib kelardi.
— Mayli, rahmat, biz ketdik, balki ulgurarmiz.
Nazarimda, ulgurib operatsiani to‘xtata oladigandek edim.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:20:09

Jo‘nadik. Qaytaga, Opovsi opaning o‘zi xijolatda qoldi. Hamisha shunday bo‘lgan: yaxshilik sog‘ingan kishilar iztirobda qolaverganlar. Biz burila boshlaganda, u temir darvoza oldida ro‘molining uchini tishlagancha mung‘ayib turar ekan, so‘nggi daqiqada qo‘lini ochib, yuziga tortdimi, tortmadimi — ilg‘amay qol-dim.
Borsak, allaqachon jarrohlik bo‘limiga opkirib ketishibdi. O‘pkam bo‘g‘zimga tiqilib, kirib boraverdim.
— Hay, hay, mulla aka, qayoqqa? Bu yoqqa mumkin emas, — deb bir hamshira azza-bazza qo‘llarini yozib, yo‘limni to‘sib chiqdi. U oq-oppoq oxorli xalatu qalpoqchalar kiygan, englidanmi-qaerdan boshni aylantirayozgudek atrlar gurkirar edi. Oddiy bo‘lsa ham koshki, yuziga qaraboq angladim: u yangi kelinchak edi.
Ochig‘i, uni bosib o‘tib keta olmadim.
— Mayli, beri keling, kelinposhsha, — deya shivirlab, chetga imladim.
U bu muomalamdan yuzlari duv qizarib, yana ham ko‘hlik tortib ketdi. Ammo o‘zi boyagidan ancha tushgan edi.
— Aytavering, — dedi o‘ng‘aysizlanib.
— Statsionardan... kasal opkelishdimi? Hozirgina?
— Ayol kishi edimi, opkirib ketishdi, — deb endi menga achinib qaradi. — Esiz, endi qo‘yishmaydi. Professorning o‘zlari shu yerdalar.
— Demak, kesishmoqchi? Shundaymi? — dedim ichim sidirilib.
Kelinchak menga haligidek achinab boqdi:
— Iloj qancha, bo‘lmasa, asrab qolisholmaydi: qorason, axir!
— Qorason?!
Men xushim uchib, o‘zimni unutgan ekanman, hamshira zo‘r berib meni yupatardi:
— Siz qo‘rqmang, professorimizning qo‘llari yengil: qanchalarni qutqarib qolganlar...
Qulog‘imga shunga o‘xshash taskin-tasallinamo gaplar kirar ediyu o‘zim deraza rahiga suyanib qolgan edim. Shu holimga men bu soddadil kelinchakka nimaniyam tushuntira olardim. O‘sha oyog‘i kesiladigan ayol ham uningdek bir mushfiqa ekanini, boshida hech kimi yo‘qligini qanday ayta olaman? Qolaversa, qarin- doshlaridan hech kim bu ishga rozilik bermaganini-chi? Tushuntirganimda ham bu hamshiraning qo‘lidan nima kelardi?..

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:20:21

Bo‘shashib, shundoq deraza tagidagi o‘rindiqqa cho‘ka qoldim: Nima qilsam ekan? Xat kirgizsammi? Xatimga qarasharmidi? Yodgorga ovora bo‘lguncha, o‘sha yoqqa chopmaymanmi! To‘ra buva kelganlarida men bormabman! Borsam, operatsiaga qo‘yarmidim! Endi Chaman akaga nima deyman? Akamga-chi?!
Kimdir ship-ship kela boshladi. Yo‘q, yo‘lakdamas. Shu yaqinda. Qarshimda to‘xtab edi, boyagidek atir gurkirab ketdi. Ko‘zimni ochsam, chindan o‘sha kelinchak.
— Balki... boshlig‘imiz bilan... gaplashib ko‘rarsiz. Huv, anuvi xonadalar, — dedi yolg‘iz o‘zimga eshitilarli qilib. Shundagina uning surma tortilgan ko‘zlari kiyiknikidan ham ma’sum ekanini ko‘rdim. Taklifi esa, undan ham go‘zal edi.
Darovqe, nega bo‘shashyapman?! Meni kim aytadi muxbir deb? Qizil guvohnomam-chi? Shu yerda ish bermasa, qachon ish beradi?!.
— Bormisiz! Boyadan beri aytmaysizmi!
Men tura o‘sha xonaga intildim.
— Faqat meni aytdi, demaysiz, o‘ldirishadi, — dedi kelinchak shivirlab.
Men o‘girilib, boshim yerga tekkudek ta’zim qildim:
— Ishoning, miq etsam tilim... kesilsin...
Eshikni o‘zim ochdimmi, birovmi — bilolmay qoldim. Ostonada yuzini yoshligida chechak chakichlab ketgan barvasta odam turardi. Boshdan-oyoq oq-oppoq kiyingan kishi og‘ziga oq doka tuta-tuta chiqib kelmoqda edi. Biz sal qolsa, urilib ketarkanmiz.
— Jon do‘xtir aka, bir daqiqa, — deya bostirib kira boshlab edim, u oq tog‘dek bo‘lib yo‘limni to‘sdi. Og‘zidan oq matoni olib o‘tirmay:
— Mumkinmas. O‘zim kech qolyapman, — deb g‘o‘ldiradi.
Bo‘sh kelsam, ko‘kragi bilan turtib eshikdan chiqarib qo‘yadigan.
— Bugun sizlarda nodir operatsia borakan. Shunga kelib edik, — dedim so‘nggi imkoniyatimni ishga solib.
Boshliq garangsidi:
— Qanaqa-qanaqa?
— Nodir operatsia.
— U nima deganingiz?
Men bo‘sh kelmadim:
— Ya’ni, qorason. To‘g‘rimi?

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:20:32

U noiloj bir qadam chekindi:
— Xo‘sh, nima bo‘pti?
— Shaxsan professorning o‘zlari qilyaptilar ekan.
— To‘g‘ri, — dedi u hamon hech narsaga tushunolmay, lekin oq dokaning bog‘ichini qulog‘idan tushirib, rost-mana odamga o‘xshab gaplasha boshlagan edi. — Qaerdan bo‘lamiz, deysiz?..
Men gazetaning nomini aytib, qizil guvohnomamni uzatdim:
— Mumkin bo‘lsa, o‘sha operatsiaga qo‘ysangiz. Bitta xalat topilar, axir?
Chechak izlari tundlashib, u bosh chayqadi:
— Afsuski, ruxsat berolmayman. Professor siz o‘ylagancha emas.
— Qanday? — dedim garangsib.
— Sizga qo‘shib meni ham haydab chiqarishadi. Shuni istaysizmi?
— Unda... unda...
— Ilojingiz qancha. Shu xonada kutib turasiz. So‘ng epini qilsangiz, gaplashib olarsiz. Xo‘p, men ketdim.
U oq bog‘ichini tuta-tuta chiqib ketdi. Men miq etolmayin ham qolaverdim. Ana, yolg‘onning umri! Hatto qizil guvohnomam ish bermadi!.. Ol-a, endi nima qildim? Yo‘lakka chiqolmasam (to‘g‘risi, kelinchakning yuziga qanday qarayman?), pastga tushib ketaverishga g‘ururim yo‘l bermayapti. Ne-ne vazirliklarga kirib bora olgan odam... shu yerda yo‘l topa olmagan edim. Noiloj stulga cho‘kdim. Bosh muharririmizning so‘zlari quloqlarim ostida jaranglar edi: «Bizning muxbirlar hech kimning kabulxonasida kutishga haqqi yo‘q. Hamma eshiklar unga ochiq. Kirolmadimi, tamom, gazetachi emas!» Emas, emas, emas.
Menga alam qilayotgani bu ham emasdi: shunday qo‘l cho‘zsa yetgudek joyda turib, mana, yetib keldim, deb kennoyimga birrov ko‘rinish berolmayotganim, og‘ir kunda tepasida bo‘lolmaganim alam qilardi. Qolaversa, nima bo‘lgan o‘zi? Nega kesishyapti? Shusiz mumkin emaskanmi?
Chidamay turib ketdimu betoqat kezina boshladim. Yuragim bo‘g‘zimga tiqilib kelib, tars yorilay der edi.
Shu vaqt eshik ochilib, ostonada boyagi hamshira ko‘rindi.
— O‘tiribsizmi? — dedi u jilmayib. — Ketib qolmasakansiz. Xo‘p?
— Nima, biror yangilik bormi? — dedim entikib.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:20:45

U shirin im qoqdi:
— Bor, bor, hali aytishadi.
— Hozir ayta qoling? — deb yalinib boraverdim.
— Ketmay turarkansiz, professor aytdilar.
— Professor?
— Ha, gazetaga yozadigan ish bo‘lyapti ekan.
— Shoshmang, tushuntiribroq ayting.
Kelinchak yelkasini shirin qisib, qimtindi:
— Jindak sabr qiling — bilasiz.
Nafasim ichimga tushib ketdi: Nahot operatsia tugab, kesib ulgurishdi?! Professor nima bilan maqtanmoqchi? Kennoyimning ahvolini tasavvur etib, etlarim junjikib ketdi.
Kelinchak qaytayotib o‘girildi.
— Siz suyunchini hozirlayvering, — dedi shipshib. So‘ng ichiga sig‘dirolmay aytdi-qo‘ydi: — Kesishmaydigan bo‘pti, bildiz.
— Voh. Olloh bor ekan-ku! — Men do‘ppimni osmonga otadigan holga tushgan edim: — Nechuk?
— Arra olmabdi.
— Olmabdi? Olmaydi ham-da! Ana, men nima devdim?! — Men yangi bo‘lgan jinnidek shovqinlab, quvnar edim!
Hamshira shoshib qoldi:
— Voy, kiring-kiring. Meni baloga qoldirasiz.
Shu vaqt yo‘lak oxirida uch-to‘rt oq xalatli kishilar ko‘rinib, kelinchak battar o‘tinib-yalinishga tushdi:
— Ana o‘zlari, iltimos, kirib tura qoling.
Men ostonada turgancha ich-ichimdan yoqa ushlardim:
«Yo, tavba, bu qandayin mo‘’jiza? Arra olmaganmish!»
Men hamon garangsib turarkanman, oq xalatiyu bilagiga qadar kiydirib qo‘yishgan zangor yenglikkacha o‘ziga yarashib tushgan professor yaqinlashib kela boshladi.
— Mana shu yigitni aytuvdim, — dedi boyagi chechak yuzli boshliq.
Professor yoqimli jilmaydi:
— Ayni vaqtida kepsiz. Hizr emasmisiz, mabodo?
Rost shekilli?! Men hayajonda unga qarab alpang-talpang qadam tashladim. U yigitlardek kaftini kaftimga urib ko‘risharkan, qo‘ltig‘imdan olib ichkari boshladi.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:20:55

— Men hammasini birma-bir aytib beraman. Ammo avvaldan kelishib olaylik: yozmaysiz. Yozmayman, deb so‘z berasiz, — dedi u.
— Nega? — Men quvonishimni ham, quvonmasimni ham bilmasdim.
— Chunki bu gazetalarda ovoza qiladigan ish emas. Bu — mo‘’jiza! — dedi u meni tong qoldirib. — So‘z berasiz, a?
— Ayting, aytavering-chi, — dedim sir bermay.
— Yo‘q, mening boshim ikkitamas, o‘rtoq muxbir. Qolaversa, sizniki ham, — dedi u xonaga kirgan zahoti o‘zini divanga tashlab. So‘ng yarim yonboshlab oldi-da, qarshisidagi stulni ko‘rsatib, o‘tiring, dedi. — Men umrim bino bo‘lib, bunaqasini ko‘rganamasman. O‘lay agar. Yuzlab odamlarni operatsia qilganman. O‘nlab oyoqlarni kesib tashlaganman. Lekin bunaqasi bo‘lmagan.
— Qanaqasi? Mumkin bo‘lsa, tushuntiribroq ayting, — dedim yaqinroq surilib.
Professor negadir labini jiyirdi, so‘ng qaddini ko‘tarib o‘tirdi:
— Rosti, dahriyroq bo‘p ketganmizmi o‘zimiz ham...
— Xo‘sh, xo‘sh?..
— Bu juvonda bir gap bor. Hamma alomatlari aytib turibdi: qorasan boshlangan, kesmasa bo‘lmaydi. Lekin qanday duo o‘qib qo‘ygan, arra oyoqni olmayap- ti — pichoqni yo otib yuborib, yo sinib tushyapti.
— Tizzasi-chi, shish-chi? — dedim yutoqib.
Professor ko‘zoynagini olib, aftimga tikildi:
— Siz... qaerdan bilasiz?
Men qovun tushirib qo‘yganimni anglab, yerga qaradim. Endi rostiga ko‘chmasam bo‘lmasdi:
— O‘sha juvon — mening kennoyim bo‘ladilar.
— E, shunday demaysizmi?— Professor tepakalini silab, o‘ziga keldi va orqasiga suyanib, qaytarib so‘radi.— Rostini ayting, tabibga qaratayotganmiding-lar?
Men uning yuziga qarayolmay bosh silkidim. U chuqur tin oldi:
— Aytuvdim-a, texnikaga nima jin urdi deb. Sizga ruxsat, xushiga keltiradigan xonaga olmaslaridan ko‘-rishingiz mumkin.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:21:03

Men sakrab turib, eshikka yo‘naldim. Professor xo‘rsindi:
— Faqat bir narsani aytmay ketib qolmang-a.
— Nimani? — dedim hayron qolib.
— Arra olmaganining boisini. So‘rang-chi, qanaqa duo ekan?
— Albatta, albatta. — Yo‘lakka chiqsam, haligi xonadan to‘rt g‘ildirakli aravachada oq-oppoq choyshablarga o‘ralgan biravni opchiqib kelishyapti. Yugurgilab bordim. Bir aniq baxtsizlikdan qutulib qolgan kennoyim yuzlari oqarib, o‘zini bilmay yotar, hatto sun’iy nafas yuboradigan apparatlarigacha olinmagan, ko‘zlari ham yumuq, faqat mijjalarida ikki tomchi yoshmi — nima, yiltirar edi.
— Kennoyijon? — dedim men ich-ichimdan bir titroqqa tushib.
Ammo shu tobning o‘zida ikki hamshira ikki qo‘ltig‘imdan olib, chetga tortdilar.
— Mumkin emas, siz kimlari bo‘lasiz?
Men aytdim. Ular bosh chayqadilar:
— Xushlariga kelishlarini kutasiz.
— Kutaman, faqat boshlarida o‘ltirishga ruxsat etsangiz bas, — dedim to‘liqib.
— Yaxshi, chaqiramiz.
Men shunga ham mingdan ming rozi edim. Asrga yaqinmi, allamahalda u hushiga kelib, ko‘zini ochdi va ming shukrki, ko‘z ochib meni ko‘rdi.
— Xudoyimdan... intiqib-intiqib... so‘rab edum, yetub kebsuz... So‘raganlarumnu... barchasinu ijobat et-du, — dedi juda ham past tovushda.
— Yetib keldim, yetib keldim. Ming qatla shukr, topib keldim, — dedim bo‘zg‘imga so‘zlarim cho‘g‘dek yopishib. Keyin engashib, men ham quloqlariga shivirladim: — Tuzalib chiqsangiz, menga ham o‘rgatib qo‘yasiz o‘sha duo-iltijolarni1.
— Xudo xohlasa,— dedi u o‘sha-o‘sha shikasta ovozda.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:21:12

* * *
Kechga yaqin kutilmaganda kennoyimni palataga olishib, javob tegib qoldi. Katta do‘xtirlar statsionarga olib ketaverish mumkin, deyishibdi. Birpasda mashina yetib keldi. U kishini aravachada pastga olib tushib, joylab berishdi. Men yonlaridan bir qadam jilmay birga borayotganimdan yosh boladek boshim osmonda. Kennoyim undan xursand, undan mutaassir. Ikki gapining birida yaxshiyam siz borakansiz, yaxshiyam yetub kebsuz, deydi. Siznu qadamlariz, duolariz sharofatu bilanmu, Alloh ham qo‘llab yubordu, asradu, deydi.
Bunga sari men uni xursand etadigan, sevintirib-suyuntiradigan voqealardan so‘zlagim keladi, ko‘nglini ko‘targum keladi:
— Bilasizmi, aytgan joylaringizga chiqdik. Kattabog‘ga, eski uylarimizga kirdik.
— Voy, shunaqamu? — U yotgan yerida bir yerga yetib termuldi: — Turgan ekanmu, topdingizmu?
Mashina allaqachon jilib ketganu men u kishining yonginalariga o‘tirib olib, (qaerdan ham boshlab qo‘ydim, hali urintirib qo‘ymasam edi!) ming xijolatu hayajonda o‘sha mahfuz xatlarni qanday topganimni so‘zlab boryapman. Ichimda, miridan sirigacha shartmidi, deyman. O‘zimni to‘xtata olmayapman, tiya olmayapman:
— Turganakan, qarang. Jin ham urmabdi. Ammo shunday quruqshab ketibdiki, xazonday shaldiraydi. Aytgan joyizda ekan, ari inida...
U ko‘zlari bir chaqnab ketib, yana allaqanday bo‘-shashdi.
— Allohga shukr, asragan O‘ziga shukr,— deya pichir-ladi, qaytib minnatdor tikildi.— Loy-tuproqqa qori-shib, birovlarning qo‘liga tushib ketmabdi, xayriyat.
— Ha, ha, — dedim men uni tinchlantirishga urinib. — Vaqtida borganakanmiz, surib yuborsalar, ke-yin topolmay yurarkanmiz.
— Sizga mingdan-ming rahmat, — dedi u.
Ammo men uni bu rahmatu tashakkurlardan chalg‘itgim, boshqa yangiliklar bilan xursand etgim kelardi:
— Qolaversa, Yodgormurod bir xaltacha topib oldi.
— Qanday dedungiz?

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:21:34

— Duxoba xaltacha ekan. Mimitdek. Ichida...
— Voy, ushatta ekanmu, u ohanrabolar?
— O‘shatda ekan. Yodgor topdi.
— Uni qarang-a, o‘ziga buyuribdimu? — dedi kennoyim entikib.
Shu vaqt mashina to‘xtab, hamshiralar g‘imirlab qoldilar. Yetib kelgan ekanmiz. U kishini tushira boshladik. Keyin aravachaga olib, yonlarida bora boshladim.
— Yaxshi topubsiz. Bo‘lmasa, yomg‘ur-sellarda qolub nima bo‘lardu, — dedi u bitiklarni yodga solib.
— Kelasi gal opkelaman, maylimi? — dedim men.
U bosh tebratdi (O‘zi chayqadimi yo aravacha g‘ildirab borayotib, chayqalib ketdimi, anglolmay qoldim.)
— Turavursin. Shu ishonchluv.
Hayron qoldim. Xatni aytayaptimi, ohanrabo xaltachanimi? Qaytarib so‘rashga esa tilim bormasdi.
— Omonat bo‘libmi?.. — dedim axiyri.
Kennoyim im qoqib, bosh silkidi:
— Maylun, — dedi-yu, yana mutaassirlana boshlab, nigohini olib qochdi. Ovozi ham allaqanday titrab chiqa boshlagan edi. — Bir kun kelub... balki o‘zlariga topshirarsiz...
Mening ham xalqumimga bir narsalar tiqilib kelardi.
— Unday demang, yaxshi niyat qiling, kennoyijon,— dedim to‘liqib, — mana ko‘rasiz, hammasi yaxshi bo‘lib ketgay, — deb yonlaridan qolmay ergashaverdim. Biz o‘sha tanish yo‘lka, azim teraklar tagi bilan ketyapmiz-u, qulog‘im tagida bir narsa shovullaydi. Vaholanki, teraklar u qadar barg yozib ulgurmaganlar. Nima ekan, bilolmasam. Ko‘zlarimni esa yosh qoplab boryapti, hech nima ko‘rolmayotirman. Aravacha tutqichini ushlab olganmanu qo‘yib yubormayman.

Qayd etilgan