Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202739 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 52 B


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:24:31

— Ilohum, — dedi u.
— Mana, qarab turasiz, — dedim yana, — hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketasiz.
— Ilohum, aytganiz kelsun. Yodgorumning baxtiga. Akanguzning baxtlariga.
Men bu so‘zlarni o‘z qulog‘im bilan eshitdimmi yo shunday tuyulib ketdimi — ajrata olmasdim.
Bu orada biz o‘sha oldi peshayvonli binoga yetib borgan, hamshiralar aravachani g‘ildiratib, allaqanday eshiklaru pastki yo‘laklardan olib o‘tishar, men ergashib boraverishimni ham, hovlida qolishimni ham bilmasdim. Nihoyat, ular o‘rta yo‘lakka chiqib, o‘sha tanish kunjakdagi xona tomon keta boshlashdi-yu, men o‘zimga kelib, bu yaqin oradan bir telefon izlab qoldim. Men ishxonaga qo‘ng‘iroq qilib, qaerdaligimni aytib qo‘yishim, zarur bo‘lsa, yetib borishim kerak edi. Qilsam, mudirim bor ekanlar.
— Qalay, qutulib qoldingizmi? — dedilar.
— Qaytarib olib keldim, yaxshilar, — dedim.
— Unda kirib o‘tarsiz, biz sho‘ttamiz, — dedi u kishi. Bildimki, borishim zarur.
Va’da qilib chiqsam, hamshiralar ham joylashtirib, aravachani olib chiqishyapti.
Izn so‘rab kirib bordim.
Kennoyim «o‘lan to‘shagi»da mening kirishimga intiq yotar edi. Ko‘rishi ila minnatdor tikildi:
— Siz ham ishlarizdan qolub ketdungiz menu deb.
— Hechqisi yo‘q, muhimi, siz qutulib oldingiz, — dedim men. — Balki To‘ra buvaga o‘tib kelish lozimdir? Agar dorilaringiz qolmagan bo‘lsa?..
— Yo‘q-yo‘q, tashvishlantirmang u kishini, dorularim hali bor, — dedi kennoyim.
— Nega, qaytaga xursand bo‘ladilar-ku, bu suyunchilikdan, — dedim.
Kennoyim bosh chayqadi.
— Undan ko‘ra, vaqt topolsangiz, ertami, indin-mi, — dedi u o‘tinib, ham ko‘zlarimga mo‘ltirab, — toychog‘umni ola kelsangiz. —Kipriklarida yosh yiltirab, ovozi ham o‘zgarib borar edi. — Ko‘rmaganumga ham qancha bo‘ldu.
Men kutilmaganda bo‘shashib tushgan, mana, hozir kennoyim uchun jonu jahonimni berib yuborishga tayyor odam... endi nima deyarimni bilmay qolgan edim. Axir Yodgormurod qaerdaligini koshki aniq bilsam?! Ustiga ustak uni biznikidan olib ketishganini... koshki bu kishiga aytib bo‘lsa?!

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:25:54

* * *
Yo rabbiy! Bugun qanday kun bo‘ldi?! Ertalab operatsia xabari bilan o‘pkamni qo‘ltiqlab, bir enlik etdan tushgan edim. Kennoyimni Xudo asrab, shifoxonasiga joylab qaytsam, ish stolimga o‘tirmasimdan qo‘ng‘iroq bo‘lyapti.
— Maqsudjon, Sizga ekan, — dedi mudirim. — Bugun nima bo‘ldi, erta demay, kech demay, sizni so‘roqlab qolishdi?
Men chindan xavotirlanib gaplashgichni oldim.
— Allo, eshityapman, — dedim yuragim po‘killab.
Sim ortidan ayol kishining muloyimdan muloyim ovozi kelardi:
— Maqsutxonmisiz?
— Ha, o‘zim.
— O‘sha gazetada ishlaydurgon?..
— O‘sha, o‘sha, — yuragim battar hapriqib kela boshlagan edi, dam o‘tkazmay so‘radim. — Kechirasiz, o‘ziz kimsiz?
— Men Asal opangiz... uzr, kech bo‘lsa ham bezovta etduk.
Ammo men bunday shirin ovoz egasini hech eslay olmasdim.
— Qaysi?.. — dedim uyatlu bo‘lsa-da.
— Chaman akangizning... opalari-chi, kelgansiz-ku.
Iya, sim ham odamni shunchalar aldarkanmi? Ichimda shu o‘sha Asalmi, derdim-u, tilim aylana qolmasdi. Nihoyat, ming bir xijolat ila:
— Eshityapman. Tanidim-tanidim, — dedim. Nima bo‘la qopti?! O‘sha zahar-zaqqumoyning o‘zi sim qoqmasa? Yo kemshiktoy topilibdimikan?!
— Mumkin bo‘lsa bir kelib-keting, jon uka, — dedi u kutilmaganda Xudoning zorini qilib.
— Aytavuring, aytavuring, nima bo‘ldi? — dedim yuragim chiqib.
— Akbarimizni bir qayoqlarga opketishayotgan ekan, Yodgor fahmlab. Tushunyapsizmi?.. Uni anuv kennoyingizni bolasi deb o‘ylashib...
— Qaerdan oldingiz bu gapni? — deb yubordim. Bilasangiz, esim teskari bo‘lib ketayozgan edi bu xabardan.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:26:04

— Siz manavini ko‘ring, o‘qing...
— Nima u, ultimatummi?
— Ultimatumiz nimasi? — dedi u.
— Garovga olib, shart qo‘yishsa, yuborishadigan xat. Shundaymi?
— Yo‘q, unaqa gap yo‘q, yo‘ldan jo‘natishibdi. Po‘chtada.
— Shunday demaysizmi, — dedim sal o‘zimga kelib. — Qaerdan tashlashibdi?
— O‘shdan ekan.
— O‘shdan?! Muhri shundaymi?
— Shunday.
— Unda qo‘rqmanglar, — deb taskin beraverdim, — tinchlik ekan.
— Siz shunday deysiz-da, o‘qib esimiz chiqib ketdi-ku.
— Nima deb yozibdi? — Darvoqe, men xatni ko‘rgan-bilganday taskin berishimni-chi! Qaytarib so‘radim.— Jichcha o‘qing-chi.
— O‘zi jindak.
— Unda hammasini o‘qiy qoling.
— Hozir, — u gaplashgichni qo‘yib, allaqayoqqa yo‘q bo‘lib ketdi. Meni esa g‘am bosib kelardi: «Akbarni avrab olib ketganlar Yodgorning ham iziga tushmadilarmikan ishqilib?» Bu orada u qaytib keldi. — Mana, eshiting: «Yetib ma’lum bo‘lsinkim, jilla qursa, bola tirik ekanidan xabar topinglar, deb shu xatchani jo‘-natyapmiz. Faqat qarg‘amangiz. Bular musofirchilikning toshdan qattiq noniga ko‘nib-ko‘nikolmay yurishganidan shuni ma’qul ko‘rdik. Biz bolani buvasi- nikiga olib ketyapmiz. Eson bo‘lsak, onasini ham yetkazgaymiz bir kun. O‘sha Tangritog‘ga. Ollohdan sabr tilangiz... Xudoyberdi beshikchi».
— Kim?
— Beshikchi.
— Sizlar tarafda shunaqa odam... bormi? — dedim garangsib.
— Eslay olmayapmiz. Eshitmagan ekanmiz.
— Qiziq-ku, — dedim. Ular kim bo‘lishi mumkin? Hech aqlim yetmasdi.
— Nima qilaylik? Ovoza qilmay o‘tiraturaylikmi yo... ertaga o‘ziz kelasizmi?... — dedi o‘zini Akbar saritoyning onasiman, deb atayotgan ayol.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:26:22

Men o‘zini sal taniyotgan bo‘lsam-da, ovozini hech o‘xshata olmayotgan edim. Shunday bo‘lsa-da:
— Sabr qiling, ertaga boraman. Hech kimga og‘iz ochmang. Eshitdiz-a? — deb tayinladim. Rostdan ham nega bormay? Saritoyni Yodgor fahmlab o‘g‘irlab ketishadiyu... yana onasi — aziz kennoyijonimni Tangritog‘ga olib ketmoqchi bo‘lishadiyu... men yetib bormaymanmi?! Yaxshiyam, kennoyim shifoxonada! Bo‘lmasa, naq o‘g‘irlab ketisharkan! Biz qo‘limizni burnimizga tiqi-ib qolaverarkanmiz.
— O‘libman-da... — dedi Asal opa endi o‘ziga o‘xshay boshlab. Uning zahar tili qichib kelayotganini ko‘rib, men gapimni andavalay qoldim.
— Anuv Zokir badbaxt kelsa, deyman-da. Bilasiz-ku, uni, yo‘q yerdan hid oladi. Qorasini ko‘rsatgani yo‘qmi ishqilib?
— Qayoqda! O‘sha dab bo‘lgancha ketib boryapti. — Shu vaqt unga kimdir nimadir dedi. Ayol kishining chalakam-chatti ovozi eshitilganday ham bo‘ldi. Asal opa «Xo‘p, xo‘p, aytaman», deya menga «yuzlandi»: — Darvoqe, Sizga omonat gap bor ekan, oyim aytyapti- lar.
— Omonat? — Men xushim boshimdan uchib, go‘yo oyog‘im ostida yer aylanmoqqa boshladi.
— Ha, Chaman akangizdan, — dedi u.
Ana, xolos! Shuncha borganimda indashmagan, endi aytishyaptimi? Uchini ham chiqarishmagan edi-ku?
Men simning u tomonida odam borligini ham unutib, «Nima ekan o‘sha omonat?», der edim o‘zimga o‘zim.
Mana shunisi hammasidan g‘alati edi.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:33:55

3. TANGRITOG‘ TOMONLARIDAN AYNIY BOSHLAGAN OB-HAVO...

Oftobga qarasam, u teatr binosi tomidan oshib o‘tib, kun peshinga yaqinlashib qopti. Biz ana shu muhtasham koshonaning shunday biqinida, ko‘chaning berigi betidagi binoda o‘tiramiz. Derazamiz ham o‘sha favvorali maydonga qaragan. Maydonni gir o‘ragan chinorlarning shohchalari endi bo‘rtib kela boshlagan, qayrag‘ochlar hali boshidan qora ro‘molini olib ulgirmagan bo‘lsalar-da, favvora ishlab ketgan, shuvillatib suv otib yotar, atrofida odamlar sollanib kezishni boshlagan edilar. Maydonchadagi gulzorlarda oq, sariq, pushti gullar yer bag‘irlab chandon ochila ketganlarki, tepadan bir chiroyli bahor kapalaklariga o‘xshab ko‘rinardilar.
Ko‘chada ham odamlar gavjumlashib, g‘imirlashib qopti. Demak, tushlik yaqin. Hamonki, Yodgormurodlarnikiga o‘tadigan bo‘lsam, yo‘lakay qittak tamaddi qilib olganim ma’qul. Qaytgunimcha oshxonalar tim-tirs berkilmasa ham sovuq ovqatga kunim qolmasin. Hozir Toshkentda nima ko‘p — quruvchi ko‘p, har yurtdan kelganlar ko‘p, bizning oshu kaboblarimiz tansiq. Har burchagu burilishda oshxona ochilib, doshqozonlar osilayotgani bilan o‘sha tansiq narsalar tugab, bir soatga yetmay choyxonalargacha huvillab qolyapti.
— Men surdim, — deb pastga tushib, ko‘chani kesib o‘tayotsam, orqamdan birov chaqiryapti. Otimni aytsa ham mayli ekan, erkalab chaqiryapti:
— Hov, pakana pari!
Yalt etib o‘girilib qarasam, ko‘cha yoqasidaga qayrag‘och takkinasiga bir ajoyib xorij mashinasi sekinlab kelib to‘xtayapti. Jonivor ilonning og‘zidan chiqqandek yaltiraydi. O‘sha kinolarda ko‘radiganimiz — shamoldan tez, xayoldan uchqur qora «Volva». (Bunaqasi Toshkentda yagona bo‘lsa ham ehtimol. Agar hukumatnikini hisobga olmasa!) Ichidan esa norg‘ul birov tusha boshlagan-u, men uni tanimayroq turar edim. Ovozi tanishdek eshitilgandi, lekin kim bo‘lsa ekan? Shaharda hech kim meni bunday atamas edi-ku?!
U o‘girilib, ko‘z-ko‘zga tushdi-yu, men shoshib qoldim. Nigohi juda ham tanish edi-yu, ammo o‘zini hech o‘xshatolmayotgan edim. Nahot shu — o‘sha qiltiriq Olim akam bo‘lsa? U Sultonmurod akamga o‘xshab norg‘ul tortib ketgan edi. Yo Sultonmurod akamning o‘zimikan?!

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:35:36

Men sarosimada qolganimni ko‘rib, u o‘sha yerdanoq mayin jilmaygancha quchoq ochib kela boshladi:
— Voy-vo‘, ko‘rar kun bor ekan-ku! Topar kun bor ekan-ku sizlarniyam! Sen tanimasang, men tanidim. Men topdim! Borakansizlar-ku!
— Olim aka! Nahot o‘ziz?!
— O‘zim-da, jigargo‘sham, o‘zim!..
Men-da, quchoq ochib talpinib bordim-u, yo‘l o‘rtasidayoq quchoqlashib ko‘risha ketdik.
— Voy, uchratgan joyimni qara-ya! Qaerlardan izlamadim sizlarni, qaerdan surishtirmadim! Birov Farg‘onaga ko‘chib ketishgan, deydi, birov qaytishgan. Borakansan-ku, jigargo‘sham, — deb quchog‘idan qo‘ymay u peshonamdan o‘par, yuzlarini yuzlarimga suykab, kuraklarimni silardi.
Men esa uning quchog‘ida bamisoli yo‘q bo‘lib ketgan edim. Olim akam tog‘alarimdek shunaqa norg‘ul tortib ketibdi. Hatto chekka sochlariga oq oralab ulgurib, katta kishi nusxi urib ketibdi. Voh, shuncha suvlar oqib ketibdimi?
— Qaytganmiz, qaytganmiz, — dedim.
— Men ham qaytdim. Bo‘lar shuncha tentiraganlarim, dunyo kezganlarim, — dedi u ham, — endi odamga o‘xshab yashay men ham. Sog‘indim o‘zimiznikilarni, — derdi u, menga tikilib to‘ymasdi. Hali bag‘riga tortadi, hali peshonamdan o‘pib qo‘yadi.
— Uni qara-ya, «Hizr»ni yo‘qlasam bo‘larkan. Ko‘ng-limdan o‘tishing ila yo‘limni kesib chiqib turibsan. O‘tir, ketdik, — deb qistashga tushdi u.
— Qayoqqa? — dedim beixtiyor.
Qolaversa, u juda bemavrid yo‘liqqan, qistalang paytda uchragan edi. Men yo‘lakay biron joyda tushlik qilib olib, Saritoylarnikiga o‘tmoqchi edim. Va’dam bor...
— Qayoqqa desang, men tayyorman. Ozod qushman. Faqat sen imo bersang, bas.
Biz bu dunyoning erka kiyigi «Volva»ga o‘tirvolganmiz, qayoqqa desam, o‘sha yoqqa haydaydigan. Ammo men o‘sha yoqni aytolmay turibman, niyatu va’damdan kecholmay turibman.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:35:53

— Shu kechqurun biznikiga keta qolsak-chi, oyim ham boshlari osmonga yetar edi, — dedim.
— U endi qochmaydi. Hozirgisidan gapir. Yaxshisi. hozir bir yetga o‘tamiz. Bir otamlashayluk, — deb u mashinasiga o‘t oldira boshladi. Shunda ham ko‘zimdan ko‘zini uzmay rizoligimni kutar edi.
Men esam uni Xudo yetkazganidan suyunish o‘rniga imillardim. U bilan Yodgormurodlarnikiga borgim yo‘q. Ishqilib, Kalkovuz bo‘yidagi o‘sha hovliga yaqinlashtirmasam deyman. Akamga aloqador odamlarni bilmagani ma’quldek.
— Ozgina tamaddi qilib olib, o‘tadigan joyim bor edi, — dedim axiyri.
— Yaxshi, hammasiga ham ulguramiz. Avval biron bahavoroq joyga boraylik, so‘ng tashlab qo‘yaman. Bunga nima, cho‘tmi? — dedi tulporiga ishora qilib.
— Shunday-ku, lekin... qanday tushuntirsam... — deb mijg‘ovlana boshlab edim;
— Agar men bilan boshlashib borishing lozim bo‘lmasa... o‘zing o‘taverasan. Yoki birga tamaddi qilging ham yo‘qmi? — dedi u hech og‘rinmay.
Haligi xayollarga borganimdan uyalib ketdim.
— Yo‘q, nega? Qani edi tulporingiz o‘sha jin ko‘chalarga kirib borolsa! Jon derdim-ku!
— Ketdik, ketdik. O‘ychi o‘ylaguncha, tavakkalchining ishi bitibdi.
Eshikni yopib, orqaga suyansam, deng... voh, o‘rindiq degani shunchalar yumshoq-rohatijon bo‘ladimi! Ang-tang qolibman. Bunaqa rohatni umrim bino bo‘lib, kuyovlik chimildig‘iga kirganda to‘rt qavat duxoba ko‘rpacha ustiga cho‘kib ham tuymagan edim. Shunaqa mayin, ham yumshoq, so‘ng bir ajoyib iforlar gurkirab kelar ediki...
Olamda shunday ujmohlar bo‘lar ekanmi, deb alang-lar ekanman, u ohista jildi. Jildi nimasi, turgan yeridan xuddi suvda suzgandek suzib chiqib, ko‘cha o‘rtasiga tushib oldi-da, shuvillab keta boshladi.
— Zo‘r-ku, biznikilar buning oldida qaldiroq arava ekan-ku,— dedim akamga.— Biz so‘kkan kapitalizm-ning mevasimi shu?
— Sen bu «qo‘g‘irchoq»lariga mahliyo bo‘lma. Orqasidan keladigani yomon, — dedi akam negadir qo‘l siltab.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:36:07

— O‘zingiz-chi, opkepsiz-ku?
U menga qarab qo‘ymayin ham burnini jiyirdi:
— Havas qiladiganmas ularning hayoti. Yegani oldida, yemagani orqasida bo‘lgani bilan... ertasi voy.
Men tushunmadim:
— Qanday qilib?
— Olloh bularning bu dunyosinigina bergan... u dunyosini bilsami, uvvos solib yig‘lardi hammasi.
— Yo‘g‘-e.
— Hammasi oxiratidan bexabar. Oxiratini o‘ylasa, zakotu sadaqani ham bilardi. Dunyo to‘la och-nahorlar. Lekin o‘shalarga bir miri ilinsin-chi! He, yo‘q, ularning falsafasi — yashab qolish, boshqalar ezilib o‘lib ketmaydimi!..
Olim aka yo tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketgan, yo meni sinash uchun aytayotgandek edi bu gaplarni. O‘zi-chi? O‘zi o‘sha narsani minib yuripti-ku, yana bu dunyo matohlarini mensimaganday so‘kishi g‘alati. O‘zi qaysi boyvachchadan kam?! Bo‘zsuvda, akasining qarorgohida nimalar qilib yurib edi, (necha yil yo‘q bo‘lib ketib!) endi oxirat haqida gap sotib qopti?! Ustamonlik ham evi bilan-da! Qo‘yib bersa, muftiylik sallasini o‘rab amru ma’ruf qilmoqchi.
Men mashinasiga chiqqanimdan pushmonda edim: qani endi bir mo‘’jiza ro‘y berib, ko‘cha o‘rtasida o‘chib qolsa-yu, ishim zarurligini bahona qilib, surib yuborsam...
Qayoqda! «Volva» katta yo‘ldan shuvillab boryapti, qilt etsa qani! Boshqalar shamoliga ham yetolmay qolib ketyapti. Go‘yo bu g‘ildiragini ichiga tortib olganu yo‘ldan to‘rt enlik ko‘tarilib olib, uchib borayotgandek.
— Baribir tan berish kerak, biz hali-veri yetolmaymiz ularga!— dedim men besh ketganimni yashirmay.
Olim akam mening g‘o‘rligimdanmi, nimadan ilja-yib qo‘ydi. Go‘yo sen nimani ham bilarding, deganday.
— O‘ksishingga arzimaydi! Ular yetgan joyga biz ham yetarmiz, lekin bizda boriga ular yetolmaslar!

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:36:52

— Tushunmadim...
U xo‘rsindi:
— Bizdagi oqibat, muruvvatpeshalikning urvog‘ini topsalar, do‘ppilarini osmonga otar edilar. Afsuski, u yerlarda mushuk ham bekorga oftobga chiqmaydi. Bilding?
— O‘sha yerda ham Xudo taolo deydiganlar bordir, axir?
— Bor, lekin oqibat o‘ziga yarasha, bizdagiga qiyoslabam bo‘lmaydi.
— Bu yoqdan o‘tib borganlar-chi? Axir bir vaqtlar ozmuncha odam... — dedim.
— Hijrat qilib ketganlarni aytasan-da? Ular alohida olam. Kerak bo‘lsa, jonlarini fido qilib yuborishadi. Men anuv o‘zlarini dunyoning ustuni hisoblab yurganlarni aytyapman. Asli Olloh ularni dunyoga sochib, to‘zitib qo‘yibdi-yu, anglab yetgilari kelmaydi. O‘z aqllariga mahliyolar: manavinaqa ilonning og‘- zidan chiqqandek mashinalar, kemalar, uchoqlar yaratolganliklaridan o‘zlarini unutib qo‘yganlar. Vaholanki, insonga hardal urug‘icha ham ilm berilgan- mas...
— Biz qayoqqa ketyapmiz? — dedim birdan atrofga alanglab. Qarasam, Xadraning chorrahasidan o‘tib borayapmiz.
— Qaerga bo‘lardi, «JAR»ga-da. Ovqatning doda-xo‘jasi o‘shatta-da. O‘shanaqasi boradigan yeringga tashlab qo‘yaman. Xasti Imomga borasanmi? — dedi Olim akam labining chetida jilmayib.
Men yoqa ushladim: «Xasti Imom tomongaligini qayoqdan bila qoldi? Kimnikigaligini ham bilar balki?»
— Biz kirolmaydigan jin ko‘chalar yana qaerda qopti? Hammasi buzilib bo‘pti-ku, — dedi u.
Men o‘zimning anqovligimdan o‘zi zil ketib, gapni burdim:
— Ishqilib, o‘ziz markazroqda turibsizmi? G‘irotingiz bunaqaligiga yarasha?
— Menmi? — dedi u yalt etib qarab. — Aytmadimmi hali? O‘sha ishxonangga yaqin yerdaman. Hukumatti uylari bor-ku. O‘tganmisan hech?
— Yo‘lim tushganicha yo‘q, — dedim tan berib. (O‘shatdanki, joy olgan bo‘lsa, demak, xizmatni qilib qo‘ygan ekan-da? Obbo, anoyi-ey, yana oxiratdan gap sotadi!).

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:37:08

— O‘sha Tuproqqo‘rg‘onning orqasida. «Qush uchib o‘tolmaydigan» joylar bor. Shunday pastimizdan anhor oqib yotibdi.
— Anhor yoqasi bo‘lsa, yomonamaskan, — dedim ichimdagini qult yutib. Ichimda esa, boshqa narsa g‘imirsilayapti: o‘zi zodagonlarning qavatiga joylashib op-ti-yu, yana kimlarni so‘kyapti?!
— Sen bir kun ishdan chiqadigan vaqtingni aytsang, men kutib olardim: bir otamlashardik. Keyin xolamlarni, kelinni opkelasan. Bordi-keldi qilamiz. Odam odamga g‘animat,— dedi u yana ham yaqin olib.
— Xudo xohlasa, — dedim manzirat fahmlab, — mavridi ham kepqolar.
— Yo‘q, chindan aytayapman: bordi-keldi qilaylik. Bu dunyoning ziynati shu-da. Qolaversa, payg‘ambarimiz aytganlar: qarindoshlar bilan orani yaxshilang, deb. Shuncha uzilishib ketganimiz yetar. Hali Nusrat pochchanikiga topib borolganimcha yo‘q. Qo‘ldosh tog‘amlaru kenja tog‘amizni, bir-biridan aziz xolalarimni ko‘rgim, duolarini olgim keladi. Istasang birgalashib o‘tardik. Zilzila bo‘lib, hammalari har yoqqa to‘zib ketishibdi. Topishib yuborsang, xo‘b savobga qolarding-da.
Olim akam ayni damdagina shunaqa kayfiyatdamidi yo chindanam sog‘inganmi, hech ajratolmasdim. Olloh o‘zi kechirsin. Ko‘nglimga bir-biridan shubhali gumonlar oralab, aylanib-aylalanib kelyaptiki: odatdagi tilyog‘lamaligi emasmikan, deyman va shu zahoti bu fikrni kallamdan quvib solaman: Asta’firulloh, asta’firulloh, qanaqa odammiz o‘zi? Shayton yetoviga tushib qolmaganmizmi mabodo? Birov sidqidil yuragini yorsayu biz qayoqdagi gumonlarga borib yursak?!
— Nega boshlab bormaskanman, bir og‘iz so‘zingiz... — dedim ich-ichimdan chiqarib.
— Rahmat, ukaginam, — u rulda o‘tirgan yerida qayrilib yelkamga qoqib qo‘ydi. — Shunaqa deyishingni bilardim. So‘zimni yerga tashlamasligingni, chaqirsamoq uchib kelishingni bilardim. Rahmat, sen o‘zi bir bo‘lakchasan. Zo‘rsan, pakana pari.
— Judaya unchalikmas, qo‘ying, — dedim xijolatlarga botib.
— Yo‘q, behazil. Endi chin aka-uka bo‘lamiz. Maqsud. Axir xolam kimlar bizga? Onadek gap...

Qayd etilgan