Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202697 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 ... 52 B


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:06:29

Tilla xolanguz borakanlar. Aqlu hushimni joyuga keltirub qo‘ydular. Rostdanam shularga uchramaganumda holim nima kechardu ekan?
— Keling, choy ichovuz. Maqsudxo‘jam bilan zo‘r churrak nonlar opkelganvuz. Unuting hammasini. Orqaga tashlamasa, bu dunyoda yashab bo‘larkanmi, — deya qo‘yarda-qo‘ymay choyga olib chiqdular-da, choydan keyin esa Maqsudxo‘jaga bir ish buyurub, xoli olub qoldular.
— Aytmoqchi, anuv namoz nima bo‘lyapti? Turyapsizmi? — deb so‘rab qoldilar.
— Qaysu? — dedum dabdurustdan anglab yetmay.
— Yarim tundagi-chi?..
— Unimu, qodir qilgancha... o‘qiyapman, — dedim uyalub.
— Yo‘q, siz uzmay, bo‘lmay o‘qing. Har kecha o‘qing. Sizga eringiz kerakmi — o‘qiysiz! Yig‘lab so‘raysiz O‘zidan. Bir kecha emas, o‘n kechamas, qirq kecha turib so‘raysiz. O‘z oyog‘i bilan kirib kelmasa — ayting! Olloh bo‘ladi-yu, yig‘lab so‘raysiz-u, yetkazmaydimi?!.
Shu gaplaru bilan o‘sha namozga turadurgan bo‘ldum. Yarim kechadan o‘tganda tahoratlar qilub, o‘zumnu tayyorlab, sakkiz rak’at namoz o‘qiyman-da, joynamoz ustuda Ollohumga munojotlar qila ketaman. Qaerda bo‘lsangiz ham hifzu himoyasiga olishunuyu ko‘nglingizga yurt sog‘inchinuyu bizlarning sog‘inchimuznu solub, bu yoqlarga otlantirishinu, aziz boshingizni toshdan etub, omon-eson yetkazishinu so‘ray boshlaymanu yig‘i ham ich-ichumdan toshub kelavuradu, toshub kelavuradu. Tepamasjiddan azon chaqirgunlarucha shu o‘tirishum — o‘tirish. Shu yig‘um — yig‘i.
Keyin turib, yuz-ko‘zlarumni chayub, qayta tahorat olub, kichigoyumlar bilan bomdod o‘qiymiz.
Shunday kunlarning birida yana ertalab, yana ular bozorga ketushgan mahal eshigumiznu bir paranjuli xotin chaqirub keldu. Ichkari kirib boshidan paranjusinu olub edu, judayam ko‘hlik, kelishgan juvon ekan. Bizdan ulug‘rog‘-u, lekin yasan-tusani joyida, aynuqsa, duxoba nimchasi qarg‘ashoyi ko‘ylagi bilan yig‘lab ko‘rishgan edu.
— Kelung, opajon, — dedum.
— Yaxshimisuz, opovsi, — dedi u ham yelkamga qoqib-ko‘rishub, — siz adashmasam, Salom xolamlarni kelinlari bo‘lasiz, shundaymi?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:06:49

— Shunday, — dedim iymanib-tortinub.
— Tabibchilikdan xabariz borakan, — dedi u o‘sha-o‘sha tusmollab.
— Biroz... Lekin men bu ishnu bo‘ynumga olgan emasman, opajon, — dedim rostiga ko‘chub.
— Mayli-da, kelinposhsha, so‘radim-da, — dedi taskinmi-tasallumi berib, so‘ng yana qaytarub. — Aybga buyurmaysiz, qaerdan bo‘lasiz, — dedu.
Men aytub edum, to‘g‘ri topib kepman, rost aytishgan ekan, deb qo‘ydu. Nimaga bunday deyaptu, kim yuborgan, so‘rashga til qanu, lekin ichum toshub ketmoqda. Nazarumda, biz uchun bir suyunchilug‘ xabarlar, chiroylu mujdalar olub kelganday.
— Adashmasam. Iqbor otinnikiga Marg‘u qizining suvratida borgan ham o‘ziz, shundaymi? — dedi u hamon shirin jilmayishinu qo‘ymay.
— Iltimos qilishub edu. Men bu ishlardan bexabar borub qolubman, — dedum.
— Qaytaga savobga qopsiz, kelinposhsha, — dedu o‘zinu yaqun olub.
— Kelung, — dedum niyatuni bilgum kelub. U boyagudek shirin jilmaydu.
— Sizga bir yumush chiqib qoldi, kelinposhsha, — dedu haligudan ham o‘zinu yaqun olub. Ilojuni topsa, qulog‘umga aytsa. Men ham uni yoqtirub qolgan edum:
— Zarur bo‘lsa, jonum bila, — dedum.
— Borasizu qaytasiz.
— Qaerga, uzoqmu, — dedum.
— Yo‘q, shu yerda, shu tepaning orqasida. Hovlimizga o‘tavuzayu o‘zim opkeb qo‘yaman.
Tavba, nimagadur ichum tushib, borgum kelub turibdu.
Chindan o‘ziz chaqirtirgan bo‘lsanguz-chi? Yo chopar yuborubsizmukan? Qani, so‘ray olsam?!
Oldinma-ketin borayapmiz ikki paranjiluv. Juvon oldinda, men ergashub. Ko‘chada zog‘ yo‘q. U sochvonini bir chiroyluv orqaga tashlab olgan. O‘zi ham yuzi ochiqqina, jilmaysayoq kulgichlari o‘ynab bir chiroyluv tortub ketadikan. Bir ko‘rgandayoq yoqtirub qolubman, ham ishonub ergashub borayotganumni ayting. Men unga maftun, u menga maftun. Har qadamda o‘girilib:
— Kelyapsizmi, kelinposhsha? — deb qo‘yadu, bu ham yetmaganday shirin jilmayub, tasallular beradu, — hozir yetovuz. Boravuzayu qaytovuz. O‘zim opkeb qo‘yaman.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:07:03

Aytganday, Tepamasjiddan oshub, pastga ketgan yong‘oqzor ko‘chaga burulduk. Qachon ekilgan ekan, har yon-g‘oqlarki, osmonu haftumda ishkomday tutashub ketgan. Bu yong‘oqlarni qanday qoqib olishadu — aql bovar qilmaydu. Ularning ustida zarg‘aldoqlar bir chiroyluv biyov-biyovlab sayrashub yotishibdu. Bog‘ hovlularning etagidamu, qaysibir chakalakda bulbul chah-chahlab qo‘yadu. Qushlar shunaqa emin-erkin, bog‘lar shunaqa soya-salqin. Jannatmu bu yer, deysiz.
— Yetduk, kelaqoling, — deb yo‘l boshlovchum yakka tavaqali pastak eshik ostonasida boshidan paranjusini oldu.
Yurakum bir orziqdiyu yana o‘zumni bosib oldum: nimaga yuzini ochyaptu, sizlardan qochmaydumu? Kim bo‘lsa ekan u Sizga? Xayol qurg‘ur har yoqlarga olib qochadu. Axir Sizga tegishluv bo‘lmasligi ham mumkin-ku. Bu ko‘hluk juvon menu avrab olub kelutgan jin bo‘luvi ham mumkun-ku. Men laqma laqqa tushub kelub o‘tirubmanmu?
Yurakum taka-puka bo‘lub, yana bir qadam bossam bo‘yra tashlangan chohga tushub ketadugandekman. Or-qaga qochub-qocholmayman, uchub-uchub ketolmayman.
— Voy, o‘z uyizday kiravuring, qo‘rqmang. Sizdan ikki og‘izgina gap so‘rashadi, xolos. Keyin o‘zim oborib qo‘yaman, tortinmang, — deb qistardi juvon.
Men esam, kim so‘raydu, nima so‘raydu, bilsam o‘lay, boshum g‘ovlab, esum og‘ub boryaptu. Bir kami so‘roq berushim qolgan ekanmu! Kimga, nega — bilsam o‘laqolsun agar.
— Kelavuring, tortinmang hech, — deb tasallular berib, juvongina meni ayvonga boshlab ketyoptu. Kuraklarumni silab, yelkamga qoqub qo‘yadu, daldalar beradu, — yuzizni ochmasangiz ham mayliga. Shunday, eshik oldida tursangiz, bas. U kishi ichkarida, parda ortidalar. Yuzizniyam, o‘zizniyam ko‘rmaydilar. Faqat ikki og‘iz o‘zingizdan eshitmoqchilar. Juraqoling.
Nihoyat zinadan ko‘tarilub, aytulgan eshik oldida to‘xtaduk. Men paranjuga o‘ranub, sachvonumnu tushurib olganman. Birov ko‘rib, tanub qoladigandek bandagimnu tortub, juftlaganum-juftlagan.
Juvon eshiknu qiya ochub, ostonada turgancha ichkariga ovoz berdu. Men shift barobar tortilgan oq surpdan bo‘lak hech narsa ko‘rmasdum. Parda ortida kim bor — uni ham bilmasdum.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:07:14

— Adasi, biz kelduk. So‘raydiganizzi so‘ray qoling.
Bu gapni eshitub hushim uchdi: Kimning ayoli ekan bu juvon? Hali erining topshirug‘i bilan borgan ekanmu?
Ichkarudan qiroatlu ovoz keldu:
— Yaxshimisiz, yanga? Uzr, bezovta etub qo‘yduk.
Begona erkak ovozidan kapalagum uchub, sapchub tushdum. Xuddi u kishi menu ko‘rib turgandek edu, eshikdan nari tisarilubam kettum.
Juvon dalda bo‘lsin debmu, men tomonga chiqub kelarkan:
— Voy, adasi, kelinimiz hali yosh, popuvdek ekanlar, kelinposhsha deyavering,— deb tushuntirish bergan bo‘ldu.
— Uzr-uzr, ming bor uzr. So‘rang-chi, Sultonmurod oshnamizdan qanday xabarlar bor ekan? Bilganlarini aytsunlar, xotirjam tortayluk, — dedi u.
Men Siz haqingizda biron mujda eshitarmanmu yo biron chopariz borakanmu deb o‘pkamnu qo‘ltuqlab kelub edum. Bu kishi mendan so‘rayotganuni eshitub, tarvuzum qo‘ltug‘umdan tushdu. Va shu zahotu uning gaplaridan boshqa hikmat, boshqa taskin topganday bo‘ldum. Oshnamiz deyapti, begona emaskan-ku. Oqibati borki, hamiyat qilub chaqirubdu. Odam yuboribdu. Shunisiga-da, shukr.
— Ayting, aytavering. Sizni ko‘p ushlamaydilar. Eski tanishliklari haqqi so‘rayaptilar, — deb tushuntirar, shivirlar edu ayoli.
— Nimayam dey? Kelushlari kerak edu — sarhadlar berkilub o‘tolmay qoldularmu, — deya oldum.
— Olloh har kishining mushkulini o‘zi oson etsin. Oshnamizning yo‘llarini ham ochsin, ilohim, — deb duo qildi avvaliga. Duosidan juda mutaassirlandum. So‘ng dedi: — Kelin, Siz ko‘pam g‘am yemang, u tegirmonga tushsa butun chiqadiganlar xilidan, xudo xohlasa, kelibam qoladi.
Ko‘pdan hech kimdan bunday shirin so‘z eshitmagan edum, ko‘nglum bo‘shashub:
— Rahmat, mulla aka. Farishtalar omin degan bo‘lsunlar, ilohim, — dedum.
O‘rtadagi begonalik ko‘tarilub, qayoqqadur chekilgan edu. U kishi otalarcha mehribonlik ko‘rsatub bir nimalarnu so‘rar, men baholu qudrat javob qilar edum. Nazarumda parda ortida oq soqolli, yuzlaridan nur yog‘ilgan bir mo‘ysafid o‘tirgandek edi. Faqat tushunmasdum: nega meni boshlab kelgan bu ko‘hlik juvon adasi demoqda, cholga tushgan ekanmu deyman. Balki otasidur chalkash eshitgandurman. Yana ishtibohga tushaman: Unda nega oshnamuz demoqda Siznu? Hech tushunuksiz. Parda ortida qay holatda o‘tirubdu yo turibdu — unisiniyam bilolmayman. Faqat qiroatluv ovozidan o‘sha suvratda — mo‘ysafid suvratida ko‘z oldumda turibdu.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:07:27

— Salomxon xolanikida ekansiz. Ishonchli joyda. Qalay o‘tiribsizlar? Xola bardammilar, haliyam mashinachilik qilyaptilarmi? — dedi u.
— Qilyaptilar. O‘tiribmuz bir navi, — dedum. Nimanu so‘rarkan — hech aqlum yetmaydu.
— Ollohning panohiga. U kishining qavatiga kelib, yaxshi qipsiz. Faqat, — dedi u tomoq qirib, so‘z qidirinib, — faqat, qulog‘imizga chalinayotgan ba’zi uzunquloq gaplar... aybga buyurmaysiz, kelin, o‘zingizdan so‘rab-surishtirmoqqa, aniqlashtirmoqqa majbur etayotir. Bizga Xudoni o‘rtaga qo‘yib, lilloh so‘zni aytavering, kelin. Nimalar bo‘lyapti? Kim Sizni, sizlarni xafa qilmoqda?
Shuncha voqealar kechub, hechkum bunday o‘rtaga tushmagan, so‘rab-surishtirmagan, holing ne kechyapti demagan edu. Bilmayman, to‘lub turgan ekanmanu, yo qaysibir so‘zi yurakumning ingichka yerlariga tegub ketganmidu bir xo‘rluk bosub kelub, o‘zumni tutolmay qoldum.
Nazarumda parda ortida boshqa birov emasu, dadam o‘tirgandek edular. U diyordan yetub kelishga kelub, topub kelishga kelub, faqat yurakkinasinu yorvor- mayin debmu parda ortida boshqa kishi nomidan hol surab turar edular. Endi topdum. Qiroatluv ovozlari ham juda-juda o‘xshab ketar edu.
— «Dadajon, o‘ziz-ku. Bu men Mahfuzangizman, baxtiqaroinguzman», — deb o‘shayoqqa otilgum kelar-u, otilolmasdum.
Faqat, yig‘umni tutolmadum. Bosolmasdum. Ich-ichumdan bir titroq bilan, qaltiroq bilan bir xo‘rlik bosub keldiyu chaqurub borgan juvonni quchoqlab olub, bir yig‘lab berdum, bir yig‘lab berdum.
«...Dadajon, shuning uchun menu bu yoqlarga jo‘natub edizmu? Shu ko‘rgiliklarnuyam-da ko‘r, peshonangga yozilgani shu, devdingizmu? Ko‘nglingiz bo‘lmay endi o‘ziz qidirub keldizmu? Shuncha yerdan topub kelduzmu? Olub keting, bu yog‘iga chidolmayman. O‘z diyorumizga olub keting. Bir kunam turolmayman bu yoqlarda!» — deb bo‘zlardum. Ovozum chiqyaptimu, yo nuqul yig‘i bitganmu, u yog‘ini bilmasdum. Juvonga yopushib olgandum.
U esa:
— Hoy, kelinposhsha, o‘zizzi tuting, o‘zizzi bosing. Uyat bo‘ladu. So‘raganlarini hammasini aytmasangzam bir og‘iz tasdiqlasangiz bo‘ldi, u yog‘i bularning ishi. Siz u yog‘ini o‘ylamang,— deb ovutarmudi, yupatarmudi, yelkalarumni, boshlarumni silab, bag‘riga bosarmudi — men o‘zumga kelolmasdum.
Shuning orasida haligi odam bir g‘alatu ovozini ko‘tarub:
— Bonu, Bonu deyman! — deb qoldu.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:07:41

— Labbay, adasi, hozir, — deb men bilan hayalladi juvon, — mana, hozir.
Qistama, o‘ziga qo‘yib ber, deydimu deb o‘ylab edum. Ammo parda ortidan uning shoshqich ham holsiz ovozi kelardu:
— Bo‘la qol, Bonu. Bir piyolagina...
U suvmi, nimadir so‘rar edu.
— Ketyapman, — juvon erining holini o‘zi biladi shekilli, ichkariga chopdu va shu asno oq pardani yulqib ochub, paqirdagi suvdan kosalab olarkan, ko‘zum o‘zum hozirgina gaplashgan odamga tushub, tosh qottum. Parda tushub bo‘lgan, juvon eriga suv tutar, «Mana, adasi, icha qoling», deb jonsarak bo‘lar-u, mening ko‘z oldumdan tancha yonida yostuqlarga ko‘milub o‘tirgan jaji desammu, jajmon desammu, yarimta odam ketmasdu!
Ishonasizmu, o‘zi jimitdek, ammo soch-soqoli oppoq odam... (bu qanday hol?) xumdek boshini tizzalari orasiga soluntirub o‘ltirar edu. Tizzalari, qo‘llari rosmana, tavba.
Men kimnu ko‘rdum, nimanu ko‘rdum, u jinmidu, insmidu, halu-hanuz ajratolmasdum.
Ko‘rganum — ko‘rayotganum, men turgan bu ayvonlar, pastdagi hovliyu anuv azim tut — barchasu bir ro‘yo desam, ichkarudagi o‘sha oq parda ortudan juvonning tanish-jonsarak ovozu kelub turar edu:
— Iching adasi, iching, g‘uborizzi oladi muzdek suv. Bu tarnovni suvi — Ollohning rahmati, — derdi u.
— Ichdim, Bonu. O‘tdi, o‘tib ketdi shekilli, Bonu. Yaxshiyam sen borakansan. Ko‘kning, buloqning suvlaridan opkeb qo‘yganakansan. Xuddi zamzam ichgandek bo‘ldim. Dardlarim aridi-ey. Buyam bo‘lsa, Xudoning g‘amxo‘rligi. Yo‘g‘ingda tutsa, nima qilar edim.
— Tutmaydi, adasi, Olloh hafiz — bardam bo‘ling.
— Inshaalloh de.
— Inshaalloh. Birdan-bir so‘raganim shu-ku, adasi. Shunchalik umr berib qo‘yibdi, o‘zining zikri, shukri, ibodatiga mashg‘ul qilib qo‘yibdi, bu yog‘iga ham o‘zi asraydi, adasi.
— Bu dunyoning ishlariga aralashib, manavinday qozivozliklar qilib o‘ltirishim ba’zan...
— Unday demang, qahri kelgay Ollohning. Bunday chiroyli amalni hamma ham topsin-chi, qilsin-chi! Qo‘ying, tilingizga olmang qaytib, Xudo bilsin — o‘zingiz biling...
— Avvalgi gunohlarimning kafforotiga o‘tsa, bas, menga shuni o‘zi kifoya, Bonu, kechirsa, bas.
— Shuni bilsangiz — qaytmang. Ollohning shari-atini baland tutish Sizning zimmangizga tushgan ekan, qaytmang.
Ular meni-da unutub, bir-birlariga taskin berishar, o‘zuning shu ahvoli-shu alpoziga adolatchi bo‘lib o‘rtaga tushganiga men hayronu lol edum, o‘zuni zo‘rg‘a eplab o‘tirgan odam qanday o‘rtaga tushyapti, hech aqlum bovar qilmasdu. U kim o‘zu, o‘zuga yeng bo‘lguncha birovga en bo‘lishga jazm etgan? Bu ishlarni kimga ishonub qilmoqda?
Yolg‘iz Ollohgamu?..»

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:08:06

4. O‘TAG‘ASINING O‘RDASI
yoxud qissago‘yga noma’lum, muallifga ayon tarixlardan yana biri


— «Alhamdulillahi lakal hamd, alhamdulillahi lakal shukr, alhamdulillahi ne’mati fahma din». O‘zingga beadad shukrlar, — deb shivirlardi u mushtdek bo‘lib, bolishlarga ko‘milib o‘tirganicha.
Yana bir tun chekilib, kecha kunduz bilan almashinmoqda edi. Almashinmasa, nima qila olar edi inson? Holi ne kechar edi? Tun qorong‘uligida surgalib-tentirab o‘tkazarmidi umr? Xayriyatki, Zoti avval — Hayyul Qoyyum rahm etdi: kecha o‘z o‘rnini tongga bo‘shatdi.
U chilla pardalari ko‘tarilib, shiftga tortib qo‘yilgan uyda har kungidek tancha to‘rida qiblaga yuzlangancha bir amallab o‘tirar ekan, o‘sha yolg‘iz ishonga- ni — suyanganiga tonggi hamd aytmoqda edi. U hamd aytmay kim aytsin! Qaysi gunohlari evaziga oyoqlaridan jonu madorni olib, o‘zini bir burda — yarimta jonga aylantirgan Olloh uning o‘rniga to‘rt muchasi sog‘ har odamlar yetisholmaydigan bir hidoyatga, bir nuri taskin — ko‘ngil yorug‘ligiga musharraf etib qo‘yibdi, axir.
— Alhamdulillahi ne’mati islom, — deb shivirlarkan, tashqaridan ham tong shovurlari kela boshlagan edi.
Eng avvaliga bo‘g‘ot ostidan bir juft qushcha parillab uchib chiqdi. So‘ng bog‘ adog‘idanmi, qay yerdan qorashaqshaq ovozi keldi. So‘ng g‘urrak g‘urillab, chumchuqlar chirqillashga tushdilar. So‘ng har kungidek hovlidagi yolg‘iz tutning ustida sa’va chiv-chivlamoqqa, qo‘shni tomondami — undan narida qarqunoq qiv-qivlamoqqa boshladiyu qay qush qaerda sayrayotganini ham ajratib bo‘lmay qoldi. Olam ularning chug‘ur-chug‘uri, tasbehotlariga to‘lib bormoqda edi. Faqat ora-orada jannat qushlarining ovozi kabi bir sayroq — haqqu, haqqu, haqqu ovozlari eshitilib qolardi.
O‘zi-ku, yarim jon — o‘tirib qolgan odam. Bu yoq umri so‘nggi nafasiga dovur foydaga qolgan. Lekin har bitta shovur, har bitta ovoz ming hikmatga burkanib, quloqlariga yetib kelaveradi. O‘zi esa bu dunyo hayotidan boqiy dunyo alomatlarini qidirmoqqa, topmoqqa, shundan taskin-tasallular olmoqqa mahkum. Bu yerda o‘tirib xayoli olam kezadi, shu o‘rdasidan chiqmay Kattabog‘u Yakkabog‘da, undan nari — Qa’ng‘liyu Chalada kechgan-kechayotgan voqealarni elakdan o‘tkazadi. O‘sha mavzelardan kelgan har bitta xabarni yutoqib eshitib, shu elakka tashlaydi. Bu «elak» esa har bitta sitamgarga qanday jazo tayinlashu jabrdiydani qay tariqa rag‘batlantirishni ham unutmaydi. Bu ishni yolg‘iz Olloh rizoligi uchun qilayotganini yashirmasa-da, o‘zini tanitgisi yo‘q. Barcha-barchasi riyoga aylanib ketuvidan qo‘rqadi. Illo, uning niyati ham oxirat sanduqlarini savob ila to‘latib olish. Jon esa omonat. Egasi qachon huzuriga chorlasa, labbayka va sa’dayka aytib, boruvga hozir.Unga dovur harqalay chiroyli amallar qilib qolmoq mumkin.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:08:16

Taqir gilam ustiga bir hovuch nur tushib, Bonu kirgani bilindi. O‘sha nur shu’lasida ming-milliard zarralar g‘ujg‘on o‘ynab, tilla gardlar goh to‘zonlanib, goh holsizlanib hallanar edilar.
— Asslomu alaykum, adasi. Sanolariz tugagan bo‘lsa, nonushtani hozirlayversam, devdim? — Ayoli bir chetdagi joynamozini olib, qoziqqa ila boshladi.
— Vaziri a’lamdan darak yo‘q. Hayalladimi bu-gun?
— Kun yoyilguncha kelib qolar, choyni nima qilay?
U ayolining yuziga uzrxoh termuldi:
— Qayoqqa ham shoshaman, Bonu. Jindek kutaylik.
— Toliqib qolmang.
— Sen opkirarsan ham, lekin usiz choy ichimga tusharmikan? — dedi u jilmayishga urinib.
— Tinchlikdir, adasi. Bo‘lmasa, allaqachon yetib kelishardi-ku.
— Gaping to‘g‘ri-yu, tun qanday kechganini bil- maguncha yegan-ichganim ichimga tushmaydigan bo‘p qolibdi.
— Mayli, o‘zizga qarang, — Bonu uy yuzini yig‘ishtirib chiqdi ham, boyagi hallanib g‘ujg‘on o‘ynagan to‘zon ham so‘ndi-qoldi. Ortidan eshik berkilgan edi.
Shu mahal atrof-javonibni jangillatib, o‘rikzor ichida ot kishnadi. Tokchalardagi patnislaru xanik chetidagi jomga qadar jaranglab ketgan edi. Tanidi. Bu o‘sha-o‘zlarining saman toyi. Ho‘b otmisan — ot chiqyapti-da. Shuning uchun ham vazirga berib qo‘yibdi. Xolis, sidqidil xizmati uchun. Qolaversa, o‘zi ot minarmidi. Ot minish, uloq chopish muhabbatlaridan bir yo‘la mosuvo bo‘lgan, kechgan. Yaxshiyam, shunday bo‘lgan ekan. Olloh dunyo muhabbatini olib, o‘rniga boshqasini berdi. Bermasa, o‘sha ko‘yi qoldirib yuborsa, nima qilardi? Xuddi Fir’avnga dard bermaganidek.
Hozir-chi? Oyoq baravariga ketgan. Ba’zan jindek uvishib, jimirlab qo‘yishini aytmasa, sonidan pastlari yo‘q hisob. Qo‘l bilan tortib olmaguncha ham o‘ngarilish amri mahol. Jussa bu ahvol. Jimit torta-torta shu ahvolga keldi. Tag‘inam Olloh hafiz-aqlini olgani yo‘q. Farosatini olib qo‘ya qolsa, nima qilardi? Yana o‘ziga shukr, ko‘ksi butun, ko‘ksida o‘sha hidoyatini darig‘ tutmagan zotga cheksiz, anduhsiz muhabbati bor. Balki uni bu dunyoda tutib turgan ham o‘sha muhabbatdur. Uning qoshiga, huzuriga quruq qo‘l bilanmas, oxirat sanduqlarini xush amallar bilan to‘latib borishga orzumandlik, oshiqish, shoshish tutib turgandur. Bo‘lmasa, shu holiga ilgarigi tovkasidagilarni yoniga yig‘ish, o‘shalar bilan Ollohga xush keladurgon bir nimalar qilishga urinib yotish — kimga zarur edi?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:08:28

Shu mahal bog‘ eshik ortida yog‘och ko‘prik do‘pirlab, ot pishqirdi. So‘ng ot bog‘languncha vaqt kechib, eshik zulfini shiqirladi va:
— Hoy, po‘sht, biz kelyapmiz, — degancha kutgan odami hovliga kirib kela boshladi. Tuni bilan izg‘igan odamning bir qop yong‘oq kabi shaldur-shuldurligiyu vag‘irlab kelishi qiziq edi. Tavba, qachon mizg‘ib ulguradi bu odam, yo qush uyqusiga egardagisi ham yetarlimi — hech bilib bo‘lmasdi.
Bolajonlikda vazirga taraf yo‘q. Mana, hozir ham u quchoqni keng ochib, cho‘qqayganicha Kokiltoyni chaqirmoqqa tushgan edi:
— Qani, qani, toy bola, toychoq bola, kela qolsinla. Vaalaykum, vaalaykum. Katto yigit bo‘ling, mullo yigit bo‘ling, to‘ylarizzi guli o‘zim bo‘lay. O‘rtalarni o‘zim qizitay. Qani, qani, bir achomlashup qo‘yyaylik. Kuraklarni silashup qo‘yaylik. Ha-a, ana shunday. Ana endi bo‘ynumni bir siqib tashlasinlar-chi, sindirib tashlasinlar-chi. Hay-hay-hay, zo‘rayub ketganakansiz-ku, bilmaganakanmiz-ku. Nafasni ichga tushirvordiz-ku. Balli, balli. Ie, qo‘lizdagi nima? Tuzoqni ipi? Voh, zo‘r-ku! Hali sa’va tutopsizmi? Vah-vah-vah, elakni zo‘rini topibsiz-ku. Har kuni o‘nta sa’va tutsa mumkin-ku, faqat cho‘pni kaltaroq, ipni uzunroq qiling-da, toy bola. Don cho‘qilab kirishi-la tortasiz, sa’va sizniki. Bildiz?
Uning bunday tillashishidan sa’va tugul, barcha qushlar kiradigan joyiga kirib ketib bo‘lsa-da, tunqotarlar vaziri Kokiltoyni erkalashdan to‘xtamas, bu manziratlar yo‘liga, qochadiganlar qochib, yo‘lni ochib qo‘yishlari uchungina ekanini hamma tushunib turar, ilgari uchchiga chiqqan o‘g‘rining bu tarz yurishlariga hayron qolmay mumkin emas edi.
Shu asno u kaftiga yo‘tala-yo‘tala toyni ergashtirib, huzuriga salomga kelarkan, boyagidan sal pastroq tushib, ijikilar edi:
— Adangiz — hazratim qalaylar? Yaxshi yotib-turdilarmi? Biz janoblarini xutbaga solganlari yo‘qmi? Agar lozim bo‘lib qolsa, gunohimizzi o‘ziz so‘rab olasiz-da, a, toy bola?
Bu orada ular ayvon chetiga yetdilar. Va shunda birdan bolakaydan nos so‘ramagani esiga tushib, iya, deya azza-bazza cho‘nqaya boshladi:
— Gapga chalg‘ib, xumorbostidan so‘ramabmiz-ku, — deb Kokiltoydan «nasibasini» qistay ketdi. — Qani, qani, qo‘lni qaytarmay, nosdan jindek uzatvoring-chi, salomdan oldin bir xapshirib tashlaylik-chi!

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:08:39

Kokiltoy qiqirlab kulib, qochdi. Bunga sari u oyog‘ini tapillatib, «Ushla-chi, ushla»lab ketidan yugurgan, tizzasiga shappalagan bo‘ldi, ketidan arazlabam qo‘ydi:
— Voy-bo‘, yalinibam qolarsiz, xandalaklar chiqib qolsin...
Bu ham o‘tirgan joyida bolajon vazirining qiliqlaridan huzurlanib kuldi. Qani, o‘zining ham to‘rt muchasi sog‘ bo‘lsa, undan qolishmay tegishgan, bir olam huzur olgan bo‘lardi. U faqat yoniga chaqirib olib, shunda ham bag‘riga yarim-yorti tortib, boshiniyu kokilini silashga yaraydi qo‘li. Undan u yog‘ini Xudoyim ko‘p ko‘rgan: hamma qatori na tizzasiga ola biladi, na yelkasiga mindirib ot bo‘la oladi. O‘sha boshini silay olganiga ham shukr, silay olmasa, nima qilardi? O‘ksik farzand qoldirarmidi orqasida?
— Mumkinmi, o‘tag‘asi?.. — Eshikning bitta tavaqasi ochilib, vallomatning avval bir yelkasi, so‘ng o‘zi ko‘rindi. U davangirday odam eshikdan qiyamalab zo‘rg‘a kirdiyu kovshandozga tushiboq qo‘l qovushtirdi:
— Assalomu alaykum, xo‘jayin, kechiras, o‘tag‘asi.
Qo‘l qovushtirgani mayli, lekin kovshandoz- dan o‘tmayoq taqir gilamga tiz bukib, cho‘kkalashi nimasi?
— Vaalaykum assalom va rohmatullohi va barokotuh, — dedi atay. Zora, qaerda o‘tirgani, qaysi tovkaga mansubligi yodiga tushsa.
Qori «barokotuh, barokotuh» deya qizil etigining kovushini yechdiyu enkayib kelib, uning qo‘lini oldi.
— Yaxshi yotib turdizmi, o‘tag‘asi? Bir qoshiq qonimizdan kechasiz bugun, hayallab qoldik.
— Ollohga shukr, tuproqdan tashqari, — dedi u, so‘ng joy ko‘rsatib qo‘shdi. — O‘zlarida hech o‘zgarish yo‘q-ku, qorim?
— Qanday o‘zgarish, xo‘jayin? — dedi vallomat vazir ro‘baro‘sidagi ko‘rpachaga surilib. Muddaoga tushunolmagan edi u.
— O‘sha-o‘sha «o‘tag‘asi», o‘sha-o‘sha «xo‘jayin»...
— Ha-a, uzr, uzr, xo‘jayin, azbaroyi o‘rganish... O‘rganish-da, o‘tag‘asi. — U qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, sal egildi.
— Axir, aytib edim-ku, johiliyatdagi odatlarni tashlaysiz, bu yog‘i tamom: boshqa hayot, boshqa tovka, deb...
U qisinib tasdiqladi:
— Aytgansiz, aytgansiz.

Qayd etilgan