Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202683 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 ... 52 B


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:08:57

— Qolaversa, o‘rtada qasam bor... Qur’on bor, to‘g‘rimi?
— Bo‘lganda-chi... Shunga binoan vazir etib saylanganmiz.— U qo‘l qovushtirib, bosh egdi.— Chizgan chizig‘ingiz bizga qonun. Faqat bugun bir qoshiq qondan kechasiz, xo‘jayin. Jindek erkalik qip qo‘ydik.
O‘tag‘asi sergak tortdi: ko‘ngli behuda g‘ashlanmagan ekan! Qo‘sha-qo‘sha yostiqlar orasidan qaddini sal ko‘tarib, qaytarib so‘radi:
— Yana qanday erkalik?
— Tungi voqeani aytaman-da, o‘tag‘asi.
— Tushunmadim, hech qanday xabar...
— Ha, birato‘la sitamgarni aniqlab kelmoqchi edik.
— Xo‘sh?
— Aniqlaguncha saxar bo‘p ketdi. O‘ziyam, o‘tag‘asi, yetti uxlab tushga kirmaydigan narsa.
— Narsa nimasi? Yo kimni kim tunab ketibdimi?
— Qay boshidan aytishniyam bilmaysan kishi, — dedi tunqorovullar vaziri labini yig‘ishtirolmay.— Bunaqasini umrizda eshitmagansiz. Sazoning ham antiqasi chiqibdi!
— Jazomi, sazomi? — deb qaytarib so‘radi o‘tag‘asi. — Mahobatsiz aytavuring, qori.
Vazir yana yerga qarab kuldi.
— Mahobatsiz aytsam, qotirib ketibdi.
— Kim? Oti bormi o‘sha ilvirsning?! — O‘tag‘asi yostiqni qo‘ltig‘iga tortib, qaddini tiklagan bo‘ldi.
Vazir boyagindek labining chetida kuldi:
— Ilvirs bo‘lsa, jon derdiz, qasoskorning antiqasi!
— Qasoskor?.. Shu o‘z dahamizdan-a? Kim?
— Kimdan burun kimni deng?!
— Xo‘sh, kimni?.. — dedi uning ra’yiga qarab.
— Gap shundaki, — deb vazir bir boshdan tushuntirishga o‘tdi, — yetti xuftonga yaqin Tepamasjid oldidan o‘tib borayapsak, ichkaridan uvlab yig‘lagandek bir ovoz kelyapti, bir ovoz kelyapti: odam bo‘lib odam emas, bo‘ri bo‘lib bo‘ri. Tavba, qanaqqib kirib qopti, endi chiqib ketolmay uvlayaptimikan, deb yaqin bor-sak — odam! Dildirabu, huvlab shu yig‘layaptiki, qo‘yaverasiz. Eshiklarni ochib, kirib borsak, ko‘ring tomoshani. Birov bir odamni quv yechintirib, g‘assol taxtaga tortib ketibdi! Tishlari takillab, shu qaltiraydiki, qo‘yaverasiz. Chiroqni yoqsak, kim deng?..

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:09:08

— Kim ekan?
Vazir yoyilib ishshaydi:
— Anuv mo‘ndi!
— Qaysi?
— Shu... o‘zimizning yangi bo‘lgan maymoq-chi, anuv oting qurg‘ur-chi!
— Ana shunaqasiz-da, qorim. Birov o‘laman desa, siz kulasiz.
— Yo‘q, ustod. Siz o‘zingiz ko‘rganingizda edi. «O‘l, bu kuningdan battar bo‘l, qotiribdi» der ediz. Toza jazosini beribdi, shovvoz,— deb hovliqib-ko‘pirdi vazir.
— Xo‘sh, kim ekan o‘sha battar bo‘lgur?
— Kim bo‘lardi, aytib turibman-ku, Akmal cho‘loq deb.
— Ie, o‘shami? Akmal o‘ris-a?
Vazir qo‘l siltadi:
— O‘sha, ilgariyam chulchut edi, oyoqdan ajrabam odam bo‘lgani yo‘q.
— Xo‘sh, shovvoz-chi? — dedi ustod yuzi tundlashib kelib. — Kim ekan?
Vazir bu yog‘ini yashirib o‘tirmadi:
— Shu... gumonimiz bittasidan-u, uchratolmay dog‘da qoldik.
— Oling-a, qorim. Ko‘pirishingiz olamni buzadi, gumondan nari o‘tmabsiz-ku.
— Izidan yetib borgunimizcha shaharga survoribdi, qarang, — deb afsuslandi vazir. Ketidan ko‘pirib ham qo‘ydi: — Qarab turasiz, bu o‘sha askar bolaning ishi. Undan bo‘lak emas!
— U kim, kimning himoyachisi?— «Biz taniymizmi», demoqchi bo‘ldi o‘tag‘asi jonsiz oyoqlarini uqalab.
— Taniysiz. Anuv yapon urushini ham kusar qilib kelgan yigit-chi! Samurayidan qo‘rqmagan, Akmal do‘kayidan hayiqadimi! — deb tushuntirgan bo‘ldi vazir, keyin qo‘shdi: — Esingizda bo‘lsa, nikoh kuni Sultonmurod olib qochgan kelin bor edi-ku.
—Xo‘sh-xo‘sh?!
— Ana o‘shaning akasi. Hali ungayam ko‘rsataman, deb yurganmish.
O‘tag‘asi ichida «voh!», deb qo‘ydi-yu, tashiga chiqarmadi:
— Sultonmurodning qarorgohini surishtirayotgan ham o‘sha chiqmasin?
— Hali shunday xabarlaram bormi, ustod?
— Bor-bor.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:09:20

— Quda tomon surishtiryaptimi, desam, u ekanmi?— dedi vazir shaldur-shuldurligiga borib.
— Har ikkisi ham, — dedi ustod, — lekin biz sir bermasligimiz kerak. Yigitlar og‘izlariga mahkam bo‘lishsin. Bir narsa bo‘lsa, hamma o‘z chillaxonasiga kirib ketgay, tushundingiz-a?
— Tushundim.
— Endi tungi voqeaga kelsak, — dedi u sariq ipak nusxi ura boshlagan nozik qo‘lini xontaxta ustiga qo‘yib, — u nobakorning o‘zini bu kecha huzurimizga olib kelasiz. So‘raydiganlarimiz bor.
Vazir biroz tushunmay hayratlandi:
— Sitamgar askarni aytasizmi, o‘tag‘asi?
U bosh chayqadi:
— Yo‘q, katta sitamgarni. Yolg‘izlik qilaman desangiz, askar bolani yoningizga oling.
Bu vazirning hamiyatiga tegib, sapchib tushdi:
— E, xo‘jayin, askarsizniyam dikonglatib kelishga qurbimiz yetadi.
— Shunday deng-da, bo‘lmasa, — dedi ustod yengil kulimsirab.
Shu top eshik qitirlab, avval Kokiltoyning ukparu ko‘zmunchoqlarga boy do‘ppili boshi, so‘ng oftobayu obdasta ko‘targan o‘zi ko‘rindi. Ayoli ertalabki nonushtaga hozirlik ko‘rib qo‘yganini bildirib, o‘g‘lini kiritmoqda edi.
— E, toy bola, kelsinlar-kelsinlar, hali qo‘l ham chayamizmi? Oh-oh-oh, suvdek serob bo‘lsinlar, go‘shangalarga kuyov bo‘lsinlar, — vallomat alqagan sari toy bola uyalib-qisinar, adajonisidan hayiqib, obdastani tashlab ketolmasdi.
Nihoyat, ustod ham qo‘llarini chayib, u oftobani olib chiqib ketdiyu dam o‘tmay patnis ko‘tarib kira boshladi. Patnisda ikkita yopgan nonu kosada qaymoq, piyolada murabbo bor edi. Qiyagina ochiq eshik tirqishida yolg‘iz qo‘l ko‘rinib, tekisroq joyga choynak, orqasidan kallakqand solingan taqsimcha qo‘yildi. Vallomat hovliqdi.
— Hov, kunimiz tug‘ibdi-ku, juda!
— Xabarga yarasha-da, qorim, — dedi ustod, u alqagan kezlari shunday atab qo‘yar, vallomat bu nomni yolg‘iz «Ixlos» surasini yod olib, undan u yog‘iga o‘tolmaganiga shama edi.
— Unda Akmal maymoq demaganlar har kuni g‘assolning taxtasiga tortilsin-a! — deb xandon tashlab kuldi u.
So‘ng ustod-shogird oling-oling ila bir chiroyli manziratlar bilan qaymoqxo‘rlikka kirishdilar. O‘tag‘asi qaysiyu chopari qaysi — ajratish endi mushkul emasdi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:09:40

5. SAZOYI JON
Yana o‘sha muallifga ayon tarixlardan


Ot tuyoqlari goh ildamlab, goh atak-chechakka tushib qolar edi. Ular qaerda ketishyapti ekan, goh tepaga chiqib, goh pastga tushib borayotganga o‘xshar edilar. Mana, hozir ham ot jonivor oldingi oyoqlarini bittalab avaylab bosib, pastlikka enar edi. Qaysi soylikka tushib borishyapti ekan? Unday desa, na Izzaning shovullashi, na chimzorlardagi chirildoqlarning jo‘r ovozi eshitiladi. Ostilaridagi ot tekis yura ketib, orqada bir nima po‘p-po‘p tushib, tezak hidi anqib ketdi. Shunchalar sokin, zim-ziyo kecha edi.
Allaqaerda suv shaldiraydi: anhor shekilli. Necha tun qorovullaridan o‘tishdi. O‘rda deganiga yetilgani yo‘q. Qayoqqa obketyapti bu valdirvos tushmagur. O‘zi kimsanu, qo‘l-oyog‘ini kullaklab, ko‘zigacha o‘rab-chirmab tashlagani qiziq. Kecha sharmanda bo‘lishdan qutqargani nimasiyu bugun otga o‘ngarib olib ketayotgani nimasi? Kechagisini muruvvat deylik, bugungisi-chi? U bir xilda — boshi bog‘liq, qo‘llari to‘lg‘anib borarkan, terga tusha boshlagan otning sag‘risidan anqiyotgan achimsiq hiddan ko‘ngli ag‘darilib-ag‘darilib kelar edi. Ustiga-ustak, boya ichgan musallasi ichida sho‘lqillab, bo‘g‘ziga qaytib-qaytib kelmoqda. Qayoqdanam icha qolgan ekan. Alam bosti endi o‘zini olib borib, olib kelmoqda edi. Tashlasa qutularmidi. O‘lganining kunidan vosvosga elanishga tushdi:
— Voy, hoy, inson, o‘ngarib olib bormasang, o‘rniga o‘tmaydimi?
— O‘tmaydi. Eshitmaganmisan, berahm buvaning nevarasi ekanimizzi? — deb kikillab kuldi vallomat. Kamiga otini qistadi. — Chu, jonivor, akamizaning ko‘ngillari ag‘darilayotgan emish.
Akmal cho‘loq gardani qotib to‘ng‘illadi:
— Birov o‘laman, desa, bular kulaman, deydi, senam shoshmay tur...
Uning yanishi vallomatga xush yoqib, hiringladi:
— O‘zi kimning changalida-yu, yanishingga o‘laymi? Avval omon chiq.
— Chiqmaganda nima?! Osib yuborarmidilaring, ja?
Vazir chiqarilguvchi hukmni o‘zicha tasavvur etdi:
— Osishga osmasmiz-u, lekin osgandan battar qilsalar ham kerak.
Akmalning yodiga anuv Sultonmurod demaganlarning Parpi bebaxtga qilgan muomalasi tushib, ichiga titroq yugurdi:
— Nima, sizlaram?..
— Nima, bizlaram?.. — dedi otini etigining posh-nasi ila nuqib, qistashga tushgan vallomat.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:09:53

— Parpi bebaxtga o‘xshatib... tuyaqopga tiqmoqchimisizlar?
Vallomat vazir uning g‘irt omiligidan kuldi. Omi bo‘lmasa, kimning qo‘liga tushganini o‘ylab boqmaydimi? Bu ham Sultonmurod qaytibdi, degan gaplarga paqqos ishonib yuribdi, shekilli.
— Muncha qaltiramasang, erkakmisan?! — dedi ensasi qotib. — Qo‘yni ham, echkini ham o‘z oyog‘idan osadilar — borsang ko‘rasan.
Akmal cho‘loq g‘udrandi:
— Nafasingni yel olsin. Sen sovuqqa kunim qolishini bilsam...
Iloji qancha, boshini ko‘tarib ko‘tarolmaydi, qo‘l-oyoqlar chirmab tashlangan, ustiga-ustak kullaklangan qo‘ydek otga o‘ngarib opti. O‘g‘riniyam chapdasti ekan-e!
Vazir qamchisining uchi ila biqiniga nuqib qo‘ydi:
— Kecha moydek yoquvdi shekilli, g‘assolning taxtasidan yechib olganim? Endi g‘udranib qoptila?!
Akmal cho‘loq bu valdirvos bilan o‘chakishish befoydaligini anglab, ancha tushgan edi, ginalandi.
— To‘g‘rilikcha borsak ham bo‘laverardi.
Vallomat «Voy, tavba-ey, anoyini ko‘ring», degandek kuldi:
— O‘sha... bo‘lmasdi-da.
— Nega? — dedi kullaklangan kimsa boshini o‘ngarib qarashga unnalib.
— Qoidada yo‘q, — dedi otliq kalta qilib.
— Nima yo‘q?
— Bizning o‘rdaga har kim to‘g‘rilikcha kirib boravurmaydi.
— Ergashib hammi?
— Ergashtirib ham.
— Albatta, ko‘zini bog‘lab, otga o‘ngarish shart de-yilganmi?
— Shunday. Uni begona ko‘z ko‘rishi mumkinmas. Haydalamiz naq.
— Unda... o‘ronsizam o‘tib bo‘lmaskan-da?
— O‘ronsizlar tushini suvga aytsin. Ho‘v, xomtamalar-ey!
— Hech kim xomtamalik qilyapgani yo‘q. So‘radim-da.
— So‘ramayam! Yaxshisi, uningni yut. Po‘stga yaqin-lashayapmiz. Ustingdan kulib yurishmasin, — vazir shunday dedi-da, ko‘cha boshida hayxotdek bo‘lib qaqqaygan qora darvoza tomon otni qistadi.
Ot do‘pir-do‘pir bilan allaqanday ko‘prikdan o‘ta boshladi. Shu barobar yo‘l chetidan kimdir tomoq qirdi:
— To‘xta. So‘roqsiz-istoqsiz qayoqqa borasan?
— Usmon? O‘zingmisan? — dedi otliq ovoz berib.
— Usmon bo‘lganimda senga nima? O‘ronni ayt. Salomni qoidali qil, — dedi ovoz bergan kimsa.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:10:11

— «La havla vala quvvata»... Cho‘chitvording-ku, juda. Sal evi bilan-da.
— Salom-chi? Qanaqa besalom qashqatayoqsan o‘zing?— deb turib birdan ovozidan tanib qolib bo‘shashdi qorovul. — Ie, assalomu alaykum, vazir janoblari, o‘zlari shekilli, bir boshga bir o‘lim, deb yurgan?
— Vaalaykum salom tunqator1 janoblari. Uzr, uzr, o‘zlari po‘stda ekanlar, — deb tegishdi u.
— Ha, bu bo‘lak gap. Qaysi esi kirarli-chiqarli yo kekkayib ketgan, debman. O‘ziz topshiriqni qotirib kelyapsiz shekilli?!
— Mendek topshiriqni qotirib yursang, jon-jon derding. Topding, o‘rinlatganimdan mastman.
— O‘ljangizam zo‘r shekilli, tilingiz bir qarich?
— Ko‘rmayapsanmi, o‘ngarig‘liq narsani? Ko‘zingga hol tushganmi, nima balo?!
— Molmi, nima u? — dedi tunqorovul, — otizam bo‘lari bo‘pti, qora terga tushib?
Vazir qih-qihlab kuldi:
— Ado bo‘psan, odamni moldan ajratolmasang, Usmon! Har o‘ngarilgan narsa mol bo‘laveribdimi?
— Mustahiqlardan deng?
— Och darvozangni. Keyin eshitib olaverasan.
— Keyin bo‘lsa, keyin-da, aka. Bildik, omadlari chopgan ekan, — deb ulkan darvozani g‘iytillatib lang ocha boshladi tunqorovul.
Pishqirib, bosh silkib turgan ot ehtiyotkorlik bilan darvoza ostonasidan oshib o‘ta boshlarkan, taqasi ostona temirigami — nimaga tegib, sharaqlagan ovoz tun sokinligiga qarab uchdi. Ot hurkib, bularni ko‘tarib tashlashiga bir bahya qoldi. Akmal cho‘loqning ichidagi bo‘g‘ziga tiqilib, so‘kib bergisi keldi-yu, yana jahlini qult yutdi: Bir kami tunqorovulga kulgi bo‘lishi qoluvdi.
Orqasidan darvoza og‘ir g‘ijirlab yopila boshladi.
«Qay ko‘chaning boshi ekan bu yer? Yoki manavi valdirvos aytmoqchi, u bilmaydigan o‘rdaning darvozasimi?» Ko‘zi bog‘loq Akmal cho‘loq tasavvur qilishga urinardi. Ko‘chaboshi darvozasi desa, bunaqasi yolg‘iz Abdulla tegirmonchining qo‘rg‘oni ro‘parasidagina omon qolgan. Boshqalari har yoqqa ko‘chirib ketilib bo‘ldi. O‘zinikidagi ham o‘shalardan bittasi-da. Bu-chi, qaer bo‘ldi ekan? Ko‘prikdan o‘tildiyu kirildi. Potsovniyga kiraverishdagimikan? Hali bular shu yerni o‘rda tutgan ekanlarmi? Akmal cho‘loq bu joylarni tanib-taniy olmas, tasavvur etib — etolmasdi. Tushdagidek bir g‘alati joylardan o‘tib borar edilar. Sultonmurodning qarorgohidan ham o‘tib tushdi bularniki. Unisi — Bo‘zsuv bo‘yida, tepalarning bag‘rida deyishardi. Bularniki kimning tashqisida ekan, hech anglab bo‘lmasdi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:10:37

Shu tob qay tarafdandir it hurib chiqib, ot hurkigancha o‘zini bir yonga tashladi. Cho‘loq bir qop undek og‘aboshlab, jon holatda otning sag‘risiga yopishdi. Agar shu ketishda valdirvosning tizzasidan oshib ketganida bormi, kallasi bilan tushardi! Haytovur, so‘nggi daqiqada u orqa yoqasidan changallab, jilovni tortib qoldi. So‘ng otini erkalab, kulib qo‘ydi:
— Sengamas-ku, jonivor, joning chiqmasa. Olapar manavi o‘ljamizdan begonasirayapti, xolos.
Cho‘loqning g‘ijini keldi: «O‘lja, deydimi, toza chuv tushirgan ekan-da, bu! Anuv hazilkashlaringni topdik, deb». Ichidan qirindi o‘tdi. Bekorga qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, kullaklamagan ekan-da?
Kimdir naridan itni chaqirdi:
— Olapar, yot. Vazir janoblarini tanimasang, qanaqa itsan! Eshakday haybating bilan tariqday farosating yo‘g‘-a, — deb kulib qo‘ydi.
It burilib ketib, ot pishqirgancha so‘liq chaynadi.
Otliq haligi ovoz bergan kishini yordamga chaqirdi:
— Judayam yerga urvormang unizzi, Azlar. U mengamas, begonaga qilyapti itligini. Kela qoling.
— Shunaqami hali? Kechiradilar, olaparvoy, biz adashibmiz, — deb itiga gapirinib kela boshladi haligi odam. Keyin birgalashib «o‘lja»ni tushirib oldilar-da, tikka qildilar. Oyoq qurg‘ur (butuni ham) yog‘och bo‘lib qolgan ekan, hadeganda jon kira qolmas, suyab turmasa, bir bog‘ jo‘xoripoyadek og‘ib boraverar edi.
— Iya, kullaklab tashlabsan-ku, buni? Nima, shu holida opkirmoqchimisan? Jilla qursa, tizzasidagini yech, o‘z oyog‘ida kirsin hazratning oldiga, — dedi u to‘xtamay gapirinib. Bu orada valdirvos vazir otini qay bir daraxtga bog‘lab qaytdi.
— Yeching-u, lekin qo‘li bilan ko‘zini bo‘shata ko‘rmang. Bu insof-pinsofni bilmaydigan xilidan. Hazir bo‘lasiz, Azlar.
«Ol-a, juda opqochdi-ku, bu vosvos. Shoshmay tur, dog‘uli!» Akmal cho‘loq tishini tishiga bosdi. Qariyaning oldida past ketib, tanilib qolishga or qildi. Oyog‘ini bo‘shatganiga ham shukr: bo‘lmasa, g‘o‘la nima, u nima edi!
Ismoil vazir valene’matiga xabar bergani ketdi shekilli, uni ham, qadam tovushi ham o‘chib, Azlar chol deganlari cho‘nqayib, uning oyog‘idagi tizimchani yecharkan, xuddi o‘zi jabr ko‘rganday, unga achinib, javranar, hatto oyoqlaridagi arqon izlarini siypab qo‘yar edi. Bunga sari uning ko‘zlariga o‘z-o‘zidan yosh qalqib, o‘ksi yumshab bormoqda edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:10:49

Akmal cho‘loq hayron qoldi: o‘ksi shunchalar bo‘sh ekanmi? Hammaga hayqirib, baqirib yurgan odam... chinakam bandiligini sezgach, (o‘sha vosvosning makriga uchib o‘tiribdi-ya! Shoshmay tursin hali!) qay bir qilmishi uchun so‘roq bergani olib kelinganiniyu bu kazzoblarning qo‘lidan osonliqcha qutulib chiqa olmasligini elas-elas anglab olayotgandek edi.
Azlar degani shopday naynov odam ekan, o‘rnidan turib, kutilmaganda yelkasiga qoqib, kuragini silay boshladiyu kutilmaganda qulog‘iga shipshib-shivirlashga tushdi. (Undan gurkirab kelayotgan tamakining achimsiq hidiga chidash amri mahol edi, shunaqa kashandasi ekan!).
— Ukam, bu qiyg‘irning changaliga qanday tushib o‘tiribsan? Bo‘kib ichganmiding, nima balo? Otiga o‘ngargunchayam bilmabsan? — so‘ng yelkalarini ushlab ko‘rib, tusmolladi. — Begonamas, o‘zimizning tarafni odamisan shekilli. Aytovur, Azlar tog‘angga, uy-puydagilarga yetkazib qo‘yadigan gap-paping bo‘lsa. Qisinma.
Akmalni chinakam vahima bosdi: Qo‘liyu ko‘zini yechtirmayotganidan ma’lum. Hali necha kun qamab qo‘yadilar, desang-chi.
Shu davada elanib paypaslandi. Qo‘li bog‘lig‘u Azlar tog‘aning tirsaklarini topib, tutmoq bo‘lardi:
— Nima, avaxtaga tiqishadimi hali? — dedi yutoqib-hovliqib.
— Iya, Akmal, o‘zingmisan? — dedi tog‘a ovozini birov eshitib qoladi ham demay.
Bunga sari Akmal bog‘loq qo‘llari bilan buning yelkalarini silab, elanishga urindi:
— Jon tog‘a, ular meni nima qilishmoqchi? Nega opkelishdi?
— Bilganingda nima qila olarding. Yerga kirsang, boshingdan, osmonga uchsang, oyog‘ingdan tortib olishadi. Topshiriq shunaqa.
Akmalning ichini bir nima tig‘day tirnab, o‘tday kuydirib o‘tdi.
— Yo‘g‘-e? — dedi esi og‘ib.
— Xudo urib qo‘yibdi-ku, seni, jiyan. Esing qaerda edi? Gunohingni bilasanmi? — dedi boyagidek shipshib. O‘zi ham bir qadam tisarilgan edi go‘yo undan hazar qilgandek.
Akmal cho‘loq bir narsaning xunuk oqibatini sezgandek, yomon bo‘lib ketdi:
— O‘limdan xabarim bor, unday ishdan... xabarsizman. Nima o‘zi?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:11:01

— Opkirishganda eshitasan endi, jiyan. Biz kichkina odammiz bu yerda. Keldingmi, o‘zingni erkakday tut. Yetti qolib, bir tug‘ishganimiz bo‘lganingda ham yordam qilolmaymiz. Seni so‘roqqa opkelishdimi, Olloh hukmidan narisi bo‘lmaydi. Undan ko‘ra, odamga o‘xshab kir oldilariga.
Bu gaplar avvaliga Akmal cho‘loqning qulog‘iga o‘qday quyilib, qo‘rg‘oshinday joylashib borayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi lahzada bir junjiktiruvchi titroq yugurdi-da, butun vujudi qizib keldi. Shu barobar ich-ichidan allaqanday tahlikali qirindi o‘tib, xushi uchdi. Kallasiga bir ma’noli fikr kela qolmasdi.
— Kimlar deysiz?— dedi uni anglab-anglamay.— Anuv o‘g‘riboshilarizning o‘zimasmi?
Azlar tog‘a javob o‘rniga biqiniga bir nuqib, qulog‘iga shipshidi.
— Esingni yig‘. Qanaqa o‘g‘riboshi? Odamning tillasi-ku! O‘zing xarom tukiga arzirmikansan?! Zamondan orqada qopsan. — Keyin qo‘shimchasiga yuz burib, to‘ng‘illab qo‘ydi. — Ot mindim, deb karillab yuraveribsan-da.
— Nima qilmoqchilar?
— Albatta, kuyov qilib, to‘n yopmaydilar ustingga. Qolaversa, Qurbon hojim bilan qori domlani chaqirtirib qo‘yibdi. Shungayam shukr qil, yolg‘iz o‘zi hukm chiqarvorsa, dodingni kimga aytarding?
— Yo‘g‘-e...
— Yo‘g‘amas, juda-da. Nima, sen Ismoilning tashrifini hazil fahmlovdingmi?
— Shoshmay tursin, u ilvirs, — dedi ichi yonib borayotganini yashirolmay.
Azlar tog‘a nimadir nasha qilib, (albatta, uning holiga-da!) yeng ichida hiringlab kuldi:
— Hali ko‘p yanib yurasan. Xo‘b gel qilib, otiga o‘ngarib kepti. Ustasi farang ekanini bilmasmiding?
— Nimasi farang?— dedi Akmal cho‘loq tushunolmay.
— Akang qarag‘ayni-da. U kimning shogirdi ekan?— Tog‘a yigitlardek qiqirlab kuldi. — Eplab kelmasinam-chi edi, naq o‘zim borardim. — U shunday deya qorong‘ida vallomatlarcha yelkasiga qoqib qo‘ydi. — Qo‘rqma juda, Xudoning yozganidan ortiq nima bo‘lardi! Yigit kishi gunoh qildimi, gunohini mardona tan olib, tavba qilsa — er sanaladi. Xohlasang, qo‘lingni bo‘shatib qo‘yishim mumkin. Bo‘shataymi?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:11:11

Akmal cho‘loqning ori keldi.
— Men sizdan buni so‘rayotganim yo‘q, — dedi to‘rsayib. — Lekin odamni... odamga o‘xshatib, ko‘zini ochib qo‘yinglar-da.
Azlar tog‘a shuncha halim-yumshoqligiga qoidani buzolmasdi. Javobiga yelkasini silab qo‘yaqoldi:
— Sabr qil. Chaqiradigan vaqtlari ham bo‘pqoldi. Salomxona ostonasiga yetishingdan yechadilar. Ularning huzuriga bunday opkirmaydilar hech.
Akmal cho‘loq o‘zi ne holdayu g‘ijini keldi. Xonning o‘rdasimidiki, qoidali opkirmasalar. O‘ziga esa, achitib gapirdi:
— Nima, qarorgohingizni tanib qoladi, deb... yechmaysizlarmi?
Tog‘a boyagidek kiftiga qoqib, kuragini siladi.
— Bir sengamas, barchaga shunday. Do‘st kim, dushman kim — ajratib bo‘lmaydigan zamonda shuyam ma’qul. Faqat sen o‘zingni bunday tutako‘rma. Otdan tushsayam egardan tushmaydiganlarning hukmi og‘irroq bo‘ladi. Bilib qo‘y.
— Hukmi? — Akmal cho‘loq shungacha ham bu tashrifini anglab yetmagan edi. Endi xushi uchdi. — Hali so‘d etishadimi?
Azlar tog‘a bamaylixotir orqa o‘girib, tamaki o‘ray boshladimi, nima qila boshladi, javobiga jim qoldi. Aftidan, javobidan ham burun buni chaqirib qolishlarini kutayotgandek edi. U yoqda Ismoil gum bo‘lgancha ketib boryapti, na tiq etgan tovush, na bir narsaning tayyorgarligi eshitiladi u yoqdan. Ko‘z oldida esa, qani milt etgan nur ko‘rinsa, qaerdaligini ilg‘ab bo‘lsa. Shunaqa sirib bog‘lab tashlagan ekan u nomard. Lekin nazarida o‘zini potsovniy1ning hovlisida, bog‘ ortiga o‘taverishdagi anuv oq bino ro‘baro‘sida turgandek his etyaptiki, nega shunday, tushunmasdi. Bu yerga bir emas, bir necha bor kirgan. Faqat chindan o‘sha joy bo‘lsa darvozadan kiraverishda tepadan:
— To‘xta, qayoqqa borasan! Qimirlasang, otilasan,—degan tovush kelguvchi edi. So‘ng o‘sha ochiq — baland minoraning temir zinasidan etigining nag‘ali taq-taq-taq etgancha miltiq ushlagan soldat tushib kelar edi. Nimaga tushmadi? Yo bular ularni ham o‘z yigitlariga almashtirib tashlaganmi? Tushunarsiz.
Shu payt kimdir taxta zinadan tapir-tupur tushib kela boshladi. Faqat uning etigi nag‘alsiz, ham o‘zi shoshganidan oyoq uchida tushib kelardi. Kamiga yo‘lakay ovoz berdi:
— Tog‘a, qaerdasiz? Boshlay qoling, mehmonni. Kutishyapti taqsirlar.

Qayd etilgan