Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202663 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 ... 52 B


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:17:58

— Balki narigi sandiqdan u ham chiqib qolar. Lekin bu... undanam ulug‘ narsa: silsilai sharif! — dedi chol o‘rta barmog‘ini ko‘kka allatovur nuqib. — Tushundiz?!.
Olim akam yelka qisib, bosh to‘lg‘adi va xijolatga botib dedi:
— Biz omilar nima — sharif, nima — ulug‘ — qaydan bilaylik! Sizdan eshitib turibmiz.
— Eshitib, ko‘rib turganiz — shuning o‘zi katta davlat. Bilmay o‘tayotganlar qancha, g‘ofil yurganlar qancha. Shukr qilinglar Ollohgaki, ko‘rsatibdi, bildiribdi. Balki Sizu bizni to‘zitib qo‘ygani, o‘rnimizga tamomi boshqa qavm kelib vatan tutayotgani, yolg‘iz mozorotlarimiz ustidan-da yo‘llar tushib, unda-bunda mana bunday xazinalar, hikmat kitoblari chiqib qolayotgani bejizmasdir. O‘ziga yarasha hikmati bordir bularning ham, — dedi chol va xayoli bir yoqlarga qochib borayotganidan o‘zi ham ta’sirlanib, bosh to‘lg‘ab qo‘ydi-da, maqsadga ko‘chdi. — Ha, darvoqe, mana bu ulug‘ halqada kim turganini bilarmisiz? Albatta, bilmagaysiz. Yaqinroq kelinglar, — deb u mening tirsagimdan tutib, o‘zi tomon tortib qo‘ydi. Chindan silsilai sharif deb atalmish narsaning boshlanishi ajoyib edi: o‘rtada katta halqa, undan to‘rt yoqqa to‘rt chiziq chiqib, to‘rt halqaga borib tutashgan, go‘yo o‘rtadagi tengsiz quyoshu chor tarafida to‘rt to‘lin oy undan nur olib turgandek edi. Usiz bular hechdek, u bilan tirikdek edi. Ana shu ikki chekkadagi halqalardan ikki yonga qarab, chiziqlaru halqalar tushib borgan va behisob halqalarga ulanib ketgan edi. Bu nimasi, yolg‘iz sutchi bilmasa, biz angrayib turar- dik. Xuddi gung-soqovdek, Ollohning omi bandalaridek...
— Hammasi mana shu zotdan boshlanadi. U Ollohning so‘nggi rasuli va elchisi, bizning payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdurlar. Bular choryorlari, bunisi Hazrat Ali kuyovlari, bunisi Abu Bakr qaynotalaridir. Bu tarafdagilar u kishidan tarqagan zoti shariflar, bunisi esa Hazrat Ali karramallohu vajhahu zuryodlaridan chiqqan ulamoi shariflar, avliyolardir. Shu bois silsilai sharif atalgay. O‘sha asri saodatdan buyon shu ulug‘ shajaradan o‘tgan kubro zotlar, valiylar, karamli shariflar kiritilgan ekan bu silsilaga. Ne baxtki, unda men o‘zim ko‘rgan bir zotning tabarruk nomlarini ham topdim, o‘qidim. U kishi bu silsilaning so‘nggi halqalarini to‘ldirib turibdilar, vallohi a’lam. U zot Sizning padari buzrukvoringiz Abdurahim eshon pochcham erurlar, ukam, — dedi u ovozi allatovur o‘zgarib kelib, ham ko‘zlari bir g‘alati tusga kirib. Aftidan sutchining ko‘zlarida yosh halqalanib borar, qiyiq ko‘zi yoxud kipriklari qilt etsayoq u tomchiga aylanib, duv to‘kilgudek edi.
— Yo rabbiy, — dedi akam o‘zini tamom unutib, — shunday ekanmi?! Bor ekanlarmi?! Qani, qaerida, bir ko‘rsating, ustoz. Biz gumrohlar-da ko‘rib qo‘yaylik, bilib qo‘yaylik, — deya iltijo etishga tushdi, o‘zi ixtiyorsiz ravishda shajara qog‘ozni-da o‘rashga, cholga qo‘shilib o‘sha halqani topishga oshiqardi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:18:19

Chol ham mutaassir bir holda:
— Ha, o‘rang. O‘raganda ham ehtiyotlab o‘rang: bunaqasi har kuni topilavermaydi, — deb tayinlar, bizga o‘xshab shoshib qolgan edi. — Balki olimlarda-da yo‘qdir bunday to‘lig‘i, barcha valiylar terib kiritilgani. Ha, ha, u kishi quyi tomonda, so‘nggi qog‘oz, so‘nggi halqalarda bitilganlar. Maqsudxo‘jam, siz ham qarashib yubora qoling, eshikkami, bir narsalarga, ilashib-netmay qo‘ya qolsin. Ayagan ko‘zga cho‘p tushganday, shuncha asralgan narsa yirtilib-netmasin.
Nihoyat o‘rab-o‘rab, o‘sha halqaga yetdilar. Sutchi (xotirasi zo‘r ekan) aytgan halqani bir qarashdayoq tanib, «mana, u kishim» deb ushlab oldi va qarangki, halqa ichidagi yozuvni binoyi o‘qiy ketdi:
— Abdurahim xo‘ja qozi Abdurazzoq eshon o‘g‘illari, ming ikki yuz yetmish sakkiz hijriyda tavallud topmishlar, mudarris, qozikalon, Beshog‘och dahasi.
Olim akam ham, men ham sutchiga yalt etib qaradik. Nom o‘sha, nisb o‘sha edi-yu, mavze o‘zgacha edi!
— Beshog‘och? — dedi akam qaddini shajara qog‘ozdan ko‘tarib. — Qanaqasiga?
— Shunaqasiga, — dedi qariya ham miyig‘ida sirli kulib, keyin hujjatning qolganini ham o‘rashni buyurib, xontaxta yoniga — boya o‘tirib yengil fotiha qilgan joyiga qarab yurdi. — O‘zingga shukr, ko‘rsatgan kunlaringga, bildirgan hikmatlaringga shukr, — degancha oyoqlarini yozib o‘tirgachgina javobga og‘iz juftladi:
— Hayron qoluvingiz tabiiy. Siz asli tagi — kelib chiquvingiz Qoratoshdan ekanini, zamonning zayli bilan Yakkabog‘ga chiqib qolganingizni qaerdan bilasiz. Siz ko‘z ochib o‘sha qo‘rg‘onni qo‘rgansiz, o‘sha yerda tug‘ilgansizlar. G‘arib esa, bu tarixning bir chekkasini eshon pochchamni Sibiriyadan ola kelaturganimda, Tangritog‘ga o‘tkazib qo‘ymasimizdan burunroq o‘zlaridan eshitganman. Umrlarining so‘nggida sanga u kishini ko‘rish, jilla qursa, xizmatlarini qilish nasib etgan bo‘lsa, aytmabdilar-da? — dedi kutilmaganda u akamni sensirashga tushib va uning tosh qotib turuvidanmi, nimadan shubhaga borib.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:18:30

Chindan hayron qolarli edi: oyog‘idan o‘t chaqnab, belida kuch qaynagan kezlari qay dargohlarda ishlab, ne mamlakatlarni kezib chiqqan, paydar-pay topshiriqlarni ko‘rdim demagan, kerak bo‘lsa, o‘limlarga tikka borgan, sarhadlardan ne nomlarda, ne qiyofalarda o‘tib yurgan odam... qarib pensaga chiqqach, til o‘girguvchilikni ham qo‘yib bizning tomonlarga kelib qolishi, birovning tashqarisida turib, sutchilik qilib yurishi, halol peshona teri — oqlikdan qolgani bilan umrguzaronlik qilishi, bularga o‘xshab urug‘-aymoqlarini izlab qolmasligi g‘alati edi. Mana endi bilsa, kitob jinnisi ekan. Sutchilikni ham qo‘yib, buzilayotgan qo‘rg‘onlardan (kimning tomidan, kimning urib yuborilgan tokchasi orasidan) chiqqan qadim kitoblarni yig‘ib yurgan ekan. Shunaqqib bir uy kitob yig‘ib qo‘yibdi. Ustiga ustak yo‘lga tushgan qayrag‘ochli yolg‘iz mozordan chiqqan sandiqlar daragini eshitib, quruvchilarni yeng uchida xursand etib, hammasini o‘z uyiga tashitib olibdi. Mana endi bittalab saralab, ro‘yxatga olib o‘tiribdi. Yana uning orasidan chiqqan mana bunday narsalarni sharhlab o‘tirishi, egalarini topib xabar berishi qiziq edi. U kim? Olimmi, darveshmi yo esini yegan chol? Shunchaki umr o‘tkarargami bu ishlari yo jiddiy? Hamma eshon pochcha kabilarning nomini atashdan hayiqib yurgan mahalda u nima qilibdi? Sibiriyadan olib kelib, Tangritog‘ga o‘tkazib qo‘yganmish. Qay yurak bilan u shu ishni qildiyu qaysi jur’at bilan mana bu silsilai shariflarni topib, yig‘ib yuribdi? Joni nechta bu cholning — bilolmasdim. Olim akamday odamga qanday ishonib bu gaplarni aytmoqda? U axir sotib qo‘yishi ham mumkin-ku?..
Yo men o‘lgudek vahimachiman, yo laqmaman.
Sutchi chol bizga qarab miyig‘ida kulimsirab o‘tirar, Olim akam esa, esi og‘ib, silsilai sharifning boyagi halqasiga tikilib qolgan edi. Men uning ko‘zlarida yosh ko‘rsamgina uning sofligiga, pokligiga, ilgarigi yo‘llardan qaytganiga ishonmoqchiday unga tikilardim-u, nimagadir o‘sha yoshni, halqa-halqa yosh bosgan ko‘zni ko‘ra olmasdim, tavba.
Bu qo‘tir dunyo, bu serg‘alva, hech narsaga arzimas hayot uni shunchalar so‘qir qilib qo‘ygan ekanmi?!. Yo men, yo u — ikkimizdan birimiz adashuvda edik. Chol esa, go‘yo keksa hakam edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:18:53

8. HOJIM NIMAGA INTIQ?
yoxud muallifga ayon tarixlar davomi


Yenglari tirsakka qadar shimarilib, ariq bo‘yiga cho‘nqaygan Mirzaxo‘ja hojimning xayoli qirg‘oqdagi maysalaru sambitgullarning oqish-ipiltiriq ildizchalarini o‘pib o‘ynoqlagan suv ham qolib, tamomi bo‘lak narsaga qochgan edi.
Suvdan ham tog‘-toshlardagi muz-qorlarningmi, quyun-izg‘irinlarningmi zahri kelib turgandek, ufurmoqdadek. Lekin hojim buni sezmasdi. Qolaversa, qachondan buyon oftobda turgan jo‘mragi turna bo‘ynidan-da uzun obdastasini ham unutgan. Tomlaru nokzorni oshib o‘tib, bog‘ adog‘idagi devor sarxokiga mingashgancha qolgan g‘arib quyoshdan... (g‘arib ham deyish mahol, niyatiga-da yetganidan yal-yal yonmoqda balki!) ko‘z uzolmaydi. Bunga sari ko‘zlari yoshlanib-yoshlanib keladi, quyosh ham chaplashib, ming bo‘lakka bo‘linib ketayotir.
Hatto osmonda qanot qoqqan qushlar-da ko‘zlagan manzillariga yeta olgaylar: sarhad osha bilgaylar. (Albatta, Ollohning izni bilan). Hatto tog‘larda suv ichgan bulutlar-da, pastga enib vodiylarga suza bilgaylar: sarhad osha olgaylar. (Albatta, Ollohning izni bilan: shamolga buyurilmasa, shamol haydamasa, qayoqqa ham bora olgaylar?!)
Hatto o‘sha ko‘hna quyosh-da o‘z nizomidan chiqmay sarhad osha biladi, u diyorlarga yeta oladi. Albatta, Ollohning izni bilan...
«Bizda asr vaqti tugab, shom tushmoqda. Ularda-chi? Choshgohdan o‘tib, peshinga yetgandir?.. Bir vaqtning o‘zida ular ham, biz ham kundan vaqtning hisobini olmoqdamiz. Lekin qani dardu hasratlarimizni aytolsak, bildirolsak. Biz ularga, ular bizga. U yoqlar tinchroqdir deb qaerdanam jo‘natdilar uni? O‘zimizning musofirligimiz yetmasmidi? Qizimizni-da, otalar yurtida musofir qilmasak? Holi nima kechdi ekan?...»
Qariyaning ichi sidirilib, o‘ksig‘i bo‘g‘ziga keldi. Ko‘ksining allaqaeri achishar edi.
Nogahon kafti obdastaning iliq bandiga tegib, ariq bo‘yiga nima uchun cho‘nqaygani yodiga tushdiyu o‘zidan o‘zi uyalib xijolatlandi: darvoqe, noshukr-lik nechun? Hammasini O‘zi ko‘rib-bilib turibdi-ku. Hammasi imtihon-ku? Bandasining sabrini sinamoq-ku!

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:19:09

Har galgidek shahid xalifaning farzandi arjumandlariga vasiyati yodiga tushdi: «...Tahoratni chiroyluv-chiroyluv qilib, kamoliga yetkazing. zero, namoz tahoratda». Shunday kezda nimalarga chalg‘iganidan uyaldi (Uyalganda ham o‘zining holini ko‘rib-bilib turgan zotdan uyaldi). Va shu xijolatpazlikdan qutulmoq qasdida ham bismilloh ila kaftiga suv oldi. O‘zidan ham ko‘hnaroq (mushtdek qorinchasiga yarim kosa suv ketib-ketmaydigan, bo‘ynidan jo‘mragi uzunroq) obdastadan oftob taftini emgan jonbaxsh suv tushib, vujudiga tasvirlab bo‘lmas bir huzurmi, nimadir yugurdi! Beixtiyor:
— O‘zingga shukr, shu kun, shu soatlarga yetkazganingga, yurgizib-turgizib, o‘zingga bo‘yin qo‘ydirib qo‘yganingga, shularning barchasining fahmiga yetkazib, kerakli amallaringga andarmon etib qo‘yganingga shukr, — deya tili duo-shukronada ekan, tahorat amallarini kamoliga yetkazib ado etishdan o‘zi huzur ola boshladi.
Chindan ajoyib. Buncha huzur qaydan? Ixtimat ila kaftiga olgan suvdanmi va yo uning bilagi bo‘ylab chopqillashidan? Balki oftob taftini emgan ajoyib suv ko‘kishtob tomirlariyu tagidanoq sarg‘imtil tus ola boshlagan etlarini o‘pishidan kelmoqdadur?
Rostdan ham o‘sha bilaklarini o‘pib-poklab kelaturgan suv... tirsagiga yetganda yana baholi-qudrat jamlanib so‘ng ariqdagi o‘ynoqi suvga sakramoqda edi. Go‘yo gunohlari ham o‘sha tomchilar yanglig‘ oqub ketmoqda ekanlar, u qushday yengil tortib bormoqda edi.
— G‘aq! — Tashqi hovlidan uchib chiqqan ola hakka o‘rtadagi devorga qo‘nar-qo‘nmas shuvillab sarxok to‘kildiyu u o‘takasi yorilib, boqqami-qayoqqa uchib keta boshladi. Uning uzun qaychi dumiyu chiroyli ola qanotlaridanam burun bo‘ynidagi to‘tiyoga moyil qora barxat «halqasi» ajoyib edi. Kechki quyosh nurida gavhardayinmi, allaqanday tovlanar edi. U shu hurkib uchib ketuvida ham nimadandir imdod berib, sayrab borar edi.
Hojimning nazarida hatto shu shaqildoq olahakka ham o‘zi zag‘izg‘on atalmish yurtlarni esga solib, kelmoq bor-u, ketmoq yo‘qmi, ketganlardan kim xabar olgay, demoqchi bo‘lar edi. Chindan unga nimadir bo‘lmoqda: yo Yodgormurod nevarasining daragini eshitgandan beri o‘zida yo‘q ichikib bormoqda, yo bo‘lmasa, bu nimadandir imdod-belgi. Ishqilib, mohpora-Mahfuzaginasi sog‘-omon bo‘lsin.
U yuz-qo‘llarini artib, belbog‘ini yelkasiga tashlarkan, o‘shal yurtdan dovon oshib kelib, hozirda oyoqyozdi tariqasida jindek mizg‘ib ketgan aziz mehmonlarini esladi. Axir hazilmi, kimsan nevaraginasining akachasi, bir hovlida o‘ynab katta bo‘layturgan toy bola — Akbaralini ola kelishibdi! Bag‘riga bosib, boshlarini silay-silay, bo‘ylarini hidlay-hidlay esi ketdi. Danagidan mag‘zi shirin degandek tomirining tomirchasi — nevarasining hidlarini tuygandek bir yerlarga yetdi! Endi o‘zini bir rov ko‘rsa, ko‘rib o‘lsa, armoni yo‘q edi. Axir o‘zlari judo bo‘lgan diyor — ota yurtda ulardan ham bir urug‘ paydo bo‘pti-ku! Iloy, tup qo‘yib, palak yozsin! O‘zlaridan ko‘payib, u diyorlarda ham chiroqlarini yoqib o‘tirishsin.Iloy, to qiyomatga qadar shajaralarini bardavom etdirishsin. Bir kalima-bir kalima bo‘lsa-da, Qur’on o‘qib, or-qalaridan savob yuborib turishsin.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:19:21

Ishqilib Olloh mohporasini qo‘shgani bilan qo‘sha qaritsin. Botur kuyovining ham u diyorga yo‘llarini ocha qolsin, mushkullarini oson eta qolsin.
Zag‘izg‘on behuda sayrab o‘tmagan ekan, bog‘ devoriga mingashgan kun uning ortiga cho‘kib ulgarmay (uning bir chekkasi qon talashgan ko‘zdek qizarib turar edi, tavba!) tashqi darvozada birov chaqirdi.
— Boy buva? Hoy, kim bor?
Hojimning yuragi bir orziqib tushdi. Nazarida kelguvchi bejiz eshik qoqmayotgandek, bir mujda ila darvoza tagida turgandek edi. Yo uning fe’li shunday nozuk, yo botin ko‘zi bor: ba’zi narsalar oldindan belgi berib qolgay. Mana hozir ham darvoza tagida turgan odam... o‘sha botin ko‘ziga avvalo otliq bo‘lib, qolaversa, tog‘-tosh oshib kelgan safar kishisi bo‘-lib ko‘rinmoqda edi. Nega — o‘zi tushuntirib berolmasdi.
— Labbay-yov, mana, boraturmizov, — deb tashqariga shoshilgan eshik og‘asi hechqancha o‘tmay qaytib, qarshisida qo‘l qovushtirdi.
— Duoi-salom ekan, hoji buvo, — ellikni qoralab, yoshi bir yerga yetganda shu tashqarida uy-joy, bola-chaqa qilib, ro‘shnolik topgan bu odam sadoqatda tenggi yo‘q edi. Sidqidillikda hech kim uning oldiga tusholmasdi.
— Xushvaqt bo‘lg‘ay, kimdan deding? — Mirzaxo‘ja boyning xayoli salom egasiga qochdi: kim bo‘luvi mumkin?
Qay pushtidadir qozoqlar bilan tutashib, yana ajrashib ketgan eshik og‘a ikki gapning birida «hov-hov»lab, ba’zan «oy-bay»lab qo‘yardi. U so‘rashni-da unutganidan azza-bazza xijolat chekib, egildi. Kepchik yuzi chechak toshgan kabi qizarib-bo‘zardi va rostiga ko‘chdi:
— Faromush etibmang‘o‘y...
— Mehmon-chi? — dedi boy hushyor tortib, — Opkirmadingmi? Non-choy qilardinglar, qutlug‘ uydan quruq qaytmasdi.
— Unamadig‘o‘y, taqsir. Shoshib turgan ekang‘o‘y.
— Esiz, — dedi qarigan sari kichkina tortib, chuvaklashib boraturgan boy, boshini saraklatib, — avvalo nasiba qo‘shmagan, lekin Alimat uka, bizning eshikka kelgan odam... esingda bo‘lsin, quruq qaytmasligi kerak, barokat ko‘tarilgay, bilding.
Alimat ikki bukildi:
— Xo‘p bo‘lg‘ay, o‘tag‘asi.
— Keyin kelgan odam yaxshi surishtirilg‘ay: kim, qayoqdan, qay tomon boradir.
Alimat bosh ko‘tarmay o‘sha so‘zini-da qaytardi:
— Xo‘p bo‘lg‘ay, o‘tag‘asi.
— Sizlarga unamasa, tushunarli birovni chaqirmak lozim.
— Kechirg‘aysiz, boy buvo. Qaytarilmag‘ay, Siz ayt-g‘ancha bo‘lg‘ay.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:19:36

— Xo‘sh, nima ekan deding? — Mirzaxo‘ja hoji endi uning egilgan sari ko‘ksidan qorniga tushib borgan qo‘llariga qaradi, o‘sha qornida chirmashgan qo‘llarida bir narsaning so‘rg‘ichlangan uchiyu shokilali ipi ko‘rinardi.
— Mana, o‘tag‘asi.
U och jigarrang kepak qog‘ozga joylanib, so‘rg‘ichlangan maktub ekan. Albatta, sho‘rolar qo‘lida qolgan ota yurtdan. Boshqa yoqniki bo‘lsa, oxonjomasiyu qopchiqlari zo‘r bo‘lgich edi, yilt yangi bo‘lib, yiltiragich edi. Bu kepak qog‘ozda edi.
Lekin kepak qog‘ozda bo‘lsa-da, hojining ko‘zlariga olovdek ko‘rindi. Qog‘ozidan tortib, so‘rg‘ich ustiga urilgan muhru boshlama krill yozuvlariga dovur... Har kuni kelavuribdimi bunday maktublar?!. Kimdan ekan?
Yalt etib, shu qish boshida Ahmadbek hojimnikida berilgan ziyofat, shu ziyofatda tanishtirishgan qilichdek adlu rayhondek xushro‘y yigit yodiga tushdi. Safedxonada tarjumon ekan. Tilining shirinligi, muomalasining go‘zalligini ayting. O‘zining ko‘rkamligi-chi, qiz bola bo‘lib tug‘uluviga-da bir bahya qolgandek. Shu yigit Ahmadbek hojimning avlodi bo‘lib, baland doiradagi har turli qabulu kuzatuvlarda qatnashar, ba’zi xorij safarlariga-da olib ketishar ekan. Uning birovga aytolmaydigan dardidan xabardor Ahmadbek hojim chetga chorlab, qulog‘iga shipshib qo‘ydi:
— Shu jiyanchamiz yaqinda ota yurtingizga safargami, bir nimaga borgay. Biroz turgay ham. Agar o‘ng‘ay xizmatlar bo‘lsa, yo‘q demas...
Voh! Bu nima? Tong-saharlargi nolai iltijolari natijasimi?! Olloh o‘zi kushoyishkor, kushoyishini berishimi?! Qani edi, Mahfuzasining daragini bilib bersa? Yolg‘iz o‘zi nima qildi, qay yerlarga bordiyu qaydan panoh topdi?
Keyin mavridini topib o‘shal suqsurdek yigit — tarjumon jiyanchaga Ahmadbek hojim ikkovlari iltimos etishgan, rizoligini olib, duolar qilishgan edi.
Xayralashar mahal esa:
— Topsangiz bergaysiz manavini, kam-ko‘stiga yaratsin, — deb bir hamyoncha tutqazdi. Bo‘lagini esa: — mana bu — xarajatlar uchun. Uzoqning ishi, busiz bo‘lmagay. Qaytishingizla ma’lum eting. Albatta, shirinkomasi ham bo‘lg‘ay, o‘g‘lim, — dedi.
Yigit «qaydam, qaydam»lab zo‘rg‘a oluvdi. O‘shandanmikan? Mirzaxo‘ja hoji shirin umidla maktubning yuziga qarab qo‘ydi.
Xatga ko‘zi o‘tmay (qarangki, u bitiklar maktub yuzasiga tushib qolgan qora qumursqalardek g‘imirlar-u, jilib ketolmas edi, tavba) yuziga yaqinroq olib kelibgina tanidi. U arab imlosida edi. Shunda-da, baribir ulab ketolmadi. Juda mayda edi yozuvi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:19:49

Shundagina eshik og‘asi ariqning u betida yarim egilib, izn kutib turganini ko‘rdi va:
— Ey Alimat, necha qayta aytaman, qaddingni g‘oz tut. Mo‘min mo‘minga hech mahal yukinmagay, sig‘inmagay.
— Eshitdim, boy buvo. Uzr, boy buvo, — deb u tisarilganicha yana bukilib borar edi.
Mirzaxo‘ja hoji uning sodda ham samimiyligidan jilmaydi va shu jilmayib, bir burda yuziga nur yog‘ilgan kuyi buyurdi:
— Qizinggami, ichkaridagilargami ayt. Meni ko‘zoynagimni ola chiqsinlar.
— Hozir-da, o‘tag‘asi. Hozir-da, boy buvo, — deya tashqi hovli tomon yo‘rg‘aladi, so‘ng ostonadan o‘tmaylayoq o‘shaqda ukasini yerga qo‘yib, o‘zlari sakrong‘ich o‘ynayturgan qizlarini chaqirdi, — Oy-bay, hay Xatchayov, chopchi bunda! — Keyin buyurdi. — Ichkariga yugur, Eshonotangni terazalarini olachiq!
Xol olib, qizara boshlagan qora gilos tagidagi yog‘och karavotni holi bilib, o‘sha tomon yura boshlagan Mirzaxo‘ja hojim Alimat qozoqning keyingi gapidan jilmayib qo‘yib, otasining betiga angraygancha qolgan qizaloqqa dalda bergan bo‘ldi:
— Otin buvingga ayt, qizim, xat ko‘rar ekanlar de, bilib obberadi.
— Bildim-bildim, aynagiz, — deb qizaloq ichkariga chopqilladi.
Xijolatga botgan Alimat qozoq esa, bo‘ynini ichiga tortib yelka qisdi:
— Men nima depmang‘o‘y?! Ko‘zni terazasi bo‘lmay ne ekang‘o‘y?
Necha muddatdan so‘ng Mirzaxo‘ja hojim kungrador karavotning to‘r tomonida, necha qavat ko‘rpachalar ustida yolg‘iz o‘zi ustozini kutgan mullavachchadek xatga tikilgan kuyi qolgan edi.
U birinchi so‘zdanoq mutaassirlanib, bo‘g‘ziga issiq bir narsa qadalgan, ko‘ngli buzilib ketgan edi. Peshonasiga dovur jimirlayturgan bir mutaassirlikni zo‘r-bazo‘r yengib, ko‘zlari so‘zlar ketidan chopishda davom etar edilar:
«Hurmatluv va izzatluv Mirzaxo‘ja hoji otamizga yetub ma’lum bo‘lsunkim, kamina qandaydir bir shirinkomalar ilinjuda emas, bil’aks, Hoji tog‘amiznikida bergan lafzimiz ustidan chiqmoq qasdida iltimosingizni uddalamoq va u jigarporangiz Mahfuza bonuni izlab topmoq, jilla qursa, daragini bilmoq uchun ko‘-o‘p urindum. Bu yerga bizning diyor Tangritog‘dan ko‘chib kelmish kishilarning mahallalariga o‘tib, xabarlar yuborib, ko‘-o‘p tonuqli kishilar orqali ul musofirginani izlatib ko‘rdum. Daragi uchun xarajatni ayamadum. Topilsa, shirinkomalar borligini-da e’lon ettum.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:20:13

Hoji buva, ma’zur tutgaysiz. Sizni judayam quvonturadigan xabarlar topilmadi. Avvalisiga bir umidlu izlar topganday bo‘lib edum. Sarhaddan o‘tolmay qolgan kuyavingizning mehribondan mehribon xolalari bor ekan. Avval o‘shalarnikiga tushib, o‘shatlarda turgan ekan. So‘ng u yerdan ham bosh olib chiqib ketgancha qaytmabdi. Hanuz izini topisholmaydur.
Lekin ular topisholmagan Mahfuza kelinni (Sizning jigarporangizmi-boshqami, aniqlaganimcha yo‘q!) izini men topgandayman. Shunday otliq musofir kelinchak eski shaharda turar ekan, shifoxonaga tushib qolgan degan xabarlar topdik axiyri. Ammo borib surishtirilsa, bo‘lak odam bo‘lib chiqdu. Bir oyog‘i oqma bo‘lib yotgan, uni-da kesmakka hozirlay turgan ekan-lar — qo‘ymadilar oldiga. Nomi ham bo‘lak — Maz-lumami, Marg‘ubami ekan. Noumid shayton. Yana surishtirmoqdalar. Qaytgunimcha biron xabar topsam, albatta, omonatingizniyu duoi salomlaringizni jigarporangizga yetkazgayman, inshaalloh. Topolmasam, ma’zur ko‘rgaysiz, Hoji buvajon. Mening qaytar vaqtimga oz qolmoqda.
Jigarporangizni Alloh o‘zi hifzu himoyasida asrasin va Siz ila bu dunyadayaq ko‘rishtirmoqni nasib etgan bo‘lsin, ilohim.
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokotuh.

Addoi Yoqubbegingiz.
1968 yil, navro‘zi. Toshkandi azim».


— Nasib etsin, ilohum, qiyomatga qoldirmasun. — U shivirlab iltijo qilarkan, kirtaygan ko‘zlaridan shashqator yosh dumalab, quvalashgancha qay biri mo‘ylabi tagidan sizib lablari orasida yo‘qolar-da — qolar, qay birlari chuvak yuzining bo‘rtig‘idan to‘g‘ridan-to‘g‘ri oq soqoliga sakrab, undan nimchasi oldiga yumalar, uni nam etib bormakda edi.
Uning yarasi yangilangan, mana, nechanchidir marta ich-ichidan tuganmas bir o‘ksik bosib kelib, o‘kramakka yaqin qolgan, ammo o‘kray olmas (axir u o‘krasa — boshqalar nima qiladi, bo‘zlaydimi?! Bo‘zlamakka yo‘l ochsinmi?!), bunga sari yum-yum yig‘lar, yig‘layverib shishib borar, shishib borgani sari o‘zi kichkina tortib ketmakda edi.
Chunki u o‘zidan o‘tganini o‘zi bilardi. Bu ishda yolg‘iz o‘zi aybdor edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:20:26

Ha-ha, o‘zidan o‘tdi. Bir haftalik kelinchakni eriga topshirib qo‘ya qolmay eldan burun bir ishonchluv kishiga qo‘shib, ota yurtga jo‘natmakka shoshdi. Bu notinch diyorda bir kor-hol bo‘lishidan ko‘ra o‘sha yoqni avlo ko‘rdi, tinchroq bildi. Kuyavi o‘tolmay qoluvi tushiga kirish tugul, o‘ylab ham ko‘rmagan edi. O‘sha o‘ylamagani oldiga kelib turibdi. Endi dodini kimga aytsin?! Nolai afg‘onini kim eshitsun?! Qaerdan ham o‘sha Botur ularning qo‘rg‘onini qora tortib keldi? Shul yerto‘lada jon saqladi? Kirmasa, saqlamasa, shu ko‘rgiliklar yo‘qmidi? Ne qilsin, Allohning xohlashi, yozmishi shu bo‘lsa? Peshonasi shu qadar sho‘r ekan- mu?
O‘zing kechir, ey buyuk egam. Hammasini O‘zing ko‘rib-bilib turibsan. Ne hol ro‘y bergan bo‘lsa, O‘zing voqifsan. Biz gumrohlar neni ham bilgaymiz? Hikmating ne — qaydan anglab yetayluk! Faqat qizimizga-da yaxshilik sog‘inub topgan gunohlarimizni mag‘firat etsang, bas, kechirsang, bas. Uni-da shar’iy nikohidagi bandangga yetkazib, qovushtirsang, xotirjamliklar ato etsang, bas. Bizga bundan ortiq inoyatlaring na kerak, karaming na kerak!
U birdan bir lahza, bir soniya ichida vujudida allaqanday tinch-sokinlikka monand xotirjamlik tu-yib, xushyor tortib qoldi.
— Darvoqe, Mazluma dedimi, Marg‘uba dedimi? U shifoxonaga tushgan musofirginani? Birovning zaifasi, yaqin-yuqunlarining yo‘lini kutib yotgan mushfiqani? Anuv mehmon bola — dovon oshib kelgan toychoq bilsa kerak, tanisa kerak axir uni? Kasalvandligi, shifoxonalarda yotishinimi, nimani gapirayotib edi-ku?
Chaqirtirmakka sabri chidamay karavotdan tushib, tashqi hovliga, undan yo‘lakay ovoz berib mehmonxonaga dovur yetib bordi:
— Hoy, toy bola, mehmon bolam, qaydasan, menga qara?
— Shu yerdaman, boy buva, — deb kemshiktoy — Akbarali chopqillab tushib kela boshladi.
— Shoshma, ehtiyot bo‘l. Qoqilib-netib yurma. Senga gapim bor, xolos.
— Mana, keldim, — dedi bolakay quchog‘iga iymanib kirib.
— Ayt-chi, bo‘tam, — dedi bolaning kuraklarini silab-siypalab, — sen bilgan Yodgortoyning ayasi... qaerda deb eding? Nima bilan og‘rigan, deb eding?
Saritoy uni bir og‘iz gapidanoq tushundi:
— Anuv oq mashinada bannisaga olib ketishgan edi.
— Nega oq moshin? U qanday moshina?— dedi qariya allaqanday vahima bosib kela boshlab. Qay bir sezgilari u o‘sha bo‘lsa-chi, mohporamiz bo‘lsa-chi, derdi.
— G‘izillagan mashinami, o‘zi kasal olib ketadigan-da, — dedi Saritoy.
— Chaqirishib edimi? — dedi qariya uni sal tushuna boshlab.
— Tog‘am chaqirtirib edilar.

Qayd etilgan