Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202287 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 B


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:23:02

Ammo kalta o‘ylagan ekanmiz. (Dovon oshmagimda uchragan u mahluqing bejiz emaskanmi, uning hikmatiga endi tushunib yetmoqdamizmi, evoh!). Yerda jannat yaratmoqchi bo‘libmiz. Endi bilsak, maozoalloh, bandaligimizni, nihoyati ilmi cheklangan qullaring ekanimizni unutibmiz. Bizning mag‘lubiyatimiz tabiiydir.1 Mo‘min banda amirlikka yetganda ham mo‘minligicha qololmasligidandir bu. O‘ziga ko‘-o‘p bino qo‘yvorishidandir bu.
Qurdobadagi Abdurrahmonning xalifaligi, mashhur Dorussalom tanazzuli, ne-ne saltanatlarning yemiriluvi nimaning oqibati? Iskandar qayon ketti, Nushiravon nimaga erishdi? Ma’mun nima bo‘ldiyu Nodirshoh nimaning quliga aylandi?
Hammasi Olloh qonunini unutganlik oqibatidir. Inson qusurli yaratilganini, ilmi cheklanganini unutib qo‘ymog‘i oqibatidur. Olloh yaratgan va xalifa etib Yerga tushirgan kishilari uchun u zot tarafidan berilgan shariat qaydayu ilmi cheklangan kishilarning tuzgan qonuni, qurgan jamiyati qayda! O‘ziga o‘xshab cheklangan va qusurli bo‘lgay. Undan o‘tib qayga borgay! Biz Ollohning shariatiga asoslanib, jamiyat quramiz, yashaymiz demak-da bo‘lganlarga ham mening javobim bitta: Axir Siz o‘zingizni kimga mengzamoqdasiz va kim deb bilmoqdasiz? U qonunlarni hayotga tatbiq etarda adashib ketsangiz-chi? Adashmaslikka kafolatingiz bormi? Jamiy zamonlarda o‘tgan va keladigan bashar ichida eng mahbubi va eng komili Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lsalar, ul zotga tenglik da’vosini kim qila olgay?.. Hech kim!
Demak, Ollohning qonunidan tashqarida odil jamiyat qurmoq mumkin emasdur. Hammasi qusurli bo‘lgay. Negakim butun dunyoning oliy darajali zo‘r olimlari, huquqshunos dono bilgichlari yig‘ilsalar-da, biror bir mamlakat xalqining hojatlarini qondirgudek to‘kis bir qonunnoma ishlab chiqishga-da ojizdurlar.
Insonniki qusurli, Ollohniki bequsur bo‘lib qolavergay.
Shundan aytamanki, alohida bir mamlakatda dorul saltanat qurmoq mumkindir, ammo dorussalom yaratmoq mumkin emas, Olloh bu ixtiloflarimizga o‘zi qiyomatda ajri azim chiqargay. Kimni jannatiga yo‘llab, kimni abadiy azobiga tashlab. Ana shu buyuk adolatdur. Bandasi bir umr, to qiyomatga qadar intilgan narsaga u bir og‘iz «kun» degan kalomi ila erishtirgay. Dorussalom — o‘shal jannatdur. Undan beriga ovora bo‘lamiz.
Ey bor Xudoyo, bu satrlarni yozg‘uvchi qulingni no-umid qo‘ymagaysan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «mendan ke-yin bir zamon kelur... chin olim so‘zini olmagaylar, ulug‘ odamlardan uyalmagaylar, din so‘ziga quloq osmagaylar. Mana shundog‘ bo‘lib, din-dunyo ishlariga qattiqchilik kelgan kunlarda har qancha qiynalsa ham o‘z dinidan ajramay yurib o‘lgan bir musulmon yuz shahidning savobini topgay. Qiyomatgacha bir toifa ummatim haq yo‘lidan adashmagay», degan so‘zlari bor erdi. Ey bor Xudoyo, shu satrlarni bitmakda bo‘lgan g‘arib qulingni-da, uni o‘qigan, ta’sirlanib ko‘ziga yosh olgan mo‘’min bandalaringni-da habibing Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam haqqi-hurmatlari Haq yo‘lidan toymagan, islom dinida jon bergan o‘shal toifadan qilgaysan. Omin!»

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:23:29

10. AMIRNING OQ RO‘MOLCHASI
yoxud
 SHOL ARAVACHA EGASI


— Endi qayon buray, g‘irotni? Buyur, pakana pari, qay tupkaga desang olib borishga tayyorman, — dedi Olim akam Cho‘lpon ota guzariga chiqib borarkanmiz. U quling o‘rgilsin, osh damlab Ilhom sutchidek bir xokisor odamning ko‘nglini olganidan xursandmi yo u kishi bularning xazinasini topib, asrab-avaylab o‘tirganidanmi — ajratib bo‘lmas edi. Va yo o‘zlari o‘rtasidagi mushtaraklik, ikkalalari ham bir sohaning odami, ikkisi ham dunyo ko‘rgan, ming chig‘iriqdan o‘tgan, endi esa ikkisi ham so‘qqabosh ekanliklaridanmi, bir og‘iz so‘z, bir qiyo boqish, bir nigoh tashlashdan bir-birlarini tushunishar va shundanmi, bir-birlariga suyanib qolgan kishilarga o‘xshab ketar edilar. Bu uni topganidan, u buning yo‘qlab kelganidan boshlari ko‘kka yetgan, hech yerga ishonmas edilar. Qay yerdagi uzoq tarixlarni eslashib, yodlashib to‘ymas edilar. Men esam, Olim akamning bu yo‘qlovi, cholni ko‘rgani boruvidan chin muddaosining tagiga hali ham yetolmay o‘tiribman. Kitoblar orasidan chiqqan shajara qog‘oz — silsilai sharifning topiluvimi desam, u bu haqda ko‘pam surishtirgani, ijikilab, cholni jon-holiga qo‘ymay bir nimalarni so‘ray ketgani yo‘q. Lekin o‘sha tabarruk qog‘ozda, uning shajara halqalari aro dadasi — Abdurahim eshon buvamning nomlarini ko‘rganda ko‘zlari g‘ilt yoshga to‘lib, o‘zi bir g‘alati bo‘lib ketdi, mutaassirlanganidan qoq namatga tiz cho‘kkancha (xuddi kimdir ulug‘ Qur’on oyatlaridan tilovat boshlab yuborganu u tiz bukkancha some qolgan kabi) uzoq jim qoldi. Kim bilsin, qay voqeayu qay davrlarga xayoli qochdi? Balki eshon buvamning vasiyatlari yodiga tushib ketgandir...
— Tortinma, qayga desang qaytish yo‘q, bugun men sening ixtiyoringdaman, — dedi u qaytarib.
— Chindan-a? — dedim ichim yana ham yorishib.
— Bo‘lmasa-chi! G‘irt bo‘shman. Salti-savoyman ustiga ustak. Kim meni surishtirsin! — dedi u rulga shapatilab qo‘yib. — G‘irotni bo‘lsa, moyi yetarli. Xohla, Qo‘shilishga surib ketamiz, xohla Achchi qirlariga. Foziltepaga desang — Foziltepaga chiqamiz. Hali u omonmish-ku, — deb qo‘shib qo‘ydi u. — Ko‘rib qolaylik, ota diyorni — Izzayu Bo‘zsuvlarimizni, surilib-netib ketmasidan.
— Qani edi, lekin men, — dedim istihola aralash.
— Lekini bormi, istiholasi bormi?! Aytavur, mo‘ljallagan yeringni. Men begona bo‘lsamki, xijolat tortsang. Qani, qayoqqa? — deb azza-bazza u yelkamga qoqib qo‘ydi. Endiyam aytmay ko‘r-chi? Toza xafa bo‘ladi.
Men ertalaboq dilimga tukkan niyatlarim bor edi, o‘shandan og‘iz ochdim.
— Bugun pochchaning tomonlariga o‘tmoqchi, shaharga tushib, bir yerlarga kirib chiqmoqchi edim...

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:23:41

— Qaysi pochcha? O‘zimizning mutavalli pochchani aytasanmi? Shahardagi?
— Ha, yo‘q. Asad akamlarnikiga, bu yoqqa?..
U hali orqamdan qo‘lini olmagan edi, o‘ng yelkamga bir tushirib qoldi:
— Menam kimni aytayotirman, pakana pari! O‘sha Nusrat pochchanikigami, axir?
— O‘sha-o‘sha. Lekin ular allaqachon bu yoqqa joy qilib kelishgan, — dedim kulib.
— Bu yog‘ing — qayoq? Shahar hovli-chi? O‘shoqlaram buzilib bitdi degin?
Men bosh chayqadim:
— U hovlilarni Muhabbat kennoyiga tashlab, o‘z-lari bu yoqdan — Beshqayrag‘ochdan joy qilib kelishgan.
— Qurbaqaoboddan-a?
— Ha, o‘sha, o‘zimiz bilgan — Bo‘zsuvning narigi betidagi joydan, — dedim eslarmikin degandek yuziga tikilib (Axir o‘zi qaerdan yo‘qolib edi?! O‘sha Bo‘zsuvning narigi yog‘idagi usti yopiq moshinga bosib olib ketilgancha — qayoqqa g‘oyib bo‘libdi?!) Ustiga-ustak anuv Solining gapi yodimda: kimdir qip-yalan-g‘och qilib chechintirib, kamiga qora balchiqqa bo‘yab, tolga bog‘lab ketibdimish. Osmondan tushgan sallotlar esa, chechib...
Qarab turibman: Olim akamning yuziga bir nima jindek soya tashlab, jim qoldi. Aftidan o‘zining ham yodiga o‘shal shom, Achchi tomondanmi, qay go‘rdan qiyomat alomati kabi toshib kelgan ko‘kimtir bir tuman, uch qadam narini ham ko‘rib bo‘lmas bir hol, pochchaning bog‘lari pastlaridagi joylar... tushib, g‘alati tortib ketgandek edi.
— Boramiz, boraveramiz, — dedi u o‘ziga kelib, — Oyposhsha xolamizni, u kishini ko‘rmaganimga ham ho-ov, qancha bo‘ldi: boshlari osmonga yetadi, axir.
Qani endi u kishini qora qilib, kimni surishtirib borayotganimni ayta olsam!.. So‘z o‘z-o‘zidan akamga borib taqalgan, shuncha vaqtdan beri so‘ray olmayotgan narsalarimni so‘ragim kelardiki... Akamning so‘nggi xatidagi gaplardan og‘iz ochgim bor. Ammo... u bunga imkon ham bermas, o‘zi bu mavzuga yaqin ham kelmasdi. Chetlab qochardi nimagadir...
Rostdan ham u Sultonmurod akamning eski harifi, jazolashga jazolab qo‘yib, keyin uzrini aytolmagan kishisi — Parpi bebaxtni tirik ko‘rsa, topib borsak, qay ahvolga tushadikan? Uning keyingi ishlarini bilsa-chi, akamning ayoli Mahfuz kennoyimni deb Akmal o‘risga, uning anuv erkakshoda jiyani — bir sira ko‘tar-ko‘tar qilinib dovrug‘i chiqqan soxta qahramonga qilgan hukmlarini eshitsa-chi? Aqliga sig‘dira olarmikan: dunyo shunday qurilganiyu Olloh kimni hidoyat etib, kimni adashuvda qoldirib yuborishini?
— Oqtepadan aylanib borarmiz, hoynahoy? Ko‘pruk tushmagandur?
— O‘shoqdan-o‘shoqdan. Bu yoqdan endi mo‘ljallashyapti, — dedim men. — Osma ko‘priklar rasmdan chiqyapti endi.
— Semon chiqib, bu yog‘i oson bo‘b qoldi-da, — dedi u.
— Besh so‘mga bir moshin beton beradi. Har yog‘ochlar — suv tekin.
— Shunday bo‘lmasa, bu qorako‘z o‘zbek qanday hovli-joy qila olardi, harqalay hukumat g‘amxo‘rlik qipti. Eski bog‘lari o‘rnigayam.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:23:58

Mening esa, ich-ichimdan bir norozilik, unga qo‘shilib bir g‘ashlik bosib kelardi: ja olihimmatlik qilib yuborishibdi-da? Bergan joylari — biz yo‘qotgan narsalarning urvog‘iga teng kelarmikan? Tongotarlarda Izza chimzorlariga tushib, bir shabboxun urib chiqishimga alishmasdim menga qolsa! Qolaversa, tunda to‘satga tushishlarimiz, boshqa vaqt Bo‘zsuvdan savat qarab yurishlarimiz-chi, to‘yguncha cho‘milishlarimiz, u tepalardan beri kelmaslarimiz-chi? Qay birini endi topa olamiz? Sanay bersa, adog‘i bormi u yo‘qotishlarimizning? Qaysi gunohimizga Xudo uni ko‘p ko‘rdi desam, to‘g‘riroq bo‘lardi...
Men dardi-dunyomni akamga to‘kmay qo‘ya qoldim. U Sultonmurod akammidiki, tushunsa! Nima qilsa ham shu hukumatga bo‘lishgan — o‘shalarning yonini oladi-da. Aravasiga tushgan qo‘shig‘ini aytmay nima qilardi? Biz esa, alamlarimizni ba’zan «ruxsat etiladigan» tanqidiy chiqishlarimizda olvolamiz. Undan beriga mo‘min-qobil bo‘lib yurishdan o‘zga nima choramiz bor? Davlat bamisli ulkan osmon ustuni: unga qarab (kishi bilmas) chirt etkizib tuflash mumkin, xolos. Shunda ham bir chetga... Undan narisiga... qiya bo‘lib ketganingni o‘zing sezmay qolasan.
— Faqat sen yo‘lni aytib, buriladigan joylarimizni ko‘rsatib tur. Yo‘qsa, adashib ketamiz. Men bu ko‘chalarga endi kirishim, — dedi Olim akam axiyri oq uy — ola borgoh bo‘la boshlagan uchastka — hovlilardan, ularning keng-keng, mashina sig‘adigan darbozalariyu ko‘chaga qaragan peshtoqlaridan ko‘z uzmay. — Orzu-havaslari yomonmas-ku, a?
— Yomon emas. O‘zbek hovli-joy bilan tirik-da, do‘mga alisharmidi tanchasini, — dedim kulib.
— Qarab turasan, ellik yilga borib do‘mam mo‘dadan qoladi. Bizzi diyorlarda tuproq tomli paxsa uylardan o‘taversin. Yozda salqin — qishda jon rohati. Men dunyo ko‘rib keldim-ku, hech biri bizning ota uylarga yetmaydi, — dedi u qo‘l silkib va mashina oynasidan chapanilarcha chirt etkazib tupurindi.
— Sizning gapingiz pochchanikidan qolishmaydi!— deb kuldim men.— O‘zimiz nimadan bino bo‘pmiz — hadeb paxsali, somon suvoqli, tuproq tomlardan qochamiz, deydilar u kishi ham.
— Zo‘r aytibdilar. O‘zlari ham shunday qurdilarmi?
— Bo‘lmasa-chi.
— Qotiribdilar. Yuz yil qilt etmay turadi eski uylariga o‘xshab.
— E, u shahardagi uylarmi, Bobur zamonidan qolgan deydilar-ku.
— Ana, men nima dedim?! Otalarimiz bir narsani bilganlarki, shunday qurganlar. Qari bilganini pari bilmas, degan gap kimdan qopti?
— Menam salga pochchaning oldilariga yuguraman, tog‘am qolib, — deb yubordimu tilimni tishladim. Sal qolsa sirni ochay depman.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:24:10

— Nimaga ular bu yoqqa tushib qolishdi? Qa’ng‘liga boraverishsa, bo‘lardi-ku? Hamma-hamma bilan, pochcha to‘pdan ajraganlari qiziq bo‘pti.
— Olishga olib, qurishga qurib qo‘yib, endi afsuslanib yurishibdi. Qolaversa, bitta ularmi? Hamma to‘zib ketdi-ku zilzila tufayli.
— Tag‘inam Olloh ayabdi, — dedi Olim akam uzoqdan kelib.
Men unga yalt etib qaradim. U sezdi, lekin o‘sha-o‘sha yo‘ldan ko‘z uzmay borardi.
— Nega unday deyapsiz?
— Yetti kechayu sakkiz kunduz bo‘ron yuborsa, yokim ostin-ustun qilib tashlasa bu yerni... kim nima qila olardi? Ho‘v — bir davrlardagidek, Samud, Od qavmlari ustiga kelgan balodek?... — dedi meni hayratda qoldirib.
— Qaysi... qanday gunohlarimiz uchun?
— Keyin tushunasan, an-cha o‘tib, — dedi Olim akam o‘sha-o‘sha — turqi hech o‘zgarmay. O‘zi bir tushkun desam tushkun emas, allaqanday kamgap bir holga tushib. Men uni hech bu alpoz ko‘rmagan edim. Tavba, hayot uni shunchalar o‘zgartirib tashlabdimi? Ko‘raverib, u qozondan bu qozonga tushaverib, kim bo‘lib qolibdi? Kim aytadi uni hukumatning odami, ishongan tog‘i deb?
Bu orada yangi tushgan tramvaylar aylanib qayta-yotgan joy — Beshqayrag‘och deb atalmish mavzega yetib borib, guzardan o‘tdik. Olim akam menga talmovsirab qaradi:
— Sho‘tmi? Qayoqqa buray?
— Yuravering. Bitta ko‘cha o‘tamiz, keyingisida.
Qayrilishdan o‘tib, Olchazor ko‘cha bilan so‘ritokli darvoza oldiga yetib borsak deng, Hizrni istasak bo‘larkan, eshikdan hassalarini qo‘ltiqlariga qisgancha, qo‘llarini arta-arta, pochcha chiqib kelayotirlar. Oyoqlarida o‘sha-o‘sha jun mahsi-kalish (pochcha zahga yo‘qlar, salga ushlab qoladi «boy kasallari»), egnilarida ko‘k movut chakmon, boshlarida mosh do‘ppi — qayoqqadir otlanganlar chog‘i, munisdan munis, halimdan halim xolam kuzatib chiqyaptilar ekan. Meni ko‘rib:
— Ana, aytmovdimmi, Sanobar. O‘ng ko‘zim uchyapti deb. Qarang, kim kelyapti?! — deb o‘sha yoqdanoq quchoqlarini ochib kela boshladilar. — Voy, xolang aylansun, nechuk-nechuk, qayoqdan kun chiqib? Sizlarniyam ko‘radigan kun borakan-ku.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:24:25

Men salom berib, yelkamni tutib bordim.
— Orqangdagi kim, Maqsudxo‘ja? Kimni boshlab kelyapsan? Qosh-ko‘zidan — o‘zimizni urug‘dan shekilli? Olimmi? Eshonpochchamni kenjalarimi, adashmasam? — dedilar pochcha men bilan hali so‘rashishga ulgurmay.
Olim akam qo‘shqo‘llab tavof qilgudek tezlab keldi-da, qo‘llarini oldi:
— Men-men, pochcha. Olimman, tanidiz-a, tavba.
— Sambitday eding, chinordek to‘lishib, oq terakdek bo‘y cho‘zibsan. Nega tanimay, ko‘zing aytib turibdi. Odamning hammayog‘i o‘zgarsa-da, ko‘zi o‘zgarmaydi, vallohi a’lam, — dedilar u kishi. Keyin qo‘l olishga qoniqmay bag‘rilariga tortdilar, — Oh-oh, bo‘ylaringdan, bo‘ylaringam o‘z jigarimiz ekaningni aytib turibdi. Bormisan? Akangga o‘xshab senam sog‘intirib, bedarak ketding? Kelarkansan-ku. Zora qadamlaring qutlug‘ kelib, Sultonmurodni yo‘llari ham ochila qolsa, — deb alqay ketdilar.
Bu yoqda xolam shoshib qoldilar:
— Voy, aytibam qo‘ymabsan, Maqsudxo‘ja. Kimni ko‘ryapman! «Rahmatli opamning yodgorginalari-ku! Kenja toyloqqinalari! Islom tog‘asining o‘zginasi bo‘pti-ku. Kel, bolam, chinordek bo‘ylaringdan o‘zim o‘rgilay. Chiroq yoquvchi bo‘lib kelganing rost bo‘lsin, xudoy, — deb yalab-yulqay ketdilar.
Pochcha hassani bir-bir tashlab, qayta boshladilar.
— Qani, kela qolinglar. Hoy, kelinposhsha, o‘sha anjirni tagiga joy qila qoling, jiyanlar kepqopti, bizni yo‘qlaguvchilar kepqopti, — deb shu yerdanoq ichkariga ovoz berdilar.
Biz u kishini yo‘ldan qaytarganimizdan xijolat bo‘lib, taysallashga, bu ahddan qaytarishga tushdik:
— Pochcha, bizning ish shoshqichmas, mayli. Siz yo‘ldan qolmang, biz kutaturamiz. — Biz u kishini masjidga chiqayotgan fahmlagan edik.
Ammo u kishi urishib berdilar:
— Maylisi nimasi? Farishtasi bor joyga mehmon keladi. Hammanikiga ham kelsin-chi! Yur-yur. Andishalaringni yig‘ishtir.
Olim akam o‘rtaga tushdi:
— Mashinali joy bo‘lsa, obborib kela qolay.
— Gapni kalta qil-da, yuraver. Jilla qursa, fotiha qilaylik. Arvohlar haqqiga tilovot etib, savob yo‘llaylik. Borish qochmaydi.
U kishiga xolam qo‘shildilar.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:24:39

— Pochchangni endi qaytarolmaysizlar, kiravering-lar.
Anjir tagi deganlari hovli bo‘lib, shapaloqdek-shapaloqdek barg yozgan anjirlari endi bo‘y cho‘zib kelayotgan, uyning soyasi ham o‘sha yerga yetib qolgan, pastak yog‘och karavot qo‘yilgan sarishtagina joy ekan. Uch yog‘iga kalta-kalta ko‘rpachalar yozilgan, o‘rtada bir qulochgina xontaxta turibdi. Biram sarishta, fayzliki, bunaqasini boshqa biron yerdan topish amri mahol. Biz joylashishimiz ila oq dasturxon yozilib, yap-yangi sochiqlar qo‘yildi. Pochcha duoga qul ochdilar. U kishi ko‘zlarini yumib olib, o‘tganlarni xotirlab, duo qilyaptilaru qaydandir allaqanday iforli hid taralib, mening aqlu hushimni o‘g‘irlab boryapti. Yo‘q, ohorli dasturxon hidimas. U boya — yozilgan chog‘idayoq gurkiragan edi. Bu bo‘lakcha, bo‘ladi-ku, nimtatir bir muattar hid — o‘shanaqa edi. Xuddi chopib-uloqib boraturib, anjir tagidan engashib o‘tib ketgandagidaqa, uning barglariga urilsangizoq o‘sha yeringizdan necha vaqtgacha gurkirab kelib turadigan hid. Oyim uni jannat isi deydilar. O‘zi ham jannatdan tushgan daraxtmish-da.
O‘rtada bir piyola choy aylanib-aylanmay (unga- cha pochcha bir dunyoning narsasini so‘rab tashladilar, so‘ng cho‘zib), xo‘-o‘sh degancha gapning indallosiga ko‘chdilar.
— Xo‘-o‘sh, ochig‘ini aytsam, men bularga bir narsani ilinib turibman, Sanobar, — dedilar u kishi.
Biz tushunib-tushunmay bir-birimizga alangladik.
— Gapni ja uzoqdan boshlaysiz-da, Sanobar. Opkirdizmi, endi xap o‘tiring. Kelin qozonga unnayap-ti. Bularam har kuni keb yuribdimi? Borasiz-da o‘sha... — dedilar xolam qo‘l silkib.
Endi biz gap nimadaligini tushunib qolib, pochchaning yonlariga kirib, ot qo‘shishdik:
— Bizdan hech xijolat chekmang, o‘z uyimizdek gap. Oborib qo‘yish bo‘lsa, tashlabam kelamiz.
Pochcha unamadilar:
— Yo‘q-yo‘q, gapimga chuchunmandinglar. Men o‘sha joyga Sizlarning ham nasibangiz qo‘shilganmikan, deb turibman. Keyin: zab boribmizmi, Xudo yetkazibdi-da, deb yurasizlar.
— Unda, ketdik, nimaga qarab turibmiz? — dedi Olim akam qo‘zg‘ola boshlab.
— Boshlang, hamonki, ilinibsiz, — dedim men qo‘limni ochib.
U kishi dasturxonga yengil fotiha qilarkanlar, xolam bay-baylab qoldilar:
— Faqat, borasizlaru qaytasizlar. O‘shanaqasi javob bervorsangiz ko‘rasiz-a, Sanobar?
— O‘libman-da juda!— dedilar u kishi qo‘zg‘ola-yotib.
— Qaytamiz-qaytamiz. Qaytmay qayoqqa boramiz,— deb va’da berdik biz.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:24:51

Pochcha menga jilmayib, sirli-sirli qarab qo‘yardilar-u, qayoqqa boryapmiz, nimani ilindilar — ayta qolmasdilar. Yo bo‘lmasa, akamdan yashirsalar, menga shipshib qo‘ymasdilar. U kishining shunaqa ichdan pishgan quvliklari bor. Oxiri xursand bo‘ladigan beozor shumlik desayam bo‘lavuradi. Hozir bizni ana shunday «avrab» bir yoqqa boshlab ketayotgan edilar. Qayoqqa — topib ol!
Boradigan yerimiz uzoqdamaskan, tramvay yo‘lidan o‘tib, ikkita ko‘cha nariga burildikmi-yo‘qmi, yetibmiz.
Darvozaxonasining oldiga tom baravar qilib, temir ishkom yasatgan, ishkom bag‘azlariyu belbog‘larini bir xil kumushrangga bo‘yatgan (ammo toki hali o‘tkazib ulgurilmagan) oq uy — ola borgoh uchastka oldida ustol-ustul, kutib oluvchilar ko‘rinardi. Bola-baqra yo‘qligidan to‘y emas, ehson shekilli.
— Ana sho‘tga mukallifmiz, Xudo xohlasa, — dedilar pochcha va (qaerdan shamol tegibdi?!) kaftlari bilan qaytarmoqchidek to‘sib, chuchkirib qo‘ydilar — «Yarhakamulloh» — deya tushishga urina boshlab edilar, men g‘irot eshigini ochib, qo‘ltiqlaridan olishga shoshildim.
U kishi suyaklari yo‘g‘on, ilgarigi zamonning odamlaridek basavlat edilar. Ko‘k movut chakmonlari sal mo‘lroq tikilganmi, u kishini undanam savlatli ko‘rsatardi.
Men-ku tirsaklaridan tutib borayapman, notanish joy — Olim akam qovusholmay orqada qola boshlab edi, pochcha tanbehnamo qarab qistadilar:
— Yur, yur, nega imillaysan? Uyalma, seni kuyov qilmaydilar. U yoshdan o‘tgansan.— So‘ng u yoqdagilarga eshitdirmay tayinladilar. — Meni qora tortib, kirib boravuringlar, keyin xursand bo‘lasizlar.— Ikki qadam yurib, yana qo‘shib qo‘ydilar.— Agar meni ichkariga qistab qolishsa, biron yerga joylashishni ko‘zlayveringlar. Begonasirab yurmanglar. Qaerga keb qolganlaringizni hali bilasizlar. Bir hayron qoling-lar.
Ana, xolos. Hammadan kutsam ham pochchadan kutmovdim, qanday quvlik yo shumlikni boshlabdilar ekan, hech tagiga yetolmasdim. Aksiga yurib, bironta tanish odam ko‘rinmaydi. To‘g‘rirog‘i, hammasining istarasi issiq, yuzi tanish-ku, falonchi, deb aytolmayapman.
Bu orada ular tavozela «keling-keling»lab qolishdi. Kim salom berdi. Kim yo‘l boshladi. Yo‘lakdagi xizmatchilar gurra qo‘zg‘olishib, assalomga shoshilishdi. Bu hammasi pochchaning hurmatlariga edi. Men esa ko‘pchilikning salobati bosib, birortalarining yuziga tayinli qarolmayman. Olim akam ham qo‘li ko‘ksida, «aytilmagan joyga — yo‘nilmagan tayoqdek» hech qovusholmay, turtinib-surtinib kirib kelyapti. Hammaga bir salom berib, tavoze qilayotgandek-u, tanisa o‘lsin agar.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:25:01

— Ey-y, kelsinlar, mutavalli, kelsinlar. Ayvonga olinglar, ayvonga, — deb qolishdi odam olib turgan ishboshilar.
Birpasda kimlardir kelib, ikki qo‘ltiqlariga kirib, u kishini kalishlar rasamadi bilan to‘g‘rilab-terilgan zinapoyadan oldi oynavand peshayvonga olib kirib ketdilar. Ular kirib borishgan sari bu yoqdagilar istiqbollariga turib joy bo‘shatishar, qo‘ltiqlaridan olgan kishilar esa, qo‘yarda-qo‘ymay to‘rga — sallaliyu rangorang chakmonli qariyalar o‘tirgan joyga yetaklashar edi. Bunga sari pochcha:
— Hoy, azizlar, hoy-hoy-hoy, bu nima qilganlariz? Hammani bezovta etib? Hamma joy — bir joy-da, — deb oyoq tirardilar, xijolat tortardilar. U yoqdagilar ham chaqirib qo‘yishmas:
— Opkeling mutavallini, joylarini bilib o‘tirsinlar, — deb kulishardi.
So‘ng o‘tirib, duo qilib tinchishdi va tavozula sekin-sekin so‘rasha ketishdi. Yog‘ tushsa yalagudek hovlidagi so‘rilar tagiga ham joy qilib yuborishgan ekan, bizni ham o‘sha to‘pga qo‘shib o‘tkazishdi. Men-ku hali hech kimni tanib ulgurganimcha yo‘q, faqat zinaning tagidagi antiqa shol aravachadan ko‘zimni uzolmay turibman. Egasini qaerga joylashtirishibdi, u bo‘m-bo‘sh edi. Bu orada ro‘paramizda o‘tirgan — bir ko‘ziga oq tushgan, chechak yuzli odam kutilmaganda Olim akamni tanib:
— Iya, Osmon, o‘zingmisan? Voy tikka tashlar-e, borakansan-ku! — deb qoldi.
Buyam tanidi:
— Isroil, sanmisan? Shatda turasizlarmi? Uni qa-ra-ya, — deb ikkalalari o‘tirgan yerlarida kaftlarini qo‘shqo‘llab changallab, ko‘risha ketdilar. O‘rnilaridan turib quchoqlasha ketishga istihola qilib, bir-birlarining qo‘llarini qo‘yib yuborishmas, peshonalarini peshonalariga tiragudek munkayib olgan edilar.
— Ko‘rishgan joyimizni qara-ya, — dedi chakich yuz hayratlanib. U o‘zicha ovozini pastlatgan-u, lekin shang‘illab ketayotganidan, yaqin-atrofdagilar laganda uyub-uyub tarqatilayotgan parmuda somsalarni o‘zlariga olib, boshqalarga uzatishgancha, bularga alanglar edilar.
— Ming yil bo‘ldi-yov? — dedi Olim akam ham, uning hayrati bunga ham yuqqan-qo‘ygan edi. — Voy, seni-ey, g‘irrom-ey, —derdi ovozini pastlatib, allaqaysi voqealarga shama qilib.
— O‘zing-chi, qayoqqa gum bo‘lib ketuvding? Qamalib-samalib ketmovmiding? Uzoq ketding juda?
Akam esa:
— Ko‘rib turibsan-ku, bus-butunman. O‘tirgan odamga o‘xshaymanmi?— deb kulardi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:25:11

Chakich yuz (men uni tanimayroq turib edim, esladim: sutchilarni olib, Beshog‘ochga qatnaydigan yuk mashina shofyori edi). «Voy, san-ey, voy, xuvarilarning boshi-ey», deb turib, boshini yana ham pastlatgancha akamga shivirlab qoldi:
— Sen ularni, anuv chopib xizmat qib yurganlarni tanivotsanmi? Qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan «pokiza»larni? Yaxshilab qara-ya.
Olim akam kim choy tashib, kim parmuda somsa tarqatib yurgan bir xilda xushbichim movut chakmonli kishilarga — yoshlari ham qirqqa borib-bormagan yigitlarning yuzlariga bir-bir tikilarkan, ajablanganini yashirolmadi.
— Chindanam «pokiza»lar-ku.
— Ha, ha, Parpi bebaxtning yigitlari. Endi so‘fi bo‘lib qolishganini ko‘rsang. Xuddi ertaklardagidek, bir dumalab beozor musichaga aylanib qolishibdi, qara. Bizzi okayam o‘shalarda vazir.
— Tushunmadim, — dedi akam ko‘zlarini pirpiratib. — Qanaqa vazir?
Mening esa ichim qurib, gumirib boryapti: nahotki, bu o‘sha bebaxtning ishi? Uning xonadoni, deyman. Ko‘zimni zinaning tagidagi sholaravachadan uzolmayman. O‘zi qaerda ekan? Alanglab topolmayman.
— O‘ng qo‘l vazir — ishboshi-da, nimasini tushunmaysan, — dedi u.
— Hov, Isroil, devorniyam qulog‘i bor-a, naq tovbangga tayanibam qutulolmaysan keyin, — deb orqadan kimdir shipshidi.
— Menam kechagi gapdan gapiryapman, bugun demayapman-ku, — dedi chechakyuz oyog‘i ostiga tupurinib.
Orqa qatordan yana kimdir gap qo‘shdi:
— Kechagi gap — kechagi. Islomda johiliyatdagi gaplar eslanilmaydi.
Isroil aka labini jiyirib, kinoyali bosh irg‘adi:
— Seniki «ma’qul», opqochog‘ich. — So‘ng to‘ng‘illab qo‘ydi, — bir gapdan qolsam, o‘lamanmi!
Uning begidirligiga ham, chapani-shang‘iligiga ham taraf yo‘q edi. Hozir bor-yo‘g‘i akamni uchratib qolganidanu unga qay tovkada o‘tirganini tushuntirib qo‘yayotganidan boshi osmonda edi, xolos.
Bizning qatordagilarga ham parmuda somsa tortilib, hamma nafsi bilan ovora bo‘lib qoldi. Chindan u ta’mi og‘izda qoladigan qilib, dumba-yog‘ solib yopilgan, zira-murchi tobida edi. Men uni Marg‘ilonda tayyorlab, nozik mehmonlarga tortishlarini ko‘rgan edim. Bizda ham rasm bo‘pti.

Qayd etilgan