Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202567 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 44 45 46 47 48 49 50 51 52 B


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:27:39

— U kishi tirik ekanlar. Makkaga o‘tib ketishgan ekan. Marg‘u kennoyimni unga yetkazibdilar. O‘sha nikoh qayta tiklanibdi, — dedim yuzlaridan ko‘z uzmay. — Sizda gunoh yo‘q ekan. Akam, Sultonmurod akam hamma o‘tgan ishlar uchun Sizdan uzr so‘raydi. Kechirolsan-giz — kechirib qo‘yar ekansiz.
— Subhonolloh! Shundaymi ekan?..
Uning yuzi (ko‘rib turibman!) oqarishib kelib, kutilmaganda ilgarigidan ham nurlanib ketdi, tavba, u sariq ipak singari ichdan bir ajoyib nurlanib balqir, shu bilan barobar bu yuzga xotirjamlik yoyilib kelar edi. U ko‘zlarini ko‘tarib, menga minnatdor tikildi.
— Ollohga shukr, O‘ziga hamdu sanolar bo‘lsin! Ollohdan yashirmaganimni endi sizlarga ham ochay. Bu narsa ko‘ksimni tegirmon toshdek ezib yotar edi. Qarang-a, Xudo o‘zi kushoyish berib asragan ekanmi Bahriddinni? — deya oldi.
— Asragan ekan, gunohsiz ekansiz, — dedim men. U meni quchib olib, toza yig‘lab bersa kerak, deb o‘ylab edim. Ammo u tobora xayolchanlashib, shol oyoqlari ustidagi movut chakmonning bir chetini silab ketgan, bosh ko‘tara qolmas edi:
— Shundoq bo‘lsa-da, u kim ekan — biz otib qo‘ygan, boyaqish? Kuyovnavkar, anuv yetimcha bo‘lib chiqqaymi? — dedi bizni tamomi hayratda qoldirib. Va ko‘zlarini yumib, Ollohga iltijo etdi. — O‘zing kechirgaysan, Tangrim. Undan kam bo‘lmagan gunohimiz bor ekan. Bir yetimning gunohi, — dediyu jim qoldi.
Uning mijjalarida ikki tomchi billurday yosh qalqib turar, mening ko‘z o‘ngimdan esa bir xil kiyingan ko‘k to‘nli yigitlar Mirjumon ko‘chasidan ko‘tarib kelayotgan tobut va uning oldidagi Qo‘qon arava ketmasdi. Qo‘qon aravada esa xumdek kallasini osiltirib mana shu odam o‘tirar va hech qayoqqa qarab qo‘ymas edi.
Tobutdagi ustixon esa o‘shal boyaqish kuyovnavkarniki ekanmi?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:28:10

12. UCHINCHI BOG‘
yoxud
EY SOKIN JON

Muallifgagina ayon tarixlar davomiga


U ostonada to‘xtab, ichkariga ovoz berdi:
— Onasi-yov, qaydasiz? Biz otlanub bo‘lduk, duo bermagaysizmu?
Ichkaridan hadeganda javob bo‘lmas, uning o‘rniga ham piq-piq yig‘i tovushiga o‘xshash bir hiqillash eshitilar edi.
Axiyri bo‘lmadi. Mo‘ysafid kavushini kavshandozga yechib, maxsichan kirib borarkan, endi to‘ng‘ichining nomini atab chaqirdi:
— Norposhsham, qay yerdasiz? Safarga otlangan kishini shunday kuzatarlarmi?
O‘zidan xiyla yosh xotinning nozi shu-da. Qolaversa, oldi qizlarini uzatib, o‘g‘il uylagan xotinning yoshligi qoldimi? Nimqorong‘i uyga kirib olib, taxmon ko‘rpalariga yuz bosgancha qolgan ayolining qorasini ilg‘ab, g‘alati bo‘lib ketdi qariya.
Ichi sidirildimi yo achishib, ko‘kragini bir nima tilib o‘tdimi, noxushlik sezdi. Shunda kutilmagan hol yuz berdi.
Qulog‘iga yana o‘sha kechagi noxush ovoz eshitilib ketib, butun vujudini bir titroq-jimirlov bosib keldiyu peshonasini muzdek ter qopladi. Shu barobar bir badbo‘y hid — xuddi bir vaqtlar bolaligida qari yong‘oq g‘ovagiga qo‘l tiqqanidagidek yomon hid anqib ketdi. Unga shunday tuyuldimi, yo rostdan qayoqdandir anqib ketdimi, ajratolmadi. Lekin aniq esladi, u hov o‘shandagidek — yong‘oq g‘ovagida qo‘lini cho‘qib olgan ukki bolasinikidek badbo‘y edi. O‘shanda qo‘lidagi pixillab potirlayotgan (temirqanotdan o‘tib, hali uchirma bo‘lib ulgurmagan) ukkichani uloqtirish o‘rniga yuzini burib, bir amallab yong‘oqdan tushib olgan edi. Keyin kattalardan kimdir kelib qolib:
— Qo‘ling akashak bo‘lib, o‘ling kevottimi, yo‘qot, joyiga opchiqib tashla, — deb so‘kkachgina iniga tashlab tushgan, shu-shu qaytib ukki iniga yo‘lamay qo‘ygan edi. Shunga ham, hov o‘sha — Murjumondagi voqeaga ham yetmish yil kechdimikan? Lekin kelib-kelib endi yodga tushuvi, olamning manavi chekkasiga topib kelib, xunuk sayrashi qiziq edi. Bu nimaning alomati ekan?
Tungi ukkining anavi toshnokdami yo uning ortidagi bir yon shoxi quriy boshlagan qari qashqar gilosdami o‘tirib olib har zamon:
— Huq, huq, huq,— deb qo‘yishi, oradan yetmish yil kechib chaqirishi, sayrashi, topib kelishi g‘alati edi.
O‘shanda nima bo‘lib edi o‘zi? Ha, darvoqe, o‘shanda yong‘oq ustidan tushayotib, oyog‘i sirpanib ketdi-yu, jon holatda daraxtga yopishdi. Shunda qo‘lidagi ukki bolasini yomonroq ezib qo‘ydimi, u chag‘illab yubordiyu boya inidan potirlab uchib chiqib ketgan ukkilar qaerdandir paydo bo‘lib, ustidan pixillab uchib o‘tdilar. Qo‘yib bersa, boshiga tepib, talamoqchi edilar-ku, talab ulgurmadilar, u yerga sakrab tushib olgan edi. So‘ng haligi katta odamning — u suvchimidi, yo‘lovchimidi (balki Hizrdir) — qistovi bilan ukkichani iniga tashlab tushdi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:28:22

Lekin uning badbo‘y hidi qo‘lidan necha kungacha ketmagani aniq.
Yaxshiyam o‘sha Hizrning uchragani — yetmish yilgacha uni unutib yashadi. Bugun esa... u indamay turganigami, haligacha borib taskin bermaganigami, ayoli birdan o‘zini tutolmay o‘krab yubordiyu o‘grilib kelib, yelkasiga osildi:
— Meni desangiz shu safaringizni qoldiring, otajonisi!
Jahlini yutib o‘rgangan odam (uningdek halim, hokisor kishi hamma qahr, jahl, achchiqlarini Allohga taslim etdim deb yurgan bir paytda) shaytonga hay berolmadi.
— Qaydan topding bu gapni?! — dedi sensirab. — Kecha qaerda eding?!
Oyposhsha qarshisida oq ro‘molining uchini ko‘zlariga bosgancha hamon to‘lib turar, unga bir so‘z demak ortiqcha edi.
Mirzahojim kalta soqolini tutamlab, ichiga kirib olib vasvasa solishdan toymayotgan kasni haydamoqqa urundi:
— «La ilaha illalloh. Asta’firullohi azimi va atuvbi ilayhi. Bilib-bilmay qilgan gunohlarimni o‘zing mag‘firat et»,— deb kalima keltirdiyu o‘zi ichida o‘sha bundan yetmish yil ilgarigi jon holatda chag‘illagan ukkichani o‘ylardi: nima balo, o‘sha narsa qaytib o‘nglanmagan ekanmi?
Narigi uydagi osma soat tonggi sokinlikni buzib, bamisoli tunggi ukki misol:
— Huq-huq-huq...— deb chiqillar edi.
Chol bu ovozdan eti junjikib, qo‘liga ilimiliq bir narsa yopishgan kabi uni siltab tashladi:
— Mendan nima istaysan?!
U bu gapni xotiniga aytdimi, yo o‘sha tungi sovuq boyqushgami — o‘zi ajratolmadi. Ko‘ziga u boyqushdan ham xunuk ko‘rinib ketib, jaholat ichida:
— Ha, yurtimga ketyapman! Xilxonamga yetib olishimgayam qo‘ymalaring! — deb berdiyu, shart o‘girilib maxsichan chiqib keta boshladi.
Qaytib kavushini oyog‘iga ilgani kirganda ichkari jimjit, go‘yo hech kim yo‘qdek bo‘lib, quloqlari beayov shang‘illar edi.
Yaxshi bo‘lmadi. Necha yillik umr yo‘ldoshi edi. Shuncha yil ko‘ngliga qarab kelib, ketar vaqtda dilini og‘ritdi. Tahorati singan ekanmi, shayton qaydan ilashib, qanday yozg‘irdi? Borib-kelib kuchi shu mushtiparga, bolalarining onasiga yetdimi? Xotin-bola-chaqasini tashlab, bu diyorlarga qochib o‘tganida kim joniga ora kirib edi? Yo‘qchiliklar zahrini birgalashib kim tortib edi?
Shuning otasi bergan jindek sarmoya tufayli shakarpazlik bilan o‘zini o‘nglab olgan, so‘ng boyib ketgan emasmidi? Sening qadaming bu uyga qutli keldi, nimaga erishgan bo‘lsam sen tufayli deb yurmabmidi? Endi o‘sha hisobsiz boyligiyam, bola-chaqasiyam, ichkari-tashqarili bu hovlilar ham, kimsan — Mirzahojiboy — aytuvli boy ekani ham nega ko‘ziga ko‘rinmay qoldi? Hammasi ko‘zining oqu qorasi o‘sha Mahfuzasi tufaylimi?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:28:34

Agar uning daragi chiqmasa, yolg‘iz, ayol boshiga tushgan ko‘rgiliklari yetmaganday og‘ir dardga chalinib kasalxonalarda yotmasa, yotganini anuv bolakaydan eshitmasa, Ollohning panohiga tashlab jim yuravergan bo‘lmasmidi? Balki. Dil yarasi yangilanmasa, shaytonga bo‘y berarmi edi?!. Bermasdi. Hammasidan to‘g‘rirog‘i shu. Chinrog‘i shu.
U bu diyorda barcha yo‘qotganlarining o‘rniga o‘rin bir mo‘’min-musulmon uchun lozim bo‘lgan narsalarning hammasiga erishdi, topdi. Suqsurdek bir mo‘’minaga uylandi, bola-chaqa qildi. Boyib ichkari-tashqarili hovlilar soldi. Hajga qodir kishilar qatori Alloh uyini ziyorat etdi, Payg‘ambar yo‘llaridan yurib, Minolarga bordi, Arofatga chiqdi, Muzdalifada bir kecha yotdi. Qiyomat mahshargohini ko‘rgandek bo‘ldi. Vido tavofini ado etib, muvaqqat vatan tutgan diyoriga hoji bo‘lib qaytdi.
Otalar yurtiga zora yo‘l ochilsa deb, sadaqalar sochdi, zakotlar berdi. Xo‘b savoblar topdi. Kechalari tahajjud namozlari o‘qib, duolarida so‘rardi ota yurti Murjumonni, undagi Olmazor bog‘ini ko‘rmoqni. G‘ir-g‘ir shamollarga ko‘kragini tutgan o‘sha jannatday joyda bir lahzagina o‘tirmoqni, Izza buloqlari suvidan bir piyolagina ichmoqni, asal bo‘yli bosvoldilaridan bir tilimgina totmoqni orzulardi. Orzulaganda ichlari otash bo‘lib yonardiki, qo‘yaverasiz. U sog‘inchmidi, dardu o‘kinchmidi, yetib bo‘lmas quvonchmidi, bir og‘iz so‘zla aytib, tushuntirib bo‘lmasdi. Kundan kunga, yildan yilga, umr o‘tgan sari lovullasa lovullardiki, pasaymasdi. Taskin bilmasdi.
Axiyri shahar chekkasidan baland bir joy topdi: qarangki, bu yerda ham qir shamoli tinmas — g‘ir-g‘ir esib yotar, suv olib chiqolsa, o‘sha birinchi bog‘idan qolishmaydigan joy qilish mumkin edi. O‘sha ko‘ksidagi armonni bosish uchun ko‘ziga na dunyo ko‘rindi, na uyqu. Axiyri bu qirga ham xuddi o‘sha Murjumondagidek bir anhor suv chiqarib, ulkan hovuzu atrofidagi supalarni halqadek o‘rab oqqan anhor qazdirdi. O‘rtani olmazor bog‘ etib, ikki yonni o‘rikzoru yong‘oqzor qildirdi. O‘n yil deganda o‘sha birinchi bog‘idan qolishmaydigan jannat go‘sha paydo bo‘ldiki, uni ham Mirzaxo‘ja hojimning Olmazori deb atashdi. O‘zi armonbog‘ deb atab, unda chiroyli ziyofatlar, ilm majlislari qurar, Qur’on tilovatlar etib, bu mo‘’jizani yaratmoqni ko‘ngilga solgan Alloh subhanahu va taologa beadad hamdu sanolar aytar edi.
Inson ana shunaqqib yo‘q yerdan o‘ziga bir taskin topib olarkan-u, bir kun kelib, u ham eskib, bu qalb qurg‘urga em bo‘lmay qola boshlar ekan. Qadim Vatan sog‘inchini hech narsa bosa olmas ekan. U uyg‘onmasin, uyg‘onib o‘rtashga tushmasin ekan, atrofda malham bo‘lgulik bir narsa topilmay qoladi ekan!

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:28:48

Ota yurtga jo‘natgan qizi ila hali o‘zi ko‘rmagan, bir qur erkalab, tizzasiga olib armondan chiqmagan nevarasidan mujdalar berib, manavi mehmonlar dovon oshib kelishdiyu, anavi tilmoch yigitdan ikki enlikkina xat ham qo‘shilib, ko‘ksidagi armon bolaladi-ketdi! O‘shandan beri yurakkinasi hapriqadi-toshadi. U jannatmakon ma’voni ko‘rgilari kelib, ichi kuyib o‘rtanadi, o‘rtanib yana kuyadi. Bularni deb qariganda yo‘lga chiqmay qo‘ya qolay desa, dunyo ko‘ziga tor ko‘rinib boryapti, torayib boryapti. U ham eshitdi kechasi o‘sha savil qolgur ovozni. — Haq, haq... — desa ham bir baharnav edi, juftini chorlagan haqqush demoq mumkin edi. U esa, sovuqdan sovuq qilib:
— Huq, huq, huq, — etib yotar edi!
Alhazar, shuncha yil boyqush qo‘nmagan oshiyoniga u ketar mahalda, jo‘nar kechada keladimi u? Xuddi bir narsadan imdod berganday, teskari bashorat etganday?!
Turiboq tahorat yangilab kelib, (islomda irim yo‘q esa-da) «Hasbiyallohu laa ilaha illallohu alay-hi tavakkalutu...» duosini yetti karra aytib, Alloh-dan g‘am-kulfatlardan nari qilishni so‘radiyu qaytib yotdi.
Shunda boyo‘g‘li ham bu duoning kuchiga dosh berolmayin qiv-qivlagancha dab bo‘lib ketdiyu bog‘ tinchib, u xotirjam tortib qolib edi. Mana endi turib-turib, safar oldidan anavi befarosat yodiga solib o‘tiribdi. Qiyomatli kampiridan topgani shu bo‘lsa, bu dunyoda odam bolasiga suyanmoq chikora? Hammasiga etak silkib, yolg‘iz O‘ziga tavakkul etmoqdan va tavakkal jo‘namoqdan o‘zga nima qoldi?
— Xayr, — dedi u deraza tokchasiga ket qo‘ygan joyidan turib va niyatini xayrli ishlarga yo‘yib. — O‘tgan gaplarga salovot, — dedi negadir kampiri tomon yurib va ma’zurnamo gaplarga ko‘chib. — Onasi, men sendan yaxshilik ko‘rsam ko‘rdimki, yomonlik ko‘rmadim. Men sendan roziman. Sen ham mendan rozi bo‘lib qo‘y. Bilib-bilmay yoxud shayton yozg‘irib dilingni ranjitgan esam, kechirib qo‘y. Tongla mahsharga qolib yurmasin. Nafaqai ahli ayolga taalluqli burchlarimni-da unutgan joyim bo‘lsa, avvalo sen, qolavursa, Allohim kechirsin. Qolgan dunyom seniki, bolalaringniki. Rasamadi ila ishlatsanglar hali ko‘pga yetgay. Men bir umr orzu qilgan safarimga otlangan jo-yim, qarshi turib, dilimniyam siyoh etma, o‘zingni ham gunohga qoldirma. Jon onasi, tushun. Yozmishda borini ko‘rgaymiz. Agar qaytib ko‘rishmoq nasib etmagan bo‘lsa, mendan rozi bo‘lib qo‘y. U yoqda tentirab qolgan qizim, tomirimning tomiri — jujuq nevaramni bir ko‘rgim bor. O‘z ko‘zlarimla ko‘rib, xotirjam ketgim bor. Sen ham meni tushun. Otalarim, onalarim o‘tgan yurt, o‘zim tug‘ilib o‘sgan ma’vo, tanish-bilishlar tushlarimdan ketmay qoldi. Hamma-hammasi chaqiryapti, chorlayapti. Hozir bormasam, shu mavridi kelganda o‘tib olmasam, keyin borolmayman. Holim ham, madorim ham yetmagay keyin. Meni bir umrli armonga qoldirma. Qo‘lingni och, onasi. Duo qil. Zora sening duolaring ijobat bo‘lib, ko‘zlagan manzilimga yetib olsam.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:29:01

U esa, ojiza emasmi, duo o‘rniga ham, taskin-tasalli o‘rniga ham buning yelkasiga osilib, kiftlarini silar, engil-mursaklarini o‘pib yig‘lardi, xolos. Tiliga jo‘yali bir so‘z kelmasdi.
Tashqarida jo‘nashga hamma narsa taxt — arava qo‘shilgan, yo‘l tadorigi ko‘rilib, foytun aravaga necha qavat ko‘rpachalar to‘shalgan, yo‘lda hojim urinib qolmasinlar deb, necha duxobayu par yostiqlar olib chiqilgan edi. Yurtdan kelgan mehmonlar ham allaqachon otlarini egarlab, abzal-qayishlarini tortib, duo berilishini kutib turishibdi. «Buvasini ko‘rgani kelgan» mehmon bola — kemshiktoy esa, foytun arava atrofida girdikapalak. Boy ota chiqa qolsayu uning qavatiga joylasha qolsa. U dovonga qadar u kishiga hamroh, so‘ng otga mingashadi. Arava dovon tagidan qaytadi, u yog‘iga hojim foytun ortiga bog‘log‘liq qari samanda (har qalay bosiq, urintirmaydigan ot) ketadilar. Ro‘zimuhammad foytunga qo‘shgan ot ham yosh ko‘ringani bilan foytunda bir tekis yurishning xo‘b haddini olgan, bo‘lar-bo‘lmasga hurkib ketavermaydi. Ishqilib, hojimni urintirmay-netmay dovonga yetkazib, sarhaddan o‘tkazvorishsa, bas. U yog‘iga Xudo xalloq, qolaversa, sarhad oshib kelgan manavi mehmonlar bor, amallab yetib olishar.
Nihoyat qariya yelkasiga bosh urib tinchiy olmayotgan ayoliga:
— Bo‘lar endi, onasi, yo‘lga chiqmayturib... meni toliqtirmagil, — dediyu u aziz boshni o‘zidan xiyolgina uzoqlashtirib, yelkasiga sirg‘alib tushgan oq ro‘-molni to‘g‘rilagancha ikki kaftila ikki chakkasidan tutib, u yuzni o‘ziga qaratdi. — Alloh shohid, men sendan roziman, sen ham rozi bo‘l, — deb ajin oralab ulgurgan va sajdaning rangi bilan ranginlangan peshonasidan o‘pdiyu qayrildi.
Nihoyat oq fotiha berilib, otlarning jilovi bo‘sh qo‘yildi. Tuproq ko‘cha ot tuyoqlarini o‘pib, alvido salomini aytishga va ohidan changi havoga o‘rlab, tuproq hidi anqishga boshladi. Oldinda u yurtdan mehmon bo‘lib kelgan kishilar yo‘l boshlab, orqalaridan foytun ergashgan edi. U ot tuyog‘iga monand har chayqalganda tag yumshatgichimi, silkingichidanmi, qilt-qilt etgan allalaguvchi bir ovoz chiqib borar, hoji ota bilan bolakay shohona dilijonga chiqib qolgandek edilar.
— Xayr, xush qolingiz.
— Allohning panohiga. Eson boringiz.
— Ilohim, oy borib, omon qaytingiz! — Ularning ortidan shunday duolar uchar, kim yuziga fotiha tortib, kim ro‘molining uchini mijjalariga bosgan edi.
Havodan tuproq hidiga qo‘shilib, yangi tezaklagan ot tezagining hidi gurkirar edi. Qir uchlaridan rang olib, dumbul bo‘la boshlagan va oldi yozni halitdan kutib olayotgan o‘riklarning qay shohidadir (albatta, g‘ir-g‘ir shabadalarga jindek yuz ochib, jindek soyasiga berkingan) sariq boshli jimit qushlar — sa’valar foytun aravayu otlardan ham hurkmay, go‘yo bu olamda rozu tasbeh aytguvchilari yolg‘iz bittadek, qolgani o‘tkinchidek — «chit-chit-chit-ov»lab sayrab yotar, hech narsaga parvo qilmas edilar. Faqat ora-chira qaerdadir — qo‘rg‘on ortidagi yong‘oqzorda shekilli zarg‘aldoqqush (har yili o‘sha azim yong‘oqlardan birining eng tepa shohiga in quradi) «qiyov-qiyov-tish-sh»lab chaqirib qo‘yardi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:29:13

Foytunga (qo‘sha-qo‘sha duxobayu paryostiqlar orasiga) jimitdek bo‘lib cho‘kkan cholning ko‘zlari yo‘ldayu vujudi go‘yo quloqqa aylangan edi. Orqada qolib borayotgan qo‘rg‘on tomondan kelayotgan har bitta ovozni (go‘yo endi qaytib eshitmasligi mumkindek, xotirasida olib qolmoqchi bo‘lib!) ichiga yutub yotipti!
Allakimning bog‘i yoqalab o‘ta boshlashdi. Rosa kungay, oftobga ko‘kragini tutgan joy ekanmi, g‘ir-g‘ir esgan shabadasining o‘zi jannatning islarini olib kelar, bu farog‘at makonida qolaqol deb jilva qilar edi. O‘zining Olmazor bog‘iga o‘xshab ketarkan. U ham shunday g‘ir-g‘ir shabadalar makonida edi. Qadami yetgan odam borki, ketolmay qolardi. Lekin mana, vaqti-soati kelib uni-da, barchasini-da tashlab ketmoqda. Ota makondan bo‘lak hech narsa ko‘zga ko‘rinmay qoldi. Buni qandoq tushunmoq keragiykan? Umri poyoniga yetganigami, judolik qo‘shig‘ini aytish vaqti kelganigami? Balki, kechasigi ovoz — ukki sayrog‘i ham bejizmasdir?.. Ishqilib dovondan o‘tib olsalar, bas. Qo‘rqadigani o‘sha.
Foytun lo‘killab, uni allalar, hamisha xush yoqadigan bu allalash uzoq yurilganimi, nima uchundir hozir xush tuyulmayotgan, ko‘ksining alla qaerida g‘ashlik bolalab, ko‘kragi torayib, nafasi siqib kelayotganga o‘xshar edi. Tavba, unga nima bo‘lyapti? Holi shunchalik ekanmi? Ro‘zimuhammad odamini topib, Yolg‘izdaradan o‘tkazib yuborish tadorigini ko‘rib qo‘ygani bilan u o‘g‘ri so‘qmoqlardan yurish o‘zi bo‘lmas? Hali foytunni tashlab, orqadagi otga minish, yolg‘izoyoq so‘qmoqlardan jon hovuchlab o‘tib borish kerakdur? Unda holi nima kechadi? Bularga ortiqcha yuk bo‘lmasa koshki edi!
U ikki dunyoda ham do‘st bo‘lmaydigan g‘anim qavmlarga bo‘y bermagan imom Shomilning so‘nggi taqdirini esladi. O‘shanday odam ham umrining so‘nggida hajni ixtiyor etib, Ollohning uyini tavof qilgan, Payg‘ambar masjidlarida Allohdan yolg‘iz bir narsani — hoki turobini tangri aziz qilgan shu joylarda qoldirishni so‘rab uch kun ibodat qilgan ekan. Uchinchi kuni behol tortgan qariyani tuyaga ortayotgan chog‘larida tuya bexos turib ketib, imom uning ustidan qulab tushadi va qilgan duolari ijobat bo‘lib, uni Baqo qabristoniga qo‘yadilar. Bunday o‘lim topmoq qanday ham xayrli. Lekin manavinday... begona yurtlarda... o‘g‘rincha sarhad oshib borayotib... ota diyorga yetdim deganda yetolmayin ketish... qanchalaram armonli!
Qariyaning mushtdek yurakkinasi xazon yanglig‘ titramoqqa boshladi va ichi sidirilib kelib, ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. «Hasbiyallohu laa ilaha illahu alayhi tavakkaltu»ni takrorlamoqqa boshladi. U bu duoni mana necha yildirki, har tong, har oqshom yetti qaytadan o‘qib, Yaratgandan g‘am-kulfatu musibatlardan nari qilishni so‘raydi. Uni muborak safarga borganida Oltinxonto‘ramdan eshitgan va shundan beri kanda qilmasdi. Alloh chindan innaka antat-tavvabur rohiym, chindan, innaka antas-samiul alim, chindan innaka antal azizul hakiym. Uning tavbayu duolarini qabul etib, o‘z hifzu himoyasida asrab keldi. Musofir yurtlarda azizu mukarram etdi. Bu iltijosini-da ijobat etgay, inshaalloh. Ota yurt havosidan nafas olmoqqa musharraf qilgay, zora. Jilla qursa, o‘shal tuproqdan ikki gaz yer nasib etmasmi, vallohi a’lam?! Begona yurtlarda qoldirmas-ku suygan qulining hokini...

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:29:30

— Shomni o‘tab olasizmi, boy ota? Tahorat yangilayapmiz.
Qarasa, bulbullar chah-chahlab, qumrilar sayragan soylik bir mazgilda to‘xtab turishibdi. Pastda to‘piqdan oshmaydigan soy sharqirab yotibdi. Namxush tog‘ havosi ko‘ksiga moydek yoqib tushmoqda, quyosh tog‘ ortiga o‘tib ketganu soylik hamon charog‘on edi.
Chaqirgan Ro‘zimuhammad ekan.
— Yo urinib qoladigan bo‘lsangiz... yana o‘zingizga qarang,— o‘sha yerda o‘qib ola qoling, demoqchi bo‘ldi u.
Holiga qarab... o‘qisayam bo‘ladi-yu, lekin jamoatning savobiga nima yetsin? Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam betobliklarida ham so‘nggi kungacha namozga chiqqanlar-ku. Namozdan ulug‘roq nimamiz bor, shunga ham yaramasak?
— Tushaman, mayli. Joyni hozirlay qolinglar.
O‘tiraverib, oyoqning ham oyoqligi qolmagan ekan, Ro‘zimuhammad bir muddat silab-uqalab o‘ziga keltirgandek bo‘ldiyu, shunda ham foytundan yosh boladek ko‘tarib olib qo‘ydi.
Sharqirab oqqan suv bo‘yiga joynamoz yozilgan ekan, vaqt kirgach, Ro‘zimuhammad takbir aytdi, Xudoyberdining hamsoyasidan bo‘lak hammalari (hatto ziyoratga kelgan Kemshiktoy bolakay-da) iqtido qilib, namozga turishdi. O‘zi sharqirab, Yaratganga tasbeh aytib yotgan soydan jonbaxsh bir nasim esar, uning ustiga tog‘ havosi, shom salqini, yana namoz halovati qo‘shilib, shunaqa bir yengillik paydo bo‘lgan ediki, qariya ko‘pdan bunday halovat tuymagan, xuzu ichra ibordat etmagan edi. Balki umri davomida o‘qigan namozlari ichida eng to‘kisi shu desa bo‘lmas (axir, banda qusurli, to‘kisga yo‘l bo‘lsin!) — halovat tuyib, erib o‘qigani mana shu edi. Yolg‘iz shu namoz uchungina ham umrdan rozi ketsa arzirdi.
Ota yurtda ham ana shunday namozlar o‘qishga musharraf etgil, yo xalloqi olam deb duo qilmoqchi edi, tezdan tushib qolgan shom qorong‘iligida otlar nimadandir hurkib, kishnab yubordilaru uni chalg‘itdilar, u duoni qisqa qilib qo‘ya qoldi. Balki Xudoning xohlagani shudir, shugina bo‘lgandir. Axir banda qodir qilgancha o‘qiydi, nasib etgancha so‘raydi.
Turdilar. Soydan oshib biroz yurishgach, o‘chog‘ida olov, kulbasida chirog‘ miltiragan allaqanday bir chorbog‘ga yetdilar. U shunday tog‘ yonbag‘ridagi archazor takkinasida ekan, tog‘ esa ulkan qora qo‘tosdek qiblani to‘sib yotar, boshi, sag‘rilari, beli osmoni haftimga yetib, ustida yulduzlar injudek yaltirar edilar.
— Shu yerda jindek to‘xtab, tamaddi qilib olasiz, boy ota. Aytib qo‘yilgan, — dedi Ro‘zimuhammad va shox tutilgan devor tomon chaqirib bora boshladi. — Imin og‘ayov?!
Chorbog‘dan buzoqdek it hurib chiqib, chetan devorga old oyoqlarini qo‘ygancha bor ovozila vovullay ketdi. Ovoz ham bor edi, uning «hovf-hovf»idan otlar-da tisarilmoqqa tushgan edilar.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:29:45

— Arstan, jat!
Itning uni o‘chib, oyog‘ini tushirdi va o‘zi qayrilib keta boshladi.
Egasi otlaru foytunni ko‘rgandayoq mehmonlarni tanidi shekilli o‘sha yoqdanoq yelkasi ko‘tarilib-tushib kela boshladi.
— Ro‘zimuhammad qardash, sizlarmu? Nachuk kachik-diz?
— Assalomu alaykum. Uzr, kuttirib qo‘ydik. Otlarimizning yurishi shu, — deb siporishladi Ro‘zimuhammad. Aslida otlarni nimaga qistashmaganini bu yoqdagilar tushunib turishar, unga aytolmas edi.
— Va alaykum, tusha beringiz. Yemak-ichmaklar muntazir. Kechikvotirmiz. Otlarga-da qarasinlar, yemlasinlar, — deb turib, chetan eshikni ochib chiqdi va otliqlarga qarab norozilandi: — Iy, buytib ko‘psiz, Ro‘zimuhammad? Shular hamusi dovon oshgaylarmu?
Ro‘zimuhammad yana siporishladi:
— Sizga qo‘sha ko‘rinmasun, og‘ay, aytgan mehmonlarimizu boy otaning o‘zlari. Bular tog‘ oshib yurgan dovqur yo‘ldoshlarimiz. Siz boy otani uzatib qo‘ysangiz bo‘ldi.
— Eshon buvamizga.. yetsa molumiz, yetmasa jonumiz nisor. Qanular, hazratumni tavof etub qo‘yaluk, axur, — deb mezbon oqsoqlanib foytun tomon yuraberdi, — Allohumdi Ka’basinu tavof etgan hazratumni ko‘ramuz-da yekan.
— Shoshmang, men hozir, — Ro‘zimuhammad oldinga o‘tib ilgariladi va avval bolani, so‘ng boy otani ko‘tarib olib, yerga qo‘ydi.
Mezbon bolani ko‘rib, hayratlandi:
— Iiy, jujuqlara varmu? Buytib davan asharlarmu, Ro‘zimuhammad?
Ro‘zimuhammad javob qilib ulgurmadi. Bolakay uch quloch naridagi narsani zo‘rg‘a ilg‘ash mumkin bo‘lgan bu kechada yelkasi ko‘tarilib-tushib kelayotgan odamni ovoziyu yurishidan tanigan edi, turgan yeridan irg‘ishlaboq unga otildi:
— Bu biz-ku, tabib amaki! Anuv kungi mehmonlariz!..
Uch yonini bahaybat tog‘lar o‘rab barcha qorong‘ilikni shu yerga qamaganday, teppasida jindek yulduzlargina jimirlab ko‘rinayotgan bu tog‘ tagida bolaning ovozi jaranglab ketdi. Tog‘ havosi-da. Uning ovozi jomga urilganday jangillab chiqqan edi.
— Iy, sen kim? Qaysu me’monlar? — deb hayratlandi chorbog‘ egasi.
— Men-men, oyog‘i chiqqan... bola-chi!

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:29:55

— Ha-a, yurabilmiy qaytamizlab yatgan saritay, senmu? — Tog‘ qorovul bolakayni, uning hamrohlarini eslab bir yerga yetdi va engashib peshonasidan o‘p-di,— Ketvatursizmu endu?
— Qayvotmiz-qaytvotmiz.
Xaloskorini topib olgan bolakay uning bag‘riga singib ketgudek bo‘lib yopisharkan, tog‘ qoravulining engillaridan o‘shandagidek bir ajoyib va allatovur islar gurkirar, ular tog‘ archalari hidimi, unga qo‘shilib ketgan ot sag‘risining terlarimi, ajratib bo‘lmas edi. Otda tog‘ma-tog‘ oshib yurguvchi bir oqsoq odamdan bundan bo‘lak yana qanday hidlar gurkirasin! Ustiga ustak tog‘ gullaridan dorular qiladigan tabib bo‘lsa.
— Uni qarangiz-a, Hoji buvamning me’monlari yekansiz-ku, o‘zimizga tegisli yekansiz-ku, — deb u endi alpang-talpang yurgancha boy buva tomon oshiqdi va boriboq etaklariga yopishdi. — Xush kelupsiz, Eshon buva, xizmatizga jontar sadaqa.
O‘zini tog‘ oraligida ko‘rib, o‘raga tushib qolgandek dovdirab va qunishib turgan boy otaning ichiga bir ilinj-iliqlik yugurgandek bo‘ldi: «Allohga shukr, Ruzimuhammad yomon odam topmagan ko‘rinadi. Bir chekkasi tabib, qolaversa, iymonluv ekan. Ixlosiyam cheksiz. Oqchaga yollanganlar bunday bo‘lmagay. O‘ziga shukr, o‘tib olishimiz oson kecharkan. Urinib-netib qolmaskanbiz».
Jindek umid ham qariyani tetiklantirar, jindek noxushlik esa, uni chohdan chohga solmoqda, bor holini ham sug‘irib olmoqda edi. Dum bergan qovun shu-da. Safar kishilari shu-da. Jon qushi qachon puf etib uchib chiqib ketadi, inson o‘zi-da bilmay qoluvi mumkin. Ayniqsa, u tengilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar-ku, bu yonimga salom berib turib, u yonimga salom berib ulguramanmi-yo‘qmi deb. Lekin uning Alloh taborak taolodan yolg‘iz o‘tinchi ota yurt sarhadiga yetib olmoq — vatan ruxsoriga yetmoq. O‘shal ma’vo havosidan emin-erkin bir qur nafas olsa, halovat tuysa, qani edi! Bir oyog‘ini u zaminga qo‘yib, bir oyog‘ini olib ulgurmasa ham rozi edi! O‘sha qadamini qo‘yib ulgurarmikan?..
— Yura qoligiz, eshon pochcham, safar oldidan yarim cho‘mish, yarim cho‘mish bir nima tamaddi etigiz. Bizning kulbaga-da Hizr qadamu yetsun. Texim duo bergaysiz.
— Yaxshi. Siz bizni siylabsiz, Alloh sizni siylasun.

Qayd etilgan