Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202409 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 47 48 49 50 51 52 B


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:36:14

Men battar xijolatlanib, yer suzdim, tizzalarimni uqalab, xush yoqayotgan maqtovdan o‘zimni chalg‘itmoqqa urindim.
— Avvalo Ollohning xohlashi.
— O‘ziga shukr, hazor-ming shukr. Shunchalik rahm etti. Ishqilib bu yog‘ini ham, qolgan mushkullarimizni ham oson etsin. Chamanim qaytib, sizning akaginangizning yo‘llari ham ochila qolsin, ilohim.
Oh, qaniydi, deyman ich-ichimdan bir g‘urur tuyib va ham bir munglig‘ hislar uyg‘onib, ko‘zlarim esa, namlanib kela boshlaydi. Yuzlariga to‘yib-to‘yib termulgim bor-u, (axir yolg‘iz o‘g‘illari kimning g‘ami bilan yuribdi o‘sha uzoq yurtlarda?!) ammo qaray olmayotirman ko‘zlariga.
— O‘sha kunlarga yetkazsin, — dedim.
— Ilohim,— dedilar u kishi, — ertayu kech O‘zidan suraganimiz shu. Ammo bandamiz — issiq jon — qachon omonatini oladi, bilmaymiz. Bu yoqda esa, undan darak yo‘q. Aytgan hamma muddatu muhlatlari o‘tib bitdi.
— Uzoqning ishi, ko‘pam qayg‘uravermang, — dedim taskin berib.
— Shunday-ku, bu yoqda aytgan gapiyu qoldirgan omonati bor, bolam.
— Omonatki, xatlarmi?— dedim ichim g‘urmishlab. Chunki avvalgi gal bir chekkasini ochganday bo‘lib edilar.
— Shunga o‘xshashroq... O‘g‘lim boyaqish unga ko‘rsatolmay Sizga qoldirgan narsalar shekilli. — Buvi mahzun tortib, yenglarini mijjalariga bosdilar va shu o‘tirgan kuylari sal qayrilib yostiqlari qatidan ro‘molchaga o‘rog‘liq bir narsa oldilar. — Mana, o‘sha narsa, o‘qisangiz bilarsiz. Faqat boyaqishginaga bildirmay turaqoling. O‘zining g‘ami o‘ziga yetarli.
— Bo‘lmasa-chi, sekinroq aytasizmi, — deya oldim men shoshib. Ammo o‘zim, ich-ichimdan bir qaltiroq turib, ayozda qolgan odamday titrab boryapman: nima balo, akamning kennoyimga atalgan maktublari ekanmi, deyman nuqul. Omonatni ham qo‘lim titrab, zo‘rg‘a oldim. Qanday turib, qanday chiqdim, nimalar deb u kishiga tasalli berdim, yodimda yo‘q. Es-hushim akamdayu sochmi, mushk isimi o‘tirib qolgan qo‘limdagi narsada edi. Uni kissamga solib-da, Olim akamgayu boshqalarga xotirjam ko‘rinishga urinsam-da, o‘zimga kelolmasdim. Ming urinmay xayolim u omonat xatlarga qochib-qochib ketaverar, bedarak akamnuyu manavi musofir kennoyimning taqdiri ko‘z oldimga aylanib-aylanib kelaverar edi.
Uyga keliboq, xazina topgan odamdek ichkariga kirib olib, omonatni ochsam... chindan ichim quriganicha!.. Ular — Chaman akamning ikki og‘iz iltimosiyu Sultonmurod akamning Mahfuz kennoyimga atalgan xati bo‘lib chiqdi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:36:25

— Hah, — dedim ichim yonib, — bu omonatning egasi shunday yonginasida yashab turib, nechuk o‘ziga berolmabdi? Ayaganmi va yo azbaroyi achinganidan bermay qo‘ya qolganmi? Nimaga lozim ko‘rmabdi? Yutoqib o‘qiy boshladim. Chaman akam o‘sha bir enlikkina xatida yozardi:
«Maqsud, o‘zing ko‘p farosatli yigitsan. Bu omonat xatlarni avval boshdayoq o‘zingga tashlab ketavermaganimni tushunib olarsan. Har narsaning davosi vaqt. Shu jumladan, ayriliqning ham. Yana Olloh biladi, bularning taqdirini ro‘zi azalda qanday bitganini. Lekin baribir, xatni mushfiqa kennoyingga berolmadim. Mavridi emas, o‘z dardi o‘ziga yetadi, deb o‘yladim. Tuzalib olgunicha yarasini yangilamaganimiz ma’qul. Agar safarim cho‘zilib ketsa, bu narsa o‘zingda turatursinmi, deb o‘yladim. Balki omadim chopib, akang-ning izini topsam (yangi ma’lumotlar ham yo‘q emas) u xatni ko‘rsatish kerak ham bo‘lmay qolar.
Ollohdan umidim ko‘p, shoyad yaxshi xabarlar bilan qaytsam.
Chaman akang»
«Aytmoqchi, akangning yolg‘iz yodgoriga ko‘z-quloq bo‘lib tur. Dog‘da qola ko‘rma. Ularni senga, seni Xudoga topshirdim».
Oq-oppoq (yon daftarmi, taqvimmi, ishqilib to‘rt tomon hoshiyasiga islimiy naqsh urilgan, harqalay xorijniki — biznikimas) qog‘ozga tanish imloda bitilgan xatni o‘qimoqqa intiqman-u, ammo yetishganimda andesha ustun kelib, (harqalay birovga atalgan!) jur’at etolmay turibman. Bosh-ketini o‘girib, har varaqning boshlamasidagi jadvalu o‘ngdan chapga bitilgan bejirim bosma yozuvu raqamlarni tomosha qilyapman-u, tishim o‘tsa o‘lsin agar. Harqalay har betning boshlamasiga shunaqa jadvalu yozuvlar urilgan, bismillosi shunday. Lekin bularning hammasi ham meni xatdan chalg‘itayotgani yo‘q, qaytaga ichimni g‘urmishlatgandan g‘urmishlatyaptiki, u yog‘i yo‘q.
O‘rtada andisha bo‘lmasa, allaqachon uni bir chekkadan yutoqib o‘qiy ketardim. Ammo o‘zimni tutib, ko‘zimni yumib o‘tiribman. O‘z-o‘zimdan so‘rayman:
— Haqqim bormi bu bitiklarni o‘qimoqqa?
— Ijozatsiz birovning xatini o‘qimoq — gunohi azim, — deydi ichimda o‘tirib olgan va men tasavvur etib-etolmayotgan mitti bolakay. Ko‘zimni yumib, rosa tikilsam — o‘zim, faqat Yodgordekmi, Saritoydek paytim! (Judayam luqmon ekanman-ku!)
Unga e’tiroz bildirmoqchidek so‘rayman:
— Kennoyim, o‘sha Mahfuz kennoyim akamga atalgan bitiklarini menga ishonganda — o‘z akam, Sultonmurod akam ishonmaydimi? Nima, men begonamanmi? Bu tarixlardan bexabar bo‘lsam ekanki?..

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:36:34

Mitti bolakay o‘rta barmog‘ini nuqib po‘pisanamo qaraydi:
— Ha, shum! Ha, quv! O‘zingizcha, yo‘l (fatvo) qi-diryapsizmi? Ketmaydi shumliging!
— Bo‘lmasa, nima qilay? Ichim qurishib o‘tiravuraymi shunday?
— Elchi-Chaman aka nima depti? O‘qib boq. Ijozat etsa, boshqa gap.
Yutaqib Chaman akaning xatiga yopishaman va deganlarini qayta boshdan o‘qiy boshlayman.
Voh, yana qanaqa ruxsat kerak?! Chaman akamning o‘zi o‘qib bo‘lgan ekan-ku. O‘qimasa ko‘rsata ko‘rma, dermidi?
Ikkalasi ikkimizgayam birday aziz-ku?! Kerak bo‘lsa, jonimizni berishga tayyormiz-ku! Nega bu tarixning miridan-sirigacha bilmasligimiz kerak?!
Shuurimdagi mitti bolakay endi bosh chayqab-chayqab kula boshlagandi. Go‘yo quvsan desam, farosating ham balo-ku, demoqchi bo‘lardi. Shundan so‘nggina akamning bitiklarini yutaqib o‘qimoqqa boshladim. U yozar edi:
«Mening Ka’bam — diyorim tomon yuzlanib, buvalarining yurtida ko‘hlik kelin bo‘lib o‘tirgan jamilam Mahfuzaga. Bu men. Sizning chin orqadoshu taqdirdoshingiz Sultonmurodman. Meni qon va olov jang-gohidan ortmoqlab benajot va behush bir ahvolda olib chiqishgan kezda Siz va siznikidagilar najot farishtasidek tepamda paydo bo‘lib, qirq kun duoi-jonimni qilib o‘tirgan edingizlar. Endi esa, mening diyorimda o‘chmas chirog‘im bo‘lib o‘tiribsiz ekan. Ko‘rib ko‘nglim joyiga tushdi. Shukrki, yetib boribsiz. Ollohning o‘zi qo‘llabdiki, dadangiz aytgan odamlar qolib, bizning ishonchluv orqadoshlarimiz — xolajonlarimnikiga borib tushibsiz. Yig‘lamang ham, siqtamang ham. O‘zingizni yolg‘iz-notavon his etmang ham. Ular mening onam o‘rnida onajonlarimdur. Sizni hech qachon yolg‘izlatib qo‘ymaslar.
To‘g‘ri, Tangritog‘da adajonisining erka va oydin qizi bilib yurgan Sizday og‘acha xonim, bor-yo‘g‘i bir xaftalik kelinposhshaga boshqa yerda boshqa vatan tutmoq, musofirginaga aylanib qolmoq oson emas. Lekin siz qay yurtga kelin bo‘lib tushganingizni unutmang. Siz u diyorga begona ham, musofir ham emassiz. O‘z ota-buvalaringiz yurti u. U yurt, u diyorga yetolmayotganlar qancha, tushlarida ko‘rishga zor-intizor vatanjudolar qancha! Shukr qiling xudovandi karimga, qolgan duolaringizni ham ijobat etsin.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:37:02

Men esam, men esam bu olis yurtga — Siz tug‘ilib, otalaringiz panoh topgan diyorga shon yoxud shavkat izlab kelmaganman. O‘z elimdan topmagan erku adolatni shu yerdan toparmanmi deb, jilla qursa, shu tog‘lar oralig‘ida, dinimiz dushmanlarining qo‘li yetmas bir joy — bir diyorda odamga odamdek emin-erkin, o‘z haq-huquqini tanib, Olloh rizoligini topib yashash imkonini berguvchi bir jamiyat qura olarmizmi deb kelganman. Shu niyatda Hoziq to‘ram janoblarining lashkarlariga bu tomondan qo‘shilishga urinib yotgan edik. Ammo qay bir harakat va fe’limiz Ollohga xush kelmadiki, o‘sha qo‘li kalta deb o‘ylagan battol dushmanlarimiz u kishini bir kechada o‘g‘irlab ketib, biz ko‘z tikkan lashkar hamda ozod Vatan kishilarini yetim qilib ketdilar.
Bir xonadon o‘z egasini yo‘qotsa, oilani otadan judo etsalar qancha odam alam-armonda qoladi-ku, bu yerda xalq, lashkar o‘z sarbonini yo‘qotib qo‘ygan edi. Ular shunaqqib ozodlikning yuragiga xanjar urdilar. Unga qo‘shib iymonimizni sug‘irib olmoqchi bo‘ldilar.
Va biz ham bir kecha yetti otliq — yetti botur Ollohga tavakkul aylab, dovon oshmoqqa va sarhaddan o‘tmoqqa jazm etdik. Niyatimiz yolg‘iz Ollohgayu o‘zimizga ayon edi.
Ko‘zi bog‘lanib, otga o‘ngarilgan asirimiz esa o‘zi qaerga olib ketilayotganini bilmas, tipirchilab shovqin ko‘taray desa, qo‘l-oyog‘i chandib tashlangan, og‘zida latta edi.
Uni tog‘ oralig‘idagi o‘rmonliqqa qadar shu alpozda olib borib, so‘ng buloq suvidan ichmoqqayu tahorat olmoqqa ruxsat etdik. Asir titrab-qaqshar, go‘yo biz hukmni ijro etgani kelganmiz-ku, dor oldidan unga ikki rakat namoz o‘tamoqqa ijozat etiladigandek. O‘ziga kelsin deb imkoniyat berdik:
— Hozir peshinni o‘qigaymiz, Siz ham bizning imomga iqtido qilib namozga o‘tgaysiz. Sizga zulm qilmoqchi emasmiz, — dedik. Shundagina uning yuziga qon yugurdi.
Namozdan so‘ng tamaddi qilib olib, yana yo‘l tadorigini ko‘ra boshladik. Va shu asno bandimizga niyatni ma’lum etdik.
— Tanlang, — dedim men shart qo‘yib, — yo biz bilan ketib, shartimizga ko‘nib, tirik qolasiz, yo alvido aytib, loshingiz shu o‘rmonda qolgay! Ikkisidan biri. Qaybiri ma’qul?
Asirimiz muqaddam to‘ramning xos tabiblari edi, u janobga bir tomchi suvdek o‘xshab, ba’zan u kishi betob paytlarida qo‘shshoq — o‘rindoshlik vazifasini o‘tar, bilmaganlar to‘ram deb quloq tutaverar ekanlar. Bizga xuddi shunisi kerak edi. U yog‘i sir edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:37:12

— O‘lguncha esdan chiqmaydigan bir ish qilaylik. Shunga siz ko‘nib bersangiz, bas. Bir odamning o‘rniga bir kecha-kunduz uy qamog‘ida turib berasiz. Keyin orqamizdan yetib olasiz, — dedik.
G‘ururi o‘ziga yetguncha ekan:
— Millatim uchun, u kishi uchun lozim bo‘lsa, jonim fido bo‘lsin. Axiyrigacha ham turib bergum. Jihod-ku bu! — dedi.
Biz desak, bizdan yovqurroq chiqib qoldi u. Ha, Mahfuzam, har ish niyatga bog‘liqdir. Bo‘y-bastda, suvratda, shakl-shamoyilda Marshal to‘ramdan bir tuki kam bo‘lmagan o‘sha odam yolg‘iz shu so‘zi ila Olloh roziligini topgan, jannat bog‘chalaridan o‘ziga joy hozirlab qo‘ya olgan edi. Unga havas qilmoq mumkin edi. Negaki jihodni sidq ila niyat etmoqning o‘zi — ilohiy jannatga kirmoq huquqini bergay. Rafiqam, biz ham ana shunday jihodga — tog‘lar oralig‘ida sarbonidan ayrilib yetim qolgan mamlakatni asramoqqa, sarboni bilan birga o‘g‘irlangan erki-imonini qaytarib olmoqqa otlangan edik. Mahfuzam, hayotda shunday onlar bo‘ladiki, hamma narsa — umr, mol-mulk, dunyo hoyu havaslari barchasi o‘tkinchi ekani, foniy ekani aniq-ravshan ko‘rinib qolgay. Yolg‘iz bir narsagina yashashga arzirli ekanini anglab qolgaysan, bilib qolgaysan, kishi. U ham bo‘lsa jihoddir — Olloh rizoligini topib yashamoqdir. Shuning uchun ham biz ajdaho komiga qo‘rqmay kirib bormoqqa jazm etgandik va bunda yolg‘iz Ollohga tavakkul qilib, sarhad oshib borgandik.
To‘rttamiz sarhadda qolib, to‘rttamiz (biz endi sakkiz kishi edik, asrimiz-da, bizning safimizga qo‘shilgan edi!) manzilga — to‘ramning ziyoratlari- ga — u kishini uy qamog‘iga joylashtirishgan joyga qarab bormoqda edik. Tun-kechalab otliq yurib, tong-sahar Qibrayga kirib bordik va otlarimizni ishonchluv joyda qoldirib, u yog‘iga bozorga tushgan anjanlik dehqonlar siyoqida — hammamizning qiyofamiz bir xil — qora las choponu chuqur «anjan» nusxa do‘ppida va ham belbog‘ — chorsida edik. Yana uzoqdan kasal ko‘rgani kelayotgan odamlardek bir olam bozor-o‘char qilib olganmiz.
Qo‘ymasliklari ham mumkin ekan. Lekin to‘ramning anjanlik xeshlariga muruvvat qilishdi. Harqalay uzoqdan kelibsizlar deb. Albatta, eshik og‘asi — qorovul amakining oldiga mozorbosdi narsalar to‘kib tashlangach, u ham iyib keta qoldi.
Shunday qilib, Olloh mushkullarimizni oson etib, to‘ramning oldilariga kirib borsak, u janob niyatimizni eshitib, o‘z soyai-chehradoshlarini tanib («ie, hoziq to‘ram, men-ku noiloj qoldim, Sizga nima bor bu diyorda?!» deb) quchoq ochib ko‘rishdilar-u, ammo taklifga kelganda... ko‘nmadilar.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:37:27

— Men o‘zim kimmanki, asl murshidlikni da’vo etsam?! Haqiqiy hazratni ko‘rmoqchimisiz, yuring, — deb meni ichkari bir bo‘lmaga boshladilar va bir oq-oppoq xona eshigini qiya ochdilar.
Vo ajabki, xonaning o‘rtasiga joynamoz tashlangan va o‘shal gilamcha ustida oq-oppoq bo‘lib, to‘ramdan bir tuki kam bo‘lmagan bir odam — hazratning o‘zlari nur to‘kib (tasbeh o‘girib) o‘tirar edilar.
— Ana, asl boshchi, biz ham xos tabib... qo‘shshoqmiz, suvratmiz, xolos,— dedilar.
Ana shunday, habibam! Ne niyatda kelib, quruq qo‘l ila qaytmoqqa majbur qolgandik.
Alohal chor-nochor xayrlashib chiqdik. Yigit kishining avvalo sazasi o‘lmasin, sazasi o‘lsayam, o‘ylagan ishi puchga chiqmasin. Holimizni tasvirlashga tilim ojiz. Hammamiz bir og‘izdan shuncha jur’at topib kelganda nahot bo‘sh qaytamiz, derdik. Axiyri subhi sodiqda otlarimizni qoldirgan yerda uchrashmoqqa ahdlashib tarqalishdik. Kim takya-choyxonaga vaqt o‘ldirishga, kim to‘yib uxlab — kuch yig‘moqqa ketdi. Men esam, otimning boshini avval Kalkovuz tomon, so‘ng ona diyor Kattabog‘ tomon burdim. Har narsadan voqif mening qiyomatli oshnam — Chaman (ha, o‘sha men Sizga qiyin kunda qidirib bormoqni lozim ko‘rgan oshnam!) Siz qay go‘shada ekaningiz xabarini berdi. Va men o‘sha sutdek oydin kechada oydan tushgandek huzuringizga kirib bordim. Buni o‘sha kecha shuncha so‘raganingizda ham aytmagandim. Endi aytmoqdaman. Negaki, o‘sha kechagi tashrifimdan hech kim voqif emasligiga va bundan keyin ham voqif bo‘lmasligiga ishontirmoq edimi, hozir o‘zim ham yaxshi bilmayman. Balki Sizga erkalik qilgim kelgandir, yalintirmoqchi, shu bilan yodingizda ko‘proq qolmoqchi bo‘lgandirman. O‘shanda... o‘zim Siz bilanman-u, arshi a’lodaman-ku, ora-chira turib-turib ich-ichimdan alammi, bir narsa qaynab kela boshlardi. Bir chekkasi shundan-shu yoqqa behuda kelmagan ekanmiz, deb, Sizni topganimdan Ollohga shukronalar aytsam, bir chekkasi alam g‘ashligi o‘rtardi. Ne niyatda kelib, bo‘sh qo‘l ila qaytajagimiz esimga tushib, o‘zimni o‘zim yomon ko‘riblar keta boshlardim. Mahfuz, meni tushuning: Biz yolg‘iz Olloh roziligini istab, shu ishga jahd etgandik. Shu yo‘lda qurbon bo‘lib ketishga ham tayyor edik. Lekin na qurbon bo‘ldik, na bir narsaga erishdik! Bundan boshdan-da ayrilganimiz avlo edi! Negaki, u holda ham, bu holda ham niyatga yetardik. U holda shahid ketib, bu holda esa, erku iymonni qaytarib olib! Hozir-chi, nimaga ega bo‘lmoqda edik?!
O‘sha subhi sodiqda — Siz bilan pinhon xayrlashgan chog‘da tilim Siz uchun shirin so‘zlar marjonini termakda bo‘lsa-da, dilim alamdan sim-sim achishar va qon yig‘lar edi. Biz Tangritog‘ga qay yuz bilan borishni bilmasdik. Bizning niyatimizdan hech kim voqif bo‘lmasa-da, u Ollohga ayon edi-ku. Jihodni tilga olib, nega uning uchun jonni jabborga berib bo‘lsa-da, uni poyoniga yetkazmadik?! Mana shugina — Olloh rizoligini topadigan ishni uddalamay qaytayotganimiz yurak-bag‘rimizni o‘rtab bormoqda edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:37:39

Oy «Aka diydor qiyomatga qoldi, men Makkaga o‘tib ketgayman» deb ketgancha daragi ham, xabari ham kelmagan Islom tog‘amning boloxonalari ustida osmonning yolg‘iz ko‘zidek kumush nuqralarini bearmon sochib yotar, jindek kechiksam, bozorchilar ham uyg‘onib qolishar, men esam, kelishilgan mazgilimga yetib borolmasdim. Ammo oy nurlariga cho‘mib yotgan Izza soylariyu uning ikki yoq betlaridan, Kattabog‘ning bir sirli mudragan olachalpoq bog‘lari — nokzoru yong‘oqzorlaridan, anhor yoqalab ketgan tuproq ko‘chasidan, sizlar qolayotgan hovlining tuproq tomlaridan ko‘z uzolmasdim. Ketmasam bo‘lmasdi. Yuragimning bir chekkasi uzilib qolayotgandek edi. Yana qachon qaytaman? Umuman, qaytish nasib etadimi-yo‘qmi, yolg‘iz Olloh biladi.
Mendan bo‘lak odam bo‘lsa, balki ketishdan ham ko‘ra qolishni afzal ko‘rib qolarmidi. Lekin men... ketmasam bo‘lmasdi! Jihod deb sarhad oshib kelgan sheriklarim bor, subhi-sodiqda ko‘rishgaymiz degan va’damiz bor, so‘zim bor edi! Yetib bormasligim mumkin emasdi! U yoqda esa, Tangritog‘da esa, bizga ko‘z tikkanlar qancha edi. Biz boturlarki, tinchimizni ko‘zlab har yon tarqab-tarqab ketaversak, erning erligi qolgaymi? Bizki o‘z huzuri-jonimizni o‘ylab keta boshlasak, elning holi ne kechgay?
Bu niyatimiz Ollohga xush kelmagan esa, boshqasi xush kelgay! Maqsad Olloh rizoligini topmoq ekan, nega qayta boshdan o‘ziga tavakkul qilmaylik. Biron yo‘l — najot yo‘lini o‘zi ko‘rsatar, axir?!
Yetib borsam, sherigim tipirchilab turibdi.
— Qani boshqalar?
— Ketishdi, otingni qista, omad chopdi, — deydi.
— Qanday omad?! — dedim bir o‘rtanib.
(Mahfuz, eshityapsizmi, bizga omad kulib boqibdi!)
Sherigim otini qistab, kalta javob qildi:
— Ular qilgan ishni biz qilolmaymizmi? To‘ramni o‘g‘irlab chiqdik. Elchin botur u kishini olib, jo‘nab ketdi! — deydi.
— Tabib-chi, To‘ramning yalakatlari? — dedim ichim shig‘-g‘ sidirilib.
— Qoldi, erta-indin orqamizdan yetib borgay.
Men pandavaqi shu gapga ishonib o‘tiribman! Ular men yo‘ldaligimdayoq boshqa rejani tuzib qo‘yishgan ekan!
To‘ramning yalakatlarini «sen to‘ramdan qaering kam, o‘zing lashkarga bosh bo‘lasan, qolgan viloyatlarni ham ozod etamiz, ana shu yo‘l bilan Olloh rizoligini topamiz», deb ishontirib qo‘ygan ekanlar.
E, vohki, menga buni juda keyin, g‘isht qolipdan ko‘chgandan so‘nggina aytishdi.
Yolg‘on — yolg‘on-da, qachon rostning o‘rniga o‘tibdi!

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:38:00

Soya — soya-da, asl asl-da! Hamma ham to‘ram bo‘laveribdimi!
Mana bugun yog‘iydan zarba yeb, to‘zigancha to‘zib, yetti do‘st — yetti botur arang Muztoqqa bosh olib chiqib ketmoqdamiz. Yalakat «to‘ram»-da biz bilan...
Mahfuzam, Siz mening yo‘qotib topganimsiz. Najot farishtamsiz. Tirik qolsam, Ollohning yolg‘iz Sizga rahmat-marhamati tufayligina omon qolmog‘im mumkin bu mashaqqatli dovon — Muztog‘dan oshib o‘tmakda. Har ne bo‘lganda ham saharlarda yolg‘iz O‘zidan so‘-rangki, bizni ora yo‘lda qoldirmasin. Yo g‘olib etsin, yo shahid!.. Biz diyorlaridan quvilganlar yo g‘olib bo‘lib, dinimizni, shariatimizni bu tog‘larda laxcha cho‘g‘dek asrab qolaylik, yo shahidlik sharobini totib ketgayluk-da, janobi Haqning rizoligiga erishayluk.
Mahfuzam, yolg‘iz o‘tinchim, o‘g‘il ko‘rsangiz o‘shal va’dangizga binoan, ismini — Yodgormurod qo‘ygaysiz. Yana bir rijom: yolg‘iz qolganda Kalomullohning bizga atalgan oyatlarini (Oli Imron-195) o‘qib turgaysiz. U sizga yupanch va madad bergay, inshaalloh!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Oktyabr 2011, 19:11:10

* * *

Maktub mana shu varaqda uzilgan edi.
Chaman akamning topgani va hech kimga ko‘rsatmay kelayotgan narsasi shuginamidi yoki yana bormi — buni bilmasdim.
U akamning xasmini yomon ko‘z-yomon so‘zlardan, tuhmatchiyu malomatchilarning malomatlaridan asrab, Oyto‘ra buvining bag‘rida olib o‘tirganining o‘zi har qancha tahsinga loyiqdir. Og‘ir kunda dardiga malham bo‘layotgani kamdek yana oshnamning daragini topdim deb izlab ketgani-chi? Biz ham yurgan ekanmiz-da. Jigarimizning taqdiriga achinishdan nariga o‘tmay! Axir mendan lozim emasmidi, ishxonamdan o‘sha yurtlarga ruxsatnoma olish, Sultonmurod akaginamning daragini izlab ko‘rish?!
Boshiga ne ko‘rgiliklar tushganda ham tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib, miq etmayin hamon uni kutib o‘tirgan kennoyim haqqi-hurmati, Yodgormurodimiz — tomirimizning tomiri o‘sha toy bola uchun ham men safarga otlanmog‘im kerak emasmi?!
Chaman akachalik hamiyatim, g‘ururim yo‘qmi?
Olim akam-chi, u nega jim?
Qachon odam bo‘lamiz?..
Umuman, biz bechoralarga xorijga yo‘l bormi? Yoki haj yo‘li singari u ham berkmi?..
Murod doram — umidim bor Sultonmurod akamdan darak topmoqqa, o‘zini ko‘rmoqqa. Ollohdan yolg‘iz so‘raganim shu.
Shoyad, baroyad yo rab, javobi berilsa...

5 o‘ktabir, 2002 yil.

Qayd etilgan