Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202734 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 52 B


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:06:49

Men parvoimga ilmay, ukachamni yetaklab, oldinga o‘taverdim:
— Biz shu yerda tushamiz, shunaqasi piyoda ketamiz.
Shofyor kepchikday yuzida moshdek-moshdek chechak izlari qolgan yag‘rindor odam ekan.
— O‘zingiz bilasiz, — deb mashinasini chetroqqa burdi.
— Chakki qildiz-da, opovsi, — derdi halitdan ku-yinib sutchi ayol, — bola bilan urinib qolasiz-ku.
— Urinish nimasi, o‘zimizning joylar, o‘ynab ketamiz, — dedim tushayotgan joyimda. — Ko‘rib qolsin-da, buyam... bu yoqlarni...
— Voy, shunaqami? Bugun bor, ertaga yo‘q tabarruk joylarimizni-ya? — dedi u orqamdan. Ovozi ham allaqanday yayrab-tovlanib chiqqan, u ichimning chuqur bir ingichka yerlariga tegib, etlarim jimirlashib ketgan edilar.
Men javob berarga ham holim kelmay Yodgorni qo‘ltiqlab oldimu pastga tusha boshladim. Yaxshiyam u bor ekan, unga alahsidim. Hech qancha o‘tmay mashina jilib, biz ko‘cha yoqasida yolg‘iz qolgan edik. Ukacham birpasgina begonasirab, atrofga alanglab turdi-yu, keyin bolaligiga borib, birdan oldinga chopa ketdi. Nima ko‘ra qolibdi, desam, qaynama do‘ngiga chiqib borib, qo‘rqa-pisa ichiga mo‘ralamoqqa boshladi.
— Qoch, ajinaning inidan! — deb baqirib edim, qaynamaning ichidan bir nima otilib chiqadigandek u ortiga o‘girila qochdi.
— Nima u, amaqu? Rostan inimu? — dedi kela solib oyog‘imga yopishib.
— Yo‘q, qaynama, — dedim uni qo‘rqitib yuborganimdan o‘zim uyalib.
— Nima qaynamaydu? — dedi ko‘zlarimga javdirab u.
— Qaynamaydumas, qaynaydu, — dedim kulib.
— Xo‘p, nima qaynaydu? — dedi u hech tasavvur eta olmay. Men uning boshini siladim:
— Oddiy suv, ko‘rmadingmi?
U bosh chayqadi:
— I-im... Hech nima qaynamopti-ku.
Men yana uning boshini silab, ko‘chaning narigi betidagi do‘ngga ishora qildim:
— Huv anavi hovuzchani ko‘ryapsanmi?

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:06:57

— Qanaqa xovuchcha? Do‘ng-ku, — dedi u.
— Ana o‘sha do‘ngni ichida hovuzchasi bor. Suv o‘sha yerdan tushib, bu yoqdan qaynab chiqadi, bilding.
U ko‘zlarimga qadalib turib, chapak chalib yubordi:
— Zo‘r-ku! O‘sha yerdan sho‘ng‘ub... bu yerdan chiqadimu?
— Ha, barakalla, topding! Shuni qaynama deydilar.
— Har yoqlarga toshibam yotmaydu? — dedi u ta’sirlanib.
— Yotmaydu, — dedim men ham suyib.
— Sizibam ketmaydu!.. — dedi u.
— Ketmaydu, — dedim men.
— Qanday yaxshi! — Yodgor boyagiday bir o‘ynoqlab qo‘yib, bilagimga yopishdi. — Zo‘r ekan siznu tomonlar...
— Sen mana bu yoqni ko‘r, oftobning yotog‘ini ko‘r,— dedim Bo‘zsuv tepalari osha Achchi qirlarini ko‘rsatib. U oftobning ming-milliard qiyama nurlari seliga botib atlaslanib yotardi. Yodgormurod qaradiyu ko‘zlari qamashib ketib, pinjimga yuzini yashirdi. So‘ng oyoqlarimni panalab havaslanib tikildi.
— Vu-uy, muncha chiroylu?!
— Shunaqa: oftob botolmay-botolmay botadi bizni tomonlarda, — dedim o‘zim ham o‘sha yoqlardan ko‘z uzolmay. — Sen uni bu yoqdan chiqayotganda ko‘rsangmu, oh, — dedim kamiga.
— Ko‘rsatasizmu? Opkelasizmu? — dedi u o‘ynoqlab, qo‘llarimdan tortqilab.
— Opkel, desang opkelavuraman.
— Bog‘lariznu-chi, qachon ko‘rsatasuz?...
— Ko‘rsating desang, hoziram ko‘rsatavuraman, — dedim-u, ichimda esa ishqilib surib tashlashmagan bo‘lsin-da, deb turibman. U bo‘lsa, sakrab-quvnaydi, o‘ynoqlab tinmaydi:
— Ko‘ramuz-ko‘ramuz. Varrak uchuradugon tomlariznuyam ko‘ramuzmu?
— Yo‘q, — dedim ovozim o‘zgarib kelib. (Men uni qanday alday olaman!) — Tomlarimizni buzib ketganmiz. Allaqachon.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:07:17

— Uylariznu-ya? — deb hayratlanib tikildi u.
— Ha-ha, — dedim zo‘rg‘a yutinib. Tomog‘imga bir narsalar tiqilib kelmoqda, u g‘ippa bo‘g‘ilib, gapirolmay qoladigandek edim.
— Unda... unda biz qayoqqa boraturmuz? — dedi javdirab. Ko‘zlari toliqib ketmagani uning. Pastdan tikilaverib, javdirayverib! Kipriklari xuddi qiz bolanikiday uzun-uzun, bir chiroyli edi, hech qilt etmasdi, tavba.
— Biznikiga, — dedim qult yutinib, — tomlari ochiq, eshik-derazalari — valongor, o‘zi qor-yomg‘irlarda ivib tushgan... bo‘lsayam boravurasan... ko‘ravurasanmi? — dedim negadir.
— Boravuramuz-boravuramuz, — deb tortqilardi u, qistardi u.
Ishqilib omon turgan bo‘lsin-da: taxmonlarimizu tokchalarimiz. O‘sha madfun xatlar... Men ularni bunga, manavi jujuqtoyga — kennoyimning toychoqqinasiga qanday aytay? Qanday tushuntiray? Aslida nima uchun, ne niyatda kelayotganimizni qani, aytib bo‘lsa! Og‘iz ochib bo‘lsa!
Men uni qo‘lchasidan yetaklab olganman. U chim bosib ketgan tashlama ariqqa tushib ketay-ketay deb, qurib-qovjirab, qor-yomg‘irlarda qolib ham ado bo‘lmagan o‘tlarga, yovvoyi yalpizlarga turtunib-surtunib kelyapti-yu, atrofga alanglab charchamaydi. Ba’zan u yer-bu yerda omon qolgan azim yong‘oqlaru o‘riklarga hayratlanib to‘xtab qoladi. Ular hali qip-yalang‘och: haligina shivalab o‘tgan yomg‘irdanmi, o‘rik shoxlari ivib-qorayib qolgan bo‘lsa, yong‘oq tanasi tamomi shoxlarigacha kumushday yaltiraydi. Lekin kundakov qilib ulgurilmagan bog‘lar, ishkomlar bir g‘alati mung‘ayib ko‘rinadilar. Dalaning ham dalaligi qolmapti. Hammayoq kavlab tashlangan, har yoqda chala imoratlar: bir yerda endi poydevor quyila boshlagan bo‘lsa, boshqasining havozalari ko‘tarilib, g‘isht terishga tushilgan. Undan naridagisida osmoni-haftimga bo‘y cho‘zgan (xuddi bir oyoqda turgan ulkan turnaday) yolg‘iz kran qaqqayib turadi. Qilt etgan jon ko‘rinmaydi. Yaxshiyam bugun dam, bo‘lmasa, anuv turgan joyida qolgan surgich traktoru moshinlarning (kuchanib-chirangan) ovozlari, quruvchilarning turfa tilda so‘kinib, baqirib-chaqirishlaridan quloqlar qomatga kelar-midi?

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:07:27

Hammadan burun manavi Yodgor qaerga kelib qoldik, deb o‘takasi yorilgan bo‘lardi. Hozir ham anavi bahaybat temir turnalardan cho‘chib, miq etmay kelyapti. Goh-goh ustimizga ag‘anab tushmayaptimi, degandek, qo‘rqa-pusa tepaga qarab-qarab qo‘yadi. Qarab qo‘yapti-yu, boya Achchi qirlariga ko‘zi tushib, vuylab yuborgan bolakay endi jimib qolgan, dami ichiga tushib ketgan kabi edi. Qo‘lchasi ila ikki barmog‘imni (boshmaldog‘imga qo‘shib) mahkam ushlab olgan-u, o‘zi yetib yurolmay, galdirab qolyapti.
— Charchadingmi, toychoq? — dedim qayrilib-to‘x-tab. — Ko‘tarib ola qolay?
— I-im! — U shirin bosh to‘lg‘ab, odatdagidek dimog‘ida javob qildi-yu, kutilmaganda oldimga tushib chopqillab ketdi. — Yetub olingchu! Yetolmuysiz!
Iymaganni ham iydirib oladi, deganlari shu bo‘lsa kerak! Uning ovozi kimsasiz dalamizda qo‘ng‘iroqdek jaranglar, o‘zi esa tashlama ariq yoqalab, orqasiga alanglay-alanglay qiqirlab chopib borardi.
Beixtiyor, mening ham bolaligim tutib, quvalashib-hazillashgim kelib ketdi.
— Shoshma-chi, sen — toychoq, — deb orqasidan chopdim. U esa tutqich bermay qochib borarkan, hozir men tutib oladigandek, qiqir-qiqir kular, yana kamiga yelkasi osha xavotirlanib qarab-qarab qo‘yardi. Qo‘llarimni yoyib alpong-talpong qadam tashlashimdan, yetay deganda «munkib ketishimdan» bir yayrardiki... Ammo o‘zi qochib-kulaverib galdirab qopti, chimgami, nimaga qoqilib umbaloq oshib ketay, yiqilib tushay deyapti. Chopib borib ikki qo‘ltig‘idan dast ko‘tarib oldimu qiyqiratib... yelkamga mindirib qo‘ydim.
— Ha-a, tutqazmas ekansan-a! Xo‘sh, qalaysan endi?
Hozirgina hansirab-qiqirlab turgan bolakay... yurakchasi qo‘lga tushgan qushchaning yuragiday potirlab yotipti-yu, o‘zi miq etmaydi. Qoshim osha qarasam, Usmon tog‘amning tashlab ketilgan bog‘lariga boqqanicha... qotib qopti!
— Ha, toychoq? Nima ekan, nima ko‘ra qolding? — dedim sekin silkib.
— Amaqu, unu qarang! Amaqu!.. Qarang Siz uni, — yelkamga olvolgan ukacham birdan qo‘shqo‘llab boshimga shappalay ketsa, kapalagim uchib ketibdi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:07:37

— Nima-nima? Nima ekan? — Men boqqa alanglab yotibman, ammo o‘lay agar, hayratga arzirli biron narsa ko‘rsam! Itirqini chiqib, ishkomlari og‘ib, shox devorlari qulab yotgan bog‘da bolakay nima ko‘ra qolib-di — hech aqlim yetmas, o‘sha narsaga ko‘zim tusha qolmasdi.
U esa hamon boshimga shappalaydi:
— U yoqqamas, bu yoqqa qarang Siz!..
Shundagina ilg‘ab, qotib qopman:
— Iya, voy, umi?!. Zo‘r-ku! — dedim tan berib. U shuncha narsa ichidan o‘shani ko‘rgan edi! Gap shundaki, tog‘amning bog‘lari pastiga tusha boshlagan katta imoratning hov bir chekkasida... betondan qo‘nqayib chiqqan ulkan chakich-armaturalar ortida yolg‘iz tup shaftoli... naparmon gullab yuborgan, u kechki oftob nurlarida zarhalga belanib yarqirar, gulbarglarining tozaligi, nozik ado pushti gullarining ko‘pligidan yurak hapriqib ketar edi!
— Qoyil! Ko‘zing o‘tkur ekan-ku, sening, — deb yubordim.
— Chiroylu-a? — dedi u ham.
— Chiroylik ham gapmi! Go‘zal! Sendan zo‘r rassom chiqadi, — dedim maqtab-erkalab. U esa parvo ham qilmay atrofga yutaqib alanglar, yuring, yuravering, shunday zo‘r ekan, tomosha qilishlu ekan, deb qistar edi. Men jildim. Ammo hech qancha o‘tmay u yana boyagidek boshimga shappalashga tushdi:
— Qarang, uni qarang! — derdi nimalargadir achinib.
— Yana nima? Nima topa qolding? — dedim to‘xtab. U bo‘lsa:
— Shunday narsanu... shunday narsanu...— deydi-yu, u yog‘ini aytolmaydi.
— Nima bo‘libdi, nima qilishibdi?
— Sindirishibdu qarang...
— Qani, nimani?
— O‘sha zardoluni-da...

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:07:47

Shundagina ko‘zim tushibdi: boyagi shaftolini.. kranmi, nima bosib-yanchib o‘tganu... bir shoxi tanasidan ayrilib tushib, loyga qorishib yotar va o‘sha yotishida ham chaman bo‘lib gullab bergan edi! Ajab hol: shaftolining bir shohi shamollarga bag‘rini ochib, go‘yo ko‘klam oftobiga shoda-shoda gul tutar, yal-yal pushti nur sochar edi. Yerdagisi esa uning suvdagi aksiga o‘xshab u ham ko‘zni o‘ynatardi. Valloh, shunaqasi ham bo‘larkanmi?.. Ko‘rib ko‘nglim buzilib ketgan, o‘zimga kelolmasdim. Nahot bir tirik jon topilmabdi uni ko‘tarib qo‘yishga? Sherigiga matab, bog‘lab qo‘yishga?.. Shunday barq urib gullagan narsa... nahot ertaga yana oyoq ostida qolib ketavuradi?
— Zardolumas u — shaftolu, — dedim yelkamdagi toychoqqa. Bilmadim, o‘zimni og‘ir, mungli xayollardan chalg‘itarmidim yo bolakaynimi? Ishqilib, hech o‘zimga kelolmasdim. Ammo Yodgor boshqa narsaga chalg‘ib ulgurgan ekan, birdan jonlanib, qaerda o‘tirganini ham unutib, likonglay ketdi:
— Vu-uy, amaqu, anuvlarni ham ko‘rung...
— Yana nimalarni ko‘ra qolding?
— Ko‘pliginu... vuy!..
— Shaftolilarmi yana?
— Ha-da, ko‘chub ketishganuminan, tashlab ketishganuminan... gullayveribdu, gullayveribdu...
— Vaqti kelgach, shu-da, gullaydi-da, toychoq. Hech kim to‘xtata olmaydi buni,— dedim u ko‘rsatgan tomon-ga qayrilib. Va shu barobar chaldevorlar orqasidan, xarobayu vayronalar ichidan kelinchakday mo‘ralab turgan go‘zal xilqatlarga ko‘zim tushib, to‘xtab qopman!..
Vo darig‘, bu qanaqasi? Men bunaqasini hov, ilgariyam, o‘smirlik chog‘larim — Sultonmurod akam biz tomonlarga kelmasdan burun ham ko‘rganman-ku! Ularning tashlab ketilgan xaroba qo‘rg‘onlari chekkasida har bahor bir tup shaftoli ana shunday qiyg‘os gullab chiqmasmidi? Biz uni boshiga zarro‘mol tashlagan kelinchakkami — nimaga o‘xshatmasmidik?!

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:07:57

Ha-ha, biz uni hojasini kutgan kelinchakka o‘xshatganimiz-o‘xshatgan edi. Endi-chi, endi? Mana bular-chi, qaerdan paydo bo‘lib, tashlab ketilgan qo‘rg‘onlaru bog‘lar etagidan yuz ochmoqda? Qayoqqa qarasam, o‘sha yoqdan ko‘rinyapti? Nima bu, sarobmi yo haqiqat?. Shunaqqib biz qo‘rg‘onlarimizni bitta-bitta boy bera-yotirmizmi? Shunaqqib Yakkabog‘dan, so‘ng Kattabog‘dan ayrilib qoldikmi? Shunaqqib Izzayu Olmazorlarimizni tortib olishayotirmi?
Qachon qaytarkanmiz bu qo‘rg‘on, bu bog‘larga, anavi «kelinchak»lar oldiga? Umuman, salomlariga alik olguvchilar, qaytguvchilar topilarmikan? Sultonmu- rod akamga o‘xshab ularning himoyasiga chiqa olarmikan?
Shunaqa, ko‘nglimning ko‘chasiga nimalar kelmasdi!
Nihoyat, tashlama ariq (ha-ha, o‘sha chim bosgan, Bo‘zsuvga qadar tushib borguvchi tashlama ariq) Usmon tog‘amning shoh-devorlari yoni bilan chiqib, tutzor tagidagi yo‘lga tutashdi. Bu yog‘i oson: dala o‘rtasidan tushib kelayotgan katta yo‘ldan o‘tsagoq yetamiz. (U yo‘l opamning uylari tagiga kelib to‘xtagan, uni buzishsayoq, gal biznikiga edi.) Uyimizning orqa devoriyu qator jiydalarimizga (ular bo‘rtib qolganga o‘x- shar-u, quv yalang‘och edi) ko‘zim tushib quvonib ketdim. Ichimga bir iliqliq, umid yugurdi.
Hayriyat. Xudo asrabdi. Tegib ulgurishmabdi. Zora, kennoyijonim aytgan, tayinlagan narsalar ham jo-yida bo‘lsa! Turgan bo‘lsa! Men o‘sha joyni topsamoq, bas...
Yuragim... qinidan chiqib ketgudek, ko‘ksimni yorvorgudek dukirlab, bo‘g‘zimga bir nimalar tiqilib-tiqilib keladir. Va, nihoyat, biladigan bo‘ldim! Akam bilan o‘rtalaridagi tarixni!.. Qanday topishib, qanday ayrilganlariniyu nima bo‘lib, judolikda qolganlarini! Nimaga shuncha turib, shuncha kutib, biznikidan chiqib ketdi, bosh olib ketdi ekan? Yozgandir axir? Uzru iltijolarini? Tavalloyu nadomatlarini?
— Amaqu, amaqujon, nega yurmutmiz?— derdi ukacham qistab, quloqlarimdan tortqilab.— Yo keldukmi?..
— Kelduk, kelduk, — deya qo‘ltiqlariga qo‘l yuborib, boshimdan dast ko‘tarib oldim. — Endi o‘zing yur. Bizning bog‘u uylarni ko‘r, — dedim yerga qo‘yib.
— Shu joylar... shu uylarmu? — dedi u ko‘zlari pirpirab.
— Bizlar tashlab ketganda... buzilib yotganda ko‘ryapsan-da, sen, — dedim men. — Ho‘-o‘, ayang turganlarida ko‘rsangmi edi!.. Jannat edi!

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:08:13

— Voy, ayam shatnu aytarmudilar? — dedi u sakrab-quvnab.
— Shatnu, — dedim men ham unga mengzab va boshini silab, — yana nimalar derdilar?
— Yana yig‘lardular, — dedi u birdan ma’yus tortib.
Men titrab ketdim. Qarshisiga cho‘k tushib, tirsaklaridan tutib oldim:
— Menga qara, nima deb yig‘lardilar? Nega yig‘lardilar? Aytarmidilar hech?
U bosh silkidi:
— Hm... Tuzalub ketsam, olib boraman, yotub kelamuz, derdular.
— Yana-chi?..
— Yana, buvanglar yurtinu ko‘rasan. Olmazorlarga o‘tamuz, derdular. Opkelolmadular, — dedi o‘ksib.
— Mana, kelyapmiz-ku, — deb uni quchib, mitti yuzlarini yuzimga suykadim, — hali u yoqlarga ham o‘tamiz. Izzalarni, Foziltepalarni ko‘rsataman.
— Shunaqamu? Bu yerdan keyin-a? — Uning ko‘zlari chaqnab ketishiga ham, yoshlanib ma’yus tortib qolishiga ham taraf yo‘q edi. Hozir esa, bo‘ynimga osilib olgan edi.
— Yo‘limiz-ku, axir, nega ko‘rsatmayin, — deya qistadim. — Yuraqol endi. Kiramizu ketamiz.
Yetaklashib, opamlarning hovlilaridan o‘tib bordik. Hovliki, o‘ralgan devorini aytmasa, hovli siyog‘i yo‘q. Kuzda mollar, qishda qarg‘ayu zag‘chalar xo‘b itirqinini chiqarishgan. Tomi ochiq — valongor uylar odamning xo‘rligini qo‘zg‘otadi. Necha uy buzib, ko‘chib ko‘rgan odam — men ham eski joylarimizni ko‘rganda, o‘zimni tutolmayapman. Har qarich, har qadami aziz bo‘lib ketgan joylarni qaytib ko‘rish, bu ahvolda ko‘rish... shunchalar og‘ir ekanmi?
Lekin Yodgor mendan ham sinchkov ekan. U oldimga tushib chopqillab ketdiyu jiydamiz tagidagi yo‘lkadan o‘tiboq taqqa to‘xtab qoldi. Men nima bo‘pti ekan, deb ikki hatlashda yetib borsam... irg‘ishlab — sakray ketdi:
— Voy, amaku, qarang bunu! Tanudum, tanudum!..
— Nimani taniding? — Men azbaroyi hayron qolgan edim.
— Hovlunu tanudum...
Yo tavba!.. U nima deydir? Qanday taniydir?... Men garangsib qolayozgan edim.
— Qanaqasiga... taniysan? Endi kelishing-ku?
U qayrilib tizzalarimni quchib oldi:
— Ko‘zumnu yumub aytub beraymu? Xuddu ayam aytganlaruday ekan. Tanudum.
— Shunaqami? — dedim suyib-erkalab. Men endi o‘zimga kela boshlagan edim. — Qani, bir boshdan esla-chi. Nimalar bor, deb edilar?

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:09:01

— Uzu-un uylar... — U ko‘zlarini chirt yumib, kamiga kaftlari ila berkitgan edi.
— To‘g‘ri. Uzu-un ko‘chaga qaragan, kungay uylar, — dedim men. — Yana-chi?
— Yana, ka-attakon tol taguda supasu...
— Bor-bor. Undan keyin-chi?.. — Men uni yana ham suyib, yaxshi ko‘rib keta boshlagan edim. U esa o‘sha hovliga orqa o‘girib turgancha, buning ustiga ko‘zini chirt yumib, kaftlari bilan berkitib olgancha... toshga o‘yilgandek yodida qolgan ertak hovlini — bizning hovlimizni birma-bir tasvirlab berar edi.
— Undan keyun zina bor, daxluz bor, — dedi entikib.
— Daxlizda-chi? — dedim men u ko‘rib turganday aytayotganidan, topayotganidan battar hayajonlanib.
— Dahlizdamu?.. Taxmon bor, baland tokcha, tokcha oruqasida o‘shoqqa ochuladurgan darucha...
Ich-ichimdan bir to‘lqin qo‘zg‘olib, sarosimaga tushib qoldim. Yopiray, nimalar deyapti bu? Chindan top-yapti-ku?! Beixtiyor, uni yana ham suyib, quchoqlab oldim.
— Yana nimani eslaysan? Nimalarni aytib berganlar?
— Esladum, esladum, — deb qo‘lini ko‘zlaridan olib o‘ynoqladi u. — Yana tanuchanguz bor, tanucha! Topdimmu?
— Bor, bor, — deb yubordim o‘zim sezmay. — O‘ttan-chi, o‘ttan qayoqqa o‘tiladi?
— O‘ttan, — Yodgor birpas jim qolib, bir qo‘lchasi ila chakkasini qashlab ham oldi. — Esladum, esladum, katta uyga o‘tiladu, ayamnu uylariga.
— Barakalla! Zo‘r eslab qolgan ekansan, — deb qistay ketdim, — Ayt, jonim, bittalab ayt! Hech birini qoldirmay ayt! — deb o‘tinmoqqa tushdim. — Eshigimizda, ko‘chamizda-chi? Nimani eslayman, — derdim men bolakayni qiynab qo‘yayotganimni ham unutib.
— U yerdamu? — dedi u eslashga tirishib, ham lablarini bir chiroyli qimtab. — Ko‘cha bor, ko‘chaning u yog‘ida...
— Anhor-chi? Nokzor-chi? — dedim quvonchimni ichimga sig‘dirolmay.
— Bor-bor, anhoram bor, nokzorlar, bedapoyalaram...

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:09:48

Men uni boyagidan ham mahkamroq quchib olgan va o‘zimni unutib takrorlar edim:
— Topding, toychoq. Barchasini bilarkansan. Eslab qolganakansan. Kechir, ishonmay o‘tiribman. Umrida ko‘rmagan, deb o‘tiribman. Sen esa...
Keyin o‘zimga kelib, ich-ichimdan bosib kelayotgan hayajonmi, o‘ksukmi — nimalarimni yutib, uning yelkasidan tutgancha yuzlariga bir alpoz termuldim:
— Rostingni ayt, shularning barini ayang aytib berganmilar? Uzun kechalarda?
— Hm, — dedi u yengil bosh irg‘ab.
— Keyin tushlaringda?..
— Yo‘q, — dedi u bosh chayqab. — O‘ngimda ko‘rgandayman xuddu.
Bolaga ishonmaslik mumkin emas edi. Lekin qanday ko‘rdi, eslab qoldi ekan ko‘rmagan joylarini? Shunisiga aqlim bovar qilmas edi. Boshim gir aylanib, o‘rnimdan turdim-da, otxona burchagidagi shaftoliga suyangancha qoldim. Bolaga esa:
— Yana o‘zing qarab boq-chi, sen taniydurgan nima qopti ekan, — dedim sekin.
U «yaxshu!» deya yuqoriga chopib ketdiyu men esam bu mo‘’jizaga — umrida bu yoqlarga qadam bosmagan bolakayning har bitta narsani — aniq-tiniq aytib berayotganiga hayronu lol qolib, qotib turardim. Bolada bir sir bor, derdim-u, nimaligiga aqlim yetaqolmasdi hech! Bu nima bo‘lsa ekan? Yo u ham shu uyning farzandimi? Bilmasdim.
Bir vaqt nimaga kelganimiz yodimga tushib, shoshib qoldim. Darvoqe, kun botmagan, uning qizg‘ish shu’lasi qolgan-qutgan daraxtlarning qir uchlariyu yangi tushgan imoratlarning teppalarida o‘ynar, vaqt o‘tayotib edi, shoshmoq lozim edi. Kennoyim aytgan omonatga xayolim qochib, ichkari yurdim.
Bu mahal uning Yodgorginasi, shirindan-shakar bolakay o‘yinga berilib, o‘zi bilan o‘zi bo‘lib ketgan, meni-da unutib, hovlimizda u yoqdan-bu yoqqa chopib, yugurgilab yurardi. Hali ishkomlarimiz ichiga kirib ketar, hali supamiz tomon, hali zinamiz tomon chopardi. Hali otxonamizga mo‘ralab, hali dahlizimizga yugurib chiqadi. Ostonalarni ot qilib minib, deraza tokchalari ustiga, taxmonlarga chiqib, sakragani sakragan. Ba’zan shiftsiz devorlarga, osmonga anqayib qoladi-da, yana o‘yinga berilib ketadi.

Qayd etilgan