— Men o‘zim kimmanki, asl murshidlikni da’vo etsam?! Haqiqiy hazratni ko‘rmoqchimisiz, yuring, — deb meni ichkari bir bo‘lmaga boshladilar va bir oq-oppoq xona eshigini qiya ochdilar.
Vo ajabki, xonaning o‘rtasiga joynamoz tashlangan va o‘shal gilamcha ustida oq-oppoq bo‘lib, to‘ramdan bir tuki kam bo‘lmagan bir odam — hazratning o‘zlari nur to‘kib (tasbeh o‘girib) o‘tirar edilar.
— Ana, asl boshchi, biz ham xos tabib... qo‘shshoqmiz, suvratmiz, xolos,— dedilar.
Ana shunday, habibam! Ne niyatda kelib, quruq qo‘l ila qaytmoqqa majbur qolgandik.
Alohal chor-nochor xayrlashib chiqdik. Yigit kishining avvalo sazasi o‘lmasin, sazasi o‘lsayam, o‘ylagan ishi puchga chiqmasin. Holimizni tasvirlashga tilim ojiz. Hammamiz bir og‘izdan shuncha jur’at topib kelganda nahot bo‘sh qaytamiz, derdik. Axiyri subhi sodiqda otlarimizni qoldirgan yerda uchrashmoqqa ahdlashib tarqalishdik. Kim takya-choyxonaga vaqt o‘ldirishga, kim to‘yib uxlab — kuch yig‘moqqa ketdi. Men esam, otimning boshini avval Kalkovuz tomon, so‘ng ona diyor Kattabog‘ tomon burdim. Har narsadan voqif mening qiyomatli oshnam — Chaman (ha, o‘sha men Sizga qiyin kunda qidirib bormoqni lozim ko‘rgan oshnam!) Siz qay go‘shada ekaningiz xabarini berdi. Va men o‘sha sutdek oydin kechada oydan tushgandek huzuringizga kirib bordim. Buni o‘sha kecha shuncha so‘raganingizda ham aytmagandim. Endi aytmoqdaman. Negaki, o‘sha kechagi tashrifimdan hech kim voqif emasligiga va bundan keyin ham voqif bo‘lmasligiga ishontirmoq edimi, hozir o‘zim ham yaxshi bilmayman. Balki Sizga erkalik qilgim kelgandir, yalintirmoqchi, shu bilan yodingizda ko‘proq qolmoqchi bo‘lgandirman. O‘shanda... o‘zim Siz bilanman-u, arshi a’lodaman-ku, ora-chira turib-turib ich-ichimdan alammi, bir narsa qaynab kela boshlardi. Bir chekkasi shundan-shu yoqqa behuda kelmagan ekanmiz, deb, Sizni topganimdan Ollohga shukronalar aytsam, bir chekkasi alam g‘ashligi o‘rtardi. Ne niyatda kelib, bo‘sh qo‘l ila qaytajagimiz esimga tushib, o‘zimni o‘zim yomon ko‘riblar keta boshlardim. Mahfuz, meni tushuning: Biz yolg‘iz Olloh roziligini istab, shu ishga jahd etgandik. Shu yo‘lda qurbon bo‘lib ketishga ham tayyor edik. Lekin na qurbon bo‘ldik, na bir narsaga erishdik! Bundan boshdan-da ayrilganimiz avlo edi! Negaki, u holda ham, bu holda ham niyatga yetardik. U holda shahid ketib, bu holda esa, erku iymonni qaytarib olib! Hozir-chi, nimaga ega bo‘lmoqda edik?!
O‘sha subhi sodiqda — Siz bilan pinhon xayrlashgan chog‘da tilim Siz uchun shirin so‘zlar marjonini termakda bo‘lsa-da, dilim alamdan sim-sim achishar va qon yig‘lar edi. Biz Tangritog‘ga qay yuz bilan borishni bilmasdik. Bizning niyatimizdan hech kim voqif bo‘lmasa-da, u Ollohga ayon edi-ku. Jihodni tilga olib, nega uning uchun jonni jabborga berib bo‘lsa-da, uni poyoniga yetkazmadik?! Mana shugina — Olloh rizoligini topadigan ishni uddalamay qaytayotganimiz yurak-bag‘rimizni o‘rtab bormoqda edi.