BOLALIKKA
Kulgulari sharqiragan shaloladay,
Iforlari gulu rayhon, tog‘ loladay,
Erka tili buncha shirin,bir holvaday —
Bolalikka qaytgim keldi bir zumgina.
Birni buzib, mingni qurar goh bunyodkor,
Qadamini «toy-toy» bosgan ehtiyotkor,
Bir qarasang, sho‘xu ba’zan itoatkor —
Bolalikka qaytgim keldi bir zumgina.
Kapalakday quvnab, bog‘u tog‘lar chopar,
Dunyoda bor yangilikni o‘ylab topar.
Tolbargaklar taqib, loydan kulcha yopar,
Bolalikka qaytgim keldi bir zumgina.
Faqat o‘ynar, o‘zga bilan ishi bo‘lmas,
Bir xilqatki, g‘iybat nima — hushi bo‘lmas,
Kattalardek bir-biriga «mushti» bo‘lmas,
Bolalikka qaytgim keldi bir zumgina.
Turli yumush yo «mish-mish» horitganda,
Yuragimni bir g‘alamis og‘ritganda,
Yig‘lamoqdan ko‘ngilginam or etganda,
Bolalikka qaytgim keldi bir zumgina.
Gulchehra SHAHOBIDDIN qizi