Xudoyor akaga
Raqib bilganlarim qo'rqoq, deb aytsa,
Do'stim dushman undan behroq, deb aytsa,
G'ururi osmonmas, tuproq, deb aytsa,
Ko'zim, yoshlaringni yurakka yashir.
Bevafo atasa ortimdan sanam,
Bebosh deb qarg'asa, tuqqanim onam,
Aybsiz ayblovlardan titrama, tanam,
Tanam, titrog'ingni yurakka yashir.
Lekin vijdon meni inkor etgan kun,
Iymon, e'tiqodni inkor etgan kun,
Ruhim, soqiy bo'lib ajal mayin sun,
Azasiz, ko'zyoshsiz tuproqqa topshir.
I.Hamro